Bruno Traven. Notavon ko‘ngil (hikoya)

Makario deganlari bu, yigirma yildan buyon yuragidagi yagona orzusining ushalishidan umidvor, egnida juldur kiyimu ochlikdan tinmay hiqillayveradigan o‘n bitta bolaning otasi bo‘lgan qishloqlik bir daraxt kesuvchi. Oilasi bilan zo‘rg‘a tiqilib yashaydigan, tob tashlab, puturi ketgan xaroba uyining o‘rniga u, jon-jahdi bilan mol-dunyoyu havas qilgulik uy-joyni orzu qilmasdi. O‘tinchining istagini qondiruvchi birdan-bir narsa bu bor-yo‘g‘i qovurilgan kurka go‘shti bo‘lib, o‘shani ham u och go‘daklardan narida, xilvat bir joyni topib, barini bir o‘zi yolg‘iz, bus-butunligicha yeyishni orzu qilardi, xolos.
Qorni qachon tuzuk-quruq to‘yganini ham bilmagan bu o‘tinchi, har kuni ertalab, xoh u begim kuni bo‘lsin, xoh ta’til – qorong‘i tushganda yelkasida bir bog‘lam o‘tinni ortmoqlab kelish uchun tongotarda o‘z makonini tark etib, o‘rmonga yo‘l olardi.
Kun bo‘yi tinmay ishlab, peshona teri evaziga keladigan bu bir bog‘lam o‘tin uchun u ko‘pincha bir kumush tanga, ba’zida bundan ham kam haq olardi. To‘g‘ri, havoning avzoyi buzilib, raqobat susaygan ba’zi paytlar ishi o‘ngidan kelib, bir bog‘lam o‘tin uchun daromadi ba’zan ikki kumush tangagacha ham chiqishi mumkin edi.
Makarioning xotiniga qishloqdagilar Ma’yusko‘z deb nom qo‘yishgandi. Eri topib kelgan ikki kumush tanga xotini uchun bir dunyo boylik bilan baravar edi.
Quyosh botgandan so‘ng oqshom uyi­ga qaytgan Makario xo‘rsinib yukini tashlardi-da, gandiraklagancha kulbasiga arang kirib borardi va shovqin-suron bilan pastak, xomaki qoqilgan kursiga holdan toyib o‘zini tashlardi va bolalardan birontasi chaqqonlik qilib, yana xuddi shunday xomaki tarashlangan stolni uning yoniga surib qo‘yishardi. So‘ng u ikki qo‘lini stolga qo‘ygancha:
– Ey, xotin, o‘lardek charchadim, qornim ham o‘lgudek och! Kechki ovqatga bugun nima pishirding? – derdi.
– Qora no‘xat, – derdi xotini, – ko‘k qalampir, sho‘rtak zog‘ora non va limon bargi solingan choy.
Uyda har kuni hech bir o‘zgarishsiz bir xil o‘sha-o‘sha ovqat edi. Makario uyga yetib kelmasdan burun qanday javob olishini bilsa-da, bolalarga gung maxluqdek ko‘rinmaslik uchun nomigagina bir nima deb qo‘yish kerakligidan so‘rab qo‘yardi, xolos. So‘ng oldiga sopol idishda kechki ovqat qo‘yilganida, u rosmanasiga uyquga ketib qolardi va xotini uni turtib uyg‘otishga majbur bo‘lardi:
– Ovqatingiz tayyor, erjon.
Er ko‘zini ochib, ovozini baland ko‘tarib: “Ey, marhamatli Tangrim, yuborgan rizq-nasibang uchun ming marotaba shukur”, – deb duo o‘qirdi-da, ovqatini yeyishga kirishardi. Biroq, bir necha qoshiq yutar-yutmay, och qolgan o‘n bitta bola hammasini yermikan, yo garddakkina bo‘lsa-da, bizga yana qolarmikan deya otalarining og‘zini poylab, tikilib turganlarini sezib qolardi, negaki norasidalarga beriladigan birinchi ulush ularning chap ichagiga yuq ham bo‘lmasdi… Shunda u asta ovqatdan qo‘lini tortardi-da, faqat limon bargi solingan choy bilan qanoatlanib qo‘ya qolardi. Ko‘za bo‘shaganda esa chuqur xo‘rsinib qo‘yardi va hazin ovozda derdi:
– O‘, marhamatli Parvardigor, qani endi, g‘am-tashvishga to‘lib-toshgan bu hayotimda atigi bir marotaba bo‘lsa-da, qovurilgan kurka go‘shtiga yetishishu uni bir o‘zim to‘yib yeyishni menga nasib etsayding! Shunda mendek sho‘rlik bandang ham yorug‘ dunyoni baxtiyor tark etgan va Qiyomatgacha qabrida tinch-osoyishta yotgan bo‘lardi!
Bordi-yu u bu qadar ko‘tarinki ruhda uzundan-uzoq aytiladigan balandparvoz gaplarga ba’zan fursat topolmay qolsa, unda:
– Ey, Xudoyim, qani endi bir marta bo‘lsa-da, bus-butun qovurilgan jo‘ja nasib etsaydi! – deyishni kanda qilmasdi.
Bolalar bu obidiydalarni eshitaverib, quloqlari bitib ketganidan parvo ham qilmay qo‘ygandilar. Bu so‘zlarni ular otalarining ovqatdan so‘ng aytadigan shukrona so‘zlari deb tushunardilar. Xuddi shunday natija bilan u ming kumush tanga so‘rashi ham mumkin edi. Hayotda hali biron marta bo‘lsa-da, bolalarining birontasiga tatib ko‘rish nasib etmagan semizgina kurka go‘shti u yoqda tursin, oddiy qovurilgan jo‘jaga yetishish ham uning uchun amrimahol edi.
Erining sadoqatli va fidoyi umr yo‘ldoshi bo‘lgan va bunday ayolni uchratishni har bir erkak orzu qilgan Makarioning rafiqasi, bolalari otasining og‘zidan ko‘zini uzmay, u yemaganda o‘zlariga qolishi mumkin bo‘lgan har bir no‘xatning hisobini olib turganda, eri xotirjam ovqatlana olmasligini yaxshi bilardi. Uni yaxshi turmush o‘rtog‘i deb hisoblashiga ayolda asoslar yetarli edi va bundan yaxshirog‘ini topishga umid qilish uning xayoliga ham kelmasdi. Eri unga umrida qo‘l ko‘tarmagandi va buning ustiga u tinim bilmay ishlardi, faqat shanba kuni oqshom paytlaridagina bir stakan musallas ichishni odat qilgandi, xolos, shunda ham pulga zoriqib qolmasin deya har safar xotinining o‘zi aynan katta do‘kondan sotib olib berardi, chunki bu pulga qovoqxonadan shuning yarmisini berishardi.
Oilasini boqish uchun eri zo‘r berib ishlayotganini, xotiniga va farzandlariga nechog‘li mehri balandligini ayol tushunardi, shu bois ham ayol o‘zidan andak tuzukroq kun ko‘ruvchi qishloq ahlidan kundalik xizmati evaziga topayotgan o‘sha arzimas tangalarni bir-biriga urib, tugib qo‘yishga kirishgandi.
Ayolga go‘yo abadiydek tuyulgan uzoq uch yildan so‘ng Ma’yusko‘z bozorning eng oldi seryog‘ kurkasini sotib olish baxtiga axiyri muyassar bo‘ldi. Xursandchiligu baxtiyorlikdan boshi ko‘kka yetgan ayol bolalar uyda yo‘qligidan foydalanib, parrandani uyga olib keldi-da, hech kim topolmaydigan yerga yashirib qo‘ydi. Odatdagidek horib-charchab, ochiqib uyga qaytgan va har doimgidek kurka so‘rab ko‘klarga iltijo qilayotgan eriga bu haqda churq etib og‘iz ochmadi.
Bu oqshom ayol bolalarni juda erta uxlashga yotqizdi. Uning niyatini eri fahmlab qolishidan ayol xavotirlanmasa ham bo‘lardi, chunki hali stol atrofida o‘tirgan paytdayoq uyqu elitgan eri, yarim soat o‘tar-o‘tmay shalviragancha o‘rnidan turardi-da, to‘shakka zo‘rg‘a sudralib borardi va go‘yo boshiga to‘qmoq tushgandek o‘zini o‘ringa tappa tashlardi.
Agar bir kunmas-bir kun ajoyib ovqatlanish marosimi uchun jon chekib ataylab tanlab olib kelingan kurka go‘shtini pishirish jarayonida ayolning qalbiga, qo‘llariga beg‘ubor baxt va shodlik tuyg‘usi kuch-g‘ayrat va ruh bag‘ishlaydigan bo‘lsa, unda bu voqeani aynan shunday kun deb atash mumkin edi. Kurka quyosh chiqishidan bir soat avval tayyor bo‘lishi uchun ayol tuni bilan kuymalanib chiqdi.
Makario har doimgidek barvaqt turib ishga shoshildi va g‘aribona nonushta bilan kuch to‘plab olish uchun cho‘nqaygancha stolga o‘tirdi. Makario xotiniga xayrli tong tilashni xush ko‘rmasdi va oila a’zolarining birontasidan shu kabi salomlashishlarni eshitishga ham odatlanmagandi. Mabodo, stol atrofida to‘plangan payt biron-bir tartibsizlikka ko‘zi tushsa, yoki boltanimi, o‘tin bog‘lashga yaraydigan arg‘amchinimi topolmay qolsa, churq etib og‘zini ochmasdi, ming‘irlab, allanimalarni gapirinib qo‘yardi, odatda. Negaki u kamgap odam bo‘lib, faqat ba’zi, eng zarur iborayu xatti-harakatlar bilan cheklanib qo‘ya qolar, xotini esa uning har bir ishorasini xatosiz tushunar edi.
U ketishga shaylanib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Avzoyi buzilib kelayotgan havoga tikilgancha bir soniya eshik oldida turib qoldi, shunda xotini asta uning oldiga keldi va ishtahani qitiqlovchi darajada obdon qovurib pishirilgan va avaylab yangi, ko‘m-ko‘k banan barglariga o‘ralgan kurka go‘shtli eski savatni eriga uzatdi.
– Bu yerda, qimmatli erjon, sen necha yillardan beri tanovul qilishni orzu qilib kelgan qovurilgan kurka go‘shti bor. Endi buni olgin-da, hech kim xalaqit bermaydigan xilvat chakalakzorga bor va uni oxirigacha bir o‘zing yeb ol. Qani, imillamay yo‘lga tush, yo‘qsa, bolalar qovurilgan kurka hidini payqab qolishadi-da, uyg‘onib, seni bundan ham benasib qilishadi. Qani, tezroq bora qol endi!
Makario horg‘in ko‘zlari bilan xotiniga boqdi-da, bosh irg‘adi. Uning og‘zidan minnatdorchilik so‘zlari hech qachon chiqmasdi. Hech bo‘lmaganda bir bo‘lagini xotiniga ilinishga ham uning farosati yetmadi, chunki bus-butun kurka go‘shtiga yetishish fikri qachonlardan beri unga tinchlik bermay kelar va u bolalar uyg‘onib qolmasidan burun xotinining maslahati bilan tezroq juftakni rostlash payiga tushdi.
Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, u o‘rmondagi changalzorda ovloq bir yerni topdi-da, o‘lgudek ochiqqanini his etdi va bu rohatbaxsh taomdan tanovul qilish taraddudiga tushdi. Ulkan daraxt tagiga qulay joylashib olgan Makario, ta’rifga sig‘mas huzur bilan xo‘rsindi-da, savatdagi kurka go‘shtini olib, yangi, yirik banan barglarini yerga yoydi va go‘yo Tangriga qurbonlik o‘tkazayotgandek parrandani tantanali harakatlar bilan yaproq ustiga qo‘ydi.
Ziyofatdan so‘ng u kunning qolgan qismini oyog‘ini uzatib, miriqib uxlab o‘tkazishni niyat qilgandi va shu tariqa umrida ilk marotaba o‘zi uchun chinakam bayram uyushtirmoqchi edi…
O‘zgacha tayyorlangan kurka go‘shtini tomosha qila turib, Makario odam zotiga tanish bo‘lgan yigirma besh million xil islar ichida birontasiga tenglashtirib bo‘lmaydigan bu mo‘jizavor isdan to‘yib-to‘yib nafas oldi-da, shodlikdan entikkancha ming‘irladi:
– Xotinimning mahoratiga va qo‘li gul pazanda ekaniga tan bermay iloj yo‘q… Faqat bu san’atni namoyish etishga u bechorada imkon bo‘lmagan.
Makario eplab, chin dildan ayta olgan minnatdorchilik va eng oliy maqtov so‘zlari shundan iborat edi. Bunday so‘zlarni bir marotaba bo‘lsa-da, xotiniga ayta olganida edi, sho‘rlikning baxtiyorlikdan yuragi tars yorilarmidi. Biroq bu uning qo‘lidan kelmasdi, negaki xotinining oldida bu taxlit so‘zlarga tili aylanmasdi.
U qo‘lini soyda chaydi va odam yillar davomida, Xudoning bergan kuni tinmay qilgan iltijolari ijobat bo‘lib, orzulari ushalganida bari qanday tayyorlanishi lozim bo‘lsa, hozir aynan xuddi shunday taxt qilingandi.
U chap qo‘li bilan kurkaning to‘shini mahkam ushladi-da, seryog‘ oyoqchasini uzib olish uchun unga tap tortmay o‘ng qo‘lini olib bordi.
