Elchi Tilo Klinner. Foto: Germaniya elchixonasi
Toshkentda 3 oktyabr – Germaniya birlashgan kunining 32 yilligi munosabati bilan tantanali marosim tashkil qilindi. Unda xorijiy mamlakatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, O‘zbekiston hukumati va parlamenti vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari, ishbilarmonlar ishtirok etdi. Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, doktor Tilo Klinner mehmonlarni qutlar ekan, avvalo, erkinlik va tinchlik qadriyati xususida gapirdi.
“Sharqiy va G‘arbiy Germaniya 1990 yil 3 oktyabrda tinchlik va erkinlikda qayta birlashdi. Uzoq muddatli bo‘linishdan so‘ng bir-biriga tegishli bo‘lgan bo‘laklar yaxlitligi tiklandi. Bu olmon xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash harakati edi”, – dedi elchi.
Ta’kidlanishicha, erkinlik va o‘z taqdirini o‘zi belgilash xalqaro tinchlik tartibining tayanch ustunlaridan hisoblanadi. Shu sabab xalqaro hamjamiyat davlatlar suverenitetini hurmat qilishi, umuman, xalqaro tartib huquqlarga asoslangan bo‘lishi lozim. Zotan, xalqaro huquq katta va kichik, kuchli va kuchsiz davlatlarni birdek himoya qiladi.
Diplomat so‘nggi vaqtlarda xalqaro huquq me’yorlarini ochiq buzgan holda urush va zo‘ravonlik harakatlari sodir bo‘layotganini taassuf bilan qayd etdi.
“Siyosat vositasi sifatida urush va zo‘ravonlik hatto Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin keng qamrovli tinchlik davrini boshdan kechirish baxtiga muyassar bo‘lgan Yevropaga qaytdi. Biz birinchi navbatda butun dunyo bo‘ylab hamkorlar va do‘stlar bilan yaqin va ishonchli hamkorlik orqali bunga qarshi turishimiz lozim!” – deb ta’kidladi u.
Tilo Klinner o‘z chiqishida Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning 30 yilllik tarixi va istiqbolini ham baholadi.
“Bu davrda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar uzluksiz rivojlandi. Bugun ular hech shubhasiz eng yuqori nuqtaga chiqdi. 2016 yildan buyon ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy sohalardagi jadal rivojlanish O‘zbekistonni qamrab oldi. O‘zbekiston prezident Mirziyoyev rahbarligida keng qamrovli islohotlar yo‘lidan bordi. Biz, Germaniya, olmon kompaniyalari, olimlari, san’atkorlari va qolaversa biz, Germaniya elchixonasi jamoasi, ushbu yo‘lda O‘zbekistonga hamrohlik qilmoqchimiz. Bu esa an’ana va tarixga boy, kelajakka, zamonaviy iqtisodiyot va jamiyatga intilayotgan ajoyib mamlakatingiz muvaffaqiyatiga qo‘shayotgan hissamizdir”, – dedi notiq.
Marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev qatnashdi. Foto: Germaniya elchixonasi
Albatta, ikki mamlakat hamkorligi keng ko‘lamliligi bilan ajralib turadi. Diplomat nutqi davomida uning ayrim qirralariga e’tibor qaratdi.
“Men O‘zbekistonda qonun ustuvorligini yanada rivojlantirishga katta ta’sir ko‘rsatadigan hamda barcha fuqarolarning hayot tarziga ta’sir qiladigan loyihadan boshlamoqchiman. Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan hamkorlikda O‘zbekistonning ma’muriy huquqi va ma’muriy protsessual huquqi to‘liq yangilandi. Ma’muriy huquq bu umumqabul qilingan konstitutsiyaviy huquq va inson huquqlari bo‘lib, har bir shaxsning ma’muriyatga nisbatan huquqlarini ta’minlaydi”, – dedi huquqshunoslik fanlari doktori T.Klinner.
Qayd etilishicha, “Yashil Markaziy Osiyo” nomi ostidagi atrof-muhitni saqlash sohasidagi loyihalar ham umumiy manfaatlarga qaratilgan. Bunda GIZ va KfW banki faol ishtirok etmoqda. Germaniya “Yashil Markaziy Osiyo” loyihalari orqali mintaqada kamyob bo‘lgan tabiiy resurslardan, suv va yerdan oqilona foydalanishga ko‘mak bermoqda. Bu yo‘nalishda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan barqaror energiya ishlab chiqarish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Diplomatga ko‘ra, ta’lim yo‘nalishidagi robitalar, xususan, universitetlar o‘rtasida ilmiy almashuv ham faollashib bormoqda. Myunxen texnika universiteti va Yangi O‘zbekiston universiteti o‘rtasidagi hamkorlik bu borada flagman loyiha hisoblanadi. Germaniya va O‘zbekistonning yetakchi kompaniyalari, jumladan, Olmaliq va Navoiydagi yirik tog‘-kon kombinatlari hamda Yevropaning eng yirik mis ishlab chiqaruvchi “Aurubis” kompaniyasining tog‘-kon sanoatiga ixtisoslashgan universitetlar bilan integratsiyalashgan texnologik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvini ham alohida keltirish mumkin. Hamkorlik ko‘p sonli olmon tog‘-kon uskunalari ishlab chiqaruvchilar va ixtisoslashgan kompaniyalar hamda logistika kompaniyalari uchun ochiq bo‘lishi ko‘zda tutilgan. GIZ va KfW moliyalashtirayotgan kasbiy ta’lim loyihalari ham istiqbolli sanaladi.
Madaniyat va turizm hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridir. Germaniya elchixonasi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston bo‘ylab uchta kontsert gastroli, jumladan, “Time Rag Department” guruhi dasturini tashkillashtirdi.
“Time Rag Department” guruhidan musiqiy tuhfa. Foto: Germaniya elchixonasi
Yaqinda bo‘lib o‘tgan XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida ham “Olmon kinosi kunlari” va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
“Biz birgalikda rivojlantirmoqchi bo‘lgan soha bu – turizmdir, chunki O‘zbekiston mazkur yo‘nalishda ajoyib imkoniyatlarga ega. Kelgusi yil Samarqand dunyo sayyohlik poytaxti sifatida Jahon sayyohlik tashkilotining bosh assambleyasiga mezbonlik qiladi. Kelgusi yil Samarqandning tarixiy obidasi fonida biz katta kontsert uyushtirishni rejalashtirganmiz, u ham sayyohlar uchun markaziy tadbir bo‘lishi kutilmoqda”, – dedi olmon diplomati.
Elchi T.Klinner Germaniya, uning kompaniyalari, san’at va madaniyat namoyandalari, olimlari, shuningdek, elchixona O‘zbekistonning ishonchli hamkori va do‘sti bo‘lish istagida ekanini ta’kidladi.
“Biz mamlakatingizdagi taraqqiyot va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishni istaymiz”, – deya xulosa qildi Germaniya elchisi.