Anatoliy Azolskiy. Nomzod (qissa)

1

U to‘qqizinchi qavatning peshayvonidan oyoqlari ostida poyandozdek to‘shalib yotgan Moskvaga tantanavor qarab turardi, mana o‘sha mag‘lub, toptalgan va parokanda bo‘lgan azim shahar: sal chaproqda ulkan MDU, Lenin tepaliklaridan Lujnikiga boradigan metro ko‘prigi, sersuv va tanbal daryo, may oyining mana shu issiq shanba kunida Janubi-G‘arb shohko‘chalari ustida siyohrang tutun osilib turibdi. Lekin Setun daryosi bo‘ylab cho‘zilib ketgan yashil maydonlarda toza havo, sog‘lom nafas gupurib yotibdi. Yaqindagina bu yerlarni bulg‘agan kimsalar endi yo‘q, ular mana shu uch xonali maskanni unga tashlab, qochib ketishgan. Ushbu peshayvondan uni, shonli Pavlodar farzandini tizginlab olmoqchi, qul qilmoqchi bo‘lgan manfur moskvalik oilaning hali tirik jasadlari bilan qoplanib yotgan jang maydoni yaqqol ko‘rinib turibdi. Mana endi, u boshqa peshayvonga o‘tdi. Bu yerdan esa Tavof tog‘i yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Uni ko‘rib, beixtiyor, bundan ko‘p yillar burun o‘sha tog‘dan turib, tiz cho‘kkan, aholisi tashlab ketgan Moskvaga nazar solgan buyuk insonni esladi. O‘shandagi moskvaliklarga o‘xshab uning xotini va qaynonasi ham ushbu xonadonni shoshilib tashlab ketishdi. Hozir esa moskvaliklar sakkiz milliondan kam emas. Ular orasida Glazichev tomonidan porakanda qilingan oila ham bor. Holbuki, ular va ularning qarindoshlari Vadim Glazichevning dissertatsiya himoyasidan keyingi ziyofatda, undan oldinroq esa nikoh to‘yida miriqib o‘tirishgandi. Qaynotasi bog‘ hovlisiga borib, yashirinib oldi, sauna qurilishini nihoyasiga yetkazmoqda; qaynonasi bo‘lsa “Noviye Cheremushki” metro bekati yonidagi harbiy-ilmiy kooperativga joylashib oldi. Fazab bilan labini tishlab, bu esini yegan, o‘taketgan tentak ayol, gapirishning o‘zi kulgili, fan doktori (kuyovi Vadim Glazichevga musht o‘qtalib, do‘q qilishdan ham hayiqmay) tuppa-tuzuk nazariyalar sohibasi bo‘lishiga qaramay, oddiy haqiqatni tushunishni istamadi ­ har qanday qishloqiga ham yaxshi ma’lum: kuyovga, ya’ni o‘z qizining eriga va qizining o‘ziga kunning istagan vaqtida muhabbat lazzatidan bahramand bo‘lishlariga xalaqit berish mumkin emas, axir; agar bunday mashg‘ulot, albatta, begona ko‘zlardan panada sodir etilsa va jamoat tartibini buzmasa. Mumkinmas! Aks holda, garchi hayot bunaqa yakunga yo‘l qo‘ymasa ham, oila buzilishi turgan gap. Irina bu yerga qaytib keladi, albatta qaytadi!.. Irina uni sevadi va umuman, unga kursdoshi tomonidan ko‘rsatilgan qiz ­ oyoqlari uzun, baland bo‘yli, tik qomatli Irina uning qismati bo‘lib qolishini kim ham o‘ylabdi, deysiz…
Vadim Glazichev bir necha jangari qiyqiriqlardan so‘ng, o‘zini bosib oldi. U peshayvondan bu peshayvonga o‘taverib toliqdi, o‘rniga cho‘zildi-da, “Danxill” sigaret qutisini ochdi, miriqib-miriqib tortdi. U chekar, o‘ylar, eslardi.

2

Ha, aynan shunday ­ baland bo‘yli, sarvqomat, o‘ta zamonaviy modada va olifta kiyinar va hammaning hasadini qo‘zg‘ardi Irina. U Vadim Glazichev yonidan o‘tdi-da, darsga shoshilayotgan talabalar orasida g‘oyib bo‘ldi. “Eshkaksiz” ­ shunday, yo‘l-yo‘lakay, ehtiyotsizlik, deb qoldi uning orqasidan kursdoshi. Albatta, bu yerda u Gorkiy parkidagi “eshkakli qiz” haykalchasini nazarda tutgani yo‘q. Bunday haykalchalar SSSRning barcha shaharlaridagi park va sport maydonlarida to‘lib-toshib yotibdi. Rostini aytganda, haligi talaba ehtiyotsizlik bilan aytgan “eshkaksiz” iborasi jumboqligicha qolib ketaverdi. Har nima bo‘lganda ham ulug‘vor qad-qomatga talabalar nigohi befarq emasdi. U bo‘lsa o‘sha paytlar faqat darsni o‘ylar, kitoblardan ko‘chirma olish, sinov va imtihonlar haqida bosh qotirardi, hazil emas, axir, to‘rtinchi kursda o‘qiyapti, bir daqiqa ham bo‘sh vaqti yo‘q, yotoqxonada to‘s-to‘polon, kitobni adyol tagiga burkanib o‘qisang ham miyangga hech narsa kirmaydi. Faqat Moskvada o‘ninchi sinfni bitirganlarninggina hamma fanga tishlari o‘tadi. U bo‘lsa Energetika fakultetiga o‘qituvchilar yetishmaydigan qishloq maktabini bitirib kelib kirgandi. Barcha fanlarni uchma-uch o‘zlashtirardi. Arzimagan stipendiyasi zo‘rg‘a yetar, ota-onasi yordam berolmasdi, yuk bekatlariga borib, vagon bo‘shatishga to‘g‘ri kelardi. Qizlar bilan yurishga vaqt qayoqda deysiz, ba’zan ko‘chirma daftar almashtirishga to‘g‘ri kelardi, to‘g‘ri, mastligida bittasi bilan nimadir bo‘lgandi, lekin eslagisi kelmasdi, chunki ikkalasi ham bundan xijolat chekib yurardi. Shu bois Irina Lapinaga, haligi “eshkaksiz”chi, o‘shanga ham uchrashib qolganda, qarashga botinolmasdi. Buning ustiga, uning boy oiladan ekanini bilardi, uning ota-onasi akademik va fan doktori edilar. Biroq Irina negadir Vadimni quvontirardi ­ tashqi ko‘rinishi nuqsonsiz emasdi: qiz hamma tomonlama yetuk edi, lekin chehrasi ko‘rimsiz, burni labidan ancha balandmi-ey yoki ko‘zlari bir-biriga haddan tashqari yaqinmiyey… Shunga qaramay, uning atrofidan jazmanlari arimasdi. Ularning hech qaysi birini harbiy-ilmiy kooperativ yo‘lagidan nariga o‘tkazishmasdi. Vadimni bo‘lsa ehtirom bilan ichkari boshlab kirishardi, u bu oilaga ancha xizmat qilib qo‘ygandi; Irinaning oyog‘i metroda qayrilib qoldi, qiz unga qo‘lqopini silkitib yuzini burishtirgan edi, yigit yugurib keldi, uni ko‘tarib kursiga o‘tqazdi, etigining zanjirini tushirib to‘pig‘ini tortib qo‘ydi, oqsayotgan Irinani uyining yo‘lagigacha kuzatib borganda esa, ichkariga mehmonga taklif qilindi. Bu voqea keyinroq, yo‘lakdagi beshinchi va oltinchi bo‘sadan keyin fosh etildi. Irina qizarganicha shuni tan oldiki, buning hammasi qizning o‘zi, uning onasi va otasi tomonidan ataylab uyushtirilgan ekan. Ular minglab talabalar orasidan kim qizni baxtli qila oladi va sodiq er bo‘ladi deb, Vadimni ko‘z ostilariga olib yurishgan ekan.
Hashamatli uy yo‘lagidagi shirin bo‘sa olishlar to‘satdan uzilib qoldi. Nimadanligini tushunib bo‘lmasdi: kechqurun ehtiroslar ichra yonib o‘pishishdi, quchoqlashishdi, ertalab esa Irina uni kutib turgan Vadimning yonidan lipillab o‘tib ketdi, hatto qiyo ham boqmadi. Hangu mang bo‘lib qolgan Glazichev auditoriyada zo‘rg‘a o‘tirdi, so‘ng kooperativga telefon qildi, akademik tomonidan qattiq tayinlangan uy xizmatchisi qo‘pol javob qildi: “Uyda yo‘q! Boshqa telefon qilmang!” Bu halokat diplom yoqlash oldidan, so‘nggi imtihonlar ayni qizigan damlarda yuz berdi. Bu esa yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Agar hamma narsadan xabardor hamyurti kelmagandami… Glazichevni bir necha bor qiyin holatlardan o‘sha qutqarib qolgandi. “Bu sinov, ­ dedi u qat’iy qilib. ­ Sen undan o‘tishing kerak.. Ishonaver, tez orada Irina o‘zingga qaytib keladi…” (O‘zi esa yelib-yugurib hamma gapni aniqladi. Hamma gap Vadimga raqib paydo bo‘lganida ekan. Tag‘in qanday deng, diplomatning o‘g‘ilchasi, chet elga ketmoqchi bo‘lib turgan yigit, o‘qimishli, ba’zi gunohlari ham bor edi, albatta. Buni Lapinlar bilmasdi hali. Uning gunohi shunda edi¬¬ki, shoshilinch ravishda kuyovlikka tanlangan bu yigitcha otasining martabasiga xos hayot kechirardi, kasalmand, ko‘rinishidan juldurvoqiga o‘xshar¬di, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqardi, ayollar haqida tuturuqsiz gaplarni aytish¬¬dan toymasdi, hatto ijtimoiy tuzumni ham shubha ostiga olish niyatida edi). Uy xizmatchisi Vadimga hamon qo‘pol javob qaytarar, yigitning Irinaga ozgina bo‘lsa-da, haqqi borligini tan olishdan bosh tortardi. Lapinlarning surbetligi Glazichevni aspiranturaga o‘tkazishga aslo ta’sir qilmadi ­ aftidan, dekanat Irinaning hamma joyga qo‘li yetadigan qudratli otasining bir oy burungi ko‘rsatmalari ta’sirida edi (“chida, sabr qil, ­ derdi Vadimga yurtdoshi, ­ hammasi iziga tushib ketadi…”). To‘y haqida-ku endi o‘ylamasa ham bo‘ladi. Tez orada vaqtinchalik Moskva propiskasi ham xavf ostida qoldi. Militsiya aspirantlar yotoqxonasiga kelib, undan negadir dissertatsiyasi haqida hisobot talab qildi, bu esa hali osmondagi oydek olis gap edi. Famdan boshi xam bo‘lgan Glazichev hamma narsada kimdir pand berayot¬ganini o‘ylab, ko‘chada ketayotib, yuragini vahima bosdi, o‘zicha so‘kinib qo‘ydi. Va birdan hamma narsa o‘zgarib ketdi. Telefon jiringlab qoldi. Irina hasrat bilan o‘z tashvishidan nolidi. Dekanatdagi pastkashlar unga diplomini berish¬mayot¬gan ekan (u Vadimdan bir kurs quyida o‘qirdi), chunki u bitta darslik qarz¬dor emish, o‘sha kitobni Irina qachonlardir Vadimga bergan ekan. Uchrashuv yuz berdi (darslik topildi, kitobni, ehtimol, unikiga tashlab ketishgan, buni Vadim sezganday bo‘ldi). Ular yana uchrashib turadigan bo‘lishdi. Ishqdan jonsarak bo‘lib turgan aspirantning og‘zidan sehrli so‘zlar qaynab chiqa boshladi, qizarib ketgan Irina uni bo‘ynidan quchoqlab oldi. To‘y ham qoyilmaqom o‘tkazildi. Nikohlar saroyida ro‘yxatdan o‘tishdi. Kuyovni zo‘r kiyintirishdi. To‘g‘ri, kostyumlarni qayta¬¬dan tikishga to‘g‘ri keldi, negadir ular bir o‘lcham kichik olingan ekan; keyin janubga otlanishdi. Pitsundada, derazasi dengizga qaragan hashamdor mehmonxonada dam olishdi. Yana Moskvaga qaytishdi. Ularni qaynota sovg‘a qilgan uch xonali kooperativ xonadon kutib turardi. Va hadsiz-hududsiz, bejilov muhabbat damlari boshlandi. Sahroda sargardon yurgan yo‘lovchilar vohada qaynab turgan chashmadan tashna lablarini uzolmagandek, yosh kelin-kuyov ham shirin shahvat onlarining to‘yib bo‘lmas jarayonidan lazzatlana boshla¬di¬lar, hatto aspirantura ham esdan chiqib ketdi. Vadimning o‘zi ham aspirantura¬ni muddatidan ilgari qanday bitirganini bilmay qoldi. Qo‘li uzun qaynotasining madadi bilan maqolalar yozib, matbuotda e’lon qildirib, yana ziyofatda ajoyib nutq so‘zlaganini aytmaysizmi? Bular bari bo‘lgan taqdirda ham, qayerdadir, abadiy tuganmas ehtirosni qondirishi uchun lazzatli mehnat tanaffuslarida yuz bergandir. Ertalablari u hamisha kech qolib, uydan buterbrodni kavshagancha yugurib chiqardi, kechqurun esa uyga kirishi bilan yechina boshlardi. Irina uning og‘ziga yeydigan biror narsa tiqishga zo‘rg‘a ulgurardi. Shundan so‘ng ular, barcha boshlang‘ich amallarni chetlab o‘tib, muhabbat haqidagi ko‘hna qoidalar bilan qurollanib va yangi tadqiqotlarga nigoh solgan holda qadimgi falsafa san’atini o‘zlashtirishga kirishardilar; o, asl ehtirosning muqaddas onlari! O, qondosh jon va tanlarning sarkash ishq og‘ushidagi qovushishlari! Ular ayrim yosh er-xotinga ma’lum bo‘lmagan sirni egalladilar, ular haqli ravishda o‘zlarini shahvatning pirlari deb hisoblashlari mumkin. Agar ular ba’zan teatrga tushgan chog‘larida ham, atrofdagi odamlarga yashirin istehzo bilan qarashardi, chunki ular hozir bu ikkovining o‘rinlaridan turib, o‘ta tashvishli bir holatda zalni tark etishini xayollariga ham keltirmasdilar. Ular o‘rinlaridan turib jo‘nar ekanlar, bir-birlariga ma’nodor qarab qo‘yar edilar, so‘ngra qo‘l ushlashib, sirga sho‘ng‘irdilar. Bu sir har bir qadam bosgan sari, har bir qavatga ko‘tarilgan sari ochila borardi. Va nihoyat, to‘qqizinchi qavatda lift hali to‘xtamay turib, yechinishga tushardilar. Bu esa ba’zan juda kulgili holatlarga sabab bo‘lardi. Bir safar axlat to‘kkani chiqqan qo‘shnilari ularni yarim yalang‘och uchratib qolgandi.
Ha, hayotning eng baxtli damlari, bayram; har ikkalasi o‘z bayramlarini birlashtirishga, yagona bayram qilib o‘tkazishga intilishardi. Sakkiz oy ana shunday quvnoq, zavqu shavq bilan o‘tgan baxtli onlar to‘satdan darz ketsa bo‘ladimi… Yana kaltafahm qaynona tufayli. Holbuki, u ham ziyolilar oilasidan edi. Hamma ajdodlari e’tiborli odamlar bo‘lishgan. Mariya Viktorovnaning o‘zi ham qandaydir zootexnik yoki buxgalter emas: fan doktori, yana qanaqasi deng ­ pedagogika fanlari doktori! Shunday xatoga yo‘l qo‘yib o‘tirsa-ya!
Bir kuni Vadim, odatdagidek, har kuni qiladigan ishini bajarishga kirishmoqchi ham ediki, barcha qonun-qoidalar va muddatlarga xilof ravishda Irina afsuslanib, bugun bu ish bo‘lmaydi, ahvolim buni taqozo etmaydi, deb qoldi. Vadim xafa bo‘ldi-yu, ammo ko‘na qoldi, negadir vafodor yostiqdoshining makkorona nigohini sezmadi. Biroq rad etilgan o‘sha kunni yaxshi eslab qoldi va hayron bo‘ldi. Chunki xotinchasida “o‘shanaqa ahvol” yuz berishiga hali ancha vaqt bor edi. Uch kun chidadi va yorining nozik joyiga qo‘l solganda, Irina yana o‘sha “holat”ni ro‘kach qildi. Lekin buni ayol jismida yuz beradigan davriy “oy ko‘rish” bilan emas, balki ruhiy kechinmalar bilan bog‘liq deb isbotlashga urindi. Bunday tashvishli kechinmalar esa, uning ukasi Kirill tortayotgan azob-uqubatlar tufayli paydo bo‘lgan emish. Chunki o‘sha ukasiga Vadim yordam bermapti. Ha, ha, ikki hafta burun undan yordam so‘rashganda parvo qilmagan edi. Xotinining o‘sha ukachasi esa borib turgan tentak. Bema’ni maqolalar yozgandan ko‘ra, jinnixonaga borib, qog‘oz yopishtirish bilan shug‘ullangani ma’qul edi. Chunki ahmoqona maqolalarini hech qaysi jurnal olmaydi (va juda to‘g‘ri qiladi!). Bolaga, buni qarangki, maqolalar chiqishi kerak emish. Matematikadan olimpiadada bu bolani tushunishmabdi-da, shuning uchun u qiynalayotganmish. Buning ustiga u institutga ham kirolmay qolibdi, shu bois ruhiy azoblanayotgan ekan. Holbuki, uning institutga kirishiga hali erta, bu esi past tentak endi o‘n olti yoshda. “Bu qaynona jonivor qayeri bilan o‘ylaydi, hayronman, shu bechora iste’dodli bolaga yordam qilishni kuyovidan iltimos qilib o‘tiribdi, o‘yladi Vadim. O‘zi bo‘lsa fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, nima, uning qo‘lini dushmanlari chopib, kalta qilib qo‘yishganmi?”
U Irinani biram xohlab qoldiki… Lekin, mayli, ukangning mana shu bema’ni maqolasini “Fan va turmush” jurnaliga tiqishtiraman, u yerda hamyurtimning o‘rtoqlari ishlaydi, degan darajada qasam ichib ishontirgani yo‘q, kela qol endi… U shunday xohlardiki, o‘zini tutib turolmadi. Noiloj rozi bo‘ldi. Lekin Irina seskanib o‘zini orqaga tashladi: “Yo‘q, yo‘q, yo‘q, faqat haligi ish bitganidan keyin…” ­ dedi-da, onasinikiga jo‘nab qoldi. Onasinikida uning qizlik xonasi bor edi. Bu xonaga hali kuyov sifatida tan olinmagan Vadimga bir daqiqagina mo‘ralashga izn berilar, shunda ham oila tomonidan tanlangan bu yigit: mazkur xonada axloqiy va jismoniy tozalik hukmron, bu yerda farishta yashayotganiga ishonch hosil qilsin deb.
Irina ketib qoldi, Vadim esa chidab kelardi, u hali razil qaynonasining sovuniga kir yuvmagan, uning qabih makridan azob tortib ulgurmagan edi. Yana uch kun kutdi. Hamyurti bilan ham bog‘lanolmadi. Chunki u juda baland ko‘tarilgan. – “Izvestiya”da bo‘lim mudiri edi. Vadim esa Irinani xohlar edi, shunaqa xohlardiki, oxiri unga sim qoqdi, “axir hech narsa bo‘lgani yo‘q-ku”, dedi. Irina bo‘lsa yana oyoq tirab turib oldi, oh urdi, yig‘ladi: “Bechora Kiryushaga juda qiyin bo‘ldi, sho‘rlikkina, hech kim, biror qarindoshi ham yordam bermayapti, qo‘llab-quvvatlamayapti. Yosh iste’dod sohibi bekordan-bekorga nobud bo‘layapti, shuning uchun men ham azobda qoldim. Dori-darmon ichishga majbur bo‘layapman…”
­ Yana qanaqa dori-darmon? ­ hayron bo‘ldi Vadim. Axir Irina sira kasal bo‘lmaganini u yaxshi bilardi. Salomatligi a’lo darajada edi. U kooperativ qasrga yo‘l oldi, go‘yo betob bo‘lib qolgan yostiqdoshini ko‘rmoqchi bo‘ldi-da. Uning kelishiga yaxshilab tayyorgarlik ko‘rishdi, qizlik xonasini shunday yasatishdiki, monastir hujrasiga o‘xshadi-qoldi va xuddi ana shu g‘ariblik Vadimga pand berdi. Miyasiga kelgan daydi fikr o‘sha zahoti tiliga ko‘chdi: agar bilganingizda edi, muhtaram akademiklar va doktorlar, sizning mana bu kamtarin va kamsuqum qizchangiz shahvoniy raqslarda qanaqa tizza o‘ynatishini bir ko‘rsangiz edi!
Birdan ko‘zi moshday ochildi: axir, bu o‘sha ­ har qanday qishloqi tentak kampirdan ham tentakroq qaynonasi-ku. Qizini majbur qilgan, Irinani o‘zini kasal qilib ko‘rsatishga ko‘ndirgan shu fan doktori-ku, axir. Kuyovining unga bosh egib, Kiryusha uchun qandaydir biror jurnaldan ikki sahifa joyni hamyurtidan undirtirib bermoqchi bo‘lyapti. Bozordagidek savdolashyapti. Undan ham badtari: xuddi fohishalardek. Nimani savdolashyapti deng? Faqat kuyovga tegishli bo‘lgan narsani-ya?!
Vadim jahl bilan tuflab, chiqib ketdi. Tavba, axir otasining o‘zi, o‘sha akademik istagan maqolani xohlagan joyida bostirib chiqarishga kuchi yetadi-ku. Bu uning uchun hech gapmas. Faqat kuyovni o‘zlarining oilaviy an’analariga o‘rgatmoqchi bo‘lishyapti!
O‘shanda uning jahli chiqdi. Holbuki, suyunishi kerak edi, chunki xuddi o‘sha kuni unga yangi dunyo eshiklarini ochib beruvchi voqea sodir bo‘ldi. U to‘qqizinchi qavatga ko‘tarilib, xonasiga kirdi-da, butun g‘azabining ifodasi o‘laroq, xotini bilan qaynonasini so‘ka boshladi. Alam qiladi-da, axir. Irinaning qizlik xonasidagi ozodalik ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emasdi. Chunki Vadim o‘taketgan tanbal, isqirtga uylangandi. U to‘lgan chelakni axlat quvuriga shunday olib borib to‘nkarishga ham erinardi. Na xonalarni, na oshxonani biror marta supurmagandi. Elektrotexnika fakultetining bitiruvchisi bo‘laturib changyutgichga qo‘l tekkizishdan qo‘rqardi. Hamma ishni eri qilardi. Hozir esa jahli chiqqan Vadim ulkan, bayramoldi (Birinchi may yaqinlashgandi) uy ko‘tarishni boshlab yubordi. Yarim yil ichida bir necha marta o‘nlab ichimlik shishasi yig‘ilgan ekan, ularni to‘plab yuvdi, ikkita katta sumkaga joylab, pastga, bo‘shagan idishlarni qabul qiladigan joyga, yarim yer to‘laga tushdi. Qabul joyida hech kim yo‘q. Hech kim ichmay qo‘ydimi, nima balo, birorta odam ko‘rinmaydi. Qabul qiluvchi ayol, zerikkanidan bo‘lsa kerak, nimanidir ming‘irlab o‘tiribdi. Nimadandir, kimdandir shikoyat qilayaptimi-ey, tushunib bo‘lmaydi. Irinani sog‘ingan Vadim “jinsiy tiyilish!” deya tashxis qo‘ydi baland ovozda. Yoshi undan sal kattaroq bo‘lgan, do‘ndiqqina, qabul qiluvchi ayol chuqur xo‘rsinib rozi bo‘ldi ­ ha, tiyilish, dedi, lekin uning joni va tanini qiynayotgan bu dardga kim ham malham bo‘lardi. Juvonni bu darddan xalos qiluvchi o‘zi bo‘lishiga umid qilmasdi. Lekin u o‘z nomzodini tavsiya qildi. Bu taklif o‘sha zahoti ma’qullandi va juvon to‘siqdan tashqari chiqib, eshikni yopib, zulfinni soldi, so‘ng Vadimni javon orqasiga yetakladi. U yerda ikkita paxtalik kamzul ilig‘lik turardi, ular yerga to‘shaldi. Yarim yerto‘lada tungi ayshu ishratlar may tantanalarigacha davom etdi. Do‘ndiqcha kunduzgi mijozlardan tap tortib o‘tirmasdi, Vadimni xizmat eshigi orqali kiritib yuborardi-da, tashqi eshikni berkitib olardi. Bayram kunlar shisha idishlarni qabul qilish butunlay to‘xtatildi, lekin bu qabul punkti shu yaqin atrofdagi savdo do‘koni bilan bog‘liq edi va haligi juvon uni ayollik dardidan kim bunchalik tez xalos qilganini shipshib qo‘ydi. Uchinchi may kuni kechqurun Vadim o‘sha do‘konga kirgan chog‘ida sotuvchi ayol unga ilmoqli gap tashlab qoldi. Yana bir hafta davomida Vadim Irinaga hech qanday ehtiyoj sezmay yurdi.
Unda o‘ziga katta ishonch uyg‘ondi! U yayrab-yayrab, chuqur va quvonchli nafas oldi! Dunyoning barcha ayollari bundan buyon uniki bo‘lishi mumkin, barchasi! Tentak xotini o‘jarligini davom ettirar ekan, Glazichev hafta davomida xonasida yolg‘iz yashashi va chinakam erkaklik kuch-quvvatiga to‘lgani tufayli yaqin atrofdagi savdo do‘konlariga ketma-ket tanda qo‘yib qoldi va bir safar uyiga sartarosh xonimni boshlab kelishga jur’at etdi. Bu juvon o‘zini har tomonlama yetuk va tengsiz hisoblagani uchun naqadar ofatijon va komilligini butun dunyoga namoyish qilish niyatida xona ichida butunlay qip-yalang‘och yura boshladi, so‘ng ustiga hech narsa tashlamay, qo‘lida sigareta bilan peshayvonga chiqib, onadan tug‘ilganday bir holatda butun mahallaga o‘zini ko‘z-ko‘z qildi.
Aftidan, buni ko‘rgan qo‘shnilar qaynonasiga sim qoqishdi. Dam olish kuni edi, ular ­ Irina bilan qaynona o‘z kalitlari bilan eshikni ochishdi va uni torta boshlashdi, chunki zanjir ilig‘lik turardi. Vadim uxlar va hech narsa eshitmasdi, oromi buzilgan sartarosh xonim uyqusirab, “kallayi saharlab jin haydab kelgan kim bo‘ldi ekan?” deb so‘radi. Shu payt eshik zanjiri uzilib, ona-bola ichkari kirishdi-da, hangu mang bo‘lib qolishdi. Glazichev ularning ayyuhannosiga ham uyg‘onmadi. Sartarosh xonim shoshilmay kiyindi, keyin bezbetlarcha ko‘zgu oldiga o‘tirib oldi, Irinaning bo‘yog‘i bilan lablarini bo‘yay boshlagach, qiz chiday olmadi, ho‘ngrab yubordi. Qaynona karavot ustidan adyolni tortib oldi, Vadim ko‘zini uqalab o‘rnidan turdi.
­ Yo‘qol! ­ baravariga chinqirishdi ona va bola. Sartarosh xonimni nazar-pisand qilmay Glazichevga u haqda nimalar o‘ylashayotganining barini to‘kib solishdi. Glazichev Vadim Grigorevich o‘zining aslida qanday odam ekanini ulardan eshitib, yaxshilab bilib olgach, o‘ziga keldi.
U o‘zi yomon odam, avval ham yomon edi. Ular, Lapinlar, aytish mumkinki, ko‘chadan qashshoq va och-nahor bir ahvolda topib olishdi, hech kimga ma’lum bo‘lmagan Pavlodardan kelgan kaltafahm va jirkanch, yalqov va hasadgo‘y g‘iybatchi bu odam razilligi uchun ikki marta komsomoldan haydashganini institutga kirayotganda yashirgan pastkash. Ular, Lapinlar, unga yedirib-ichirishdi, kiyintirishdi, qoshiq va sanchqini qanday ushlashni o‘rgatishdi, oyog‘iga poyabzal olib berishdi. Ular uni o‘qishga majbur qilishdi, aspiranturaga yo‘l ochishdi, qishloqi tentakka partiyaga kirish uchun tavsiyanoma beradigan odamlarni topishdi, qisqa muddat ichida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlashni tashkillashtirishdi, kattagina pora berib ilmiy ishini VAKdan o‘tkazishdi, uning to‘yining va mana bu xonadonning butun xarajatlarini o‘z gardanlariga olishdi. Ular unga hamma narsani berdilar, evaziga hech narsa olganlari yo‘q. U er sifatida ­ bir tiyinga qimmat! Eng dahshatlisi shundaki, ushbu suyuqoyoq va firibgarni Irina, Lapinlarning qizi sevib qoldi. Ha, bu muqaddas tuyg‘u haqida gapirish har qancha alamli bo‘lmasin, sevib qoldi va sevadi. Yana kimni, kelib-kelib mana shu muttahamni, haligi…
­ Impotentni! Hezalakni! ­ dedi qaynona jazavasi tutib.
Kiyinib bo‘lgan sartarosh xonim tanish so‘zdan keyin g‘azab bilan e’tiroz bildirib:
­ Aslo unday emas-da! ­ dedi-da, eshikni qarsillatib yopib, chiqib ketdi.
Agar Irina bir o‘zi sartarosh xonim borligida bostirib kirganida yarim soatcha dod-voy solar, jinsiy tiyilish haqidagi shikoyatlarga quloq tutardi-da, shu bilan oilada yana tinchlik o‘rnatilardi. Bordi-yu, qaynona bir o‘zi kirganida edi, yalang‘och juvonni uydan haydab solardi-yu, kuyovini kechirardi. Lekin, ikkalasi bostirib kirdi, baravariga, onasi va qizi birgalashib hujumga o‘tishdi. Ularning har ikkalasini birgalikda va alohida-alohida erkakning makkorligiga bunchalik murosasiz bo‘lishga nima majbur qildi. Sartarosh xonimga ham yaxshigina saboq berishdi ­ bu yoqqa ikkinchi qadamini bosib ko‘rsin-chi! (Irina unga lift oldida yetib oldi, u bo‘lsa, uyalmay-netmay, uni o‘zi ishlayotgan salonga taklif etdi, manzilini aytdi, tag‘in hammaning ko‘z o‘ngida kiyindim, buni jazmanim ham tasdiqlashi mumkin, birovning ignasiniyam olganim yo‘q, deb qo‘ydi.)
O‘zini yo‘qotib qo‘ygan Glazichevdan qat’iy talab qilishdi: o‘zingga tegishli pavlodar juldirlarini yig‘ishtir-da, bu yerdan jo‘nab qol! Muddat ­ roppa-rosa bir oy.
Shundan so‘ng onasi bilan qizi boshlarini baland ko‘tarib, mag‘rurona ko‘krak kergancha eshikni yopib, chiqib ketdilar, taksiga o‘tirib jo‘nab qoldilar, loaqal qo‘l siltab ham qo‘ymadilar. Ha, pavlodarlik yigit ustidan rosa mag‘zava ag‘darishdi. Holbuki, bu yigit xuddi Lomonosov o‘zini va butun Rossiyani ilm bilan boyitish uchun piyoda poytaxtga kelgani singari, Moskvada paydo bo‘lgandi. Xotini bilan qaynonasi uydan haydab chiqaramiz deb do‘q qildilar. Lekin, odam o‘z xotini bilan bu uyda bir yildan oshiq birga yashagan ekan, ushbu xonadondan bir necha kvadrat metri unga ham tegishini hamma bilardi. Harholda biror xona ­ bu bo‘lmasa, boshqasi unga, albatta, tegadi. Bir emas, ikki xonali bo‘ladi, chunki fan nomzodiga 20 kvadrat metr yashash joyi bo‘lishi shart! Haligi, sartarosh xonim kelganda esa, ular ­ doktor va akademiklar haq, uyga to‘g‘ri kelgan ayolni sudrab kelish yaxshimas, biror narsani o‘marib ketishsa-chi, tavsiyanoma to‘g‘risida ham bejiz aytishmadi, hatto yurtdoshi ham unga ana shu favqulodda qog‘ozni berishdan bosh tortdi. O‘z kiyim-kechaklari borasida bu baytallar allaqachon qayg‘urishgandi, Irinaning po‘stini va paltosini, servantdagi ba’zi narsalarni olib ketishgandi.
O‘rnidan turib olgan Vadim xonalarni aylanib, o‘zicha xomcho‘t qila boshladi: agar mol-mulk bo‘linadigan bo‘lsa, Irinaga nimani berish keragu, o‘ziga nimani olib qolishi lozim. Karavot, mayli, Irinaga bo‘la qolsin, mayli, unga eri bilan o‘tkazgan shahvatli onlarini eslatib tursin. Karavot yonida turadigan javoncha ham, mayli, unga bo‘la qolsin, katta javonni ikkiga bo‘lib bo‘lmaydi, Lapinlarga o‘tsin, lekin ikkita kitob javoni uning o‘ziniki ­ shaxsiy mulki! Kitoblarni esa oldindan ro‘yxat tuzib, bo‘lashgan ma’qul.
Kitob anchagina edi, qariyb besh yuz jild. Fanga berilib ketgan va ko‘pincha ishqiy o‘yinlar bilan band bo‘lgan Vadim ularni ochib ham qaramagandi. Garajda chang bosib, egasi qachon haydash huquqi guvohnomasini olishini kutib yotgan “Jiguli” nima bo‘ladi? Garaj-chi? Mashinani ikkiga bo‘lib o‘tiradimi! Ayol kishiga rulni ishonish ­ mas’uliyatsizlik, mayli, garaj Irinaga bo‘lsin, “Jiguli” o‘ziga qoladi.