Biroq oyoqni uzishga chog‘langan ham ediki, o‘zidan to‘rt qadam nari-berisida turgan bir juft odam oyog‘iga ko‘zi tushdi. U nigohini yerdan uzdi va ko‘zi qo‘nji kalta etik ichiga tiqib qo‘yilgan tor-tanqis, yopishib turgan qop-qora shimga tushdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qarshisida qovurilgan bu kurka go‘shtini bir o‘zi qanday tushirarkin deb uni kuzatgancha, bashang ki­yingan bir yigit turardi. Yigit boshiga zar jiyak bilan bezatilgan serbar soyabonli qalpoq qo‘ndirilgan, egniga esa boyonlarga xos hayratomuz zar va kumush iplar bilan kashtalangan kalta kamzul kiygandi. Qora shimining kamaridan to etigining temir tepkisigacha sof kumush tasma tikilgan bo‘lib, unga tikilgan tilla tangachalar yurganda ajib tovushda jingirlardi.
Yigitchaning mo‘ylovlari timqora, cho‘qqisoqoli esa xuddi echkinikiga o‘xshardi, bir-biriga yaqin joylashgan va naq tikandek qadaladigan ko‘zlari zulukdek qop-qora edi.
Makarioning nigohi yigitchaga tushganida, chaqirilmagan mehmonning makr-hiylaga to‘lib-toshgan ensiz lablaridan qattiq qahqaha otilib chiqdi. Yigitga xoh u erkak bo‘lsin, xoh ayol, aftidan, bunday avrovchi kulgiga bironta odam bolasi sira dosh berolmaydigandek ko‘ringandi.
Yigitcha jaranglagan ovozda so‘zlay boshladi:
– Birodar, o‘sha mazali kurka go‘shtingning yaxshiroq joyidan mendek bir och ritsarga ajratib bersang, qanday bo‘larkin? Qara, muhtaram birodar, men kuni bo‘yi egardan tushmadim va hozir ochimdan o‘lay deyapman. Jahannam haqi, meni o‘z nonushtangga taklif et.
– Birinchidan, – dedi Makario, go‘yo u shu topda pir etib uchib ketishidan qo‘rqqandek, kurkasiga mahkam yopishib, – gap mutlaqo nonushtada emas. Ikkinchidan esa bu mening bayram ziyofatim, uni hech kim bilan baham ko‘rish niyatim yo‘q. Nima deb o‘ylasang o‘ylayver, foydasi yo‘q. Tushundingmi?
– Agar qo‘lingda turgan yog‘li oyoqchalarni menga bersang, kumush temir tepkimni senga beraman, – ko‘zda tutgan narsasiga ishora qildi u va yupqa, agar ayri bo‘lganda, ilonniki deb o‘ylash mumkin bo‘lgan tillari bilan labini yaladi.
– Ular xoh temir bo‘lsin, yo xoh mis, yo kumush, yo tilla, hatto olmos bo‘lganda ham menga sening tepkilaringning keragi yo‘q, negaki, menda yeldirib yuradigan otning o‘zi yo‘q.
Makario qovurilgan kurkasining bahosini yaxshi bilardi.
– Bo‘pti, unday bo‘lsa, shimimga qadalgan bor tilla tangalarni uzaman-da, kurkangning yarim to‘shiga almashaman. Bunga nima deysan?
– Bu pullar meni baxtli qilolmaydi. Agar men tanga pullaringdan loaqal bittasini sarf qiladigan bo‘lsam, meni o‘sha zahoti turmaga tiqishadi va o‘g‘rilikda ayblab, iqror bo‘lmagunimcha qiynoqqa solishadi. So‘ng meni o‘g‘riga chiqarib, qo‘limni kesishadi. Xudo menga to‘rtta qo‘lni ravo ko‘rganida ham uni jon-jon deb olishga tayyor turgan bir paytimda, mendek qashshoq daraxt kesuvchi qanday qilib ikki qo‘limning biridan judo bo‘lishim mumkin?
Yigitning va’dalariga ortiq e’tibor qilmay qo‘ygan Makario, kurkaning tanasidan oyoqni ajratib olib, endi yeyishga chog‘langan ham ediki, notanish yigit yana gap qotdi:
– Atrofga nazar sol, oshna, shu o‘rmonning egasi menman. Mana shu daraxtzor va tevarak-atrofdagi o‘rmonning bari menga qarashli. Agar sen kurkangning atigi bitta qanotini bersang, shularning barini senga hadya etaman! Qara – shular bari seniki bo‘ladi!
– Bu gapingning turgan-bitgani yolg‘on! Bu o‘rmon seniki emas, bu muruvvatli Egamning mulki, aks holda men bu yerlarda o‘tin kesib, uni hamqishloqlarimga sotmagan bo‘lardim. Bu o‘rmonni xoh sovg‘a qilib ber, xoh bir bo‘lak kurka go‘shtiga alish, bu bilan men baribir boyib qolmayman, avvalgidek daraxt kesib yuraveraman.
Notanish:
– Menga qara, aziz birodar!.. – dedi qaysarlik bilan.
Shunda Makario g‘azab bilan uning gapini bo‘ldi:
– Yaxshisi, sen menga quloq sol. Na sen menga, na men senga birodar emasmiz, bundan keyin ham bunaqa bo‘lmasligimiz aniq. Uqdingmi? Meni o‘z holimga qo‘y, tinchgina ovqatlanib olay.
Olifta jirkanch basharasini tirishtirgancha og‘zidan bodi kirib, shodi chiqib, so‘ka-so‘ka oqsab-to‘qsab o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi.
Makario uning izidan qarab qolarkan, bosh chayqab to‘ng‘illadi:
– O‘rmonda qo‘qqisdan bunday maxluq qayoqdan paydo bo‘lib qoldi? Ha, bu yorug‘ olamda seni kimlarga duchor qilmaydi Egam.
U nafasini rostladi-da, avvalgiday chap qo‘li bilan kurkaning to‘shidan tutdi va o‘ng qo‘li bilan shartta semiz oyog‘idan birini ushladi.
Makarioning ko‘zi yarim daqiqa burun olifta turgan joyda yana bir juft oyoqqa tushdi.
Egasi go‘yo olis va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgandek oyoqlariga to‘zib, titilib ketgan poyabzalni ilib olgandi. Yo‘lovchi ko‘rinishdan rosa toliqqandi, oyog‘ida ham bazo‘r turardi.
Makario ko‘zini yerdan uzdi va nigohi yuzi siyrakroq qorasoqol bilan qoplangan chehraga tushdi. Notanishning egnida to‘zgan, biroq toza-ozoda rangsiz kanopdan ishton, aynan shu matodan ko‘ylak bor edi, ko‘rinishi esa atrofdagi qadimiy amerikaning aholisi qanday bo‘lsa, xuddi o‘shanday edi.
Biroq yo‘lovchining ko‘zlari go‘yo sehrlangandek qat’iylik bilan Makario­ning nigohini o‘ziga tortardi va bu holdan toygan ziyoratchining yuragida zaminu samoga bo‘lgan ishq-muhabbat va barcha ezguliklar qo‘shilib ketgandek tuyular, bu ko‘zlarda Makario osmonu falakdagi Tangrining xuddi o‘zini bor ulug‘vorligi bilan kuzatish mumkin bo‘lgan, naq uvoqqina oltin quyoshcha misol chaqnab turgan darchani ko‘rayotgandek edi, go‘yo.
Uzoqdan, bamisoli baquvvat musiqa sozidan yangragan kuydek, yo‘lovchi jaranglagan ovozda dedi:
– Sening o‘rningda bo‘lganimda taomni sen bilan jon-jon deb baham ko‘rgan bo‘lardim, kel, sen ham, marhamatli qo‘shni, men bilan baham ko‘r. Men ochman, o‘lgudek ochman. Qara, qimmatli oshna, meni qanday uzundan-uzoq yo‘l kutib turibdi. Marhamat ko‘rsatib, qo‘lingda ushlab turgan kurkaning oyog‘ini menga ber va bu saxovating uchun men seni duo qilay. Menga faqat bitta oyoqni bersang kifoya, qolgani o‘zingga buyursin. Shuning o‘zidan qornim to‘yib, darmonga kiraman, negaki, otamning uyigacha hali uzoq yo‘l bosishim kerak.
– Hoy musofir, – dedi Makario, – sen qachonlardir bo‘lgan, bor yoki bu yorug‘ olamga endi keladiganlarning baridan rahmdilroqsan.
Makario bu gaplarni go‘yo Bibi Maryamning surati oldida turib ibodat qilayotgandek aytdi.
– Ey marhamatli qo‘shni, sendan yolvorib so‘rayman, kurkangning yarim to‘shini menga ber. Bus-butun kurka baribir senga ko‘plik qiladi.
– Hoy musofir! – deya gap boshladi tantanavor ohangda Makario, hech qachon ko‘rmagan va sira xabari ham yo‘q, biroq yer yuzidagi ulug‘larning ulug‘i deb hisoblagan ruhoniyga murojaat etgandek. – Hoy hazratim va piri murshidim! Sen chindan ham bus-butun qushni agar kaminaga ko‘plik qiladi deb o‘ylasang, xafa bo‘lsang ham senga e’tiroz etishimga ijozat et. Hoy muhtaram zot, sof vijdonimni o‘rtaga qo‘yib aytamanki, sen qattiq adashyapsan. Aytmoqchi bo‘lganlarimni aytishim to‘g‘ri emasdir, balki bu xuddi shakkoklikka o‘xshab ketar, biroq, shunday bo‘lsa-da, jim turish ham insofdan bo‘lmaydi, jannat eshiklari endi men uchun yopiq bo‘lsa-da, baribir jim turolmayman, boshqa ilojim yo‘q. Sening ovozing va qarashlaring bor haqiqatni aytishga meni majbur qilyapti. Shuni bilib qo‘yki, hurmatli janob, men bu kurkaning hatto bitta suyakchasidan ham voz kecholmayman. O‘tinib so‘rayman, meni tushun. Bu kurka menga bus-butunicha berilgan va yolg‘iz mengagina atalgan. Agar kurkaning aqalli uvoqqina bo‘lagini kimgadir beradigan bo‘lsam, unda u butun kurka bo‘lmaydi. Yaxlit kurkaga erishishni bir umr orzu qildim va endi unga yetishganimda, undan istifoda qilmasam, baridan voz kechib, meni shunday dabdabali sovg‘a bilan siylagan mehribon, meni jondan sevuvchi xotinimning yuragini abgor qilgan bo‘laman. Yolvoraman, taqsir, yolvoraman, ustoz, mening ham tuyg‘ularimni hisobga ol, iltijo qilaman, mendek faqir gunohkorga rahming kelsin!
Yo‘lovchi Makarioga boqdi-da, dedi:
– Men seni tushunaman, Makario, og‘ayni, mehribon hamsoya, men seni juda yaxshi tushunaman. Dunyo turguncha tur va eson-omonlikda kurkangni yeyish senga nasib etsin. Endi men boray, kulbang yonidan o‘ta turib, mehribon ayolingni va farzandlaringni duo qilaman. Yaxshi qol!

Makario yo‘lovchini ko‘zdan yo‘qolguncha nigohlari bilan kuzatib qo‘ydi-da, bosh chayqagancha dedi:
– Unga juda rahmim kelyapti. U juda toliqqan va o‘lgudek och-nahor edi. Axir men boshqacha yo‘l tutolmasdim-da. Kurkadan bersam xotinimni haqoratlagan bo‘lardim. Men kurkaning na oyog‘idan va na kichik bir bo‘lakchasidan voz kecha olaman, kechadigan bo‘lsam, u bus-butun kurka bo‘lmaydi…
Makario qushning nimtalanmagan tanasidan ajratib olish uchun shosha-pisha kurkaning oyog‘iga yopishdi va nihoyat zoriqib kutilgan ziyofatni endi boshlay deb turganda, yana ro‘parasida turgan bir juft oyoqqa ko‘zi tushdi. U oyoqlariga eski bichimdagi shippak kiygandi, buni ko‘rgan Makario uni biron-bir chet ellik bo‘lsa kerak deb o‘yladi, negaki u ilgarilari bunday poyabzalni sira ko‘rmagandi.
Makario yerdan ko‘zini uzdiyu qarshisida aql bovar qilmas ko‘yga tushgan basharani ko‘rdi. Notanish uzun asoga tayanib turardi. Uning yuzi etdan xoli, qo‘l va oyoqlarining esa ustuxonigina qolgandi, xolos. Ko‘zlari bosh suyakdagi tagi ko‘rinmas qora teshikka o‘xshardi go‘yo. Og‘zida ikki qator mustahkam tishlar ko‘zga tashlanar, lablar esa bor-yo‘qday.
G‘alati darbadarning egnidagi o‘ngib ketgan ko‘kimtir-oq ro‘dapo na bir chitga, na bir shoyiga va na bir jun matoga o‘xshardi. Yaxshigina titig‘i chiqib ketgan va qisib bog‘lagan belboqda qimmatbaho yog‘ochdan yasalgan qirilib-sirilgan quti bir parcha arg‘amchi bo‘lagiga osilib turardi, unda soatning aniq-tiniq chiqillashi eshitilardi. Makarioni dovdiratib qo‘ygan narsa dastlab belbog‘dagi quti bo‘ldi. Shuning uchun u yangi mehmonni darrov taniyolmadi.
Shunda musofir gap boshladi. Uning ovozi tayoqni tayoqqa urgandagi tovushga o‘xshardi:
– Men shunday ochmanki, birodar, naryoq-beryog‘i yo‘q!
– Sen rost gapiryapsan, buni aft-angoring aytib turibdi, birodar, –qo‘shildi Makario, musofirning qo‘rqinchli turqidan xiyla cho‘chib.
– Modomiki, buni o‘z ko‘zing bilan ko‘rib turgan ekansan va och ekanimga ham sira shubhang yo‘q ekan, unda qimmatli birodar, aqalli kurkangning oyoqchasini mendan ayamassan?
