O‘zbekiston – Polsha savdo-iqtisodiy hamkorligida foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud

Polshaning neft-gaz, energetika, foydali qazilmalarni qayta ishlash, transport, yo‘l qurilishi, qishloq xo‘jaligi kabi sohalardagi kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Polshaning Toshkentdagi elchixonasi Savdo va sarmoyalarga ko‘maklashish bo‘limi 21 dekabr kuni Toshkentda jurnalistlar bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik rivojlanib bormoqda, ammo bu borada hali foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud.

Tashqi omillar tufayli joriy yilda o‘zaro savdo aylanmasini oshirish imkoni bo‘lmadi. Tezkor ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning 10 oyida o‘zaro savdo aylanmasi o‘tgan yilning mazkur muddatiga qaraganda 8 foizga qisqarib, 106,3 million dollarni tashkil etdi. Joriy yilda Polshaning O‘zbekistonga eksporti 17 foizga kamaygan bo‘lsa, o‘zbek tovarlarini hamkor davlatga sotish hajmi chorak foizga oshdi.

Qayd etilishicha, Polshadan asosan uskunalar, mashinalar, kimyo sanoati mahsulotlari va yirik qoramol keltirilgan. O‘zbekistondan esa Polshaga paxta va paxta mahsulotlari (46 foiz), mineral moddalar (27 foiz), kimyo mahsulotlari (11 foiz) eksport qilingan.

Joriy yil sentyabrda Varshavada o‘tgan ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari maslahatlashuvida savdo-iqtisodiy sohada huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish masalasiga e’tibor qaratilgan edi. Savdo va sarmoyalarga ko‘maklashish bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yilda ikki tomonlama yangi hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Ayni paytda Polsha va O‘zbekistonning turli sohalarda aloqalarini 50 ga yaqin hujjatlar tartibga soladi.

Hamkorlikni rivojlantirishda o‘zaro tashriflar muhim o‘rin tutadi. Joriy yil yanvarda O‘zbekiston idoralararo delegatsiyasi Polshada bo‘lib, avtomobil transporti harakatini nazorat qilish tizimi bilan tanishdi.

Noyabr oyida esa Polsha savdo-iqtisodiy missiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Muzokaralar yakunida Umumpolsha xo‘jalik palatasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida 2017 yilda hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, tadbirkorlar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish borasida kelishuvga erishildi.

Polshaning Toshkentdagi elchixonasi Savdo va sarmoyalarga ko‘maklashish bo‘limi yil davomida ishbilarmon doiralar o‘rtasida bevosita muloqotni faollashtirishga harakat qildi. Qolaversa, Bo‘lim Toshkentda o‘tgan “Qurilish – UzBuild”, “Oziq-ovqat sanoati – WorldFood Uzbekistan”, “Sog‘liqni saqlash – TIHE”, “UZBEKISTAN AGROTECH EXPO”, “UZAGROEXPO” kabi ko‘rgazmalarda faol ishtirok etdi. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik ishbilarmonlar ham  Polshada o‘tgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati  (POLAGRA), qurilish va qurilish materiallari (BUDMA) kabi xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashdi.

Savdo va sarmoyalarga ko‘maklashish bo‘limi yil davomida ishbilarmonlar uchun biznes seminarlar ham uyushtirdi. Bu borada Polshaning CodePharm, Polpharm, ChM kabi farmatsevtika kompaniyalari ishtirokidagi seminarlarni eslab o‘tish o‘rinlidir.

Qayd etilishicha, joriy yilda o‘zbekistonlik ishbilarmonlarga yanada qulay sharoit yaratish maqsadida Polsha elchixonasi Savdo va sarmoyalarga ko‘maklashish bo‘limi axborot texnologiyalaridan kengroq foydalanadi.

Sobir Salim