Ahmad Abdulloh Mitvaliy. Chiroq (hikoya)

Oqshom asta-sekin shaharni va uning hazin qalbini og‘ushiga ola boshladi. Osmonning olis chekkasida so‘nggi bulutlar og‘ir suzib yurarkan, hoynahoy, ular yomg‘irga homilador edi. Bulutlarning chetlari kumush hoshiyadek chiroyli tovlanar edi. Qushlar o‘z inlariga qaytdi. Tulkilar ham o‘zlarini inga urdi. Uning o‘zi esa oyoqlarini sudrab-sudrab manzil tomon intilardi, u yerda uni faqat kulrang bo‘shliq kutardi… U boshini ko‘tarishga harakat qildi.

* * *

Tong nurlari bilan tashqariga intildi. Harakatlar bilan jo‘sh urgan hayotni ko‘rishga ishtiyoqmand edi, qornini to‘ydirish uchun birorta yegulik sotib olmoqchi ham edi. Yengil shabada esar, kulrang bo‘shliqda tuman suzib yurgandek. U ko‘zoynagini oldi, artdi, lekin tuman ko‘z oldini hamon to‘sib turardi. Qahvaxonaga yaqinlashdi. Unda odamlar…
Odam koinotda eng chiroyli mavjudot, nima bo‘lganda ham qahvaxona ichkarisi iliq. Shovqin-suron qanday yaxshi! Ofitsiant xuddi ashula aytgandek shirin ovozda: “Janob bekka ajoyib choy…. bir shisha ichimlik”, desa, radiodan jo‘shqin xalq ashulasi yangrar edi.
Yashil daraxt tepasida sayrayotgan qushlarning yoqimli shovqinidan qalbi to‘lib-toshdi. Bu daraxt shamol va yomg‘irlarga bardoshli edi. Unga uzoq tikildi. U yomg‘irdan qaltirar edi.
Uning ko‘zlari ko‘p narsani qidirmoqda, u barcha narsani qoplab olgan xotira bilan kurashadi. Har joylarga borib ko‘rdi… Sukunat va qahrni esidan chiqarishga urindi. Kutubxonalar bir-biriga zid bo‘lgan muhabbat, rashk, nafrat, azob to‘g‘risidagi kitoblarga limmo-lim. Kutubxonalar… oldida maydon ko‘rindi, u go‘yo tuman ichida edi. Opera teatri maydoni go‘yo iztirobli… u bir ayolga boqmoqda… u esa muloqotga tayyor. Qachon ayollar xotirasi to‘xtaydi?

* * *

O‘zini yotoqqa zo‘rg‘a olib kirdi… qo‘lida bir to‘p gazeta va jurnal bor. Ularda yozilgan dahshatli narsalarni o‘qishdan bosh tortdi. Titroq barmoqlari bilan varaqlab chiqdi. Hech narsa quvontirmaydi, har bir sahifadan o‘liklar tushadi, qon sizadi! Qalin ko‘zoynagi bilan satrlardan ma’nosi bor narsani qidiradi, xatlar asosidagi ruknni o‘qidi. Shaxslar adolat g‘oyasini izlashmoqda! O‘sha-o‘sha ichga yutilgan oh-nolalar, satrlar orasida o‘sha-o‘sha tashvishlar va yo‘qotilgan orzular! Radio qulog‘ini buradi… o‘sha la’nati xabarlar, bema’ni ashulalar va ablahlarcha olqishlar, qayerdan chiqmoqda bu ahmoqona xursandchilik!
Ich-ichidan savol tug‘ildi. Nega unga nafaqa berib, maosh haqidagi hujjati bilan chetga chiqarib qo‘yishdi?! Nega unga rasmiy janozaga o‘xshagan xayrlashish kechasi uyushtirishdi? Chiqishlar…. shirinliklar… tortlar, pepsi-kola, yalang‘och oyoqlar, qizil, yashil… motam marosimida aytiladigan so‘zlarga to‘la shahodatnoma. Kimning ko‘z-yoshlarini esdan chiqaradi? Kimning timsohcha yolg‘on ko‘z yoshlarini esdan chiqaradi? Yoki kotibalarning ko‘z-qoshini… turli raqslar… labbo‘yoqlari… hazillar… bularning ba’zilari axloqsiz, behayo, ba’zilari pardaga o‘ralgan. U tunning oxirigacha demokratik ko‘rinish bilan niqoblangan barcha ta’nalarga chidab keldi!
U kimning shafqatsiz hazillarini u bilan vidolashuv va sharaflash kechasida unutsin!
– Endi peshingacha uxlaysiz! Qanday baxtlisiz! Miriqib dam olasiz!
– Sen yetuk yoshga borgan qahramonsan. Ikki marotaba o‘ttizga kirding!
– Odamlar sening tajribangdan ham, bilimingdan ham foydalanishadi.
– Kichkina reja bilan kifoyalanmang. Bo‘sh vaqtni foydali o‘tkazing!
– Ha-ha, amakijon, mahalla qizlariga gap otishga vaqtingiz bo‘ladi!
– Yangidan tug‘ilasiz!
U vazirlikdan ruhini yo‘qotgan odam kabi chiqib ketdi.

