Ozarbayjon davlat tarjima markazi “Zangezur – Ozarbayjonning tarixiy yeri” deb atalgan videolavha tayyorladi. Unda tarixiy hujjatlar asosida mazkur tarixiy hudud XX asr boshlarida xorijning harbiy-siyosiy dastagi bilan Armanistonga bo‘lakma-bo‘lak qo‘shib berilgani hikoya qilinadi.
Qayd etilishicha, Ozarbayjonning tarixiy viloyati sanalgan Zangezur 7824 kvadrat km maydonni egallagan bo‘lib, hozirda Armanistonning Goris, Sisian, Kafan va Megri tumanlarini, Ozarbayjonning esa Lochin, Gubadli va Zangilan tumanlarini o‘z ichiga oladi.
“Zangezur” so‘zi to‘laqonli turkiy etimoliyaga ega toponimdir. “Zangi” – qadimiy turk qabilasining nomi. Shuningdek, Zangichay, Zangitepa, Zangariq, Zangishamli, Zangana, Zangilan, Zangeran, Zangishali, Zangi, Zangibasar, Zangilyar, Zangyan, Zenjon, Zangilli kabi ko‘plab jug‘rofiy ob’ektlar – daryo, tog‘, qishloqlar nomi ham ushbu istilohdan hosil bo‘lgan. Mahmud Koshg‘ariy, Fazlulloh Rashididdin, Abbosquli Boqixonov kabi atoqli olimlar hamda boshqa dunyoga mashhur tadqiqotchilarning asarlarida mazkur turkiy qabila nomi bot-bot tilga olingan”, – deyiladi Davlat tarjima markazi maqolasida.
“Zangezur” so‘zi tarkibidagi ikkinchi leksema – “sur” qadimgi turkiy tillarda tog‘, qoya, jarlik kabi ma’nolarda istifoda etilgan. Tarixiy manbalar va sayohatnomalarda Zangezur turkiy qabilalar o‘chog‘i sifatida esga olingani ham bejiz emas.
Diqqatga sazovor jihati, turkiy xalqlarning mushtarak yodgorligi “Qo‘rqit ota kitobi”dagi (Kitabi-Dədə Qorqud) ayrim hodisalar aynan Zangezurda yuz beradi. Ushbu o‘lmas dostonda zikr etilgan qabila, joy nomlari, ismlar haligacha Zangezurda saqlanib kelmoqda.
Turkiy xalqlarning mushtarak yodgorligi – “Qo‘rqit ota kitobi”dagi ayrim hodisalar aynan Zangezurda yuz beradi.
Ta’kidlanishicha, ayrim soxta arman tarixchilarining internet, jumladan, “Vikipediya”da “Zangezur” toponimini armanlashtirishga urinishi va bu boradagi yanglish qarashlari ko‘plab tarixiy manbalar, arxiv hujjatlariga ko‘ra rad etilmoqda.
Tarixiy manbalarga qaraganda, Zangezur hududi miloddan avvalgi IV asrdan milodiy VIII asrgacha Albaniya va Sosoniylar davlati tarkibida bo‘lgan. VII–IX asrlarda Arab xalifaligi hukmiga o‘tgan. IX–XI asrlarda sojidiylar, saloridiylar, ravodiylar, XII–XIII asrlarda otabeklar, XIII-XIV asrlarda hulokuiylar sulolasi nazoratida bo‘lgan. XIV asrda Jaloiriylar davlati tarkibiga kirgan. Keyinroq esa Qoraquyunli va Oqqunyunli davlatlari viloyatiga aylangan. XVI asr boshida safaviylar boshqaruvi ostida bo‘lgan ko‘hna hudud XVIII-XIX asrlarda Qorabog‘ xonligi qalamravida bo‘lgan.
Zangezur tarixiga bag‘ishlangan tadqiqotlar hamda arxiv hujjatlariga ko‘ra, 1905-1907 yillar, shuningdek, 1918-1920 yillarda arman to‘dalari Zangezurning musulmon qasabalariga hujum uyushtirib, 115 qishloqni yer bilan yakson qilgan. Qatliom payti 4472 nafar norasida bolalar va xotin-qizlar shafqatsizlarcha o‘ldirilgan.