Mushkul ahvolda qolgan Makario dod-voy solib baqirdi va chorasizlikdan boshini changalladi.
– Bo‘pti, mayli, – dedi u nihoyat qayg‘udan titroq bosgan ovozda, – bizlar bandamiz, taqdir bilan kimo‘zarga o‘ynashni biz ojiz bandalarga kim qo‘yibdi? Taqdirga tan beramiz. U oxiri meni o‘z izmiga bo‘ysundirdi. Baxt degani endi menga kulib boqqandek edi, yo‘q, aftidan, u menga atalmaganga o‘xshaydi. Bus-butun kurkaga yetishish menga hech qachon nasib etmasa kerak! Hech qachon, hech qachon va yana hech qachon! Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi, otaxon, nima ham qilardik, qorningni qappaytiraver. Ochlik nimayu och qolish nima, buni mendan so‘rayver! Boshga tushganni ko‘z ko‘rar; o‘tir, Boyoqish, o‘tir men bilan. Kurkaning yarmisi seniki, ol, bemalol yeyaver, osh bo‘lsin!
– O‘, mana bu zo‘r gap bo‘ldi, otaxon! – dedi Boyoqish Makarioning ro‘parasiga o‘tirib. So‘ng jag‘lari bilan shunday bir harakat qildiki, uning ishshayayotganini ham, kulayotganini ham bilib bo‘lmasdi.
Musofir yuzini burishtirib, bu xatti-harakati bilan nima demoqchi bo‘lganini Makario sira tushunmadi – musofir yo o‘z minnatdorchiligini, yo bo‘lmasa, ochlik balosi uni birmuncha vaqt tark etganidan xursandligini izhor etmoqchi bo‘ldi shekilli, deb o‘yladi u.
– Men hozir kurkani teng ikkiga bo‘laman, – dedi Makario. U juda shoshilardi, chunki yana bironta yo‘lovchi chiqib qolib, nasiba yana uch bo‘lakka bo‘linishidan xavotirda edi. – Men kurkani bo‘lgunimcha teskari o‘girilib tur. So‘ng men taqsimlangan har ikkita nimtaning o‘rtasiga boltamni qo‘yaman, keyin sen sopning yonida turganini xohlaysanmi, yo tig‘ning oldidagisinimi, menga aytasan. Shu usul bilan ikkiga bo‘lsak adolatdan bo‘ladi deb o‘ylayman. Rozimisan?
– Rozi bo‘lganda qandoq, otaxon!
Ular shu zayilda bazmi jamshid qilishdi. Bu ziyofat mehmonning quloqqa yoqadigan so‘zlariyu mezbonning quvnoq kulgisiga boy ziyofat bo‘ldi.
– Bilasanmi, otaxon, – dedi Makario, – boshda men uncha ajablanmadim, ko‘rinishdan sen men o‘ylaganimdan ko‘ra boshqacha odam ekansan. Belbog‘ingda osilib turgan soatli qimmatbaho yog‘och quticha meni chalg‘itdi va kimligingni darrov bilib olishimga xalaqit qildi. Qumsoatingga nima bo‘lgan o‘zi? Yo bu sirmi?
– E, yana qanaqa sir! Xohlasang, osib olib, butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilib chiqmaysanmi! Mana nima bo‘lgan, eshit. Bu Yevropa deganlari Xitoydan so‘ng zap serbaraka joy bo‘ldi, bilolmay qoldim, qandaydir jang avjiga chiqdi. Senga shuni aytishim kerakki, otaxon, hazilakam ur-yiqit bo‘lmadi. Meni obdon shunday ta’zirimni berishdiki, uncha-muncha yoshning ham bunga bardoshi yetmasdi. U yoqdan-bu yoqqa chayqalib, gangib, o‘zimni yo‘qotib butunlay holdan toydim. Shubhasiz, shu bilan o‘zimdan ko‘z-quloq bo‘lishu har turli udumlarga rioya qilishning iloji bo‘lmadi. Buning ustiga yana qandaydir shirakayf to‘nka qo‘qqisdan ro‘paradan gumburlatib o‘qqa tutsa bo‘ladimi, britan to‘pining o‘qi mening qum soatimni sochib tashladi, sochganda ham shunday sochdiki, hatto ko‘pni ko‘rgan usta temirchi Pluton ham uni epaqaga keltirolmasdi. Yangisini olmoqchi bo‘lib rosa qidirdim, biroq nima qilayki, ilojini qilolmadim, ko‘pdan beri ishlab chiqarilmas ekan, faqat bezak uchun kamin tepasiga qo‘yiladigani bor ekan, lekin bu ham quruq gap, u ham hech nimaga yaramaydi baribir. Muzeydan o‘g‘irlamoqchi bo‘lgandim, biroq, afsus, istisnosiz barining qalbakiligi ma’lum bo‘ldi va orasida bironta ham haqiqiysi yo‘q ekan.
Shu yerga kelganda u, yumshoq oq go‘shtdan bir burdasini tishlab uzib oldi va go‘sht shu qadar xushxo‘r ediki, uning totli ta’mi musofirni bir lahza bo‘lsa-da, barini esdan chiqarishga majbur qildi. Suhbatni davom ettirishni ko‘ngli tusaganida esa:
– O‘zi nima deyayotgandim, otaxon? – deb so‘rashiga to‘g‘ri keldi.
– Sen muzeydan o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan qumsoat va tekshirganda barining qalbaki ekani ma’lum bo‘lgani haqida so‘zlayotganding.
– To‘g‘ri! Mana, demak, men shu tarzda o‘z qumsoatimdan ayrilganman. Biroq bundan so‘ng ko‘p o‘tmay bir darg‘ani yo‘qlab huzuriga bordim. U kemasining bo‘lmasida edi, kema esa tobora suvga cho‘kib borardi. Jamoaning bari qayiqlarga joylashib olgandi, lekin o‘sha darg‘a deganlari chinakam britan darg‘alarining belgilangan tartibiga muvofiq kemani tark etishni rad etdi va kemada qolishga qaror qildi. Shu bois ham u o‘z bo‘lmasida serraygancha kema jurnaliga belgi qo‘yardi. Men yonida hozir bo‘lganimda esa u jilmaydi-da: “Xo‘sh, muhtaram Qotma, demak, bu dunyodagi rizq-nasibamiz adog‘iga yetdi, shekilli?” – dedi. “Xuddi shunday, darg‘a”, – dedim uni tasdiqlab va so‘nggi damlarining yukini yengillatish va qavm-qarindoshlaridan, yaqinlaridan abadiy judo bo‘lish alamini yumshatish maqsadida kulib qo‘ydim. U o‘z xronometriga ko‘z tashladi-da: “Kema jurnaliga so‘nggi qaydlarni kiritishga ulgurishim uchun menga marhamat ko‘rsatib, yana o‘n besh daqiqa hadya etolmaysizmi?” – dedi. “Roziman”, – deb javob berdim men. Uddasidan chiqib, vafotining aniq vaqtini yozib qo‘ya olishidan u juda mamnun bo‘ldi. Darg‘aning baxtiyor chehrasini ko‘rib undan: “Menga qarang, janob darg‘a, xronometringizni menga qoldirolmaysizmi? Fahmlashimcha, endi uning sizga keragi yo‘q, siz axir undan boshqa foydalana olmaysiz, negaki, bundan buyon suzishingizga to‘g‘ri keladigan anavi kemaning bortida vaqt deganlarining umuman g‘amini yemasangiz ham bo‘ladi. Ustiga-ustak, janob darg‘a, mening qumsoatimga britan to‘pining o‘qi shikast yetkazdi va agar buning evaziga men Angliyada ishlab chiqarilgan xronometrni qo‘lga kiritsam, bu adolatdan bo‘lurdi”, – dedim.
– Nima? Demak, bu kulgili mitti soatcha xronometr deb ataladimi? Buni eshitmagan ekanman, – dedi uning so‘zini bo‘lib Makario.
– Ha, – bosh irg‘adi Qotma, tirjaygancha o‘ttiz ikki tishini baravar ko‘rsatib, – u shunday ataladi. Biroq xronometrning farqi shundaki, u cho‘ntaki, osma yoki minoraga o‘rnatiladigan boshqa soatlarga qaraganda vaqtni yuz marotaba aniq ko‘rsata oladi. Qani, otaxon, demak, qayerda to‘xtagan edik?
– Darg‘adan senga qoldirishini so‘rayotganing xro…
– …nometr. To‘g‘ri. O‘zining chiroyli xronometrini menga qoldirishini so‘raganimda, u: “Buni siz to‘g‘ri o‘ylabsiz, negaki, taqdir taqozosi bilan xronometr shaxsan menga tegishli va men uni o‘z xohishimga ko‘ra tasarruf etmoqqa haqliman. Hayotdagi ishonchli bu hamrohim mabodo, kompaniyaning mulki bo‘lganda edi, unda sizni rad etishga majbur bo‘lardim. Hozirgi unutilmas reysdan bir necha kun burun men uni sozladim va sizni ishontirib aytamanki, janob Qotma, almisoqdan qolgan qandaydir qumsoatdan ko‘ra bu buyumga yuz chandon ko‘proq suyanishingiz mumkin”. Shunday qilib, xronometr menga tegdi, kemani esa shu orada girdob o‘z domiga tortib ketdi. O‘tmishdan qolgan g‘aribona qumsoatning o‘rniga hozir yonimda yurgan xronometrga men ana shu tarzda egalik qila boshladim. Senga shuni aytmoqchimanki, otaxon, bu Angliya o‘yinchog‘i shunday binoyidek ishlaydiki, men undan foydalana boshlaganimdan beri hali biron marta ham xato qilganim yo‘q. Bir vaqtlar shunday ham bo‘lgandiki, shamshir yoki sirtmoq oldindan tayyorlab qo‘yilgan bo‘lsa-da, odam ko‘zimni shamg‘alatib mendan qochib ham qolardi. Bu juda yomon, ishon. Bunday voqea yuz beradigan bo‘lsa, unda mening obro‘yim bir pul bo‘ladi. Biroq endi bunday bo‘lmaydi.
Shu taxlit ular xuddi uzoq ayriliqdan so‘ng uchrashib qolgan do‘stlardek vaysashib, har turli g‘alati voqealarni bir-birlariga so‘zlab berib, bir-birlari bilan hazil-huzul, vaqtichog‘lik qilib, kulishib o‘tirishdi.
Qotmaga qovurilgan kurka azbaroyi yoqib tushganidan, u qushni ishtiyoq bilan shu qadar maromiga yetkazib tayyorlagan ayolga maqtovlarni oshirib-toshirib ayamasdan in’om etdi. Bazmi jamshidga berilib ketgan Qotma, ba’zan shu qadar haddidan oshib ketardiki, hatto o‘zining kimligini ham unutib qo‘yardi va mavjud bo‘lmagan lablarini tili bilan yalashga urinardi. Biroq Makario uning bujmaygan basharasi aytib turgan chinakam alomatlardan mehmonning mamnun va baxtiyorligini ko‘rib va anglab turardi.
– Bugun men kelgunimga qadar boshqa yana ikkita mehmoning bo‘lgandi, to‘g‘rimi? – dedi Qotma suhbat avjida.
– To‘g‘ri. Buni sen qayoqdan bilasan, otaxon?
– Men bu dunyoda yuz berayotgan barcha ishlardan deyarli xabardorman. Shuni bilib qo‘yki, men ma’lum darajada maxfiy politsiyaning rahbariman, buning egasi esa… Men shama qilayotgan xo‘jayinni sen bilasan, uning ismini aytish menga yarashmaydi… Kelib-ketgan mehmonlaring kim ekanini sen bilasanmi?
– Bo‘lmasam-chi? Sen meni kim deb o‘ylayapsan?
Och qolgan – aytganday, endi u sira och emasdi – oddiy qilib aytganda, Qotma dedi:
– Birinchi kelgani biz odatda jin, iblis deb ataydiganimiz edi.
– Men o‘sha zahoti payqagandim. Bu nusxa mening qoshimda qanday qiyofada hozir bo‘lmasin, men uni har qanaqasiga bo‘lsa-da, taniyman. U bugun yasanib-tusanib yigit rolini o‘ynamoqchi bo‘ldi, biroq qiliqlari bilan o‘zini oshkor qilib qo‘ydi. Shunda men darrov uning soxta yigitcha ekanini tushundim.
– Uning kim ekanini shu zahoti bilgan ekansan, nega unga kurkangning bir bo‘lagini bermading? U endi senga ancha tashvish orttirishi mumkin.
– Bu uning qo‘lidan kelmaydi, oshna. Men uning barcha kirdikorlaridan boxabarman, yo‘q, uning menga haddi yetmaydi. Nega endi men qovurilgan kurkamni u bilan baham ko‘rishim kerak ekan? Puli azbaroyi cho‘ntagiga sig‘may to‘lib-toshib ketganidan uni ishtonlariga tikib, yopishtirib olgan bo‘lsa. Agar u xohlasa, yaqin oradagi mayxonaga kirib, besh-oltita qovurilgan jo‘jani va yana qo‘shimchasiga bir juft qovurilgan sersut cho‘chqani ham sotib olishga qurbi yetadi. U kurkamning na oyog‘iga va na qanotiga zor.
– Biroq ikkinchi mehmoning… Qani, men kimni nazarda tutayotganimni yaxshi bilsang kerak… Uni tanidingmi?
