– Yanglish opa, sizdan dastavval uzoq yillardan beri hamnafas bo‘lib kelayotganingiz – nemis adabiyotiga qay tariqa mehr qo‘yganingiz haqida so‘rasam. Ma’lumki, nemis adabiyoti sharq adabiyoti singari mustahkam ildizlarga, ko‘p asrlik tarixga ega. Ayting-chi, bu olam sizni qachon va qanday maftun etdi?
– Men nafaqat nemis adabiyotiga, umuman adabiyotga bolalikdan mehr qo‘yganman. Hali maktabga bormay turiboq aka-opalarimning “O‘qish kitob”laridagi Abdulla Qahhor, Oybek, Zulfiya singari ijodkorlarning suratlariga qarab nomlarini aytardim. Savodim chiqqandanoq xalq ertaklari va dostonlarini o‘qishga kirishdim. O‘sha 50-yillarda o‘zbek tiliga tarjima qilingan Andersen, aka-uka Grimm ertaklarini, o‘zbek xalq ertaklari hamda dostonlarini qayta-qayta o‘qiyverib yod qilib yuborgan edim. Keyinchalik o‘zbek adabiyoti namunalari va jahon adabiyotidan tarjima qilingan yirik asarlarni o‘qiy boshladim. Kitob mening jonu dilim edi. Kelgusida adabiyotchi bo‘lishni, badiiy ijod sohasida nimadir qilishni orzu qilardim. Afsuski, bu orzum amalga oshmadi. Nemis tili mutaxassisi bo‘ldim. Shunday bo‘lgach, demak, endi vaziyat nemis adabiyotini ham chuqur o‘rganishimni taqozo etardi. Nemis adabiyotini ham o‘sha – adabiyotga bo‘lgan mehr bilan qiziqib o‘rgandim, o‘zimga yoqqanlarini tarjima qildim. Yoshligimda adabiyot olamida amalga oshirishni orzu qilganim “nimadir” ehtimol badiiy tarjimalar bo‘lib dunyoga kelgandir…
Nemis tili azaldan mening qismatim shekilli, birinchi sinfga borganimda 6 yoshda edim, maktabga har qanday kitobni olib borsa bo‘laveradi, degan o‘yda akamning 8-sinf “Nemis tili” kitobini ko‘tarib borganman. Maktab ostonasiga nemis tili kitobi bilan qadam qo‘ygan edim, mana salkam yarim asrdirki, nemis tili va adabiyoti bilan mashg‘ulman.
– Kitobxon sifatida nemis tilidan o‘zbek tiliga bevosita o‘girilgan asarlarni baholi qudrat kuzatib boraman. Kuzatishlarim asosida shunday xulosaga keldimki, bizda nemis adabiyoti namunalarini asliyatdan tarjima qilish jarayoni boshqa tillarga nisbatan ancha yaxshiroq (va ertaroq) yo‘lga qo‘yilgan. Aytaylik, sizning tarjimangizda o‘zbek o‘quvchisiga taqdim etilgan Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romani, Stefan Svaygning turli tarjimonlar tomonidan o‘girilgan qator novellalari, Yo‘ldosh Parda, Mirzaali Akbarov kabi mahoratli ijodkorlarning tarjimadagi izlanishlari tahsinga loyiq. Mirzaali Akbarov ayniqsa Hermann Hessening “Cho‘l bo‘risi” romani va ba’zi hikoyalarini maromiga yetkazib tarjima qildi. O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidov rus tilidan o‘girgan “Faust” asari esa Posho Ali Usmonning bevosita asliyatdan qilingan tarjimasida yana bir bor kitobxonlar hukmiga havola etildi. Aytish oson bo‘lsa-da, bular aslida ko‘p yillik izlanishlar, mashaqqatlar mevasidir. Shunday emasmi?
– To‘g‘ri, boshqa tillarga nisbatan nemis adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga asliyatdan tarjima qilish sal ertaroq boshlandi. Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romanini nemis tilidan tarjima qilib, 1975 yilda chop ettirgan paytimda hali O‘zbekistonda G‘arbiy Yevropa tillaridan birorta yirik asar asl nusxadan tarjima qilinmagan edi. Ungacha boshqa tillarda yaratilgan asarlar, ayniqsa, g‘arb adabiyoti namunalari rus tili orqali o‘girilar va natijada rus tarjimoni sodir etgan xatoliklar bilan birga o‘zbek tarjimoni tufayli yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar ham qo‘shilib, tarjima asarining sifati ikki karra yomonlashar edi.
Keyinchalik nemis tili mutaxassislari orasidan Yo‘ldosh Parda, Sadriddin Salim Buxoriy (Alloh ularni rahmatiga olgan bo‘lsin), Mirzaali Akbarov, Posho Ali Usmon, Xurram Rahimov, Shuhratxon Imyaminova, Hafiza Qo‘chqorova singari tarjimonlar yetishib chiqdi va asliyatdan tarjima qilish ancha jonlandi. Yoshligidan Haynrix Hayne she’rlarining shaydosi bo‘lgan shoir Abdulla Sher o‘sha she’rlarni asliyatdan tarjima qilish uchun nemis tilini o‘rgandi va Haynrix Hayne lirikasi Abdulla Sher tarjimasida asl nusxaga hamohang holda o‘zbek tilida jarangladi, jurnallar sahifalarida, alohida kitob holida bosib chiqarildi.
