Frantsiya konsortsiumi Bo‘stonliq turistik hududini rivojlantirishda ko‘maklashadi

Frantsiya konsortsiumi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida turistik hududni rivojlantirishda ko‘maklashadi. Joriy yil 21 noyabr kuni Frantsiyaning turizm sohasidagi Orex Loisirs, la Compagnie des Alpes, Geode, Egis, Epode, Patriarche kabi kompaniyalaridan iborat konsortsium Toshkent viloyati hokimligi bilan bitim imzoladi. Hujjat imzolash marosimida Frantsiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim hamda Toshkent viloyat hokimi G‘ulomjon Ibrohimov qatnashdi.

“Mazkur bitim Frantsiya hukumati tomonidan Chorvoq erkin sayyohlik zonasini loyihalashtirish bo‘yicha mablag‘ ajratilganidan so‘ng imzolandi. Konsortsium ishchi guruhi hududni dastlabki o‘rganish ishlarini boshladi”, deb xabar beradi Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Konsortsium ishchi guruhi Chorvoq ko‘li atrofida yozgi va qishki sport turlari, akvaparklar, ekoturizm, alpinizmni rivojlantirish maqsadida dam olish joylari joylashadigan hududlarni aniqlaydi. Ko‘l ifloslanishi va manzara buzilishining oldini olish uchun konsortsium shaharsozlikning mavjud bir necha modelini (qurilish qoidalari, kanalizatsiya quvurlarining bog‘lanish sharoiti, yer ostidan foydalanish) taklif qiladi. Qolaversa, atrof-muhit holatiga ta’sir qilmagan holda samaradorlikni ta’minlovchi sayyohlar oqimi uchun zarur infratuzilmaning (kanalizatsiya, avtomobil va temir yo‘llar, energiya va boshqalar) darajasi va xarajatini hisoblab chiqadi.

Qayd etilishicha, Frantsiya taraqqiyot agentligi ham Chorvoq to‘g‘onining integratsiyalashgan boshqaruvi bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etgan. Mazkur takliflar turizm, qishloq xo‘jaligi va elektr energiyasi ishlab chiqarishda suvdan samarali foydalanish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 5 dekabrdagi farmoniga muvofiq, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Chorvoq erkin turistik zonasi tashkil etilmoqda. Farmonda erkin turistik zonada zamonaviy turizm infratuzilmasi ob’ektlari hamda dam olish maskanlarini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlarni jalb qilish belgilangan.

Shu mavzudagi maqola:

Frantsiya taraqqiyot agentligi va Yevropa Ittifoqi Samarqandda yangi loyiha boshladi. 20.01.2017