Qozog‘istonda jahon dinlari yetakchilarining qurultoyi tashkil etilmoqda

Joriy yil 14-15 sentyabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Nursulton shahrida yirik xalqaro tadbir – Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining VII qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Mazkur anjumanda turli diniy konfessiyalar yetakchilari ishtirok etishi va dolzarb masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Konfessiyalararo hamda tamaddunlararo muloqotni rivojlantirish bo‘yicha N.Nazarboyev markazi boshqaruvi raisi o‘rinbosari D.B.ESENOVAning quyidagi maqolasida ham mazkur nufuzli tadbirning ahamiyati xususida so‘z boradi.

 

Dinlararo muloqotni takomillashtirishda jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyining ahamiyati

Turli xalqlar va e’tiqodlarning ma’naviy merosidan bahramand bo‘lgan Qozog‘iston tarixan bag‘rikenglik, murosa, o‘zaro hurmat kabi bebaho qadriyatlarga tayanib kelgan. Bunga erishishimizda mamlakatimiz mustaqilligining ilk kunlaridanoq etnik va dinlararo ahillikka alohida e’tibor qaratilishi, fuqarolarning o‘z ijodiy salohiyati, qobiliyati va iqtidorini yuzaga chiqarishi, har tomonlama mukammal shaxslarning kamol topishi uchun imkoniyatlarning kengaytirilishi ham muhim ahamiyat kasb etdi. Mustaqillik yillarida madaniyat, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan muhim davlat va hukumat hujjatlari hamda qarorlari qabul qilindi, keng ko‘lamlar tashabbuslar amalga oshirildi.

Qozog‘istonning u qadar oson kechmagan suveren taraqqiyot yo‘li davomida, bozor iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotning demokratik shakllariga o‘tish asnosida biz millatlararo va konfessiyalararo totuvlik g‘oyasini puxta o‘zlashtirish, uni takomillashtirish va zamon talabi hamda qozog‘istonliklar ehtiyoji asosida rivojlantirishning uddasidan chiqdik. Bu esa dunyoda “Qozog‘iston yo‘li” degan nom bilan tanildi.

Tinchlik, konfessiyalar va madaniyatlar muloqoti kabi ustuvor qadriyatlar bizning bebaho boyligimizdir. Millatlararo va konfessiyalararo totuvlik paradigmasi dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinmoqda. “Qozog‘iston modeli” esa nafaqat yaqin qo‘shnilar, balki ko‘plab xorijiy davlatlar uchun namuna bo‘lmoqda, ekspertlar, olimlar va siyosatshunoslar esa uni ilmiy jihatdan tadqiq etishga e’tibor qaratmoqdalar.

Alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimizning muvaffaqiyat fenomeni zamirida vatanimiz va xalqimiz tarixining o‘ziga xos jihatlari turibdi. Konfessiyalararo hamda dinlararo totuvlik ravnaqi esa Yevroosiyo kontinentining o‘rta qismida ko‘p asrlar davomida turli tamaddun va madaniyatlarning o‘zaro mushtaraklashuvi bilan chamcharchas bog‘liqdir. O‘z navbatida, respublikamiz xalqiga xos bag‘rikenglik, boshqa elat, madaniyat, din va konfessiya vakillariga xayrixoh munosabat izchil va barqaror taraqqiyot, dunyoviy davlatning istiqbolda ham gullab-yashnashi uchun mustahkam va ishonchli poydevor vazifasini o‘tamoqda.

Qozog‘istonning konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik bo‘yicha o‘ziga xos tajribasi global miqyosda ahamiyat kasb etayotir. Bu borada Nursulton shahrida uch yilda bir marta o‘tkaziladigan Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining qurultoyini Qozog‘istonning muhim yutug‘i o‘laroq qayd etish o‘rinlidir.

2003-2021 yillarda olti bor butun sayyoramiz aholisining tinch va munosib hayot kechirmog‘i yo‘lida, turli dinlar vakillari o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining qurultoyi tashkil qilindi. Diniy yetakchilar qurultoyi tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi dinlararo muloqotni kengaytirishga Qozog‘iston tomonidan qo‘shilgan ulkan hissa bo‘lmoqda.

Ushbu yondashuvni tashqi siyosatining ko‘pvektorlilik  va xalqaro nizolarni tinch va jamoaviy hal etishga sodiqlik kabi asosiy tamoyillari bilan uyg‘unlashtirgan Qozog‘iston Sharq va G‘arb tsivilizatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtirishga faol hissa qo‘shmoqda.

Sentyabr oyida poytaxtimiz dunyoning 50 davlatidan 100 dan ortiq mehmon qatnashadigan Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining VII qurultoyi ishtirokchilari va mehmonlari uchun o‘z darvozalarini ochadi.

Shuni ta’kidlashni istardimki, VII qurultoyning yalpi va sektsiya majlislari mavzulari yuqumli kasalliklar xatariga ro‘baro‘ kelgan, xalqaro ixtiloflar maydoniga aylangan zamonamizning dini va etnik mansubligidan qat’i nazar barcha fuqarolarni tashvishga solayotgan dolzarb muammolarini atroflicha muhokama qilish, ularning yechimi bo‘yicha munosib tavsiyalar ishlab chiqish imkonini beradi.

Birinchi qurultoy chaqirilganidan so‘ng o‘n to‘qqiz yil davomida zabt etilgan cho‘qqilarning ahamiyatini baholar ekanmiz, bo‘lajak forum Qozog‘istonda uchrashadigan jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining ma’naviy birligi ruhida o‘tishiga ishonch bildiramiz. Zero, bu dunyo xalqlarining farovonligi va xavfsizligi, insoniyatning ma’naviy uyg‘onishi va takomili yo‘lidagi hamkorlikdir.