Evroosiyo tillari “bobokaloni” topildi

Olimlar Yevroosiyo tillarining eng qadimgi ajdodi bo‘lmish “bobokalon“ tilni aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Kamida 15 ming yil burun Yevropa janubida, eng so‘nggi muzlik davri oxirida istiqomat qilgan aholi mana shu tilda gaplashgan. Bugun Yevropa va Osiyoda istiqomat qiluvchi milliardlab aholi so‘zlashadigan tillar aslida mana shunday bobokalon til asosida shakllangan. Angliyadagi Reding universiteti olimlari juda ko‘plab tillarni qiyosiy tahlil etish asosida shu fikrga keldilar. Ular ingliz va urdu, yapon va itelmen kabi turli tillarning lug‘atlaridan joy olgan so‘zlarda juda ko‘p o‘xshash va umumiy jihatlarni aniqladilar.

Bundan 15 ming yil avval amalda bo‘lgan bobokalon tildan yetti xil boshqa tillar kelib chiqqan va ular qadimiy Yevroosiyo tillarining eng katta oilasini tashkil etgan. O‘z navbatida bu tillar ham bo‘linib, Yevroosiyoning Portugaliyadan Kamchatkaga qadar bo‘lgan ulkan hududlarida yashovchi xalqlarning o‘ziga xos milliy tillariga aylangan.

— Yevroosiyoning barcha aholisi taxminan 15 ming yil burun, muzliklar shimol tomon surilganidan so‘ng Yevropa janubida yashagan odamlarning tillariga o‘z tillarini solishtirib, ­bobokalon tillari qanday tarzda bo‘lganiga ishonch hosil ­qilishi mumkin, — deydi tadqiqot mualliflaridan biri, Riding ­universiteti professori M.Pagel.

Har qanday tilda aksariyat so‘zlarning 2-4 ming yil davomida boshqa tillardagi ma’nodosh so‘zlar bilan o‘rin almashish hodisasi ro‘y beradi. Bu o‘rinda ehtimollik 50 foizni tashkil etadi. Biroq olmosh, son va ravish o‘rnida keladigan shunday so‘zlar ham borki, ular muntazam iste’molda bo‘lgani bois o‘n minglab ­yillar mobaynida ham yashayveradi.