Evropa Ittifoqi Markaziy Osiyodan nima istaydi?

Joriy yil 6-7 iyul kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida YeI hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Mazkur muhim uchrashuv arafasida Yevrokomissiya vitse-prezidenti, Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakil  Federika Mogerini hamda xalqaro hamkorlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha komissar Neven Mimitsa muallifligida maqola e’lon qilindi. Unda YeI va Markaziy Osiyo munosabatlari, xususan, Bryussel tomonidan qabul qilingan yangi strategiyaga oid mulohazalar bayon etilgan. Quyida ushbu maqola tarjimasini e’tiboringizga havola etamiz.

 

“Tinchlik va taraqqiyot uchun mintaqaviy va hududlaaro yaqin hamkorlikning ahamiyati tobora oshib borayotgan, o‘zaro chambarchas bog‘lanib ketgan dunyomizda bugun Yevropa va Markaziy Osiyo bir-biriga hamma davrdan ham yaqinlashdi, o‘zaro yaqin robitalarning ustuvor jihatlari oydinlashdi.

Biz Markaziy Osiyodagi muhim o‘zgarishlarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Mintaqa mamlakatlari tobora dunyoga ochilib bormoqda, islohotlar olib bormoqda va o‘zaro mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Ular mustahkamlanib borayotgan mustaqillik va o‘zaro robitalar tufayli yanada kuchli qudrat kasb etmoqda. Muxtasar aytganda, garchi bir qator muammolar saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyoning siyosiy zalvori Sharqu G‘arbning muhim hamkori sifatida jug‘rofiy holatini aks ettirmoqda.

Ushbu yangi, ijobiy siyosiy evrilishlar manzarasida Yevropa Ittifoqi va YeIning barcha a’zo mamlakatlari Markaziy Osiyo bilan munosabatlariga doir yangi yondashuvni ishlab chiqdi. Bizning yangi strategiya mintaqaning barqarorligi va gullab-yashnashini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, fuqarolarimiz farovonligi yo‘lida YeI – Markaziy Osiyo zamonaviy hamkorligini shakllantirishda esa keng ko‘lamli va davomli robitalarimizga tayanamiz.

Evropa Ittifoqi, ta’bir joiz bo‘lsa, mintaqaning tabiiy hamkori sanaladi. Tariximiz bizni qo‘shnilarimiz bilan hamkorlik va integratsiya manfaatli ekaniga ishontirdi va biz siyosiy o‘yinlarga berilmay, bu borada tajribamiz bilan o‘rtoqlashishga shaymiz.

Biz Markaziy Osiyo mamlakatlarining ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jabhalarda yanada barqaror bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu esa mustaqil OAVni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati uchun sharoit yaratish, qonun ustuvorligi hamda davlat boshqaruvini mustahkamlash, korruptsiyaga qarshi kurash, shuningdek, yoshlar va xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirishni anglatadi.

Biz ham mintaqaning gullab-yashnashiga o‘z hissamizni qo‘shishni istaymiz. YeI dunyo bo‘yicha xususiy sarmoyaning yirik manbasi sifatida Markaziy Osiyoda robitalarni kuchaytirish bo‘yicha barqaror loyihalar uchun sifatli sarmoyalarni jalb etish salohiyatiga ega, buning uchun sog‘lom ishbilarmonlik muhiti talab etiladi.  EI ana shu maqsadda islohotlarni hamda mintaqa iqtisodiyotini modernizatsiyalash, jumladan, kuchli xususiy sektorni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. YeI, shuningdek, barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishining asosiy tarafdorlaridan biri bo‘lib qoladi.

Ushbu muhim jihatlardan tashqari, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mintaqalarni birlashtirish uchun yanada yaqin hamkorlik qilish, shuningdek, sa’y-harakatlarning barqaror, ochiq va risoladagidek asoslangan tarzda amalga oshirilishini ta’minlagan holda, Markaziy Osiyoning o‘zida hamkorlik robitalarini mustahkamlashga intiladi.

Ayni choqda, Yevropa Ittifoqi ekologiya, jumladan, suv resurslarini idora etish, shuningdek, terrorizm va giyohvandlik moddalarining noqonuniy tarqatilishiga qarshi kurash yo‘lida chegaralarni boshqarish kabi bir mamlakat yolg‘iz bas kela olmaydigan muammolarga qarshi kurashmoq uchun Markaziy Osiyo bilan bir yoqadan bosh chiqarib harakat qiladi.

Afg‘onistonda tinchlik xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, Markaziy Osiyodagi hamkorlarning faol qo‘llab-quvvatlovi talab etiladigan masalalardan biri sanaladi. Afg‘onistonni salmoqli mintaqaviy anjuman va dasturlarga munosib darajada jalb etish, shuningdek, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo hamkorlari ishtirokidagi ko‘p sonli mintaqaviy va uch tomonlama loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ham hamkorlik faoliyatimizining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Kelayotgan dam olish kunlari Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari Bishkekda tashqi ishlar vazirligi darajasidagi yillik mintaqaviy uchrashuvni o‘tkazadi. Hamkorligimiz ham mintaqa, ham Yevropa Ittifoqi fuqarolariga real, sezilarli foyda keltirishiga Yevropa Ittifoqining ishonchi komil. Bu o‘rinda yanada mustahkam va ko‘p yo‘nalishli iqtisodiyot, talabalar uchun Yevropada ko‘proq tajriba orttirish dasturlari, ishga joylashuvning kengroq imkoniyatlari, shuningdek, barcha uchun tinch va xavfsiz mintaqa nazarda tutilmoqda.

Zamonaviy dunyoda bizga ikki mintaqa o‘rtasida mustahkam hamkorlik aloqalari suv bilan havodek zarur. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida birgalikda harakat qilamiz”.

Shu mavzudagi maqola:

Federika Mogerini: “Evropa Ittifoqi erkin matbuotni taraqqiyotning muhim omili deb biladi”. 03.05.2016