Har bir tarjimon shu xilda o‘zini qiziqtirgan sohaga doir va ma’lum bir muallif asarlarini tarjima qilishga harakat qildi. Masalan, Sadriddin Salim Buxoriy o‘z ruhiy olamiga mos kelgani uchun Gyotening “G‘arbu sharq devoni”ni hamda uning Muhammad (s.a.v.)ga bag‘ishlangan maqolasini tarjima qilgan bo‘lsa, Xurram Rahimovni ertaklar olami o‘ziga tortdi. U nemis xalq ertaklarini o‘zbek tiliga, o‘zbek xalq ertaklarini nemis tiliga tarjima qilib O‘zbekistonda va Germaniyada chop ettirdi. Yo‘ldosh Pardani ruhiy-ma’naviy olam o‘ziga jalb etdi. U nemis islomshunos va sharqshunos olimasi Annemariye Shimmelning islom olamida ayollar siymosini yoritishga bag‘ishlangan “Jonon mening jonimda” nomli kitobini o‘zbekchaga o‘girdi. Bu diniy mavzudagi ilmiy-ommabop asar bo‘lib, unda mavzuga oid xos so‘zlar, atamalar juda ko‘p. Jumlalar murakkab. Shunga qaramasdan, tarjima juda silliq chiqqan, asar xuddi asli o‘zbek tilida yozilgandek o‘qiladi. Bundan tashqari, Y.Parda “Tristan va Izolda” asarini o‘zbek tiliga hamda Nasriddin Afandi latifalarini, nemislar bilan hamkorlikda Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalarni nemis tiliga o‘girdi. Shuhratxon Imyaminova asosan hajviyalar, kichik hajmdagi hikoyalar tarjimasi bilan shug‘ullansa, Hafiza Qo‘chqorova zamonaviy nemis adabiyoti namunalarini tarjima qiladi. Iste’dodli tarjimon Mirzaali Akbarovni asosan Gyote hikmatlari va Hermann Hesse olami qiziqtiradi. U Gyote hikmatlari hamda Gyote hayoti va ijodiga bag‘ishlangan nemis tadqiqotchisi Klaus Zeehaferning “Yohann Volfgang Gyote: shoir, tabiatshunos va davlat arbobi” nomli yirik tadqiqotini o‘zbek tiliga o‘girib, nashr ettirdi. Hermann Hesse hayoti va ijodini chuqur o‘rganib, uning “Cho‘l bo‘risi” romani va qator hikoyalarini qoyilmaqom tarjima qilib, o‘zbek kitobxoniga taqdim etdi. Tan olish kerak, “Cho‘l bo‘risi” romanini oddiy kitobxon sifatida o‘qish uchun ham ancha-muncha chidam kerak. Endi uni butun mazmun-mohiyatini his etib, ona tilida qaytadan yozib chiqquncha tarjimon qanday ahvolga tushadiyu, nimalarni boshdan kechiradi, bu faqat uning o‘ziga va Allohga ayon. Ana shu zahmatni bo‘yniga olgan odamgina bunday asar tarjimasiga kirishadi.
Endi “Faust”ga kelsak, bunday murakkab, buyuk asar tarjimasiga jur’at etishning o‘zi bir qahramonlik. Mahoratda Gyote bilan bo‘ylasha va bellasha oladigan kishigina bunga jur’at qiladi. Zabardast shoir Erkin Vohidov “Faust”ni rus tilidan tarjima qilib, o‘zbek adabiyoti xazinasiga olib kirdi, o‘zbek o‘quvchisi “Faust”ni badiiy jihatdan mukammal tarjimada o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldi. Professor Akmal Saidov ushbu tarjimani buyuk jasorat bilan tenglashtirdi. Bir kitobxonlar uchrashuvida Erkin Vohidov “Faust” tarjimasi haqida gapirib: “Men bu tarjimaga kirishishdan oldin nemis tilini o‘rganmoqchi bo‘ldim. Shunda bir nemis menga, “Faust”ni tushunish uchun nemis bo‘lib tug‘ilishning o‘zi ham kamlik qiladi, dedi. Shundan so‘ng tilni o‘rganishdan voz kechdim-da, Gyoteni o‘rganishga, “Faust”ning butun ichki olamini o‘rganishga kirishdim” degan edi. Erkin Vohidov “Faust”ni asosan Pasternak va Xolodkovskiylar tarjimasidan o‘girgan. Pasternak nusxasi yuksak badiiyligi bilan, Xolodkovskiy nusxasi esa asliyatga so‘zma-so‘z yaqinligi bilan shoirga ko‘mak bergan.