* * *

Qattiq og‘riq turdi. Yer ustida shamol esmoqda… ufqda kulrang bulutlar. Bugun u bilan otamlashib yurgan va unga soxta mulozamat ko‘rsatgan shaxslarga qarshi bo‘lib qoldi!

* * *
Og‘riq yana xuruj qildi… Sanchiqli og‘riq… Yer ustida shamol. Ufqda kulrang bulutlar… Kecha u bilan otamlashib yurgan, soxta mulozamat ko‘rsatgan odamlarga endi u qarshi.
Bu yomon xayollardan qayoqqa qochsin?! Nega u yaraga tuz sepadi?

* * *

U uyg‘ondi va qarasa, yonida xotini yo‘q… bolalari ham. Uyg‘onishi bilan ular ketishdi. Ajoyib tushida u bilan birga edi. Qalbi muhabbat va ishonch bilan urar edi. Oh, bu ruhning ozuqasi!
Uning qulog‘iga baqirayotgan, so‘kinayotgan, urishayotgan sotuvchilarning ovozi, eshakning hangrashi, eshik orqasida ayni orzu qilib ashula aytayotgan xizmatchining ovozi qulog‘iga chalindi.
U oyog‘iga shippagini kiydi. Yuvindi… kiyimini kiydi… Atrofiga ko‘z yugurtirdi. Bu makon unga g‘aribday va tor ko‘rinib ketdi.
Xuddi shu paytda turar, tahorat qilar, namoz o‘qir edi. Dasturxonga o‘tirar edi. Xotini unga sutli choy berardi, u ham ishlardi, ammo undan chaqqonroq edi. Uning xotini erta tongda turar, nonushta tayyorlar, uyni tozalar, bolalarni uyg‘otar, kichik qizining sochini tarar, unga daftar va kitoblarni qanday taxlashni o‘rgatar, sendvich tayyorlab berib, portfelini tartibga solar edi.
Xotini bolalari test topshiradigan kunlari ular bilan kechani o‘tkazar, savollarni zo‘r diqqat bilan o‘qib, javoblarni qaytargandan keyin testlarni o‘zlashtirishlariga yordam berar edi.
Bu maskan unga ko‘p voqealarni eslatadi. Karavotiga qaraganda go‘yo yostiqning suhbatini eshitadi. Bu yerda bolalar uni o‘rab olishar edi, u yo‘q bo‘lganda, ular bilan bahslashar, urishar, kulishardi. Shunda xotini sekin-asta ular bilan shug‘ullanish uchun xonadan chiqarib yuborar edi. Xotini har bir farzandi uchun hayot xaritasini yasashga harakat qilar, noto‘g‘ri qadam bosishidan qo‘rqar edi. Uni yolg‘izlikda qoldirmas, bor vaqtini olar edilar. Ba’zida sotib olgan kitobini hech bo‘lmasa bir soat o‘qishni orzu qilar edi.
Nazarida xotini hozir go‘yo parcha nur tushib turgan joyda yotgandek. U kasalini bildirmaslikka harakat qilardi. Og‘riq kuchayib borardi… Uning qo‘lini ushlaydi.
– Bolalar… bolalar qani?
– Bolalar yaxshi… Eng muhimi – sening sog‘lig‘ing.
– Qo‘rqinch… men qo‘rqayapman!
– Qo‘rquvga hech hojat yo‘q, jonim.
– To‘g‘ri, lekin ular kichik.
– Iltimos qilaman. Nega qo‘rqasan? Nega?
U uning qulog‘iga shivirladi:
– Faqat sabr bilan qalblar taskin topadi.
Kunlar o‘tgan sayin og‘riq kuchayardi. Kasalxonaga ketdi, uyga qaytib kelmadi!
Bu makon unga ko‘p narsani eslatadi. Barcha narsalar unga ko‘p narsani gapiradi.
Oshxona… Idish-tovoq yuvishni o‘rgandi, kiyim yuvishni o‘rgandi, ravonda kirlarni dorga osayotganda qo‘shni ayollar unga qarashardi. Ularning nigohlarida rahmdillik, shafqat, qiziquvchanlik va hatto surbetlik zohir edi. Lekin u bolalari va ularning oxiri yo‘q talablaridan boshqa hech narsaga qaramas edi. Ular esa kun sayin ulg‘ayib borar edi.

