Tanlov mavzusi: «Mustaqil ommaviy axborot vositalarini (OAV) yanada rivojlantirish, jurnalistlarning kasbiy ko‘nikmalarini takomillashtirish, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning oshkoraligi va ochiqligini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyati, huquqiy bilimlari va huquqiy ongini oshirish».
Tanlovda O‘zbekiston Respublikasining nodavlat OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining quyidagi yo‘nalishlardagi loyihalari qabul qilinadi:
– demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakatni modernizatsiya va isloh qilish jarayonlarini OAVda keng yoritish;
– «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Kontseptsiyasi»da belgilangan davlat va jamiyat boshqaruvining ustuvor vazifalarini hal etishda nodavlat OAVlarning faol ishtirokini ta’minlash;
– davlat hokimiyati organlari faoliyati haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, aholi va jamoat birlashmalarining ular tomonidan qabul qilinayotgan, avvalo, inson huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatlarni ifoda etadigan qarorlar haqida keng ma’lumot olishlarini ta’minlash;
– axborot erkinligini, aholining ma’lumot olish borasidagi konstitutsion huquqlarini ta’minlashda, shuningdek jamiyatimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga o‘zlarining fikr-mulohazalarini, qarashlari va munosabatlarini erkin bayon etishlariga zarur sharoitlar yaratishda nodavlat OAVlarning rolini oshirish;
– O‘zbekistonda NNT va fuqarolik jamiyati institutlarining shakllanishi va rivojlanib borish jarayonlarini nodavlat OAVlarda keng yoritilishi;
– nodavlat OAV tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashish;
– milliy matbuotning sifati, kadrlar mahorati va samarasini izchil oshirish;
– OAVlarning moliyaviy va iqtisodiy erkinlinigini mustahkamlash, axborot sohasida bozor munosabatlarini rivojlantirish;
– aholining ekologik, tibbiy va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, aholi, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqiy targ‘ibot va inson ravnaqi yo‘lidagi ishlarni keng yoritishda nodavlat OAVlarining rolini oshirish;
– o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy tarbiyalash, ularning dunyoqarashi, axloqini yuksaltirish, ularda milliy qadriyatlar va o‘z-o‘zini anglash hissini singdirish.
Tanlovda qatnashish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi nomiga ariza taqdim etilayotganligi haqidagi kuzatuv xati;
2. Jamoat fondining www.fundngo.uz. saytida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan grant loyihasining arizasi;
3. Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi guvohnoma nusxasi;
4. Nizom nusxasi (tashkilot muhri bilan tasdiqlangan barcha o‘zgarish va qo‘shimchalar bilan).
Bundan tashqari, taqdim etilayotgan hujjatlarga manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiyanomasi va mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlash xati ilova qilinishi mumkin.
Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 15 mln. so‘mgacha.
NNTlarning o‘z mablag‘larini jalb etilishi qo‘llab-quvvatlanadi.
Hujjatlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan kundan boshlab 2012 yil 18 may kuni soat 16-00ga qadar qabul qilinadi.
Tanlovda davlat ro‘yxatidan o‘tgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov bo‘yicha hujjatlar muhrlangan konvertda (A4 format): «100035, Toshkent sh., Bunyodkor ko‘ch., 1-uy» manzilda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi nomiga yuborilishi shart.
Tanlovda ishtirok etish shartlari va tanlov hujjatlarining namunalari bilan Jamoat fondining rasmiy saytida: www.fundngo.uz tanishishingiz mumkin.
Ma’lumot uchun tel.: 239-26-76; 239-26-64.