O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Suhbatda davlat rahbarlari Qozog‘istondagi vaziyatning rivojlanishi, holatni barqarorlashtirish, tez fursatda tinchlik va osoyishtalikni qayta tiklash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashdilar.

“O‘zbekiston yetakchisi Qozog‘istonning birodar xalqi va rahbariyatini ularning mamlakat barqarorligi va farovonligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarida doimo qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi”, – deyilada rasmiy xabarda.

Shavkat Mirziyoyev 6 yanvar kuni, shuningdek,  Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan ham telefon orqali muloqotda dolzarb masalalarni muhokama qilgan.