Har ikkala ro‘yxat tayyor bo‘lgach, to‘qqizinchi qavatning peshayvonidan butun Moskvaga ko‘rsatildi. Birida garaj, ikkinchisida avtomashina. Vadim Glazichev yana bir bor tantanavor nigoh bilan oyoqlari ostida yastanib yotgan, mag‘lub etilgan va yalang‘ochlangan poytaxtga nazar soldi: sal chaproqda ­ ulkan MDU, Lujnikiga o‘tgan metro ko‘prigi hamda sersuv va tanbal daryo…

3

U so‘nggi bor yana bir hayqirdi-da, xonalarni qaytadan aylanib chiqdi, kiyim¬¬-kechak bilan to‘la javonga nigoh tashladi, so‘ng katga cho‘zildi-da, jim bo‘lib qoldi. Glazichevning miyasida xotini va qaynonasi aytgan gaplar charx ura boshladi, uni xomkalla, yalqov va hatto hezalak deyishgani unga alam qila boshladi.
Deraza oynasidan ko‘rinib turgan Moskva manzarasidan hafsalasi pir bo‘lib, pardalarni yopti, sovutkichdan sartarosh xonim yeb ulgurmagan muzqaymoqni topdi, maza qilib yeb oldi, ancha o‘ziga kelib, rejadagi institut mavzusi haqi¬¬da o‘ylab ketdi, bu mavzu unga dunyoviy shon-shuhrat, mo‘maygina pul va faxr-iftixor olib kelishi kerak edi. Albatta, bu shon-shuhrat qaynotasi, akademik, Sotsialistik Mehnat Qahramoni va yana nimaningdir deputati, ulkan zal, olqishlar, uzun stollar ortidagi o‘rindiq sohibi bo‘lgan odamning obro‘-e’tibori bilan tenglasha olmasdi.
Mavzu esa juda buyuk edi. Shuning uchun ham u bilan shug‘ullanishga hech kimning yuragi betlamasdi. Bu mavzuni eplashga hech kimning qurbi yetmasligini hamma tushunardi. Buni unga Irina bilan asal oyi juda cho‘zilib ketgan o‘sha kunlarda tiqishtirishgan edi. Taklif qilingan bu mavzu bir necha besh yilliklar va joriy yuz yillikning rejalaridan ham ancha keng edi. U bilan akademikning kuyovini siylashdi, bir maza qilib bekor yursin deyishdi, ha, ha, takasaltanglik qilsin, deyishdi. Vadim buni endi tushundi, uch, to‘rt yilga bemalol yetadi, agar butun ketmasa…
Lekin u takasaltanglik qilmaydi! U buyuk olim bo‘ladi! Vadim g‘oliblik raqsi va bo‘m-bo‘sh sovutkich yonidagi o‘ylaridan so‘ng shunday qarorga keldi. Taqdirning o‘zi unga ulug‘likka va yuksaklikka yo‘l ko‘rsatdi! Bu yo‘l ­ mavzuning nomidan ko‘rinib turibdi. “Atmosfera turbulentli quyunlarining algebraik modellari” ­ qiziq, bunday modellarni yasashga kim ham jazm etardi! Favqulodda murakkab bu muammoni hali hech kim yecholgani yo‘q, hech kim! Axir, ob-havoning qanday bo‘lishini kim ham aniq aytib bera olardi? Quyun hosil bo‘lishi nazariyasiga kimlardir sal-pal yondashdi, lekin quyun ichidagi qonuniyatni tadqiq qilishga Danil Bernullinning o‘zi ham botina olmadi, boshqalar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi!
U jur’at etadi! Hal qiladi! Va shuhrat qozonadi!

4

Katta sakrashga tayyorlangandek, u bir necha kun kutdi. Tez-tez laboratoriyaga kirib turdi. Bu yerda noma’lum mohir qo‘llarning kuch-g‘ayratlari bilan rezervuar, hovuz tiklangan edi; nasoslar yordamida ularga suv haydalardi, ilmiy xodimlar esa o‘ziga xos turbulentli suv oqimini kuzatib turardilar. Glazichevning hafsalasi pir bo‘ldi: bu yerda oqimlarni kuzatib bo‘larkanmi? Lekin aylanib yurdi, kuzatdi, bilimdonlar so‘zlariga quloq tutdi, o‘qidi va hamkasblari nima bilan shug‘ullanayotganini ko‘rdi. Hammasida mayda-chuyda mavzu: “Statsionar va nostatsionar bo‘linma oqimlarning sonli tadqiqoti”, “Gazsuspenziyasida turbulentli oqimlar”. Ancha burun yoqlangan doktorlik dissertatsiyalarini varaqlab ko‘rdi, ba’zi narsalar oydinlasha boshladi. Quyun, hamma joyda quyun, suvdami, atmosferadami, baribir. Bu yerda esa suv ichida suv oqimi, ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi.
Shundan so‘ng Vadim kutubxonaga qatnay boshladi, uning qo‘liga bir jurnal tushib qoldi, unda alohida bir bo‘yoq haqida yozilgan ekan. Uning mayda zarralari suvda (muayyan haroratda) erib ketmaydi. Eng muhimi, uning solishtirma og‘irligi suvdan farq qilmasdi. Shuning uchun ham turlicha bo‘yalganlarni farqlash va hisoblash mumkin edi. Lekin qanday va nima bilan hisoblash mumkin? Qandaydir radioelektron qurilma bo‘lishi kerak-ku, axir! Bo‘lishi kerak! Lekin uni qayerdan topsa bo‘ladi? Bo‘yoq shunday yaqinginasida, fizika-ximiya institutida. Ammo uskunani qayerdan topish kerak?
Vadim bo‘limlarga bordi, laboratoriyalarni aylandi. Birorta uskuna toparman deb o‘yladi. Hech bo‘lmasa o‘sha qurib ketkur uskunani yasash qo‘lidan keladigan muhandis-elektronchini topish niyatida edi. Uning aniqlagani shu bo‘ldiki, institutning ro‘yxatida bunaqa lavozim yo‘q ekan. Muhandis-radist ­ marhamat, maoshi 150 rubl. Institut bo‘yicha uch nafar shunday muhandis bor ekan, lekin ularning hech qaysi biri Glazichev guruhiga borishni xohlamadi, hammasi undan qo‘l siltadi. To‘g‘ri, kadrlar bo‘limi saxiylik qildi, bosh boshqarmada bitta 170 rubl maoshlik radio-elektronchi o‘rnini undirdi. Bu haqda birinchi qavatda e’lon yopishtirishdi, kadrlar bo‘limi qayergadir buyurtma berdi. Biroq bu ishga hech kim kelmadi. Shunda Vadim institut dahlizi bo‘ylab naridan-beri yura boshladi, ruxsatnoma byurosi yonidan o‘tdi, institutga yollanayotgan mutaxassislarga nazar soldi. Ana shunday nazar solishlarning birida taqdir unga kulib boqdi ­ yovvoyi dahoni uchratib qoldi.
­ Sidorov, ­ deya tanishtirdi daho o‘zini Vadimga. Lekin u ro‘yxatda ham, diplom bo‘yicha ham Yepifanov hisoblanardi. Vadim bu omadsiz elektronchini tirsagidan ushladi. Chunki 170 rubl unga ma’qul kelmagandi. Yigit Vadim bilan tengqur edi, o‘zini mag‘rur tutardi.
­ Hammayam sotiladi, shu jumladan, men ham, lekin 170 rublga emas. Ma’naviy ehtiyojimga yarasha 190, yana qo‘shimcha mukofoti bo‘lsa, bu boshqa gap…
Lekin Vadimning jahli chiqib, unga, 170 rublga shaxsan o‘zi ­ fan nomzodi 30 rubl qo‘shib berajagini aytgach, kuldi, dahlizgacha ergashib kirdi, bir necha savollar berdi, oilaviy ahvoliga qiziqdi, qaynotasining familiyasi unga biroz ta’sir qildi… Elektron uskuna nega kerakligini surishtirdi, axir, dunyoning birorta laboratoriyasida bu narsa bo‘lishi amri maholligini ta’kidladi.
So‘ng suhbatdoshiga o‘ylanib qarab turdi-da:
­ Nima ham qilardik, ­ dedi. ­ Aytishlaricha, Arximed ham Sirako‘za hukmdorining bergan sadaqasi bilan kun kechirgan ekan.
U jiddiy o‘yga toldi.
Nihoyat, sergak tortib, o‘zini qaytadan Sidorov deb tanishtirdi-da, nuqtai nazarini qat’iy bayon qildi.
­ O‘ttiz rubllik qo‘shimchaning keragi yo‘q, ­ u bitimning moliyaviy tomonini rad etdi. ­ Birinchidan, shu o‘ttiztalik ahdlashuvga yarashmay turibdi. Ikkinchidan, SSSR fuqarosini shilib olish mening qoidamga kirmaydi. Sovet Ittifoqining o‘zini shilish ­ bu boshqa gap. Turbulentli quyunning farqiga uncha bormayman. Lekin kechasi bilan o‘ylab ko‘raman. Ertaga bir gap bo‘lar…
­ Foyaga ko‘ra, ikkita shishaga Eynshteynni ham rad etmoq mumkin, Bernulli nima degan gap.
Ana shu Sidorovga ikki shisha uchun o‘n rublni ayamadi, yana uchta darslikni ham qo‘shib berdi. Elektronchi ularni ertasi kungacha suv qilib ichib yubordi. Bu sohaning mashhur bilimdonidan yo‘l-yo‘riq oldi va Glazichev bilan besh daqiqalik suhbatda jahonga tanilish yo‘lini chizib berdi. Turbulentli oqim, – dedi u, ­ bu bo‘shliq, u hech qanday tartibga bo‘ysunmaydi. Lekin bunga boshqacha nuqtai nazardan ham qarash mumkin. Ya’ni: bo‘shliq ­ bu tartibning o‘zidir. Uni tartibga solish uchun bizning barcha urinishlarimiz behudadir.
­ Mana chizma, ­ dedi Sidorov Vadimga bir varaq qog‘ozni uzatib. Vadim esa chizmani olib tarhlash ustaxonasiga yugurdi. Bo‘shliqning sirini kimgadir aytishdan Vadim ehtiyot bo‘ldi, chunki falsafadan imtihon uning uchun halokatli bo‘lganini unutmagandi: Vadim uskuna yaratish g‘oyasi marksizm bilan chiqishib ketishiga shubhalanardi. Baribir, qurilmani yasashga muvaffaq bo‘lishdi. Turli qismlardan tashkil topgan bu uskuna “Spidola” radiopriyomnigicha kelardi. Vadim uni “Tayfun” deb atadi.
Lekin dastlabki sinovlar bu uslubning ishonchsizligini ko‘rsatdi. Uskunani qayta ko‘rib chiqish, ayrim qismlarini yangilashga, umuman, ancha terlashga to‘g‘ri keldi. Uskuna sinab ko‘rilayotgan hovuz tevaragida institutning barcha bekorchilari to‘planishdi va g‘iybat qilishdi. Nihoyat, uzatgichlar ishga tushib ketdi. Raqamlar ustuni tasmani to‘ldirdi. Bo‘shliqning sirli mohiyati ham oydinlasha bordi. Juda, juda qiziq bo‘ldi. Uskunaning har bir o‘lchovi Ivan Ivanovich Lapinning sotsializm siyosiy iqtisodi haqidagi mehnatlariga sovet fani bergan mukofot shuhrat tojining bittadan shodasini uzib tashlardi.
Hovuzga aspirantlar guvillab kela boshlashdi, “Tayfun”ni ko‘rish uchun keluvchi odamlarning keti uzilmasdi. Vadim qiziquvchi bekorchixo‘jalarni haydash bilan ovora edi. Kechqurun soat beshga yaqin o‘zi yozar rulondan “Tayfun” o‘lchovlarini yirtib oldi, uskunaning miya blokini asta o‘chirib, o‘z xonasiga kirib ketdi. Bo‘lajak kashfiyotni ehtiyotlab hech kimga biror narsa demadi. Holbuki, buni hamma sezib turardi.

5

Uyni bo‘shatish uchun Glazichevga xotini va qaynonasi qo‘ygan bir oylik muddat tugadi. Shu bir oy “Tayfun”ni tayyorlash va hovuzda tajribalar o‘tkazish bilan o‘tdi. Harbiy-akademik kooperativdan “tiq” etgan tovush yo‘q. Yana bir oy o‘tdi, yana bitta o‘tmishda qoldi… Birdan Irina tashrif buyurib qoldi. “Salom, kutmaganmiding?” ­ dedi-yu, oshxonaga o‘tdi, sovutkichni ochib ko‘rdi, g‘amxo‘rlik ko‘rsatyapti, qorni to‘qmi? Zararli oziq-ovqatlarni ko‘p iste’mol qilmayaptimi? Chekishni tashlash vaqti yetmadimikin? Vadim unga ko‘zini baqraytirib qarab turaverdi: uning birorta gapiga ishonmasdi. Uning g‘ashiga tegayotgan narsa Irinaning o‘zi emas, balki u onasi bilan kelib Vadimni yalqov va ahmoq deb haqoratlagani, bir burda nonni ta’na qilgani edi. (Uning g‘ashi kelganining yana bir boisi shunda ediki, bu ta’na qilishlarda Irina ham, onasi ham haq edi: chunki Vadim to‘rtinchi kursdan boshlab imtihonlar va sinovlarni zo‘rg‘a uchga topshirardi, agar Lapinlarnikida ovqatlanmasa, institutdan ketib qolishi hech gap emasdi, va albatta, nomzodlikni ham ana shu ablah oilaning do‘stlari yordamisiz yozolmas va yoqlay olmasdi.) Sentyabr ancha issiq keldi, xotini yengil va ochiq ko‘ylakda kelgandi, tutilib-tutilib gapirar, to‘xtab nafasini rostlar, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga urinardi:
­ Kiyimingni qayerda yuvdiryapsan? Mahsulotlarni qayerdan olyapsan ­ do‘kondanmi yo boshqa joydanmi?
Glazichev diqqat bilan tinglardi. Irina bo‘lsa uni maqtardi: hammayoq top-toza, mana, nihoyat fan nomzodi changyutar va xitoy supurgisida hammayoqni saranjom-sarishta qilishni o‘rganibdi. Xuddi mana shuning uchun ham unga yolg‘iz yashab ko‘rishga vaqt berish kerak edi…
Mana qanday so‘zlar aytishdi ­ yolg‘iz yashab ko‘rish uchun vaqtincha imkon berildi! Ya’ni o‘sha vaqt tugayapti, xotini keldi va …
U tishlarini qisdi. Indamay turdi. U ko‘rib turibdi: Irina hozir tanasi junbushga kelgan shunday bir holatdaki, sal imo qilsa bormi, kiyimini yechib tashlaydi, badani o‘t olib yonayapti. U qo‘pol bir taraddudda ekanini sezdirib qo‘ydi, aftidan, qanaqasiga yechinsam deb mo‘ljallardi, ko‘ylagini etagidan ko‘tarib boshidan sug‘urib chiqarsami yoki yelkalaridan tushirib oyoqlaridan olsamikin? Yo‘q, boshqa bir yo‘lini o‘ylab qoldi-yu, lekin u ham bo‘lmadi, chunki Glazichev asta-sekin sovub borardi, zero, uni tahqirlagan bu oilaga nisbatan nafrati qaynab turardi.
“Seni oying yubordimi yoki o‘zing?..” demoqchi bo‘ldi g‘azablanib.
Lekin aytmadi, chunki qo‘rqdi. Qo‘rqqanining boisi shunda ediki, nihoyat, uning o‘zi Irina nimadandir yoki kimdandir qo‘rqqanini sezib qoldi. U qo‘rqqanidan qaltirab, ko‘ylagini yechib tashlashni o‘ylamasdi ham. Irinaning yuzlari burishib, lablari bo‘lmag‘ur narsalarni shivirladi: hovuzga bormagin deb iltimos qildimi-ey…
Va ketdi, indamay, biror so‘z aytmay, biroq, yo‘lak oldida, ko‘zga tashlanadigan joyda ancha turdi, Vadim peshayvondan uni chaqiradi, to‘xtatib qoladi, degan ilinjda…Keyin mahkumona qo‘lini silkidi-da, to‘xtagan taksiga o‘tirib, otasining kooperativiga, o‘z uyiga jo‘nab qoldi. “Qanaqa hovuz tag‘in?” ­ g‘azablandi Vadim, men suzishni bilmasam, birdan esladi: hovuz ­ bu o‘sha rezervuar, suv oqimining bo‘yalgan zarralarini qidirish bilan o‘zi ovora bo‘layotgan joy.
U quyunlar va bo‘yalgan zarrachalar bilan tajribalar o‘tkazishni yanada tirishqoqlik bilan davom ettirdi. Uyiga juda kech qaytardi.
Birdan ­ shanba kuni eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi, uyga bir kishi kirib keldi, o‘zini tanishtirdi: Lapinlardan keldim, sim qoqishingiz mumkin, mana, mening hujjatim, men yuristlar kollegiyasidan, advokatman, Lapinlar oilasi va ularning qarindoshlari ishi bilan shug‘ullanaman, gap shundaki…
U farzandsiz er-xotin ajralishining barchaga ma’lum bo‘lgan shartlarini jirkanch tovushda bayon qildi.
­ Men tayyorman! ­ dedi Glazichev o‘ziga uzatilgan qog‘ozga imzo chekar ekan. Keyin sud jarayonini tezlashtirish haqidagi ikkinchi qog‘ozga ham qo‘l qo‘ydi.
­ Ajralishning asosiy ­ rasmiy sababi yostiqdoshiga xiyonat bo‘ladi, ­ dedi advokat.
­ Roziman! ­ dedi zarda bilan Vadim, keyin g‘azabli luqma tashladi: mochag‘ar-chi, u kim bilan don olishgan ekan?
­ Surits Nelli Aleksandrovna, ­ dedi advokat qora ko‘zoynagini olib, so‘ng tushuntirib berdi, chunki Vadim ayol familiyasini eshitib hayratlangandi. Zero, Nelli Surits kimligini u bilmasdi. Buni qarangki, Nelli Surits haligi sartarosh xonim ekan, Vadimni to‘shakda o‘sha bilan tutishgandi, uzoq emas, kuni kecha o‘sha bilan muhabbat gashtini surgandi.
­ Bunday bo‘lishi mumkin emas! ­ tutoqib ketdi Vadim.
Advokat bo‘lsa unga darhol tushuntirib qo‘ydi:
­ Ha, xuddi o‘sha. Va har qanday vaziyatda ham sudga o‘zining Glazichev V.G. bilan aloqalari haqida ko‘rsatma berishga tayyor.
Qo‘l qo‘yilgan qog‘ozlar hakamga ta’sir qilgan bo‘lsa kerak, hafta o‘tmay haligi qora ko‘zoynakli kimsa Glazichevni sudga yetaklab keldi, yo‘lakda turgan Irinaning oldiga boshlab bordi, u bo‘lsa Vadimga qaragisi ham kelmadi. Torgina dahlizga kirishdi. Institutdagi farrosh kampirga o‘xshagan bir ayol har ikkalasidan:
­ Xo‘sh, nima gap, firklaringdan qaytmadinglarmi? ­ deb so‘radi. O‘ng tomonida o‘tirgan momoydan pichirlab nimadir so‘radi, chap tomonidagi barcha urushlar faxriysi bo‘lgan boboyga allanimalar dedi. Shu yerning o‘zida sud harajatlari uchun deb Vadimdan yuz ellik rublni qurtday sanab oldi:
­ Sud qarori o‘n kundan keyin qonuniy kuchga kiradi!..
Famgin, kimgadir hamdardlik bildiruvchidek ko‘ringan advokat hakam ko‘rsatgan muddat tugamasdan Vadimning huzuriga kirib keldi. U chuqur xo‘rsinib turib shuni ma’lum qildiki, garchi nikoh bekor qilingan bo‘lsa-da, ayni damda Vadim Grigorevich Glazichev hamon Irina Ivanovna Glazichevaning eri hisoblanadi va sud qarorini bekor qildirish imkoniga ega. Ya’ni, qiyin hal bo‘ladigan huquqiy kolliziya vujudga keladi, zero, Irina Ivanovnaning erlilik holati davom etyapti, uning o‘zi, Vadim Grigorevich, o‘zini hali bo‘ydoq deb hisoblay olmaydi. Shuni eslatishim mumkinki, davom etdi advokat, Irina Ivanovnadan nikoh buzilganidan so‘ng o‘n ikki oydan keyin tug‘ilgan bolaning otasi siz, Vadim Grigorevich hisoblanasiz…
Vadimning o‘ylashicha, Irina undan homilador bo‘lishi mumkin emas, chunki uning bola tug‘adigan bachadoni boshqa ayollarnikiga o‘xshamaydi, bu haqda o‘zi og‘zidan gullab qo‘ygandi, lekin tabiblar birorta kurortda davolansangiz bas, bola ko‘rasiz, deb ishontirishgandi.
Shuning uchun surbet advokatning do‘q-po‘pisalari Vadimga ta’sir qilmadi. Lekin oradan bir kun o‘tgach, advokat o‘zgardi-qoldi. Tirjayib, tilla tishlarini ko‘rsatdi, portfelining qulfini sharqillatib ochdi, ichidan qandaydir qog‘ozlarni oldi-da, V.G.Glazichev bu yerdan darhol tuyog‘ini shiqillatishi kerakligini aytdi, garchi u ushbu xonadonda ro‘yxatda tursa ham, bu yerdagi hech narsa, xonadonning o‘zi ham unga tegishli emas. Chunki xonadon birgalikda yig‘ilgan mulk emas, u Irina Ivanovnaga hadya qilingan, bu nikohdan oldin (advokat “oldin” so‘ziga alohida urg‘u berdi) bo‘lgan, mana bular esa, yuk xatlari, kvitantsiya va cheklar uydagi buyumlarga yozilgan bo‘lib, ular ham nikohdan oldingi sana bilan qayd qilingan. Avtomobil “Jiguli” va garajga kelsak, ular Mariya Viktorovna Lapinaning xususiy mulki, mana, hujjatlari… Boshqacha qilib aytganda, chamadoningni ol, unga mayka bilan ishtoningni joyla-da, jo‘na bu yerdan… Qayerga deysanmi?.. Istagan joyingga… Ajrashgan er o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsalarni o‘marib jo‘nab qolmasligi uchun Irinaning xonadonida ukasi Kirill yashab turadi.
Bu tasqara uyga qanday kirib oldiykin, jumboq, qo‘shnining peshayvoni orqali o‘tdimikin? Balki Irinaning kaliti bilan eshikni asta ochib kirgandir.
Fazabdan a’zoyi badani junbushga kelgan Vadim yugurib peshayvonga chiqdi. Pastda qaynotasining “Volga”si turgan ekan. Uning yonida esa Ivan Ivanovich Lapin, Irinaning otasi, naridan-beri yurib turibdi. Tentak Kiryusha ertasiga paydo bo‘ldi, qo‘lida nazariy mexanikadan daftar. Uyning yo‘lagida o‘tirib olib, qo‘riqchi ko‘ppakday Vadimdan ko‘zini uzmasdi.
­ Sovutkichni ochsang, basharangga tushiraman! ­ dedi Vadim va pasportiga belgi qo‘ydirish uchun ZAGSga yugurib ketdi. Qaytib kelsa ­ advokat, shu yerda hoziru nozir, hadya tayyorlapti, kommunal binoda Vadim uchun bir xonalik uy topibdi. Hoziroq o‘sha yerga ko‘chib o‘tishi kerak ekan. Barcha e’tirozlarga kinoya bilan javob qaytararkan, birdan jiddiy tus oldi va to‘ng‘illadi:
­ Agar Glazichev degan kimsa qarshilik ko‘rsatadigan bo‘lsa, Irina Ivanovna Lapinaning ajrim arizasi bo‘yicha, uni ta’minlash uchun ayolga nafaqa undirib beriladi, chunki, aynan shu Glazichev bilan birga yashagani tufayli Irinaning sog‘lig‘iga ancha putur yetkazilgan…
Advokat shunday deb Vadim tomonidan imzolangan qog‘ozni ko‘rsatdi. Ajrim haqidagi iltimosnomada Irina erining jabru jafosi tufayli kasallikka chalinganidan noligan ekan. Darvoqe, buni eri ham tasdiqlagan edi. Bu qog‘oz bir tiyinga qimmat, dedi advokat, Vadimning dag‘dag‘asiga javoban. Lekin ishonavering, kerakli tibbiy ma’lumotnomalar istalgan paytda bo‘lishi mumkin.
Vadim akademikning qudratiga endi to‘la ishonch hosil qildi. Lekin unda quvonch umidlari hali so‘nmagan edi, harholda, xonani almashtirish uchun bosh qotirmaydi; kommunalkadagi xonadan esa bir amallab chiqib oladi, axir, yetti yil burun Qozon vokzalida poyezddan tushganida ahvoli bundan ham badtar edi-ku!
Advokat Glazichevni uydan itarib chiqarganda tentak qayni qo‘lidagi darsligini yarmigacha o‘qigan edi. U Vadimni o‘z “Volga”sida Presniyaga olib kelib qo‘ydi. Tashlandiq tor ko‘chaga burilib, mebelsiz, qog‘ozlari yulingan, bo‘m-bo‘sh xonaga olib kirdi, Vadimning egnidagi kostyum, hatto tufli ham “oldin” olinganini cheklar yordamida isbotladi, lekin odamgarchilik qilib va saxovat ko‘rsatib Glazichevdan paypog‘ini, ishtoni va maykasini yechib olmadi, unga bo‘sh sovun qutisini, jild ichiga solingan shaxsiy qog‘ozlarini, ikkita piska bilan sartaroshlik dastgohini va nazariy elektrotexnikaga oid ilmiy mehnatini qaytarib berdi. Bu qo‘lyozma Irinaga tegishli edi va bahona uchun mo‘ljallangani ko‘rinib turardi, chunki bir vaqtlar uzilib qolgan aloqalarni tiklash uchun xuddi shunday usuldan foydalangan edi.
U qup-quruq yerda qariyb yalang‘och o‘tirar, tizzalarini iyagiga tirab, devorga yopishtirilgan qog‘ozdagi dog‘dan ko‘zini uzmasdi. Nihoyat, atrofiga alanglab qaradi-da, chinqirib yubordi, tomog‘iga allanarsa tiqilganday bo‘ldi. U bu to‘q dunyoning qoq o‘rtasida butunlay yolg‘iz qolganday edi. Qo‘lidagi pulni g‘ijimladi, oltmish uch rubl, qandaydir anglashilmovchilik bilan advokat tomonidan musodara qilinmagan shu pul qolgan edi uning qo‘lida; hujjatlar, mayda-chuyda narsalar va “Tayfun”ning miyasi, baxtga qarshi, ishxonada edi…
Vadim Grigorevich Glazichevning bor-yo‘q narsasi shulardan iborat edi. VAK yozgi ta’tilga tarqab ketgandi, may oyining oxirgi kuni u nihoyat dissertatsiyani tasdiqladi, lekin hujjatlar institut kadrlar bo‘limiga kelib tushmagandi, shuning uchun Vadim, fan nomzodi, tilanchi maoshi bilan yashashi kerak edi, hammayoqqa qo‘li yetadigan advokat hali uni ham kestirib beraman deb do‘q qilgandi. Uy ichi qorong‘u va dim edi, Vadim o‘rnidan turib qaradi ­ darchalar berk, derazalar qish uchun yelimlab tashlangandi, shiftda elektr ipi, abajursiz, hatto patronsiz osilib turardi, deraza rafi, chaspaklar qo‘porib olingandi. Ko‘ziga dunyo qorong‘u bo‘lib ketdi, uning zulmat bosgan bu hayotiga deraza ortidan elektr payvandidan nur tushganday bo‘ldi. Shippagini shapillatib qo‘shni kampir ko‘rindi. Unga hamdardlik bilan qarab qo‘ydi (“ichib qo‘ydingmi, lochincha!..”). Shimga o‘xshagan juldir narsani ko‘tarib keldi, teshik shippakdan bo‘lak biror poyabzal topilmadi. Vadim kampirdan bir rublni maydalatib oldi va telefon-avtomatni izlab ketdi, uchinchi urinishdan keyin hamyurtini topishga muvaffaq bo‘ldi.

