Samimiylik va nosamimiylik haqida maqollar

«Balli» dedim — band bo‘ldim.

Bolada gina bo‘lmas.

Boshliq to‘ra bo‘lsa,
Laganbardor ko‘payar.

Bog‘ingda o‘riging bor,
Saloming-aliging bor.

Bug‘doy noning bo‘lmasa ham,
Ochiq yuzing bo‘lsin.

Goh — pirdan, goh — muriddan.

Go‘sht suyaksiz bo‘lmas,
Sholi — kurmaksiz.

Davlat kelsa, yo‘l ochar,
Davlat ketsa, do‘st qochar.

Dehqon emas, ketmon chopib non bermasa,
Oshiq emas, ishq yo‘lida jon bermasa.

Er yomoni — bozor joy,
Cho‘p yomoni — qo‘g‘a,
Odam yomoni — sipohi.

Etsa — mol, yetmasa — jon.

Yosh ko‘zdan emas, yurakdan chiqar.

Inson qalbi quyoshdan yorug‘.

Ixlos bilan yopishsang,
Taqir yerdan chang chiqar.

Ixlos bilan yig‘lasang,
So‘qir ko‘zdan yosh chiqar.

Ixlos — xalos.

Ixlos qilsang, cho‘pdan topasan.

Chaqinib turgan chayondan
Biqinib yotgan ilon yomon.

Yuzi ochiqning till uzun.

Yurak toza — tilak toza.

Yaltiroq narsa oltin bo‘la bermas.

Yaxshilikni unutma,
Yomonlikni ko‘zda tutma.

O‘xshamagin tulkiga,
Qolarsan ko‘p kulkiga.

O‘g‘limning suyuq oshi,
Ichida qayroq toshi.

O‘g‘ri o‘la-o‘lguncha to‘g‘riman der.

Qalb ko‘zdan oldinroq ko‘rar.

Qalbakilik bir kun quvontirsa,
Ming kun munkaytirar.

Qalbing toza — umring toza.

Qo‘rqmasang, shivirlama.

Hamma gap pismiqdan chiqar.