“Faust” haqida rus gyoteshunosi A.Mixaylov shunday yozgan: “O‘lchov nozikliklari bilan shug‘ullanishni Gyote yoqtirmasdi, biroq “Faust” buning teskarisi, negaki “Faust” – she’riy shakllar va o‘lchovlarning butun bir qomusidir. Ularning orasida yunon fojialaridagi trimetr va tetrametrlar ham, XVIII asr fojialaridagi gekzametrlar ham, nemis xalq qo‘shiqlari, Dante “Ilohiy komediya”sini yozishda qo‘llagan tersina va boshqa juda ko‘plab shakllar uchraydi. Gyote ko‘ngli tusagan paytda kutilmagan va g‘aroyib shakllarni yaratar, ammo hammasi o‘z o‘rnida bo‘lardi, har gal shoir tanlangan shakl bilan tamoman birlashib, ichki bir mushtaraklik hosil qilishi lozim edi”.
Agar “Faust”ni Erkin Vohidov tarjimasida mutolaa qilsak, gyoteona shakliy xususiyatlar undagi chuqur mazmun “bilan tamoman birlashib, ichki bir mushtaraklik hosil qilishi”ga guvoh bo‘lamiz. Posho Ali Usmon tarjimasidagi “Faust” Xolodkovskiy tarjimasiga o‘xshab ketadi. Unda asl nusxadagi barcha lisoniy unsurlar deyarli saqlab qolingan. Samarqanddagi yosh tarjimonlar seminarida Posho Ali og‘a o‘z tajribalari haqida shunday so‘zlarni aytgan edi: “Men “Faust”ni tarjima qilishdan oldin uni chuqur o‘qib-o‘rgandim. Keyin barcha rus va boshqa tillardagi tarjimalarni yig‘ishtirib bekitib qo‘ydim-da, birgina asl nusxadan foydalanib, Gyote bilan faqat nemis tilida muloqot qilgan holda tarjimani boshladim.” Shu tariqa tarjimon fojiani she’riy shaklda o‘girganu, biroq asliyatda nima bo‘lsa, hammasini saqlashga uringan. Natijada tarjima tili xiyla og‘ir bo‘lib qolgan. Ammo ushbu tarjima “Faust” mazmunini tushunishda ancha qo‘l keladi. Albatta, har qanday tarjima ham tinimsiz izlanishlar, mehnat va yana mehnat mevalari bo‘lib, bu tarjimondan o‘ta fidoyilikni talab qiladi.
– Dunyo kitobxonlarini hayratga solgan, o‘z davrining murakkab masalalari qamrab olingan “Yosh Verterning iztiroblari” romanini Gyote yigirma uch yoshlarida, sharq mutafakkirlari ta’rificha “yigitlik ayyomi”da yozgan. Mazkur asarda u yoshlik iztiroblari bilan pardalangan chuqur hissiy-ruhiy, ijtimoiy muammolarni qalamga oladi. Sizda bu muhtasham asar tarjimasiga qo‘l urish istagi qanday tug‘ilgan? Daho Gyotening ulug‘vor ijod dunyosiga qadam qo‘yib, uning mashhur qahramonlarini o‘zbekcha so‘zlatishga jur’at etganingiz biz uchun juda qiziq.
– Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” romani jahon adabiyoti tarixida boshqa biron-bir asarga nasib etmagan shon-shuhrat bilan yo‘g‘rildi. 1774 yil “Verter” romanining yaratilish yili bo‘lib tarixga kirdi. Roman bosilib chiqqanidanoq qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, tez orada yuzlab tillarga tarjima qilindi.
Avvalo shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Gyote adabiyot maydoniga kirib kelguniga qadar nemis tili nafaqat boshqa xalqlar, hatto nemislarning o‘zlari tomonidan ham qadrlanmas edi. Shimoliy Germaniyaning barcha aslzoda doiralarida frantsuz tilida, Avstriyada esa italyan tilida so‘zlashishardi. “Faqatgina Gyotening “Verter” romani inglizlar va frantsuzlar tomonidan o‘qib-o‘rganilganidan hamda asar Italiyaga ham kirib borganidan keyingina oliy darajadagi nemis adabiyotining imkoniyatlari tashqi olamda tan olindi. Gyote nasri asta-sekin ma’naviy hayotning barcha jabhalari uchun ifodaviy vosita namunasi bo‘la bordi… “Biz foydalanadigan son-sanoqsiz so‘z va birikmalar Gyotesiz nazarimizdan chetda qolib ketavergan bo‘lardi” deb yozadi nemis olimi Hermann Grimm. Mana shu fikrning o‘ziyoq nemis tili va adabiyotining asoschisi Gyote dahosi va “Verter” romanining jahonshumul ahamiyati mislsiz ekanligini ko‘rsatib turibdi.
XIX asrning 30-yillariga qadar Gyotening “Verter”dan boshqa biror asari rus tiliga o‘girilmagan edi. Yolg‘iz shu roman orqali ham Gyote Rusiyada juda mashhur bo‘lgan. Kitobning o‘quvchilar qalbi va ruhiyatiga nechog‘lik ta’sir etganini ta’kidlash uchun Tomas Mann o‘zining “Gyotening “Verter”i” nomli maqolasida shunday bir voqeani keltiradi: “Bir ingliz ancha yillar keyin Vaymarga kelganida yo‘ldan o‘tib borayotgan Gyoteni ko‘rib qolib, ko‘cha o‘rtasida behush yiqilgan ekan, negaki “Verter” muallifining naq o‘zini ko‘rish uning uchun kutilmagan va hayratomuz bir voqea bo‘lgan”.
“Verter” romanida o‘sha davrdagi “Bo‘ron va hujum” harakatining oldingi safida bo‘lgan yosh Gyote har taraflama ilg‘or fikrli, zukko va sezgir qalbli yigitning go‘zal ichki kechinmalari, ehtiroslarini o‘zida jamlagan qahramon obrazini yaratish bilan shu harakat uchun xarakterli bo‘lgan qirralarni ochib berdi: goh junbushga keluvchi, goho o‘ta tushkunlikka, yig‘loqilikka yuz tutuvchi tuyg‘ular, ehtiroslar erkinligi, tabiat qo‘yniga intilish, tabiatdan oziq olish, hayotdagi bir xillik, kishilarni chegaralovchi, tabaqalarga ajratuvchi har qanday qonun-qoidalarni inkor etish, san’atni va ma’naviy erkinlikni targ‘ib qilish kabi muammolar “Verter”ning asosiy mag‘zini tashkil etadi. Tomas Mann ta’biri bilan aytganda, frantsuz burjua inqilobi ta’sirida bo‘lgan Yevropa yoshlariga Verter “porox to‘ldirilgan idishga tushgan uchqundek” ta’sir qildi.
Oradan ko‘p yillar o‘tib, Gyote o‘tgan umriga nazar tashlab, “She’riyat va haqiqat” kitobida shunday yozgan edi: “Boshqalaridan ham ko‘ra ushbu asarim menga junbushga kelgan halokat changalidan qutulib chiqish imkonini berdi… O‘zimni baayni yuragidagi dardlarni kimgadir to‘kib solgan odamdek, yengil, xursand, yangicha yashashga jazm qilgandek sezdim.” Verterning qo‘lidan kelmagan ish, ya’ni “junbushga kelgan halokat changalidan qutulib chiqish”ga yozuvchi muvaffaq bo‘ldi.Tabiiyki, bunda faqat Sharlotta Buffga bo‘lgan javobsiz sevgigina emas, balki 1771-1774 yillardagi shoirni qiynagan ruhiy tushkunliklar ham ko‘zda tutiladi. Verter maktublarida goh qayg‘u-alam girdobida, goh quvonch to‘lqinida bitilgan gaplar keyinchalik Gyotening o‘zini ham hayratga solgan.
1780 yilning 30 aprelida kundalik daftariga shunday so‘zlarni bitgan: “Nashr qilingandan buyon endi boshdan-oyoq o‘qib chiqdim va hayratdan yoqa ushladim.” Qayta o‘qishga yuragi betlamagan shoir: “Turgan-bitgani olovli yolqin, buni o‘qish ham dahshat” deb yozgan. U o‘z avlodini azoblagan va holdan toydirgan barcha ko‘rguliklarni shaxsan boshdan kechirgan edi. Bu kechinmalar “Verter”da go‘yo aks-sado bo‘lib yangradi.
Shaklan mo‘jazgina, biroq mohiyatan juda buyuk bu kitobni tarjima qilishga meni nima undadi? Tabiiyki, bu tarjimaga men daf’atan jazm qilmadim. Odatda bunday ishga juda katta tayyorgarlik talab qilinadi, asosan ruhiy tayyorgarlikni ko‘zda tutayapman. Ko‘p tarjimonlar ishni kichik hajmdagi hajviya, hikoyalardan boshlashadi. Men esa badiiy tarjimani birdaniga ana shu romandan boshlaganman. “Verter”ga mehr menda talabalik yillarimda, romandan katta bir parchani tahliliy o‘qish darsida batafsil o‘rgangan paytimizda tug‘ilgan edi. Bu ayni o‘sha yoshlar uyushtirgan, Verter bilan Lottaning tanishuvlariga sabab bo‘lgan ball tasviri berilgan parcha edi. Yoshlarning raqsga tushishlari tasviri aynan tasavvurimda jonlangan, davrada aylanayotgan Lotta ko‘ylagining etagi go‘yo mening yuzimni yelpib o‘tgandek tuyulgan edi. Qolaversa, qahramon bilan xarakterlar mushtarakligi, sof sub’ektiv sabablar ham bunga turtki bergan bo‘lishi mumkin… Xullas, bu kitobni asliyatda qayta-qayta o‘qir, Verter taqdiri uchun unga qo‘shilib ko‘z yoshi to‘kardim. Asar mening yuragimni “jiz” etkizibgina qolmasdan, butun qalbimni, o‘y-xayolimni egallagan edi. Bunday holatda uni tarjima qilmasdan bo‘lmasdi. To‘g‘ri, nazariy jihatdan men Gyoteni tarjima qilishga tayyor emasdim, ammo ruhan, butun shuurim bilan tayyor ekanligimni his etgach, bu ishga kirishdim. “Verter” romani yozilganidan so‘ng oradan ikki yuz yil o‘tgach o‘zbek tiliga o‘girildi. Shunday go‘zal asarni asliyatdan tarjima qilishdek sharafli va mas’uliyatli ishning aynan menga nasib etgani – Allohning menga ko‘rsatgan inoyati bo‘lsa kerak. Kitob bosilib chiqqan yillari rahmatlik professor Akram Kattabekov uni o‘qib: “Agar Gyote shu romanini o‘zbek tilida yozganida edi, xuddi shunday yozgan bo‘lardi” degan edilar. Behad zukko adabiyotshunos tomonidan berilgan bunday baho men uchun katta mukofot edi.
