Ko‘r-ko‘rona e’tiqod yo‘lida bir guruh olimlar o‘zlarini qurbon qilishga ham tayyor edilar. Yaxshiyamki, ularning maqsadi amalga oshmadi. Ammo eng xavfli tomoni shundaki, e’tiborsizlik va loqaydlik oqibatida bunday fojia takrorlanishi mumkin.
Ibtido
1984 yilda Seko Asaxara ismli shaxsning kichkinagina xonadonida bir necha nafar yoshlar yog mashg‘ulotlarini o‘tkazishar va ularning eng katta orzusi butun dunyoni egallash edi. Hn yildan so‘ng Asaxara rahbarlik qiladigan Aum Sinrikyo sektasi 6 ta mamlakatning 40000 nafar kishisini birlashtirdi. Aumning ta’siri katta shaharlardan tortib tog‘ qishloqlarigacha, Manxettendan Bonngacha, Avstraliyadan Rossiyagacha yetib bordi.
Tatami (kurash gilami) tikuvchi kambag‘alning o‘g‘li Asaxara ko‘zi ojizlar pantsionatida o‘sdi. Maktabni bitirgach, u folbinlik bilan shug‘ullandi. 1986 yilda u komillikka erishish maqsadida himolayga yo‘l oldi.
U yerdan qaytib kelganidan so‘ng, Seko o‘zini guru (ustoz) va Aum dinining asoschisi deb e’lon qildi.
Millatning eng saralari
Ular Sekoning yoniga o‘qish va ish joylarini tashlab kelishardi. Bu yoshlar aqlan yetuk edilar. Asaxara ularning eng zaif tomonini topib olgandi. Bu yoshlarning ongida faqat kompyuter va ilmdan boshqa narsa yo‘q edi. Bu yoshlar xayolot olamida – filmlar, multfilmlar, kompyuter o‘yinlari, kiborg odamlar haqidagi kitoblar ta’sirida voyaga yetishgandi. Ularning aqli butun, har qanday ilmiy topshiriqlarni ko‘z ochib-yumguncha bajarishar, lekin ularning ma’naviy-mafkuraviy dunyosi bo‘m-bo‘sh edi. Bu yoshlarning ma’naviyati, mafkurasi, e’tiqodi bilan ularning ota-onalari emas, Asaxara shug‘ullandi.
Aumning iqtidorli a’zolari bu oqimning afzalliklari to‘g‘risida maqolalar yozishdi. Kundan-kunga Yaponiyaning yosh avlodi Asaxaraning da’vatiga ergasha boshladi. 1989 yilga kelib guru o‘z atrofiga mamlakatning eng sara yoshlari: kimyogarlar, biologlar, shifokorlar, kompyuter dasturchilarini to‘plagan edi.
Ular orasida gen muhandisligi bo‘yicha tajribalar o‘tkazgan Kioto universiteti olimi Seyigi Yendo, organik kimyo mutaxassisi, 24 yoshli Masami Sutsia, bir necha hafta Yaponiya milliy kosmik agentligida ishlagan Fumixido Joyilar bor edi. Yetuk astrofizik Xideo Murai esa Aumning asosiy olimi va mafkurachisiga aylandi.
Trantor sayyorasi
«Imperiya yo‘qolib ketadi. Barcha bilimlar va yolg‘on tartib ham yo‘qoladi». Seko Asaxara shunday derdi. Ammo bu so‘zlar fantast-yozuvchi Ayzek Azimovning asari qahramoni Xari Seldonga tegishli. Seldon maxfiy jamiyat tuzib insoniyatni saqlab qolmoqchi bo‘ladi. Romanda yozilishicha, koinot markazida 25 millionta dunyodan iborat imperiyani boshqaruvchi Trantor sayyorasi joylashgan. Sayyora ko‘p qavatli imoratlardan iborat. U yerda tabiatdan hech narsa qolmagan. hamma yoq temir va betondan qurilgan. Tabiatdan qolgan yagona narsa shahar markazidagi imperator saroyi.
Trantor va Tokioni solishtirgan Seko ularning o‘xshashligini ko‘rdi. Tokio markazida ham imperator saroyi joylashgandi. Bu o‘xshashliklar Aumning bosh mafkurachisi Xideo Muraiga ham ta’sir qildi. Xari Seldonning maqsadi kelajakni o‘z izmiga solish edi. Seldon o‘lgach, uning bashoratiga ko‘ra, imperiyada tartibsizliklar yuz beradi. Tirik qolish uchun uning maxfiy jamiyati diniy oqimga aylanadi. Shu tarzda bu yerda olim-rohiblar hokimiyati paydo bo‘ladi…
Zulmat mamlakati
Aumning ta’siri Yaponiyaning barcha burchaklari va ijtimoiy qatlamlariga singib ketgandi. Oqim a’zolari ora sida maorif, pochta va telekommunikatsiya, adliya, qurilish, transport vazirliklari xodimlari, sudyalar bor edi. Oqimga jurnalistlar va muharrirlar, Toshiba, Xitachi, IBM korporatsiyalarining ekspertlari, Yaponiya mudofaa kuchlarining qirqqa yaqin ofitserlari ham kirishgandi.
