21 yanvar kuni Turkiya parlamenti – Buyuk Millat Majlisi deputatlari mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Mamlakatda prezidentlik boshqaruvini joriy etishni ko‘zda tutgan loyihani 488 deputatdan 339 nafari yoqlagan.
“Parlament a’zolariga tashakkur! Qolgani xalqning izn-ixtiyorida!” – deya ovoz berish natijalaridan mamnunligini bildirgan mazkur qonun loyihasining asosiy tarafdorlari biri, Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim.
Amaldagi tartibga ko‘ra, parlament tomonidan ma’qullangan qonun davlat rahbari tasdig‘idan o‘tishi lozim. Konstitutsiyaviy islohotlarga qaratilgan qonun loyihasini Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on yaqin kunlarda imzolashi kutilmoqda. Rasmiy hujjat matbuotda e’lon qilinganidan 60 kun o‘tib umumxalq muhokamasi – referendumga qo‘yiladi. Xalqning ko‘pchilik qismi qo‘llab-quvvatlasa, Turkiya 2019 yildayoq prezidentlik tizimiga o‘tishi mumkin.
18-moddadan iborat konstitutsiyaviy qonun Turkiya Prezidenti vakolatlarini kengaytirish va uning maqomini ko‘tarishni ko‘zda tutadi. Bunga ko‘ra, Prezident farmonlar qabul qilish, vazirlarni tayinlash va bo‘shatish vakolatiga ega bo‘ladi. Amaldagi Bosh vazir lavozimi esa bekor qilinadi. Bundan tashqari, qonun Qurolli kuchlar va maxsus xizmatlarning bevosita Prezidentga bo‘ysunishini nazarda tutadi.
Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, davlat rahbari biror partiyada a’zo bo‘lib qolishi mumkin (amaldagi qonunchilik Prezidentning biror partiyaga mansubligini istisno etadi). Mamlakat yetakchisi besh yildan ikki vakolat muddatiga saylanish huquqi ega bo‘ladi.
Sirasini aytganda, hokimiyatdagi Adolat va taraqqiyot partiyasi taklif etayotgan Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar Turkiyaning parlament boshqaruvidan prezidentlik tizimiga o‘tishini anglatadi.
Shuningdek, yangi loyihaga muvofiq, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputatligiga saylanishga oid yosh chegarasi 25 yoshdan 18 yoshga tushiriladi, parlament a’zolari soni esa 550 nafardan 600 nafarga oshiriladi.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on: “Prezidentlik boshqaruvi Turkiyani buyuk mamlakatga aylantiradi”
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ko‘pdan buyon amaldagi parlament boshqaruvi o‘zini oqlamayotgani, bugungi qaltis sharoitda eng maqbul yechim prezidentlik tizimiga o‘tish ekanini ta’kidlab kelmoqda. Turkiyaning amaldagi yetakchisi prezidentlik boshqaruvi mamlakat taraqqiyotini yanada jadallashtirib, boshqaruv samaradorligini oshiradi, deb hisoblaydi.
“An’analarimizdan ulgi olib, Turkiya uchun maqbul prezidentlik tizimini amalga kiritish vaqti keldi. Bu mamlakatimizning yanada jadal taraqqiyotiga xizmat qiladi”, – deydi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qatarning “Al-Jazira” telekanali orqali chiqishida.
Ayni paytda muxolif partiyalar Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish loyihasini tanqid qilib, Erdo‘g‘onni butun hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga urinishda ayblamoqda.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mazkur ayblovlarni rad etib, mamlakatda barcha emin-erkin yashayotgani, noqonuniy cheklovlar yo‘qligini qayd etadi.
“(Turkiyada) barcha o‘z fikrini erkin ifodalamoqda, o‘zi istagancha hayot kechirmoqda, istagancha kiyinmoqda, xohlaganini tanovul qilmoqda. Biz hech qanday cheklovlar joriy etayotganimiz yo‘q”, – deydi davlat rahbari.
Erdo‘g‘onning ta’kidlashicha, yangi Konstitutsiya va prezidentlik boshqaruvi davr talabi sanaladi va bu tizim butun xalq manfaatlariga xizmat qiladi. Pirovardida esa prezidentlik boshqaruvi Turkiyani qudratli mamlakatga aylantiradi.
Aytish joizki, yangi Konstitutsiyaviy loyiha Turkiya boshqaruv tizimi uchun butkul yangilik emas. Negaki, so‘nggi yillarda mamlakat siyosiy tizimida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, 2014 yilda Turkiya tarixida ilk bor Prezident odatdagidek parlament tomonidan emas, balki bevosita xalq tomonidan saylandi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqning ko‘pchilik qismi tomonidan ma’qullansa, Turkiya boshqaruvida yangi sahifa ochilishi aniq.
Sobir Salim