Turkiya transport va infratuzilma vazirligining mega loyihalaridan biri sanalgan, Dardanel bo‘g‘ozining ikki qirg‘og‘ini bog‘lovchi 1915 Chanoqqal’a osma ko‘prigi qurilishi nihoyasiga yetay deb qoldi, deb xabar beradi “Onado‘li” axborot agentligi.
“Chanoqqal’a bo‘g‘ozining marjoni” deb ta’riflangan loyiha doirasida Osiyo va Yevropa qismidagi qurilish maydonlarida 559 nafar muhandis, 4 ming 62 xodim, 550 qurilish mashinasi hamda yuzlab mutasaddilar ishlamoqda.
Loyihaga ko‘ra, osma ko‘prik, ikkita yondosh viaduk, ikkita temir-beton yo‘lak, 6 ta yerosti o‘tkazkich, 6 ta gidroko‘prik, 43 ta yerusti o‘tish yo‘lagi, 40 ta yerosti o‘tish yo‘lagi, 236 ta turli o‘lchamdagi suv o‘tkazgich, 12 ta chorraha, 4 ta avtomobil yo‘llariga xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, 2 ta texnik xizmat ko‘rsatish markazi va 5 ta yo‘l haqi yig‘ish stantsiyasi qurildi.
Osma ko‘prik va avtomagistral yo‘nalishida qurilish davom etmoqda. 1915 Chanoqqal’a osma ko‘prigi minoralari joylashgan joyda dengiz tubini chuqurlashtirish ishlari yakunlandi. Minora poydevori joylashgan hududda dengiz tubida tuproqni yaxshilash uchun diametri 2,5 metr bo‘lgan 368 ta po‘lat qoziq (165 tasi Osiyo, 203 tasi Yevropa tomonda) o‘rnatildi.
“Ramzlar ko‘prigi” deb atalgan va zamonaviy muhandislik yutuqlari bilan ajralib turuvchi 2023 metrli ushbu inshoot dunyoning eng uzun ko‘prigi sanaladi. Qolaversa, u dunyodagi ilk ikki qavatli ko‘prik o‘laroq tarixga kirmoqda.
Turkiya transport va infratuzilma vaziri Adil Karaismailog‘luning so‘zlariga ko‘ra, Chanoqqal’a marjonini olishga sanoqli kunlar qoldi.
Eslatib o‘tamiz, 1915 Chanoqqal’a osma ko‘prigi loyihasi Turkiya Respublikasi tashkil topganining 100 yilligi munosabati bilan ishlab chiqilgan.