* * *

Yoshi elliklarga borgan idora mudirasi unga:
– Nega uylanmaysiz? – deya savol berdi.
Mudira ayol uni o‘z holiga qo‘ymadi, qiziqib dedi:
– Agar xohlasangiz… Siz uchun men ajoyib kelin ko‘rib qo‘ydim. Uning husni ham, moli ham bor… U yaxshi odamlarning qizi.
– Marhumadan keyin…
– Olloh o‘tganlarning barchasini rahmat qilsin. Siz talablaringizni bajaradigan ayolga muhtojsiz. Ish to‘g‘risida o‘ylang!
– Bolalar uchun qo‘rqaman. Marhuma faqat “bolalar, bolalar” der edi.
– Xudo saqlasin! Ishoning, yomon odam bo‘lganingizda bu gapini aytmagan bo‘lar edim. Nega kelin kim deb so‘ramaysiz?
U bu ayolni fikridan qaytarishga harakat qildi:
– Ming bor rahmat!
Shu bilan suhbat nihoyasiga yetdi.

* * *

Bu makon xotiralar bilan uni og‘ushiga oldi. Qora qahva ichdi. Ayol zotini umuman hayotidan chiqara oldimi? U o‘zi ishlayotgan ijtimoiy markazga loyiq bo‘lmagan narsalar to‘g‘risida o‘ylar edi.
Uning ba’zi do‘stlari qizlarini unga ro‘baro‘ qilishar, vazirlikda ularga ish qidirish maqsadida u bilan uchrashtirar edi, ular unga ishonar edi! Ularning ko‘zida u ijtimoiy muassasa xodimi, erkak emas…
U odamlarga xizmat qilib, nafsni tiyish, ovqat yeyish, o‘zini jilovlashda ilojini topdi.
Bir kuni cho‘chib uyg‘ondi. Yaxshi oila… Nimani talab qilishdi? Qizining qo‘lini! Kechagi mishiqi qizaloq endi bo‘y yetib, erga tegadigan bo‘lib qolibdi! U bu taklifga hech ham rozi bo‘lmasdi. Onasiga tortgan bu qizni u har kuni ertalab zo‘rg‘a uyg‘otar edi. U o‘rinda qimirlamay yotar, maktabga borishni xohlamasdi. Sovuqdan qo‘rqar edi. Otasi esa uni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylardi, kasal bo‘lganida yonidan ketmas edi. Qizi biron joyim og‘riyapti desa, naq jinni bo‘lib qolardi.
Endi bo‘lsa to‘satdan uning qo‘lini so‘rab kelishdi! Halollik zurriyoti. Bir bo‘lak pishloqni olib qochgan qarg‘ani esladi! To‘y kechasi uning ko‘zlariga g‘am soya solgan bo‘lsa, boshqalarning ko‘zida shodlik. Kuyov qizini qo‘shni mamlakatlardan biriga olib ketdi. Xuddi uning peshonasiga atrofidagi sevgan kishilarining ketishi yozilgandek. Ba’zida qizining ovozini telefonda eshitadi:
– Qandaysiz, otajon? Biz yaxshimiz. Biror nimaga muxtoj bo‘lsangiz, ayting, yuboramiz.
U muhtoj bo‘lgan narsani pochta orqali yuborisha olmaydi. Faqat u yerga pochta kartochkasi yuboriladi va unga nimani xohlashini yozmaydi.
Katta o‘g‘lining fikri-zikri xorijga ketish bo‘lib qolgan. Ketmasa jinni bo‘lib qoladi. Ko‘rsatuvlar aql-hushini olgan, odatdagidek, dunyoni yolg‘on bezaklarda ko‘rdi. O‘g‘il talpindi, aytganini qildi, oxiri unga pul yig‘ildi.
O‘g‘il baxtli, orzulari ushaladigan yerga uchib ketadi. U ingliz va frantsuz tilini yaxshi o‘zlashtirgan. Otasi uning til o‘rganishni yaxshi ko‘rganidan xursand edi. Til bilish insonga tafakkur qanotini baxsh etadi. O‘g‘il endi erkin. U otasiga faqat xatlar yuboradi. Qaytib kelmaydi, shekilli… u gamburgerni, pepsini, chipsni yaxshi ko‘radi!