– Bo‘lmasam-chi, axir men nasroniyman-ku? Men uni qayerda ko‘rsam ham taniyman. Biroq, taassuflar bo‘lsinki, men uning rosa horiganini va o‘lguday och ekanini ko‘ra-bila turib, arzimas allaqanday bo‘lakni undan qizg‘anganim juda chakki bo‘ldi. Men noshud-notavon nima karomat ko‘rsatibmanki, hukmdorimizning o‘g‘lidek odam bilan qovurilgan kurkamni bo‘lishish baxtiga muyassar bo‘lsam? Bu olamdagi bor kurkalaru bu olamning o‘zi ham uning otasiga tegishli, negaki, bularning barini U yaratgan. O‘g‘lining ko‘ngli qancha kurkani tusasa, shuncha kurkani olib berishga otasining qurbi yetadi. Ustiga-ustak: bir kun oqshom Tangrining bandasi bor-yo‘q ikkita balig‘u beshta non bilan besh mingta ochning qornini to‘yg‘azishga muyassar bo‘lgan, odamlar ochlikni qondirib bo‘lganlaridan so‘ng ham non bo‘laklariga to‘la bir nechta dyujina quticha qolgan… Lekin, oshna, fikrimcha, uni chindan ham ochlik hissi bezovta qilganida, u o‘tning o‘zi bilan ham to‘yib qo‘ya qolgan bo‘lardi. Mana yana nima: suvni sharobga aylantirishning uddasidan chiqqan odamga, uvoqqina oyoqchalari bilan yerda o‘rmalab yurgan mittigina qumursqani, faqat bu dunyodagina mavjud bo‘lgan, unga qo‘shiladigan barcha qaylayu kerakli ziravorlar bilan xushxo‘r qilib a’lo darajada tayyorlangan qovurdoq kurkaga aylantirish nima degan gap? Men kimman, men qaramog‘ida o‘n bitta zumrashasi bo‘lgan bir o‘tinchi bo‘lsam, mening nopok qo‘llarim bilan bulg‘angan kurka oyog‘ini ulug‘imizni haqoratlab, unga tortiq qilishga nahot menga izn berilgan bo‘lsa? Men o‘z dinimizning sadoqatli o‘g‘liman va hokimiyatni ham, Yaratganning buyukligini ham e’zozlayman.
– Juda soz, otaxon, sen haqiqiy faylasuf ekansan. Seni ishontirib aytamanki, aql-idrokda sen bekamu ko‘st yaralgansan va ayniqsa, shaxsiy mol-mulkni ko‘z qorachig‘iday asrash masalasida miyang yanada zo‘rroq ishlarkan.
– Umrim bino bo‘lib hali bunday gapni eshitmagandim, otaxon, – dedi uyalgancha Makario, kamtarona.
– Meni birdan-bir hayratda qoldiradigani bu, faqat sening menga bo‘lgan munosabating, otaxon. – Mehmon so‘zlay turib, o‘zining baquvvat tishlari bilan kurka qanotining so‘nggi bo‘lagini g‘ajirdi. – Bundan sal avval issiqqina kurkangning ozgina ulushini Shaytonga va Xudoga ravo ko‘rmagan sendek odam, bor baraka qilib nechuk uning yarmini menga in’om etding?
– E-voh, – xitob qildi Makario, o‘z nidosiga yana ikki hissa ortiq ishonch hosil qilishni ko‘zlab ko‘kka qo‘l ochib iltijo qilarkan. – E-voh, – takrorladi u, – sen boshqa gap, otaxon, butunlay boshqa! Avvalambor, men insonman va ochlik nima ekanini o‘z boshimdan kechirganman va u joningni qanday sug‘urib olishini ham yaxshi bilaman. Va men biron nima bunyod etish yoki mo‘jiza yaratish uchun hukmron bo‘lganing hech qulog‘imga chalinmagan. Sen bor-yo‘g‘i oliy hakamning itoatli qulisan, xolos. Yemak sotib olishga aqchang ham yo‘q, aks holda kafaningda kissa bo‘lgan bo‘lurdi. Garchi xotinim buni katta mehr bilan tayyorlagan bo‘lsa-da, chindan ham men xohishimga qarshi chiqib, kurkadan bir bo‘lak ham unga bermadim. Xotinim rosa oriq, biroq u qanchalik oriq bo‘lmasin, baribir sen undan besh battar oriq ko‘rinasan. Tinmay “ber-ber” deb turgan bolalarimni ming mashaqqat bilan bo‘lsa-da, issiqqina bir bo‘lagi bilan ham siylamadim. Ular qanchalik och-nahor bo‘lishmasin, sen ulardan ham yuz chandon ochroq ko‘rinasan.
– Gapir-a, gapir, otaxon! – xirillab qo‘ydi mehmon mavjud bo‘lmagan lablaridagi tabassumni ochiq-oydin cho‘zishga uringancha. – Dilingdagi bor haqiqatni to‘kib-solaver, tishimni-tishimga qo‘yib eshitaveraman! Sen hozir o‘z izohingni “avvalambor” degan so‘z bilan boshlading, qani, endi u yog‘ini davom ettir-da, senga ikkinchidan nima ta’sir qilganini menga so‘zlab ber.
– Bo‘pti, sen aytgancha bo‘la qolsin, – dedi Makario bir to‘xtamga kelib, – bariga iqrorman, ochig‘ini aytganda, otaxon, kurkaning oyog‘idan bo‘lsa-da, maza qilib totib ko‘rish endi dargumonligini menga ro‘para kelganing zahotiyoq tushunib yetgandim. Bus-butun kurkani-chi, gapirmay qo‘ya qolay. Shunda men: “U hozircha bor ekan, men ham nafsimni tiyib o‘tirmayman”, – dedim o‘zimcha va kurkani teng ikkiga bo‘ldim.
Mehmon o‘zining tubsiz ko‘z chanoqlari bilan unga o‘ta hayratlanib tikildi va so‘ng go‘yo bo‘m-bo‘sh idishni nog‘ora qilib chalgandek chin ko‘ngildan qah-qah urib kulib yubordi.
– Momaqaldiroq Xudosining nomi bilan qasam ichib aytamanki, ota­xon, sen aqlli va juda ustomon ekansan! Ko‘pdan beri men shunday fahm-farosatli va hozirjavob odamni uchratmagandim. Kaminaning ham g‘aribona hayotiga biroz bo‘lsa-da, xursandchilik olib kiruvchi arzimas bir vazifani senga loyiq ko‘rdim va sen bunga munosibsan. Bilasanmi, otaxon, ba’zan men odamlar bilan bajonidil hech kimga ziyoni tegmaydigan, vaqtimni ko‘ngilxushlikda o‘tkazib, bajarayotgan vazifamning unchalik ham foydasiz emas deb hisoblashimga imkon beruvchi bir hazil o‘yin o‘ynayman, agar sen men nimani nazarda tutayotganimni anglayotgan bo‘lsang.
– O‘ylashimcha, fahmlayapman.
– Menga shuncha marhamat ko‘rsatib, ziyofatingni men bilan baham ko‘rganing uchun qanday mukofotga munosib ekaningni bilasanmi?
– Bu yana nima bo‘ldi ekan, oshna? Nima qilmoqchisan o‘zi? O, agar xizmat bo‘lmasa, baraka topkur, meni o‘zingizga yordamchi etib tayinlamasangiz! Mayli, bariga roziman, faqat yordamchingiz bo‘lishga emas!
– Yordamchiga muhtojligim yo‘q, hech qachon bo‘lgan ham emas. Gap butunlay boshqa masala ustida ketyapti. Men seni shifokorlarning shifokori qilmoqchiman. Menga hamisha qabih nayranglar ishlatish payida bo‘lgan va firib berish oson deya xomxayolga borgan barcha bilag‘on tibbiyotchilarni dog‘da qoldirasan. Demak, gap bunday, agar shifokor bo‘lsang, va’da berib aytamanki, kurkangga ketgan xarajat million karra ortig‘i bilan o‘zingga qaytib keladi.
Shu so‘zlarni ayta turib u o‘rnidan turdi va o‘n qadam bosdi-da, jaziramadan qaqrab qolgan qumli yerga boqdi va qichqirgancha o‘tinchini chaqirdi:
– Otaxon, suvdoningni bu yoqqa olib kel. Men allaqanday g‘alati oshqovoqqa o‘xshab ketadigan anavi suvdonni nazarda tutyapman. Avval undagi bor suvni to‘kib tashla.
Makario unga itoat etdi-da, mehmoni bilan yonma-yon turdi. Qo‘noq qurib qolgan yerga yetti marotaba tufladi. Ular biroz kutishdi va qumdan to‘satdan toza shaffof suv otilib chiqa boshladi.
– Endi suvdoningni menga uzat-chi! – amr qildi Qotma.
U endigina paydo bo‘lgan ko‘lcha oldida tiz cho‘kdi-da, bir qo‘li bilan Makarioning suvdoniga hovuchlab suv quyishga tushib ketdi. Roppa-rosa bir litr suyuqlik ketadigan bu suvdonning og‘zi tor bo‘lgani uchun bu yumush ancha uzoq davom etdi.
Suvdon to‘lishi bilan hali ko‘lcha yonida tiz cho‘kib turgan Qotma qo‘li bilan yerga bir urgandi, suv go‘yo bo‘lmagandek bo‘ldi-qoldi.
– Otaxon, kel, o‘sha o‘zimiz avval ziyofat qilgan yerimizda yana bir o‘tiraylik, – dedi qo‘noq.
Ular yana yerga o‘tirishdi. Qotma Makarioga suvdonni uzatdi-da, gapning po‘stkallasini aytdi:
– Suvdondagi suyuqlik seni zamonamizning eng dong‘i ketgan hakimiga aylantiradi. Bu suvning bir tomchisi har qanday dardning davosi bo‘ladi va “har qanday dard” deganimda men o‘limga olib boruvchi barcha xastaliklarni nazarda tutyapman. Sen yaxshilab eshit va qulog‘ingga quyib ol, otaxon: dorining so‘nggi tomchisi tugashi bilanoq sendagi shifobaxsh kuch ham o‘z nihoyasiga yetadi.
Aqlini shoshiruvchi bu taklifdan Makario sira esankiramadi. Bundan foydalansinmi, yo yo‘q, u ikkilanardi…
– Bu sovg‘ani sendan qabul qilaymi, yo yo‘qmi, bilmadim, otaxon. Bilasanmi, hozirgacha men o‘zimni baxtiyor hisoblaganman. To‘g‘ri, men doim tishimni tishimga qo‘yib ochlikka chidadim, Xudoning bergan kuni o‘lgudek horirdim va qachonlardir yaxshiroq yashashdan umidimni uzib, zo‘riqib, mashaqqat chekib umr o‘tkazardim. Biroq men va men kabi bunday chor-nochorlarga buyurgani shu, shekilli. Chamasi bunday hayot bizning taqdirimizga bitilgan. Chidayverib, bunday turmushga ko‘nikib ketganmiz va o‘zimizcha baxtiyormiz, negaki, eng yomon va butunlay ilojsizdek tuyulgan toleimizdan ham qandaydir yorug‘lik topishga intilamiz. Bilasanmi, bugun sen bilan o‘zimizni mehmon qilgan o‘sha kurka orzularimning poyoni edi. Hayotdan yana biron-bir muhimroq nimanidir so‘rash hech qachon xayolimga kelmagan. Mening fikru yodim barcha xushxo‘r ziravorlar qo‘shib tayyorlangan kurkani yolg‘iz o‘zim uchun qo‘lga kiritishu uni och qornimga tushayotgan har bir bo‘lagining hisobini olib turgan bolalarim ko‘zidan narida bus-butunligicha yeyish bo‘lgan, xolos.
– Ko‘ryapsan-ku, qo‘lingdan baribir hech nima kelmadi. Kurkani bus-butun yeyish yana senga buyurmadi, negaki yarmini menga berding. Demak, orzularing yana o‘sha-o‘sha armonligicha qolaverdi.
– Sen, otaxon, bunda aybim yo‘qligini hammadan yaxshi bilasan…
– Bu to‘g‘ri: nima bo‘lganda ham, shu bugungacha sening yagona orzung ushalmadi. Agar yangi kurkaga erishish fikridan qaytmagan bo‘lsang va yana uch yil kutib umr o‘tkazmay desang, unda orzung ro‘yobga chiqishi uchun odamlarni davolab pul topishdan o‘zga ilojing yo‘q.
– Bu haqda hech o‘ylamagan ekanman. Men chindan ham bus-butun kurkani qo‘lga kiritishim zarur, u yog‘iga nima bo‘lsa bo‘lar. Agar bunga muyassar bo‘lolmasam, unda bu dunyodan baxtsizlarning baxtsizi bo‘lib o‘taman.
– Xo‘sh, endi quloq sol, otaxon, vidolashish oldidan men senga ba’zi bir juda muhim gaplarni aytishim zarur. Har safar seni bemor yoniga chaqirishganda, sen uning tepasida men turganimni ko‘rasan. Men sendan boshqa hech kimga ko‘rinmayman. Endi gaplarimni qulog‘ingga quyib ol. Agar sen meni bemorning oyoq tarafida turganimni ko‘rsang, bir tomchi yangi toza suv – doridan quloqli piyolagami, yo shisha idishgami quygin-da, uni bemorga ichir. Ikki kun o‘tar-o‘tmay, qarabsanki, u yana oyoqqa turib barini ko‘rmaganday bo‘lib ketadi. Agar meni kasalning bosh tomonida turganimni ko‘rsang, unda, yaxshisi, davolashni bo‘yningga olma. Negaki, men yostiq tomonda turgan bo‘lsamu bemorni mendan tortib olish uchun davolashni zimmangga sen olasanmi, yo atrofda yelib-yugurib yurgan boshqa bir to‘da shifokorlar o‘z zimmasiga oladimi, buning ahamiyati yo‘q, u baribir o‘ladi. Bunday vaziyatga duch kelsang, yaxshisi men bergan dorini bekorga isrof qilma, baribir befoyda va sen uchun buning turgan-bitgani ziyon. Shuni yodda saqlaginki, bu g‘amxonani kim qachon tark etishiyu xuddi shu payt u xoh yosh bo‘lsin, xoh yoshi ulug‘, yo bir nobakor, bu yorug‘ olamda kim o‘z umrini yashayverishi mumkinligi bari Tangri tomonidan belgilab qo‘yilgan va bu yolg‘iz mengagina ayon. Xato qilishdan, yo bo‘lmasa yo‘ldan ozishdan toymaydigan odam bolasiga o‘z ixtiyorimdagilarni ishonib topshirishga menga izn berilmagan. Shu bois so‘nggi so‘zni men aytaman va sen mening xohish-irodamga hech bir e’tirozsiz itoat etasan.
