“Sinxua” – davr bilan hamqadam agentlik

“Sinxua” axborot agentligi Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston hayotiga doir voqea-hodisalarni yanada kengroq yoritishga intiladi. Bu haqda axborot agentligi rasmiy sayti (Xinhuanet.com) bosh muharriri o‘rinbosari Kevin Liu Pekinda O‘zbekiston jurnalistlari delegatsiyasi bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Kevin Liuning qayd etishicha, bugun Xitoy va O‘zbekiston hamkorligi ikki tomonlama rivojlanmoqda. Rasmiy Pekin taklif etayotgan “Bir belbog‘, bir yo‘l” loyihasi robitalarni yanada kengaytirishga xizmat qilayotir. Bu jarayonda esa ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.

“Biz jurnalistlar axborot almashuvini yanada kengaytirishimiz kerak. Xitoy xalqi O‘zbekiston haqida, O‘zbekiston xalqi Xitoy haqida ko‘proq bilishi lozim. Bunda esa ommaviy axborot vositalari vakillarining xizmati katta”, – deb ta’kidladi “Sinxua” rasmiy sayti bosh muharriri o‘rinbosari Kevin Liu.

O‘zbekistonlik jurnalistlar Xitoy ommaviy axborot vositalari bilan tanishuv dasturi doirasida “Sinxua” agentligi yangi media markazida ham bo‘ldilar.

Yangi davr ommaviy axborot vositalari faoliyatida konvergent jurnalistika (sonvergence journalism) tushunchasi shakllandi. Bu matbuot, radio, televideniye hamda internet imkoniyatlarining yagona axborot resursida birlashuvini anglatadi.

“Sinxua” axborot agentligi zamonaviy OAV sifatida konvergent jurnalistika yutuqlaridan unumli foydalanib kelmoqda. Kezi kelganda xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgan texnik yangiliklarga qo‘l urmoqda.

O‘zbekistonlik jurnalistlarga, xususan, “Sinxua” axborot agentligi “Sogou” kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratgan virtual teleboshlovchi loyihasi taqdim etildi. Virtual boshlovchi uchun “Cinxua” axborot agentligi xodimi Chjan Chjaoning tashqi surati va ovozi tanlangan bo‘lib, u xitoy va ingliz tilidagi matnlarni o‘qiydi. 24 soat davomida ishlay oladigan virtual diktor yangiliklarni internet va mobil ilovalar orqali tezkor yetkazishda qo‘l keladi.

Umuman, “Cinxua” axborot agentligi sun’iy intellekt borasida jiddiy izlanishlar olib bormoqda. “Ommaviy axborot vositalari miyasi” deb atalgan qurilma ham ana shunday izlanishlar mevasidir. Mazkur qurilma biror voqea yoki tadbirni mustaqil ravishda kuzatib, axborotni tezkorlik bilan saralash va tahlil qilish salohiyatiga ega. U tezkorligi va hozirjavobligi bilan jurnalistlar og‘irini yengil qilishi mumkin. Masalan, jurnalist muayyan axborotni saralash va informatsion material tayyorlash uchun 14-15 daqiqa sarflasa, mazkur qurilma uchun bir daqiqa kifoya.

2000 yilda ishga tushirilgan “Cinxua” axborot agentligi sayti o‘tgan muddat davomida zamon bilan hamnafas holda takomillashtirildi. Dastlab saytda faqat matn va foto shaklidagi materiallar chop etilgan bo‘lsa, bugungi o‘quvchi bir paytning o‘zida matn, foto, audio, video va infografika formatidagi axborot bilan tanishishi mumkin.

Axborot agentligi saytini takomillashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar o‘z mevasini bermoqda. Bugun agentlik saytiga uyali aloqa vositalari orqali 300 million, kompyuter orqali esa 120 milliondan oshiq mushtariy muntazam kirmoqda.

O‘quvchi qaysi mavzudagi yangiliklarni ma’qul ko‘radi? Axborotni qaysi shakl, qay ko‘rinishda bergan afzal? Bu – dunyo OAV uchun “hayot-mamot” masalasiga aylangan masalalar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, OAV kuchli raqobat muhitida o‘z mushtariylarini saqlab qolishi va auditoriyasini kengaytirishi ushbu savollarga qay darajada to‘g‘ri javob topilishiga bog‘liq.

“Sinxua” axborot agentligi ham o‘quvchilar qiziqish doirasini tadqiq etish uchun muntazam ilmiy tadqiqot va ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazib kelmoqda. Bu borada zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanilmoqda. Axborot agentligi maxsus biosensorlar bilan jihozlangan laboratoriyaga ega. Uning ishlash tartibi quyidagicha: tadqiqotga jalb etilgan mushtariylarga biosensorlar ulanadi va ekranda biror lavha, deylik, mamlakat hukumati rahbarining ma’ruzasi namoyish etiladi. Biosensor mushtariy ma’ruzaning qaysi qismiga qiziqayotgani, qaysi qismi esa u uchun zerikarli bo‘layotgani haqida xabar beradi. Bu, ta’kidlash joizki, mushtariy fikrini o‘rganishning ilg‘or usullardan biri sanaladi.

O‘zbekistonlik jurnalistlar agentlikka tashrif davomida shu kabi yangi texnologik usullar bilan tanishdilar.

“Cinxua” Xitoy Xalq Respublikasining rasmiy axborot agentligi bo‘lib qolmay, xalqaro maqomga ham ega. Agentlikka 1931 yilda asos solingan.  “Cinxua” ayni paytda dunyoning to‘rt qit’asida 100 dan oshiq bo‘linma va muxbirlik punktlariga ega. Agentlik xitoy, ingliz, frantsuz, rus, ispan, portugal, arab, yapon tillarida informatsion va tahliliy materiallar tarqatish bilan cheklanmay, marketing tadqiqotlari ham olib boradi.

S.Salim

Muallif olgan suratlar