* * *

O‘g‘li otasiga xatida shunday yozgan: “Men hozir yo‘ldoshlar va raketalar chiqaradigan, fazo va yulduzlarni o‘rganadigan mamlakatdaman. Sevimli otajon, menga sharoit yaratib berganingiz uchun rahmat. Sizga shukronalar aytaman, ammo qaytib bora olmayman. U yerda insonning hashoratcha qadri yo‘q.
Siz qiynalyapsiz, buni bilaman, ota. Bizni tarbiyalash uchun jon olib-jon berib qancha kuch sarfladingiz. Biz tufayli yolg‘iz qoldingiz, ammo men sizni sevaman, ota. Sizdan meni kechirishingizni so‘rayman. Meni duo qiling! Alvido, mening katta do‘stim”.
Gazetalarda yozilgan so‘zlar ko‘ngilni sevintirmaydi. Qahva ham achchiq. U hamisha mana shu joyda o‘tirar edi. Qalbining malikasi: “Xayrli tong!” – derdi unga tabassum bilan, nonushtada… Bir stakan qahva. Musiqa yangrayotgan radio. Uning qizi ham katta bo‘lganidan so‘ng shunday qilishga o‘rgandi. Ashula tinglardi. O‘rta Yer dengiziga qilingan unutilmas safar, birinchi muhabbat qasidasi. Qizi otasining bularni bilishidan qo‘rqqan. Qizining dugonalari ularning uyiga kelar edi. Otasi yosh, chiroyli qizlarni yaxshi kutib olardi. Qizining dugonalari uning kabinetidan boshqa uyining hamma yerida – yotoqxona-yu, mehmonxonada, oshxona va keng ravonda o‘tirishar edi…
Bu muqaddas makon.
Qizida yoshligidanoq onalik hissiyoti balqib turar edi, ayniqsa, ota­sining boshi og‘riganda. Darhol dori olib kelar, turli muolajalar qilar edi. Otasi yoshligini ko‘p eslardi… rangli rasmlar albomi. Xiyobonlar va sohillar, do‘stlar va olis yerlar. O‘tmish bilan aloqada edi. Qizining hayoti mushtipar onasining hayotini eslatardi.
U qizining qalbi alamli muhabbat bilan yonayotganini bilar edi, ammo, oralaridagi masofa qisqa bo‘lsa ham qiziga qanday yordam berishni bilmas edi. Va u qiynalmaslik uchun shunday to‘xtamga keldiki, bir kuni qizi o‘zining sehrli olamiga baribir qaytadi, albatta, qaytadi!