– Men buni yodda saqlayman, janob! – va’da berdi Makario.
– Juda soz. Endi, otaxon, xayr-xo‘shlashish fursati yetdi. Ziyofat esa qoyilmaqom bo‘ldi, agar bu so‘z senga tanish bo‘lganda, men hatto buni g‘ayriodatiy degan ham bo‘lardim. Ochig‘i, sen bilan ulfatchiligimiz ajoyib o‘tdi. Men bilan baham ko‘rgan taoming kuchimga yana yuz yil yetadigan kuch qo‘shdi. Agar men yana bugungidek holdan toyar darajada och qolsam, Yaratgan menga yana sendek mehmonnavoz mezbon ato etsin. Bag‘oyat minnatdorman, otaxon! Ming karra tashakkur! Ko‘rishguncha!
– Ko‘rishguncha, otaxon! – javob qildi Makario, xayolida go‘yo allaqanday mashaqqatli uyqudan uyg‘ongandek.
So‘ng u sira uxlamaganiga o‘sha zahoti amin bo‘ldi.
Erda, qo‘noq ishtaha bilan yeb, obdon kemirib tozalagan yarimta kurkaning suyaklari yotardi. U beixtiyor yerga tashlangan bir necha go‘sht bo‘laklarini yig‘ishtirib oldi-da, uvol bo‘lmasin deya uni og‘ziga soldi va bugun boshdan kechirishga muyassar bo‘lgan, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqea-hodisalarga boy sarguzashtlarni yodga olishga va uni tushunib yetishga urinib ko‘rdi.
Ko‘p o‘tmay u toliqdi va ziyofatdan keyingi qolgan kunni uxlab o‘tkazishni ko‘ngliga tukkan o‘tinchi yerga cho‘zildi.
Shu kech u uyiga bir dona ham o‘tin olib kelmadi.

Ertaga qorinning g‘amida uyga biron nima sotib olish uchun Makario­ning xotinida sariq chaqa ham qolmagandi. Shunga ham qaramay, xotin erining beg‘amligini hatto ishora bilan bo‘lsa-da, uning yuziga solmadi. Ayolni shodlikning allaqanday ulkan g‘ayrishurriy hissi chulg‘ab olgandi. Negaki, ayol kunning yarmida o‘z kulbasi ostonasida bolalarining ki­yimini yuvayotib, unga kelib urilgan quyoshning oltinrang shu’lasi sira quyoshdan taralmagandek edi go‘yo va shu zahoti xuddi mo‘jizakor organning yiroq-yiroqlardan eshitila boshlagan yoqimli kuyi uning yuragiga kelib quyila boshlagandi. Shu lahzadan boshlaboq u kunni o‘zini yer yuzida parvoz qilayotgandek, ko‘ngli huzur-halovatga to‘lib-toshgan tuyg‘uni his etib o‘tkazdi. Biroq ayol bu tuyg‘uni go‘yo yuragidagi boylikdek eridan sir tutdi. U kechki ovqatni tortayotganida ham oltinrang nurning shu’lasi uning chehrasida hamon saqlanib turardi. Hatto xotinining yuziga kutilmaganda boqqan eri ham undagi allaqanday g‘ayrioddiy o‘zgarishni payqagandi. Biroq o‘z qayg‘u-tashvishlaridan ortmagan eri unga indamay qo‘ya qoldi.
Makario kunduzi o‘rmonda miriqib dam olgani bois bu oqshom u odatdagidan kechroq yotishga chog‘lanar ekan, xotini uning qulog‘iga:
– Xo‘sh, erjon, kurka nima bo‘ldi? – dedi pichirlab.
– Ha, he yo‘q-be yo‘q nega kurkaga qiziqib qolding? Nima, kurkangda bir nima bo‘lishi kerakmidi? Nima demoqchisan? Nima bo‘lardi, qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, shunday bo‘ldi… kurka yeb mazaxo‘rak bo‘lmagan og‘zim bilan senga aytadigan gapim shu.
Makario mehmoni to‘g‘risida lom-mim demadi.
Ertasi kuni butun oila och qoldi. Bolalarning nasibasidan siqib, Makarioga bo‘lib beriladigan nonushta hamisha ham ancha-muncha oz bo‘lardi, biroq tushlikka va kechlikka hech bo‘lmaganda biron nasiba qoldirish uchun hozirgi nonushta ulushidan ham uy bekasi yanada qisqartirishiga to‘g‘ri keldi.
Makario qalampir solingan xushxo‘r qora loviyadan bir necha qoshiq yedi. Bariga o‘zi aybdor ekanini yaxshi tushungani uchun ham shikoyat qilmadi. Makario bolta va arg‘amchini oldi-da, vazmin odimlagancha tonggi tumanga peshvoz chiqdi. Odatdagi og‘ir mehnatni davom ettirish uchun yo‘lga otlanganida, dori-darmonu barcha shunga o‘xshash mojarolar bilan bog‘liq voqealar uning xayolidan butunlay ko‘tarilgandek edi, go‘yo.
Biroq endigina bir necha qadamni arang bosar-bosmay xotini qichqirgancha uni to‘xtatdi:
– Azizim, suvdonni unutibsan-ku!
Bu so‘zlar u boshdan kechirgan sarguzashtlarni ko‘z o‘ngida jonlantirib yubordi va kechagi oshna faqat nafsi qongan inson tasavvurida yaratilgan ertaklardagi ko‘lanka bo‘lmaganini yodiga soldi.
– U hali to‘la. – Xotini suvdonni silkitdi. – Ichidagi suvni to‘kib, yangilab beraymi? – so‘radi xotini makkajo‘xori so‘tasidan kesib olingan po‘kakni buray turib.
– Ha, u hali to‘la ekan, – tasdiqladi Makario, xotini shoshilib qimmatbaho suyuqlikni to‘kib tashlashidan qo‘rqib. – Men kecha suvni o‘rmondagi ariqdan ichgandim. Suvdonni bu yoqqa ber, uni yangilashga hojat yo‘q.
Qishloqning eng chekkasida joylashgan kulbasidan ancha uzoqlashgach, Makario o‘rmonga ketaverishdagi chakalakzorning quyuq butalari orasida chuqur qazidi-da, suvdonni o‘sha yerga ko‘mib qo‘ydi.
Shu kuni oqshom Makario uyiga bir orqa o‘tinni ko‘tarib kirib keldi. Yaqin oylar ichida u bunday quruq va qattiq o‘tin terib kelmagandi. Dastlabki xaridorning o‘ziyoq bu o‘tin uchun to‘ng‘ich o‘g‘illariga shartta ikkita kumush chaqani chiqarib berdi – bu arzimas pul esa ularning ko‘ziga bir dunyo boylikdek ko‘rinib ketdi, go‘yo.
Ertasi kuni Makario odatdagidek ishga otlandi.
Tunov kuni oqshom Makario yo‘l-yo‘lakay xotiniga suvdonning ustiga katta yog‘och qulab, uning pachag‘ini chiqarib yuborganini nolib aytgandi. Bo‘lar ish bo‘ldi, xotini uning o‘rniga boshqasini olib bersa, osmon uzilib yerga tushmas, axir bunaqasi uylarida qalashib yotibdi. Bu suvdon ular uchun hech gap emasdi: to‘ng‘ich o‘g‘illari changalzordan yana yovvoyi oshqovoqni topib kelaverishadi.
Kechqurun u yana o‘shancha o‘tinni sudrab keldi, biroq bu safar Makario oilasi boshiga og‘ir musibat tushgani ustidan chiqdi. Yig‘idan ko‘zlari qizarib ketgan xotini unga peshvoz chiqdi va o‘zini erining bag‘riga otgancha:
– Regino o‘lim to‘shagida yotibdi! Sho‘rpeshona bizning kichkintoy Reginomizning umridan sanoqli daqiqalar qoldi! – dedi jon holatda qichqirib.
Yurakni o‘rtovchi bu nolalardan u qalt-qalt titrar, ko‘zlaridan esa shovullab yosh quyardi.
Ular ko‘nikib ketgan ma’yus oilaviy muhitda agar biron nima izdan chiqqudek bo‘lsa, Makario xotiniga hamisha shunday ma’nosiz tikilib turaverardi. Xotini bir chekkaga o‘tgandi, Makario kulbasiga qo‘shnilar to‘planganini ko‘rdi. Ular oyoq-qo‘llarini kerib yotgan bolaning to‘shagi atrofida birlari tik turar, boshqalari esa cho‘kka tushib o‘tirardi.
Makarioning oilasi qishloqdagi eng nochor oila sanalsa-da, o‘zining muloyim tabiati, halolligi va kamtar-kamsuqumligi bilan qishloq ahlining mehrini qozongandi. Ma’lumki, kambag‘allik – foyda keltiruvchi birdan-bir muruvvat: badavlatlarga qaraganda, kambag‘allarni hamma yerda ko‘proq ardoqlashadi.
Qo‘shnichilik mehr-oqibati jo‘sh urib, Makarioning farzandi betob­ligidan xabar topgan ayollar topgan-tutgan har turli o‘tlaru tomirlar bormi, daraxt po‘stlog‘i bormi, xullas, bunday kezlarda amerika hindulari odatiga ko‘ra qanday muolaja ma’qul ko‘rilsa, barini tashib keltirishdi. Bu qishloqda na shifokor va na dorixona bor edi va shu vajdan bu yerlarda go‘rkovning ham yo‘q bo‘lishi ehtimoldan xoli emasdi.
Bolani qutqarib qolish uchun har bir ayol o‘z shifobaxsh dori-darmoni bilan hozir bo‘ldi va har biri o‘z shaxsiy davolash usulini taklif etdi. Mana bir necha soat bo‘libdiki, bolani har turli murakkab davolash harakatlari bilan qiynashardi va goh ildizlardan, goh giyohlardan, goh cho‘lbaqasining kuydirilgan kuli bilan qorishtirilib tolqon qilingan ilon po‘stidan tayyorlangan suyuqlikni ichishga uni majburlashardi.
– U ko‘p ovqat yeb qo‘yibdi, – deya ishontirmoqchi bo‘ldi ayollardan biri bola yotgan yerga kelgan otasiga.
– Bolaning ichaklari buralib qolgan, bunday paytda unga hech qanday yordam berib bo‘lmaydi, – dedi uzil-kesil yana boshqasi.
– Bo‘lmagan gap, onajonisi, juda bo‘lmagan gap-da! – ont ichdi uchinchisi. – Hamma gap shundaki, uning oshqozoni zaharlangan, kichkintoyning kuni bitgan.
– Biz qo‘limizdan kelganini qildik, – gapga aralashdi yana bir ayol, – bola bir soatga yo yetadi, yo yetmaydi. Mening bolam ham shu ahvolda jon bergan. Bu mening boshimdan o‘tgan. Jajjigina farishtaning, boyoqish mittigina farishtaning ko‘klarga parvoz qilish uchun qanot chiqarayotganini uning yuzlari aytib turibdi.
Bir gala churvaqalarining ichida, o‘zining ma’suma kulishlariyu uvoqqina ko‘rinishi bilan otasining ko‘nglini iyitib yuboruvchi bu kichkintoyni Makario hammasidan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rardi va qo‘shni xotinlarning bo‘lar-bo‘lmas vaqillashlariga parvo qilmay, o‘g‘lidan ko‘zini uzmay o‘tirardi. Ba’zida zaifgina kichkintoy emaklab tizzasiga chiqib, yuzlarini qo‘lchalari bilan paypaslashi otaga huzur bag‘ishlardi. Yoningda har doim o‘zining beg‘ubor kulgilariyu jajji qo‘lchalari bilan yuzlaringni siypalayotgan ojiz jonni his etish Makarioga yashashdan yagona baxtdek, birdan-bir maqsaddek bo‘lib tuyulaverardi.
Ha, bolakayning o‘lim to‘shagida ekaniga endi shubha qolmagandi. Ayollardan biri kichkintoyning og‘ziga tutib turgan oynacha ham deyarli xiralashmagandi va bemor ko‘ksiga qulog‘ini bosgan qo‘shnilardan biri ham uning yurak tepishini arang eshitardi.
Gangib qolgan Makario kichkintoyidan ko‘zini uzmasdi. Yaqinroq borib uning yuzlariga qo‘lini tekkizsamikan yo avvalgiday o‘z joyida turaversinmi? Xotiniga va boshqa yon-atrofidagi ayollarga biron nima desamikan yo ukasining boshiga tushgan ko‘rgiliklarda o‘zini gunohkor his etib, hurkkan to‘dadek bir burchakka tiqilib g‘uj bo‘lib olgan bolalar bilan gurunglashsamikan? Bolalar haligacha kechkilikni yeyishmagan, tomoqlaridan ovqat ham o‘tmayotgandi, chunki onalarining ahvoli og‘ir edi.