1994 yilga kelganda Aum harbiya salohiyatiga, ommaviy qirg‘in quroli, katta mablag‘ va minglab a’zolariga ega edi. Ammo eng asosiy narsa – o‘z mamlakati mavjud emas edi. Asaxara o‘zining zulmat mamlakatini yaratishga kirishdi.
Tez orada yangi mamlakat va uning fuqarolari huquq-burchlarini bayon etuvchi konstitutsiya yozildi. Bu imperiya tepasida Muqaddas imperator va Rohib deb tan olingan Seko Asaxara o‘tirardi.
Tokio metrosidagi fojia
Ular besh kishi edilar: bitta shifokor va fan-texnologiya vazirining to‘rt nafar o‘rinbosari. Ular Tokioning qoq yuragida e’lon qilinmagan urushni boshlash uchun tanlab olingandilar.
Ularning birinchisi Aumning ko‘plab a’zolarini narigi dunyoga jo‘natgan, sovuqqon, yuqori malakali shifokor Ikuo Xayashi edi.
Ikkinchi ishtirokchi Yasuo Xayashi bu harakatga katta tayyorgarlik ko‘rdi. U Tokioda o‘sgan 37 yoshli injener-elektrik edi. Uning g‘ayritabiiy, ilohiy quvvatga intilishi uni dastlab hindistonga, so‘ngra narkotiklarga va nihoyat Aumga yetaklab kelgandi. Navbatdagi ishtirokchilar 30 yoshli fizik Konichi Xirosi, 31 yoshli fizik Masato Yokoyamalar edi. Beshinchi terrorchi esa 27 yoshli Toru Toyoda bo‘lib, u Tokio universitetida elementar zarralarni o‘rganardi.
1995 yilning 20 marti tongida bu besh nafar terrorchi Tokio metrosidagi odamlar oqimiga singib ketishdi. Ular beshta yo‘nalish bo‘yicha ketayotgan beshta poezdga chiqishdi. Ular qatnov jadvalini juda yaxshi bilishar va bu poezdlar soat 8 dan 15 daqiqa o‘tganda 125 million kishilik Yaponiya poytaxti Tokioning markazi bo‘lmish Kasumitasekii stantsiyasida uchrashishini hisobga olishgandi. Mana shu yerda butun mamlakatni falaj qiluvchi va Aumning maqsadini ro‘yobga chiqaruvchi gaz hujumi boshlanishi kerak edi. Politsiya bu oqimning tajribaxonasini tintuv qilishi haqida ogohlantirgan, shuning uchun birinchi bo‘lib hujum qilishdan o‘zga chora yo‘q edi.
Soat 7.45 da markazga bir necha stantsiya qolganda terrorchilar sumkalarini vagon ichida qoldirib, o‘zlari chiqib ketdilar. Ular metro tashqarisida kutib turgan mashinalarga o‘tirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar.
Gaz to‘ldirilgan o‘n bitta konteyner beshta poezdda markaz tomon kelardi. Bir necha daqiqa ichida vagonlar ko‘rinmas, bo‘g‘uvchi gaz bilan to‘ldi va yo‘lovchilar hushlarini yo‘qota boshladilar. Vagonlar ichida dahshatli vahima paydo bo‘lgunga qadar yana ikkita stantsiya ortda qoldi. Yo‘lovchilar o‘zlarini u yoqdan-bu yoqqa urishar, qayt qilishar, og‘izlaridan ko‘pik oqardi.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujum natijasida 12 kishi halok bo‘ldi, 5500 nafar kishi esa jiddiy zaharlandi. Bir ayolni kasalxonaga og‘ir ahvolda keltirishdi: gaz uning ko‘zidagi kontakt linzalarni eritib yuborgandi. Oqibatda shifokorlar ayolning har ikkala ko‘zini olib tashlashdi…
***
Sayentologiya sektasining asoschisi Lafayett Ronald Xabbard shunday degan edi: «Boyib ketishni istasang yangi din o‘ylab top».
