Tugab borayotgan 2016 yilda O‘zbekiston ilm, fani va madaniyati bir nechta arboblaridan ayrildi. Ziyouz.uz portali ushbu yilda vafot etgan o‘zbekistonlik ziyolilarni xotirlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov (1938-2016)
Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1938 yil 30 yanvarda Samarqand shahrida tug‘ilgan. O‘rta Osiyo politexnika instituti va Toshkent xalq xo‘jaligi institutini muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklari bo‘yicha tugatgan.
Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor (1961-1966) bo‘lib ishlagan. 1966 yilda O‘zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o‘tib, mutaxassislikdan Respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1983 yilda O‘zbekiston SSR Moliya ministri, 1986 yilda O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining o‘rinbosari, Respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlangan. 1986-1989 yillar mobaynida Qashqadaryo viloyati partiya komitetining birinchi kotibi lavozimida ishlagan. 1989 yilning iyunidan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi etib saylangan.
1990 yil 24 mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 1991 yil 29 dekabrda muqobillik asosida o‘tkazilgan umumxalq saylovida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti etib saylangan.
Islom Karimov 1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi. 1995 yil 26 martda umumxalq Referendumida Karimovning Prezidentlik vakolati 1997 yildan 2000 yilgacha uzaytirildi. 2000 yil 9 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Ushbu saylovda Islom Abdug‘aniyevich Karimov yana O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti etib saylandi.
1994 yili Islom Karimovga O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi unvoni berilgan, shuning bilan, iqtisod, fan va ta’limni rivojlanirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun o‘ndan ortiq xorijiy mamlakatlar universiteti va akademiyalarining faxriy fan doktori, professori hamda akademligiga saylangan.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston Qahramoni unvoni, «Mustaqillik» va Amir Temur ordenlari bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov (1936-2016)
O‘zbekiston xalq shoiri (1987), O‘zbekiston Qahramoni (1999), dramaturg va jamoat arbobi Vohidov Erkin Vohidovich 1936 yil 28 dekabr kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1960). «Yosh gvardiya» nashriyotida muharrir, bosh muharrir (1960-63; 1975-82), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bosh muharrir (1963-70), direktor (1985-87), «Yoshlik» jurnali bosh muharriri (1982-85) bo‘lib ishlagan.
Erkin Vohidov yarim asrdan ziyod ijodiy faoliyati davomida “Tong nafasi”, “Qo‘shig‘im sizga”, “Aql va yurak”, “Mening yulduzim”, “Yoshlik devoni”, “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirg‘oq”, “Kelajakka maktub” kabi she’riy to‘plamlari, “Nido”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni”, “Ko‘hinur” kabi dostonlari, “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi” singari sahna asarlari, “So‘z latofati” badiiy risolasi bilan o‘ziga xos ijodiy maktab yaratgan.
U I. Gyotening «Faust» asarini, S. Yeseninning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, alohida kitob holida nashr ettirgan. Bundan tashqari F. Shiller, Iqbol, Ulfat, R. Hamzatov, L. Ukrainka, A. Blok va boshqa turli xalqlar shoirlari asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Erkin Vohidov asarlari chet el (nemis, frantsuz, rus, ingliz, urdu, hind, arab va b.) hamda qardosh turkiy xalqlar tillarida («Oltin devor», «Saylanma», «Nido» va b.) nashr etilgan. Asarlari («Oltin devor», «Istanbul fojiasi») Hamza teatri, viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan, «Oltin devor» komediyasi Pokistonning Laxor shahri teatrida qo‘yilgan.
Erkin Vohidov O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati (Oshkoralik masalalari qo‘mitasi raisi; 1990-95); 1995 yildan O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati va Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
Erkin Vohidov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (1997). Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1983) edi.
O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov (1941-2016)
Abdulla Oripov (1941.21.3 — Qashqadaryo viloyati Koson tumani Neko‘z qishlog‘i – 2016.5.11 – Xyuston, Texas shtati, AQSh) — shoir va jamoat arbobi. O‘zbekiston xalq shoiri (1990). O‘zbekiston Qahramoni (1998).
ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1963). «Yosh gvardiya» (1963—69), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotlarida muharrir (1969—74), «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1974—76), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1976—82), mas’ul kotib (1985—88), Toshkent viloyat bo‘limida mas’ul kotib (1982—83), «Gulxan» jurnalida muharrir (1983—85), 1996 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, ayni vaqtda, O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi raisi (1989 yildan) bo‘lib ishlagan.