* * *

U kabinetida… Xonada sukunat hukm suradi, uy yashil maydonga va dengiz sohiliga qaragan. Ummonlar va dengizlarni ajratib turuvchi mamlakatdan kelgan maktubni ochdi:
“Azizim, otajon! Men sog‘-salomatman. Ishga joylashishimga imkon tug‘ildi. Ammo o‘qishimni qoldirmayman. Ketiga uylandim. Ishoning, sevib uylandim. Bunga u yerning fuqarosi bo‘lish istagi aslo sabab bo‘lmadi. Keti ajoyib qiz, bizning mamlakatimizni sevadi. Mintaqamizni qanchalik illatlar yemirayotganini aslo bilmaydi. Biz uning uchun afsonalar dunyosimiz. U fir’avnlar obidalariga maftun. Qadimgi Misr to‘g‘risida ko‘p kitob yiqqan. U meni bizning o‘tmish tamaddunimizdan ta’sirlanib sevib qolgan, deyishdan qo‘rqaman.
Ota! Keti juda yaxshi qiz. Juda go‘zal. Birga fabrikada ishlaymiz va bir universitetda o‘qiymiz. U eri bilan ajrashgan. Ularning hayot tarzi menga g‘alati ko‘rinadi, ammo tushunishga urinmoqdaman.
Keti sizga salom yo‘llamoqda. To‘y kechasi rasmlarini, shuningdek, bu yerning mahalliy gazetasi nashr qilgan nikoh bazmi to‘g‘risidagi xabarni ham yubormoqdaman” .
Sem amaki mamlakatidan yana bitta xat. O‘g‘li unda shunday degan: “Ota­jon, bizni ko‘rgani kelib keting! Yo‘l safariga ketadigan mablag‘ni to‘layman. Sizga bu yer yoqadi.
Otajon. Siz hayotingizni o‘zgartirishingiz zarur. Siz kengroq va obod dunyoni ko‘rishingiz kerak. Rozi bo‘lsangiz, men ishga kirishaman. Rozimisiz?”
“Men bolalarimni tarbiyalashni eplay olmadimmi? Ularga Misr tuprog‘ini sevishni o‘rgatishni esimdan chiqardimmi? Qanday qilib sendan ketaman? Ey, ko‘zimning qorachig‘i!”
U xotinining rasmini ko‘ksiga bosdi. Paltosini kiydi. Fevral oyining sovug‘i jonidan o‘tdi. Yomg‘ir quymoqda. Uning oldida kulrang qabrlar ko‘rindi. Bu yerdagi sukunat uni mushohadaga chorladi.
“Sen shu yerdasan. Men ham shu yerdaman. Bir-birimizdan faqat bir qarich tuproq ajratib turibdi. Vaqtni jadallatyapmanmi?”
Uning yonidan gadoy o‘tib ketdi. Tilovat qildi va ovozi boricha baqirib yig‘ladi. Qo‘lida qumni asabiy holda ezardi.
Sovuq suyak-suyakdan o‘tib ketmoqda. Bu yerda bir nechta egilgan daraxt va qumdan boshqa hech narsa yo‘q. Sukunat. Javobsiz qolgan savollar…
Uning xotirasida turli voqealar jonlandi. Yelkalar ustida tobutsimon narsa… Shamolning uvillashi va boshqa yig‘ilar. Janozada ketayotgan yo‘lovchilar yo‘l bo‘shatmoqda. Shivirlashlar. Odamlar Olloh taolo oldida hamma narsani unutadilar. U eshitdi: “Olloh uni o‘z rahmatiga olsin”, “Sizlar avval ketdinglar, biz yetib boruvchilarmiz”, “Taqdir Ollohning qo‘lida, Ollohdan boshqa boqiy yo‘qdir”. Bolakaylar bir ohangda qaytarishdi: “Faqat boqiy, yagona Ollohdan boshqa boqiy yo‘qdir!”
Tobutni bir joyga qo‘yishdi. Undan mayitni olishdi, u endi kafanlangan. Ozg‘in jism muhabbat, xohish, harakat, ishq nimaligini endi bilmaydi, u qora yer qa’riga tushirildi!
Jasadda kechagina hayot jo‘sh urardi. Uning aqli hamma narsaga yetardi, vijdonli ayol edi, ko‘zlari yonib turardi, latifalarning ma’nosini chaqardi. Bularning hammasi endi qora yer bag‘riga qo‘yildi!
Elkasiga yana o‘sha qo‘llar tushdi: “Ollohni eslang! Ollohni zikr eting!”

