Kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun kurashayotgan Turkiya axborot xurujlari, dezinformatsiya xatariga ham duch kelmoqda. Bu haqda Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Altun bayonotida so‘z boradi.
“Biz boshdan kechirgan katta ofatdan so‘ng zilzila qurbonlarining hayotini xavf ostiga qo‘ygan jiddiy dezinformatsiyaga duch keldik. Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi fuqarolarimiz bilan birgalikda dezinformatsiyaga qarshi kurashish maqsadida Dezinformatsiya haqida xabar berish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Elektron hukumat va mobil ilovalar orqali Dezinformatsiya haqida xabar berish xizmatiga kelib tushgan yolg‘on ma’lumotlar va yangiliklar soni hozirda taxminan 6200 taga yetdi”, – deydi F.Altun.
Qayd etilishicha, dezinformatsiya xizmatiga xabar qilingan va mutaxassislar tomonidan aniqlangan ko‘plab yolg‘on yangiliklar kundalik byulleten hamda boshqarmaning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari orqali jamoatchilikka yetkazilmoqda.
“Xalq sifatida katta ofatni boshdan kechirayotgan mana shunday og‘ir kunlarda, afsuski, dezinformatsiya qanchalik inson hayotini xavfga qo‘yuvchi illat ekaniga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Haqiqatni ochib berishga intilayotgan barcha ehtiyotkor va mas’uliyatli fuqarolarimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman”, – deydi boshqarma rahbari.
Avval xabar berganimizdek, Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi kuchli zilzila munosabati bilan aholini, shuningdek, milliy va xalqaro jurnalistlarni manipulyatsiya ruhidagi axborotdan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan edi.
Turkiyaning janubi-sharqiy mintaqasida 6 fevral tongida boshlangan zilzilalar natijasida ko‘plab viloyatlar, ayniqsa, G‘oziantep va Kahramonmarash katta talafot ko‘rdi. Tabiiy ofat, shuningdek, Hatay, Adiyaman, Diyorbakir, Malatya, Usmoniya, Elazig, Kilis, Shanliurfa, Adana viloyatlarida ham mash’um iz qoldirdi. Minglab insonlarning bevaqt o‘limiga olib kelgan zilzila “asr falokati” deb atalmoqda.