Abdulla Oripovning «Tilla baliqcha», «Men nechun sevaman O‘zbekistonni» singari dastlabki she’rlari talabalik yillarida yozilgan va o‘zbek she’riyatiga yangi, iste’dodli, o‘ziga xos ovozga ega shoirning kirib kelayotganidan darak bergan. Ko‘p utmay, «Mitti yulduz» (1965) ilk she’rlar to‘plamining nashr etilishi she’riyat muxlislarida paydo bo‘lgan shu dastlabki tasavvurning to‘g‘ri ekanligini tasdiqlagan. Shundan keyin shoirning «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1966), «Onajon» (1969), «Ruhim», «O‘zbekiston» (1971), «Xotirot», «Yurtim shamoli» (1974), «Yuzma-yuz», «Hayrat» (1979), «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983), «haj daftari», «Munojot» (1992), «Saylanma» (1996), «Dunyo» (1999), «Shoir yuragi» (2003), “Ezgulik” (2012) singari she’riy kitoblari nashr etilgan.
Abdulla Oripov — O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasining matnini yozgan (1992). U Navro‘z va Mustaqillik bayramlarini o‘tkazish bo‘yicha yozilgan stsenariylarning aksariyati muallifi.
Dante «Ilohiy komediya»sining «Do‘zax» qismini, A. S. Pushkin, N. A. Nekrasov, T. G. Shevchenko, L. Ukrainka, R. Hamzatov, Q. Quliyev va M. Bayjiyev asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. O‘z navbatida, uning asarlari ham rus, ingliz, bolgar, turk, ukrain, turkman, ozarbayjon kabi ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan.
1990 yildan O‘zbekiston Oliy Kengashi, 1995 yildan O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati bo‘lgan. Abdulla Oripov Kaliforniya (AQSh) Fan, ta’lim, sanoat va san’at xalkaro akademiyasining haqiqiy a’zosi. Soka universiteti (Yaponiya) professorri. Hamza nomidagi (1983) hamda Alisher Navoiy nomidagi (1992) O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari laureati.
Akademik G‘ani Abdurahmonov (1925-2016)
O‘zbek tilshunosligi sohasidagi yirik olim G‘ani Abdurahmonov 1925 yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. 1946 yili Farg‘ona davlat pedagogika institutini tugatganidan so‘ng shu dargohda ilmiy-pedagogik faoliyatini boshlagan. 1950 yilda nomzodlik, 1962 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1968 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.
Ilmiy-pedagogik va rahbarlik faoliyatini birgalikda olib borgan iste’dodli olim o‘zining 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida Farg‘ona davlat pedagogika instituti kafedra mudiri va prorektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti sektor mudiri, Farg‘ona davlat pedagogika instituti rektori, O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Toshkent davlat chet tillari instituti, Toshkent davlat pedagogika instituti rektori, Til va adabiyot instituti bosh ilmiy xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilgan.
Yurtimizda tilshunoslik fani sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish ishiga munosib hissa qo‘shgan G‘.Abdurahmonovning o‘zbek adabiy tilining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab monografiya, risola va maqolalari, uning rahbarligi ostida tayyorlangan lug‘atlar keng jamoatchilikka yaxshi ma’lum. Olimning bevosita rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.
G‘ani Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi faxriy unvoni, «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan.
Akademik Said Shermuhamedov (1930-2016)
Said Shermuhamedov 1930 yil 12 mayda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. 1948-1953 yillarda Samarqand davlat universitetida ta’lim olgan. O‘qishni tugatib, ushbu universitet aspiranturasida tahsilni davom ettirgan. Falsafa fanining dolzarb masalalari bo‘yicha 1960 yilda nomzodlik, 1974 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1994 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.
Said Shermuhamedov o‘zining 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining falsafa va huquq instituti ilmiy xodimi, ilmiy kotibi, direktor o‘rinbosari, respublika maorif vaziri, Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, O‘zbekiston Milliy universitetining kafedra mudiri kabi mas’uliyatli lavozimlarda samarali xizmat qilgan va yurtimizda falsafa faniga doir masalalarni ilmiy tadqiq etish, ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishida faollik ko‘rsatgan.
Said Shermuhamedovning rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.
Akademik Ruben Akopovich Safarov (1930-2016)
Ruben Safarov 1930 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan. 1953 yili Moskva yuridik institutini tugatgan. 1963 yilda nomzodlik, 1982 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1989 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.
O‘zining 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida Ruben Safarov Andijon viloyati adliya boshqarmasi revizori, “Andijanskaya pravda” gazetasi muharriri, Davlat matbuot qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, “Pravda Vostoka” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida samarali mehnat qilgan. Yurtimizda tarix hamda jurnalistika sohasini rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shgan.