Nijegorod universiteti dotsenti, psixolog Ye.Volkov sektalar haqida: Sektaning asosiy belgilari – yopiq to‘garak, maxsus jargon, tanlaganlik hissi, haqiqatni o‘zicha qabul qilishdir, deb yozadi. Mantiq ham aynan mana shunda. Bunday biznesni quyidagicha ifodalash mumkin: aslida yo‘q, isbotlanmagan narsani sotish. Masalan, shokolad ko‘rinishidagi plastilinni «bu shokolad» deb sotib bo‘lmaydi, ammo jannatni yoki hayotdagi muvaffaqiyatni pul evaziga va’da qilish mumkin. Ayrimlar uchun bu juda yaxshi biznesdir. Inson hayotini yaxshilash yo‘lida beriladigan va’dalar tasdig‘ini topmagan bo‘lsada, bunga odamlarni ishontirish, ularni o‘z yo‘liga solish va hayoti yaxshilanayotganligiga ishontirish mumkin, deydi dotsent.
AQShda sodir bo‘lgan terrorchilik voqealaridan so‘ng «Transtsendental meditatsiya» tijorat maktabining asoschisi Maxarishi Maxe Yogi matbuot anjumanida harbiy to‘qnashuvlar yuz berayotgan hududlarga 40 ming nafar «uchar yoglar»ni jo‘natish uchun 1 milliard dollar pul yig‘ishini e’lon qildi. Yoglar «uchish» jarayonida bu hududlarda allaqanday maydon hosil qilib, barcha muammolarning ijobiy hal etilishiga yordam berisharkan. Aslida, inson ucha olmaydi. Ammo «uchar yoglar» o‘zlarining ucha olishlariga ishonishadi.
Shunday qilib, eng asosiy vositalardan biri ishontirish va ishonch (e’tiqod)dir. Ana shu tarzda firibgarlar o‘z «din biznesi»ni rivojlantirishadi.
Albatta, har bir dinning asosida e’tiqod yotadi, lekin din yoki e’tiqod sotilmaydi. hech qaysi dinda odamlarni aldov yoki qo‘rqitish yo‘li bilan dinga da’vat qilinmaydi. Lekin yangidan yangi diniy sektalar haqida bunday deyish noto‘g‘ri. Masalan, birlashuv cherkovi (muniti) vakillari o‘zlarini qandaydir talabalar tashkiloti a’zolari deb tanishtirishadi (ya’ni, dastlab o‘z maqsadlarini yashirishadi).
Dinlar va diniy oqimlar o‘rtasida katta farq borligini yodda tutish lozim. Ayrim shaxslar o‘z manfaatlari yo‘lida dinni niqob qilib olib (inson hayotidagi eng ta’sirli vositalardan biri, aynan dindir), ishonuvchan odamlardan ustamonlik bilan foydalanishlarini hammamiz ham ko‘rib turibmiz.
E.Volkovning fikricha, dindan biznes yoki o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish 4 xil ko‘rinishda bo‘ladi. Birinchisi – ruhiy xizmatlarni taklif etish. Ikkinchisi – biznesda qudratga erishish uchun dindan foydalanish. Uchinchisi – e’tiqod qo‘ygan kishilardan pul yig‘ish. To‘rtinchisi – jinoyat olami vakillarining pul topish va hokimiyatga erishish uchun diniy sekta tashkil etishi.
Sayentologiya cherkovining e’tiroficha, uning a’zolari dunyo bo‘yicha 8 million kishini tashkil etadi (mustaqil ekspertlarning ma’lumotiga ko‘ra, 800 ming nafar). Bu diniy tuzilma dunyodagi eng boy diniy sektalardan biridir (uning mablag‘i 2 milliard dollar, yillik daromadi 500 million dollar). Xabbard sayentologiyani sof tijorat korxonasi sifatida ko‘rishini hech qachon yashirmaydi, buni uning quyidagi so‘zlari ham isbotlaydi: «Pul toping, pul toping, ko‘p pul toping, undan ham ko‘p pul toping, boshqalarni ishlashga majbur qiling, ular siz uchun pul topishsin». Sayentologlarni josuslik va jismoniy zo‘ravonlikda ayblashadi. Ular bu ayblovlarni rad etish maqsadida advokatlar uchun yiliga 60 million dollar sarflashadi.
Germaniya maxfiy politsiyasi 1994 yildan buyon sayentologiya cherkovini o‘z nazorati ostiga olgan (bu qaror ichki ishlar vazirligining yig‘ilishida ushbu tashkilotning faoliyati asosida iqtisodiy jinoyatchilik yotganligi bildirilganidan so‘ng qabul qilingan). 1996 yilda Lion sudida ushbu shahar sayentologiya cherkovi rahbari va uning yordamchilari odamlarni o‘z-o‘ziga suiqasd qilishga majbulash, tovlamachilik va moliyaviy firibgarlikda ayblanib hibsga olinishgan.
Hta jadal sur’atlarda o‘z faoliyatini rivojlantirayotgan sektalardan biri «Iegova shohidlari» diniy harakatidir. Bu tashkilotning «Uyg‘onish» va «g‘o‘riqchilik minorasi» nashrlari har oyda 20 million nusxadan nashr etiladi va butun dunyo bo‘yicha sekta a’zolari yordamida bepul trqatilaldi. Ammo uning a’zolari bu nashrlarni hududiy shaxobchalardan sotib olishadi.