6

Uni Sumkov deyishardi. Glazichevdan besh yil oldin poytaxtda paydo bo‘ldi. Uch oy davomida yeyish-ichish va yashashiga yetadigan pulni qopchiqqa yashirib, to‘g‘nog‘ich bilan Pavlodar o‘lchovi bo‘yicha shinam kostyumning ichki cho‘ntagiga qadab qo‘ygandi. So‘zamol Sumkov Moskvadan qo‘rqmasdi. O‘sha Pavlodar o‘lchamida tuppa-tuzuk bilimga ega edi, lekin kirish imtihonlaridan gursillab yiqildi-da, qandaydir xatoga yo‘l qo‘ydim, deb bosh qotira boshladi. Moskva hayotidan saboqni uni o‘sha kuni yiqitgan imtihonchilardan emas, balki ayni shu oqshom Sadovaya ko‘chasida ikki boshqa shaharlik yigitning uchrashuvidan oldi. Yoshlar Moskvaga kelganidan va joylashib olganlaridan xursand edilar. Lekin “buzoqning yugurgani somonxonagacha” deganlaridek, Sumkov bir haqiqatni yaxshi tushunib oldi. Holva degan bilan og‘iz chuchimas ekan. U imtihonlarda har qancha urinmasin, sinovchi o‘qituvchilar Sumkovni tushunishmadi. Ular yigitga dars bergan qishloq muallimlariga sira o‘xshamasdi.
Shunday qilib, hammasi barbod bo‘ldi, umidlari puchga chiqdi. Sumkov yotoqxona komendantiga ko‘rpa-to‘shaklarini topshirdi-da, jo‘navordi. To‘g‘ri Qozon vokzaliga qarab yurdi. Lekin o‘jar Moskvaga nisbatan to‘lib-toshgan g‘azabi uni taxta devor bilan to‘silgan qurilishga yetakladi. U qurilishning komsomol darg‘asiga uchrashdi. Buni qarangki, istisno ham bo‘larkan. Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi, deyishardi. U esa ishondi, hamdardlik bildirdi, kimgadir sim qoqdi, qandaydir ijroqo‘mdagi o‘rtoqlarga yetaklab bordi. Qarabsizki, chekka bir qishloqdan kelgan yigit qurilishda yordamchi ishchiga aylandi. Bu yerda u ko‘plab boshqa yoshlar qatori Moskvada vaqtincha yashash ro‘yxatiga olindi. Shunda Pavlodardan kelgan bu yordamchi ishchi o‘ziga har xil shaqildoqlar taqib olgan moskvalikka o‘xshash istagidan voz kechib, boshqacha yo‘l tutishga qaror qildi. U “shunday ish qilish kerakki, moskvalik bo‘lish bilan birga tub aholidan ancha ustun tursin” deb o‘ylarkan, shu maqsadga intildi. Shunday qilib, u har kimning ham qo‘lidan kelavermaydigan turli xabarlarni to‘plovchi va pullovchiga aylandi. U hamma joyda do‘stlar va tanishlar orttirdi, Politexnika institutini tugatgach, radioda ishladi, mikrofonni mashhur shaxslar og‘ziga tutib, undan kerak bo‘ladigan barcha gaplarni qoyilmaqom qilib yozib oladigan bo‘ldi. “Izvestiya”da Sumkovni xatlar bilan ishlashga qo‘yishdi. Eng qimmatli xatlarni yashirib qo‘ya boshladi. Xabarlarni u sotmas, balki shunday ayirbosh qilardiki, hech qachon zarar ko‘rmasdi. Uning kallasida yuzlab familiyalar, manzillar, tarjimai hol ma’lumotlari saqlanib qolardi. Sumkov bir vaqtlar ko‘zi qonga to‘lgan bezori o‘quvchilar kaltagidan asrab qolgan hamyurtini ham unutmasdi. Yotoqxonaga har zamonda kelib, undan xabar olib turardi. Vadim Glazichevning nolishlarini tinglab, u yo‘l qo‘ygan xatolardan o‘zini tergashga harakat qilardi. Vadim esa bunday xatolarga birin-ketin yo‘l qo‘yaverardi. Ularni yashirishga ham urinmasdi, onasini partiyadan o‘chirishganini, otasi bo‘lsa turli “gunoh”lari uchun partkomissiyadan bo‘shamasdi. Tentakning hayotda bir martagina omadi chopdi ­ qudratli arbobning qizi bilan tanishib qoldi, tilini tiyishi kerak edi, yo‘q, og‘zidan gullab qo‘ydi. Akademikning qizini Sumkov bir safar uzoqdan ko‘rib qoldi ­ bu devqomat qizning sonlari zo‘r-ku, dedi o‘zicha va g‘alatiroq xulosa chiqardi; zero u nasl-nasabli bir ispan xonimning memuaridagi voqea esiga tushdi. Tabiat o‘sha xonimga ikki metr bo‘y bergandi, uning qo‘lini so‘rab kelgan kuyovto‘ralar yelkasidan ham kelmasdi. O‘sha taniqli xonim qari qiz bo‘lib qolishi hech gap emasdi, agar bir daroz uchrab qolmaganda. Bir kuni issiqda biqib o‘tirsa, hovlilarini o‘rab turgan baland taxta devor naryog‘idan qandaydir shlyapa suzib ketayotgan emish. Ko‘zimga biror narsa ko‘rindi shekilli, deb o‘ylabdi devqomat ispan qiz. Lekin xizmatkorlar o‘sha shlyapani to‘xtatishibdi. Buni qarangki, haligi shlyapaning egasi daroz qizdan bir boshga baland, buning ustiga, katolik ekan. Darhol nikoh o‘qitib, to‘y qilishibdi, lekin ularning turmushlari uzoqqa cho‘zilmabdi. Chunki erkakni politsiya fosh qilibdi, u qalloblik bilan shug‘ullanarkan. Ammo uning omadsiz rafiqasi erkin qush bo‘lib, qo‘llari bo‘shab qolibdi. Oyimchaxon o‘sha qo‘llari bilan bir generalni ushlab olibdi. Garchi generalning bo‘yi pastroq bo‘lsa ham xudo “naryoq”dan bergan ekan, rosa chopag‘on chiqib qolibdi… Sumkov akademikning o‘zi haqida ham ancha-muncha narsani bilib oldi. U qo‘lga tushirgan shikoyatlardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, fan chirog‘i bo‘lgan akademik latish quloqlaridan bo‘lib, anchagina olg‘irlardan ekan. Bog‘-hovlilar qishlog‘ida qo‘shnisining yarim gektar yerini tortib olib, barcha qonunlarga zid ravishda uy quribdi, o‘zining xorijda ishlab chiqarilgan ikkita mashinasini yerosti garajiga yashirib qo‘yibdi (uchinchisini, o‘zimizda chiqarilganini Mariya Viktorovna nomiga yozdirishibdi); jadal sur’atlarda qurilgan sauna dastlabki mijozlarni qabul qilibdi, u yerda akademikning yoshgina assistent shogirdlari maza qilib bug‘lanib, terlab chiqishibdi. Sumkov qasd olish payti, albatta, yetib kelishiga qat’iy ishonardi va jallod oyboltasi akademik oilasi boshi uzra qachon ko‘tarilishini sabrsizlik bilan kutardi. O‘sha oybolta ko‘tarilgan bo‘lardi ham (Sumkov bu haqda Vadimga o‘z vaqtida aytishdan tortingan edi) agar diplomatlar oilasidan bo‘lgan kuyovchaning hovli yo‘lagidagi o‘pishishlari joniga tegib, voqeadan ancha oldin o‘z ishonch yorlig‘ini ko‘rsatishga jazm etgan edi. Bunga Irina norozilik bildirdi, lekin akademikning tazyiqi ostida baribir rozi bo‘ldi. Shuning uchun ham keyinroq darslardan bir necha kunga ruxsat so‘rab, javob olishga majbur bo‘ldi. Lapinlar qizlarining vaqtliroq homilador bo‘lib qolganiga tan berishga ham, gunoh qilib qo‘ygan va gadoyga aylangan kuyovlarining qarzlarini qoplashga ham tayyor edilar-u, kutilmaganda noshukur fan nomzodining g‘arb matbuotida bir-ikki maqolasi paydo bo‘lib qoldi-ku… Lapinlar e’tiborlarini yana rad etilgan Glazichevga qaratdilar.
Glazichevning hamyurti ta’tilga ketmoqchi bo‘lib turgandi. Qora dengizda bir miriqib dam olmoqchi edi. Bandligini bahona qilib, Vadim bilan uchrashuvni keyingi oyga qoldirsa ham bo‘lardi. Lekin Sumkov darhol yetib keldi. U hamyurtining ahvolini ko‘rib, qaytib chiqib ketdi, do‘kondan kostyum, botinka, ko‘ylak (baxtga qarshi plashi ishxonada qolgandi) va kursi ko‘tarib keldi. Sumkov hamyurtining boshiga tushgan barcha ko‘rguliklardan xabardor edi. Vadimni sartarosh xonim, shisha idishlar qabul qiluvchi ayol yoki gastronomda sharbat sotuvchi juvon bilan qo‘lga tushirishganiga u uncha e’tibor bermadi. E, bu bari mayda-chuyda gaplar. Lapinlar oilasining og‘zi bir marta kuydi ­ xuddi shunday deyishdi ular kursida o‘tirib duo o‘qiyotgan yahudiydek tebranayotgan Glazichevga. Chindan ham latishlar diplomatning o‘g‘liga chuv tushgan edilar. Biroq sovet hokimiyatiga qarshi yovuz niyatda bo‘lgan (buning uchun jazosini olgan) kuyov mosuvo bo‘ldi. Lapinlarning butun umidi pavlodarlikdan edi, u ham pand berdi; bir vaqtlar Lapinsh bo‘lgan Lapinning dunyoqarashi boshqacha. U mulkdorchasiga fikr yuritadi, unga baquvvat, xo‘jalik odami kerak, itoatkor, pul topadigan erkak bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham institutda unga, fan nomzodi Glazichevga ma’qul mavzuni ro‘para qilishdi, yetti-sakkiz yil bemalol pashsha qo‘rib o‘tirib doktorlik dissertatsiyasini yoqlashi mumkin, bunaqangi fan nomzodi qizining hayotiga rahna sololmaydi, Vadim bo‘lsa Lomonosov, Nyuton bo‘laman deydi. E, hozir ular kimga ham kerak; shunday ekan, hamyurtining aybi uning xotinbozligida emas, bunaqangi “sho‘x”liklar hozir hisobga olinmaydi, bu borada hamma allaqachon botqoqqa botgan, Ivan Ivanovich Lapinning o‘zi bu sohada qulog‘igacha gunohga botib o‘tiribdi, uning oliy martabali rafiqasi bo‘lsa yosh aspirantlar bilan oshiq-ma’shuqlik qilayapti. Yetar endi, ­ degan xulosaga keldi Sumkov (unga homiylik qilish va ustoz bo‘lish juda yoqardi), endi shuni yaxshi bilish kerakki: bizning hammamiz uchun yo‘ldan adashish, chapga bir qadam yoki o‘ngga bir qadam bosish ham man qilingan, Ivan Ivanovich buni o‘z boshidan kechirgan, bir safar oddiy narsa ­ bug‘doyning mahsulot sifatidagi qiymatiga shubhalanib xo‘p pand yegandi. “Shunday ekan, hamma balo institutning o‘zida, ­ dedi hamyurti xayrlasha turib, – unut, o‘sha toza ilm degan xayolingni, jo‘ra, uning turgan-bitgani iflos o‘zi! Nimalarnidir o‘ylab yuribsan-a, qo‘y, o‘sha turbulentli quyunlaringni…”
Glazichev esa aynan shunga ishongisi kelmasdi, axir, ishxonada hamma unga hamdard, barcha undan qandaydir yangilik kutayapti, lekin u advokatning aytganlarini eslab, “ha, hamyurtim haq!” deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi.
Harholda tekinga kelgan kostyum, botinka, ko‘ylak va kursi Glazichevda o‘zining haqligiga ishonch uyg‘otdi. Mehribon qo‘shni kampir unga bir quchoq eski gazetalar to‘plamini keltirib berdi. Vadim Glazichev uni kutayotgan shon-shuhrat arafasida xuddi o‘sha gazetalar taxlami ustida uxlab qoldi.

7

O‘sha shuhrat unga yaqinlashib kela boshlagandi. Bir haftadan so‘ng, ish kunining qoq o‘rtasida yuz berdi bu hol. “Tayfun” chiqillar, nasoslar guvillab suvni haydar, ish bir maromda borardi. Vadim orqasida qandaydir cholning inqillaganini eshitdi. Orqasiga o‘girilib, akademik Faddeevni ko‘rdi. Qariyaga buning nimaligini tushuntirib o‘tirishning hojati yo‘q edi, u hammasini yaxshi tushunardi. Hamisha, qayerda bo‘lmasin, o‘tirishni yaxshi ko‘radigan keksa akademik chorak soatcha tik turib “Tayfun”ning ishlashini tomosha qildi. Keyin shoshilib, hojatxonaga yo‘naldi. Qarilik-da, bo‘shanib, ancha yengil tortdi. Keyin telefon qilib, fan nomzodi Glazichevni suhbatga chaqirdi.
Nimadir yuz berishini sezgan Glazichev qo‘lini yaxshilab yuvdi, oq xalatining u yoq-bu yog‘ini ko‘zdan kechirdi. Xayoliga elektronchi Sidorovning so‘zlari keldi: “Hamma odamlar sotiladi. Shu jumladan men ham sotilaman, lekin oyiga yuz to‘qson rublga, na kamiga, na ko‘piga!” Eshikni taqillatib, ichkari kirdi. Lekin gap pul haqida borgani yo‘q, qariya bo‘g‘iq ovozda rezervuardagi tadqiqotlarga xalaqit berayotgan, natijalarni yoritishga to‘sqinlik qilayotgan byurokratlarni so‘kdi. Xuddi shunday ish aynan ushbu institutda, hammaga ma’lum Buldinning aybi bilan yuz bergandi.
­ Men bu bilan qandaydir hammualliflik shaklida ifodalangan bema’ni ishtirokka da’vogar emasman, ­ dedi Faddeev. ­ Yo‘q, mening unday niyatim yo‘q! Biroq, bu istiqbolli ishni cho‘zib o‘tirish mumkin emas. Lo‘ndasini aytsam, Glazichev, sen ikki-uchta maqolani qoralab tashlashing kerak. Men esa o‘z ta’sirimdan foydalanaman va hademay institutda olib borilayotgan g‘aroyib tajribalardan hamma xabar topadi…
Vadim foyda va zararni naridan-beri xomcho‘t qilib ko‘rib, rozi bo‘ldi. Chunki dastlabki ma’lumotlar jiddiy xulosalar chiqarish imkonini bergandi.
­ Yana bitta gap, ­ dedi akademik. ­ Bu haqda Buldin bilmagani ma’qul!
Ular shunday bir to‘xtamga kelishdi.
Shundan keyin Faddeev rezervuarga boshqa kelmadi. Lekin Buldin boshqarayotgan bo‘limdagi xodimlar serqatnov bo‘lib qolishdi. Shu boisdan ham u telefon qilib, tezda xonasiga yetib borishni buyurganda Glazichev hayron bo‘lmadi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasdi: ikki akademik ko‘pdan beri, aytishlaricha, talabalik kursisidan sira beri chiqisha olishmasdi. Faddeevning so‘lg‘in yuzi uning mikroinsult bo‘lganidan darak berardi. Bu sinov maydoni ­ poligonda yuz bergandi. O‘shanda, raketani uchirish oldidan blindajda turgan Faddeev oldiga Buldin kirib kelgandi, uning qo‘lida qora harflar bilan “Trotil” degan so‘z yozilgan quti bor edi. Qutining yonida ipi osilib turardi.
­ Hayot bilan vidolashaver, ­ bo‘kirdi Buldin rangi oqarib ketgan hamkasbiga. ­ Barcha yovuz qilmishlaring uchun seni o‘limga hukm qildim…
U qutining ipini zajigalka bilan yondirdi-da, sakrab tashqariga chiqdi, blindajdan chiqiladigan tuynukni og‘ir bir narsa bilan berkitib qo‘ydi. O‘shanda hech qanday portlash bo‘lmadi, lekin akademik juda qo‘rqib ketgandi. Qariya anchagacha duduqlanib yurdi, peshob qilgani tez-tez hojatxonaga yuguradigan bo‘lib qoldi.
Akademik Buldin aynan Faddeevdan boshladi gapni. Avvalo uni birovlarning fikrini o‘g‘irlashda, do‘q-po‘pisa qilib qo‘rqitishda, tovlamachilikda aybladi. Akademik Buldin hayratdan yoqa ushladi: axir, qanday qilib fan nomzodi Glazichev, davlatga foyda keltiradigan birorta tuturuqli g‘oyani o‘rtaga tashlamagan o‘sha ipirisqi chol bilan hamtovoq bo‘lib o‘tiribdi-ya?! O‘zi, Ivan Yevgrafovich Buldin esa boshqa gap. Chunki Xitoyning shimoliy viloyatlarida chorva tuyog‘ini teng yarmiga kamaytirgan mana shu (u ko‘rsatkich barmog‘ini o‘z ko‘kragiga niqtadi) Buldin bo‘ladi. Ha, ha, bu o‘sha, anavi qiyiq ko‘zlilar bilan munosabatlar keskinlashganda kompakt generator qurib, shunday chastotali nur tarqatdiki, buqalarni bepusht qildi-qo‘ydi! “Buni men qilganman, men!” ­ dedi u ko‘kragiga urib.
Va ular, Buldin bilan Glazichev, shunday bir narsani o‘ylab topishadiki, u okean ortidan keltiriladigan buqalarni nazarda tutmoqda, buning uchun esa rezervuardagi kuzatishlar natijalarini umumlashtirish kerak. Bu ishni orqaga surib bo‘lmaydi. O‘zini akademik Faddeev deb atayotgan kimsa, xunasa va zuluk, institutdagi barcha yosh iste’dodlar uning hujumiga duchor bo‘ldilar, ularning hammasi ship-shiydam qilinib, haydab yuborildi. Bu Faddeev, nihoyat, hech kimmas, hech narsamas. Hech qanaqa ta’siri ham yo‘q, aloqasi ham. Buldin esa, hayotning hamma sohalarida ko‘plab tanishga ega. Bu esa Glazichevga juda qo‘l keladi. Axir, bu nima degan gap, butun dunyoga mashhur institutning ilmiy xodimi nochor kommunalkaning jimitdekkina kulbasida kun ko‘rayapti. Vahshiylik! Sharmandalik! Buldin buni shunday qo‘ymaydi. O‘zining sodiq yordamchisini xorlatib qo‘ymaydi, uning lavozim maoshini oshirishga, munosib boshpana topib berishga qurbi ham, kuchi ham yetadi. Xullas, Glazichev bir xonali uy bilan ta’minlanadi, uch oydan keyin, yo‘q, ikki, yaxshisi, bir yarim oydan keyin yangi xonadonga ko‘chib kiradi. Shuning uchun ham u darhol Faddeevdan yuz o‘girishi kerak, darhol!
Tor-mor keltirib, fosh qiluvchi so‘zlar shiddatidan sustlashib, dovdirab qolgan Vadim, ayni paytda tantanavor bir holatda (Lapinlardan intiqom olish soati yaqinlashardi), Buldin tazyiqi bilan partkomga ariza yozib, akademik Faddeev ustidan shikoyat qildi. Bu yulg‘ich akademik Glazichev yaratgan “Tayfun” uskunasini undan tortib olmoqchi, uning rezervuarda ishlashiga yo‘l qo‘ymayapti; xuddi shu Faddeev kommunizm qurayotgan jamiyatimizning ma’naviy negizlarini toptamoqda. Bular uning (qariyaning keksalik nuqsonlari sanab o‘tilgandi) xatti-harakatida o‘z ifodasini topmoqda… Shundan so‘ng Buldinning baquvvat qo‘llari Vadimning panjasini qisib qo‘ydi. Vadim dadil qo‘l silkib, yo‘lak dahlizdan tantanavor borarkan, kimdir tashlab ketgan bo‘sh sigaret qutisini tepib yubordi.
Lekin u bo‘lg‘uvsi tantanalardan zavqlanib ulgurmadi. Chunki ertasigayoq uni Faddeev chaqirib qoldi. Qariya fan nomzodi Glazichevdan xafa bo‘lgani shundoqqina ko‘rinib turardi.
­ Kelib-kelib kimga ishondingiz o‘zi? Nahotki mana shu tavakkalchi Buldinni akademiya va farovon turmush pillapoyasiga olib chiqqan hokimiyat murvatlarini bilmasangiz? Yoki uning xitoy novvoslari haqidagi masaliga ishondingizmi? Uning qanchalik yulg‘ich ekanini eshitmaganmisiz? Tutgan joyini uzmay qo‘ymadi bu yulg‘ich. Uzib olib, o‘ziniki qilaveradi. Axir, Moskvaning o‘zida yettita uyi bor. Ular qarindoshlari yoki o‘ynashlari nomiga o‘tkazilgan. Buning ham osongina yo‘lini topgan, o‘ynashlarining familiyasini o‘zgartirib, qarindoshiga aylantirgan qo‘ygan. Sizga, Vadim Grigorevich, shunaqa bir xonali uydan va’da qilmadimi? Ishonmang, ovora bo‘lmang ham! Mening shogirdlarim esa ustozlarini juda qadrlashadi. Ana shunday shogirdlarim orasida SSSR Ministrlar Soveti Raisining o‘rinbosari ham bor.
Siz menga suyaning, sira kam bo‘lmaysiz. Yana uch oydan so‘ng, o‘zingiz bilasiz, ba’zi bir byurokratik to‘siqlarni yengib o‘tish kerak bo‘ladi, so‘ngra, uch oydan keyin, siz ikki xonali uyga ko‘chib o‘tasiz. Yo‘q, yo‘q, “Novoye Cheryomushka” metrosi yonidamas, bilaman, u yerda sobiq qarindoshlaringiz bilan bir havodan nafas olish sizga og‘ir; yo‘q, sizga beriladigan xonadon Lenin shohko‘chasida bo‘ladi. Shunday ekan, qo‘ying o‘sha fitnachini, undan yuz o‘giring, mana qog‘oz, yozing partkomga, hoziroq yozing!
Glazichevning ko‘zi ochildi, nihoyat Buldinning kimligini tushunib yetdi. Faddeevning qutqusi bilan partkomga shikoyat yozdi. Uning qalbi yayrab ketdi, bo‘lmasam-chi?! Yangi uy! Lenin shohko‘chasi! Ikki xonali uy!
U uyida pulini sanab ko‘rdi va o‘zining tejamkorligiga tasannolar aytdi. Ushbu kommunalkada yashash uchun qariyb hech narsa sotib olmadi; choyshab, sochiq, yig‘ma karavot ­ bariga ikki yuz rubl ketdi. Qolgan puli ming rubldan oshmasdi, ko‘proq bo‘lishi ham mumkin edi, biroq hammasini “Tayfun” o‘pirib ketdi, loyiha ustaxonasi montajchilariga to‘lashga to‘g‘ri keldi. Lekin, baribir, ikki xonali uyga ko‘chib kirishga yetadi!
Keyingi kuni yerto‘ladagi rezervuarga kirmoqchi edi, eshikda “kirish mumkin emas” degan yozuv, qulf osig‘liq. Qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi, eshik qiya ochildi, ichkarida laborantning tanish qiyofasi: “Siz ro‘yxatda yo‘qsiz!” Ya’ni, u, Vadim Glazichev, “begona!” Bu yerga kirishga munosib kishilar safidan o‘rin egallash uchun esa bo‘lim boshlig‘ining oldiga kirish kerak. U bo‘lsa joyida yo‘q. Glazichev, nima yuz berdi ekan, deb tirnog‘ini kemirdi, axir, yerto‘laga erinmagan har qanday odam kirishi mumkin edi-ku ­ u yerda maxfiy hech narsa yo‘q. Ruxsatnoma olish uchun bir necha joyga bosh urishi lozim, bu esa ancha vaqtni oladi, lekin qo‘lidan nima ham kelardi.
U tegishli joylarga uchrasha boshlagan ham ediki, eng kerakli kishining o‘zi uning huzuriga keldi. Firqa qo‘mitasi kotibi shaxsan o‘zi kelib laboratoriyadan hammani haydab chiqardi, Glazichev yozgan ikkita ariza solingan papkani ochdi, tashvishli bir alpozda ensasini qashidi.
­ Yomon, juda yomon… Yosh kommunist bo‘laturib… halitdan… Fisqu fasod tarqatayotibsiz, tezda partkomgacha yetib boradi, raykomdagilar ma’lumot to‘play boshlaydilar… Yaxshi emas, hecham yaxshi emas…
Glazichev qontalash lablarini qimirlatib qo‘ydi. Unga hamdard firqa kotibi esa so‘zida davom etdi.
­ Shunaqayam rasvogarchilik bo‘ladimi? ­ U shikoyatlardan birini qo‘liga oldi, keyin uni ikkinchisining ustiga qo‘ydi. ­ Sizning yozishingizcha, muhtaram akademiklar besoqolbozlik bilan shug‘ullanadi, balog‘atga yetmagan qizlarni zo‘rlovchi razil odamlar… Bu narsa jinoyat tartibida tergov qilishni taqozo etadi. Agar ular shuni xohlasalar va agar partkom tegishli tashkilotlarga murojaat qilsa… Darvoqe, jinoyat kodeksida shunday modda bor, tuhmat uchun jazolaydigan. Albatta, bu yerda shubhali holatlar, tuhmat ­ xususiy ish emas, ijtimoiy ish. Sizning shikoyatlaringiz bo‘lsa o‘ta shaxsiy, mohiyatiga ko‘ra dalil-isbotlarsiz… Lekin baribir, bu juda serg‘alva ish, partkom qo‘l qovushtirib qarab turolmaydi. Kommunist Glazichev Vadim Grigorevichning shaxsiy ishi ko‘rib chiqilishi kerak. Buning oqibati shunga olib keladiki, ehtimol bileting bilan xayrlashishingga to‘g‘ri kelardi…
“Ehtimol” va “balki” degan gaplar Vadimni qo‘rquvdan xalos etolmasdi. Partiya biletidan ayrilish hamisha hamma narsadan, hatto ozodlikdan ham mahrum bo‘lishni bildirardi. Esida bor, bunday hollar Pavlodarda bo‘lgandi. Bu yerda, Moskvada ham shunday ahvol yuz bergandi. Hamyurti bo‘lsa har bir uchrashuvida ta’kidlardi: partiya ­ sening qutqaruv qurshog‘ing, har qanday dovulda ham joningga ora kiradi. KPSS safida ekansan, ­ derdi u, ­ talashing, zo‘rlashing, o‘ldirishing mumkin, qonun seni himoya qilaveradi.
Vadim, “Nima qilish kerak?” ­ degandek partkom kotibiga qaradi. U esa papkadan toza qog‘oz oldi. Glazichev shu qog‘ozga barcha da’volaridan voz kechishini yozdi. Keyin esa yana shunday boshqa bir qog‘ozga uni o‘z xohishiga ko‘ra institutdan bo‘shatishlarini so‘rab ariza bitdi.
Vadim o‘z hisobida turgan buyumlarini topshirar ekan, seyfdan “Tayfun”ning kecha uskunadan olib qo‘yilgan “miya”sini ko‘rib qolib, cho‘ntagiga tiqdi. “Miya” ham, “Tayfun”ning o‘zi ham hech qaysi ro‘yxatda yo‘q edi. Arizaga qo‘l qo‘yib berishdi va bir soatdan so‘ng Vadim mehnat daftarchasini, sakkiz yuz rubl tangasi bilan, foydalanilmagan ta’til uchun yana shuncha pul olib, institutni tark etdi.
Xayr, institut. Xayr, jahonshumul shuhrat!
Vadim metroning “Belorusskaya ­ Koltsevaya” bekatida tushib, 18-trolleybusga o‘tirdi. Mana, nihoyat u o‘z uyida, bir xonali kommunalkada. Endi bu yerdan hech qachon chiqib ketolmasa kerak. Idish-tovoq yuviladigan chanoqqa tayanib, o‘yga toldi; bundan buyon yashaydigan yeri ­ shu joy. Xonadan zax hidi ufurardi. Nordon va chuchmal hiddan ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Bo‘lgan voqealarni birma-bir esladi, xotini Irinaning, qaynonasining gaplari quloqlari tagida jaranglab turdi. Ular to‘g‘ri aytishdi, nodon va qo‘rqoq deb juda to‘g‘ri ta’riflashdi. Ha, ular haq, ming bora haq! Anavi akademiklarni aytmaysizmi? Tayyor oshga bakovul bo‘lishmoqchi-ya!
Vadim Glazichev bir qarorga keldi. U u yoq-bu yoqni qidirib arqon axtara boshladi. O‘zini osish uchun unga arqon kerak edi. Arqon topolmadi. Qo‘shni kampirdan so‘rasamikin? Vaqtinchalik oladi, albatta. Keyin xat yozib qoldiradi, arqonni egasiga topshirishlari uchun. Ha, Glazichevlar shunaqa halol odamlar, ularga birovning narsasi kerakmas. Kichik ilmiy xodimlardan u bergan qarzlarni undirishni ham yozib qoldiradi. Eng avvalo ­ haligi yerto‘la eshigini ochmagan laborantdan ­ o‘sha ablah Vadimdan oylikkacha o‘n bir rubl qarz olgan edi.
Birdan miyasiga ajoyib fikr keldi: elektro‘tkazgich! Sim ustiga qoplangan ip uni ko‘tara olmasligi mumkin. Agar shiftni teshib ip osilgan temir ilgakka elektro‘tkazgichni mahkamlab bo‘yniga solinsa bo‘lar, ilgak pand bermaydi, albatta. Agar u aynan o‘sha xonada Lapinlar uni qafasga tiqishganday qamashgan katakda o‘zini ossa juda zo‘r bo‘ladi-da. Ularga qasdma-qasdiga! Hozir ichib olsa zarar qilmasdi, harholda akademiklar va advokatlar yo‘q o‘sha narigi dunyoga joni qiynalganini sezmay borardi-da. Do‘kon ham yonlarida, bir qadam. Lekin bo‘lmadi, o‘ziga ep ko‘rmadi.
Nima qilish kerak? Yo‘q, bo‘lmaydi, qo‘shnisi, militsiya ko‘rib qolishi mumkin. O‘ziga o‘t qo‘yib o‘ldirsa-chi? Shunga qaror qildi: oyog‘ining tagidan o‘t yoqadi-da, o‘zini elektr o‘tkazgichga osadi. Yonadigan buyum esa yonginasida, ana, qalin papka: “Fizika-matematika fanlari nomzodining ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasi”. Uni yonishga oson bo‘lishi uchun biroz to‘g‘rilab qo‘yish lozim.
Vadim Glazichev papkani ochib, silkitdi, qog‘oz varaqlari oyoqlari ostiga to‘kildi. U varaqlarni ko‘tarib yoqmoqchi bo‘lganda ko‘zi yozuvga tushdi, baqirib yuborishiga sal qoldi. Bu ­ Vadimni haydab chiqarishgan o‘sha uch xonali uydagi buyumlarning ro‘yxati edi. Servantdagi qoshiq va sanchqilar (servantning o‘zi ham, albatta), choyshab va yostiq jildlari, komod (u ham ro‘yxatda bor), turli rangdagi qo‘lsochiqlar, adyol va matras jildlari; fin sovutgich “Rozenlov”, Farbiy Germaniyaning “Gryundig” degan stereoradiolasi, yana ko‘plab boshqa narsalar, yana ikki javon to‘la kitoblar va ularning nomlari. Axir, bular hujjat-ku! Faqat notarius tasdiqlamagan hujjat. Yo‘q, nega endi o‘zini osishi kerak? Tag‘in o‘z dissertatsiyasi gulxani ustida-ya! Yo‘q! U deraza oldida turib qasam ichdi: hamma bilib qo‘ysin, u ro‘yxatdagi o‘ziga tegishli buyumlarni qaytarib oladi, albatta qaytarib oladi! Mehnatkash insonni akademik sarmoyasining kishanlaridan ozod qilish manifesti xuddi shuning uchun tuzilgan-da! “Men xuddi shunday qilaman! Shunday qilaman!” ­ deya yonib ulgurmagan gulxan ustida raqsga tushar, yuragi o‘ch olish, uch xonali uyini qaytarish va qandaydir akademikning qiziga uylanish istagi bilan yonar edi.
Buni qarangki, hammasi biz o‘ylanganchalik yomon emaskan. Hamma narsaga kuchi yetadigan advokat har qancha urinmasin, uni Moskvada yashash huquqidan mahrum qilolmagandi. Akademiklar uning firqa biletini tortib olishga har qancha urinmasinlar, eplay olmadilar. Mana o‘sha hamyurti qutqaruv halqasi deb ta’riflagan hujjat, partiya mandati uning cho‘ntagida.
Kechqurun xonasiga institut yugurdagi kirib kelganda adolat tantana qilishiga ishonch yanada ortdi! Oliy rahbarlar g‘azabda, “Tayfun” buzilgan, uskuna ishlamayapti, yetishmayotgan blokni qaytarib bering, aks holda ­ militsiya, tintuv! Lekin do‘q-po‘pisalar Glazichevga aslo ta’sir qilmadi, axir o‘sha uskuna hech kim hisobida emas, egasi yo‘q!
­ Yo‘qol! ­ baqirdi g‘azab bilan Vadim Glazichev. ­ Yo‘qol mening uyimdan, o‘zim sizlarni sudga bermasimdan oldin yo‘qol baring!

