Toshkent ingliz tili mutaxassislari anjumaniga mezbonlik qilmoqda

Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ingliz tili o‘qituvchilariga mo‘ljallangan “Ingliz tili muloqot uchun asosiy vositadir” nomli xalqaro anjuman boshlandi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki kunlik tadbirda 250 nafar ishtirokchi, jumladan, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan amerikalik mutaxassislar, muallimlar malakasini oshirish markazlari xodimlari, O‘zbekiston viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib  borayotgan ingliz tili o‘qituvchilari hamda chet ellik mutaxassislar qatnashmoqda.

Anjuman doirasida yalpi majlislar, mahorat saboqlari, kitob lotereyasi va sohaga oid boshqa qiziqarli mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Tashkilotchilar ingliz tili o‘qituvchilari taqdim etgan ma’ruzalar orasidan 80 tasini tanlab olib, anjuman materiallari to‘plamiga kiritgan va bu to‘plam kompakt disklarda tarqatiladi.

Xalqaro anjuman “O‘zbekistonda xorijiy tillar” veb-portali, ilmiy va uslubiy elektron jurnal hamda chet tillarni o‘qitish bo‘yicha Innovatsiyalar milliy tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, bu AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlik mevasi sanaladi.