Hikmat Hojiyev: “Armaniston Ozarboyjon ekologiyasiga zarar yetkazuvchi urush usullarini qo‘llamoqda”

Armaniston Ozarboyjonning okkupatsiya qilingan hududlarida ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi usullarini qo‘llamoqda. Bu haqda Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Hikmat Hojiyev 1news.az agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan. Mazkur intervyu BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan 6 noyabr – Urush va qurolli to‘qnashuvlar vaqtida atrof-muhitga zarar yetkazishning oldini olish xalqaro kuni munosabati bilan o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, Ozarboyjonning 890 ming gektar hududi alohida muhofaza etiladigan ekologik mintaqa sanaladi. Ayni vaqtda mazkur hududning 42997 gektari, jumladan, 152 ta tabiat yodgorligi, 5 ta geologik ob’ekt, 2 ta tabiat qo‘riqxonasi, 4 ta qo‘riqlash zonasi va 7 ta ko‘l Armaniston okkupatsiyasi ostidadir. Bundan tashqari, 247352 gektar, jumladan, noyob daraxtlar o‘suvchi 13197 gektar o‘rmon ham qo‘shni davlat nazoratida.  

“Armanistonning Ozarboyjonga agressiyasi natijasida suveren Ozarboyjonning salkam 20 foiz hududi tortib olindi, o‘n minglab odam halok bo‘ldi, shaharlar vayron etildi, tiriklik manbalari yo‘q qilindi. Pirovardida, bir milliondan oshiq ozarboyjonliklar o‘z uyidan quvib chiqarildi, mol-mulkidan mahrum bo‘ldi. Bu atrof-muhitga ham halokatli ta’sir ko‘rsatdi: o‘rmonlar talon-taroj etildi, yer boyliklari vayron etildi, tuproq va suv resurslari ifloslandi, hayvonlar nobud bo‘ldi”, – deydi Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Hikmat Hojiyev.  

2006 yilda Ozarboyjon va Armaniston qurolli kuchlari to‘qnashgan front chizig‘ida – okkupatsiya qilingan hududda keng miqyosda yong‘in ro‘y berdi. BMT Bosh Assambleyasi 2006 yil 7 sentyabrda qabul qilgan “Ozarboyjonning okkupatsiya qilingan hududlaridagi ahvol” deb nomlangan 60/285-sonli rezolyutsiyasida mavjud vaziyat bo‘yicha xavotir bildirib, yong‘inning halokatli oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rishga chaqirdi.  

Ta’kidlanishicha, okkupatsiya qilingan hududlarda aholi ichimlik suvi muammosiga ham duch kelmoqda.

“Evropa Kengashi Parlament Assambleyasi 2016 yil 28 yanvarda qabul qilgan 2085-raqamli rezolyutsiyasida Armaniston xatti-harakatlarini Ozarboyjon fuqarolari uchun gumanitar va ekologik muammolar yuzaga keltirishga qaratilgan ekologik agressiya deb atadi… Mavjud gumanitar muammoni inobatga olib, Assambleya Armanistondan Ozarboyjonning okkupatsiya qilingan hududlarini zudlik bilan tark etish va suv resurslaridan siyosiy ta’sir va o‘z manfaati yo‘lida bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishni bas qilishni talab etdi”, – deydi H.Hojiyev.

Qayd etilishicha, egallangan hududlarda tabiiy resurslardan to‘ralarcha foydalanish, suv va tuproqni ifloslantirish hollari ham uchramoqda.

H.Hojiyevga ko‘ra, shu kabi muammolar Ozarboyjonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi joriy yil 6 noyabr arafasida BMTga a’zo mamlakatlarga yo‘llagan maktubda ham aks etgan.

Rasmiy Boku vakili Armaniston tomoni Ozarboyjonga yetkazilgan zarar, jumladan, ekologik talafot uchun ham xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq javob berishi lozim deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh Assambleyasi 2001 yil 5 noyabrdagi 56/4-sonli rezolyutsiyasi bilan 6 noyabr sanasini Urush va qurolli to‘qnashuvlar vaqtida atrof-muhitga zarar yetkazishning oldini olish xalqaro kuni deb e’lon qildi.  Ozarboyjon ham mazkur rezolyutsiya mualliflaridan biri sanaladi.

Sobir Salim