Mana, yarim asrdirki, talabalarga nemis tilini o‘rgatish bilan bir vaqtda badiiy tarjima bilan shug‘ullanaman. Nemis tilida ijod qiluvchi yozuvchilardan Bruno Apits, Volfgang Borxert, Frits Vyurtle asarlarini asliyatdan o‘zbek tiliga o‘girdim. Lekin Gyotening hayoti va ijodiga men o‘zgacha bir mehr bilan qaradim, uni chuqur o‘rganishga harakat qildim. Ana shu urinishlarim samarasi o‘laroq uning yana bir romani – “Hamroz dillar” mening tarjimamda bosilib chiqdi. “Yosh Verterning iztiroblari” romanining qayta ishlangan uchinchi nashri va “Hamroz dillar” romani birgalikda “Muhabbatnoma” nomi bilan “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyatida nashrdan chiqdi (2013). Unga muallif hayoti va ijodi, ana shu ikki roman, ularning tarjimalari haqidagi ilmiy kuzatishlarim hamda nemis tilidan tarjima qilingan Gyote haqidagi zamondoshlarining xotiralari ham ilova qilingan. Kitob hozirgi kunda sotuvga chiqarilgan.
– Badiiy tarjima – murakkab hodisa. Murakkabligi avvalo shundaki, tarjimon asar muallifining mushohadalarini, uni qiynagan hasratlar yoki aksincha quvontirgan shodliklarni asarning yangi o‘quvchilariga tushuntirib berishi zarur. Menimcha, bu jarayonda til bilishning o‘zi kamlik qiladi. Ayting-chi, elqatori tarjimon bilan san’atkor tarjimon o‘rtasidagi farq nimalarda ko‘rinadi?
– Badiiy tarjima – yuksak san’at. Tarjimon esa, xuddi yozuvchi singari san’atkor. U boshqa tilda bitilgan badiiy asarni shakl va mazmun birligini saqlagan holda o‘z ona tilida qayta yaratadi. Ular o‘rtasidagi farq shundaki, yozuvchida erkinlik katta: u istagan mavzuda, istagan uslubda, istagan so‘z va iboralarni qo‘llab yozaveradi. Biroq tarjimon imkoniyatlari cheklangan, u tarjima qilayotgan asar mavzusi, g‘oyasi, muallif maqsadi, uslubi, til xususiyatlaridan chetga chiqolmaydi, shu imkoniyatlar doirasida o‘z tili qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda asarni qaytadan o‘z tilida yozib chiqadi. Bu jarayon “qaytadan yozib chiqadi” deb aytishgagina oson. Avvalo, badiiy tarjimada ikki tilni, ayniqsa ona tilini mukammal bilish talab qilinadi. Biroq til bilishning o‘zi kamlik qiladi. Tarjimon badiiylikni his etishi kerak. O‘zi tarjima qilayotgan asarga xos bo‘lgan badiiy-tasviriy vositalarni, uning uslubiy qirralarini, badiiy bo‘yoqlarni ona tili imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda tarjima o‘quvchisiga yetkaza olishi, bir so‘z bilan aytganda, badiiy asar yaratishi lozim. Tarjimon shu asarni yozishda o‘z muallifi qanday holatga tushgan bo‘lsa, xuddi o‘sha holatga tushishi kerak. Bitta misol: Gyote do‘sti va kotibi Ekkermannga: “Verter shunday zotki, men saqoqush yanglig‘ uni o‘z yurak qonim bilan oziqlantirganman” deydi. Demak, tarjimon ham o‘sha qahramonni o‘z yurak qoni bilan oziqlantirmog‘i zarurki, aks holda tarjima o‘quvchi qalbini zabt etolmaydi. Gyote “Verter” romanini yig‘lay-yig‘lay yozgan ekan, men ham uni yig‘lay-yig‘lay tarjima qilganman. U hali kitob bo‘lib chiqmagan paytlarda ba’zan do‘stlarim davrasida yig‘lay-yig‘lay undan parchalar o‘qib berardim. Bunday holat o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Buni so‘z bilan ifodalash qiyin, faqat his etish lozim. Sirasini aytganda, haqiqiy badiiy tarjima uning ilohiy huzur va azoblarini tom ma’noda boshdan kechirgandagina yaratiladi. Buni xuddi aktyorning rolga kirish holatiga qiyoslash mumkin. Tarjimon ham ijod jarayonida butunlay o‘zini unutishi, asar ichiga butunlay kirib keta olishi kerak. O‘shanda miyasiga go‘zal ifodalar o‘z-o‘zidan quyilib kelaveradi va u ham kitob qahramoni singari goh ko‘tarinki his-tuyg‘ular, goh ko‘z yoshlari va iztiroblar olamiga singib ketadi.