Ruben Safarovning rahbarligida bir qator fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan. Akademik R.Safarov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.
Akademik Abdulahad Muhammadjonov (1931-2016)
Abdulahad Muhammadjonov 1931 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1951 yili O‘rta Osiyo davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tugatib, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (hozirgi Sharq qo‘lyozmalari markazi) aspiranturasida tahsil olgan. 1955 yilda nomzodlik, 1977 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1989 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.
Abdulahad Muhammadjonov o‘zining 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasining Arxeologiya, Tarix institutlari direktori, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy universiteti professori kabi lavozimlarda samarali mehnat qilgan, yurtimizda tarix va arxeologiya fanlarining dolzarb nazariy va amaliy masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shgan.
Abdulahad Muhammadjonovning xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyatini, yurtimizda shakllangan sug‘orma dehqonchilik an’analarini arxeologik jihatdan o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘plab kitob va monografiyalari, maqola va risolalari ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma’lum.
Abdulahad Muhammadjonov rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.
O‘zbekiston xalq hofizi O‘lmas Saidjonov (1951-2016)
O‘lmas Saidjonov 1951 yili Kitob tumanida tug‘ilgan. Qarshi davlat pedagogika institutini (1974), Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan (1981).
1994 yildan Muhiddin Qoriyoqubov nomidagi O‘zbek davlat filarmoniyasi (1996 yildan akademik va xalq badiiy jamoalar direktsiyasi)ning direktori, ayni paytda, 1996—2001 yillar «O‘zbeknavo» birlashmasi direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Kuchli, yorqin va jozibali ovoz sohibi. Repertuaridan o‘zbek mumtoz ashulalari («Feruz», «Guluzorim», «Mustahzod», «Girya» va b.) va zamonaviy bastakorlar asarlari («Onajonim», «Furqat nidosi», «Temur bobom», «Bog‘i jahonnoma», «Beminnat», «Nigorim», «Surating» kabi) o‘rin olgan.
2-chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali YuNESKOning maxsus mukofoti sovrindori. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998).
O‘zbekiston xalq artisti San’at Devonov (1932-2016)
Devonov San’at Solihovich 1932 yili Xonqa tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat san’at institutini tugatgan (1973). Xorazm teatrida aktyor, rejissyor (1946—84), direktor (1963—67), 1984—86 yillar kinoaktyor studiyasining, 1986—87 yillar Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrining va 1987—93 yillar Hamza teatrining direktori bo‘lib ishlagan.
San’at Devonov teatrda 150 dan ortiq rol o‘ynagan. Eng yaxshi rollari: Askar («Arshin mol olon»), Tohir («Tohir va Zuhra»), Navoiy («Navoiy Astrobodda»), Hamlet («Hamlet»), Beruniy («Abu Rayhon Beruniy»), Ibn Sino («Ibn Sino»), Farib («Oshiq G‘arib») va b.
«O‘liklar kechirmaydi» (O‘. Umarbekov), «Onalar» (P. Tlegenov), «Layli va Majnun» (Xurshid) kabilar San’at Devonov sahnalashtirgan muvaffaqiyatli spektakllaridan.
Kinodagi asosiy rollari: Yo‘lchi («Qutlug‘ qon»), Sharif («Maftuningman»), Juma («Qizilqum»), Abdug‘aniboy («Yulduzlar jamoli»), Rizayev («Uzoq-yaqin yillar»), Karvonboshi («Sevgi haqida afsona»), Amir Nasrullo («Cho‘loq darvish») va b., shuningdek, telefilmlarda («Shashmaqom»da xon, «Jaloliddin Manguberdi»da Muhammad shoh, «Xorazm afsonasi»da Ali, «Diyonat»da Bo‘riboyev, «Ilondan qo‘rqmang»da Toshmatov va b.) ham rollar ijro etgan.
«Mehnat shuhrati» ordeni b-n taqdirlangan (2001).
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Temur Mahmudov (1943-2016)
Mahmudov Temur Ahmad o‘g‘li 1943 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mulla To‘ychi hofizning nevarasi. Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1969). Chang ijrochiligi sirlarini F. Sodiqov va A. Odilovlardan o‘rgangan.
Muqimiy teatri musiqa rahbari (1963—71), O‘zteleradiokompaniyasida «Maqom» ansambli sozandasi (1973 yildan), musiqa rahbari (1976—2002), Badiiy jamoalar direktsiyasi rahbari o‘rinbosari (2002 yildan), ayni paytda M. Uyg‘ur nomidagi Toshkent san’at institutida (1982—92) va Hamza nomidagi Toshkent musiqa kollejida (1992 yildan) o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.
