Azim Bahodir. “Men yoshlikni tark etib ketdim”

http://n.ziyouz.com/images/ravshan-fayz.jpgChinakam badiiy asar kitob shaydolarini bir-biriga bog‘lab turadi. Muallif va o‘quvchining g‘oyibona tanishuviga, fikr almashishiga, hatto yuzma-yuz ko‘rishmasdan turib go‘yo uzoq yillik qadrdonlarday bir-birining dardini his etish, ko‘nglidagini topish uchun ko‘prik – vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bunda ijodkor tomonidan qo‘llanilgan so‘z, ifoda san’ati, asarlarining tili, bir so‘z bilan aytganda, uning yuksak badiiy mahorati muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.

Ochig‘ini aytish kerak, bunday salohiyat, iqtidor har qanday ijodkorda ham bo‘lavermaydi. Shundan bo‘lsa kerak, hamma she’r yo hikoya yozganlar elga tanilavermaydi. Chinakam iste’dodlilargina bunday baxtga musharraf bo‘ladi. O‘zining badiiy pishiq, dilbar she’rlari bilan muxlislar e’tiborini qozona olgan dilkash shoirlarimizdan biri Ravshan Fayz edi.

1959 yilning 1 yanvarida Samar­qand viloyati Qo‘sh­rabot tumanining Qo‘ralos qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Talabalik yillaridayoq tengqurlari qatori “Shu’la” adabiy to‘garagining faol ishtirokchisiga aylandi. She’riyat sinoatlaridan bahra oldi. Keyinchalik “Yoshlik” jurnalida ish boshlagan shoir she’rlarining samimiyligi, ortiqcha ehtiros va zo‘rakilikdan xoli bo‘lgani uchun tezda adabiyot darg‘alari va muxlislar e’tiboriga tushdi. Ammo…

Ruslarning mashhur shoiri Boris Pasternak o‘z shogirdlariga: “Hech qachon o‘lim haqida yozmanglar, chunki uni eslashingiz bilan qoshingizda paydo bo‘ladi”, deb tayinlagan ekan. Ravshan Fayz “Tashrif” she’riy to‘plamida o‘lim haqida shunday yozgan edi:

Meniki bo‘ladi bir kuni shu yer,
Qaytmas ruhim kutib jim-jit yotaman,
Shunda diydalari yumshaydir yerning
Va men og‘ushiga botib ketaman.
Ming afsus, shoir yozganiday bo‘ldi.

She’riyatni qismat deb bilish, she’r yozishni sevish Ravshan Fayzga barakali ijod qilishi uchun omil bo‘lgani rost. Ha, u oz, ammo mazmunli yashadi. Bir necha kitoblarini nashr etishga ulgurdi. Shoirning 1989 yilda chop etilgan “Uxlayotgan odam”, 1990 yilda nashrdan chiqqan “Tashrif” va 1992 yilda dunyo yuzini ko‘rgan “Men shamolni tutvoldim” kitoblari fikrimiz tasdig‘idir. Uning vafotidan keyin ham e’lon qilinmay qolgan ijod namunalari jamlanib, (“Kel, ey ko‘nglim”, 1997 yil) kitob holida mushtariylarga yetkazildi.

Ravshan Fayzning yuqorida sanab o‘tilgan kitoblarini mutolaa qilsangiz, uning badiiy o‘xshatishlar, tashbehlar va ifodalash san’ati o‘quvchini hayajonlantiradi. Bir muxlis sifatida kitoblarini varaqlab, shoirning ona Vataniga, eliga, tabiatga bo‘lgan muhabbatini, yurtining go‘zalligi, qishloqlarning tarovatini qalbida uzoq vaqt yashirib yurolmaganiga, sodda, beg‘ubor, tanti va chapani xalqi haqida betakror misralar yaratishga shoshganiga guvoh bo‘lasiz. Chindan ham u ko‘nglidagi his-tuyg‘ularini do‘stlari, o‘quvchilari bilan baham ko‘rish uchun tezda qog‘oz qoralagan. “Keyingi paytlarda u shoshib yashadi, – deb xotirlaydi uni bilganlar. – Yozgan she’rlarini ham bizga o‘qib berishga shoshildi. Ko‘cha-ko‘ydami yo telefondami o‘qib beraverardi. So‘nggi bor uchrashganimizda u quvonib “Men har kuni she’r yozayapman. Ishonasizlarmi, ba’zi kunlarda ikkita-uchtadan ham bitayapman. Endi o‘zimni butunlay she’rga, ijodga bag‘ishlayman”, degandi”.

Ha, Ravshan Fayz qisqa vaqt ichida ko‘p va xo‘b she’r yozishni epladi. E’tiborlisi, uning tez ishlashi ijodining sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. Aksincha, shoirning so‘nggi she’r­larida badiiy ifodaning yuqoriligi, xalq og‘zaki ijodini yaxshi o‘rganganini sezish mumkin. Ayniqsa, o‘zbek xalq dostonlarini puxta bilgani yaqqol ko‘rinadi.

Yana bir muhim jihat: Ravshan Fayz yozganlarini qayta-qayta ishlashdan, ularga murojaat etishdan erinmagan. Aynan mana shu xislat uning bitganlari bir-biridan “shirali” bo‘lishiga xizmat qilgandir, balki. Jumladan, “Qishloqdan qaytish” she’ridagi:

Ko‘ksimga orzular solgan, ota yurt,
Olis-olislarda qolgan, ota yurt.
Kelib qolarmi deb har sahar, har shom,
Ko‘zlari yo‘limda qolgan, ota yurt.

misralari boshqa bir ash’orda to‘ldirilib, mukammalashtirgan. Ya’ni:

Ko‘nglima orzular solgan qishlog‘im,
Olis-olislarda qolgan, qishlog‘im,
Kelib qolarmi deb, har sahar, har shom,
Ko‘zlari yo‘limda tolgan, qishlog‘im.

Shoirning o‘ziga xosligi shu ediki, u jamiyatda, tabiatda yuz berayotgan biror o‘zgarishni e’tiboridan chetda qoldirmasdi. Ulardan imkoni boricha asarlarida foydalanishga harakat qilgan. Bu aynan ijodkorlarni bir-biridan ajratib turuvchi “men”idir. Bir o‘rinda u tol daraxti haqida shunday misra tuzadi: “Oydinda tollar sochin tarashgaydir” yoki tabiatda kamdan-kam uchraydigan oy tutilishidan ta’sirlanib: “Oy tutildi. Kuygan oyni ko‘rgin, ey yor”, deb yozadi.

Ahamiyatlisi, bu kabi satrlarni Ravshan Fayz ijodida ko‘plab uchratish mumkin. Aynan ushbu jihat uning she’rlari umrboqiy ekanini anglatadi. Shoirning eng asosiy yutuqlaridan biri – asarlarining tilidir. Sodda, xalqona say­qallashtirilgan misralarni kattayu kichik bir xil tushunadi. Bu xususiyat unga bolalarga mo‘ljallangan she’rlarni ham yozishiga keng yo‘l ochgan. Vaholanki, bola uchun ijod qilish o‘ta mas’uliyatli va mashaqqatlidir. Shunga qaramay, Ravshan Fayzning bu ishga qo‘l urishi uning soha bilimdonligidan dalolat.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2013).