O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu haqda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Toshkentda tashkil qilgan tantanali tadbirda ma’lum qilindi.
2019 yil dekabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan va USAID 29,5 million dollar miqdorida sarmoya kiritgan O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim dasturi ta’lim tizimini har jihatdan mustahkamlaydigan hamda o‘quvchilarni farovonlik, muvaffaqiyat va o‘z salohiyatini to‘liq ochishga tayyorlaydigan zamonaviy o‘quv-metodik majmualardan foydalanish imkonini berdi.
Dastur doirasida ishlab chiqilgan yangi o‘quv materiallari yodlashga asoslangan an’anaviy ta’limdan milliy miqyosda amaliy, keng qamrovli va tizimli o‘qitish usullariga o‘tishni qo‘llab-quvvatladi. USAID, shuningdek, o‘qituvchilarga o‘quvchiga yo‘naltirilgan pedagogikani o‘rgatdi. Shu tariqa ular tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish va XXI asrning boshqa ko‘nikmalarini o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi. Bu esa uzoq muddatli muvaffaqiyat va farovonlikka erishishda asqotadi.
USAID missiyasi direktori Mikaela Meredit dasturning ona tili va o‘qish savodxonligi, matematika, informatika va axborot texnologiyalari hamda xorijiy til – ingliz tili fanlaridan darsliklar va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqish kabi natijalariga alohida urg‘u berib o‘tdi. Dastur, shuningdek, o‘qituvchilarning malakasini oshirishni qo‘llab-quvvatladi va o‘qituvchilarning yangi bilim va o‘quv materiallaridan erkin foydalanishlari uchun raqamli platformani ham ishga tushirdi.
O‘z navbatida, vazirlik USAIDning ijrochi hamkorlari konsortsiumi a’zolari – RTI International yetakchiligidagi Florida davlat universiteti va Missisipi davlat universitetlariga minnatdorlik bildirdi. Ularning salohiyatni oshirish, gender tengligi, ijtimoiy inklyuziya, shaffoflik, mahalliy darajadagi mas’uliyat va barqarorlikka bo‘lgan umumiy sadoqati ushbu dastur muvaffaqiyatini ta’minladi.
AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, USAIDning O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim dasturi o‘z nihoyasiga yetar ekan, dasturga kiritilgan sarmoya va milliy ta’lim tizimidagi takomillashtirishlar tufayli ta’lim sohasini rivojlantirishning yangi bobi boshlanyapti.
Mavzuga doir maqolalar:
AQSh–O‘zbekiston hamkorligi: 2 milliondan ziyod o‘quvchi yuqori sifatli darsliklarga ega bo‘ladi. 09.04.2022
USAID va O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi tadqiqot boshladi. 17.11.2021