Repertuaridan Shashmaqomning cholg‘u va ashula turkumlari, Farg‘ona—Toshkent maqom yo‘llari, xalq va mumtoz cholg‘u kuylari («Farg‘onacha rez», «Rohat», «Gulbahor», «Tanavor» va b.), o‘zbek bastakorlari asarlari («O‘zbek valsi», «Gulnor» F. Sodiqov; «Orzudili» M. Mirzayev va b.) o‘rin olgan. Bastakor sifatida bir nechta qo‘shiq («O‘zbekistonim mening», «Ko‘ngil», «Vatan» va b.)lar va dramatik spektakllar («Nodirabegim», «Fig‘on», O‘zbek milliy akademik drama teatri; «Qora kamar», «Paranji sirlari», A. Hidoyatov nomidagi drama teatri) uchun musiqalar yozgan.
Yozuvchi Uchqun Nazarov (1934-2016)
Yozuvchi, kinodramaturg va kinorejissyor Uchqun Nazarov 1934 yili Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent teatr va rassomchilik institutining rejissyorlik bo‘limida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini Qo‘qon shahridagi Hamza nomli drama teatrining bosh rejissyori sifatida boshlab, keyin kinorejissura bilan shug‘ullangan.
U dastlab «Odamlar» (1961) hikoyasi bilan kitobxonlarga tanilgan. Abdulla Qahhor o‘sha yillarda O‘lmas Umarbekovning «Boboyong‘oq» hikoyasi bilan Uchqun Nazarovning «Odamlar» hikoyasini yoshlarning eng yaxshi asarlari qatoriga qo‘shgan edi. Shundan buyon, Uchqun Nazarovning «G‘urur» (1965), «Jur’at» (1977), «Sadoqat» (1965) nomli hikoya va qissalaridan iborat to‘plamlari chop etildi. Uchqun Nazarov «Iqror», «Odamlar», «G‘urur» kabi hikoyalari bilan kitobxonlar ommasiga manzur bo‘lgan. Uning yirik asari — «Chayon yili» romani ham o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olindi.
U kinorejissyor, kinostsenarist sifatida ham barakali ijod qilgan. Uning «Surayyo», «Qiz va yigit», «Shiddat», «Alangali sohil» va uch bo‘limdan iborat «Qo‘qon voqeasi» kabi badiiy filmlari tomoshabinlar e’tiborini qozongan. So‘nggi filmi uchun unga 1977 yilda Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist hamdir.
Yozuvchi Erkin Usmonov (1952-2016)
Erkin Usmonov 1952 yil 10 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat chet tillar institutini tugatgan (1978).
Qurilishda, Yoshlar teatrida, «O‘zbektelefilm» studiyasida ishlagan. «Mosfilm» qoshidagi maxsus kavaleriya—kino polkida harbiy xizmatni o‘tagan. Qariyb yigirma yil mobaynida O‘zbekiston Radiosining adabiy-dramatik eshittirishlar Bosh tahririyatida turli vazifalarda ishlagan. U O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosi edi.
Uning «Gunafsha» (1981), «O‘g‘ildan sovg‘a keldi» (1984), «Olam nurga to‘ladi» (1987), «Kulishgani keldik», «Dilingda darding bo‘lsa», «Yostiqdek kitobdan uch sahifa» (1989), «Hayratlarga to‘la dunyo» (1995), «Qatortol tomonlarda» (2007), «Ajal xiyoboni» (Saylanma, 2008) singari hikoya va qissalari nashr etilgan. Shuningdek, u «Onaginam», «Yuk ko‘targan odam», «Gulliverlar», «Ayol kishining baxti» kabi qissa va hikoyalar asosida televizon va radiospektakllar muallifi hamdir.
Karel Chapek, Grin, Paustovskiy, Anor kabi adiblarning asarlarini rus va ingliz tillaridan o‘zbek tiliga tarjima kilgan.
Shoir Qambar Ota (1941-2016)
Qambar Ota (O‘tayev) 1941 yili Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. 1961 yili Samarqand gidromelioratsiya texnikumini, keyin Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.
Qambar Otaning bolalar va kattalar uchun mo‘ljallangan “Kitobcha va buzoqcha” (1970), “Chinor” (1976), “Bizning koinot” (1980), “Yoshlik quvonchi” (1974), “Vatan tuprog‘i” (1976), “Qiyofa” (1981) kabi to‘plamlari nashr etilgan.