«Shohidlar» dunyodagi eng boy sektalardan biridir. Bruklinda bu sektaga qarashli o‘nlab binolar mavjud. Yevropada bu sektani bejiz diniy emas, tijorat tashkiloti deb atamaydilar. Masalan, 1999 yilda Frantsiyada ular bir necha yillik faoliyati uchun 50 million dollar soliqqa tortilishgan.
Kurash kuchaymoqda
Din niqobidagi turli tashkilot va uyushmalarga qarshi kurash keyingi o‘n yil davomida Yevropada ancha kuchaydi. Frantsiya, Germaniya, Belgiya va Ispaniya o‘z qonunchiliklarini yanada kuchaytirishdi. Sektalarning xavfliligi to‘g‘risidagi parlament xulosalaridan kelib chiqib, butun Yevropada ularning tarqalib ketishining oldini oluvchi rasmiy tashkilotlar tuzildi. 1996 yilda Frantsiyada ruhiy tazyiqqa uchragan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish haqida qonun chiqarildi. Lionel Jospen hukumati sektalarga qarshi kurashuvchi missiyani tashkil etdi. 2001 yil martida esa frantsuz milliy yig‘ini vakillari bir ovozdan yangi qonunni qabul qildilar. Unga ko‘ra, tovlamachilik, ishonchni suiste’mol qilish, noqonuniy tibbiyot hamda o‘zini reklama qilish bilan shug‘ullanishda ayblangan har qanday sekta zudlik bilan to‘xtatiladi. Bu sektalarga maktab, kasalxona, qariyalar uylari oldida missiyalar tashkil qilish, a’zolikka da’vat qilish, shuningdek, faoliyati to‘xtatilganda uni boshqa nom bilan tashkil etish ta’qiqalanadi. Ushbu qonunda jamiyatga xavf tug‘diruvchi 170 dan ortiq harakatlar tilga olingan.
Bu diniy (aslida diniy bo‘lmagan) harakatlarning ba’zida yashirin, ba’zida oshkora tarzda uyushtirayotgan hujumlar muqaddas dinning ham nomi qora bo‘lishiga sabab bo‘ladi. U yoki bu dinni niqob qilib olib o‘z jinoiy harakatlarini amalga oshirayotganlar o‘zlarini emas, balki dinning nomini yomonotliq qilishmoqda. Bu harakatlari orqali ular xalqlar o‘rtasida diniy adovatni yuzaga keltirish va bu nizolarda ustamonlik bilan foydalanishga urinadilar. Rossiyada chop etiladigan gazetalardan birining muxbiri shunday mulohazalarni bildirganki, menimcha, bu fikrlar o‘rinli: «Biz terrorchilarni «mujohidlar» deb atash bilan Allohni va musulmon birodarlarimizni haqorat qilamiz. Kelinglar, ularni «din yo‘lida kurashuvchi» deb emas, balki o‘z nomi bilan terrorchi deb ataylik». Darhaqiqat, musulmon inson chumoliga ham ozor yetkazmaydigan, taqvodor bo‘lgani holda, «din yo‘lida kurashuvchilar»ning shafqatsizlarcha odam o‘ldirishlarini qanday tushunish mumkin?
Hushyorlik hamisha kerak
Diniy ekstremizm muammosi faqatgina Farb davlatlarining muammosi emas. Hz vaqtida hushyorlik qilinmasa, bunday oqimlar bizning ham tuzalmas yaramizga aylanishi mumkin. Birgina Afg‘onistondagi boshboshdoqik, e’tiborsizlik mamlakatning terrorchilar lageriga, turli jinoiy uyushma va guruhlar a’zolarining boshpanasiga aylanib qolishiga sabab bo‘ldi. Dunyo mamlakatlari tobora jipslashib borayotgani sari terrorchi unsurlar ham «ko‘rni ko‘r qorong‘ida topadi» deganlaridek bir-birlari bilan birlashib, xalqaro miqyosdagi terrorchilik guruhlariga aylanishmoqda. g‘aerdaki, ma’naviy-mafkuraviy bo‘shliq bor ekan, ushbu bo‘shliqni boshqa oqimlar to‘ldiradi. Buni o‘z vaqtida Prezidentimiz ham ko‘p bor ta’kidlagan. Aynan mana shunday oqimlardan yoshlarimizni saqlash uchun ularni nazoratsiz qoldirmaslik, doimo yosh avlodning ma’naviy tarbiyasiga e’tibor bermoq lozim. Ana shundagina kelajagimiz bir hovuch jinoyatchilarning emas, balki haqiqiy barkamol avlodning qo‘llarida bo‘ladi.
Dilshodbek Asqarov