Makario asta o‘girildi-da, dadil eshik tomonga yurdi va tun qorong‘isida tashqariga chiqdi.
Kun bo‘yi og‘ir mehnatdan tinkasi qurib, darmonsizlikdan qaltirab borayotgan Makario uydagi qiy-chuv, to‘polondan o‘zini qo‘yarga joy topolmay bitta-bitta qadam bosdi-da, o‘rmon tomonga yo‘l oldi. Axir o‘rmon Makarioning ko‘ngli tusagan va shu yerdan topishiga ishongan aynan o‘sha osoyishtalikni unga beminnat taqdim etuvchi o‘z yeriga, o‘z panohiga aylanib qolgandi. Suvdonni ko‘mib qo‘ygan yeriga yetib kelgach, birdan taqqa to‘xtadi va butalarni ikki tarafga surib orasini ochdi-da, suvdonni qo‘liga olgancha misli ko‘rilmagan ildamlik bilan yana orqaga shamolday yelib ketdi.

– Qani, menga idishdagi toza suvdan ber-chi, – eshikni lang ochib buyurdi u xotiniga baland, ta’sirli ovozda.
Hali umidlari so‘nmagan ayol o‘sha zahoti shosha-pisha sopol idishda eriga suv uzatdi.
– Endi, ayollar, hammangiz bu yerdan chiqing va meni o‘g‘lim bilan yolg‘iz qoldiring! O‘g‘limning hayotini saqlab qolish uchun yana qanday tadbir qo‘llash lozimligini o‘ylab ko‘rishim kerak.
– Bari befoyda, Makario. Uning sanoqli daqiqalari qolganini o‘zing ko‘rib turibsan-ku! Yaxshisi, tiz cho‘k-da, biz bilan Yaratgandan o‘g‘lingni joyi jannatda bo‘lishini so‘ra. U so‘nggi nafasini olyapti! – deya e’tiroz qildi ayollardan biri.
– Men nima dedim sizlarga yo eshitmadingizmi? Aytganimni qiling! Ketinglar bu yerdan! – o‘shqirdi u gap talashayotgan xotinlarni cho‘rt kesib.
Erining bunday hukmfarmo avzoyini sira ko‘rmagan xotini qo‘rqib ketganidan qo‘shnilarni quvib soldi.
Ayollar chiqib ketdi. Makario ko‘zini yerdan uzdiyu ro‘parasida o‘zining ustuxon ziyofatdosh ulfatini ko‘rdi. Jon berayotgan bolakayning to‘shagi ularni ajratib turardi. Mehmon ko‘z o‘rnini bosuvchi chuqur qora tuynuklarini uy egasiga qaratdi-da, go‘yo hali o‘z qarorini chamalayotgandek, paysalga solib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi va o‘tinchi yangi suv solingan idishga doridan durustgina quygunga qadar to‘shakning oyoq tomoniga kelib jilmayib turib oldi. Qo‘noqning ta’na aralash bosh chayqayotganini ko‘rgan Makarioning birdan yodiga tushdi: shartga ko‘ra bir tomchisi shifo uchun yetarli. Biroq u qilgan xatosini juda kech angladi – qimmatbaho suyuqlik shaffof suv bilan aralashib bo‘lgandi, endi uni to‘kib yuborishning iloji yo‘q edi.
Makario bolaning boshini salgina ko‘tardi-da, og‘zini ochdi va suyuqlikni to‘kmay, ehtiyotlab quya boshladi. Lablari suyuqlikka arang tekkan kichkintoy uni so‘nggi tomchisi qolguncha jon deb simirayotganini ko‘rgan Makario o‘zida yo‘q xursand edi. Bolakay endi qiynalmay erkin nafas ola boshladi, rangpar yuzlariga ham asta-sekin qon yugurib, o‘ng‘ayroq yotib olish uchun boshini qimirlatib ham qo‘ydi.
Otasi uning qoshida yana bir necha daqiqa turdi-da, o‘g‘ilchasining mo‘jizakor tezlikda sog‘ayayotganiga ishonch hosil qilgach, onasini chaqirdi.
Ona bolasiga atigi bir marotaba nazar tashladi va yoniga tiz cho‘kib yiqildi-da, ovozi boricha:
– Yaratganga va Bibi Maryamga hamdu sanolar bo‘lsin! Parvardigor, o‘zingga shukur, endi bolam yashaydi! – dedi qichqirib.
Tashqarida kutib turgan ayollar bu nidoni eshitishlari bilan to‘dalashib uyga yoprilishdi. Ota bilan o‘g‘ilni yuzma-yuz ko‘rishdiyu nima ro‘y berganini anglashib, go‘yo uni birinchi bor ko‘rib turgandek, xuddi u allaqanday ajnabiydek angraygancha Makariodan ko‘z uzolmay tikilib qolishdi.
Keyinroq butun qishloq Makarioning kulbasiga to‘plandi. Ayollar tinmay javrayotgan gaplarning bari haqiqat ekanini odamlar o‘z ko‘zi bilan ko‘rib ishonch hosil qilishni istardilar.
Bolakay mushtchalarini iyagiga bosgancha maza qilib qattiq uyquga ketgandi, uning yuzlariga qizillik yugurib, endi har qanday xavf-xatarning ortda qolganiga shubha yo‘q edi.
Ertasiga ertalab Makario har doimgidek tong saharda uyg‘ondi va apil-tapil nochor nonushtasini jig‘ildoniga urdi-da, bolta bilan arg‘amchisini olgancha, odatdagidek, ko‘p gapirmaygina o‘tin kesgani jo‘nadi.
Sehrli darmondori solingan bandli idishni u o‘zi bilan olib chiqdi va kechagina kechqurun olgan yeriga qaytadan ko‘mib qo‘ydi.
So‘nggi olti hafta ichida Makario har kuni ishladi va bir kuni uyga qaytayotganida qishloq yo‘lidagi eng katta do‘konning egasi, shu tevarak-atrofdagi eng davlatmand odam Ramironi ko‘rib qoldi. Imkon qadar odob-axloq bilan do‘kondor o‘zining muhim iltimosini bayon etdi. Ma’lum bo‘lishicha, xotini ko‘pdan beri betob bo‘lib, endi kun sayin uning ko‘z o‘ngida so‘lib borayotgan ekan. Makario uni ko‘rib qo‘ya olmasmikan? Ramiro undagi shifobaxsh kuch to‘g‘risida eshitganlarini aytib ishontirdi-da, bor mahoratini ishga solib, yosh ayolining hayotini saqlab qolishini iltimos qildi.
– Sen menga do‘koningdan birorta shisha idishchani olib kelib ber! Juda kichkina bo‘lsin, ammo. Kelguningga qadar shu yerda xotiningga qanday yordam berish to‘g‘risida bosh qotirib turaman.
Ramiro bir untsiya suyuqlik ketadigan kichkina shisha idishcha topib keltirdi.
– Bunday kichkina shisha idishni nima qilasan? – qiziqsinib so‘radi do‘kondor.
– Bu yog‘ini endi menga qo‘yib ber, Ramiro. Uyingga bor-da, o‘sha yerda meni kut. Men avval xotiningni ko‘rishim kerak, uni davolashni zimmamga olamanmi yo yo‘q, javobini faqat shundan so‘nggina aytaman. Bundan oldin o‘rmonga borib, ba’zi bir dorivor o‘t-o‘lanlarni qidirib topishim kerak… Xavotirlanma, men kelgunimcha xotining o‘lmaydi.
U shishachani yarmigacha bebaho malham bilan to‘ldirdi-da, suvdonni yana joyiga ko‘mdi va qishloqning iftixori sanalmish bir qavatli dang‘illama g‘ishtli uyda yashovchi Ramironing xonadoniga yo‘l oldi.
Makario kelib ko‘rgan ayolning umri ham, yaqindagina o‘lim yoqasiga kelib qolgan go‘dagi singari poyoniga yetay deb qolgandi.
Ramiro savol nazari bilan Makarioga boqdi. U javoban yelka qisdi. Bir oz o‘tgach dedi:
– Hozircha bu yerdan chiq va meni xotining bilan yolg‘iz qoldir!
Ramiro uning gapini ikki qilolmadi. Biroq u hali uylanganiga bir yildan oshmagan chiroyli va yosh xotinini hammadan o‘lgudek rashk qilardi. Ayol, hatto go‘r yoqasida turgan bo‘lsa-da, o‘sha-o‘sha husnini yo‘qotmagandi. U Makario nima qilmoqchi bo‘lganini bilish niyatida yashirincha qulf tirqishidan qarashga qaror qildi.
Makarioga idishda suv zarur bo‘lib qoldi va u eshikni zarb bilan ochgandi, titrab-qaqshab eshik tirqishiga yopishib olgan Ramiro qochishga ulgurolmay, yerga yiqilib tushdi.
– Bu ishing insofdan emas, Ramiro, – dedi Makario savdogarning rashk qilayotganini payqab. – Umuman olganda men xotiningni davolashdan bosh tortishim kerak edi. Sen unga nomunosibsan, nima uchunligini o‘zing yaxshi bilasan…
Hech narsadan-hech narsa yo‘q u haqda bunday fikrga kelganiga aqli yetmay, benihoyat xijolat tortgancha bexosdan qoqilib tushdi u. Ramironi bunday ohangda koyishga hatto okrug sudyasining ham haddi sig‘maydi-ku, qishloqning borib turgan bir kambag‘al daraxt kesuvchisining qanday jur’ati yetdi ekan? Takabbur, o‘ziga bino qo‘ygan Ramiro Makarioning davolashdan bosh tortishidan qo‘rqib, uning ro‘parasida tilanchidek bo‘ynini qisib turardi! Makarioning miyasiga bir fikr keldi: u endi ulkan saltanatga ega bo‘ldi, manman Ramiro esa uni mo‘jiza yaratishga qodir shifokor deb biladi.
Ramiro undan kechirim so‘rab, yalinib-yolvordi va tez kunda to‘ng‘ich farzand hadya qilish ostonasida turgan xotinini saqlab qolishni so‘rab, ko‘z yoshi ham to‘kdi.
– Ayolim yana avvalgiday gulday ochilib, tani-joni sog‘ holiga qaytishi uchun qancha so‘raysan?
– Men o‘zimning tabiblik san’atimni sotmayman va shuncha berasan deb aytishga ham odatlanmaganman. Bu yog‘i sening o‘zingga havola, Ramiro. Negaki, sen uchun xotining qanchalik qadr-qimmatga ega ekanini yolg‘iz o‘zing bilasan. Shunday bo‘lgach, narxini ham o‘zing bilib ayt.
– O‘nta tillo pul yetarli bo‘ladimi, aziz va shavkatli Makariom?
– Nima, seningcha xotiningning bahosi shumi? Atigi o‘nta tilla pul turadimi?
– Mening so‘zlarimni sen bunday tushunmasliging kerak, Makario! Xotinimni so‘zsiz bor boyligimdan ortiq ko‘raman. Agar Xudo umr bersa, men har kuni keragicha pul topishim mumkin. Undan ajrab qolsam, bunday ayolni yana qayerdan ham topardim? Butun dunyoni axtarsam ham bunaqasini topolmayman! Men mukofotni yana yuzta tilloga oshiraman, faqat yolvoraman, uni saqlab qolishga so‘z ber!
Makario Ramironi yaxshi bilardi, hatto haddan tashqari yaxshi bilardi desa ham bo‘ladi. Ikkovi ham bir qishloqda o‘sib-ulg‘aygan. Ramiro – savdogar va davlatmand do‘kondorning bolasi, Makario esa mardikorning o‘g‘li va bor-yo‘g‘i qashshoq bir o‘tinchi, ustiga-ustak qo‘l uchida kun ko‘ruvchi ko‘p kishilik oiladan chiqqan. Quv savdogar xotini sog‘ayishi bilanoq har xil bahonalarni o‘ylab topib, yuz tillo pulni to‘lashdan bosh tortishga urinib ko‘rishiyu basharti Makario puldan voz kechmaydigan bo‘lsa, umrining ko‘p yilini sarsonlikda o‘tkazishga to‘g‘ri keladigan poyoni yo‘q sud ishlari bilan oyoq-qo‘lini kishanlab qo‘yishdan ham toymaydigan Ramironi qanchalik yaxshi bilsa, uni boshqalardan ko‘ra shunchalik yaxshiroq tushunardi ham. Shu bois Makario unga:
– Menga avval-boshda va’da qilganing o‘sha o‘n tillo pul yetadi, – dedi.
– Minnatdorman sendan, Makario, chin yurakdan minnatdorman – narxni pasaytirganing uchun emas, xotinimni davolashga rozi bo‘lganing uchun. Menga nimaiki qilgan bo‘lsang, hech qachon unutmayman, ishonaver. Tug‘ilajak bolamizga ham ziyon-zahmat yetmaydi deb umid qilaman…
– Xavotirlanma, unga hech nima qilmaydi, – dedi bemorning oyoq tomonida turgan hamtovog‘ini ko‘rgan Makario yaxshi natijaga uzil-kesil ishonch hosil qilgach. – Menga zudlik bilan bir piyola suv olib kelib ber.
Suv keltirildi va Makario savdogarga maslahat berib dedi:
– Yana yashirincha qarashni xayolingga ham keltira ko‘rma! Yodingda tut, agar biron nimani chalkashtirib yuboradigan bo‘lsam, bunga sen aybdor bo‘lasan. Yaxshisi, meni tergama va qulfning tirqishidan ham kuzata ko‘rma! Endi meni xotining bilan yolg‘iz qoldir!
