Italiya Bosh vaziri Silvio Berluskoni jahonshumul muvaffaqiyatlarga o‘z kuchi va tinimsiz mehnati bilan erishdi. Unga otasidan millionlab lira meros qolmadi. Yoki ertaklarda bo‘lgani kabi tasodifan paydo bo‘lib qolgan hotamtoy kishi unga afsonaviy xazina kalitini berib ketmadi. Berluskoni hammasini o‘zi uddaladi: oddiy ishchidan to katta mamlakat rahbarigacha bo‘lgan uzoq va mashaqqatli xizmat yo‘lini bosib o‘tdi; vaqti kelganda nonga ham pul topolmagan oilaning vakili milliarder bo‘lishdek og‘ir va o‘sha vaqt-sharoitda aql bovar qilmas deb hisoblangan vazifani «a’lo»ga bajara oldi. Va, aytish kerakki, Italiya hukumati rahbarining hozirgi baland rutba va katta davlatga erishuvida ommaviy axborot vositalari hal qiluvchi o‘rin tutdi.
Silvio Berluskoni — anchayin omadli italyan tadbirkori o‘z ishbilarmonlik faoliyatini 1960-yillarda qurilish kompaniyasi tashkil etishdan boshladi. Ayni shu yillarda Italiyada keng miqyosda qurilish ishlari olib borilayotgani yosh ishbilarmonga qo‘l keldi. Kompaniya hukumat buyurtmasi asosida Milan yaqinida zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan shaharchalar bunyod etdi. Shundan keyin Berluskoni nomi butun mamlakatga yoyildi. O‘shanda dastlabki hukumat buyurtmasi endigina tugatilayotgan, bitay deb qolgan shaharchaga minglab aholi ko‘chib kela boshlagandi. Berluskoni mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, ko‘chib kelayotgan minglab yurtdoshlariga xizmat qiluvchi mahalliy telekompaniyaga asos soldi. Bu keyinchalik butun dunyoga yirik media-imperiya egasi sifatida tanilajak shaxsning ilk qadami edi.
U paytlarda vaziyat ancha mushkul edi. Qurilish kompaniyasi rahbariga qarashli «Telemilano» televideniyesi og‘ir sharoitda, Milan mehmonxonalaridan birining yerto‘lasida amal-taqal faoliyat olib borar, faqat kinofilm va ko‘ngilochar dasturlar translyatsiyasi bilan kun ko‘rardi. «Hamma narsaga vaqt davo», deyishadi. Haqiqatan ham, fursat o‘tishi bilan avval faqat zararga ishlagan telekanal foydaga kirdi — mijozlar to‘lovi va reklama katta daromad keltira boshladi.
1970-yillarda, hali Italiyada umummilliy xususiy telestudiyalar ochishga rasman ruxsat berilmagan bir davrda Berluskoni amalda butun mamlakatga xizmat qiluvchi o‘z telekompaniyasiga ega edi. Huquq ilmini ipidan ignasigacha bilgan tadbirkor media-biznes faoliyatini olib borish va rivojlantirish uchun qonunning ancha-muncha odam adashib qoladigan changalzoridan o‘ziga yo‘l topa olgandi. Bunga uning dushmanlari va raqiblari ham haligacha tan berishadi.
Bugungi kunda 67 yoshli Berluskoni «Canale 5», «Italia 1» va «Rete» kabi uchta umummilliy telekompaniyaga egalik qiladi. «Telepiu» kanalining asosiy aktsiya paketi ham uning nazoratida. Bundan tashqari, bir qancha nashriyot va matbuot nashrlari — gazeta, jurnallar ham Italiya Bosh vaziri amlokiga kiradi. Shuni ham aytish joizki, butun jahonga taniqli «Milan» futbol klubi aynan milanlik milliarder ko‘ngilxushligi yo‘lida xizmat qiladi.
Umuman, Berluskoni rahbarligidagi «Fininvest» xoldingi tarkibida ayni paytda telekompaniyalar, nashriyotlar, gazeta-jurnallar, sport klublari hamda qurilish kompaniyasi mavjud.
…Silvio Berluskoniga allaqachon millionlarga aylangan boylik sohibi bo‘lish kifoya qilmadi. Endi u siyosat olamida ham o‘z o‘rni va maqomini topishga qaror qildi. Ayni shu maqsadda u 1993 yilda «Forza Italia!» — «Olg‘a, Italiya!» partiyasiga asos soldi. «Pul bo‘lsa, changalda sho‘rva», deyishganicha bor. Partiya tashkil topar-topmas keyingi yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovida «Milliy ittifoq» bilan birga ko‘p ovoz to‘plab g‘alabaga erishdi.
Alohida qayd etish o‘rinliki, Silvio Berluskoni rahbarligidagi siyosiy harakat g‘alabasiga uning ixtiyorida bo‘lgan telekanal, gazeta va jurnallar bemisl hissa qo‘shdi.
Shu yilning o‘zida Berluskoni parlament deputatlari tomonidan Vazirlar Kengashi raisi lavozimiga saylandi — milanlik milliarderning eng buyuk orzusi ushaldi. Biroq masrur damlar uzoqqa cho‘zilmadi. Parlamentda ko‘p ovoz yiqqan partiyalar sifatida mamlakatni idora etayotgan ikki guruh — «Olg‘a, Italiya!» va «Milliy ittifoq» o‘rtasida yuzaga kelgan nizo oxir-oqibat hukumatning tarqatib yuborilishi va Berluskoni iste’fosi bilan yakunlandi.
Media-magnat dastlabki siyosiy muvaffaqiyatsizlikdan tushkunlikka tushmadi va qalamravidagi ommaviy axborot vositalarini yana ishga soldi. Natijada keyingi saylovdayoq xalq «Olg‘a, Italiya!»ga yana-qayta ishonch bildirdi — g‘alabaga erishgan partiya yetakchisi Berluskoni Italiya Bosh vaziri vazifasini egalladi. Bu vazifani u hamon bajarib kelmoqda.
Italiyada ro‘y bergan o‘nlab mojaro va shov-shuvli hodisalar munosabati bilan Silvio Berluskoni nomi bot-bot tilga olinadi. Zari va zo‘ri bor Bosh vazir gohida Germaniya davlati va millatini haqorat qilganlikda ayblanib, Yevroparlamentda javob beradi. Gohida Ispaniya qonunlarini buzganlikda gumon qilinib, tergov beradi. Media-magnat butun jahon miqyosida matbuot va OAV erkinligi dushmani sifatida e’tirof etilayotgani ham — bor gap. Berluskonining korruptsiya va mafiyaga aloqadorligi, davlat mablag‘larini o‘zlashtirayotgani va daromadlarini soliqdan yashirayotgani to‘g‘risidagi ayblovlar esa odatiy tusga kirgan. Hatto uzunquloq gaplarga qaraganda, Italiya hukumati rahbari «Olg‘a, Italiya!» partiyasini tashkil qilish uchun mablag‘ni ham aynan uyushgan jinoiy to‘dalar — mafiyadan olganmish… Biroq bu da’volarning aksariyati haligacha o‘z isbotini topmagan. Ayblovlar mish-mishligcha qolmoqda, gumonlarni isbotlab bera oladigan mard esa hali onasidan tug‘ilmadi, shekilli…
Sobirjon YoQUBOV