* * *

Kechga borib sovuq kuchaydi. Atrofidagi hamma narsa teatr bezaklariga o‘xshaydi. Ularning na ta’mi bor, na maqsadi, xona oynalarining ba’zilari asfalt ko‘chaga, ba’zilari oshxona tagida joylashgan bog‘ning chetiga qaragan. Bog‘ tashlandiq holatda. Ravondagi nozik gullar agar yomg‘ir bo‘lmaganda, allaqachon qurib qolar edi. Uning ayoli mehribon qo‘llari bilan ularni sug‘orar edi.
Yomg‘ir deraza oynasini qopladi.
Bolasi uyqudan turib onasini qidira boshlardi, qizi esa tinmay yig‘lardi. U nima qilishni bilmas, uning shirin so‘zlari nozik qalblarga yanada qattiqroq ta’sir qilardi. Shunda u yuzini derazaning sovuq oynasiga qo‘yar edi.
Tashqarida shoshilib ketayotgan yo‘lovchilardan boshqa zog‘ yo‘q. Baland minora, undan yoqimli “Ollohu Akbar! Ollohu Akbar! Ollohu Akbar! Olloh mag‘firat qilsin”, degan kalimalar chor atrofga taralardi.

* * *

Qizi eri bilan sharqda. O‘g‘li esa Ketisi bilan pepsi, gamburgerlar mamlakatida, g‘arbda. Sem amakining tsilindri o‘g‘lini butunlay yutib yuborgan. Unda faqat suratdan qarab turgan sevimli xotinidan boshqa hech kimsa yo‘q.
“Xotinginam, ey, mening eng aziz insonim! Sen hozir qayerdasan? Chiroyli ovozingni sog‘indim… bilasanmi, sen xoinsan! Ha, xoin… bir o‘zing ketishga jazm qilding. Mening qanchalik qiynalayotganimni bilasan. Yolg‘izlikdan charchadim. Bolalar hamma narsani ham tushuna olishmaydi. Yolg‘iz sen tushunar eding. Shuning bilan… bilmayman… nima qilishni”.
Maktublardan ne foyda. Telefon orqali gaplashishdan ne foyda? Bir-birimizdan olisda yashash – bizning turmushimiz shu bo‘ldimi? Go‘yo osmondagi yulduzlarning uzoqlarda chaqnashi. Sovuqlikdan boshqa hech narsa yo‘q… yolg‘izlik olami!
Xona shiftidan osilib tushgan chiroq uning hayotida sodir bo‘lgan voqealarga guvohlik beradi. Sovuq suyaklaridan o‘tib, har tomondan hujum qilmoqda.
Uni ziyorat qilib qo‘shni kirdi. Qo‘shnisi bo‘rining ko‘zlariga o‘xshagan ko‘zlari bilan unga qarab dedi:
– Uyingiz juda keng. Bir o‘zingiz qanday yashayapsiz?
U tishini tishiga qo‘yib javob berdi:
– Ollohning xohishi shu. Bu oilamning xonadoni.
– Ba’zi xonalarni ijaraga berishingiz mumkin. Sizga bu xonalarning hammasi kerak emas. Bilishimcha, bolalaringiz xorijda, uzoq safarda.
– Choy iching, sovib qolmasin…
Qo‘shni gapida davom etdi:
– Ba’zi xonalaringizni chet elliklarga ijaraga bering, masalan, chiroyli qizlarga. – Qo‘shnisi kulib qo‘shib qo‘ydi: – Chiroyli narsalar… Betashvish yurasiz. Odamlarning mushkulini osonlashtirasiz.
– Shunday deb o‘ylaysizmi?
– Aminman. Sizga bir xona ham yetadi. Atrofingizda odamlar bo‘ladi, qulfi dilingiz ochilib ketadi. Ishning bu yog‘ini o‘ylasangiz-chi!
Qo‘shnisi ketdi. Orqasidan yomon hid qoldirdi, juda og‘ir hid. Yashash, boshpana uchun joy, shaxsiy hayot – hammasi qo‘shnining nazaridan chetda qolmadi.
Qayerdan kelyapti bu shafqatsiz sovuq!

* * *

Nega gullash fasli yo‘qoldi?! Zamin yomg‘ir bilan yuvilgan. Keng maydon. O‘rtasida qahramonlardan birining timsoli. Maydondan ko‘plar o‘tmoqda, lekin hech kim unga qayrilib qaramas edi. Hech kim! Nega toshlarni olqishlashadi?! Ular hech qanday munosabatsiz yangi oyoq kiyimlari, yangi liboslar qo‘yilgan peshtaxtalarga tikilishardi.
U nigohini kulrang nafis bezaklar, naqshlar bilan bezatilgan qadimgi uyga qaratdi. Qadimgi uy qalbni tiklaydi, unga hayot bag‘ishlaydi. Ana samoda homilador bulut suzib yuribdi. Odamlar rizq topish, mehnat qilish bilan ovora… yoki ishsiz, bekor yurishibdi. U o‘ziga-o‘zi dedi: “Kitob o‘qishdan boshqa nima qiladi, endi? Uzun tunlarni endi qanday o‘tkazadi? Bir xil o‘tadigan vaqt. Chiq… chiq… chiq… juda zerikarli. Nega mushtlari bunchalik qattiq tugilmoqda? Qalbim g‘ulg‘ulasidan! Ollohim, sendan panoh so‘rayman!”
U boshini yostiqqa qo‘ydi. Unga bir narsaning gup-gup qilgan ovozi eshitildi. Bu nima? Hayajonli qalbning urishimi? Quloq soldi, foyda bermadi. G‘ira-shira nur.
Yoki bu qo‘ni-qo‘shnilarning beozor o‘yini, hazillaridan birimi? Ular uning xonadoniga ko‘z olaytirmoqdalar. U qo‘shnisining ochko‘z ko‘zlarini esidan chiqargani yo‘q. Ular mening uyimga ko‘z tikkan, chet ellik yoki tadbirkor qizlar uchun boshpana bo‘lishini xohlaydi. Eng chiroyli narsalar emish! Qordan qutulib, yomg‘irga tutilaymi?
Kecha do‘sti qahvaxonada dedi:
– Bolalarimiz bizga eng katta dushman. Ehtiyot bo‘lishimiz kerak!
– Nima? Bolalar ne’mat-ku… bolalar hayotning, yorug‘ dunyoning ziynati!
– Ularning o‘z dunyosi bor… otamizdan bizga foyda bo‘ldimi? Otamizga ajdodlari yordam berganmi?
– Olloh ularni rahmat qilsin!
– Qani endi, qariyalar uyidan boshpana topsak. Bularning hammasiga bolalarning yoshlikdan beboshligi sabab. Xiyonat qilish faqat qarindoshlargagina emas, bolalarga ham xos. Bu itlar yoshliklarida ustimizga choptirganini unutadilar. Biz esa tuni bilan uxlamasdan ularning boshida o‘tirganmiz, kasal bo‘lganlarida mijja qoqmasdan chiqqanmiz. Madad faqat Ollohdan!
– Hamma narsa unutilmoqda. Otalarga shafqat qilishimiz kerak.
Oh… nimaning ovozi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Qorong‘ida qimirlab yurgan narsa bu la’nati sichqon, devor orasida ivirsimoqda.
U chiroqni yoqdi. Qo‘rquvni haydash kerak, axir u erkak-ku? O‘zini himoya qila oladi. Bugundan boshlab to‘pponcha olib yuraman. U o‘zini himoya qilish niyatida jasurlik bilan baqirdi: “Kim? Kim bor u yerda? Yo Olloh!” Qanday go‘zallik! Chiroyli mushukcha. Ajoyib! Mushuk unga erkalanish uchun keldi. U yumshoqqina, dumi dikkaygan. “Kel, do‘stim, kel, chiroyligim. Mening insonga muhtojligimni sezding, biron kimsa bilan gaplashishga muhtojman… hatto shayton bilan bo‘lsa ham mayli. Meni tashlab ketma, Xudo haqi. Kel, tashqarida yomg‘ir, sovuq, zulmat. Bu yer issiq. Sen hozir issiqlikdasan va omonlikdasan”.
U muzlatkich oldiga borib, kosa oldi va unga sut quydi. Mushukchaga berdi. Mushuk javdirab kuzatmoqda. Bu chaqnagan ko‘zlar. Mushukcha dumini likillatdi. U jonivordan qayerdan kelganligini so‘ramadi. Oynani yoki eshikni ochiq qoldirdimi? Muhimi – bu emas. Uning ko‘kragidan bema’ni qo‘rquvlar ketdi. Bu yerda hech qanday xatar ham, qotil ham yo‘q. Endi u tinchgina uxlaydi, chunki yonida mushukchasi bor. U qanday baxtli! Endi eshik ortida uni ajoyib maxluq – mushukcha ko‘zlari, borlig‘i bilan har kuni kutadi.
Yotoqxonada devor yonida elektr isitgich. U shkafni ochib, oq temirdan yasalgan qutichani oldi. Unda nafis taqinchoqlar, turli munosabatlar bilan kelgan sovg‘alar bor. U qo‘liga uzukni taqa turib, vafot etgan xotinini esladi. U nikoh uzuguni o‘pib qo‘ydi-da, qaytarib qutiga soldi. Mushukcha uning oldiga keldi va u mushukni ko‘ksiga bosdi, o‘zining ozg‘in, mehribon qo‘llari bilan uni siladi.