Bu safar Makario qimmatbaho suyuqlikning nafaqat bir tomchisidan ortig‘ini sarflamaslikka e’tibor berdi, u hatto bu tomchini qoq ikkiga bo‘lishga ham urinib ko‘rdi. Do‘kondor bilan bo‘lgan suhbatdan so‘ng u bu dorining qanday mo‘jizakor ekaniga amin bo‘ldi, negaki, bu dori hatto Ramirodek badavlat va takabbur odamni ham qashshoq bir o‘tinchiga bo‘yin egishga majbur qilgandi. Chindan ham kutilmaganda unga istiqbol eshiklari lang ochilgandi: endi u burungi og‘ir mehnatidan voz kechadi va umrini butunlay odamlarni davolashga bag‘ishlaydi. Uni kutayotgan bu kelajakdagi eng yoqimlisi va jozibadori shubhasiz, qovurilgan kurka go‘shtining keti uzilmas silsilasi uning ko‘z oldiga keldi…
Bemorning oyoq tomonida turgan uning qoqsuyak hamtovog‘i Makario tomchini qanday qilib ikkiga bo‘layotganini payqab qoldi va o‘ziga savol nazari bilan boqqanini ko‘rgach, ma’qullab bosh irg‘adi.
Uch kundan so‘ng xotini Ramiroga o‘zini sog‘lom his etayotganini va bo‘lajak farzandlariga endi hech qanday xavf yo‘qligini ma’lum qildi.
Quvonchi ichiga sig‘magan Ramiro savdolashib ham o‘tirmay Makarioga nainki o‘n tillo pul berdi, qo‘shimchasiga ming karra o‘z minnatdorchiligini ham izhor etdi-da, o‘tinchi, xotini va bolalari ko‘tarib ketishga qancha qurbilari yetsa, o‘shancha narsa olib ketishlariga izn berib, oilasini o‘z do‘koniga taklif ham etdi.
Makario o‘ziga durustgina uy qurdi, yer sotib oldi va yerlarga ishlov berishga ham kirishib ketdi – Ramiro unga o‘rtacha foizda yuz tilla pul berdi.
Ramiro bu ishni beg‘araz minnatdorchilikdan erib ketganidan qilgani yo‘q. Ishbilarmon savdogar emasmi, mo‘may foydani ko‘zlamay turib u birovga bir tiyin ham qarz bermasdi. Hozir Makarioni buyuk kelajak kutayotganini va bu ajoyib hakimning yoniga hademay odamlar yopirilib kelib, unga bosh egishlarini oldindan ko‘ra bilgani uchun ham o‘z sarmoyasidan oqilona foydalanishni ko‘zlab, pullarini Makarioga qarzga berishga qaror qildi va shu yo‘l bilan uni qishloqda olib qolishni mo‘ljalladi. Va aksincha, Makario shaharga jo‘naydigan bo‘lsa, u kattagina foydadan quruq qolishi mumkin edi. Uni yo‘qlab qishloqqa odamlar qancha ko‘p kelsa, Ramironing savdo-sotig‘i shuncha gullab-yashnaydi. Kelgusida qo‘lga kiritiladigan mana shunday farovon hayot orzusida savdogar hozircha sudxo‘rlik bilan shug‘ullanib turishni ma’qul ko‘rdi.
U Makarioni ta’minlab turdi va foyda ko‘rdi, ko‘rganda ham kutilganidan ortig‘ini ko‘rdi.
Makarioning bunday favqulodda iste’dodiga odamlar e’tiborini qaratish uchun savdogar hamma yerda uni og‘iz ko‘pirtirib maqtar edi. Shahardagi ishbilarmon oshna-og‘aynilariga maktub yo‘llash bilan esa shifokor-olimlar davosi yo‘q deya ma’lum qilgan bemorlar to‘da-to‘da bo‘lib qishloqqa shitob bilan oqib kela boshlashdi.
Ko‘p o‘tmay Makario o‘ziga hashamatli uy qurib olish imkoniga ega bo‘ldi. U yon-atrofdagi barcha yerlarni sotib oldi va uni gulu gulzorga, xiyobonga aylantirib yubordi. Farzandlarini hatto Parij va Salamankadagi maktabu universitetlarga o‘qishga yubordi. Qachonlardir chaqirilmagan hamtovog‘i bergan va’dalar chindan ham ro‘yobga chiqqandi: Qotma jig‘ildoniga urgan yarimta kurka go‘shtining o‘rni esa allaqachon million karraga qoplangandi.

Shuncha boyliklarga va “eng mo‘jizakor davolovchi” degan nomga ega bo‘lishiga qaramay, Makario halol va pulga sotilmaydigan insonligicha qoldi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, qo‘lida davolanishni istagan har qanday odamdan u, sog‘lig‘ingizni qanchaga baholaysiz, deb so‘rardi. Va u ilk marotaba qanday yo‘l tutgan bo‘lsa, keyin ham shu odatiga sodiq qolardi: bemorga yoki uning qarindoshlariga qanday xohlasangiz shunday baholayvering deb izn berardi. Qurbi kumush pulu cho‘chqa bolasi yoki xo‘rozdan boshqasiga yetmaydigan bir bechora mo‘ysafid bo‘ladimi, yo mungluq bir ayolmi, o‘zlarini ba’zan yigirma mingga narxlaydigan badavlatlarni davolagandek insof bilan astoydil davolardi. U ba’zilari kasalmand jismlariga davo istab yagona tilak bilan okean osha Ispaniya, Italiya, Portugaliya, Frantsiya va boshqa mamlakatlardan tashrif buyuradigan asilzoda janoblaru xonimlarni ham davolardi.
Mukofotni belgilashda u qanchalik halol bo‘lsa, o‘z san’atini tatbiq etishda ham shunchalik vijdon bilan ish ko‘rardi. Bordi-yu bemor bilan yolg‘iz qolgudek bo‘lsa, bemorning bosh tomonida Qotma turganini ko‘rsa, u azob chekayotgan bemorni qutqarib qololmasligiga ro‘yirost iqror bo‘lardi. Bunday paytlarda u har qanday xizmat haqidan ham voz kechardi. U kim bo‘lishidan qat’i nazar, Makarioning uzil-kesil qarori bilan, albatta, hisoblashardi. Davo istab kelganlar u bilan bahslashishga urinmasdilar. Makario huzuriga kelgan bemorlarning deyarli yarmini qutqarib qololgandi, qolganlari esa sherigiga tegardi. U ko‘pincha haftalab bironta ham kasalni tuzata olmasdi, negaki uning sobiq hamtovog‘i o‘zgacha yo‘l tutardi.
Agar u amaliyotining boshlanishida tomchini teng ikkiga bo‘lishga erisha olgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay u tomchini to‘rt bo‘lakka bo‘lishning uddasida chiqa olgandi. U qanchalik mahorat va ziyraklik bilan tomchini parchalamasin, baribir har bir miqdorni me’yoriga yetkazib qisqartirishning iloji bo‘lmadi, dori dahshatli tarzda kamayib borardi.
Malhamni oshqovoqdan yasalgan suvdonda saqlab bo‘lmasligini Makario yangi ish faoliyatining ilk kunlaridayoq anglab yetgandi: bu suvdonlar ichidagisining nafaqat ancha-munchasini shimib oladi, balki, eng yomoni – uning devorlari orasidan suyuqlik bug‘lanib chiqib ham ketardi. Shu sabab hindular iste’mol qiladigan bunday suvdonlarda saqlanadigan suv hatto issiq kunlarda ham muzdayligicha turaverardi.
Makario dorini qora rangli maxsus shishachalarga quydi va og‘zini mahkamlab, muhrlab qo‘ydi. Mana, u so‘nggi shishachani ham ochdi va qay ko‘z bilan ko‘rsinki, unda atigi ikki tomchigina dori qolgandi. U o‘z amali­yotini tugatishga va boshqa hech kimni davolamaslikka ahd qildi.
Bu vaqtga kelib Makario keksaydi va o‘ziga-o‘zi endi qolgan umrini betashvish o‘tkazishga haqqi borligini aytdi. Qolgan ikki tomchi dorini u faqat oila a’zolariga, ayniqsa, oxirgi besh yil ichida ikki marta davolanishga ulgurgan sevikli xotiniga asrab qo‘ydi. Chunki ayolini yo‘qotish uning uchun eng og‘ir musibat edi.

Nima ham bo‘ldi-yu, ayni shu kezlarda butun Yangi Ispaniyaning oliy martabali shaxsi bo‘lmish qirol muovini don Xuan Markves de Kazafuertening sakkiz yasharlik o‘g‘li betob bo‘lib qoldi. Bolani davolash uchun eng malakali shifokorlar jalb etildi, biroq ularning birontasi bolaning joniga oro kirolmadi. Shifokorlar bola hali tibbiyotda uchramagan dard bilan og‘riganini tan olishdi.
Qirol muovini Makario haqida eshitib qoldi, biroq undagi faxriy nom, ma’lumot va oliy martaba Makarioni firibgar deb hisoblashga majbur qilardi, ustiga-ustak universitet ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan allaqanday doktorlik diplomiga ega bo‘lgan bir inson uni xuddi shunday deb atagandi.
Farzandining hayoti qil ustida turgan onaning ko‘ziga hech bir unvonu martaba ko‘rinmas, u faqat qirol muovinidan yon berib Makarioga odam jo‘natishini tinmay goh talab qilardi, goh yolborardi.
Sayru sayohat ishqibozi bo‘lmagan Makario qishlog‘ini kamdan-kam hollarda tark etardi, tark etganda ham bu muddat juda qisqa bo‘lardi. Biroq qirol muovinining amrini ham o‘lim jazosi xavfi ostida bajarishga to‘g‘ri kelardi. Shu bois u yo‘lga otlandi.
Qirol muovini huzurida hozir bo‘lgan Makario undan nima istashayotganini bildi.
Makario ko‘rsatayotgan mo‘jizalarga ishonmagan qirol muovini, oddiy odamga murojaat etganday dedi:
– Shuni bilib qo‘yki, qimmatli do‘stim, bu yerga seni men o‘z xohishim bilan chaqirtirganim yo‘q. Seni bu yerga farzandimizning hayotini saqlab qolish uchun rafiqamning qistovi bilan olib kelishdi, negaki, uni davolashga bilimdon shifokorlarimizning, chamasi, qurbi yetmadi. Demak, gap bunday! Agar sen chindan ham merosxo‘rimizning hayotini saqlab qololsang – davlatimning to‘rtdan bir qismi seniki. Qo‘shimchasiga yana bu yerdagimi yo saroydagimi, yo menga tegishli mol-mulk ichidan senga yoqib qolgan biron narsami, istaganingni talab qilib olib ketishing mumkin. U qanchalik qimmatbaho bo‘lmasin, bemalol o‘zingniki deb hisoblashga haqlisan. Yana senga shifokor-olim uchun taqdim etiladigan barcha huquq va imtiyozlarga ega, tibbiyot bilan shug‘ullanish uchun Yangi Ispaniyaning istagan yerida foydalanishing mumkin bo‘lgan barcha talablarga muvofiq ravishda tayyorlangan diplom ham beriladi. Yana himoya ostida bo‘lishing uchun mening muhrim bosilgan yorliqqa ham ega bo‘lasan. Bu esa politsiya va askarlar uyushtiradigan mol-mulk musodarasiyu qamoqqa tushishdan, shuningdek, har xil sud harakatlaridan seni mudofaa qiladi. Qani, ayt-chi, qimmatli do‘stim, qilgan xizmatlaring evaziga buni shohona mukofot desa bo‘ladimi?
Makario churq etmay bosh irg‘ab qo‘ydi.
Qirol muovini so‘zida davom etdi:
– Umr yo‘ldoshim, hurmatli zoti oliyalari ikkimizning ham istagimiz shuki, agar o‘g‘limizning hayotini saqlab qololsanggina bularning barini bajarishga va’da berishim mumkin, men esa aytgan so‘zida turadigan odamman. Biroq, men, qirol muovini, yana senga quyidagilarni bildirib qo‘ymoqchiman, quloq sol: agar basharti o‘g‘limni tuzata olmasang, seni afsungarlikda va iblis bilan hamkorlikda ayblayman-da, odil harbiy sudga topshiraman, ular seni qoziqqa o‘tqazishadi va xaloyiqning ko‘z o‘ngida tiriklayin yoqib yuborishadi.
Qirol muovini do‘q-po‘pisalari Makarioga qanday ta’sir qilishini tekshirib ko‘rish uchun so‘zlashdan to‘xtadi.
Makarioning rangi o‘chdi, biroq yana hech nima demadi.
– Aytgan gaplarimning bari senga tushunarlimi? – so‘radi qirol muovini.
– Ha, a’lo hazrat, – javob qildi Makario titrab-qaqshab, beo‘xshov ta’zim qilgancha.
– Endi bemor o‘g‘limning yoniga boramiz. Orqamdan yur!
Ular shahzodaning bo‘lmasiga kirishdi. Bolaga ikkita enaga parvona edi. Biroq ularning qo‘lidan bolaning ahvolini yengillashtirish emas, shahzodaning asta-sekin so‘nib borayotganini kuzatishgina kelardi, xolos. Bolaning onasi bu yerda yo‘q edi. U o‘z xonasida qolgandi.
Bola isitmada o‘zini goh u yoqqa, goh bu yoqqa tashlardi. Uning karavotchasi asil yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, jimjimador bezaklardan xoli edi.
Makario, go‘yo o‘sha burungi ziyofatdagi mehmoni bo‘lmish anavindan darak beruvchi biron-bir belgini izlagandek, atrofga bezovta alangladi. Shuningdek, u shishachadagi so‘nggi ikki tomchi dorining bus-butun, joyida ekaniga amin bo‘lish umidida yashirincha cho‘ntagiga qo‘l tekkizib qo‘ydi. So‘ng:
– A’lo hazratlari, marhamat ko‘rsatib, meni bemor bilan yolg‘iz qoldirsangiz, shuningdek, boshqalar ham bu yerdan chiqib ketishsin, – dedi.