8

Bir necha kun u hech qayoqqa chiqmay yashadi. Faqat oshxonaga va non uchun do‘konga chiqib turdi. Nuqul nolib yuradigan qo‘shnisi uning uyidagi bor-budini shilib ketishdi deb o‘ylab, oylikkacha uch rubl berib turaymi, deb qoldi. Bir litrlik choydish va ikkita stakanning bittasida choy damlab, ikkinchisida ichardi. U boshqa hech narsa sotib olishni istamasdi. U bu yerda vaqtincha yashayapti! ­ Vadim shunday qarorga kelgandi. Taqdirning quyunli oqimlari uni odamlar daryosining o‘rtasigacha olib borib qo‘yardi, undan nariyog‘iga, hosildor sohilgacha esa o‘zi suzib boradi, qulay va kam aholili, bog‘-rog‘lar hamda jannat ne’matlari to‘lib-toshib yotgan o‘sha joylarda mazza qilib yashayveradi.
Va taqdirning o‘zi tashrif buyurdi ­ eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab, qo‘shni kampir kirib keldi. Uning orqasidan otasi ­ Grigoriy Vasilevich Glazichev paydo bo‘ldi. Vadim uni, onasini ham ko‘rmaganiga o‘n yillar bo‘lgandi. To‘y arafasida Irina unga ota-onasini olis viloyatdan taklif qilishni eslatgandi, lekin Vadim qo‘nmagandi. Mana endi otasi o‘zi keldi ­ Vadimning Presnyada yashayotganini Irina orqali bilibdi. Qariya qo‘rqib ketib, bu yerni qanday topishga boshi qotib turgandi, yaxshiyamki boshlovchi topilib qoldi. Uni Kirill boshlab keldi.
­ Sizni nima jin urdi, ­ dedi Vadim. ­ Oyim bilan nega ajrashdingiz?
Otasi ahmoqona javobi bilan uni lol qoldirdi:
­ Oying beqarorlik kasaliga mubtalo edi. Sen hali tug‘ilmaganding, oying KPSS Markaziy Qo‘mitasining shaxsga sig‘inish haqidagi qarorini mafkuraviy noto‘g‘ri deb qabul qildi. Keyin esa Molotov, Kaganovich va boshqalarning partiyaga qarshi guruhi haqidagi masalada ham ikkalamiz qattiq bahslashdik. Ana shundan keyin oying Markazqo‘mning Oktyabr plenumiga ham salbiy munosabatda bo‘ldi, ­ sen o‘shanda bog‘chaga qatnarding, ­ mening sabr-bardoshim tugadi.
Mana shu bir murvati kam, mana shu bo‘shang, mana shu notavon odam barcha hujjatlar bo‘yicha uning otasi hisoblanadi! Har qanday odam Kremldagi qirpichoqqa tupurgan bo‘lardi, onasi bo‘lsa, buni qarangki, boshqacha, alohida fikrda ekan. Shular ham ota-ona bo‘ldi-yu. Darvoqe, ikkalasi ham badbashara, xudo aqldan qisgan kimsalar. Qiziq Vadim kimga tortgan ekan?
­ Oying o‘lib ketganiga ancha bo‘ldi.
Vadim so‘ramay qo‘ygach, savollar juda ko‘payib qoldi, lekin bu kas unga nima deb javob bera olardi. Uni deb Vadimning butun hayoti barbod bo‘ldi. Otasi tufayli Vadim hozir mana shu kulbada yotibdi, boylarga qaram bo‘lib yuribdi. Bari shu tufayli! Axir, bu odam urush yillari ta’minot bo‘limida boshliq bo‘lib ishlagandi-ku. O‘zidan oldingi kishi singari anchagina pulni o‘zlashtirsa bo‘lmasmidi. Haligi odamning o‘g‘li ­ Vadimning sinfdoshi tanaffus paytlari nuqul nonni saryoqqa bulab yerdi. Vadimning otasi o‘marsa ham kelajagini ta’minlasa bo‘lardi-ku! Shunda u poytaxtdagi duch kelgan boyga tiz bukib yurmasdi. Otasi Pavlodarda yaxshigina xonadon sohibi bo‘lishi mumkin edi, olishiga sal qolgandi, lekin Grigoriy Vasilevich he yo‘q, be yo‘q ­ o‘z navbatini ko‘pbolali o‘rinbosariga berdi. O‘zi ishdagi xonasida tunab qolardi, o‘g‘lini esa shahardan uzoq qasabada ijarada turg‘azardi. Vadim oltinchi sinfdan o‘ninchi sinfgacha bir o‘zi yashadi. Otasini boshqa shaharga, hammom-kir yuvish trestiga ishga tayinlashdi, onasi ozgina choychaqa yuborib turardi, agar maktabda beriladigan nonushta bo‘lmasa, Vadimning ahvoli nima kechardi. Ijroqo‘m bo‘lib ishlaganda ham o‘g‘liga yordami tegmadi. Mana shunday: hamma yaxshi narsalar ­ begonalarga, o‘z bolasiga esa ­ hech vaqo! To‘yib ovqat yemaslikdan Vadim juda nimjon o‘sdi. Talabaligida ikki marta vagon bo‘shatishga yozildi ­ bir to‘yib ovqatlanay, dedi-da, lekin tushundi, jismoniy ish unga to‘g‘ri kelmaskan. Ammo onasi, onasi-chi! Tayganing xilvat go‘shasida o‘qituvchi bo‘lib ishlab yurib, ochlikdan o‘lib ketdi. Bir safar o‘sha tomonlardan o‘g‘liga xaltachada kedr yong‘og‘i yuborgandi, o‘sha xaltachani yuqori sinf o‘quvchilari tortib olishdi, o‘zini rosa kaltaklashdi, yaxshiyamki, o‘ninchi sinf o‘quvchisi Sumkov kelib qoldi, Vadimni qutqarib, bolalarni haydab yubordi.
Stakanga choy quyib otasiga tutdi, nondan kesib qo‘ydi.
­ Uyda sovutkich yo‘q, ­ dedi Vadim. ­ Shuning uchun saryog‘ va boshqa tez buziladigan narsalarni olib o‘tirmayman.
Qariya nondan tishlab, choydan ichdi:
­ Rayon ta’minot va sog‘liqni saqlash bo‘limi xonalariga yarim yil qatnadi, nihoyat qo‘yib berishdi, ­ dedi u, yasama jag‘larini olib o‘g‘liga ko‘rsatmoqchi bo‘lib, Vadim teskari o‘girildi. Bir narsa taskin berardi: kulbasi tor bo‘lgani uchun mehmonga tunab qolishni rad etsa bo‘ladi. “Ota, o‘sha uch xonali uyga boraqoling, o‘ylardi Vadim, qani joyimiz tor deb bahona qilib ko‘rishsin-chi?!”
Lekin mana shu kulbada ham qo‘shnining fe’li yomon, birovlarning bu yerda yotib qolishiga ruxsat bermaydi deb bahona to‘qishga o‘rin qolmadi. Qariya o‘rnidan turdi, hojatxonaga kirib chiqdi, o‘g‘liga sovg‘a (bir quti sigaret) va telefon raqami yozilgan qog‘oz parchasini tutqazib xayrlashdi. “Yaqin ikki hafta ichida meni shu telefondan topishing mumkin”, dedi. Hovlida kutib turgan badbashara Kirill cholning qo‘lidan ushlab, yetaklab ketdi, Vadim endi tushundi: otasi qariyb ko‘r bo‘lib qolgan ekan-ku! Qandaydir “Anti-Dyuring”ga izohlarni o‘qiyverib ko‘zidan ayrilibdi bechora. Shuning uchun sovg‘aga filtrsiz sigaretni tanlagan ekan-da, telefon raqami yozilgan qog‘oz parchasiga qaragisi kelmadi, xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasidagi biror mehmonxonadir-da, “Zarya”mi yoki “Kolos”. Holbuki, otasi Kalinin viloyatidan boshpana topgan edi. Biroq yovuz niyatli Lapinlar nima uchun anovi g‘arib Kirillni unga yetakchi qilib berishdi? Ha, sobiq kuyovlarini yana bir bor tahqirlash uchun shunday qilishgan!
Labini tishlab, ensasini qashigancha, peshonasini tirishtirib barcha boylarga la’nat o‘qirdi. Axir, uning Pavlodardek vataniga, bahaybat (182 santimetr) bo‘yiga, mehnati va ko‘zyoshlariga, peshona teri bilan yozilgan va himoya qilingan dissertatsiyasiga ko‘z olaytirgan o‘shalar edi-da. U hali ularga ko‘rsatadi, qilmishlari uchun hali ming pushaymon yeydilar.
Lekin baribir ­ u otasidan tashvishda edi. Vadim xonadan o‘choq boshiga, u yerdan yana xonasiga borib-kelar, otasi haqida o‘ylardi. Xayolida shunday manzara gavdalanadi: Irina Lapina-Glazichevaning uch xonali uyi joylashgan baland minora qulab tushadi, uning sobiq xotini hali tegib ulgurmagan yangi eri bilan xarobaning tagida qoladi. Faqat ko‘p qavatli binogina emas, sobiq qarindoshlarining hammasi yemirilishi haqida orzu qilarkan, yerda yotgan bir parcha qog‘ozga ko‘zi tushdi. Bu o‘sha otasidan qolgan va Irinaning qo‘li bilan telefon raqami yozilgan qog‘oz parchasi edi. Shu telefon baland binoning to‘qqizinchi qavatida, bir vaqtlar Vadim yashagan va hozir xayolida qulab xarobaga aylangan uch xonali uyida edi.
Yana bir mazax qilish! Yana bir tahqirlash, tarsaki tushirish! Yo‘q, Vadim Glazichev tolstoychi emaski, ikkinchi yuzini ham tutib bersin!
U har kuni ertalab hafsala bilan soqol olar, uyidan chiqmay o‘tirar, ikkala akademik emaklab kelib, bosh egib, undan institutga qaytishini so‘rashlarini kutardi. O, shunda u akademiklar ustidan bir maza qilib kulsinki! Bu muttahamlarni bir boplasinki! Lekin ­ kechiradi, albatta, unga bir xonali uyni to‘g‘irlab berishsa. Kechiradi. Ammo, bordi-yu, Ivan Ivanovich Lapin ­ Lapinsh kelsa, Vadim uning surbet basharasiga tupuradi, ha, ha, tupuradi! Hatto u Vadimga uch xonali uyni barcha buyumlari, lekin Irinasiz, qaytarib bergan taqdirda ham!
Hozir uning qasoskor rejalaridan olayotgan zavqi unga tasalli berolmasdi, zero ular oxir-oqibat yomon natijalarga olib kelardi: Vadim qamoqqa tushardi. Xona emas, qafas! Qafas! Bir kishilik hujra qamog‘i. Undan esa aslo chiqib bo‘lmaydi! Bunday holatda afvi umumiy kutilmaydi, pul esa tugab borayapti. Mana, noyabr ham boshlandi, hademay sovuq tushadi.
Bir kuni kulbasiga kirdi-yu, eshikni yopib, uzoq o‘ylanib qoldi. Unga kimdir yaxshi xabar bilan keladiganday tuyuldi. Hayotda ba’zan shunday mo‘jizalar ham bo‘lib turadi-ku! U mo‘jizalarga ishonardi.
Bir safar u yashayotgan kulba yaqinidagi axlat tashlanadigan idishlarga qarab xayol surayotganda, ular ustiga yoqqan qor juda chiroyli ko‘rinib ketgandi, kimdir uni chaqirganday bo‘ldi. Vadim boshini ko‘tarib, Sidorovni ko‘rdi. U qo‘li bilan imlab uni chaqirdi. Vadim shoshilib uning yoniga chiqdi. “Tez bo‘l! Tez! ­ shoshirardi u. ­ Pasportingni ol! Ketdik! Tezroq!”
Vadim bu la’nati Lapinlarning biror hiylasi bo‘lsa kerak deb, o‘jarlik ko‘rsatdi, soqoli olinmaganini, kiyimidan zax hidi anqiyotganini ro‘kach qildi. Bu vaziyat erksevar Sidorovni yanada zavqlantirdi:
­ Yanayam yaxshi! Yana-da yaxshi! Pasportingni olvol! Ertaga sening alohida xonadoning bo‘ladi! Bir xonali, albatta. Agar bu yerda sen bilan yana kimdir yozilgan bo‘lganda edi ­ ikki xonaligi tegardi. Olg‘a! Tezroq berish kerak!
Taksi to‘xtatishib, qanaqadir muassasaga yetib borishdi, yo‘l-yo‘lakay Sidorov ma’nodor qilib: “Isroil, emigratsiya” deb qo‘ydi. Lekin bu so‘zlar Glazichev uchun hech ma’noni anglatmasdi. Lekin kechqurunga borib muassasalardagi ko‘pgina kishilar bilan gaplashganidan keyin shu narsa ma’lum bo‘ldiki, bunday ayirboshlash Vadimga shaharning qariyb qoq markazida, Profsoyuz ko‘chasida bir xonalik uyga ega bo‘lish imkonini berarkan. Faqat mol boqishgagina yaraydigan Qizil Presnyadagi o‘sha xonaning bu tarzda shoshilinch ravishda mebel bilan jihozlangan, qo‘shnisiz va telefoni bor bu boshpana (xonadonga “Rekord” televizori ham qo‘shib berilardi)ga ayirboshlash hech qanaqa mantiqqa mos kelmasdi. Hatto, hamma narsani biladigan Sidorov ham ma’yusgina iqror bo‘ldi:
­ Biz, ruslar, buni qayoqdan…tushunardik. Hatto tatarlar ham tushunmaydilar. Bu yerda yahudiylarning noinsoniy miyasi kerak bo‘ladi. Sinay qumlarida qirq yillab sarson-sargardon yurib qovjiragan miya… Ular o‘zlarining qovjiragan miyalarini jannatmonand yer haqidagi orzulari bilan sug‘ormoqdalar. Venger matematiklaridan birining ta’biricha: inson miyasi ­ bu yo‘lbarsning so‘yloq tishidir, u fikrlashga emas, yashab qolishga xizmat qiladi. Hozirgi sovet yahudiylari ushbu ayirboshlashni o‘ylab topishdi. Oila Isroilga ko‘chib ketayapti, lekin jini suymaydigan bu davlatga uch xonali uyini tashlab ketishni istamaydi, shu tariqa ayirboshlashlar boshlanadi, yahudiylar mo‘maygina pul ishlaydilar. Keyin qandaydir yo‘llar bilan bu pullarni valyutaga aylantirib beradigan joylariga jo‘natadilar. Bu harakat qayta-qayta ayirboshlashni, yelib-yugurishni taqozo etadi. Bu ishga ko‘plab yahudiylar va yahudiy bo‘lmagan oilalar jalb qilinadi. Natijada fan nomzodi Glazichev ham uylik bo‘lib qoladi, ustiga yana pul ham oladi.
Hushyorlikni yo‘qotmagan Vadim ehtiyotlik bilan aniqladi: nega endi Sidorovning o‘zi yahudiy aqli mahsulidan foydalanmadi?
Sidorov tan olib qo‘ya qoldi:
­ Afsus, pushaymonman! Sening barcha kulfatlaringda men aybdorman. Men! Men ikki buyuk baloxo‘r ­ Faddeev bilan Buldin sening ustingda turganini hisobga olmabman. Ular har qanday odamni egallab oladilar, ular rollarni allaqachon taqsimlab olganlar… Menga esa uyning keragi yo‘q. Menga yerto‘la ham kifoya. O‘sha yerto‘lasiz men Sidorov bo‘lmay qolaman.
Hujjatlarni rasmiylashtirish biroz cho‘zildi. Oradan ikki kun o‘tdi. Nihoyat, Glazichev pasportini ichki bir hayajon bilan varaqlab ko‘rdi, yangi joyga qayd qilingani haqidagi muhrni topgach, beshinchi qavatdagi bir xonali uyning sobiq sohibining qo‘lini qisib qo‘ydi. Xonaning bitta derazasi tor ko‘chaga ochilardi, ikkinchisidan esa Profsoyuz ko‘chasidagi mashinalar oqimi yaqqol ko‘zga tashlanardi. Karavot, divan, javon, bo‘mbo‘sh kitob tokchalari ­ Vadim unutolmayotgan uch xonali uydagidek chexlarniki emas, sovetlarniki. Keksa va g‘amgin yahudiy mehmonnavozlik bilan ishora qildi ­ marhamat, endi hammasi sizniki, egalik qilavering… Mana telefon raqami, darvoqe, men uni sizning nomingizga o‘tkazib qo‘yganman. Telefon qiling…
Shundan so‘ng Vadim mardikor yollab xonadagi barcha buyumlarni chiqartirib tashladi. Chunki ular ro‘yxatdagi me’yorlarga to‘g‘ri kelmasdi. U bo‘sh xonaga kirib, yayragancha qulochini kerdi. Yoniga nimadir botgandek bo‘ldi. U qo‘lini shimining orqa cho‘ntagiga solib, “Tayfun”ning miyasini topdi.

9

Yahudiylar Glazichevga ko‘chib o‘tgani uchun uch ming rubl berishdi, xonaning egasi esa qiynalgani evaziga sakkiz yuz rubl qo‘shib qo‘ydi.
– Ha, dunyoda hali adolat bor! ­ degan qarorga keldi Vadim ko‘rgan xo‘rliklari va azoblarini o‘ylarkan. Bu ko‘rgiliklarga Lapinlar oilasi aybdor, yoki sartarosh ayolmi? O‘sha! ­ xulosa qildi u. Achchiq-shirin damlar aynan o‘sha sotqindan boshlangandi. Advokatning puli evaziga soxta guvohlik bermoqchi bo‘lgan o‘sha; Presnyadagi axlatxonaga yetaklagan-chi? O‘sha. Vadim xuddi o‘sha yerdan Profsoyuz ko‘chasidagi uyning beshinchi qavatiga ko‘tarildi. To‘g‘ri, bir safar uni uchratib qolib basharasiga tushirmoqchi bo‘lganida o‘sha malla qanjiq yig‘ladi, yalinib-yolvordi, keyin uyiga boshlab ketdi. Sartarosh xonimning shinamgina xonasida Vadim erib ketdi, kechirdi, karam sho‘rvasini maqtadi, ha, yaxshi pishirish uning qo‘lidan kelardi. Keyin esa necha bor unikiga kirib turdi, sho‘rvasidan, kotletidan tatib ko‘rgani, divanida yotib ko‘rgani…
So‘ngra ertalabdan to‘ppa-to‘g‘ri soch-soqoli olinmagan holda sartaroshxonaga kirib keldi. Xonim uning sochini olib, soqolini qirtishlab, chiroyli qilib qo‘ydi, Vadim “ustara haqini kechqurun uyingga borib to‘larman”, dedi. Lekin xonim “hisob-kitob uchun pulni to‘lamasang bo‘lmaydi” deb, kechqurun borishiga rozi bo‘ldi. Vadim xafa bo‘lmadi, mundoq o‘ylab ko‘rib, kechqurun bormaslikka qaror qildi. Uning har tungi tashrifi o‘n rublga tushayapti, o‘zi bo‘lsa ishsiz, pul topolmayati. Hali ish topishi ham dargumon. Bu jumboqni vaqt hal qiladi. Yangi uy olgani esa jihozlar topishini taqozo etardi. U bir-ikki bor do‘konga borib, mebel qaramoqchi bo‘ldi, lekin yuragi betlamadi. Irina bilan yotgan divan-karavot esiga tushib ketdi. Nihoyat, o‘lchagich olib, xonadonini o‘lchab chiqdi. Xosxona ­ 9,8 kvadrat metr, oshxona ­ 7,2, dahliz ­ 9,7. Ha, uch xonali uydagidek emas. Ancha tor. Xosxonada Irina bilan muhabbat o‘yinlaridan zerikkach, oshxonaga chiqishardi. O‘sha oshxona bunga nisbatan ikki baravar keng edi. Shularni o‘ylarkan, qanday mebel olsam ekan deb boshi qotdi.
U poytaxtdagi mebel magazinlarini uch kun aylandi. Oshxona uchun “Mtsiri” garniturini (430 rubl) topdi va yozib qo‘ydi, lekin ancha kutishga to‘g‘ri kelardi. Uch xonali uy chizmasida ikkita “Xelga” sekreteri har biri (980 rubldan) belgilandi. Vadim ularni Lenin shohko‘chasidan topdi. Biroq kitob javoni hech qayerda ko‘rinmasdi. Ular buyurtma bilan yasalarkan. Hali navbatga turish kerak. U “xona” garniturini hech qayerdan topa olmadi. Bu majmuga yozuv stoli, ikkita oromkursi, divan va jurnal stolchasi kirardi. Javon-chi? Esdan chiqarganini qarang-a! Javonni mehmonxonaga qo‘yish kerak!
Umuman, bir xonali uyga hech qanday garnitur to‘g‘ri kelmasdi, javon esa sig‘ishi mumkin. Uch xonali uyni hali kutish kerak. Baxtni qarangki, unga chex kitob tokchalari uchrab qoldi. Vadim taksiga pul to‘lamaslik uchun tokcha taxtalarini o‘zi ko‘tarib keldi. Tokchani bir amallab o‘rnatdi, lekin hozircha uyida bitta ham kitob yo‘q edi. Tokchaning eng yuqori qismiga “Tayfun”ning miyasini qo‘ydi. Hozircha Vadimga uning foydasi tekkani yo‘q, lekin umidvor edi, undan mo‘jiza kutardi. Xuddi o‘sha mo‘jiza unga gilam, sholcha, uyga kerakli boshqa jihozlarni keltirishi mumkin. Bunday jihozlar Irinada, ya’ni o‘zining avvalgi uch xonali uyida xorijniki edi. “Otta” garniturini eslashning o‘zidan esa bosh aylanadi!
U Lapinlar oilasidan o‘ch olish rejasini keyinga surdi. Chunki hali u uyiga idish-tovoq, pichoq, qoshiq degan zarur narsalarni olishi darkor edi. Irina ovqatni qozonda pishirardi, uni qayerdan topish kerak? Umuman, nimada o‘tirish kerak? Yuragini changallaganicha, bir amallab stul, qoshiq, sanchqi, alyuminiy qozon sotib oldi.
Sidorov tasavvurining mevasi bo‘lgan “Tayfun”ning miyasi bo‘m-bo‘sh kitob tokchasida chang bosib yotardi. U o‘zining mavjudligi bilan ishni qayerdan qidirishi kerak, pul va umuman garniturni qayerdan topish mumkinligidan darak berib turardi. Institutga borish lozim! Fizika kafedrasiga! O‘qituvchi bo‘lib! O‘sha yerda nomzodlik uchun ham to‘lashadi, o‘sha yerda xo‘jalik shartnomasi bo‘yicha ishlar bo‘ladi, o‘sha yerda ishtahasi karnay talaba qizlar to‘lib yotibdi!
Yangi uy ziyofatiga taklif qilingan hamyurti institutlardagi barcha bo‘sh joylarni esida saqlardi, u ogohlantirib qo‘ydi: mehnat daftarchangni maktab o‘qituvchisi degan atama bilan bulg‘ab o‘tirma, sabr qilib kutsang, biror institutning pullik kafedrasiga joylashib olasan.
Institut bilan kafedra topildi, lekin joy sessiyadan keyin, ya’ni semestr tugagach, bahorning oxirlarida bo‘sharkan. Hamyurtining qiyiq ko‘zlari (uning ajdodida qozoq qoni bor edi) qat’iy edi, so‘zlarini kesib gapirardi, nima demoqchi ekanligi Vadimga yetib borsin deb, har bir iborani chertib-chertib aytardi. U ketgach, Vadim ancha vaqtgacha uxlay olmadi, yig‘ma karavotni g‘ijirlatib, kechasi bilan o‘ylab chiqdi. Ajdodlari irsiyatida rus bo‘lmaganlar ham bormikan, deya bosh qotirdi. Hamyurtining fikriga qaraganda, faqat begona yurtliklar Rossiyada yaxshi yashasharmish. Ular kamchilik bo‘lganlari uchun inoq yasharmishlar, biz, ruslar, shu jumladan, moskvaliklar ham, tanbal, tarqoq, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlamaymiz.
Vadim uchun shu to‘rt oy juda tig‘iz bo‘ldi: u do‘konlarni aylandi, gilamlarni ko‘zdan kechirdi. Ularni Lapinlar uyidagi gilamlar bilan taqqosladi. Lekin ularni sotib olmadi. Bunday gilam va sholchalarni olish uchun bir qop pul kerak bo‘lardi. Mebel do‘konlaridan tez-tez xabar olib turdi. Baribir, hozir navbati yetib kelsa ham, u sotib ololmasdi. Puli yo‘q edi.

10

Nihoyat, ish topildi! Oziq-ovqat sanoati instituti bo‘sh o‘rin mutaxassis tanlovida fan nomzodi Vadim Grigorevich Glazichev g‘alaba qozonganini e’lon qildi. U o‘qituvchi qilib tasdiqlandi. Endi u do‘konma-do‘kon tentirashiga vaqt bo‘lmasligini yaxshi bilardi.
Vadim qariyb bo‘m-bo‘sh mebel do‘konida yoqimli bir juvon bilan tanishib qoldi. Xonim mushtumini botirib, matras tarangligini tekshirishni, karavotni silab-silab ko‘rishni juda yoqtirarkan. Ular tanishgach, biroz ko‘cha aylanishdi, keyin shunday bo‘lib qoldiki, Vadim o‘zini haligi juvonning xonasida ko‘rdi. Buni qarangki, juvonning uyidagi karavot, u hali do‘konda ko‘rib yoqtirgan va nozik qo‘llari silab qo‘ygan karavotning aynan o‘ziday edi. Ular ertalabgacha o‘sha karavotda yotib, uning nihoyatda yaxshiligiga amin bo‘lishdi. Shu bilan ularning muhabbat mashqlari ham nihoyasiga yetdi. Tushga yaqin juvonning eri safardan qaytib keldi. U ham esdan chiqib ketardi-yu, kafedra mudiri kasal bo‘lib qoldi. U bo‘lsa, odatda, butun kursga fizika bo‘yicha yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan dastlabki ma’ruzani o‘qirdi. Kasal bo‘ldimi, bahona qildimi yoki yangi tajribasiz o‘qituvchini og‘ir sinov bilan sinab ko‘rmoqchi bo‘ldimi ­ buni aniqlashga Vadimning vaqti yo‘q edi. Tinim bilmas, haddan tashqari toliqar edi. Yuz ellik odam, ko‘pki, kam emas, auditoriyaning oxirigacha to‘ldirib o‘tiribdi, uchdan ikki qismi qizlar, ularning hech qaysi birini Vadim aniq ko‘rolmaydi, hammasi yagona bo‘lib to‘lqinlantiruvchi ayol qiyofasida ko‘zga tashlanardi. Ularga qarab, haligi eri safarga ketgan juvon keladi ko‘z o‘ngiga, ana Vadim uni shoshmasdan yechintirayotir, ehtimol, eriga birinchi marta xiyonat qilayotgandir, qizarib ketdi, iymanibgina yotdi, ko‘zlarini qo‘llari bilan berkitib oldi, ­ xuddi shu payt uyatsiz Irina yaqin o‘tmishdan suzib chiqdi. U shahvoniy munosabatlarga oid barcha ilm, qo‘llanma va usullarni suv qilib ichib yuborgandi. Irina qurg‘ur bir safar qadimiy usullardan birini qo‘llashga urinib Vadimning o‘mrovini sindirib yuborishiga sal qolgandi. O‘sha muhabbat bandasi ehtirosdan junbushga kelib harakat qilar ekan, qizarmas, uyalmas va qarshilik ko‘rsatmasdi. Ayni shuning uchun ham Vadimga yoqimsiz, keraksiz va irkit bo‘lib qolgandi… Hislari yana bir parvoz qildi-yu, xotirasida “Tayfun” miyasi muallifining so‘zlari jonlandi: “Aslida fizika fan emas! U kuzatuvlar va tajribalar umumlashmasidir…”
Talabalar tinchlanib, Glazichevni tinglashga tayyorlanishdi va fan nomzodi gapga tushib ketdi. U gapirar, xayolida esa Irina bilan yaqinda tanishgan juvon charx urardi, o‘sha ilmiy ma’noda, albatta. Vadimning gaplaridan talabalar hayrat bilan shuni bilib oldilarki, fizika ­ bor-yo‘g‘i minglab tajribalarni tartibga solgan to‘plamdan iborat ekan. Shuning uchun ham tajribalar muqaddasdir, uni sevish kerak…
Mahliyo bo‘lib qotib qolgan auditoriyada ­ o‘lik sukunat. Vadim bo‘lsa asta-sekin qizishib borar, xayolan eng yaqinroqda o‘tirgan talaba qizni yechintirarkan, inson tajribasining barcha nazariyalar ustidan tantanasi haqida, odam ko‘zi va qulog‘ining ulug‘vorligi to‘g‘risida gapirishda davom etardi. O‘zicha, talaba qizcha buni sezmagan holda kuragini yaqinlashtirib va yelkasini engashtirib siynabandini yechishda erkak qo‘llariga yordam berayotganini tasavvur qilib, yuzlarcha qizlarga tabiatning o‘zi og‘irlashgan olmani shoxdan to‘ppa-to‘g‘ri Nyuton oyoqlari ostiga tashlarkan, insoniy idrokka ro‘para qilishini gapirdi, nazariyaning o‘ta murakkabligini eslaydi, shuning uchun laboratoriya tajribalarini nihoyatda nazokat bilan o‘tkazish va darsliklarda tavsiya qilingan masalalar mohiyatiga e’tibor berish kerakligini ta’kidladi.
Hali tanaffus uchun qo‘ng‘iroq chalinishigacha u xayolan yana uchta talaba qizni yechintirdi va gulduros qarsaklar yangrab, to‘rtinchi jononni yalang‘ochlashga imkon bermadi. U peshonasidagi terni artib, minbardan tushdi va dekan qo‘lini qisib tabriklar ekan, institut tanlovda yanglishmaganini tan oldi.
Ushbu ma’ruza haqida institut bo‘ylab afsonalar tarqaldi, qizlar unga duch kelganda yo ataylab ko‘zlarini olib qochishardi, yoxud u bilan gaplashishga harakat qilishardi. Uning tantanasi haqidagi gap hamyurtiga tezda yetib bordi. U Vadimni qizg‘in tabrikladi, to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldi: hamkasblar uchun bir yuvishing kerak, institutda tomir yoyish lozim. Vadim biroz ensasi qotdi ­ birinchi maoshgacha kutib turdi, keyin lozim bo‘lgan va Moskva mezoni bilan binoyidek dasturxon yozdi (mebelni qo‘shnidan olib turishga to‘g‘ri keldi). Harholda, fan nomzodi, yaxshigina maosh oladi, shunga yarasha kattagina harajat qildi, uning tengqur hamkasblari to‘qqiz shisha araqni so‘nggi tomchisigacha ichishdi, to‘g‘ri, bittasini ulardan kimdir olib kelgandi; sovg‘alar, odatdagidek, xo‘jalik mollari edi. Shunga qaramay, bunday kayfu safoga berilish mumkinmas degan qarorga kelindi. Bu ahvolda hech qanaqa pul yetishmaydi, olinadigan narsalar esa qanchadan-qancha!
Kafedraning ikkita chaqqon assistenti xo‘jalik shartnomasi asosida Glazichevni o‘zlariga biriktirib qo‘ydilar, shuning uchun endi unga har oyda qo‘shimcha ellik-oltmish rubldan tushadigan bo‘ldi. Vadim uzoq o‘ylab yurgandan so‘ng, nihoyat devor javon sotib olishga qaror qildi. Uni yuklovchi mardikorlar (yuz rublga) olib kelib, birpasda yig‘ib ham berishdi. U xonaning bir tomonini butunlay egalladi. Lekin negadir kechasi g‘ichirlar edi, aftidan, ichini kiyim-kechak bilan to‘ldirishga undardi. Univermagda bir kostyumni ko‘rdi, juda ma’qul keldi. Lekin yosh o‘qituvchilar talabalar rusumida kiyinishardi. Ammo u yoqtirgan kostyumning bir tomoni o‘ziga ma’qul kelmadi, u Moskvaning “Bolshevichka” fabrikasida tikilgan edi. Glazichev poytaxt mahsulotini sotib olishni o‘ziga haqorat deb bildi va qirq rubl qo‘shimcha to‘lab, sal yomonroq bo‘lsa-da, Chexiyada tikilgan kostyumni xarid qildi. Agar Pavlodarda shunday kostyumlar tikilsa bormi, bir yarim, ikki baravar qimmat bo‘lsa ham jon-jon deb sotib olardi. Ikkita patak ko‘ylak, uchala bo‘yinbog‘ javondan joy olgani uni ancha quvontirdi. Alam qiladigan tomoni shunda ediki, Irinaga tegishli bo‘lgan o‘sha javondagi kostyum frantsuzlarniki edi. Hozir qayerdan topasan o‘shanday kostyumni? Aytishlaricha, Markaziy univermagda yuz raqamli bo‘lim bor emish, o‘sha yerdan eng yaxshi molni sotib olsa bo‘larkan, lekin u yerga allaqanday hujjat talab qilinarmish. Bu hujjat qandaydir alohida kishilarga berilarmish. Bu odamlar uning kostyumni sotib olishayotganini tasavvur qilib, o‘sha vijdonsiz kimsalarga nisbatan Glazichevning mushtlari tugildi.
Yig‘ma karavot ustida hayot qaynardi. Uning oyoq tomoniga Vadim stul qo‘ydi. Endi oyoqlari osilib turmaydigan bo‘ldi. U karavot sotib olishdan tiyilib turardi. Chunki karavot: sen mangu bo‘ydoq qolishingni bildirardi. Agar u ikki kishilik bo‘lsa, yoningda ayol bo‘lishini taqozo etardi, natijada, farzand tug‘ilardi, demak, uch xonali uy olishga to‘g‘ri keladi, albatta u Irina paytidagidek bo‘lardi, lekin Irinasiz… Shu bilan orzular ham barbod bo‘lardi. Yig‘ma karavot esa qo‘zg‘algan hirsini pasaytirar, karavot bo‘yicha sheriklik qilishi ehtimol bo‘lgan talaba qizlar darsdan so‘ng savol so‘ragani yopirilishganda undan bir qadam, hatto bir necha qarich masofada bo‘lishardi. Maslahat paytida bo‘lsa ular Vadimning yonida stol atrofida o‘tirishar, ulardan Irinanikidan kam bo‘lmagan atir hidi anqirdi. Qizlar yoki allaqachon qizligidan ayrilganlar, lekin hammasi ayol zotidan edilar, o‘zlarini tutishlari va imo-ishoralari bitta maqsadni ko‘zlardi ­ erkaklarning, o‘qituvchining e’tiborini o‘ziga qaratish, moyillik uyg‘otish, toki uning qo‘li “qoniqarli”dan past baho qo‘yishga bormasin. Ayrim qizlar esa o‘zlarining kamtarona bilimlari uchun yuqoriroq bahoga ehtiyoj sezardilar. Ha, umuman, bu bilimlar kimga ham kerak edi, ayniqsa sharobshunoslik fakultetida?
Lekin qizlar o‘zlarining ustunliklarini yaxshi bilishardi, ko‘z suzib tuzoqqa ilintirishning hadisini olishgandi, ishqiy aloqalarning huquqiy jihatlaridan o‘qituvchilar yaxshi ogoh, aynan: sen talaba qizni o‘la-o‘lguncha, go‘rga kirguncha sevishing, u senga sadoqatidan qasamlar ichishi va ikkalangiz yumshoq to‘shakda nikohdan o‘tishdan oldin shahvat lazzatidan to‘yguncha bahramand bo‘lishingiz mumkin; ammo qonun shafqatsiz, u shuni nazarda tutardiki, sendan oladigan bahosi tufayli taqdiri senga bog‘liq bo‘lgan qizni o‘zing bilan yashashga majbur qilding, shu sababli jazo olishing tayin.
Mana shunaqa, buning boshqa iloji yo‘q! Talaba qiz dekanatga kirib og‘iz ochsa bas ­ yo unga uylanasan, yoki institutdan haydalasan va boshqa o‘quv yurtlarining eshiklari senga taqa-taq berkiladi. Noinsof qizlar buni yaxshi bilishadi, ko‘z suzib, qosh qoqishadi, imo-ishora qilishadi, yelkalarini yalang‘ochlab qalbingizga o‘t yoqishadi.
Hayot emas bu, g‘urbatning o‘zginasi! Moskva avtomobilsozlik institutida ishlaydigan hamkasbi ­ nazariy mexanika kafedrasining assistenti Glazichevga foydali bir taklif bilan kirganida bu g‘urbatlarning hammasi barham topdi-qo‘ydi. Qandaydir ish bilan oziq-ovqat sanoati institutiga kelgan uchar assistent Glazichevning ayol zotiga suyagi yo‘qligini sezdi-da, g‘oyasini unga shipshidi, Vadim bundan juda ta’sirlanib ketdi. Assistent taklif qilgan g‘oya chaparasta changlanish deb atalardi. Rostini aytganda, kishini lol qoldiradigan darajada zo‘r g‘oya edi. Buning uchun shunday qilinardi: assistentga turli usullar ­ imo-ishora yoki imzosiz xat bilan talaba qiz sinov daftaridagi kerakli ball uchun ko‘ngilxushlikka rozi ekanini ma’lum qilardi, shunda unga dahliz yo‘lakda ketayotgan payti shivirlab assistentning akasi bilan tanishishni taklif qilinardi. Yaxshi baho olish, talaba stipendiyaga erishishi ­ tanishuvning muvaffaqiyatli o‘tishiga bog‘liq edi. Glazichev ham xuddi shunday yo‘l tutib, talaba qizga jiyani bilan uchrashishni tavsiya etardi. Hayajonli masala ­ uchrashuv joyi, ya’ni uy yoki biror xona haqida muammo ham hal bo‘ldi. Uylangan va hayot tajribasiga ega bo‘lgan assistent Glazichev xonasini ko‘rib, shunga ishonch hosil qildiki, yig‘ma karavotda ilmni tekshirib bo‘lmaydi. Har ikkalasining baxtiga assistentning uzoq qarindoshi ­ Jazoirga ketgan muhandisning vaqtincha egasiz xonadoni topildi, kalitning nusxasi yasatildi. Tekin ichimlik bilan Yerevan ta’minlaydigan bo‘ldi, konyakli yashiklar fizika laboratoriyasiga o‘tkazilmasdi: armanlarni uch yulduzli ichimlikni nurlantirish yo‘li bilan yanada ko‘proq ishlab chiqarish mumkinmi degan masala qiziqtirardi.
Talaba qizlarni ayirboshlash jadal sur’atda borardi. Ba’zan juda g‘aroyib tasodiflarga duch kelinardi. Moskva avtomobilsozlik instituti talabalari yaxshi baholar olish uchun turli hiylalar ishlatishardi, qizlar ular bilan rostakamiga tanishishni istardilar, bunda guldastalar taqdim qilinsa yanada yaxshi, uchrashuv tasodifan yuz berishini xohlardilar. Qizlar o‘zlariga tegajog‘lik qilayotgan notanish kimsaga ishonchsizlikni mohirona ijro etardilar, keyin qahvaxonaga birga borishga zo‘rg‘a ko‘nardilar, undan keyin esa “sinov”dan o‘tgani borishga rozi bo‘lardilar. Ayrimlari qayta imtihon topshirishni istab qolardilar, lekin Glazichev juda qattiqqo‘l edi va shafqatsiz edi, chunki navbat kutib turganlar talabini ham qondirishi kerak edi-da. Vadim o‘zida g‘alati holni seza boshladi: unga faqat moskvalik qizlar kerak edi! Faqat poytaxt nozaninlariga choptirgan ayg‘iri sovib bo‘lgachgina ko‘ngli joyiga tushardi. Talaba qizlar, odatda, poytaxt tub aholisining birinchi avlodidan bo‘lardi, Glazichev esa ajdodlari Moskva daryosi ortida yoki Maroseykada o‘rnashib qolganlarni ma’qul ko‘rardi. Haligi safarga ketgan muhandisning ayoli ana shundaylardan edi. Vadim unga uch marta telefon qildi, har safar go‘shakni erkak kishi ko‘tardi va u kechirim so‘radi; nihoyat u juvonni chaqirib olishga muvaffaq bo‘ldi, Vadimning manzilgohiga yugurib kelgan ayol birinchi galda mushti bilan niqtab kiraverishdagi matrasning yumshoqmi-qattiqligini tekshirib ko‘rdi.
MAIning kechki fakultetida o‘qiyotgan bir talaba qizga bu xona shu qadar yoqib qoldiki, buni assistent ham, Vadim ham sezib ulgurishdi, u imtihon va sinovlardan ataylab yiqiladigan odat chiqardi. Bir kuni navbatdagi mijoz ­ talabaning ko‘nglini olib, eshikkacha kuzatib qo‘ydi-da, endi o‘zi ham ketmoqchi bo‘lib turganda telefon jiringlab qoldi. Bu haligi ikkinchi talaba edi; bugun bormasam bo‘lmaydi, dedi u. Ota-onamdan chiqib ketolmayapman. Chiqdim deguncha yetib boraman. Kechqurun oltigacha qo‘ng‘irog‘imni kut. Ko‘zoynakli, ozg‘in bu qiz Glazichevning joniga tega boshlagandi, lekin rostini aytish kerak, ancha saxiy edi, har safar ishini bitirgach, uning pidjagi cho‘ntagiga yuzta, ikki yuztalikni tiqib qo‘yadi.
­ Mayli, oltigacha, ­ dedi Vadim. So‘ng vaqtni o‘tkazish uchun go‘shakni ko‘tarib, eri safarga borib turadigan ayolning telefon raqamini terdi, har ehtimolga qarshi. Buni qarangki, uyda ekan, go‘shakni juvonning o‘zi ko‘tardi! Ayol shosha-pisha:
­ Telefon qilganing yaxshi bo‘ldi, rahmat, ­ dedi. ­ Hozir erim aylangani chiqib ketayapti. Men hozir yoningga yetib boraman. Taksi to‘xtatsam bo‘ldi…
Glazichev go‘shakni qo‘yib, karavotiga yugurdi, hozirgina chiqib ketgan qizdan belgi qoldirmaslik uchun o‘rinni tuzata boshladi. To‘shakni qoqib, adyolni endi tekislab bo‘lgan ham ediki, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi: ikkinchi qiz bostirib kirdi. “Oltiga yetib boraman degandi, yigirma besh daqiqa o‘tdi”. Nima qilish kerak? Safarga ketadigan kishining xotini hozir yetib keladi, shu atrofda turadi…
U ikkinchi qizni yo‘lakdayoq yechintirib karavotga yotqizdi, oradan o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas, eshikdan itarib chiqarib yubordi-da, yangi mijozni kutib olishga zo‘rg‘a ulgurdi. U uyiga telefon qilib, eriga nima balolarnidir uqtirdi-da, kechasi to‘qqizgacha Vadimning yonida qolib ketdi. Hayajondan terlab ketgan Glazichev “Profsoyuz” ko‘chasidagi kulbasiga jo‘nadi, lekin yo‘lda fikridan qaytib “Akademik” bekatida tushib qoldi. Shu atrofda, univermag biqinidagi uyda yaqindagina tanishgan bir xonim turardi. Avtomat-telefondan sim qoqdi: to‘rt soat ichida to‘rtta xonimni eplasa ­ nima qilibdi? Yana shuni e’tiborga olish kerakki, keyingi moskvalik ayol uncha-munchaga ko‘nmaydigan, bolasi bor uyida sira yaqinlashtirmaydi, tashqarida esa ­ ayozli qish, ishqiy rag‘batga juda noqulay.
Yo‘q, xonimni baribir ko‘ndirdi, telefon budkasiga olib kirdi… Uyiga tantanavor bir tarzda qaytib borarkan, metrodan sartarosh juvonga telefon qilmoqchi bo‘ldi, bugun unga ham hafsala qilmoqchi edi. Lekin uning Ryazan tomonlardan ekanini eslab qoldi-yu, hafsalasi pir bo‘lib, popugi pasaydi!

