Turkiya 1992-2016 yillar davomida o‘zbekistonlik talaba yoshlar hamda tadqiqotchilarga 2196 ta stipendiya ajratdi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Bosh vaziri devoni huzuridagi Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar departamenti rahbari o‘rinbosari Serdar Gundo‘g‘on 18 oktyabr kuni Anqarada o‘tgan jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi. “Tarix va milliy birlikni anglash” mavzusidagi xalqaro dasturda Markaziy Osiyo hamda Ozarboyjondan kelgan jurnalistlar ishtirok etmoqda.
Serdar Gundo‘g‘onning ta’kidlashicha, Turkiya hukumati dunyoning boshqa mamlakatlari qatori turkiy tilli davlatlar bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada esa 2010 yilda Bosh vazir devoni huzurida tashkil etilgan Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar departamenti katta rol o‘ynamoqda. Mazkur muassasa chet elda yashayotgan 8-10 million chog‘li turklarni qo‘llab-quvvatlash, ularning milliy o‘zligini asrab-avaylash yo‘lida qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Ta’lim loyihalari ham departament faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishi sanaladi.
“Turkiya sayyoramizning turli hududlaridagi mamlakatlarga har yili o‘rtacha 5000 ta ta’lim granti ajratmoqda. Ayni vaqtda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 90 mingga yaqin talabaning 16 mingtasi aynan Turkiya hukumati granti sovrindorlari sanaladi. 1992 yildan hozirga qadar Turkiya hukumati dunyo mamlakatlariga 28600 ta stipendiya ajratdi”, – dedi Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar departamenti rahbari o‘rinbosari.
Ayni vaqtda Turkiya Sharqu G‘arb o‘rtasida ma’rifiy ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Ya’ni mamlakatda G‘arbning ilm-fan sohasidagi so‘nggi yutuqlari Sharqning ma’naviy qadriyatlari bilan vobasta etilmoqda. Shu bois ham dunyoning turli mintaqalari qatori turkiy tilli davlatlar vakillarining Turkiyada tahsil olishga qiziqishi ortmoqda.
“Turkiy xalqlar qardosh va birodar elatlardir. Istagimiz, ular o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik yanada rivojlansin. Xalqlar bir-birini yanada yaqindan tanisin, o‘zaro hamkorlik rishtalari yanada mustahkamlansin. Turkiy tilli xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa, bugungi globallashuv davrida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda”, – dedi Serdar Gundo‘g‘on.
Qayd etilishicha, bu bora hali foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar departamenti ayni shu imkoniyatlardan unumli foydalanish yo‘lida kerakli chora-tadbirlarni ko‘rishga intiladi.
Sobir Salim