* * *

U ko‘zlarini yumishga harakat qildi, go‘yo o‘zi bilan o‘zi gaplashdi. Ko‘zini yumib uni baxtli joylarga eltuvchi makonga ketishni xohladi. U bu joylarda birinchi bor xotini bilan uchrashgan edi. U xotinini bog‘dagi favvora yonida, suzib ketayotgan bulutlarda ko‘rar edi. Rafiqasi har tomonlama go‘zal, lablari, sochlari nafis, ko‘zlari nurli, yuzlarida kulgichlari, bahor kabi yengil qadam tashlaydi. U rafiqasining lablariga egilganida ulardan sharob hidi anqir edi. Unga rafiqasi dedi: “Kel… kel…” Yaqinlashdi, u bo‘lsa, uzoq-uzoqlarda. U rafiqasining yoqimli ovozini eshitdi. Shamlarning nurlari o‘ynashini, yoqimli kechalar, so‘zsiz suhbatlari, siynalari, yonoqlarning bir-biriga tegishi, qadahlarning jaranglashi, raqsga tushganlarini esladi. Rafiqasi boshini uning ko‘ksiga qo‘ydi.
– Seni sevaman!
– Men ko‘proq sevaman!
So‘ngra bu ko‘rinishlar undan uzoqlashib, o‘rniga boshqasi keldi. Mudroq bosdi. Havo oyna pardalari bilan yengil o‘ynamoqda. U ko‘rpa ostida to‘lg‘andi. Devordagi soat go‘yo oqib ketayotgandek edi. Safarlari va orzusi poymol bo‘ladigan yo‘llar. Goh g‘amgin, goh xursandchilik kunlari, bolalarining ko‘zlari – ziynatning ziynati.
Bo‘yoqlar birlashdi. Uning yaxshi o‘qigani uchun olgan shahodatnomadan tortib mukofotlar, sovg‘alar, medal va ordenlarining hammasi zanglagan temir qutichada yotibdi. Unda yana yer va molga egalik to‘g‘risidagi shahodatnomalar ham bor.
U bechora otasining yuzini esladi. Otasi o‘lim to‘shagida yotganida qaysargina qizi cho‘ntaklarini kavlardi. U hamma narsaga muhr qo‘yib chiqdi. Otasi hech narsani anglamasdan sovib borayotgan qo‘lini qiziga cho‘zdi. Nima qilayotganini aslo bilmaydi. Singlisi hamma narsaga ega chiqdi. Singlisining ko‘zlari shisha oynadek, bo‘yi past, sochlari poxoldek edi. Singlisi faqat qamoqda nazoratchi bo‘lib ishlashga yoki yig‘lovchilikka yaraydi.
Boshqa bir-biridan keyin keluvchi xotiralar kino tasmalarga o‘xshab aylanmoqda. Ko‘ngilxushlik qilishni xush ko‘radigan kishilar bilan safar lavhalari ko‘ziga ko‘rindi, so‘ng jozibali ayollar, undan keyin “Santa Kat­rin” cherkovidagi loydan yasalgan xonadagi monaxlarning ajoyib sehrli portretlari, rang-barang oyoq kiyimlari, baland oltin, qizil, binafsha, qora rangli poshnalar, raqs, tamaki tutuni, rang-barang bo‘yoqlar, moviy, qora va jigarrang ko‘zlar.
Uni titroq bosdi. Rafiqasining go‘zal chehrasini ko‘rdi. Yaqinlashdi. U katta, chiroyli bog‘da unga qarab turar edi. U rafiqasini o‘pmoqchi bo‘ldi, shirin lablaridan asta bo‘sa olishini esladi.
Daraxt yaproqlari silkinar edi. So‘ng silkinishlar to‘xtadi…

Arab tilidan Dilafro‘z Muhiddinova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 12-son