11

Bugun u yana tantana qilgan kun edi!
Olovga qo‘ygan choydishi uning esidan chiqib ketgandi, xuddi ertalabki badantarbiya qilayotgandek, qo‘llarini silkitib, yolg‘iz kalta ishtonda xona bo‘ylab naridan-beri borib kelardi; u musht o‘qtalib dag‘dag‘a qilarkan, Moskvani, uning erkak aholisini la’natlar, ayollarga xayrixohlik bildirar, ularning barchasini, hatto KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi Andropovning qizini ham, agar u bor bo‘lsa, qo‘shib homilador qilishga qodir ekanini to‘ng‘illab qo‘yardi. Yoki unga uylanadi, kotibning qizi bilan nikoh saroyidan ­ u smokingda, xotini esa oppoq ko‘ylakda ­ chiqadilar, ularni kutayotgan mashinaga o‘tirib, to‘y avtomobillari korteji kuzatuvida yo‘lga tushadilar, butun Moskva osmonini limuzinlar chinqirig‘i tutadi.
Yo‘q, bu mashinalar chinqirig‘i, signali emas, plitaga qo‘yilgan choydishning chiyillashi edi. U yugurib borib gazni o‘chirdi. Choydishning erib ketishiga sal qolibdi. Choy damladi-yu, ichishga shoshilmadi. Zero, keyingi kunlar g‘alabalaridan juda ruhlanib ketgandi.
Vadimning bayrami yana bir necha kun davom etdi, o‘ch olish rejalari ko‘payib va kengayib boraverdi. Lapinlar oilasi yoppasiga va bitta-bitta, advokat ham qo‘shib qirib tashlandi, biroq ma’nan va jisman yakson qilingan, bir vaqtlar iblislarcha hiyla ishlatgan o‘sha advokat Glazichevga uch xonali uyning orderini va “Jiguli” kalitini tutqazishga ulgurdi.
Shu kunlarda o‘qituvchilari har yili o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rikka haydab qolishdi. Vadim Glazichev ayol vrachlar oldida mag‘rur holda, bu xonimlar uning erkaklik shavkatidan zavqlanishsin degan maqsadda gerdayib yechina boshladi. Ayollardan biri kesatib, unga tanbeh berganida ham parvo qilmadi.
Yana Moskva yengildi va oyoq osti qilindi! Yana! Shunday bo‘lgan va shunday bo‘ladi!
Ayozli fevral qorlarini g‘archillatib bosib borarkan, Vadim shunday o‘ylardi, shunday orzu qilardi. Uning orzu va o‘ylariga Moskva qaqshatqich zarba berdi, Glazichevni yana bir bor yer bilan yakson qildi, uni Qizil Presnyaning ovqat chiqindilari tashlanadigan yuvindi idishlariga uloqtirishga sal qoldi.
Kechqurun soat to‘qqizlarga yaqin uyiga qaytaturib, u kafedraning dimiqqan majlisidan so‘ng biroz toza havo olay deb bir bekat oldinroq, uyiga yaqinroq bo‘lgan “Akademik” stantsiyasida tushdi. Taxta devor bilan to‘silgan maydonga yaqinlashganda, u yerda nimadir qurilayotgan edi, uch kishini ko‘rib qoldi, ko‘rmasligi mumkin emasdi, chunki ko‘zi juda o‘tkir edi. Haligi uch kishi devorning taxtasi ko‘chgan joyiga qarab yurishdi, ularning o‘rtadagisi mustaqil yurolmasdi, uni ikki yonidagilar yetaklab borishardi. Ularning harakati Vadimga g‘alati ko‘rindi. U to‘xtadi, bir qadam chetga o‘tdi-da, tepasida chiroq yonib turgan ustun orqasiga berkinib, ularni kuzata boshladi. Oradan bir daqiqa ham o‘tmay haligi ikki yetaklovchi qaytib chiqdi, o‘rtada oyoqlarini sudrab borayotgan uchinchi kishi yo‘q edi. Bu ikkovi, yo‘lga chiqib olgach, u yoq, bu yoqqa qarab qo‘ydilar-da, dadil yurib ketdilar.
Vadim ularning izidan tushdi. Ko‘rinib turibdi, ikkita moskvalik poytaxtga kelgan odamni, ehtimol, pavlodarlikdir, to‘nashdi. Yoki o‘ldirishdi, shunday bo‘lishi mumkin. Nima qilish kerak? Baqirsinmi? Yordamga chaqirsinmi? Kimni? Militsiyanimi?
Uning o‘zi paydo bo‘ldi: militsiya gazigi “Profsoyuz” ko‘chasi bo‘ylab ohista yurib kelardi. Ulardan ikki qadam narida jinoyat sodir etilganini ular qayerdan ham bilishsin…
Glazichev otilib chiqdi, mashinaga urilishiga sal qoldi, lekin, baribir uni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Militsionerlarga voqeani tushuntirib, qo‘li bilan uzoqlashib borayotgan ikki odamni ko‘rsatdi. Mashina oldinga tashlandi, Vadim ham. Gazikdan ikkita serjant otilib chiqib, qochayotganlarni tappa bosishdi. Ularni mashinaga joylab, chopib borayotgan Vadimning orqasidan yurishdi. To‘siqning taxtasi ko‘chgan joyiga yetishganda militsiya kiyimidagi haydovchiga tayinlashdi: “Vaska, qochmoqchi bo‘lishsa, otib tashla!” Haydovchi to‘pponchani o‘ynatarkan: “Jim o‘tiringlar” deb qo‘ydi.
Serjantlar haligi joydan qonga belanib yotgan odamni olib chiqishdi. “Tez yordam” ham yetib keldi. Vrachlar yaradorni doka bilan bog‘lasharkan, serjantlar orqa o‘rindiqdagi yo‘lto‘sarlarning cho‘ntaklarini titib, o‘zlari uchun zarur bo‘lgan narsalarni olishdi. Yana bir militsiya mashinasi yetib kelib, yaradorni va Vadimni oldi-da, bo‘linmaga jo‘nadi. U yerda haligi ikki jinoyatchi qo‘liga kishan solingan holda o‘tirishardi. Bo‘linmada kimgadir telefon qilib ma’lumot berishdi:
­ O‘rtoq podpolkovnik! Talonchilik… ha… o‘ldirishga urinishgan… ha…
­ Rahmat! ­ dedi baravariga serjant Vadimga, ko‘rsatgan hushyorligi uchun minnatdorchilik bildirib.
U bir necha kun o‘zicha faxrlanib yurdi, keyin bo‘linmada eshitganlaridan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, haligi ikki yo‘lto‘sar o‘smir moskvalik emas, Saratov viloyatining bir chekkasidan, jabrlanib, o‘lishiga sal qolgan va Vadim tomonidan qutqarilgan yigit esa asl moskvalik ekan.
Juda alam qildi, shubhalar qiynadi. Shubha-gumonlardan qutulish uchun militsiya bo‘linmasiga keldi. Hushyorligi uchun Glazichevga tashakkur bildirishgan o‘sha bo‘linmada unga juda yomon munosabatda bo‘lishdi, baqirib berishdi, hatto uni huquq-tartibot organlari ishiga xalaqit berayapsan deb ayblashdi. Buni qarangki, shu yilning 14 dekabrida hech kim birovni qo‘lga tushirmapti, ayniqsa hushyorlik qilgani uchun o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘layotgan Vadim yordamida… Jahli chiqqan Glazichev norozilik bildirmoqchi edi, o‘zini qamab qo‘yishdi. Hibsdan uni haligi ikki serjant ozod etib, yo‘lgacha chiqarib, bu yerga boshqa kelma, deb maslahat berishdi.
Vadimning g‘azabi qaynadi, militsiyaga va surbet poytaxtga nafrati oshdi. Talabalar ta’tili boshlangandi, u biroz jahlidan tushdi va Glazichev kitob qidirishga kirishdi. Ro‘yxatdagi kitoblardan ba’zilarini sotib olgandi. Lekin anchagina narsani sotib olishni mo‘ljallagandi. Olibsotarlardan Jek Londonning ko‘k jildli, Anatol Fransning yashil jildli kitoblarini arzon-garovga xarid qildi. Shularning o‘ziyoq chex javonlarini to‘ldirdi. Bu esa ro‘yxatdagi ba’zi qatorlarni o‘chirishga imkon berdi. 17-raqamli qatorda “Jahon adabiyoti kutubxonasi” yozilgandi. Undagi kitoblar esa ikki yuz jilddan oshiq edi. Buning uchun javonning o‘zi yetishmaydi. Kamida uch xonali uy va kitob javonlari kerak bo‘ladi.
Shu ro‘yxat bilan u metroda 11-tramvay yo‘nalishigacha bordi. So‘ng tramvayda “Bogatir” ko‘prigigacha yurdi. Oftob charaqlab turar, havo ajoyib edi. Izmaylov parki xiyobonlarida kitobsevarlar izg‘ib yurishardi. Kitoblarni, odatda, yashirib sotishardi. Militsiya yo‘l qo‘ymasdi. Vadim qirq rublga Gamsunning ikki jildligini sotib olishga muvaffaq bo‘ldi. Bir yuz oltmish besh rublga olingan aynan shu kitoblar oldinlari Irinaning javonini bezab turardi.
U qilgan xarididan xursand bo‘lganicha xiyobon bo‘ylab ancha aylanib yurdi, so‘ngra bir so‘qmoqqa burildi-da, qandaydir yashik ustiga o‘tirib, cho‘ntagidan ro‘yxatni oldi (oladigan narsalarining ro‘yxatini hamisha yonida olib yurardi) va esidan chiqqan narsalarini ­ chang‘i, unga kiyiladigan botinka, surtiladigan moy, keyin kitoblar ro‘yxatini oldi va olishi kerak bo‘lgan sport buyumlariga oid risolalarni tirkab qo‘ydi.
– Juda ajoyib kun bo‘ldi-da, ­ o‘yladi Vadim. Shu kuni taqdir uni noyob kasb sohibi bo‘lgan buyuk bir inson bilan uchrashtirdi. U Sidorov singari radioelektronika bo‘yicha mutaxassis emasdi. U jamiyatshunos edi. Vadimning orqa tomonidan tasodifan kelib qolgan bu odam uning qo‘lidagi ro‘yxatni ko‘rib qoldi. Afsuslanganday tilini takillatdi va gap tashladi:
­ Ro‘yxatingizdagi kitoblar juda noyob, ularni Moskvadan topish qiyin. Ayrimlari Lenin kutubxonasida chang bosib yotibdi. Ular hozir sotuvda yo‘q. Lekin shaxsan men, ­ u o‘zini tanishtirdi, ­ kechirasiz, men ­ Rushnikov Leonid Sergeevich, jamiyatshunosman…
­ Men, Vadim Grigorevich… Glazichevman…
­ Ro‘yxatingizda juda qimmatli kitoblar bor ekan, bu o‘ta qimmatli ma’lumot. Chunki mamlakatda nimani o‘qitishadi, buning hisob-kitobi faqat kutubxonalarda olib boriladi. Lekin aholiga qanday kitoblar kerak, Sovetlar mamlakatining fuqarolari nimalarni o‘qishni xohlaydilar ­ bu sirli jumboq. Shuning uchun ham kitob sotiladigan joylarda qisqacha so‘rab-surishtirish yo‘li bilan haqiqatni bilishga urinamiz…
Jamiyatshunos qirq yoshlarda edi. Ko‘rinishi va gapirish ohangidan saxovatli va o‘ziga to‘q va obro‘-e’tiborli odam ekanligi sezilib turardi. Bir so‘z bilan aytganda, Rushnikov Vadimning ishonchini qozongandi. Talaba qizlardan bo‘sh bo‘lgan kunlari Vadim kitob do‘konlarini aylanardi. Ana shunday kunlarning birida juda g‘azabi qaynadi: qandaydir bir yigit, ko‘rinishidan ishchi bo‘lsa kerak, uning ro‘yxatida qayd qilingan kitobni shundoqqina burnining tagidan ilib ketdi. Kitob unga nimaga kerak? Ichishi o‘rniga kitob olishiga balo bormi?
Xuddi shu fikrlarini jamiyatshunosga to‘kib soldi Vadim. Leonid Sergeevich unga qat’iy e’tiroz bildirdi:
– Yo‘q, – dedi Rushnikov, – unda bizning ishchi-dehqonlar mamlakatimiz dunyoda eng o‘qiydigan yurt ekani nima bo‘ladi?
Bu fikr jamiyatshunosga juda maroqli tuyuldi. Leonid Sergeevich Rushnikov sekingina kuldi, Glazichevga ehtirom bilan qarab qo‘ydi. U bo‘lsa, unga cheksiz ishonch bildirib, ro‘yxatini ko‘rsatdi. Jamiyatshunos ro‘yxatga qarab Vadimga nima izlayotganini darhol ilg‘ab oldi-da, ba’zi birlarini topib berishga harakat qilishini aytdi.
– Hamma gap, buni sizga qanday xabar qilishda, – dedi Rushnikov.
Vadim telefoni raqamini aytdi. Rushnikov yozib o‘tirmadi, chunki yodlab qolgandi. Vadim olimning xotirasi juda zo‘r ekanini oldindan sezgandi.
– Mening tushunishimga qaraganda, siz “Profsoyuz” metrosi atrofida yashaysiz?
– Ha, – dedi Vadim va (militsiyaga bo‘lgan nafratidan hali tushmagandi) so‘radi: – Sovet kishilari hamda ayrim fuqarolarning jamoatchilik tartibini saqlash organlariga munosabatini jamiyatshunoslar qanday baholaydilar? Masalan, yaqinda…
U militsiya bo‘linmasida bo‘lgan voqeani, uni qanchalik xafa qilishganini gapirib berdi.
– Siz kechiring ularni, o‘sha hukmdorlar malaylarini, – dedi Rushnikov, mehribon ko‘zlari bilan hamsuhbatiga termulib. – Axir, ular yovuzliklaridan emas, shafqatsiz hayot zarurati tufayli shunday qilishgan. Militsiya ahlida shunday bir tushuncha bor: tashabbuskorni qo‘lga tushirish, degan. Ya’ni, o‘sha serjantlarning o‘zlari, birov aytmasdan turib, ichki bir da’vat bilan shubhali shaxslarni ushlaydilar va o‘sha fuqarolar qidirib yurilgan jinoyatchilar bo‘lib chiqadilar. Bunday tashabbuslar uchun mukofotlar beriladi, unvoni oshiriladi, lavozimi ko‘tariladi. Agar bordi-yu, kimdir, xuddi sizga o‘xshab, ularni jinoyat ustiga boshlab borsa, ularga ko‘maklashib yuborsa, demak, bu sizning fuqarolik burchingiz…
U boshini alam bilan silkitib, dunyoning takomillashmagan va militsiyaning gumrohligiga achinib chuqur iztirob chekdi. Xo‘rsinib qo‘ydi. Glazichev bilan iliq xayrlashdi va Stendal va Meterlinkni topishga va’da berib, kitobsevar Vadimdan militsiyani kechirishni yana bir bor iltimos qildi.
– Meni ham afv eting, sizni bezovta qildim… Har xil serjantlar bizning fanimiz – jamiyatshunoslikni tushunmaydilar ham. Kitob savdosiga oid raqamlarni oladilar-u, aholining barcha ehtiyojlari qondirildi, deb o‘ylaydilar.

12

Shunday qilib, u militsiyani kechirdi, chunki yangi tanish unga juda yoqib qolgandi, Vadim jamiyatshunosga ishondi.
Lekin militsiya ham fikrini o‘zgartirdi. Bir hafta o‘tib, qo‘ng‘iroq jiringladi, Vadimni bo‘lim boshlig‘ining o‘zi taklif qildi. Xuddi jamiyatshunosga o‘xshab hurmat bilan, bo‘lib o‘tgan voqeani qoralaganday oq sochli boshini sarak-sarak qilib gapirdi. “Yana bir bor minnatdorchilik bildiramiz!” dedi. Keyin esa yuqori organlarning vakillari Vadim bilan gaplashmoqchi ekanini qo‘shib qo‘ydi.
O‘sha vakillar ikki kishi bo‘lib qo‘shni xonada kutayotgan ekan. Ularning Glazichevga qandaydir favqulodda sirli va maxfiy ishlari bor edi. Eshikni yopisharkan, hech kim yo‘qmikin deb, tashqariga yana bir bor alanglab olishdi-da, jiddiy suhbatga o‘tishdi. Eng achinarli tomoni shundaki, deyishdi ular, – uning, ya’ni Glazichevning ishtirokida juda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan jinoyatchilarni qo‘lga tushirish rejasi barbod bo‘lgan. Chunki haligi jinoyatchilar tergov manziliga olib ketilayotganda qochib ketishga muvaffaq bo‘lishgan. O‘sha jinoyatchilar xavfli, o‘ta xavfli, militsiyaning hushyorligini bo‘shashtirish uchun o‘zlarini oddiy talonchilar qilib ko‘rsatishga urinishgan. Endi ularni qo‘lga tushirish kerak, shu boisdan Glazichevning yordami judayam zarur. Chunki u o‘sha sovet hokimiyati dushmanlarining yuzini ko‘rgan yagona odam hisoblanadi, nimaga deganda jinoyatlar qochib ketaturib, ularni ushlashda qatnashgan ikki serjantni o‘ldirib ketishgan. Glazichev Vadim Grigorevich o‘sha yovuz dushmanlarni qo‘lga tushirishda jamoat tartibini saqlash organlariga yordam berishga rozimi?
So‘rashmasa ham bo‘lardi, Glazichev yordam berishdan bosh torta olmadi. Unga mashinkada matn yozilgan bir varaqni uzatishdi. Mazkur qog‘oz Vadim Grigorevich Glazichevga haligi jinoyatchilarni uchratib qolsa, huquq-tartibot organlarini xabardor qilish mas’uliyatini yuklardi. Vadim qog‘ozga qo‘l qo‘ydi va sovet hokimiyati dushmanlarini qo‘lga tushirishga rahbarlik qilib hushyor turgan xodimning telefonini eslab qoldi.
O‘rtoqlar u bilan xayrlashib qolishdi, Vadim bo‘lsa militsiyadan chiqib va ikki mahallagacha yurib, birdan o‘zini tutolmadi, xoxolab kulib yubordi. Voy, ahmoqlar-ey! Voy, gumrohlar-ey! Haligi o‘ldirilgan deb aytilgan serjantlar sog‘-omon yurishibdi. Militsiya bo‘limiga yaqinlashganda ko‘rib qoldi ularni. Haligi ikki o‘rtoq shuning uchun ham agar qochoqlarni qo‘lga tushirish cho‘zilib ketsa, boshqa rayonga o‘tib turishni taklif qilishgan ekan-da. Jinoyatchilar yashirinayotgani taxmin qilinayotgan joyga yo‘llashdi uni. Qip-qizil kallavaramlar! Unga qo‘l qo‘y deb bir varaq qog‘ozni uzatishdi. Bir safar advokat uni boplab aldagandi. Shu boisdan ham u matnni diqqat bilan o‘qib chiqdi. Unda majburlovchi va ziyon-zahmat yetkazuvchi hech narsa yo‘q. Militsiyaning ko‘nglini ovutish uchun oyda ikki marta sim qoqib: jinoyatchilarga o‘xshagan kishilar uchramadimi, deb qo‘yilsa, bas. E, hech qanaqa jinoyatchilar ham yo‘q, bu aniq. Umuman, militsiya o‘z sha’nini yerga urmaslik uchun haqiqiy fidoyi odamni sal chetroqqa surish kerak bo‘lib qolgandi.
Taqdir unga yana yordam qo‘lini cho‘zdi va unga ishonch bilan javob bermaslik gunoh bo‘lardi, u o‘zini hushyorlikka chorlab shunday qildi ham. Vadim telefon qilgan jamiyatshunosga yangi joyga ko‘chib o‘tish haqida lom-mim demadi.
Ular “Kutuzov” metrosida uchrashishdi, so‘rida o‘tirishdi. Jamiyatshunos va’da qilgani – ro‘yxatdagi uch kitobni olib kelgandi.
– Mana bu – uyimniki, – dedi Rushnikov telefon raqami yozilgan bir parcha qog‘ozni uzatar ekan. Vadim ham unga o‘z telefonini yozib berdi.
Oradan bir hafta o‘tdi. Qochib ketgan jinoyatchilarning ovchilari Vadimga telefon qilib, uning huzuriga kelishdi, o‘zlari bilan olib borib Quyi Maslovkadagi bir uyni ko‘rsatishdi, yana shuni ham eslatishdiki, unvoni bo‘lgan ilmiy xodimlarga qo‘shimcha yigirma kvadrat metr tegishli, mana o‘sha qo‘shimcha joy, yangi turar joyingni rasmiylashtirsang bo‘ldi.
Mana, bu boshqa gap, deya suyundi Vadim, endi Profsoyuz ko‘chasidagi kulba, rayijroqo‘m bilan ham xayrlashsa bo‘ladi. U yashash sharoitini yaxshilashni talab qilib rayijroqo‘mga ikki marta kirgandi, fuqarolarning jinoyatnomalari bilan shug‘ullanuvchi qizcha bir safar tishini g‘ijirlatib: “Odamlar hanuz yerto‘lalarda yashayapti, ko‘pbolali oilalar katalaklarda kun kechirishyapti, siz bo‘lsangiz…” degandi. Voy tentak-ey, uning kimligini bilmaydi-da.
Endi taqdir menga kulib boqyapti degan to‘la ishonch bilan Vadim bo‘lajak uyini ko‘zdan kechirardi. “Mtsiri” degan oshxona garniturini ko‘rganda uning kayfiyati yanada ko‘tarildi. Axir, ro‘yxatdagi xuddi shuning o‘zi edi-da! Xarid qilishni orqaga surib yurganidan juda quvondi. “Yaxshiyam, shoshilib sotib olmagan ekanman”. Sobiq sohiblari kerak bo‘lmaganidan yoki ko‘chib kirayotgan yangi uy egasining orzusidan xabar topishganidan uni qoldirib ketishganga o‘xshaydi.
Mardikorlar yuklarini xonaga olib kirib berishdi. Vadim xonadonda yolg‘iz qoldi, derazalarni ko‘zdan kechirdi, oshxonaga kirdi. Qayerdadir yaqin atrofda Jukovskiy akademiyasi, tevarakda – uylar, uylar, uylar… Hammasi bir-biriga o‘xshaydi, Pavlodarda hech bo‘lmasa har xillik bo‘ladi.
Lekin – bu ikki xonali uy. Shuning o‘zi katta yutuq. Taqdir uni hadeb siylayvermaydi, bir kuni peshonasi “taq” etib devorga tegishi mumkin. Axir, hamma ham anavi organ xodimlariga o‘xshab ahmoq emas. Yangi uyga ko‘chib kirishi bilan unga eslatib qo‘yishdi: xonadoningizga odamlarni taklif qiling, ularni o‘zingizga jalb qiling… Nima, ularni o‘z hisobidan yediradi, ichiradimi? Chuchvarani xom sanabsiz!
Uy hujjatidagi yozuvga ishonqiramay, butun uy ichini metr bilan o‘lchab chiqdi. Hammasi ko‘ngildagidek. Kerakli buyumlar, kitob javoni sotib oldi. Kitoblarni joylashtirarkan, birdan esiga tushib qoldi. Axir u qo‘ldan kitob sotib olayapti, ularga na chipta, na biror hujjat yozib berilmayapti. Bordi-yu, uylansa, keyin xotini uydan haydab yuborsa, uning mol-mulkka haqqi bo‘lmasligi kerak. Buning uchun kitoblar nikohgacha sotib olinganini isbotlovchi chipta yoki hujjatlar kerak.
Lekin buni qanday qilsa bo‘ladi? Darhol Rushnikovga sim qoqdi, maslahat so‘radi. Jamiyatshunos sotgan asarlarini nodir kitoblar do‘koni orqali hujjatlashtirib beradigan bo‘ldi. Rushnikov ketgach, Vadim kitoblarni ko‘zdan kechirdi: Amalrik, Zinovev, Avtorxanov, Oruell, Pimenov, Limonov. Bunaqa mualliflarni Irina saqlamasdi. Lekin hozir bularning hech qanaqa xavfli joyi yo‘q, nodir kitoblar do‘koni orqali o‘tkazildi, axir. Hamma qo‘rqib, qaltiraydigan qandaydir Soljenitsin emas har holda. Avtorxanov (“Hokimiyat texnologiyasi”)ga ko‘z tashladi – turgan-bitgani raqamlar: partiyaning falon qurultoyda noiblar soni pistoncha, Markazqo‘mga saylanganlar shuncha… Biram zerikarliki! “SSSR 1984 yilgacha yashay olarmikin?” – Amalrik o‘z kitobini shunday atabdi. Hozir o‘sha 1984 yil-ku, aziz o‘rtoq!
Kitoblarni baribir o‘qidi: qariyb bepul, axir, qo‘ldan sotib olishga to‘g‘ri kelsa, eh-he, qancha pul to‘lash kerak! Cho‘ntagida partbilet bilan yonma-yon asrayotgan o‘sha ro‘yxatni necha marta qarab chiqdi. Haligi muallif yo‘q edi unda.
Yig‘ma karavotni taxladi, mahkam bog‘ladi, polietilen bilan qopladi-da, boloxona ayvoniga olib chiqib qo‘ydi: endi uning joyi shu yerda. Xo‘jalik shartnomasi bo‘yicha qo‘liga kattagina pul tegdi, taxta karavot – kat buyurtma qildi, xuddi uch xonali uyidagiga o‘xshaganidan. Vadim endi shunda yotardi.
Sessiya tugashiga hali ancha bor, “ikki”chi qizlar kamaygani yo‘q, Vadim qariyb har kuni uchrashuvga chiqib turardi. Har kechaga ikkitadan talaba qiz to‘g‘ri kelardi. Shu kasb-kor bo‘yicha hamkasbi, politexnika institutidan chiqqan raqobatchi ancha pand bera boshlaganini aytdi. Tag‘in hech kutilmaganda maorif maydonida keksa muallima paydo bo‘ldi. MDU o‘qituvchisi bo‘lgan bu shum kampirni Vadim yomon ko‘rib qoldi. U poytaxtdagi barcha “ikki”chilar qismatini yengillashtirishni xohlab qolgandi: yosh yigitlarga o‘ch bo‘lgan bu professor kampir uchun Vadim o‘z institutidan sinovlardan o‘tish qiyin bo‘lgan erkak mijozlardan topib berishi kerak edi. Chaparasta changlatish tizimi ba’zan pand berib qolardi, lekin mehnat yaxshi tashkil qilingan taqdirda bunday muvaffaqiyatsizliklar juda kam yuz berardi. Ammo bir safar Vadimda kutilmagan hol sodir bo‘ldi. Miyasiz talaba qizlarning navbatma-navbat kelishi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishiga qaramay, orada uzilish yuz berdi, bu narsa Glazichevni larzaga soldi…

13

O‘sha iliq aprel kuni uning vaqti juda tig‘iz edi, Moskva avtomobilsozlik institutidan keladigan “ikkichi” talaba qizga bir yarim soat vaqt ajratgandi. Shuning uchun hamkasbi belgilagan uchrashuv joyi metro Fili yo‘nalishining “Smolensk” bekatiga barvaqtroq keldi. Hamkasbining ta’rifiga qarab “ikki”chi qizni darrov ajratdi. O‘rta bo‘yli, bug‘doyrang bu qiz gazeta do‘koni yonida turgan ekan. Vadim aylanib o‘tib, yaxshilab razm soldi. Qovoqbosh qizning ancha yoqimtoy ekanligidan xursand bo‘ldi. Ishqiy o‘yinlarning barcha usullarini yaxshi o‘zlashtirib olgan Vadim endigina “eskimo” sotib olib yeyishga tutingan navbatdagi o‘ljaga yaqinlashdi.
– Bu bandai bechoraga ham ozginasini qoldirsang yaxshi bo‘lardi, – dedi Vadim, – ehtirosdan bag‘riga o‘t tutashgan tashna yigitga rahm qil…
– Ola qol! – “Ikki”chi qiz “eskimo”ni Vadimning og‘ziga tiqdi. Bunaqangi erkaliklarga ko‘nikkan nomzod (ayrim talaba qizlar dastlabki tanishuvda gapni so‘kinishdan boshlar, oilaviy ahvolidan so‘roqqa tutishardi) muzqaymoq¬dan tishlab uzib oldi-da, odatdagidek, ob-havo, navbahor haqida gap ochdi, keyin so‘radi:
– Qayerda o‘qiysan o‘zing, bechoragina?..
– Bechoragina MDUda o‘qiydi, – dedi qiz. – O‘zing qayerga panja urding? Maslahat kerakmasmi?
Qiz Vadimga yoqa boshlagandi. Ha, shubha yo‘q: “ikki”chi! Xuddi o‘sha, hamkasbi aytgan qiz.
– Juda soz. Menikiga ketdik. Ba’zi narsalarga o‘rgatasan, – dedi Vadim Jazoirga ketgan mutaxassis uyining kalitini qo‘lida o‘ynarkan. – Tezroq bo‘laqol, ishim boshimdan oshib yotibdi. Ha, o‘zingda ham… Sizning MAIda ham doim shoshma-shosharlik…
“Ikki”chi qiz ko‘zlarini lo‘q qilib unga qaradi:
– To‘xta, to‘xta… MAI? Nega MAI? Nimaga dovdirayapsan? Men senga MDUdanman deb aytdim-ku!
Vadim so‘kib yubordi, obbo, qovun tushirdi-yu. MDU! Axir, haligi “ikki”chi yigitlarni talab qiladigan pedofilka Antsiferova o‘sha yerda-ku! Uning ro‘parasida esa ayol jinsidagi shaxs turibdi. Tag‘in deng, barcha ikkilamchi jinsiy belgilari bilan! Ko‘kraklari, ko‘zlari, lablari, oyoqlari – rosa “ketvorgan”. Ammo, balki shum kampir boshqacha tushuntirgandir? Yoki u o‘zining o‘rniga qarz bo‘lib qolgan mana bu qizni yubordimikin? Yoxud, aksincha, Antsiferovaning o‘zi bu go‘zaldan qarzdormikin?
– Menga qara, qizgina, sen Antsiferovadan emasmisan?
Tanish familiyani eshitib qizgina “voy-y” deb yubordi. Vadimning yengidan ushlab, metrodan chetroqqa yetakladi, borib so‘riga cho‘kdi, yigitni ham yoniga o‘tirg‘izdi. So‘ng uni so‘roqqa tutdi:
– Sen Antsiferovani qayerdan bilasan? MDU professori bilan MAI orasida qanaqa aloqa bor? O‘zing qaysi institutdansan?
– Men oziq-ovqat… institutidanman, – to‘ng‘illadi Vadim va o‘rnidan turib ketmoqchi bo‘ldi. Lekin MDU talabasi unga qattiq yopishib oldi.
– Isming nima? Vadim, shundaymi? Menga qara: agar hozir menga Antsiferova haqida gapning rostini aytmasang, mening unda qattiq alamim bor, shunday “dod” solamanki, militsiya yugurib keladi va sen meni majburlayotganingni bilib oladi. Ya’ni Antsiferova nomi bilan meni qo‘rqitib zo‘rlamoqchi bo‘lganing uchun o‘sha kampirni chaqirib, avra-astarini ag‘darib tashlashadi. Shunda sening MAIdagi kirdikorlaring ham fosh bo‘ladi! Sen rostini aytsanggina qutulishing mumkin. Men esa sening to‘la xavfsizliging uchun kafolat beraman – chunki “g‘ing” demayman.
Vadim bor haqiqatni aytib berdi. Birdaniga emas, albatta. Qiz uni mushti bilan do‘pposladi, sochlaridan tortdi, baribir maqsadiga erishdi. Professor kampirning yosh yigitlarni o‘z yotog‘iga qanday kiritishini bilib olgach, Vadim umuman tushunmaydigan so‘zlar bilan to‘ng‘illadi:
– Mana sizga – evix vayblix…
Keyin so‘rining ustiga chiqib tikka turib oldi-da, qariyb baqirganday gapirdi:
– Yoshlarni u emas, balki men xohlayapman! Men birinchi kurslarni istayman! Menga bo‘lg‘usi talabalar kerak!
Birdan o‘ylanib qoldi. O‘tirdi. Keyin momiqqina chiroyli qo‘llarini osmonga ko‘tardi:
– Mana buni omad desa bo‘ladi! Mana bu boshqa gap!
U lolu hayron bo‘lib qolgan Vadimni quchoqladi, o‘pdi.
– Demak, sen bir necha oydan beri ikkiyoqlama fizika kursini o‘tayotgan ekansan-da… Buning ustiga, o‘zing nomzodsan! Juda zo‘r! Sinov va imtihonlarni qayta topshirish. Tushuntirib berdingmi?
Vadim tan olishga majbur bo‘ldi: ha, bir necha bor.
– Suhbatlashish-chi?
– Yo‘q, o‘tkazilmadi.
– Voy, sho‘rlikkinam! – dedi achinib MDU talabasi. – Rosa charchabsan-ku. Hozir qorningni to‘ydiraman. Men bu yerga bekorga kelganim yo‘q. Hu, ro‘paradagi gastronomga buyurtma bergandim. Uyga olib borishimga yordamlashib yuborsang, uncha olis emas. Qasam ichamanki, sizlarning tizimingiz haqida hech kimga og‘iz ochmayman… Men bunaqasi haqida hali eshitmagandim. Lekin ko‘p narsadan xabarim bor. Tanishib qo‘yaylik: Faina. Jaranglashi g‘alati-a? Shuning uchun sodda qilib Fanni Kaplan, deyaqol! Meni tanishlarim ham shunday chaqirishadi.
Vadimning yuragini qoplagan qo‘rquv asta-sekin yo‘qolib, o‘rnini bu dovdir qiz tiliga mahkam bo‘ladi degan ishonch egallay boshladi.
– Bundan tashqari, – dedi Faina, – vaqti kelib, o‘zim senga sopromatdan imtihonni qayta topshiraman…
– MDUning psixologiya fakultetida sopromat nima qiladi? – e’tiroz bildirdi Vadim.
– Voy, xudoyim-ey, – dedi xoxolab Faina. – Muncha go‘l bo‘lmasang!
Gastronomga yetib borgach, buyurtmalar bo‘limiga kirib, ikkita og‘ir o‘ramni olishdi. Ularni Vadim ko‘tarib oldi. Trolleybusga o‘tirib, Dorogomilovkagacha borishdi, lift bilan uchinchi qavatga ko‘tarilishdi. Ehtirosdan butun vujudi junbushga kelgan Vadim o‘zini zo‘rg‘a tutib turardi. Bugun hech narsaga erisha olmasligini sezib, hafsalaci pir bo‘lgandi. Faina sumkasidan kalitni oldi.
– Endi jo‘na, – dedi u. – Oliy doirada aytishganday: tuyog‘ingni shiqillat. Ota-onam juda qattiqqo‘l. Buning ustiga uyimizda ta’mir ishlari ketyapti. Ertaga senda nima: sinovmi yoki qayta imtihon?
– Menda – faqat sen, – dedi Vadim titroq tovushda. – Hamishalikka…
Shunday deb qizni quchoqlamoqchi bo‘ldi. Faina uni sekin itarib tashladi.
– Unda men seni ritsarlikka o‘tkazaman. O‘pib qo‘y. Mana, bu yerni… – Faina plashining etagini qayirib, oyog‘ini ko‘tardi, ko‘ylagini tortdi-da, barmog‘i bilan tizzadan ancha yuqori, kalta ishtonidan pastroqni ko‘rsatdi. – Mana, bu yerni.
Ko‘rsatilgan joyni o‘pish uchun avval engashdi, so‘ng tiz cho‘kdi.
Shundan keyingina:
– Endi sen menikisan, – dedi Faina. – Hamishalikka.

14

Fainaning telefonini bilmagani uchun Vadim erta tongdanoq Katta Dorogomilovkaga yo‘l oldi va qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Eshikni Faina ochdi. Xalatda, uyqusirab turardi. U barmoqlarini ko‘rsatib, necha daqiqadan so‘ng pastda bo‘lishini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay, yaxshilab kiyingan holda, qo‘lida chamadon bilan tushib keldi.
– Sen yolg‘iz yashayapsanmi?.. O‘zim ham shunday deb o‘ylovdim. Hozircha senikida yashab turaman. Kuporos va lakdan boshim tars yorilay deydi.
Metroga tushishdi, “Dinamo” bekatigacha borishdi, keyin uyga qarab yurishdi. Yo‘l-yo‘lakay Faina bir necha bor sonini yalang‘ochlab Vadimga ko‘rsatdi-da, yana qayerlarida uning lablaridan iz qolishi kerakligini aytdi. “Balandroq, balandroq, yana balandroq…”, – derdi Faina qiqirlab kulganicha.
Ichkariga kirishgach, Faina xonalarni aylanib chiqdi, oshxona, hammomni ko‘zdan kechirdi, ungacha Vadim dahlizda tiz cho‘kib turdi.
– Juda yaxshi! – ma’qulladi qiz. – Qaror qilindi: bir oy emas, bir yarim oy shu yerda yashayman!
– Hamisha!
– Qo‘ysang-chi… Necha marta eshitganman… Erkaklar hamisha deb – yangi jazman topguncha bo‘lgan davrni aytishadi. Lekin umuman hulq-atvor yuzasidan mening bu yerdaligimga qonuniy tus berish uchun biror o‘tirish tashkil etish kerak. Bahona bormi?
Bahona bor edi: yangi uyga ko‘chib kirish. Holbuki, hali jinoyatchilarni qidirib yurgan xodimlar kattaroq ziyofat taklif qilishardi. Zero, jinoyatchilar ularni tutib bergan odam bilan tanishishni istab qolishlari turgan gap. Lekin Glazichev boshqacha fikrda edi, kichikroq o‘tirishga rozi bo‘ldi. Leonid Sergeevich esa telefon qilib Vadimning tanishlari Avtorxanov, Zinovev va Amalrik asarlarini qanday baholashayotganini surishtirdi, chunki bu kitoblarni hamma joyda jon-jon deb sotib olishar, o‘qishar, bahslashishardi!
Vadim ikki xonali uyga ko‘chib o‘tganini o‘qituvchilardan yashirdi, har xil so‘rash-surishtirishlardan qochish uchun shunday qildi. O‘tirishga kimlarni taklif qilish ishlari bilan Faina shug‘ullandi. Zero, poytaxtdagi barcha institutlarda uning ko‘plab do‘stlari bor ekan.
Shunday qilib yangi uy ziyofati bo‘lib o‘tdi. U bir necha bor takrorlandi. Miriqib ichishdi. Kimlardir sovg‘a-salom bilan kelishdi. Ular ham yangi uyga ko‘chib kirgan Glazichevni, ham yosh kelin-kuyov Glazichevlarni tabriklashardi. Oshxona kenggina edi, unga o‘n beshtacha odamni joylashdi, sig‘may qolganlar katta xonada yerda o‘tirishdi. Vadim kattaroq stolni hech qayerdan topolmadi. Dasturxon ustida uzoq bahslashuvlar bo‘ldi, lekin kim nima haqida bahslashayotganini tushunib bo‘lmasdi. Fainaning yonida o‘tirgan Vadim faqat uning gaplarinigina eshitardi, har zamon-har zamonda sevgilisining ochiq yelkasiga lab tekkizib qo‘yardi. Ehtirosi oshib borardi. U bu ayolni sevardi va shunday xohlardiki, Faina unga baqirib berar yoki oyog‘iga tepib, a’zoi badani junbushga kelgan yigitni hovuridan tushirardi.
Sal o‘ziga kelgach, bo‘layotgan gaplarga quloq solardi. Bir necha oylik o‘qituvchiligi davomida talabalardan kimga nima yoqishini, kimdir qo‘ng‘iroq jiringlashini sabrsizlik bilan kutishini aniqlaydigan bo‘lib qolgandi. Savollar yozilgan biletni olayotgan talabaning ko‘ziga qarab uning kimligini yaxshi anglardi. Dekan Vadimning qulog‘iga asta shivirlab: “Siz bugun Vasilevichni yiqitmang… Kondakovaga uncha qattiqqo‘l bo‘lmang”, deganida kimlarni nazarda tutayotganini ham bilardi. Bir safar Rushnikov yoshlar Zinovev va Avtorxanov haqida qanday fikrda ekanligini so‘raganda, Vadim to‘g‘risini aytaqoldi.
– Bilim qayerda ularda… O‘zlarini ko‘z-ko‘z qilib yurish bo‘lsa… Bezorilardan boshqa narsa emas…
Bir kuni gap aylanib yahudiylarning kamsitilayotganiga taqaldi. Ular tarixiy vatanlariga ketishni istaydilar, nega yo‘l berishmaydi?..
– Ularga yo‘lni keng ochib qo‘yish kerak, ketaverishsin… O‘z uylarini biz, ruslarga qoldirib ketishsin. Ana shunda uy-joy masalasi hal bo‘ladi, qo‘yadi…
Davrada uni hurmat qilishardi. Oz gapirardi-yu, soz gapirardi. Uning tokchalarida Avtorxanov, Zinovev, Nabokov va yana kimlarning asarlarini ko‘rishsa, bir-birlariga ma’nodor qarab qo‘yishar, jim qolishardi. Vadim nodir kitoblar do‘konidan oldim deb chiptasini ko‘rsatar, ular qo‘lga olib, aylantirib u yoq-bu yog‘ini ko‘rishar, qalbaki emasligiga ishonch hosil qilishardi. Talabalardan biri:
– Nima qilipti, bo‘lishi mumkin, – dedi. – Bizning mana bunaqa boshboshdoqlikda… Men qurilish otryadida bo‘lganman. Kolxozda molxona qurib berganmiz. Ana o‘sha qishloqdagi bir kulbaga joylashgan kutubxonada Pilnyak bor edi, Bulgakovning dastlabki yozganlari, hatto Trotskiyning broshyurasi chang bosib yotardi…
Uning Fainasini hamma yaxshi ko‘rardi. Ba’zi-ba’zida uni Fanni Kaplan, deb chaqirishardi, lekin ko‘pincha Masha Ryabokon deb atashar, nega u Kuzmich degan kimsani otib qo‘yganini so‘rashardi.
Bir kuni Glazichev avtobusda metroning “Kutuzov” bekati yonidan o‘tib borayotganda Rushnikovni ko‘rib qoldi. U xiyobonda MDU filfak talabasi Roma degan malla bola bilan suhbatlashib turardi. Vadim hayron bo‘ldi, jamiyatshunos uni uchrashuvga taklif qilgan joyni esladi va o‘sha atrofdan tez-tez xabar olib turadigan bo‘ldi. Uzoqdan kuzatib yurib shu narsani aniqladiki, unikiga mehmonga kelib turadigan yoshlarning chorak qismi Leonid Sergeevich bilan aloqador ekan.
Vadimning oshxonasida to‘planuvchilar faqat talaba yoki injenerlar emas, balki moskvaliklar ham edilar. Bir kuni ana shu moskvaliklar doirasida qustanaylik bir yigit ham paydo bo‘ldi. Vadim uni bir chekkaga tortib qulog‘iga shipshidi: “Do‘stim, sen bu yerda bo‘lar-bo‘lmas gaplarni valaqlayverma… Har xil odamlar bor, o‘zing tushunasan…”
Bir kuni hamyurtini ham chaqirdi. U oshxonada o‘tirgan to‘daga xo‘mrayib qarab qo‘ydi-da, kuzatgani chiqqan Vadimga:
– Haydab yuborsang-chi, bularni, – dedi. – Qayerdan kelib qolishdi bu yerga…
– Bular hammasi Fainaning do‘stlari, – dedi Vadim o‘zini oqlamoqchi bo‘lib.
– Uni ham hayda!
Yangi uyni yuvishlar asta-sekin kamayib bordi. “Ikki”chi qizlar ham ancha-muncha vaqtni olardi. Faina negadir rashk qilmasdi. Vadim uni sevaturib qandaydir kallavaramlarga aylanishim yaxshi emas, demoqchi edi, Faina jerkib berdi:
– Qizchalarni xafa qilma, SSSRdagilarning hammasi menga o‘xshash aqlli emas! – dedi. Keyin yana tan oldi: – Ruhshunos sifatida, sof ilmiy nuqtai nazardan o‘sha “ikki”chilar mening o‘zimni ham juda qiziqtiradi…
U Vadimni “Smolenskaya” metro bekatigacha kuzatib qo‘ydi-da, uning sinovdan o‘tishga kelgan qizni qanday aylantirib, olib ketganini kuzatib o‘tirdi. Keyin uyida navbatdagi talaba qiz to‘shakda o‘zini qanday tutganini surishtirdi. Glazichevning javobini tinglarkan, ko‘zlari chaqnadi, ko‘kraklari chuqur nafas olib ko‘tarilib tushdi, lablari esa izoh berdi: “Bu – dissertatsiya uchun…”
O‘tirishlar tugadi. Faina kasalxonada amaliyot o‘tar, horib-charchab, och va jahli chiqib, lekin mehr bilan kelardi. Bir kuni “Tayfun”ning miyasini topib oldi, so‘rab-surishtirdi, institutdagi rezervuar-hovuz haqida bilib oldi. Akademiklarning qilmishlaridan xabar topdi. Nihoyat, tajribalarni davom ettirsang bo‘lmaydimi, dedi Faina.
Faina o‘zi haqida juda kam gapirardi. Tan oldi: ishi yurishmagan oiladan chiqqan ekan, otasi o‘tmishda viloyat firqaqo‘mining ikkinchi kotibi bo‘lgan, bu esa tanosil kasalidan battar. Uni Masha Ryabokon deb chaqiradigan do‘stlarini alam bilan eslaydi. – Tepadagilar hech narsani bilishni xohlashmaydi. Axir, nigilistlar – ularning tayanchi-ku! Bo‘lmasa hammasi barbod bo‘ladi. Hech bir mamlakat muxolifsiz uzoq yashay olmaydi. Mana bular, oshxonada chug‘urlayotganlar shavkatli Markazqo‘mimizning haqiqiy ustunlaridir. Bu bolalarni erkalab o‘stirish kerak.
Vadimning hech narsa qilgisi kelmasdi: yozga kelib “ikki”chi qizlar oqimi to‘xtadi, hayotida esa baxt davom etardi. Kechqurun charchab kelgan Faina shoshib ovqatlanar va Vadimning yoniga, katga cho‘zilardi.

15

Bir safar Faina ana shu katda ikkinchi yonboshiga ag‘darildi-da, nega tuzukroq karavot olmaysan, deb so‘radi. Vadim Lapinlar uyida qolib ketgan buyumlar ro‘yxatini ko‘rsatib, bor gapni tushuntirdi. Faina uzoq o‘ylanib qoldi.
– Naqadar dahshat! – ho‘ngrab yubordi Faina. – Voy, tavba! Rosa gadoy bo‘lib qolibsan-ku!
Vadim o‘zini oqlashga tushdi:
– Hech qanaqa gadoy-padoy emasman: oktyabr oyida xo‘jalik shartnomasi bo‘yicha bir yarim ming rubl olaman. Umuman karavotga bemalol yetadi. Lekin menga bir vaqtlar o‘zimga tegishli bo‘lgan narsalar kerak! Ha, qachongacha shunday yuramiz, ZAGSga ariza bersak ham bo‘lar endi!
Faina tomog‘iga tugilib qolgan havoni yutdi-da, badtar ho‘ngrab yubordi. Keyin to‘xtadi, jim bo‘lib qoldi. – Endi uyga qaytsam ham bo‘lar, – dedi. – Uydagi ta’mirlash ishlari allaqachon tugadi, ota-onam: qizimiz qayerda, kim bilan yashayapti deb dugonalarimdan surishtirishyapti…
Narsalarini chamadoniga joyladi-yu, jo‘nab qoldi. Vadimning qalbini alam o‘rtadi. Dekanatga kasal ekanini aytdi. Alamidan ichmoqchi edi, ishxonadan konyak olmagan ekan, aroq uchun do‘konga chiqishga erindi. Buning ustiga eng arzon hisoblangan “Andropovka” arog‘i ham kamyob bo‘lib qolgandi.
Oradan ikki kun ham o‘tmay, Faina qaytib keldi, buyumlarsiz, sevgiga ehtirossiz: qarashlari yovvoyi, qo‘llari qaltirardi. Telefon qilib olgan xabaridan dahshatga tushdi.
Antsiferova (ha, o‘sha – MDUdagi shum kampir) – o‘zini osib qo‘yibdi! Vadim ham, Faina ham yaxshi tushunardi – ular bunga aloqador edilar.
Ofat deganda bundan dahshatli bo‘lmasa keragov! MAIdan kelgan hamkasbi Vadimga chaparasta changlantirish tizimi haqidagi hamma gapni aytgani yo‘q. MDU professori tuzgan tizim bo‘yicha talaba qizlar “sinov”lardan o‘tish bilan bir qatorda shum kampirning amri farmoni bilan uning uyida qo‘shimcha imtihon ham topshirardilar, ya’ni yuksak martabali mijozlarni ham qabul qilardilar; keyin ma’lum bo‘lishicha, ana shunday mijozlardan birining izidan tushishgan ekan. Poylab yurgan izquvarlar “sinov” va “imtihon” olish tizimini fosh qilishibdi. Ishni barbod qilgan yigitchani Vadim va uning MAIdagi hamkasblari Fainaning iltimosi bilan professor kampirga tiqishtir¬ish¬-gan edi.
Mana shu yangiliklarni aytib bo‘lgach, Faina yig‘ladi-da, jo‘navordi. Vadim¬ning buyog‘i nima bo‘lishini kutishdan boshqa iloji yo‘q edi. MAIda tergov ish¬lari qizg‘in borar, talaba qizlarni uzluksiz yetkazib berib turuvchining qaynoq faoliyati har tomonlama tekshirila boshlandi, oziq-ovqat sanoati insti¬tuti¬ga hali navbat kelmagandi, Vadimga tegisholmasdi. U rezervuarda tajribalar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishga urinib ko‘rdi. Buning uchun bahona ham o‘z-o‘zidan topila qoldi, buyurtmachilardan biri texnik vazifani sal-pal o‘zgar¬tir¬gan edi. O‘tkazilgan pullar evaziga datchiklarga buyurtma berildi va ular ro‘yxat¬ga kiritildi. Qarab turibsizki, “Tayfun” butun holiga keldi. Vadim uskuna¬¬ning miyasini uyida saqlardi, ertalab ishga olib ketar, kechqurun qaytarib olib kelib kitob tokchasiga qo‘yib qo‘yardi. MAIdagi hamkasbi telefon¬-avtomatdan sim qoqib, uni ogohlantirib qo‘ygandi. Shu bois Glazichev jabr ko‘rmadi, umuman uni biror narsada ayblab bo‘lmasdi, chunki MAIning talaba qizlari bilan tanishganda o‘zini turli nomlar bilan atardi. Buning ustiga, tergovning o‘zi ham eniga va uzunasiga kovlashtirishni lozim ko‘rmasdi. Zero, SSSR Oliy ta’limining obro‘-e’tiboriga putur yetkazish maqbul ish emasdi.

16

Birdan nimadir yuz berdi – ehtimol, haligi ikki jinoyatchi qo‘lga tushgan¬dir, balki boshqa voqea sodir bo‘lgandir, jamiyatshunos Vadimnikiga mehmon bo‘lib keldi, Zinovev, Avtorxanov va boshqalarni olib ketarkan, mezbonga o‘girildi.
– Nafis ijod bilimdonlari, – oshxona mehmonlarini chol shunday atar¬di. – Klassiklarni o‘qishsa bo‘lmaydimi? Bo‘lmasa… Qalay, sizga qizlar yoqdimi?
O‘z gapiga alohida e’tibor berilishini bilgani uchun Vadim o‘ylab gapirdi:
– Birortasi bilan ko‘ngilxushlik qilishga nima yetsin, lekin ular takabbur va dimog‘dor-da.
– Xudodan qo‘rqing-e, Vadim Grigorevich! Dimog‘dorlik qayerda deysiz? Tovuqqa o‘xshab qaqag‘lashadi-yu, tuxum qo‘yishni bilishmaydi… Bittadan bola ko‘rishgandaydi, eslari kirardi. Achinaman ularga, juda achinaman… Vaqt keladi – televizorda ko‘p seriyali hujjatli filmni aylantiramiz, – Rushnikovning qo‘li “Mtsiri” garniturining osma jovoniga cho‘zildi, – yosh xalq irodasi ifodachilari haqida… Petya Verxovenskiy bir qo‘li bilan “GULAG arxipelagi”ni varaqlasa, ikkinchi qo‘li bilan Vera Zasulichning dumbasini uqalardi… Gapning po‘stkallasini aytganda, BAM – o‘taketgan ahmoqlik, lekin harholda, temir yo‘l izlarini yotqizish, bu yerda bema’ni narsalarni o‘qigandan yaxshiroq. Tag‘in organlardan nolishgani ortiqcha. Holbuki, ular oldida qarzdordirlar. Agar ular bo‘lmaganida, bu valakisalanglar nima ham qila olardilar, qo‘mitasiz ular hech kim emaslar.
Endi ushbu ikki xonali uyni tashkil qilgan o‘sha xodimlar tashrif buyurishlari turgan gap. Vadim tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Barcha buyumlarning yorliqlari va chiptalaridan nusxa oldirdi, chunki jinoyatchilar qo‘lga tushirilgach, uyini undan tortib olishlari mumkin edi. Uning shubhalari bejiz emasdi. Vadimga militsiya sirlarini aytgan haligi ikki xodim avvaliga uni o‘z huzurlariga chaqirishdi, keyin o‘zlari Glazichevning uyiga tashrif buyurishdi. Uyni ko‘zdan kechirishdi, maslahatlashishdi, so‘ngra Vadimning qo‘lini qisib:
– Bu uy alohida fond hisoblanadi, – deyishdi. – Agar Glazichevga shu yerda yashash yoqsa, mayli, yashayversin. Agar yoqmasa, boshqa joyga ko‘chib o‘tishini tashkil qilishimiz mumkin. Nimaga deganda, ushbu xonadonning sohibi sog‘-salomat yuribdilar, darvoqe, oshxona garnituri ham o‘sha odamga tegishli.
Vadim ko‘chishga qaror qildi. Unga institutdan bir soatlik masofada ikki xonali uyni ko‘rsatishdi. Ammo bu ishda qololmasligi shundoq ham aniq edi – talaba qizlar tovlamachilik qila boshlashgandi. Ammo, buyuk ixtiroga oz qolgandi. “Tayfun” yaxshi samaralar bera boshlagandi. Uning natijalari ishlab chiqilsa, unga dissertatsiya yoqlamasdan ham fan doktori unvonini berishlari mumkin.
Yangi uy avvalgisidan ancha keng, ancha yorug‘ ekan. Yettinchi qavat (to‘qqizinchidan biroz pastroq, lekin beshinchidan yuqoriroq – shuning o‘zi katta yutuq!). Yangi uy ziyofati belgilanmadi, shu so‘zning o‘zidan xavf-xatar ufurib turardi. Vadim Grigorevich Glazichev endi qayerda yashayotganini hech kim bilmasdi. Ammo Faina yetib keldi, manzilni qayerdandir aniqlabdi. Tund holda katda o‘tirar, sigaretani tutatardi (cheka boshlabdi). Keyin o‘rnidan turdi.
– Marekni hibsga olishdi, – dedi xayrlasha turib.
– Qanaqa Marek tag‘in? – hayron bo‘ldi Vadim.
– Oshxonada ichib o‘tiradigan bor edi-ku…
Kimning ismi nima ekanini u eslolmasdi. Faina yonida edi – shuning o‘zi bas unga.
Vadim keyingi kunlarda ancha ovora bo‘ldi. U ko‘ngliga yoqadigan karavotni hech qayerdan topolmasdi. O‘sha Irinanikiga o‘xshagan karavotni SSSRdagi hech qaysi mebel kombinati tayyorlamas ekan! Tabiiyki, unaqa karavot buyuk davlatning hech bir do‘konida sotilmasdi. Buyurtma bajaruvchilarga ham murojaat qilib ko‘rdi. Oxiri tanishlarning tanishlari orqali kimlargadir buyurtma berib, sal ko‘ngli tinchidi. Faqat muddati biroz cho‘ziladigan bo‘ldi-da…
U uyiga qaytganda qorong‘u tushgandi. Liftdan chiqdi va eshigi oldida o‘tirgan kishiga ko‘zi tushdi. U qiyofasidan kasalmand yoki ichgan odamga o‘xshardi. Undan jirkanib, yuzini o‘girgancha eshigini ochdi. Haligi kimsa o‘ziga kelsa jo‘nab qolar deb o‘yladi. Choy ichdi. U kunning yaxshi o‘tganidan xursand edi.
Omadli, bundan tashqari, ajoyib kun edi! Eshikni nimadir tirnaganday bo‘ldi. Nima bo‘ldiykin?..
Eshikni ochdi. Haligi kimsa eshikka suyanib mudrardi. Bu odam uning otasi edi.
Vadim uning qo‘ltig‘idan olib ichkari tortdi. Otasi iliq edi, otasi tirik edi. Og‘ziga quyilgan aroqdan o‘ziga keldi, yo‘taldi, ko‘zini ochdi.
Savollarga g‘udranib javob berardi. Vadim ikki marta Fainaga telefon qildi, u go‘shakni ko‘tardi. Uyga kirib paltosini yechdi, tishlari orasida tutab turgan sigaret, ko‘zlari shafqatsiz.
– Kim bu?
– Otam.
– Bu yerda nima qilayapti?
– Qayerdan kelib qolganini bilmayman. Men uni bir yarim yildan beri ko‘rganim yo‘q edi. Zinadan topdim.
– Men boshqa narsani so‘rayapman: u nega bu yerda, oshxonada? Nimaga axlatxonada emas? Sendan buni kutmagandim…
Axlatxona o‘rasi ellik metrcha narida, otasini bir o‘zi o‘sha joyga ko‘tarib borolmasdi. Bunday qilishni istamasdi ham. Nimadir xalaqit berar, bunga yo‘l qo‘ymasdi. Qandaydir bir tuyg‘u uni to‘xtatib turardi.
Faina og‘zidan tutun qaytararkan, sekingina:
– Insult, – dedi. – Judayam og‘ir shakli emas. “Tez yordam” chaqiraman.
Jim qolishdi. Otasining cho‘ntaklarini tintib ko‘rishdi. Ularda pul (to‘rt rubl, tangalari bilan) partiya, kasaba uyushma biletlari va pasport bor edi.
– Kalinin oblastida qayd qilingan ekan. Bir vaqtlar o‘sha yerda ro‘yxatda turgan ekan. – Faina qandaydir qizil hujjatni varaqladi. – Kasalxonaga olmasliklari mumkin. Balki olishar.
Olishdi: Faina “Tez yordam” vrachiga nimanidir shipshitib qo‘ydi. Sanitarlar otani zambilga yotqizishdi, lekin yuk lifti ishlamaskan. Ota chidamli askarlarday yo‘lovchilar liftida tik turib olis yo‘lga otlandi.
– Agar o‘lmasa, yana uch haftadan keyin uni senga olib kelib berishadi, uzoq vaqt yotadi o‘limini kutib.
Yana nimadir demoqchi bo‘ldi shafqatsizlarcha, shuning uchun Vadim uni eshitishni istamadi. U ketdi. Vadim so‘kindi. Bir burchakka tiqilgancha uzoq vaqt qimir etmay o‘tirdi.
Ertalab g‘amgin bir holatda qog‘ozlarini taxlab chiqdi. O‘ylagisi kelmasdi, umuman, hech narsa qilgisi kelmasdi. Pastga, rezervuarga tushdi, bu yerda uni direktor o‘rinbosari qarshiladi. Unga shunday shart qo‘ydi: bir o‘rtoqqa ishlash uchun ruxsat berasan. O‘sha o‘rtoq quyun va oqimlardan qandaydir raqamlarni undirib olishi kerak ekan. Qandaydir akademikning o‘g‘li bo‘lgan haligi o‘rtoqni esa Vadim yo‘lakda ko‘rganday bo‘luvdi. U yo‘lakda hojatxonaga kirgisi qistab turgan odamday u yoqdan-bu yoqqa yurib turardi, ichkarida kimdir uzoq o‘tirib qolganday tipirchilardi… “Hozir”, – dedi Vadim va cho‘ntagidagi “Tayfun”ning miyasini boshqa binoning yerto‘lasidagi laboratoriyasiga olib ketdi. U yerda mufel pechlari ikki qator olov purkab turardi. Ulardan birining qopqog‘ini ochdi. Selsiy bo‘yicha to‘qqiz yuz darajali issiq ufurardi, Vadim “miya”ni o‘sha yoqqa irg‘itdi.
Endi ishdan bo‘shatishlarini kutishi kerak edi. U shunday bo‘lishiga shubha qilmasdi. Shanba kuni Vadim kasalxonaga bordi, palataga kirmadi, u yer juda sassiq edi, hamshira orqali otasiga olma solingan tugunni berib yubordi. O‘zi tashqari chiqib toza havodan to‘yib-to‘yib nafas oldi. Otasining ahvolidan xabar ham olmadi, shundoq ham hammasi ravshan – tez orada o‘ladi.
Yakshanba kuni kechqurun qandaydir qiz ovozi telefonda uncha yoqimli bo‘lmagan xabarni hayajon bilan ma’lum qildi: chaparasta changlanish tizimi muallifi suddan qutulishga muvaffaq bo‘libdi, prokuratura MAI bilan til topishibdi, assistentni shovqin-suron bilan haydab yuborishibdi, “changlangan” qiz orqali Vadimni ham o‘sha ogohlantiribdi: qoch!
Uch kundan keyin u mehnat daftarchasini qo‘liga oldi, hisob-kitobiga qariyb bir yarim ming rubl chiqdi, eng muhimi – Moskva bo‘ylab: o‘z xohishi bilan bo‘shamagan, balki hibsga olingan ashaddiy jinoyatchilarga aloqador bo‘lgani uchun ishdan haydalgan, degan gap tarqaldi.
Bunday xabar hamyurtiga yetmasdan qolmasdi. U Vadim Glazichevning mehnat daftarchasini diqqat bilan qarab chiqdi. Qoniqmaganday boshini sarak-sarak qildi: yettinchi qavat, sal balandroq, lift tez-tez ishlamay qoladi, to‘rtinchi yoki beshinchi qavatga nima yetsin. Ishga kelsak, bu arzimagan narsa, yaxshi bo‘lib ketadi. Ertaga yoki indinga… Ha, aytganday, Grigoriy Vasilevichga salomimni va eng yaxshi istaklarimni yetkaz.
Sumkov harakat qilmasligi, hamyurtiga, o‘sha Grigoriy Vasilevichning o‘g‘liga yordam bermasligi mumkin emasdi. Axir, bundan o‘n besh yil muqaddam ota Sumkovni partiya safidan haydashdan bosh tortgan KPSS Pavlodar shahar qo‘mitasi byurosining yagona a’zosi edi.

