Turkiya o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun barcha choralarni ishga soladi. Bu haqda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakat parlamenti yig‘inidagi nutqida ta’kidladi.
Turkiya rahbari bundan roppa-rosa 5 yil avval, 15 iyul tunida ro‘y bergan davlat to‘ntarishiga urinishni yodga olar ekan, uni amalga oshirganlar jazosiz qolmasligini urg‘uladi.
“Bu qonli Fathulla Gulen tashkilotiga ham tegishli. Biz mazkur xavfni ildizi bilan quritmaguncha, ushbu jinoiy to‘daga aloqador har bir shaxsni ta’qib etamiz”, – deb ta’kidladi prezident Erdo‘g‘on.
2016 yilning 15 iyulida Turkiyaning bir qator shaharlari, jumladan, Anqara va Istanbulda qurolli davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y berdi. Tez orada harbiy isyon Fathulla Gulen terrorchi tashkiloti (FETÖ) tomonidan amalga oshirilgani ma’lum qilindi.
O‘sha mash’um tunda bir guruh harbiylar davlat hokimiyatini zo‘rlik yo‘li bilan egallashga urindi. Isyonchilar tomonidan bir qator harbiy amaldorlar hamda hukumat mansabdorlari, jumladan prezident yordamchisi va Bosh shtab boshlig‘i garovga olindi.
FETÖ rahbarlarining buyrug‘i bilan isyonchilar parlament, prezident qarorgohi, TV binosi, politsiya boshqarmasi va boshqa muassasalarni bombardimon qildi.
Harbiy fitnaga 8 mingdan ziyod harbiy xizmatchi, 35 samolyot, 3 ta kema, 37 ta vertolyot, 74 ta tank, 246 ta bronetexnika jalb etildi.
O‘sha paytda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Marmaris muzofotida dam olayotgan edi. Davlat rahbariga suiqasd qilish uchun isyonchilarning bir guruhi Marmarisga yo‘l oldi. Ular keyinroq hibsga olindi.
Prezident Erdo‘g‘onning chaqirig‘i bilan millionlab fuqarolar demokratiya va davlat yaxlitligini himoya qilish uchun ko‘chalarga chiqdi. Oddiy odamlar o‘zini tank ostiga tashlab, isyonchilarga mardonavor qarshilik ko‘rsatdi. Shu tariqa huquq-tartibot idoralarining sa’y-harakati, xalq irodasi va jasorati tufayli davlat to‘ntarishiga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Prezident Erdo‘g‘onga ko‘ra, Turkiya xalqi o‘limdan ham qo‘rqmay, vatanga xiyonat qilgan harbiylarga qarshi namoyishlarga chiqdi. Odamlar “Agar ularning tank va to‘plari bo‘lsa, bizning imonimiz bor” deya mamlakat yaxlitligini himoya qildi.
Turkiya Qurolli kuchlari tarkibiga sizib kirgan va FETÖ a’zosi bo‘lgan harbiylar tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinishning maqsadi prezidentga suiqasd uyushtirish, konstitutsion tuzum va parlament tizimini ag‘darish bo‘lgan.
Davlat to‘ntarishiga urinishda 251 nafar kishi shahid bo‘lgan, 2196 kishi jarohatlangan.
FETÖ tarafdori bo‘lgan va davlat to‘ntarishida qatnashgan harbiy xizmatchilarning asosiy qismi qo‘lga olindi. So‘nggi besh yil ichida Turkiya mahkamalari davlat to‘ntarishiga doir minglab jinoiy ishlarni ko‘rib chiqdi, yuzlab aybdor ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. FETÖ rahbari esa ayni paytda AQShda yashamoqda. Rasmiy Anqara uni ekstraditsiya qilishga urinib kelmoqda.
2016 yildan buyon Turkiyada 15 iyul Demokratiya va milliy birlik kuni sifatida nishonlanmoqda. Mazkur sana Turkiya qayta tug‘ilgan kun deb ham e’tirof etilgan.
S.Salim