Maqolada qayd etilishicha, 1920 yil 10 avgust kuni RKP(b) Kavkaz byurosi Ozarbayjonning roziligisiz Zangezurni Ozarbayjon hamda Armaniston o‘rtasidagi “nizoli hudud” deb e’lon qiladi. 1920 yil 30 noyabrda esa Zangezurni Sovet Armanistoniga berish haqida hujjat qabul qilinadi. Tarixan Ozarbayjonga tegishli bo‘lgan hududning Armanistonga berilishi bilan Naxchivon Ozarbayjondan ajralib qoldi. Shuningdek, mamlakatning Turkiya hamda butun turkiy dunyo bilan quruqlikdagi chegarasi ihotalanadi. 1921 yilning 12 yanvarida Zangezurda musulmon ma’muriy tuzilmalarini tashkil etish haqida qaror qabul qilinishi bilan yaxlit hudud g‘arbiy va sharqiy qismlarga bo‘linadi. 1933 yilda esa Kafan, Goris, Garakilse va Megri Armanistonga topshirildi. Moskvaning farmoyishi bilan Zangezurning ikkiga bo‘linishi oqibatida geografik xaritadan mazkur nom g‘oyib bo‘ldi.
“Ozarbayjon muzaffar armiyasining tarixiy g‘alabasi bilan yakunlangan ikkinchi Qorabog‘ urushi tarixiy adolatni tiklashga xizmat qildi. Ozarbayjon prezidenti, Oliy bosh qo‘mondon Ilhom Aliyevnning 2021 yil 7 iyuldagi farmoni bilan Sharqiy Zangezur iqtisodiy hududi tashkil etildi. Mazkur tarixiy farmon bilan jug‘rofiy va ma’muriy-hududiy birlik sanalgan Zangezur toponimini yana xaritalarga qaytdi. Bu esa Ozarbayjon tarixiga zarhal harflar bilan yoziladigan hodisadir”, – deyiladi Davlat tarjima markazi maqolasida.
Prezident Ilhom Aliyev turk dunyosi birligini tiklashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun joriy yil noyabrda “Turkiy dunyoning Oliy ordeni” bilan taqdirlangan.
“Nafaqat Tog‘li Qorabog‘, zamonaviy Armaniston shakllangan hududlar ham Ozarbayjonning tarixiy yerlari sanaladi. Yerevan xonligi, Zangezur viloyati – bizning tarixiy yerlarimiz. Zangezurning Ozarbayjondan ajratilib, Armanistonga berilishi butun turkiy dunyoda jug‘rofiy bo‘linishga olib keldi. Bu hol xaritada yaqqol ko‘rinadi. Sirasini aytganda, Zangezurning Armanistonga topshirilishi qaqshatqich oqibatlarga olib keldi. Har bir ozarbayjonlik, har bir fuqaro, har bir bola o‘z tarixidan voqif bo‘lishi kerak. Ushbu viloyatlar Ozarbayjonga tegishli ekanini bilmog‘i lozim”, – degan prezident Ilhom Aliyev bu borada.
Ozarbayjon yetakchisi joriy yil 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash sammitida ham mazkur masalaga to‘xtalib, Qorabog‘dagi g‘alabadan keyin Zangezur orqali o‘tadigan transport, kommunikatsiya hamda infrastruktura loyihalari butun turkiy dunyoni birlashtirishga xizmat qilishini ta’kidlagan.
“2021 yilning 26 oktyabrida tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi sa’y-harakatlar tufayli Zangezur koridorining Ozarbayjonga tegishli qismida poydevor qo‘yishga erishildi. Shu tariqa butun turk olamini birlashtirish imkoni tug‘ildi, Ozarbayjon hamda butun mintaqada yangi voqelik bo‘y ko‘rsatdi”, – deb xulosa qilinadi “Zangezur – Ozarbayjonning tarixiy yeri” nomli maqolada.
S.Salim tayyorladi
Shu mavzudagi maqolalar:
Ozarbayjon chegarada ro‘y bergan harbiy provokatsiyani qat’iy ravishda qoraladi. 17.11.2021