Olimlar Yerga «qo‘shni» bo‘lgan «Tong yulduzi»ning qay tarzda suvsiz sho‘r sahroga aylanishi sababini aniqlashdi. Zuhro sayyorasining shakllanish jarayonidagi sharoitlar Yernikiga nisbatan o‘xshash bo‘lsa-da, o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan keskin farqlanadi ham. Ya’ni «Tong yulduzi» atmosferasi 462 darajagacha qizib ketadi. Unda suv yo‘q, atmosfera esa karbonat angidrid gazi va oltingugurt kislotasidan iborat. Hozircha olimlar Zuhro yulduzining qay tarzda bunday ulkan issiqxonaga aylangani xususida yagona to‘xtamga kelishmagan. Holbuki, Yer bilan Quyosh orasidagi masofa 149,6 million kilometr bo‘lsa, Zuhro bilan Quyosh orasi — 108 million kilometrni tashkil etadi. Ya’ni «Tong yulduzi» bizdan ko‘ra osmon yoritqichiga yaqinroq joylashgan. Bunday farq Yerning bizga qo‘shni sayyoradan ko‘ra tezroq sovushi uchun to‘la yetarli edi. Nega bunday bo‘lmagani sababini Tokio universitetining Keyko Xamano rahbarligidagi sayyorashunoslari aniqlashdi. Ular Zuhro va Yerda yuz bergan bir-biridan tamoman farqlanuvchi transformatsiya jarayonlari mohiyatini anglash uchun kompyuterda modellashtirish tadqiqotini amalga oshirdilar. Bunda yangidan hosil bo‘lgan sayyoralarning o‘z yoritqichidan turli miqdorda issiqlik olganiga e’tibor qaratildi. Ma’lum bo‘lishicha, Yer va Zuhroning Quyoshdan turli miqdorda issiqlik olgani ularning sovush jarayonlariga keskin ta’sir ko‘rsatgan. Ya’ni Yerga nisbatan Zuhro sayyorasining Quyoshdan olgan «ortiqcha» energiyasi qizib yotgan, suv bug‘lari bilan to‘lib-toshgan mazkur sayyora sathidagi issiqlikning tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymagan. Shuning uchun ham Zuhro sayyorasi atmosferasidagi bug‘ning muayyan qismi fazoga uchib yoyilib ketmagunga qadar, uning yuzasi sovumasdan qizib boravergan. Natijada Zuhro Yerga qaraganda o‘nlab million yillardan ortiq davrda sovugan, uning yuzasidagi yuksak harorat suvning kondensatsiyalanishiga to‘sqinliq qilgan. Shu boisdan Zuhro sathidagi qadimgi ummonlar Yerdagiga qaraganda birmuncha kichikdir. Ular “parnikli effekt” hodisasi tez ro‘y berishiga xalaqit qila olmagan.
— Demak, hayotning shakllanishi uchun sayyora bilan uning mavjudligini ta’minlovchi asosiy yoritqich orasidagi masofa bosh omil hisoblansa-da, biroq u yagona omil emas, — deb ta’kidlaydi Keyko Xamano. — Sayyora yuzasidagi harorat va suvning suyuq holda saqlanishi uchun zarur sharoit, ayni chog‘da, tektonik faollik va sayyorani zararli fazoviy nurlanishlardan muhofazalovchi magnit maydoni mavjudligi ham juda muhim ekan.