«Vaqf» fondining «Ilm yo‘lida ko‘mak beramiz» xayriya aktsiyasi taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi

2018 yil 13 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining tadbirlar zalida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan «Ilm yo‘lida ko‘mak beramiz» nomli diniy ta’lim muassasalari talabalarining to‘lov-kontraktlarini to‘lab berish ishlari bo‘yicha xayriya aktsiyasi bo‘yicha tadbir o‘tkazildi. Shuningdek, Qur’oni karimni yod olgan yoki arab tilidagi biror qo‘shimcha kitobni tamomlagan talabalar rag‘batlantirildi.

Shayx Abdulaziz Mansur “Vaqf” fondining faoliyati haqida so‘zlab berdi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi bilim yurtlari talabalari va o‘qituvchilarini rag‘batlantirish, namunali va iqtidorli talabalarni to‘lov-kontrakt pullarini to‘lab berish uchun Fond tomonidan «Ilm yo‘lida ko‘mak beramiz» aktsiyasi tashkil etilgan edi.  Bu aktsiyaning birinchi bosqichi natijalari bo‘yicha diniy ta’lim muassasalarining eng iqtidorli 39 nafar talabalarining kontrakt pullari to‘lab berilib, o‘zining iqtidori va qobiliyati bilan Qur’oni karimni to‘liq yod olgan 15 nafar talaba eng kam ish haqining 10 baravaridan pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Umumiy hisobda ushbu aktsiyaning birinchi bosqichi uchun Vaqf xayriya jamoat fondi tomonidan 160 000 000 so‘m ajratildi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondi mas’ul xodimi Odilxon qori vaqf va uning tarixi haqida tushuncha berdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416-son Farmoni asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etilgan.

O‘tgan davr mobaynida ushbu fond tomonidan diniy ta’lim muassasalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun jami 211 mln. so‘m, ijtimoiy himoyaga muhtoj jamiyatlarga 22 mln. so‘m va yordamga muhtoj va nogironligi bo‘lgan 534 nafar fuqarolarga 480 mln. so‘mdan ziyod mablag‘ xayriya qilindi. Qurbon hayitida Respublika bo‘yicha 10 tonnadan ziyod qurbonlik go‘shtlari fond nomidan tarqatildi. 400 ta oilaga iste’mol savatchasi tarqatildi. Shu bilan birgalikda o‘ta og‘ir holatdagi 4 ta xonadon fond tomonidan to‘liq ta’mirlab berildi.

Hasanxon qori vaqfning ahamiyati va xalqaro tajribalar haqida o‘rtoqlashdi

«Vaqf» fondi tomonidan tashkil etilgan «Masjid va madrasalar uchun kitob» aktsiyasi doirasida shu vaqtga qadar 9 ta viloyatdagi 306 ta masjidga jami 367 mln so‘mlik 13109 ta kitob yetkazib berildi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondi o‘z oldiga masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruktsiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, masjid xodimlari, jumladan imom-xatiblar, noib imom, muazzinlarni oylik maosh bilan ta’minlash,aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlarni maqsad qilib qo‘ygan.

Diniy ta’lim muassasalarining eng iqtidorli 39 nafar talabalarining kontrakt pullari to‘lab berildi, Qur’oni karimni to‘liq yod olgan 15 nafar talaba eng kam ish haqining 10 baravaridan pul mukofotlandi

Vaqf xayriya jamoat fondi yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar hamda kam ta’minlangan oilalarga doimiy ravishda yordam ko‘rsatib kelmoqda. Shu vaqtga qadar fond umumiy hisobda 1 mlrd so‘mdan ziyod saxovat ishlarini amalga oshirdi.

Vaqf xayriya jamoat fondi tomonidan “Nikoh to‘ylari” (mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va kam ta’minlangan oilalarning nikoh yoshiga yetgan farzandlarini nikoh to‘ylarini o‘tkazib berish), “Obi hayot” (chekka-chekka qishloq va ovullarda suv chiqarish), “Ro‘zg‘or” (kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q, nogironligi bo‘lgan shaxslarning uylariga ro‘zg‘orlik qilib berish), “Ehtiyojmandlarga ko‘mak” (kiyim-kechak, mebel, maishiy elektr-texnika jihozlari va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlarni yig‘ish va ehtiyojmandlarga beg‘araz berish), “Obod xonadon” (ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni manzillarini topish, ularning uy-joylarini qurish va ta’mirlashga yordam berish) kabi loyihalarni amalga oshirish ham rejalashtirilgan.