Turkiyaning Rossiyadan S-400 zenit-raketa majmuasini sotib olishga qaror qilgani AQSh bilan munosabatlarning taranglashuviga olib keldi. Sirtdan qaraganda, masala birgina qurol-aslaha oldi-sotdisi bilan bog‘liq. Ammo vaziyatga teranroq nazar solinsa, ushbu munozaralar zamirida geosiyosiy manfaatlar uchun kurash yotganini anglash qiyin emas.
Anqara mustaqil siyosat uchun tovon to‘lashga majburlanmoqda
Turkiya 2017 yilda Rossiya bilan S-400 zenit-raketa majmuasi xaridi bo‘yicha 2,5 milliard dollarlik shartnoma imzolagan. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, Rossiya tomoni joriy yil iyulda majmuaning dastlabki qismlarini Turkiyaga yetkazib berishi lozim.
Oq uy esa Turkiya rahbariyatidan Kreml bilan harbiy kelishuvni bekor qilishni talab qilmoqda. Vashington ma’murlariga ko‘ra, Turkiya tomonidan S-400 zenit-raketa majmuasining sotib olinishi NATO hamda AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soladi. Amerika tomoni Anqaraning Moskva bilan bitimiga norozilik belgisi sifatida Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish jarayonini to‘xtatdi. Oq uy bu bilan cheklanmay, Turkiyaga sanktsiyalar joriy etish bilan ham tahdid qilgan.
Aslida, Turkiya AQShga Patriot raketidan himoya tizimini sotib olish bo‘yicha taklif bilan murojaat qilgan. Ammo AQSh tomoni juda qimmat narx belgilagan. Rossiya esa qulay narx taklif etgan. Shu tariqa Turkiya xalqaro siyosatning mustaqil sub’ekti sifatida Rossiyadan mahsulot sotib olishga qaror qilgan.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga ko‘ra, Vashingtonning Rossiyadan S-400 majmuasini sotib olish bitimini bekor qilishni talab etayotgani ittifoqchilik shartlariga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Turkiya yetakchisi Anqara Moskva bilan bitimni buzmasligini bildirgan.
Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay esa AQSh rahbariyatiga keskinroq javob bergan. “AQSh Turkiya bilan ittifoqchi bo‘lib qoladimi yoki terrorchilar bilan hamkorlik qilib, do‘stligimizni xatar ostiga qo‘yadimi… Bu borada Qo‘shma Shtatlar uchun uzil-kesil qaror qabul qilish vaqti allaqachon keldi” degan vitse-prezident F.Oktay.
AQShdan farqli o‘laroq, NATO Turkiyaning qurol-aslaha sotib olish borasidagi qaroriga hurmat bilan munosabatda bo‘lmoqda. Xususan, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Shimoliy ittifoqqa a’zo har bir davlat o‘z mudofaasi uchun qurol-aslaha sotib olishga haqli ekanini aytgan.
Kezi kelganda qayd etish joizki, G‘arbdagi ittifoqchilar ko‘p yillar davomid Turkiyaning raketadan himoya tizimini yaratish bo‘yicha tashabbusini javobsiz qoldirib keldi. Suriyadagi ixtiloflarni bartaraf etishda ham Anqara yolg‘iz qoldi – NATO bo‘yicha ittifoqchi davlatlar muhim pallada yordam qo‘lini cho‘zmadi. Qolaversa, rasmiy Anqara ko‘pdan buyon Suriyadagi YPG, PYD kabi terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilsa-da, ayrim ittifoqchi davlatlar bu talablarga e’tibor qaratmayotir.
Pirovardida, Turkiya hayot-mamot masalasi sifatida zamonaviy raketadan mudofaa tizimini yaratishga bel bog‘ladi. Ayni paytda S-400 majmuasi eng zamonaviy tizim sanaladi. U dushmanning samolyot, qanotli raketa hamda uchuvchisiz qurilmalarini yo‘q qiladi. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, Rossiya taklif etayotgan tizim mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ziddiyatning asl sababi nima?
AQSh Rossiyaning S-400 tizimi NATO mamlakatlari xavfsizligiga tahdid ekanini ta’kidlamoqda. Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, Oq uy rasmiylarining Anqara-Moskva bitimiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqayotganining asl sababi boshqa.
Gap shundaki, o‘tgan asr davomida G‘arb mamlakatlarining qosh-qovog‘iga qarab ish yuritgan Turkiya XXI asrda mustaqil tashqi siyosat yuritmoqda. Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar, Suriya inqirozi, qolaversa, dunyo miqyosidagi boshqa iqtisodiy-siyosiy masalalar bo‘yicha rasmiy Anqara mutlaqo erkin va mustaqil pozitsiyasini bildirib kelmoqda. Bu esa Turkiyani o‘z yo‘rig‘iga yurgazishni ko‘zlagan qudratli mamlakatlarga xush kelmasligi tabiiy. Vashingtonning Anqaradan Moskva bilan bitimni bekor qilishni talab etayotgani sababi ildizlari ham ana shu jihatga borib taqaladi. G‘arb mamlakatlari bosim o‘tkazish orqali Turkiyani mustaqil tashqi siyosatdan voz kechishga majburlamoqchi.
Turkiya o‘tmishda ham bu kabi sinovlarga ro‘baro‘ kelgan. Masalan, 1911-1912 yillarda Britaniya hukumati Usmoniylar davlati buyurtmasi bilan Vickers va Armstrong shirkatlari tomonidan qurilgan Reşadiye va Sultan Osman harbiy kemalarini turklarga berishdan bosh tortgan. Holbuki, o‘shanda ham Usmoniylar davlati kema uchun pulni to‘liq o‘tkazib bergan edi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Turkiya AQShga yon berib, uning talabini bajargan taqdirda ham diplomatik taranglik yumshamaydi. Chunki Vashington yana boshqa talablar qo‘yishda davom etadi. Buni yaxshi anglagan Turkiya rahbariyati kuchli iroda va qat’iyat namoyish etmoqda. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga ko‘ra, “Turkiya tanlagan siyosiy yo‘nalishidan aslo chekinmaydi va bu yo‘lda har qanday qurbonlikka tayyor”.
Amerikalik atoqli siyosatshunos Jorj Fridman Turkiyaning xalqaro maydondagi o‘rniga yuksak baho bergan. Olimga ko‘ra, dunyoning iqtisodiy rivojlanish ko‘satkichlari bo‘yicha o‘n yettinchi davlati sifatida faqat Turkiya Yaqin Sharqda kuchlar muvozanatini tiklay oladi. Bugun ushbu mamlakat Kavkaz, Bolqon, Markaziy Osiyo, O‘rtayer dengizi, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerika mintaqalarida faol siyosat yuritayotgani ma’lum. Jorj Fridmanga ko‘ra, yetakchi davlatlar har qancha urinmasin, Turkiyaning yetakchilik rolini tortib olishi dargumon.
S.Salim
Shu mavzudagi maqolalar:
Turkiya gumanitar yordam bo‘yicha dunyoda peshqadam. 25.02.2019
Turkiya fazoni tadqiq etuvchi sanoqli davlatlar safiga qo‘shilmoqda. 23.11.2018
Turkiya Afrinda nega harbiy operatsiya o‘tkazmoqda? 24.01.2018