17

Hamyurti Vadimni tezda bir jurnalga joylashtirdi. Uncha ahamiyati bo‘lmagan bu jurnalning telefonini birovga aytib yurma. O‘rta maktablar va texnikumlarning o‘quvchilari uchun shpargalka, xolos. Unda nomzodliging uchun qo‘shimcha maosh kutma, deb ogohlantirdi. Lekin unda ishlayotgan xodimlar o‘zlarini xafa qildirib qo‘ymaydilar. Nima uchundir, qayerdandir to‘lov olib turishardi…
Vadim ishni tezda o‘zlashtirib oldi. Kuniga yetti-sakkiz maqola kelardi, ularni o‘qishni oxiridan boshlashardi: kim yozgan, qanday ilmiy lavozimga ega, qanaqa unvoni bor; agar yozuvchi bo‘lsa, davlat mukofoti sohibimi, mukofotni nima uchun olgan. Jurnalni o‘qituvchilarning o‘qishiga umuman unchalik ishonishmasdi, oxirgi bo‘lim bundan mustasno, albatta. Bu bo‘limda qiziqarli masalalar yechimi ilova qilinardi. Jurnalning o‘tgan yilgi sonlarini varaqlar ekan, Vadim shu bo‘limda K.Lapin degan tanish familiyani ko‘rib qoldi. Bu o‘sha tentak Kiryushami yoki o‘xshash familiyamikin deb, matnga ko‘z yugurtirib chiqdi. Masala chindan ham juda orginal yechilgandi. Agar bu o‘sha – Irinaning kaltafahm ukasi bo‘lsa, demak, unga kimdir yordam bergan.
Hamyurti yo‘l-yo‘lakay ikki marta redaktsiyaga kirib, unga o‘git berdi va qarabsizki, Vadim tahririyatning o‘z odami bo‘lib qoldi. U shu darajaga yetdiki, bir kuni bosh muharrir huzuriga chaqirishdi. Arzimas bir masala hal qilindi: bosh muharrirning o‘rinbosari bir oylik yoki ko‘proq ta’tilga ketar ekan, uning majburiyati Vadimga yuklandi, u qarshilik ko‘rsatmadi: axir, kimdir telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berishi va nashrga qo‘l qo‘yishi kerak-ku.
O‘rinbosar Vadimga kalitlarni berdi, omad tiladi va janubga jo‘nab ketdi. Xona tinch va shinam edi, kamdan-kam telefon qilishar, onda-sonda kirishardi. Tushlik oldidan eshikdan qo‘lida supurgi bilan farrosh kirib kelardi: “Xo‘jayin, ovqatlanishga chiqib keling!” derdi. Byuroning to‘rttala qavatida ham mana shunday mayda jurnallarning kichik tahririyatlari, hammasiga bitta umumiy oshxona, ovqatlari yaxshi va arzon. Umuman bu yer juda ko‘ngildagidek, – o‘ylardi Vadim Glazichev.
Hech narsa ko‘ngilsizlikdan darak bermasdi. Akademiklar bu yerga kelishmasdi, partiya guruhlari topshiriqlar bilan jonga tegishmasdi. Faqat Irina tashvish orttirardi. Kasalxonada hamshira uning qulog‘iga shivirlab, kasal otasiga qandaydir yosh ayol kelib turganini aytdi. Vadim biror qarindosh chiqib qoldimikin deb o‘yladi, balki Pavlodardandir? Hamyurti bunday taxminni qat’iyan rad etdi.
– Kelib turgan kimligini bilaman, – dedi Sumkov.
– Kim? – qiziqsindi Vadim.
– Sobiq xotining, kim bo‘lardi.
G‘azablangan Vadim baqirib berdi:
– Nega endi? Nima uchun?
Javob ham g‘alati bo‘ldi:
– Chunki seni sevadi, tentak. Hali umidini uzgani yo‘q. Hanuzgacha tushunmaganingga hayronman.
O‘rinbosarning ta’tildan qaytishiga uch hafta qolgandi, otasining kasalxonadan chiqishiga sal kamroq vaqt bor edi – bosmaxonadan jurnal tahririyatiga “Rim katolik cherkovining reaktsion mohiyati” degan nomda nashrga tayyorlangan maqola kelib qoldi. Odatda, bunday maqolalarni maktablarda hech kim o‘qimasdi, lekin qariyb hamma sonda bosilardi, tsenzura va Markazqo‘mning fan bo‘limi shuni talab qilardi. Bunday maqolalar uchun, odatda, tahririyat mas’uliyatdan xalos qilinardi.
Maqola Vadimning stoliga qo‘yildi, lekin u buni o‘qimagandi, o‘qigan bo‘lishi ham mumkin emasdi, chunki ishlaganiga endi bir oy bo‘lyapti.
Hozir u maqolaning nomini o‘qib, oxiriga ko‘z tashladi. Muallif maqolaning birinchi sahifasida o‘zi haqida uncha ma’lum bo‘lmagan familiya sifatida ta’riflab, keyin unga falsafa fanlari doktori, Davlat mukofoti laureati (oliy maktablar uchun darslikka hammualliflikda), Markazqo‘m a’zoligiga nomzod ekanini qo‘shimcha qilgandi.
Bunday maqolalar tahririyatda o‘qilsa-da, tekshirib chiqilmaydi – Vadim buni tushunardi. Bu kabi maqolalarga ruxsat belgisi qo‘yiladi va muallif shoshilib vergulni boshqa joyga qo‘yib yubormadimi, deb musahhih tomonidan tekshiriladi, xolos.
Shunga qaramay, Vadim maqolani o‘qishga qaror qildi. Chunki uning sarlavhasidan beadablik ufurib turardi. Kafedra mudiri o‘qituvchilarning ma’ruzasi matnini hech qachon tekshirmasdi. U istagan narsasini gapirishi mumkin, lekin gapirayotganda baribir darslikka qarab qo‘yilardi. Chunki har qanday guruhda ham mazkur mavzuni yaxshi biladigan fitnachi talaba topilishi mumkin. Shu boisdan bunday maqolalarga ehtiyotkorlik bilan yondashardi.
U maqolani diqqat bilan o‘qib chiqdi.
O‘qib chiqdi va o‘ylanib qoldi. Bu yerda nimadir boshqachaga o‘xshaydi.
Balki u jurnal-nashriyot ishlarini yaxshi bilmagani uchun nimanidir tushunmayotgandir? Mana, masalan, sof ilmiy nuqtai nazardan, nima uchun Rim cherkovning nomi bilan berilayapti? Rim papasining serhasham saroylari Rimda emas, Vatikanda joylashgan. Ikkinchidan, mazkur Rim katolik cherkovining reaktsion mohiyati bo‘rttirib ko‘rsatilishi provaslav cherkovini endi reaktsionlikda ayblab bo‘lmaydi degan ma’noni bildirmaydimi? Uchinchidan…
Uchinchidan, u o‘zicha uning uyida mayxo‘rlik qilgan dissidentlar ushbu maqolani o‘qib qanchalar kulishlarini tasavvur qildi.
Yo‘q, ushbu maqolada nimadir joyida emas, qandaydir xato yashiringanga o‘xshaydi.
U maqolani sinchiklab o‘qiy boshladi, so‘zlar ma’nosiga alohida e’tibor berdi. So‘zlarning o‘zaro bog‘lanishiga siyosiy publitsistikani yaxshi tushunadigan hamyurti ko‘zi bilan qaradi. Rim katolik cherkovi, uqtirardi muallif, fizikaning ravnaqiga to‘sqinlik qildi. (U bunga Jordano Brunodan tortib, ko‘plab hammaga ma’lum misollarni keltiradi.) Ammo, qayerdadir maqolaning so‘nggi chorak qismida: “Hozir ham Vatikan barcha taraqqiyparvar g‘oyalarga vahshiyona yovuzlik bilan qaramoqda, har qanday antisotsialistik chiqishlarni zavq-shavq bilan (Polshadagi “Birdamlik” oqimiga qurol-yarog‘ yetkazib berib) qo‘llab-quvvatlamoqda” degan ibora ilonday o‘rmalab chiqib qoldi.
Maqola qunt bilan o‘qib chiqildi, diqqat bilan o‘rganildi. Unda uslubiy xatoga va yana nimagadir yo‘l qo‘yilgani sezilib turibdi.
Vadim Glazichev o‘ylanib turib telefonlarga qaradi. Kimga telefon qilsin? Kim aniqlik kirita oladi? Axir, hamyurti jiddiy maslahat qilgandi: siyosiy sohada beriladigan narsalar markaziy matbuotda e’lon qilingan maqolalardan so‘zma-so‘z ko‘chirib yozilgan bo‘lishi kerak. Lekin gap shundaki, hech qayerda – na “Pravda”da, na “Izvestiya”da, Vadim buni yaxshi eslaydi, katoliklar polyak kasaba uyushmalariga qurol-yarog‘ yetkazib berishi haqida bir og‘iz so‘z aytilgani yo‘q. Biror so‘z! Hech qayerda!
Har ehtimolga qarshi hamyurtiga telefon qildi, nima bo‘lgandayam Sovet Ittifoqidagi gazetalar nimalar haqida yozishganini u yaxshi biladi. U go‘shakni ko‘tardi-yu, uzoq jim bo‘lib qoldi. Tashvishlangan Vadim baqirdi:
– Telefoningga nima bo‘lgan o‘zi?
– Hech narsa bo‘lmagan. Hammasi joyida. Hozir yetib boraman.
Etib keldi, maqolani xo‘mraygancha o‘qib chiqdi. Vadimni darhol maqola muallifiga sim qoqishga majbur qildi. U chet el safarida ekan, o‘rniga xotini javob berdi, birorta so‘zni o‘zgartirishni, hatto vergulning o‘rnini almashtirishni qat’iyan man qildi.
Bunday hollarda nima qilish kerakligini hamyurti yaxshi bilardi, Vadimga aytdi-yu, noxush bir his bilan jo‘navordi. Vadim bosh muharrir huzuriga kirib, nashrni ko‘rsatdi.
Bosh muharrir savollarni qatorlashtirib tashladi:
– Xo‘sh, maqolaning qo‘lyozmasi qani, mashinkada ko‘chirilgan nusxasi qayerda?
Muallifning qo‘lyozma matni topildi. Qurol-yarog‘ yetkazib berishda cherkovning roli haqida gapirilgan joyning xat boshidan o‘ng tomonda so‘roq belgisi savlat to‘kib turardi. To‘g‘ri, kimdir uni qalam bilan chizib tashlagandi. Qo‘lyozmaning ishlanish jarayoni haqidagi to‘liq ma’lumotni faqat ta’tilga ketgan bosh muharrir o‘rinbosarigina javob berishi mumkin. Tahririyat matni qayerdaligini ham o‘sha aytib bera oladi. O‘rinbosarni topishning iloji yo‘q, qizining aytishiga qaraganda, u qayerdadir “Xerson atrofidagi cho‘llarda” ekan. Tahririyat nusxasi esa bosmaxonada yo‘qolibdi.
Oradan bir soat o‘tdi, yana bir soat. Maqolaning o‘sha qaltis joyini nima qilishni hech kim bilmasdi. Nihoyat, bosh muharrir kimgadir telefon qildi, mashina chaqirildi, Glazichevni shoshilinch ravishda o‘tgan oy uchun a’zolik badalini to‘lashga majbur qilishdi va oradan yarim soat o‘tib, u bilan bosh muharrir Ko‘hna maydondagi Markazqo‘m binosiga kirishdi. Partbiletlarini ko‘rsatishdi, liftga chiqib, o‘zlariga bir qarab olishdi, tepaga ko‘tarilishdi. Bosh muharrirga tanish bo‘lgan eshik oldida to‘xtashdi. Yo‘q, eshikni taqillatishmadi, undagi dermantin qoplamani tirnaganday bo‘lishdi. Kotiba shunday tabassum qildiki, go‘yo ertalabdan beri ularni ko‘rish istagida yonib turganday edi. Muloyimlik bilan qayerga borish kerakligini ko‘rsatdi. Kirishdi. Stol ortida to‘ladan kelgan kishi, jurnallar, shu jumladan, “Maktabda fizika”ning mutasaddisi o‘tirardi. Bosh muharrir dalillar bilan gapirdi, so‘zini yakunlar ekan, terilgan nashrni va muallifning mashinkada yozilgan matnini ko‘rsatdi. Mutasaddi qo‘lida yo‘g‘on qalam bilan maqolaning belgilangan joyini o‘qib chiqdi. Shubhali satrlar unga zarracha ta’sir qilmadi. U faqat yelkasini qisdi-da, ikkala matnda ham hech qanday ig‘vogarlik ko‘rmayotganini aytdi. Keyin jurnalning tiraji va obunasi haqida so‘z ochdi. Nihoyat, o‘rinlaridan turib xayrlashishdi. Vadim yo‘lda, mashinadayoq maqola nashriga qo‘l qo‘ydi. Keyingi kuni ertalab bosmaxona ishga kirishdi. Bir haftadan keyin esa jurnalning elliktadan taxlab bog‘langan nusxalari aloqa bo‘limlariga, u yerdan vokzalga yetkazildi. Vokzaldan pochta vagonlari jurnallarni bepoyon Vatanning turli burchaklariga yetkazish uchun olib ketishdi. Ta’lim bo‘limi mudirlari jurnalni birinchi bo‘lib olishdi, varaqlab ko‘rishdi, o‘quvchilar bilan ishlash qanday yo‘lga qo‘yilganiga qarab, jurnal sahifalari yo o‘qildi, yoxud o‘qilmasdan qolib ketdi.

18

Biroq o‘sha kuni, pochta vagoni jurnal taxlamlarini Brest tomon olib ketayotgan paytda shunday voqea yuz berdiki, Vadim buni sira kutmagan edi. Tahririyatga qilingan qo‘ng‘iroq uni shoshirib qo‘ydi. Otasiga kasalxonadan javob berishibdi, hademay olib kelishadi. Xo‘sh, keyin nima bo‘ladi? Uni qayerga joylashtirish kerak?
Uni zambilda olib kelishdi. Olib kelgan sanitarlarga Faina boshchilik qilardi. Vadim endi tushundi: otasi yurolmas ekan. Meditsina yordam bermapti!
– Qayerga yotqizaylik?
Javob bo‘lmadi. Hamma jim edi. Birdan Vadimning esiga tushdi, sakrab balkonga – boloxona ayvonga chiqdi. Yig‘ma karavotni olib kirdi. Zambilda yotgan bo‘z kostyum va bolalar botinkasidagi bemor yig‘ma karavotga o‘tqazildi. Sanitarlar, biroz pul undirish ilinjida ancha depsinib turishdi-da, jo‘nab qolishdi. Oldin hech kim e’tibor bermagan oq xalatli ayol achinish bilan insult ekanini aytdi va dori-darmon ro‘yxatini tutqazdi. Vadim uning izidan tushib, zinada to‘xtatdi, otasining yana ikki-uch oy yashashi mumkinligini bilib oldi. Tanasining chap tomoni va miyasi qisman falaj bo‘lib qolganligi tufayli hali-beri gapirolmaydi, ehtimol, umuman gapirolmas.
Oq avtomobil tibbiyot qog‘ozini qoldirib jo‘nab ketdi. Faina ham bemorga qarab turish istagini bildirmadi. Haligi tibbiy qog‘ozni o‘qib chiqdi-yu, hech narsa demadi.
Ota uyda bir necha soatgina bo‘ldi, birdan tagidan suv sizib chiqdi, buning ustiga ichi ham ketgandi. Vadim uni qip-yalang‘och qilib yechintirdi, lekin foydasiz: yuvinish xonasigacha sudrab borolmas, o‘zi qo‘lini tekkizgisi ham kelmasdi. Xona birpasda qo‘lansa hidga to‘lib ketdi. Nima qilsin, ko‘chaga uloqtirsinmi? Qanday qilib, qo‘shnilar militsiyaga chaqishmaydimi?
Lekin chiqarib tashlamasdan iloji yo‘q. Eski latta-puttalar topildi, Vadim otasining yalang‘och badanini artib chiqdi, atir purkadi, sassiq hidga chidab bo‘lmasdi. Yig‘ma karavot yoniga o‘tirdi, otasiga ko‘z yugurtirdi. Uning soch-soqolini olishgan ekan. Yuzlari ozib-to‘zib ketgan, badani qovjirab qoq suyakka aylanibdi. Ko‘zi unsiz boqardi, tili og‘zida aylanmasdi. Sukunat Vadimni ezib yubordi va u so‘kindi. U moliyaviy halokat yoqasida turibdi. Puli kam, juda kam, otasini qandaydir lattalar bilan artib turish lozim! Nima bilan boqadi? Yoki – miyasiga shunday fikr keldi – umuman boqmasa-chi, baribir o‘ladi-ku! Bir oy oldinmi, keyinmi, nima farqi bor?! Ko‘mib o‘tirmaydi ham! O‘likxonadan to‘g‘ri kuydirishga jo‘natishsa-chi. U o‘lik otasi uchun bir tiyin ham sarflamaydi!
Ertalab u poliklinikadan vrachni chaqirdi, kasalga qarab turgani uchun ishdan ozod qiluvchi qog‘oz berishini so‘radi, lekin rad javobini oldi. Otasini qariyalar uyiga joylash uchun urinishi ham behuda ketdi. Chunki Grigoriy Vasilevich Glazichev SSSR fuqarosi hisoblanmas ekan. Nega deganda Kalinin oblastidagi Kulagina qishlog‘idan uchib ketgandan keyin birorta ham militsiya bo‘limiga uchramapti. Ishxonadan bir kunga javob so‘rab, hammayoqqa telefon qilib chiqdi, lekin hech kim otasiga qarab turishga rozi bo‘lmadi.
Birdan qo‘ng‘iroq jiringlab qoldi. Vadim eshikni ochib qotib qoldi. U bir soat burun tezda yetib boraman degan Fainani kutayotgandi, bo‘sag‘ada esa – Irina turardi. Sobiq turmush o‘rtog‘i achingan bir ovozda Grigoriy Vasilevichning salomatligini so‘radi (Vadim gap otasi haqida ketayotganini darhol tushunmadi), karavot yonida qotib qoldi. Vadim otasining oldida uni haydab yuborishga botina olmadi. Qariya garchi hech narsani idrok qilmasa-da, ko‘zlari taniganini ifodaladi, qo‘li sal qimirladi, faqat shu. Irina sumkasi bilan oshxonaga kirdi, idish-tovoqlarni taraqlatdi, ovqat bor-yo‘qligini tekshirib, sovutkichga nimadir qo‘ydi. Otaning gapirgisi kelardi, qandaydir tovush paydo bo‘ldi. Irina gapirdi – Vadimga emas, otasiga:
– Kasalxonadan chiqarib yuborishganini biz kechroq bilib qoldik, aks holda uyimizga olib ketardik… Hozir ham kechmas…
– Bermayman! – baqirdi Vadim, holbuki yarim soat oldin Preobrajenskdagi faxriylar shifoxonasiga otasini olib ketishlarini so‘rab yalingan edi. – Bermayman!
Uni nafrat qiynardi, Irinaga, hozirgina kirib kelgan Fainaga, hamma odamlarga bo‘lgan nafrat. Uch xonali uyini undan tortib olishdi! Ishini! Turbulent quyunli algebrasini tortib olishdi! Talaba qizlardan mahrum etishdi! Endi otasiga ko‘z tikishyapti!
Irinani u haydab yubordi. Chunki, otasi endi uning o‘z mulki edi. Bundan tashqari, unda qandaydir tuyg‘u uyg‘onib kelayotgandi: otasi – uning najotkori. Mana shu nochor, uchish apparati, uni, Vadim Grigorevich Glazichevni osmonga uchirib ketadigan najot qushi. Uning istagan cho‘qqilarga yetishishiga yo‘l qo‘ymay, Vadimni yerda ushlab turgan po‘lat arqonlar xuddi chirigan latta iplari singari otasining so‘nggi nafasi uzilishi bilan parchalanadi.
Shu his-tuyg‘u uning ongini yoritishi bilan Vadimning qo‘llari o‘z-o‘zidan qaychini topdi. Otasini chetlashtirib yig‘ma karavotni o‘rtasidan kesdi. Dumaloq teshik hosil qildi, kleenkaning o‘rtasida ham shunday teshik yasadi. Otasini yana o‘z joyiga yotqizdi. Endi u bemalol u yoq-bu yoqqa chiqib kela oladi. Karavotning tagiga idish qo‘yib qo‘ydi, otasi tagini ho‘llamaydigan bo‘ldi.
Faina uch marta keldi, yordam beray, qarashay deb. Vadimni diydasi qotib ketganlikda aybladi. Glazichev ko‘ndi, uning kelib turishiga ruxsat berdi. So‘ngra Irina ham kelib qariyaga qarashib turishga izn oldi. Ikkovi chiqishib qoldi, hatto do‘stlashib ketishdi. Bir kuni Vadim ularning ayollarcha iqrorlarini eshitib qoldi.
– Sen nega kelayapsan bu yerga? – hayratlandi Faina. – Men-ku, gunohlarimni yuvishga urinayapman, sen-chi?
– Menda ham bor o‘sha gunohlardan, – tan oldi Irina. – O‘zimga, qalbimga quloq tutmadim… Onamning gapiga kirdim, mendan aqlliroq deb o‘yladim. Otam ham…
Dam olish kunlari qariyaning tepasida ikkalasi parvona bo‘lishardi, boshqa paytlari Vadimning o‘zi qarardi. Otasi bir necha bor turishga harakat qildi, qo‘li bilan ishora qilib yurishga o‘rganish kerakligini tushuntirishga urindi. Lekin Vadim masalani o‘zicha hal qilgandi – shu yotganicha o‘lib ketgani ma’qul, baribir shunga mahkum. Hammayoqni bulg‘ading, na chora, bunday axlatlarga o‘g‘ling, kommunist Glazichev o‘rganib qolgan, unga sen o‘rgatgansan.
– Hisob varag‘ingiz qani? – so‘radi do‘q qilib Vadim. – O‘lib qolganingizdan so‘ng sizni hisobdan qanday chiqaraman?
Otasi chuqur xo‘rsinib, og‘ir gunohini tan oldi: so‘nggi paytlarda hech qayerda hisobda turmagandi.
– Menga ayting-chi, dohiylarimiz tuzgan va yo‘rgaklagan Kommunistik partiyaning shonli safini shu usulda tark etishga urinmadingizmi?
Otasi og‘zini ochib, aslo bunday qilmaganman degan fikrni zo‘rg‘a tushuntirdi.
– Sizga ishonib bo‘pman! – dedi Vadim kulib va sigareti kulini otasining peshonasiga qoqib. – Qani, ayting-chi, qancha go‘l qizning umriga zavol bo‘ldingiz? Axir men, ba’zi narsalarni sizdan meros olganman, siz ham tinch yurmagandirsiz?
Ochiq tan olish har qancha achchiq bo‘lmasin, otasi gunoh yo‘llarga kirganini bildirdi. Lekin hammasi rozilik bilan bo‘lgan, u hech kimning qizlik sha’niga chang solmagan.
– Yolg‘on! – do‘q qildi Vadim va sigaret qoldig‘ini otasining bo‘yniga bosib o‘chirdi. So‘ng otasining og‘zidan yasama tish qoplamasini sug‘urib oldi-da, hech narsaga yaramay qolgan siniq stakanga irg‘itdi. (Bir kuni ertalab Faina va Irina ikkalasi qariyani sigaret kuli qoplagan, badanida sigaret qoldiqlari yotgan holda ko‘rishdi, buni sababini so‘rashganida: boboy sho‘xlik qilayapti, chekayapti, degan javobni olishdi.)
– So‘nggi yilda nima evaziga kun ko‘rdingiz, landovur? Tilanchilik qildingizmi? Javob bering!
Otasi indamadi… Baribir qayerda nafaqa olganini bilolmadi. Yer yuzida biror qarindoshi borligini aniqlay olmadi (Vadim o‘zini otasiga qarindosh deb hisoblamasdi). Otasi qandaydir ismlarni, manzillarni pichirladi, lekin Vadim nima qilishni bilmasdi, otasining bir yoki ikki haftalik umri qolganini u bilardi…

19

Bu paytda esa, unga, fizika-matematika fanlari nomzodi V.G.Glazichevga boshi uzra falokat, dahshatli falokat soya solib kelardi. Agar u ufqdagi oddiy oq bulutdan qora bulutga aylansa, uch xonali uy haqida orzu qilish emas, balki Krasnaya Presnyadagi o‘sha kommunal kulbaga qayta ko‘chib borish tadorigini ko‘rishi lozim.
Bulut quyuqlashdi, allaqachon oftobni qoplab oldi. Olis-olislarda momaqaldiroq gumburlaydi, lekin chaqmoq chaqqanicha yo‘q. Hozircha.
Rim-katolik cherkovining reaktsion mohiyati haqidagi maqola bosilgan haligi jurnal 20.000 nusxada chop etilib, 50 tadan taxlanib, SSSRning turli burchaklariga yetib bordi, pochtachilar ularni, maktablarga, maorif bo‘limlariga, xonadonlarga yetkazib berdilar. Ular V.I.Lenin nomidagi Butunittifoq kutubxonasiga ham yetib bordi.
Nihoyat, dastlab hech qanday qiziqish uyg‘otmagan bu jurnal Vatikan shahar-davlatida ham paydo bo‘ldi. Biroq hazrati oliylari anchadan beri cherkovni fan bilan yarashtirish qayg‘usida yurgandi. Vatikandagi 1475 yilda asos solingan Apostol kutubxonasining navbatchi bibliografik jurnaldagi sarlavhani sinchiklab o‘qib chiqdi-da, uni kitob omboriga jo‘natmoqchi bo‘ldi, lekin “Birdamlik” so‘ziga ko‘zi tushdi-yu, hushyor tortdi. Rim papasi polyak bo‘lib, uning ism-familiyasi Karel Voytila edi. Bu borada chayqovchilik tez-tez yuz berib turardi. Asrlar davomida qaror topgan an’anaga ko‘ra katoliklar boshlig‘i biror millatga mansub bo‘lmasdi. Shu boisdan Polshaga tegib ketadigan maqolalarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish taqozo etilardi. Vatikanning Polshaga qurol yetkazib berishga aloqadorligi haqidagi jumla bibliografni juda qiziqtirib qoldi. U matbuotdagi axborotlarga baho berishda Vadimdan, uning pavlodarlik hamyurtidan, jurnalning bosh muharriridan, KPSS Markazqo‘mi mutasaddisidan hech ham farq qilmasdi. Bibliografdan mutasaddigacha, hamma-hammasini, eng avvalo ushbu maqolalarda ko‘tarilgan muammoni qaysi nufuzli organ birinchi bo‘lib qo‘ydi? – degan savol qiziqtirardi.
Qisqasi, mazkur maqolaga qadar qayerda Polsha kasaba uyushmalari Vatikandan qurol olishyapti yoki Vatikan puliga qurol-yarog‘ xarid qilayapti deb rasmiy ravishda e’lon berilgan?
Bibliograf kardinal bilan bog‘landi. Kardinal Rim-katolik cherkovining tashqi siyosiy faoliyatini boshqarardi. Katolik tashqi ishlar vaziri jurnalni talab qildi.
Jurnalda chiqqan maqolani uch tilga tarjima qilishdi va kardinalga olib kirishdi. U jiddiy o‘yga toldi. “Birdamlik”ka hech qanaqa qurol-yarog‘ yetkazib berilgani yo‘q – bu tushunarli, shu bois raddiyaga ham muhtoj emas. Ammo, hazrati oliylarini haqorat qilishga hech kimga huquq berilmagan. Moskvada nuntsiy1 yo‘q, zero, xudosiz bolsheviklar faqat pravoslav cherkovinigina tan olishgan.
Diplomatik demarsh baribir amalga oshirildi, Polsha orqali bog‘lanildi. Polsha tashqi ishlar vazirligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabat bildirmadi. Polshaning SSSRdagi elchisi Sovet Ittifoq Tashqi ishlar vazirligi Yevropa bo‘limlaridan birining mudiri bilan shaxsiy suhbatda bo‘ldi. Ikki diplomat bir-biriga nozik tabassum qilishdi. Smolensk maydonidan ko‘hna Qizil maydonga qo‘ng‘iroq qilindi. U yerdagilar na quloq qoqishdi, na qosh chimirishdi.
Shunday ekan, Vatikan tortinib o‘tirmadi va Rim gazetalaridan bittasida maqolani ko‘chirib bosdi (qalam haqi to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi, zero janjal chiqishi umidida edilar). Maqola Rimdan Gdinga Kalashnikov avtomatlarini yetkazib berish usullari haqidagi achchiq-achchiq savollar bilan bejab tashlangan edi.
Bir haftadan keyin jurnal tahririyatiga Davlat sirlarini saqlash bosh boshqarmasidan tsenzor keldi. Shu narsa aniqlandiki, bosh muharrir o‘rinbosari ta’tilda bo‘lgani uchun maqolaga hech qanday aloqasi yo‘q ekan. U maqolani olgan kuni matnning o‘ng tomoniga qizil siyoh bilan savol alomati qo‘yganligi hech kimdan yashirilmadi. Senzor quruq qaytishga majbur bo‘ldi, chunki qizil siyohda belgi qo‘ygan odam shubhalana boshladi. So‘roq belgisini o‘zi qo‘yganmi yoki boshqa birov – gumonsirardi. Balki Glazichev qo‘ygandir. Ehtimol, maqolani qo‘lyozma yoki mashinkada ko‘chirilganini o‘qimagandir. Aytmoqchi, aynan o‘sha matn yo‘qolgan-ku.
Bu yerda faqat maqola muallifi, falsafa fanlari doktori, professor va Markazqo‘m a’zoligiga nomzodning o‘zigina aniqlik kiritishi mumkin edi. U bo‘lsa, bir hafta o‘ylab ko‘rganidan so‘ng, o‘sha badbaxt jumla o‘ziga emas, balki nomsiz muallifga tegishli ekanini tan oldi. Bunga dalil qilib, o‘sha jumlasiz, mashinkada yozilgan o‘z maqolasini ko‘rsatdi.
Irodasiz tsenzor o‘rniga Markazqo‘mdan maxsus komissiya keldi va “siyosiy mas’uliyatsizlik” degan tashhis qo‘ydi. Shu mas’uliyatsizlikni kim ko‘rsatgan va u qanday ifodalanishi aniqlanmadi. Glazichevni chekish joyida ko‘rib qolgan komissiya a’zosi yo‘l-yo‘lakay u bilan gaplashganday bo‘ldi va xalajoy qayerda, deb so‘radi.
Bor gap shu. Komissiya o‘zini chetga tortdi. Vadimni hozircha hech kim tergamadi ham, jazolamadi ham. Nimaga ham jazolashardi? O‘sha jumla haqida u o‘z vaqtida bosh muharrirga aytgandi, birgalikda MKga borishgandi, mutasaddi bosh muharrir yonida bosishga ruxsat etgandi.
Tahririyatdagilar kasal otasi haqida xabardor edilar va ishdan ertaroq ketishga rozilik berishardi. Soat yetti bo‘lmasdan uyiga kelgan Vadim musibatni ko‘rdi. Otasi yerda yotar, yig‘ma karavot yonboshlab qolgandi. Chol to‘ng‘illab so‘kindi va o‘zini yuvib qo‘yishni so‘radi.
Qariyani yengilgina kaltaklashga to‘g‘ri keldi:
– Hadeb tipirchilayvermang, yuvilib tozalanishni ham esdan chiqaring.
Yangi muammo paydo bo‘lgandi: uni karavotga bog‘lab qo‘yish kerak, lekin nima bilan? Kamar bilanmi yoki arqon bilan? Unisi ham, bunisi ham yo‘q. Oxiri to‘kilgan choyshabni bo‘lak-bo‘lak qilib kesdi-da, arqonga o‘xshatib eshib, otasini karavotga mahkam bog‘lab qo‘ydi. Hisoblab ko‘rdi: chol yana ikki hafta yashasa kerak, u o‘chayotgan olovning so‘nggi miltillashiga, hali so‘nmagan hayotning oxirgi nishonasiga o‘xshaydi. Lekin sassiq hiddan qutulib bo‘lmasdi. Otasining “sovuq, sovuq” deya qilgan ishorasiga qaramay, badbo‘y hid xonalarga o‘rnashib qolmasligi uchun Vadim boloxona ayvonga ochiladigan eshikni berkitmasdi. Baribir hid arimasdi.
20

Sumkov bir vaqtlar o‘z otasining partbileti va lavozimini saqlab qolgan Pavlodarning sobiq shahar boshlig‘i jon taslim qilayotgan xonadonda nimalar bo‘layotganini yaxshi tushunardi. U hamyurtinikiga mehmon bo‘lib kelmadi, lekin tahririyatga tashrif buyurdi, Vadimning yoniga o‘tirib hamdardlik bildirganday sukut saqladi.
Faqat shugina emas. Vadimni yo‘lakka olib chiqdi-da:
– Ishing yaxshimas, – dedi. – Ahvol chatoq. Chunki xalqaro janjal chiqdi. Moskva bu janjaldan farzinni yoki kichikroq sipohni qurbon qilib bo‘lsa-da, bir amallab chiqib ketishi kerak. Ko‘hna maydonga bu yarashmaydi, lekin piyoda, ya’ni Vadim Glazichevdan voz kechish evaziga partiya bu ishni bosdi-bosdi qilishi mumkin.
U shunday dedi-yu, chiqib ketdi. Vadim ovqatlanmoqchi bo‘lib bufetga yo‘l oldi, uyda hech narsa yeya olmasdi. Jazo olish xavfi uni biroz cho‘chitardi, ikki oylardan keyin ushbu bufetga kirolmasligi aniq, ishdan ikki marta haydashgan edi, bo‘shatishdan oldin ma’naviy saviyani, hushyorlikni oshirish haqida, partiya saflarini to‘ldirish to‘g‘risida qanday balandparvoz so‘zlar aytilishini yaxshi bilardi.
Uyga keldi-yu, umrida birinchi marta otasining gapini eshitgisi, turmushning turli ikir-chikirlari haqida so‘ragisi kelib qoldi. Axir, tanasining qariyb yarmi falaj bo‘lib yotib qolgan otasi hozircha hayotning tirik guvohi edi. Otasi eslab, gapirib berar, so‘zlarni chaynab gapirardi. Keyingi yillarda Vadimning quloqlari KPSS Markazqo‘mining Bosh kotibi L.I.Brejnevning chaynalib gapirishiga ko‘nikib qolgandi.
O‘z hayotini, davrini xotirlab, tilini zo‘rg‘a aylantirib gapirayotgan otasi, buni qarangki, xayolan yorqin kelajakka intilib, yarim yalang‘och, qashshoqlarcha kun ko‘rgan ekan. Lekin naqadar qiziq, naqadar maroqli! Chiyrilib ketgan mana shu chuvalchang Uzoq Sharqdagi shaxtyorlar shahri Suchanda tug‘ilgan ekan. Otasi o‘zining sharmandali yo‘lini o‘sha yerdan boshlagan, agar Lenin kommunizmni g‘arbdan orqalab kelgan bo‘lsa, u yarim yalpi farovonlik g‘oyalarini sharqdan olg‘a surgandi. Shu tariqa Moskva har tomondan dahshatli nazariyalar bilan tiklanib, avval boshdanoq nurashga mahkum etilgandi. Oilasi burjuacha ta’bdagi odamlar edi, otasining ota-onasi idora xizmatchilari bo‘lishgan, shu tufayli u savod chiqargan, kitob o‘qishni bilgan, har holda yigirma yoshlarida bir necha hunarni egallab, jon-jahdi bilan alohida olingan bir mamlakatda sotsializm qurishga kirishgan. Ko‘ngilli bo‘lib urushga jo‘nagan, yarador bo‘lgach, Uralga qaytib ishchilar ta’minoti bilan shug‘ullangan, o‘sha yerda Vadimning onasiga uylangan. Albatta, onasi bolalarini ko‘paytirib, oilani mustahkam¬lashga intilmagan, eri ham boshqa ayollarga beparvo bo‘lmagan, har holda, otasi o‘g‘lidan farqli o‘laroq, ayollardan ajralishga turmush qiyinchiliklarini emas, siyosiy vaj-karsonlarni ko‘rsatgan. U, ehtimol, ayollar boshini siyosiy masalalar bilan shu qadar qotirganki, ular Grigoriy Vasilevich bilan uning g‘oyaviy intilishlarini deb o‘zlarini qurbon qilganlar, uni tark etganlar. Vadim hali bir yoshga ham to‘lmagan paytda otasi xotinini tashlab ketdi. U xotinini Malenkov – Molotovning partiyaga qarshi guruhini to‘g‘ri baholay olmaganlikda ayblab ajrashdi. Kommunizmga fidoyilarcha sadoqatli bo‘lgan ota xotinining bag‘riga yana qaytib keldi. Bunga bahona qilib KPSS Markazqo‘midagi nifoqlarni ko‘rsatdi. Xuddi mana shu nifoqlar Pavlodarda joylashib qolgan onasini olis tayga qishlog‘iga uloqtirdi. O‘sha yerda biroz o‘qituvchilik qilib, vafot etgach, hech kimga keragi bo‘lmay qolgan o‘g‘li moddiy yordam so‘rab arizalar yoza boshladi.
Uch xonali uy haqidagi orzulariga yetolmay toliqqan bechorahol bir odamchaning taqdirini o‘ylarkan, Vadimning o‘ziga rahmi kelib ketdi. Axir, otasiga o‘xshab o‘g‘li ham uch xonali uy-joyga intilmaganmidi? Axir, otasi SSSRdagi har bir oilani uch xonali uy bilan ta’minlashga da’vat etardi, opportunist onasi esa ikki xonaliga ham rozi edi. Er-xotinning orasi ayni shundan buzilib ketgandi. Xuddi shu yerda uy-joydan foydalanish idorasidagi qizchani eslamay bo‘ladimi? U Vadimning nomzodligi uchun yigirma kvadrat metr joy talab qilganini qoralab bergandi: “Axir odamlar yerto‘lalarda yashab turibdi”, – degandi qizcha. Otasining lunjlari shishdi. Vadim uning nimadir so‘ramoqchi ekanini tushundi:
– Bugun “Pravda” nimalar haqida yozayapti? – so‘radi otasi.

21

Hamyurti Sumkov hamma narsani surishtirdi, bildi, Glazichevning uyiga yugurib keldi, uni tashqariga chaqirib, tez orada nimalar bo‘lishini aytdi va nima qilishi kerakligini tayinladi.
Qiladigan ishi esa juda oddiy va bizning asrimiz uchun dono yo‘l edi: rahbariyat nima desa rozi bo‘l, xo‘p de. Hamma narsaga o‘zing aybdor ekaningni tan ol. Faqat o‘zing aybdor ekaningni ayt! Boshqacha bo‘lmaydi! To‘g‘ri, jurnal rahbariyati tomorqasiga bir-ikki tosh otsang bo‘lar, u baribir, yuqori rahbariyatdan eshitadiganini eshitadi. Tepadagilarga esa tashkiliy xulosalar chiqarish uchun bu juda zarur.
Qo‘shni xonadonning eshigi ochilib, kampir mo‘ralab qo‘ydi. Sumkovning kapalagi uchib, Vadimni ichkari – oshxonaga sudradi va bor gapni aytdi.
Gap esa quyidagidan iborat edi. Haligi maqola va o‘sha jumla bilan bog‘liq masala ancha oldin, Andropovning taxtga chiqishi paytidayoq unga mag‘zava ag‘darish maqsadida o‘ylab qo‘yilgan, lekin keyinroq amalga oshirilgan edi. Janubiy Koreya havo laynerining halokati Vatikanni qurol-yarog‘ yetkazib berishda ayblash rejasini orqaga surdi. Andropovning o‘limi esa, uning ustiga parda tortdi. Lekin ig‘vo mashinasi ishga tushdimi, bas, uni to‘xtatish qiyin. Endi turli darajalarda bo‘lib o‘tgan qator maslahatlashuvlardan so‘ng qaror qilindi: jazolash kerak! Kimni? Mana shu yerda yana fitna boshlandi, hammaga ma’lumki, bu ishda aybdor mutasaddi, lekin bu g‘alvani uning o‘zi boshlamagani uchun uni jazolab bo‘lmaydi, ammo bor zarbani Vadim Glazichev o‘ziga qabul qilishi kerak, harholda jallod oyboltasi uning yonidan o‘tib ketadi, Vadim o‘zining aybdorligini tan olsa bo‘lgani, partiya uni jazolaydi, lekin kommunist Glazichevni o‘z saflaridan o‘chirish darajasida emas… Qisqasi, majlisda tavba-tazarru qilishi lozim, ya’ni Markazqo‘mning dono ko‘rsatmalarini ado etolmadim, partiya intizomini buzdim va hokazo… Chunki oxirigacha kurashishdan naf ko‘rmaysan, muhimi – qanday bo‘lmasin partiya saflarida saqlanib qolish. Har qanday yo‘l bilan bo‘lmasin partiyadan ajralmaslik lozim! Aks holda – halokat!
Shundan so‘ng u jo‘nab ketdi. Vadim bo‘lsa uzoq o‘yga toldi. Fainaning do‘stlari Vadimnikida oshxonadagi bazmi jamshidlarda Andropov haqida ko‘p gapirishardi. Go‘yo Davlat xavfsizlik qo‘mitasining sobiq boshlig‘i bo‘lgan bu odam she’rlar yozarmish, Siyosiy byuro majlislarida Shekspirni namoyishkorona inglizcha o‘qirmish, Yevtushenkoning do‘sti emish, hatto o‘zi yahudiy ekan, degan ma’lumotlar ham bor. Qarang-a, mana shunday bir odamni uning firqadosh o‘rtoqlari badnom qilmoqchi bo‘lishibdi!

22

Voqealar dahshatli tarzda rivojlanib borardi. Yuzma-yuz uchrashtirish o‘tkazildi. Vadimni bosh muharrir huzuriga chaqirtirishdi. U yerda komissiya a’zolari yarim doira yasab o‘tirishardi. Shu o‘tgan bir oy ichida Vadim yetti yoki sakkiz marta o‘sha la’nati jumla haqida, o‘zi yosh xodim sifatida uni tahririyatning o‘zida bosh muharrirga ko‘rsatgani, muharrir kimgadir telefon qilgani, yana sim qoqib mashina chaqirgani, keyin firqa badalini to‘lashga ulgurgan Vadimni olib ko‘hna maydondagi KPSS Markazqo‘mi binosiga, bir kishi huzuriga borishgani, hozir familiyasi Vadimning esidan chiqqan o‘sha kishi maqolani o‘qib, ha, ha, aynan shu maqolani, uning la’nati jumlasini qayta o‘qib, hech qanday mulohaza bildirmagani, shu arzimagan narsaga ham vahima qilib yuribsizlarmi, qandaydir cherkov ekan, bosaveringlar, degani to‘g‘risida gapirib berdi.
Bosh muharrir voqeani sal boshqacharoq tushuntirgandi. Maqolani unga hozir shu yerda mavjud bo‘lgan o‘rinbosar lavozimini bajarayotgan Vadim Glazichev olib kirdi. Qurol-yarog‘ yetkazib berish haqidagi mazkur faktning olingan manbai ko‘rsatilmagan jumla menga ham yoqmadi, u Markazqo‘m bilan aloqa bog‘lab, maqolani hamda Glazichevni olib borib, o‘sha jumlani o‘rtoqqa ko‘rsatdim…
Bosh muharrirga bu yog‘ini isbotlashga yo‘l qo‘yishmadi – Vadimning huzurida, albatta. “Siz bo‘shsiz!” – deyishdi unga. Vadimda otasini do‘pposlash qarori o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldi, qo‘li qichishayotgandi. Do‘pposladi va uyalib ketdi: xuddi otasi uning urishini kutayotganday edi, quvonch to‘la ko‘zyoshli ko‘zlari bilan unga qarab turardi. U o‘zicha shunday qarorga keldi: otasiga boshqa teginmaydi, mayli, jon beraversin va tog‘oradagi siydik va najasga emas, shiftga qarab yotgani uchun Vadimga rahmat, desin.
Holbuki, Vadimning bir o‘zini, bosh muharrirsiz Markazqo‘mdagi o‘sha o‘rtoq huzuriga olib borishganidan keyin otasi tog‘oraga qarab yotishi ham mumkin edi. Haligi o‘rtoq favqulodda qog‘ozdan ko‘z uzib, huzurida qaddini g‘oz tutib turgan Vadimga hayratlanib qaradi-da:
– Eshitishimcha, men haqimda har xil bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatib yurgan emishsiz… Go‘yo men sizga qandaydir bema’ni narsani bosib chiqarishga ruxsat bergan emishman…
Bunday gaplardan keyin aybdor o‘zini tashlab yuborishi yoki qotib qolishi kutilgandi. Uni yurolmagani uchun tirsaklaridan ushlab sudrab olib chiqib ketadilar, deb o‘ylashgandi.
Lekin Vadim Glazichev Pavlodar sha’nini yerga urmadi. Hatto kiprik qoqmadi, biror tuki qimir etmadi. Mutasaddining so‘zlarini beparvo tingladi-da, biror so‘z aytmay, eshikka qarab yurdi, uni asta olib chiqib ketishdi. Ko‘hna maydonga kelishidan bir soat oldin dahlizda qulog‘iga shipshigan edi: Markazqo‘mda shunday odamlar borki, ularning vazifasi vijdonsizlarcha, surbetlarcha yolg‘on gapirishdir. Mutasaddi – ana shundaylardan bittasi. Shuning uchun ham uni Siyosiy byuro va kotibiyatdagilar qadrlashadi.

23

Kasalxonadan keyin otasi juda ham ozib ketdi. Yig‘ma karavotda eti ustixoniga yopishib yotardi. Chorshanba kuni ishdan kelgach, Vadim otasining qoqsuyak tanasini ko‘tarib vannaga olib kirdi. U otasini yaxshi bo‘y taratuvchi tuzlar aralashtirilgan issiq suvga qo‘ydi. Qariya suvga cho‘mgancha lazzatlanardi. Vadim uni ehtiyotkorona yuvib, keyin ohista ko‘tardi-da, katga yotqizdi (yig‘ma karavotni peshayvondan pastga uloqtirgandi), soqolini oldi; oqargan soch-soqoli olinib, yuz-ko‘zlari sochiq bilan tozalangach, uning xayoliga otasi u dunyoga tozalangan holda ketayapti, degan fikr keldi. Vadim unga yordamlashdi, yasama tishlarini yuvdi, siniq stakanga solib qo‘ydi. Otasi tobutga solingach, u yerdan olib, qariyaning og‘ziga solib qo‘yiladi. Pasporti bor, tibbiy ma’lumotnoma bo‘yicha militsiya va ro‘yxatga olish idorasi yana qandaydir qog‘ozlar beradi. Grigoriy Vasilevich mozorga umid qilmasa ham bo‘ladi, hech kim unga biror qabristondan joy bermaydi, yagona yo‘l – jasadini kuydirish, shunday ekan, ko‘k alangada yonaver kommunist va mehnatkash, deyishdan boshqa iloj yo‘q. Bomj1 eding – shundayligingcha qolding. Hali tirik bomjga Vadim – birinchi marta! – yaxshigina bo‘tqa pishirib berdi. Holbuki, otasining tezroq o‘lishini istardi. Zero, otasining o‘limi Vadim Glazichev uchun foydali edi. Otasi o‘g‘lining yorqin kelajak – insoniyat uchunmas, Vadim Grigorevich Glazichev uchun kurashiga xalaqit berardi.
Zero: otasi emas, partiya o‘layotgandi! Sovet Ittifoqi Kommunistlar partiyasi! Ha, bir vaqtlar u Yevropa bo‘ylab daydib yurgan sharpa edi, Rossiyaga yopishdi, uning tanasiga o‘rnashib oldi, yaqinda u yerdan ham haydab yuborishadi.
Shalviragan chol tanasi bilan qudratli davlatning o‘xshashligi haqidagi bu fikr unda anchadan beri yetilib kelayotgan edi. Lekin bu fikr Vadim mutasaddi o‘rtoqning xonasidan chiqayotgan paytida aniq tushuncha bo‘lib yetildi, dastur shaklini oldi. U endi nima qilishini yaxshi bilardi.
Vadim Glazichevning ko‘z o‘ngida KPSS o‘lib bormoqdaydi. U kuni bitganini his etib, jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatishi mumkin edi. Gapirishni esdan chiqargan, vaqt-vaqti bilan chinqirar, qaddini rostlar, kuch-quvvati kundan-kunga tugab borar, sassiq hid kuchayar, burunni har qancha berkitma, foydasiz edi. Badan a’zolari hatto toza, yog‘i olingan ovqatni ham hazm qilolmas – davlat organizmi ham unga har qancha tiqishtirma, millionlab mablag‘larni o‘zlashtirishga qodir emasdi.
Katta xonadagi chiroqni Vadim o‘chirib qo‘ydi, derazadan oydin tushib turardi. Otasi yotgan kat soyaga tushib ketganday, bu Vadimga otasi mozor chekkasida turganday bo‘lib ko‘rindi. Xonada nimadir chiqillayotganday bo‘ldi, axir, bu uyda qo‘l soatidan bo‘lak narsa yo‘q-ku. Devor soatlarining “tik-taki” xotirada qolgan, Pavlodardan olib kelingan o‘sha soatlar endi Moskva uyida soniyalarni sanardi. Bu kommunist G.V.Glazichevning so‘nggi kunlari, so‘nggi soatlari va so‘nggi daqiqalari edi. Har holda uning o‘g‘li V.G.Glazichev uchun ham bu so‘nggi onlar edi. Chunki Vadim partiya safida qolishni istamasdi. Buning ustiga, u izdan chiqib, qulab tushayotgan poyezddan mumkin qadar tezroq sakrab qolishga intilardi.
Oy charaqlab turgan ana shu chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechada u o‘tgan kunlarini eslar va ko‘z o‘ngidan o‘tkazardi. Vadim xotirasida Fainaning do‘stlari bilan suhbatdoshlarini tikladi va xayolan ular qo‘ldan qo‘ymay o‘qiyotgan kitoblarni varaqlab chiqdi. U Marekni ham esladi, muloyim va kamtar bu yigit pivoni juda yaxshi ko‘rardi; Fainaning barcha mahmadona do‘stlarini KGB nega ayaganini Vadim tushunib yetdi. Ularning hech qaysi birini suhbatga ham chaqirishmadi, indamas Marekni esa qamab qo‘yishdi. Marek partiya uchun xavfli edi. Shunisi bilan xavfli ediki, u hech kimni na isyonga, na norozilikka chaqirardi. “Bekorga shu ishni boshlayapsizlar, – dedi u bir kuni. – Hammasi o‘z-o‘zidan parchalanadi. Bizlar o‘z-o‘zidan buzilayotgan tizimda yashayapmiz va o‘zimizning harakatsizligimiz bilan voqealarning tabiiy rivojlanishiga ko‘maklashayotibmiz…”. Lekin, ehtimol, Marekning boshqa so‘zi KGBning g‘azabini qaynatgandir. Lekin bir marta u Andropov haqida kesatib, oddiygina: “Komsomolning chalasi” degandi.
Bu dissidentlar uning uyida qanday paydo bo‘lishdi? Vadim haftalar, oylarni orqaga qaytardi, to “Smolenskaya” metrosida Fainani MAIdan yuborilgan talaba qiz deb qabul qilgan kunini eslab ko‘rdi. Hammasi o‘shandan, yangi uyni yuvish ziyofatidan boshlangan edi, – dedi Vadim xotirasini kovlashtirib.

24

Va ertasi butun kun bo‘yi, butun tun bo‘yi u hali kovlanmagan qabr yonida o‘tirib, hali ko‘milmagan odamlar ovozini eshitdi. Otasi birdan tilga kirdi va Vadim Presnyadagi kulbasida eshitmagan gapini aytdi: “Ko‘pdan beri sezib yuribman: ruh hali jo‘shqinlikka qodir, badan bo‘lsa jadal harakatdan o‘zini tiyadi…” Juda aniq gapirdi, go‘yo hech qanday insult yuz bermaganday. Vadim endi uning yasama tishini boshqa, ancha vakolatli idishda – o‘n yetti rublga ataylab sotib olingan bezakli xitoy finjonida saqlardi.
U juda yengil va beg‘araz o‘layotgandi. Ko‘zlari zarvorlashib, kosalariga ko‘mildi. Barmoqlarining uchi qichishdi, choyshabning chetlarini tirnay boshladi. Burni oqarib ketdi, uchi o‘tkirlashdi. Hayoti hali so‘nib bo‘lgani yo‘q, lekin badbo‘y hid kamaydi, xonada hatto bahor gullarining isi taraldi. Tomir urishi arang sezilardi…
Juma kuni ertalab ishxonadan telefon qilib, firqa yig‘ilishi borligini aytishdi. “Boraman”, – dedi Vadim va tovushi o‘zini fosh qilganini tushundi. Zero, tazarru qilmaslikka qaror bergandi. Vadim qatorlashtirib qo‘yilgan stul¬lar ustiga cho‘zilib, bukchayib oldi-da, maza qilib uxladi. Qandaydir shovqin uni o‘rnidan sakrab turishga, katta xonaga yugurib chiqishga majbur etdi.
U yerda sokinlik hukmron edi, faqat shildirash eshitilganday bo‘ldi. Otasi¬ning o‘limiga bir-ikki soat qolgandi. Endi kelajak haqida o‘ylash vaqti yetgandi.
Yana bir necha yildan so‘ng partiya ham o‘ladi va hozir yangi mozor, yangi davrga tayyorlashning ayni payti. Unga partiyasiz bo‘lib kirish lozim va shunday kirish kerakki, partiyasizlik xizmat hisoblansin, unga yashash, oldinga siljish, balandliklarni egallash huquqini bersin. Zero, partiya unga cho‘qqilarni egallashga yo‘l qo‘ymagandi. Bu endi fan nomzodlari chiqishga intilayotgan cho‘qqilar emas, boshqa yuksakliklardir, chunki “Tayfun” baland ko‘tara olmaydi, Sidorovni endi yordamchilikka yollay olmaysan. Partiya jon taslim qilishi bilan qor qoplangan yonbag‘irlari yaltirab turgan boshqa cho‘qqilar chorlay boshlaydi. Boshqa davrlar boshlanadi, o‘zga sohillar yaqinlashadi. Xuddi otasi so‘nggi soatlarini kutayotgani singari, KPSS tugasa, mamlakatning taqdiri nima bo‘ladi? Keyingi hafta partiya yig‘ilishi, uni partiyadan haydashadi, birgalashib ayblashadi… Nimada? E, endi ular bilan Vadimning nima ishi bor!
Xo‘sh, mamlakat nima bo‘ladi?
Tasavvur qilish qiyin emas. Bu karomatgo‘y va kelajak bashoratchilari Vadimning oshxonasida yeb-ichib gap sotgan o‘sha pandavaqilar, bekorchixo‘jalar, ular orasida fiziklar, ximiklar va biologlar ham bor edi, lekin ular o‘z fanlari bilan faqat ilmlari tufayli hokimiyat yuziga tupurish bo‘lgandagina shug‘ullanadilar. Qiziq, odamlar, bir-birini maqtashadi, xolos. Hatto qo‘shiq ham to‘qishibdi: “Kelinglar, bir-birimizga maqtov aytaylik…” Ulardan bittasi bir kuni maqtanib qoldi, buni qarangki, u o‘zining ilmiy-tadqiqot institutida imtiyozli darajada ekan, go‘yo unga shikoyat qilishibdi: mana, ko‘rib qo‘ying, o‘zimizda ham dissident bor, uni nima qilamiz? – deb. Shikoyatchiga rahbariyat shunday maslahat beribdi: siz dissidentga hadeb o‘chakishavermang, hadeb ishga ko‘mib tashlayvermang, aks holda sotsializmda kishilarni ekspluatatsiya qilishayapti deb, butun Yevropaga jar soladi-ya!.. E, turgan-bitgani bekorchixo‘ja va mahmadonalar, lekin ular orqasida qandaydir kuchlar bor, vaqt-vaqti bilan oshxonada yoshi kattaroq, tajribali yigitlar ham kelib turishardi. Juda kam gapirishardi. Ularning gaplarini hozir Vadim eslab, mag‘zini chaqa boshladi. Hokimiyat xuddi o‘sha indamaslar qo‘liga o‘tadi va mamlakat, ehtimolki, sotsialistik yo‘ldan boshqa tomonga buriladi. Partiya, bu aniq, barcha huquq va vakolatlaridan mahrum bo‘ladi. Bunday huquqlar boshqa kishilarga beriladi. Ma’lum vaqt mobaynida zavod va fabrikalar rahbariyatsiz qoladilar. Unda nima bo‘ladi? Hammasi barbod bo‘ladi, yemiriladi. Bularning oldini olsa bo‘ladi, lekin kim shunday qiladi? Hamma joyda mitinglar, taloto‘plar boshlanadi. Juda uzoq vaqt og‘izlarini ochirishmadi, ko‘chalarga chiqarishmadi. Gap talashishadi, har bir tepalikdan turib nutq so‘zlaydilar, sovet hokimiyatini bulg‘ashga tushadilar. Lekin haligi “uch” olib o‘qiganlar yangi hokimiyatga yaltoqlanadilar, o‘z odamlarini qo‘llab-quvvatlaydilar, buni ular eplaydilar. Xuddi o‘shalar Vadim haqida qayg‘uradilar, uni partiyadan haydab yuborishganda, tashlab qo‘ymaydilar. Hayotga yo‘l beradilar. Burjuaziya tartiblari ularga juda ham ma’qul, u yerdagi parlamentlar, senatlar va palatalar “uch”chilarga juda yoqadi. Unga, erkin ittifoqning erkin parlamentiga Vadimni deputat qilib saylaydilar. Uning qanday atalishi noma’lum, lekin Irina podsho paytida Oliy Kengash qanday atalganini aytib beradi. Yangi parlamentda Vadim rosa nutq irod qiladi, u esa qanday gapirishni biladi. U faqat minbarga chiqib olib, gap boshlasa bo‘lgani – hammasini qoyil qiladi. Buning uchun oddiy narsa kerak, xolos: faqat unga xushro‘y va oyog‘i chiroyli xonimlardan yetkazib turilsa bo‘lgani. Xalq saylaydigan deputatlarning yosh tsenzini1 kamaytirish va u yerga navjuvonlarning yetarli miqdorini kiritishga erishilsa bas, oyog‘i chiroyli xonimlar topiladi. Shunday oyoqlarga ko‘zi tushsa, xizmat ko‘rsatgan va hurmatli deputat Glazichevga jon kiradi.
Yahudiylarga ham rahm qilish lozim, – o‘ylardi deputat Vadim Glazichev. – Mayli, o‘zlarining tarixiy vatanlariga ko‘plab qaytaversinlar. Shunda Pavlodar, Ust-Ilimsk va Katsavenodan kelgan yigitlarga ko‘proq uylar qoladi. Barcha cheklashlarni bekor qilish kerak, jin ursin. Anavi razil idora – KGBni tarqatib yuborish lozim. Ha, militsiyani ham bir silkitib tashlasa yomon bo‘lmasdi.
Vadim uzoq o‘ylanib qoldi. Keyin birdan “qah-qah” urib kula boshladi. U o‘z ustidan, pavlodarcha go‘lligidan kulardi. Kuch-quvvat va pulni sarflashning nima keragi bor? Baribir pul kam bo‘ladi, uni mebelga, gilamga sarflash na hojat? Axir, bir vaqtlar uch xonali kvartirasida shu narsalarga ega edi-ku! Hammasi oddiy: oldindan Irina bilan qayta nikohga kirib, o‘sha uyga ko‘chib kirish. Irina – sodiq dugona, endi tushuna boshladim: oila – bu “kama sutra” emas, shahvat muomalasining yuz qirq sakkiz usuli tugul, yo‘q, butunlay boshqa narsa – hozir aynan Irinada mavjud bir xilqat; u hozir biram yoqimli, biram muloyim bo‘lib qolganki… Ammo qaynotasi uning qiyofasida xaloskorni ko‘rishi uchun, Vadim, hali vaqt borida unga achchiq hayot nimaligini ko‘rsatib qo‘yishi kerak, SSSR Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Ivan Ivanovich Lapin qandaydir yangi g‘oyalar tantanasi uchun azob chekmog‘i kerak. Akademikka qarshi organlarni, Rushnikovga o‘xshash turli josuslarni gij-gijlash lozim. Boshqacha qilib aytganda, zimdan tuhmat yozmoq darkor. Masalan, ikki hafta burun ishxonadan eski, ro‘yxatdan o‘chirilgan yozuv mashinkasi keltirildi, tuzatilib ishlaydigan holga keltirilgan o‘sha “Optima”ni axlatga tashlab yuborishga ko‘zi qiymadi. Endi u o‘sha yoqqa tashlanadi, lekin oldin hali ishlab turgan KPSS Markazqo‘miga ma’lum qilinadi.
Ushbu chaqimchilik matni uning kallasida o‘z-o‘zidan pishib yetildi. “Aziz o‘rtoqlar! Yaqinda Latviya SSRning Tukums shahridan o‘tib ketayotib, o‘lkashunoslik muzeyiga kirib qoldim. O‘sha yerda men tasodifan g‘aroyib hujjatga duch keldim. Aniqlashimcha, o‘sha hujjat kimningdir iltimosi bilan arxivga jo‘natilgan ekan. Mazkur hujjatning guvohlik berishicha, Latviyaning Tukums uyezdida bir vaqtlar odamlarni qon-qaqshatgan va yirik quloqlardan bo‘lgan Lapinsh Ivar hozir sovet faniga suqilib kirib olgan Ivan Ivanovich Lapinning otasidir…”
Lekin uyini u bermaydi! Bu joy unga juda qimmatga tushgan. Bu yerda Faina yashaydi, u bilan ajralish niyati yo‘q. Qonuniy ayoli ham bunga qarshilik qilmaydi, Irina istagan paytida bu yerga kelishi mumkin. U bu yerda Vadimni Faina bilan birga ko‘rishi mumkin, baribir, “g‘ing” demaydi. Chunki Faina qandaydir sartarosh emas, balki unga yaxshi tanish bo‘lgan ayol. Faina Vadim uchun kelguvsi hayotida muhofaza yorlig‘idir. Agar bordi-yu, qonuniy yostiqdoshi – Irinadan farzand ko‘rmasa, Fainadan tug‘ilishi mumkin. Agar Irina tug‘sa, Faina shu yerda, yordam beradi.
Xonada u yoqdan-bu yoqqa yurar ekan, Vadim Glazichev yana ko‘p narsalarni o‘ylab qo‘ydi. U har zamon-har zamonda otasiga qarab qo‘yardi. U bo‘lsa, o‘lmas va shu bilan o‘g‘liga kelgusidagi o‘z hayotini o‘ylab olishga imkon berardi.
Vadim ko‘zguga qaradi va unda ancha qoraygan, qad-qomati kelishgan, sochlari erta oqargan, ayovsiz, kuch-quvvatga to‘lgan erkakni ko‘rdi. U yo‘lida uchragan barcha yengil narsalarni vayron qilib, yengil bo‘lmagan og‘ir narsalarni chetlab o‘tishga qodir edi. Uning ro‘parasida jangga tashlanayotgan yigit turardi. U endi chekka qishloqdan kelgan dovdir yigitcha emas, hatto moskvalik ham emas, balki butun Rossiya miqyosidagi arbob edi.

25

Otasi dushanba kuni jon taslim qildi. Butun shanba va yakshanba davomida Irina bilan Faina taxta karavotni gullarga burkab tashlashdi. Qo‘shnidan magnitofon so‘rab olishdi va kun bo‘yi ayollar tanlagan muzikalar: Verdi, Bax, Shopen asarlari yangradi. Nima bo‘lganda ham yer yuzining oltidan bir qismini va yuzlab yadro zaryadlari egallab turgan partiya o‘layapti, axir Grigoriy Vasilevichning barmoqlari o‘limi oldidan kuchga kirib harakat qila boshladi. U Vadimning qo‘llariga mahkam yopishib oldi. Bu yarim tunda ro‘y berdi.
Faina bilan Irina ketma-ket kirib kelishdi. Ular endi xo‘jayinlari kim bo‘lishini tushunib olishgandi. Ular ko‘zyoshi qilishdi, u-bu ishlarga qarashishdi, vakil kelgach, o‘likni olib ketishdi. Vadim otasining partbiletini olib rayon firqa qo‘mitasiga yugurdi, badallarini to‘lab qo‘ymoqchi bo‘ldi, lekin qaytarishdi. U shahar qo‘mitasiga, yana qayergadir sim qoqa boshladi. Oxiri Faina uni siltab to‘xtatdi:
– Esingni yig‘sang-chi! Nima, ko‘rmayapsanmi? Ularga hozir firqa a’zolarining o‘ligi ham, hatto tirigi ham kerakmas…
Partiya yig‘ilishi soat uchga belgilangan edi, Vadimga maslahat berishdi:
– Otang o‘lganini ayt, yig‘ilishni qoldirishadi.
U rad etdi. Irina bilan Fainaga quloq solmadi, yuvinmadi, atir sepib najas, siydik va mayyit hidini ketkazishni istamadi ham.
– Nima uchun? – dedi yelkasini qisib. Baribir, yuvindixonaga borayapman…
Busiz ham yig‘ilish ikki marta qoldirilgandi, kommunist Glazichev o‘z xatolarini tan olishga rozi bo‘ladi, deb o‘ylashgandi-da… Dushanbaga belgilangan yig‘ilishni keyinga qoldirishga hech kimning yuragi betlamadi. Hech qanaqa bahona-yu, ko‘z yoshi ham yordam bermasdi: chunki tashqi ishlar vazirligi shoshirayotgandi, u, axir, tezroq o‘zini oqlashi kerak edi-da!
Partiyadan haydalayotgan kommunist Glazichev majlislar zaliga boshini baland ko‘tarib kirdi. Va boshini shunday, mag‘rur tutgancha qaytib chiqdi. Orqasidan eshikni yopib, yorqin kelajak sari dadil odimladi.
– Sen mening hayotimni barbod qilding! – dedi g‘azab bilan hamyurti telefonda va dafnga borishdan bosh tortdi, keyin bu qilmishidan qattiq afsuslandi.
Ammo, advokat paydo bo‘ldi. Bu o‘sha – bir vaqtlar Vadimni qip-yalang‘och qilib yechintirgan hamda uch xonali uydan quvib chiqargan advokat edi. U Faina oldida bosh egdi-da, engashib qo‘lini o‘pdi. Ular chetga chiqib ancha gaplashishdi. Ular nima haqda gaplashganini Vadim so‘rab o‘tirmadi, chunki yaxshi bilardi: o‘lgan otasining poytaxt tuprog‘iga ko‘milishi mumkin emas. Kreml devoriga marhumni yo‘latishmaydi. Navodeviche qabristoni yo‘lini militsiya to‘sib qo‘yadi. Vagankovskiyda ancha murakkabliklar bor ekan. Nihoyat, ikki kvadrat metr joy Vvedenskiy mozoridan topildi, u yerga ham har qanday odamni qo‘yaverishmaydi.

26

Advokat o‘ziga yuklatilgan barcha umidlarni to‘la oqladi: ko‘mishga yer topib berishdan tashqari, uning buyurtmasi bilan shunday tobut yasaldiki, unga 1905 yilgi mayovka qatnashchisi ham jon-jon deb yotgan bo‘lardi.
Dafn marosimi dabdabali bo‘ldi va ko‘p kishi qatnashdi. Poytaxtning barcha dissidentlari kelishdi va tobutni ehtirom-la, ulug‘vor ko‘tarib borishdi. MAIning talaba qizlari – qirq nafardan oshiqrog‘i bir joyga to‘planib olib, Irina bilan Fainadan ko‘z uzishmasdi, ular kim, qaysi aspiranturadan deb bosh qotirishardi. Marhum mamlakat bo‘ylab daydib yurgani va kasalligi tufayli ko‘p oylar a’zolik badalini to‘lay olmagan ekan, shu sababli u o‘zini partiyadan haydalgan deb hisoblarkan. Buni dissidentlar bilishmasdi. Shu bois o‘g‘il ota izidan borgan, marhum hayotligida KPSSga isnod keltiruvchi xatti-harakati va sovetlarga qarshi jo‘shqin faoliyati uchun partiyadan o‘chirilgan deb bilardilar. (Buni xorijiy “ovozlar” hayallamay qayd etishdi.)
Marhumni xotirlash marakasi o‘tkazildi. Ko‘plab notanish kishilar Vadimning yoniga kelib, qo‘lini qisishdi, mardligi va qat’iyati uchun minnatdorlik bildirishdi. Hatto Ivan Ivanovich Lapin-Lapinsh ham kelib, Vadimni bag‘riga bosdi. Oilasi bag‘riga qaytganligidan mamnunligini bildirdi.
Ertasi kuni Vadim o‘ziga yaxshi tanish bo‘lgan uch xonali uyga ko‘chib o‘tdi.
Undagi hech narsa o‘zgarmabdi. O‘sha mebel, gilam va sholchalar. Ikkala jovon hamda tokchalar kitoblar bilan to‘la. Boshqa qidirishga hojat yo‘q. Yotoq va oshxonadagi jovonlar ham joy-joyida. Irina ancha to‘lishibdi, bo‘yi o‘sganga o‘xshaydi. Sonlari dirkillaydi, hayajonidan ko‘kraklari ko‘tarilib tushayapti. Erini qayta topganidan moviy ko‘zlari yonib turibdi. Uning puli bor. Ana shu pul Faina nigilistlar deb atagan kishilar hukmronligining xira davrini o‘tkazishga bemalol yetadi.

Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 4-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!