“Verter” xatlardan iborat – epistolyar roman. Unda ulkan muhabbat tilga olingan. Bunday asarni tarjima qilish uchun o‘ziga xos tayyorgarlikdan ham o‘tish kerak bo‘ladi. Masalan, menda hali “Verter”ni tarjima qilish rejasi tug‘ilmasdan oldin kundalik daftar tutardim, nimalarnidir yozishni yaxshi ko‘rardim, yozishdan erinmasdim. Hayotimda yuz bergan eng qiziq, qimmatli voqealarni kundalikka muhrlardim. Ko‘p o‘qirdim. “Verter” tarjimasiga kirishishdan oldin muhabbat mavzusiga bag‘ishlangan ko‘plab kitoblarni o‘qib chiqqanman. Ayniqsa, o‘zbekchaga tarjima qilingan Turgenevning “Otalar va bolalar”, “Dvoryanlar uyasi”, “Asya”, “Arafa”, “Bahor toshqinlari” nomli qissa va romanlarini o‘qish katta samara bergan. Tarjima jarayonida ham kundaligimga qalb kechinmalarimni qayd etib borganman. Mana, qahramon bilan birga chekkan iztiroblarim aks etgan satrlardan ayrim namunalar: “16.XI.1969. Bu kitobning oxirgi sahifalari meni ham qahramonga qo‘shib o‘ldirib qo‘yadimi, deb qo‘rqaman. Uni oddiy kitobxondek o‘qish boshqa-yu, har bir so‘z, har bir jumla mazmunini his etib, tarjima qilish boshqa ekan!… Marjon-marjon ko‘z yoshlarim Verter va Lottaning ko‘z yoshlariga qo‘shilib ketyapti. Hech bir kimsa mening qalb tug‘yonlarimni his etolmaydi…” “18.XI.1969. Ulkan sevgiga hamisha o‘lim hamroh bo‘lib yurarmish… Bugun huzurli va ayni paytda mashaqqatli ishimni nihoyasiga yetkazdim. So‘nggi varaqni o‘girishda chinakam dod solib yig‘ladim, go‘yo eng yaqin kishim vafot etgandek. Bir satr yozaman-da, ortiq kuchim yetmay yig‘lashga tushaman. Bir oz o‘zimni tutib olgach, yana yoza boshlayman… Eh-he, kim ham his eta olardi mening holatimni! Bu ma’nosiz so‘zlarning hech narsani ifodalay olmasligi-ku turgan gap!..”
Chingiz Aytmatov aytganidek, “tarjima – muhabbat farzandi”. Tarjima qilinayotgan asarni yurakdan sevmay turib yaxshisi tarjimaga kirishmagan ma’qul. Ayniqsa, jahon mumtoz adabiyoti namunalari tarjimasi katta mas’uliyat talab qiladi. Tarjimon bir zum ham kimni tarjima qilayotganini, qanchalik sharafli vazifani o‘z zimmasiga olganini, o‘sha buyuk asarni buyukligicha o‘z xalqiga taqdim qilishi, bu ish juda katta mehnat, sabr-toqat, chidam talab qilishini, buni uddalash jasorat bilan teng ekanligini yodda tutishi kerak. O‘zida shunga kuch va iqtidor sezsagina, ruhan, qalban shunga tayyor bo‘lsagina tarjima uchun qo‘lga qalam olishi durust bo‘ladi. Menimcha, san’atkor tarjimon shu jihatlari bilan o‘rtamiyona tarjimondan farq qiladi.
– Odatda tarjimonlarimiz avval ham tarjima qilingan asarga kamdan-kam hollarda murojaat etishadi. Rus adabiyotida “Hamlet” tragediyasining ellikdan ortiq tarjima variantlari bo‘lib, ular orasida eng mashhurlari Boris Pasternak va Mixail Lozinskiylarning tarjimalari ekan.
Asarning bir nechta tarjima variantlari bo‘lishi adabiyot uchun qanchalik foydali?
– Bir asarning bir tilga turli tarjimonlar tomonidan o‘girilishi, menimcha, ijobiy hodisa. Bunda mutarjimlar bir-birlaridan tajriba o‘rganishadi. Tarjimalarni qiyoslash jarayonida har bir nusxadagi yutuq va kamchiliklar yaqqol ko‘rinib turadi. Kim badiiylikka intilganu, kim so‘zga qul bo‘lib qolgan, kimda yozuvchi uslubi maromida qayta tiklanganu, kimda o‘zidan qo‘shishlar va muallif fikrini o‘zgartirishlar ko‘zga tashlanadi – shu va shu singari jihatlarga baho berish imkoni tug‘iladi. Bu tarjimalar ichidan eng yaxshilari yillar, hatto asrlar o‘tib ham yashab qolaveradi. O‘zbek tarjimachiligi tarixida ham bunga misollar topiladi. Masalan, Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asarini XIV asrda Sayfi Saroyi, XIX asrda Ogahiy, XX asr boshlarida Murodxo‘ja domla Solihxo‘jayev, shu asr o‘rtalarida G‘afur G‘ulom bilan Rustam Komilovlar tarjima qilishgan. Adabiyotshunoslarning fikricha, shulardan eng yaxshisi Sayfi Saroyi tarjimasi ekan. Akademik V.Jirmunskiy “Gyote rus adabiyotida” nomli monografiyasida “Verter”ning XVIII asrdagi rus tarjimonlari haqida qiziqarli ma’lumotlarni keltiradi: “”Verter” tarjimasiga “Do‘stona adabiy jamiyat” deb nomlanuvchi to‘garak a’zolaridan Andrey Turgenev va Aleksey Merzlyakovlar bir vaqtda kirishishadi va ish natijalari bilan bir-birlarini muntazam xabardor qilib turishadi.” Qani endi bizda ham shunday ijodiy musobaqalar bo‘lib tursa! Yosh tarjimonlarning hududiy seminarlarida yoshlardan bir nechtasi Haynening “Lirik intermetstso”, “Lorelay” she’rlarini tarjima qilganlariga guvoh bo‘ldim. Mayli, harakat qilaverishsin, o‘quvchi o‘sha tarjimalardan eng yetugini qabul qiladi. Uzoqqa bormaylik, shu yilning o‘zida Jorj Bayronning “Don Juan” poemasi rus tilidan Sulaymon Rahmon va ingliz tilidan Abdulla Sher tarjimalarida “Jahon adabiyoti” jurnalida e’lon qilindi. Shunisi tahsinga loyiqki, shoir Abdulla Sher “Don Juan”ni asliyatdan o‘girish uchun ingliz tilini o‘rgangan.