Qirol muovini ikkilanib qoldi. Aftidan, ota agar bu nodon hindu podshohzoda bilan yolg‘iz qolgudek bo‘lsa, bolaga biron-bir ziyon-zahmat yetkazishidan xavotirlanardi.
Qirol muovinining yuz-ko‘zidagi bezovtalik ifodasini payqagan Makarioning yodiga beixtiyor begona odamni davolashni zimmasiga olgan ilk damlari tushdi. O‘shanda bu bemor Ramironing xotini, uning hamqishlog‘i edi. Makario bemor bilan yolg‘iz qolish kerakligini aytganida, Ramiro ham xuddi shunday shubhaga borgandi. U o‘zining uzoq yillik ish tajribasida bemor qarindoshlarining shunga o‘xshash shubhali yuz-ko‘z ifodalariga faqat mana shu ikki holdagina duch kelgandi, xolos. Endi kelib-kelib, atigi ikki tomchi dori qolganda, jiddiy yordamga muhtoj kimsaning mendan shubhalanishiyu aynan shu yordamni berishga qodir bo‘lgan birdan-bir odamga ishonmaslik, nima bu, qismatdan darakmi, deb so‘radi u o‘zidan.
Va nihoyat, u bolakay bilan yolg‘iz qoldi. Shu zahoti o‘zining qoq suyak sherigiga ko‘zi tushdi: u xobgohning bosh tomonida turardi.
Har ikkisi, Makario ham, Qotma ham qovurilgan kurka go‘shti bilan o‘zlarini mehmon qilgan o‘sha kundan beri hali bir og‘iz ham gaplashmagandilar. Ular kasalning xonasida ko‘rishishganda bir-birlariga ko‘z tashlab, sukut saqlash bilan cheklanib qo‘ya qolishardi. Makario Qotma o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘lgan odamlardan birontasini tirik qoldirishni undan hali sira iltimos qilmagandi. Hatto u sobiq qo‘noqqa ikki nabirani ham zorlanmay-netmay qo‘shqo‘llab topshirgandi.
Biroq hozir vaziyat boshqacha edi. Uni shayton bilan hamkorlikda ayblab, xalqning ko‘z o‘ngida yoqib yuborishlari mumkin. Agar, hozir otalari sud-politsiya tashkilotining hukmiga binoan nasroniy e’tiqodidagilar uchun haqorat sanalmish o‘lim jazosiga mahkum etiladigan bo‘lsa, yuqori lavozimlarni egallab turgan farzandlari bu sharmandalik va isnoddan xarob bo‘lishlari hech gap emasdi. Farzandlariga meros qilib qoldirishni niyat qilgan uning bor mol-mulki, yer-suvi musodara etilib, cherkov ixtiyoriga topshiriladi. Bor boylikdan mosuvo bo‘lish uni ko‘pam tashvishga solmasdi, bularning bari uning uchun hech qachon muhim ham bo‘lmagan. Biroq farzandlarining tinchligi, sog‘-omonligi ota uchun muhim edi. Bu alg‘ov-dalg‘ov zamonda u ko‘proq qimmatli xotini haqida qayg‘urardi. O‘z uyidan olis, musofir bu azim o‘lkalarda erining boshiga tushgan ko‘rgiliklardan xotini xabar topgudek bo‘lsa, ezilib adoyi tamom bo‘lishi turgan gap edi. Eriga so‘nggi damlarida biron-bir yordam ko‘rsatish xotinining qo‘lidan kelmasa-da, loaqal so‘zi bilan dalda bo‘lishga ham unda imkoniyat yo‘q edi. Shunday bo‘ldiki, u o‘z jonini emas, balki xotinini o‘ylab sobiq hamtovog‘i bilan bahsga kirishishga ahd qildi.
– Bolaga tegma, – o‘tinib so‘radi u, – eski do‘stligimiz haqi hurmati undan voz kech! O‘sha sen huzur qilib yegan yarimta kurka uchun men sendan hech nima so‘ramaganman, barini menga o‘z xohishing bilan in’om etding. Bolani menga qoldir va men doringning so‘nggi tomchisini ham to‘kib yuboraman va unda hech bir tomchi qolmasligi uchun shishachani ham sindirib tashlayman. Menga rahming kelsin, bolani menga ber! Men o‘zim uchun emas, balki, chin yurakdan sevgan, men uchun qimmatli, vafodor, fidoyi ayolim uchun yalinib-yolvoryapman. Nasroniy uchun uning urug‘-aymoqlaridan birontasi qoziqqa o‘tqazilib, xalqning ko‘z o‘ngida tiriklayin yoqib yuborilishi qanday ma’no anglatishini sen yaxshi bilasan, yo jilla bo‘lmasa ko‘z oldingga keltira olasan. Sendan o‘tinib so‘rayman, bolani menga ber! Tirik qolgan go‘dak uchun menga in’om etiladigan barcha boyliklarga qo‘limni ham tekkizmayman. Sen meni o‘rmondan topganingda, men yalangoyoq bir o‘tinchi edim. Avval qanday qashshoq yashagan bo‘lsam, yana o‘sha avvalgi hayotimga qaytishga va seni ilk bor uchratganimda qanday o‘tin sotib kun ko‘rgan bo‘lsam, yana o‘shanday o‘z ishimni davom ettirishga tayyorman. Dunyodagi bor mo‘jizalar haqi senga yalinib-yolvoraman – shu bolani menga qoldir!
Qotma qop-qora, ichiga chuqur botgan ko‘zlari bilan Makarioga uzoq tikildi. Go‘yo odamlarning yurak nidosiga quloq tutgandek. So‘ng to‘g‘ri qarorga kelish uchun bu holni har jihatdan chuqur mulohaza qilayotgandek atrofga alangladi. Bolani olib ketish, aftidan, unga buyurilgandi. Unda o‘z fikr-o‘ylarini yuzida yoki ko‘zlarida ifoda etish odati yo‘q edi, biroq uning ma’noli harakatlari baloga giriftor bo‘lgan do‘stiga hamdard ekanini, tuyg‘u va burchni esa murosaga keltirishning sira imkoni yo‘qligini aniq-ravshan aytib turardi.
Tug‘ilganda peshonasiga muqarrar bevaqt o‘lim bitilgan bu bolani tirik qoldirishning iloji bormikan deya boshi qotgan Qazo, go‘yo Makarioning yolvorishlarini yana va yana chamalab ko‘rayotgandek, boladan uzoq vaqt ko‘zini uzmadi.
So‘ng Makarioga endi rahmi kelib va achinib, yana bir bor nazar tashladi. Va nihoyat go‘yo chuqur qayg‘uga botgan odamdek asta bosh chayqadi.
U etsiz jag‘larini ochdi va yo‘g‘on to‘qmoqning taxtaga urilgandagi ohangida dedi:
– Senga juda rahmim kelyapti, biroq bu safar seni falokatdan qutqarishga ojizman. Ishon, burchim taqozosi bilan bugungidek qattiq ranjitishga men ahyon-ahyondagina jazm etganman. Men o‘zga yo‘l tutolmayman, bolani o‘zim bilan olib ketishim shart.
– Yo‘q, sen bunday qilolmaysan, bildingmi, bu mumkin emas! Eshityapsanmi, sen bu bolani olib ketishing mumkin emas! – iztirob ichida qichqirdi Makario.– Uni olib ketmaysan, olib ketmaysan! Men bunga yo‘l qo‘ymayman!
Qazoyi muallaq yana boshini chayqadi, biroq shundan so‘ng hech nima demadi.
Shunda Makario dadil harakatlar bilan go‘dakning karavotchasini ushlab oldi-da, hamsuhbat bolaning oyoq tomonida bo‘lib qolishi uchun uni bir siltab aylantirib qo‘ydi.
Biroq Qotma, havoga parvoz qildi-da, yashin tezligida yana bolakayning bosh tomonida paydo bo‘ldi.
Qotmani oyoq tomonga qo‘yish uchun Makario karavotni yana aylantirdi va u yana ko‘z ochib-yumguncha bosh tomonda paydo bo‘lib qolaverdi.
Bemorning o‘rnini charxdek aylantirishga shiddat bilan kirishib ketgan Makario, har safar arvohni ko‘chira turib nafas rostlagani to‘xtarkan, sobiq hamtovog‘ini yana shahzodaning bosh tomonida turganini ko‘raverdi. Shunday bo‘lsa-da, ajalga firib berib, undan o‘ljani tortib olish ilinjida ahmoqona o‘yinni davom ettirishdan qolmadi.

Mangulikdan zo‘rlik bilan tortib olmoqchi bo‘lgan ikki soniyalik oxiri ko‘rinmas bu karavot o‘yini qariyani butunlay holdan toydirdi. Holdan toygani shunchalikki, karavotni boshqa aylantirishga chog‘i kelmadi. U kishi bilmas ixchamgina kissasiga beixtiyor qo‘lini olib bordi va chil-chil bo‘lgan shishachadagi qimmatbaho so‘nggi ikki tomchi doridan ham ajraganini bildi.
Bu yo‘qotishning ma’nosini u tezda ilg‘ab oldi. Hayotga bo‘lgan so‘nggi intilish uchqunlari so‘nib, bo‘shliq tobora yaqinlashib kelayotganini u iztirob ichida his etib turardi.
Makario xayolida, go‘yo benihoya uzoq, rosa yuz yilga cho‘zilgan dahshatli uyqudan uyg‘ongandek, esankirab qirol bo‘lmasiga nazar tashladi. Shunda u bu yorug‘ dunyodagi nasibasi tugaganini, qismatga qarshi chiqish endi befoyda ekanini anglab yetdi.
U bejo ko‘zlari bilan atrofga alangladi va nigohi birdan bolaning yuziga tushdi. Bolakay allaqachon yorug‘ dunyoni tark etib bo‘lgandi.
Makario ildizi bilan qo‘porilgan daraxtdek, yerga horg‘in quladi.
Erda behol cho‘zilib yotarkan, qachonlardir birga yeb-ichishgan ulfatining ovozini eshitdi. Endi bu ovoz qulog‘iga yoqimli chalinardi:
– Kurkangning yarmisini menga ilinib, ko‘rsatgan muruvvating uchun sendan minnatdorman. Mashaqqatli vazifamni bajarish uchun yana yuz yilga yetadigan quvvatimni tiklab olishga muyassar bo‘ldim. Agar bu so‘z senga tushunarli bo‘lsa, aytmoqchi edimki, kurkang chindan ham g‘ayrioddiy edi. Biroq, hozirgi vaziyatda, maydonda, butun xalqning ko‘z o‘ngida bo‘lib o‘tadigan qatldan qutulib qololmaysan. Seni bundan xalos etishning faqat bitta tadbiri menga ayon. Men seni har qanday tahqiru badnomlikdan himoya qilaman. Buni sen bilan eski oshnachiligimiz haqqi va yana o‘zingni doim mardona tutganing, meni aldashga, menga firib berishga urinmaganing uchun bajaraman bu yumushni! Sen qirol mukofotiga sazovorsan va mukofot ham o‘zini ulug‘lashga muyassar bo‘lgay. Chin inson bu dunyoda qanday yashashi kerak bo‘lsa, sen xuddi o‘shanday yashading! Baxt senga yor bo‘lgay, otaxon!

Makario ko‘zini ochib, boshini orqaga tashladi-da, bir vaqtlar u bilan kayf-safo qilgan hamtovog‘i uning bosh tomonida turganini ko‘rdi.

Makarioning xotini eridan xavotir olardi: eri oqshom uyga qaytmagandi. Ertasiga xotini uni izlab topish uchun butun qishloq ahlini yordamga chaqirdi. Ayol eri o‘rmonda bir falokatga yo‘liqqanidan va o‘zgalarning ko‘magisiz uyga yetib kelolmasligidan qo‘rqardi.
Hamqishloqlar Makarioni xo‘p qidirishdi va axiyri, hozirgacha yurak yutib bironta odam bolasining oyog‘i yetmagan, qishloqdan ancha olis bo‘lgan ovloq bir yer – o‘rmondagi chakalakzordan topishdi.
Makario yerda, serkovak tanasi baquvvat daraxtga qulay suyanib o‘tirardi. U jonsiz edi. Yuzida nim tabassum qotib qolgandi.
Erda, uning yonida dasturxon qilib to‘shalgan banan barglari, ustida esa hafsala bilan g‘ajib tozalangan yarimta kurkaning qolgan-qutgan suyaklari yotardi.
Ro‘parada, taxminan uch fut oraliqda, yana xuddi shunday banan barglari yozilgandi va unda kurka go‘shtining ikkinchi yarmidan qolgan suyaklar tartib bilan taxlab qo‘yilgandi, bu esa faqat zo‘r ishtahayu chuqur mamnuniyat bilan yeb-ichgan kishininggina qo‘lidan kelishi mumkin.
Qayg‘uga botgan xotinining ko‘zlaridan achchiq alamli ko‘z yoshlar to‘kildi. Qoq ikkiga bo‘linib, kemirib tashlangan kurka go‘shtini ko‘rgan ayol shivirlab dedi:
– Turmush o‘rtog‘im bilan bazmu jamshid qilgan odamning kim ekanini juda-juda bilishni istardim, ha, juda ham… Uning yaxshi, oliyjanob va dilkash mehmon bo‘lgani shubhasiz, yo‘qsa, erim dunyodan bu qadar baxtiyor va bu qadar mamnun ko‘z yummagan bo‘lurdi.

Rus tilidan Dildorxon Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 9-son