Shoir Shafoat Rahmatullayev (1942-2016)
Shafoat Rahmatullayev 1942 yil 10 mayda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Okko‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlagan (1965). «Janub shamoli» (1981), «Umid ostonasi» (1988), «Gulob» (1992), «Oeod so‘z» (2003, Saylanma) asarlari nashr etilgan.
«Musiqa uslubiyoti», «Musiqa alifbosi» (1991—92), «Boshlang‘ich musiqa ta’limi» (2003) kabi risolalar ham yozgan. «Shuhrat» medali (1998) hamda «El-yurt hurmati» (2003) ordeni bilan taqdirlangan.
Yozuvchi Bahodir Murod Ali (1954-2016)
Bahodir Murod Ali (Murodaliyev) 1954 yil 17 noyabrda Andijon viloyatining Paxtabod tumaniga qarashli Eskiqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1980). Ijodi 70-yillarda boshlangan. Ilk kitobi — «Oqto‘sh» (1989). «Ko‘kto‘nliklar» (1990) nomi kitobi nashr etilgan. 2016 yili vafot etgan.
Yozuvchi Turob Maqsud (1957-2016)
Turobjon Maqsudov 1957 yili Jizzaxda tuig‘ilgan.1972 yili Farg‘ona pedagogika institunini bitirgan. Turli yillarda tuman, viloyat matbuotida faoliyat yuritgan. Birinchi kitobi “Qaytmas to‘lqinlar” nomi bilan 1980 yili chop etilgan.
Yozuvchi Jahongir Xolmirzayev (1974-2016)
Jahongir Xolmirzayev 1974 yil 7 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining “Oliy adabiyot kursi”ni tamomlagan (2001). Uning “Faqat hayot adabiy”, “O‘tgan kunlaridan”, “Ovchi”, “Abaragen”, “Sovg‘a”, “Yozuvchining so‘nggi kunlari”, “Orzu daraxti” hikoyalari, “Xush qol, sehrli diyor” qissasi, “Yigirma yildan so‘ng”, “So‘nggi romantik portreti” esselari muxlislarga yaxshi tanish. U O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning kenja o‘g‘li.
2016 yili ijodkorlar Shukur Sodiq, Muhammad G‘affor (1955-2016) ham vafot etishdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Melis Abzalov (1938-2016)
Melis Abzalov 1938 yil 18 noyabrda Yangiyo‘lda tavallud topgan. Abzalov 1961 yil Toshkent davlat san’at institutini tugatgan. 1962 yil «O‘zbekfilm»da ishlashni boshlagan. 1961—1962 yillar Yosh tomoshabinlar teatrida aktyor bo‘lib ishlagan. 1962—1965 yillar «O‘zbekfilm» kinostudiyasida rejissyor assistenti, keyinchalik rejissyor va aktyor, 1989 yildan «Vatan» kinostudiyasining badiiy rahbari bo‘lib faoliyat yuritgan.
Abzalov aktor sifatida Abdulla («Ettinchi o‘q»), Olloyorboy («Inson qushlar ortidan boradi»), Eshon Zaynullo («Qo‘qon voqeasi»), Qorashoh («Arslonning sarguzashtlari») va boshqa obrazlarni yaratgan. Rejissyor sifatida «Chinor ostidagi duel», «Suyunchi», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Armon», «Maysaraning ishi», «Ko‘zlarim yo‘lingda», «O‘tgan kunlar», «Chimildiq» kabi filmlarni ishlagan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Qosimov (1953-2016)
Baxtiyor Qosimov 1953 yilda aktyor va rejissyor Ne’mat Qosimov hamda o‘qituvchi Sara Qosimovalar oilasida dunyoga kelgan.
U 30 dan ortiq filmlarda rol o‘ynagan. Ular orasida «To‘ylar muborak» (1978), «Yodgor» (2003), «O‘zimdan o‘zimgacha» (2009), «Arosat» (2009), «Uqubat» (2009), «Jasur» (2011), «Parizod» (2012), «Sardor-3» (2012), «Bog‘» (2013), «Gumrohlar» (2014), «Faryod 2» (2014) va «Hayotda…» (2015) kabi mashhur filmlar bor.
Suxandon Abdumo‘min O‘tbosarov (1960-2016)
O‘tbosarov Abdumo‘min Abdumajitovich 1960 yilning 24 aprelida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, oliy toifali diktor.
Abdumo‘min O‘tbosarov O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanali diktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Yana ko‘ring: