Turk arxeologlari Mo‘g‘ulistondagi To‘nyuquq yodgorligidan o‘n uch asrlik noyob barmoq izlarini topdi. Bu haqda Onado‘li axborot agentligi xabar beradi.
“Biz ko‘plab arxeologik kashfiyotlarga qo‘l urdik. Ammo ular orasida 1300 yil avvalgi barmoq izlari eng e’tiborga molik kashfiyot sanaladi. Bu o‘ta qiziqarli tarixiy topilmadir”, – degan To‘nyuquq yodgorligidagi arxeologik tadqiqotlarga boshchilik qilayotgan turkiyalik professor Ahmed Tashag‘il (Ahmet Taşağıl).
To‘nyuquq yodgorligi turkiy tamaddun tarixidagi eng qadimgi obidalardan biri sanaladi.
Turk xoqonligining nufuzli davlat arbobi sanalgan To‘nyuquq (taxm. 645–726) xoqonlikni Xitoy asoratidan qutqarishda katta jasorat ko‘rsatgan. U Eltarish, Qapog‘on, Bilga xoqon singari uch hukmdorga bosh vazir va lashkarboshilik qilgan.
Sarkarda o‘limidan oldin o‘z hayoti haqida hikoya qiluvchi kitoba – bitiktosh barpo qildirgan. Qadimiy turk yozuvining nodir namunasi hisoblangan To‘nyuquq bitiktoshi Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batordan 66 kilometr janubiy-sharqda saqlanadi.
Bitiktoshda Turk xoqonligining qayta tashkil topishi, bu ishda To‘nyuquqning xizmati, uning harbiy yurishlardagi qahramonligi batafsil bayon etilgan. Yodgorlik nafaqat badiiy-tarixiy asar sifatida, balki qadimiy toponimlar va olis o‘tmishni o‘rganish nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir.
Mazkur qadimiy yodgorlik Turkiya hamkorlik va taraqqiyot idorasi (TİKA) tomonidan muhofazaga olingan. Turk olimlari esa tarixiy maskanda bir necha yildan buyon ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on 2005 yili – hukumat rahbari bo‘lgan paytda To‘nyuquq yodgorligiga tashrif buyurib, qadimiy obida bilan tanishgan.
Ayni paytda TİKA yodgorlikni asrab-avaylash hamda ilmiy izlanishlarga ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, arxeologik izlanishlarga qulay sharoit yaratish uchun ushbu hududda 11 kilometrlik asfalt yo‘l yotqizilgan. Qolaversa, To‘nyuquq yodgorligi hududida muzey tashkil etish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Mo‘g‘ulistonning O‘rxun vodiysida joylashgan Bilga xoqon va Kul tegin yodgorliklari ham TİKA tomonidan muhofaza etilmoqda.
Turkiya hamkorlik va taraqqiyot idorasining asosiy faoliyati rivojlanayotgan mamlakatlarga texnik ko‘mak ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Tashkilot jahonning 20 mamlakatida muvofiqlashtiruvchi ofisga ega bo‘lib, 100 dan oshiq davlatda faoliyat yuritadi. TİKA ilm-fan, ta’lim, savdo-iqtisodiyot, texnika, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohadagi loyihalarga ko‘mak ko‘rsatadi.
Sobir Salim