– Bugun yurtimizda tarjimachilik sohasining rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Shunga mos ravishda tarjimonlarning yosh, navqiron avlodi yetishib kelmoqda. Matbuot sahifalarida yoshlarning ingliz, nemis, yapon, koreys, xitoy tillaridan bevosita o‘girilgan tarjimalarini ko‘rib quvonasan kishi. Lekin mazkur tarjimalarning aksariyati nuqsondan xoli emas. Yosh tarjimonlar uslubiy xatolarga, g‘alizliklarga yo‘l qo‘yishadi. Chet tilini puxta bilganlari holda ona tilimizning lug‘at boyligi, o‘zbekona so‘zlarning ma’no tovlanishlaridan bexabarliklari sezilib qoladi.
– Darhaqiqat, hozir yoshlarning bilim olishlari, chet ellarga chiqishlari, xorijiy tillarni o‘rganishlari, ijod qilishlari uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochilgan. Bu imkoniyatlardan qay darajada foydalana bilish endi yoshlarning o‘zlariga bog‘liq. Keyingi paytlarda yoshlar orasida ko‘p bo‘lyapman. Toshkentdagi Gyote institutida “Tarjimonlar harakatda” loyihasi doirasida nemis tilidan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi yosh tarjimonlarning hududiy seminarlari tashkil etilmoqda. Shunday seminarlar 2013 yilda Toshkentda, Samarqandda, Andijonda bo‘lib o‘tdi. Men o‘sha seminarlarda maslahatchi-tarjimon va tarjimashunos sifatida ishtirok etdim. Tan berish kerak, nihoyatda iqtidorli, yuragida o‘ti bor, yangilikka tashna yoshlar o‘sib kelmoqda. Orqamizda qolib, biz qilolmagan ishlarni davom ettiradigan yoshlarimiz borligidan juda sevindim. Ularning chet tillarini mukammal bilishlari, o‘sha tillarda bemalol gaplasha olishlarini ko‘rib faxrlanib ketdim. Demak, nemis tilidagi asarlarni asliyatdan o‘zbek tiliga, o‘zbek yozuvchi, shoirlarining asarlarini nemis tiliga bemalol o‘gira oladigan yosh tarjimonlar avlodi yetishib kelmoqda. Samarqandlik umidli tarjimon Oybek Ostonov asosan o‘zbekchadan nemis tiliga tarjima qilish bilan shug‘ullanadi. U A.Qahhor hikoyalarini tarjima qilib, “Der Granatapfel” (“Anor”) nomi bilan chop ettirdi. Hozir G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasi tarjimasini nashrga tayyorlash bilan band. Bundan tashqari, nemis tilidan bevosita tarjima qiluvchi Sobirjon Yusupov, Davronbek Mamarasulov, Oybek Arabov singari ko‘plab iqtidorli yoshlar o‘zbek badiiy tarjimachiligining ertangi kunini ta’minlashlariga umid bor. D.Mamarasulov tarjima qilib “Jahon adabiyoti” (2012 yil 1-soni) jurnalida chop ettirgan Stefan Svaygning “Shaxmat novellasi” anchagina ijobiy shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Faqat ular bitta hikoya yoki she’rni tarjima qilib, matbuotda e’lon qilgach, shu bilan to‘xtab qolmasliklari, yangi-yangi asarlarga qo‘l urishlari, o‘z ustida tinmay ishlashlari lozimki, shundagina badiiy tarjimadek mashaqqatli ijod maydonida nimagadir erishish mumkin.
O‘sha seminarlarda guvoh bo‘lganimdek, ayrim yosh tarjimonlarda o‘zbek tilida badiiy mushohada yuritish iqtidori sal sustroqqa o‘xshaydi. Bu nuqsondan xoli bo‘lish uchun ular: o‘zbek tilida zabardast so‘z ustalarining original va tarjima asarlarini ko‘p o‘qishlari, ulardan so‘z qo‘llash mahoratini, so‘zlarning ma’no tovlanishlarini o‘rganishlari, shoir-tarjimonlar esa, ko‘p she’r yod olishlari kerak, busiz san’atkor tarjimon darajasiga yetish mushkul. Tarjimon avvalo o‘zi tarjima qilmoqchi bo‘lgan asarning uslubi, til xususiyatlaridan kelib chiqib tarjimaga qo‘l urishi kerak. Aks holda tarjimada uslubiy g‘alizliklar, tishga tegadigan holatlarning yuz berishi turgan gap.
– Suhbat yakunida yana Gyotega qaytsak. Gyoteni o‘zbek kitobxoniga bir qadar yovuqlashtiradigan holat uning Sharqqa maftunligi, sharq adabiyotiga nisbatan cheksiz muhabbati bo‘lsa kerak. Buyuk shoir ijodidan o‘rgangan eng go‘zal fazilatlarni sanab bera olasizmi?
– Mening nazarimda Gyote, bir tomondan, yetib bo‘lmas yuksak cho‘qqi, buyuk daho bo‘lsa, ikkinchi tomondan, go‘yo har birimizga hamdard, hamfikr bo‘lib, shundoqqina ro‘paramizga o‘tirib, hayot mushkulotlaridan qutulish yo‘llarini o‘rgatuvchi maslahatgo‘y do‘stdir. Gyotega xos bo‘lgan barcha xislatlar, fazilatlar ana shu ikki qutb o‘rtasida makon topgan. Gyote shunday tinib-tinchimas, bilimga tashna, o‘rganishdan toliqmaydigan, olov qalbli Inson bo‘lganki, u egallamagan bilim, u qo‘l urmagan soha, u yuz burmagan makon, u qiziqmagan mavzu qolmagan, desa bo‘ladi. Shuning uchun, Sharq she’riyatini, madaniyatini, Qur’oni Karimu Hadisi sharifni, islom diniyu Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) hayotini o‘rganib, ilmiy va badiiy asarlar, butun bir devon yaratganiga hayron qolmasa ham bo‘ladi. Gyoteni o‘qiyverasiz, o‘rganaverasiz, qancha o‘rgansangiz, shuncha siz bilmagan qirralari ochilaveradi. Uning ijodi javohirlarga to‘la bir ummon, har kim undan iqtidori yetgancha oladi. Men uning barcha asarlarini o‘qib-o‘rgandim, iqtidorim yetgancha tarjimalar qildim, lekin hali o‘rganmaganim ko‘p. Ayniqsa, uning shogirdi, do‘sti va kotibi Yohann Peter Ekkermanning “Gyote bilan gurunglar” asarini tarjima qilishim Gyoteni anglash yo‘lida men uchun katta maktab bo‘ldi. Gyoteni har taraflama anglashni istayman, degan odam shu asarni o‘qishi kerak. Unda tilga olinmagan sohayu mavzuning o‘zi yo‘q.
Gyotedan nimalarni o‘rgansa bo‘ladi? Uning eng ulug‘ fazilati: millatparvarlik, o‘z yurti, o‘z tili va adabiyotiga cheksiz muhabbat, shu bilan birga, boshqa xalqlarga, ularning adabiyoti va madaniyatiga ham chuqur hurmat bilan qarashni; uzluksiz ham aqliy, ham jismoniy harakatda bo‘lishni; boshlagan ishni oxiriga yetkazishni; go‘zallikka, tabiatga oshuftalikni; irodalilikni; yaratuvchilik fazilatini; do‘stlarga mehr va sadoqatni; aslzodalarga xos dabdabalarga intilmaslikni; talantli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni va boshqa ko‘plab fazilatlarni o‘rganish mumkinki, ularning sanog‘iga yetish qiyin.
– “Yoshlik” jurnali muxlislariga tilaklaringiz. Yanglish opa, shu o‘rinda yoshlarga nemis adabiyotidan qaysi ijodkorlarning asarlarini o‘qishni tavsiya etasiz?
– “Yoshlik” jurnali muxlislariga kitobxonlik baxtini, bilimga tashnalikni tilayman. Kitobga mehr qo‘ygan odamdan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Ko‘p o‘qigan odam ko‘p biladi, oyog‘i ostidagi zamini mustahkam bo‘ladi. Shuncha ilm va bilim egasi bo‘lgan Gyote: “Men hech narsa bilmasligimni bilaman” degan ekan. Demak, odam qancha ko‘p bilsa, bilmagan narsasi shunchalik ko‘p bo‘ladi va u bilish uchun tinmay oldinga intilishda davom etaveradi. Gyotega xos xislatlarni egallash uchun uning asarlarini, o‘zbekchaga tarjima qilingan “Faust”, “G‘arbu sharq devoni”, “Yosh Verterning iztiroblari”, “Hamroz dillar”i, “Hikmatlar”ini, shuningdek, Nizom Komil tarjimasidagi Remarkning “Uch og‘ayni”, “Esizgina yoshligim” romanlarini, Hermann Hessening “Cho‘l bo‘risi”ni, Hafiza Qo‘chqorova tarjimasidagi Jenni Erpenbekning “Makon istab” romanini hamda o‘zbek adabiyoti yirik namoyandalarining asarlarini mutolaa qilishni tavsiya etgan bo‘lardim.
Suhbatdosh: Gulnoz Mo‘minova
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.