— Ustoz, bugungi adabiy jarayondagi Sizni qiziqtirayotgan, o‘y-mulohazaga undayotgan eng muhim muammo nima?
— Sherali, bilaman, samimiy ehtirom belgisi o‘laroq har doim bo‘lganidek, menga “Ustoz” deb murojaat etayotirsiz. Buning uchun rahmat. Biroq, ochig‘i shunday murojaat menga biroz malol keladi. To‘g‘ri, universitetda Sizga ko‘p domlalar qatori men ham dars berganman. Ammo dars bergan, ilmiy ishiga rahbarlik qilgan har bir domla ustoz bo‘lavermaydi.
Mening nazarimda, “ustoz” juda baland martaba. Men ta’lim olgan va ishlayotgan fakultetda keyingi yarim asr ichida ikki, nari borsa, uch olimgina “ustoz” maqomiga ko‘tarilgan, xolos.
Siz qo‘ygan savolga kelsak, shuni aytish mumkin: adabiyotga, adabiyot ilmiga daxldor barcha hamkasblarim kabi bugungi adabiy jarayon xususida meni o‘yga toldirayotgan muammolar juda ko‘p, biroq, ular ichida eng muhimi — so‘z san’atidagi muammolarning muammosi — shaxs jumbog‘i, fe’l-atvori, ruhiyati, ko‘ngil o‘yinlari, boringki, xilma-xil badiiy talqini masalasi.
— Shaxs jumbog‘i hamisha adabiyotning bosh muammosi bo‘lib kelgan. Xo‘sh, bugungi adabiyotimizda bu borada qanday yangi jarayonlar kechayotir?
— Bugungi jarayonlar xususida gapirishdan oldin tarixga bir nazar tashlab o‘tsak. XX asr yangi o‘zbek adabiyoti shaxs talqini bobida alohida bosqichni tashkil etadi. Muayyan sabablarga ko‘ra, asr adabiyotida shaxsni ijtimoiy munosabatlar mahsuli sifatida ko‘rsatish ustivorlik qildi. Shunga qaramay, “O‘tgan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Sarob”, “Shum bola”, “Surat”, “Xotiram siniqlari” kabi asarlarda, Cho‘lpon, Oybek, G‘.G‘ulom, Zulfiya, Mirtemir, Asqad Muxtor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Husniddin Sharipov, Rauf Parfi kabi shoirlarning “sof ko‘ngil lirikasi”da inson shaxsi, ruhiyatining hech qanaqa “ijtimoiy mezonlar” qolipiga sig‘maydigan shu qadar nozik, xilma-xil jilolari aks etganki, ularni XX asr jahon adabiyotining eng sara namunalari qatoriga qo‘yish mumkin.
— Shundayku-ya, biz o‘qigan kezlari adabiy qahramonlarni ijtimoiy mavqeiga qarab baholash, keskin ravishda “ijobiy” va “salbiy” qahramonlarga, “biznikilar” va “bizga yot” personajlarga ajratish odat tusini olgan edi.
— Bilasizmi, goho bu ikki guruhdan tashqari, “murakkab qahramonlar” ham tilga olinar, ularga esa mensimayroq qaralar, bu hol “yozuvchi pozitsiyasining noaniqligi”, “katta kamchiligi‘ deb qaralardi. Xudoga shukur, bunday ibtidoiy yondashishlar ortda qoldi.
O‘tgan yili Oslodagi Nobel instituti o‘tkazgan so‘rovda “Don Kixot” jahon adabiyotining butun tarixidagi eng yaxshi badiiy asar deb topildi. So‘rovda ishtirok etgan hozirgi zamonning yuz nafar mashhur adibi birinchi o‘rinni shu asarga berishni lozim ko‘rishdi. Nega shunday? Jahon adabiyoti tarixida buyuk asarlar ko‘p. Biroq inson zotini jamiki ziddiyatlari bilan ko‘rsatishda chindan ham bu romanga tenglasha oladigan boshqa biror asarni topish qiyin. Insonning buyukligi ham, tubanligi ham, tantanasi-yu mag‘lubiyati ham, tragik va komik mohiyati ham — barcha-barchasi shu bir g‘aroyib afanditabiat shaxs Don Kixot siymosida nihoyatda yorqin, betakror ifodasini topgan.
— Boya Siz XX asr adabiyotida inson shaxsiga “ijtimoiy yondashuv” mezonlari qolipini yorib chiqqan asarlar ham borligi xususida gapirib o‘tdingiz. Malol kelmasa, bir-ikki misol keltirsangiz.
— Qodiriy, Cho‘lpon, Qahhordan istagancha misol keltirish mumkin. Bu yerda ular haqida emas, keyinroq yaratilgan birgina asar, aniqrog‘i, Erkin Vohidovning 1973 yili yozgan “Inson” qasidasi ustida ozgina to‘xtalib o‘tsam. Mazkur she’r qasida janrining yangi namunasigina emas, mening nazarimda, XX asr o‘zbek adabiyotida inson shaxsiga, uning tub mohiyatiga yangicha yondashuv boshlanayotganidan dalolat beruvchi adabiy hujjat sifatida ham qimmatlidir.
She’r qasida ruhida inson madhi, insonni ulug‘lovchi satrlar bilan boshlanadi. Shoir shu inson qudrati, xususan, uning XX asr fan-texnika revolyutsiyasi sharoitidagi imkoniyatlari xususida so‘z ochib, koinot sahrosida karvonu sarbon, keng jahon uning kaftida ekanini aytadi. Inson izmidagi bu yorug‘ dunyo nadur, degan savolni qo‘yadi-da, keskin va shafqatsiz ravishda “koshonadur, vayronadur”, deya javob qiladi. Shu satrlardan boshlab she’rda madhiya ohangi chekinadi, shoirning ham faxr-iftixor, ham afsus-nadomatlarga to‘la armonli nolasi yangray boshlaydi, bu yorug‘ dunyo, uning sultoni sanalmish zot — insonga xos ham kuchli, ham ojiz, musbat va manfiy jihatlarini, jamiki ziddiyatlarini ochishga kirishadi:
Bunda oq birla qaro,
Zulmat, ziyo, shohu gado
Jang qilurlar doimo,
Ul yon o‘zing, bul yon o‘zing.
Sen balo, ham mubtalo,
Xayr ila kin, rostu riyo,
Fitnagar olam aro
Fatton o‘zing, qurbon o‘zing.
Inson zotiga xos shu tarzdagi ziddiyatli ta’rif-tavsif davom etadi: inson goh adolat, goh adovat qo‘ynida, o‘z dilining dargohida esa goh shayton, goh g‘ilmon; jon borki qasdi jon, qotil ham, qurbon ham, hayot ummonida qatradek sarson ham, gardon ham — shu insonning o‘zi! Mash’ali fikrat ham, changali vahshat ham — shu insonning o‘zi! Ona-zamin taqdiri shu ulug‘ va ojiz zot — insonning o‘z qo‘li, ixtiyorida. Shoir insonning inson degan ulug‘ nomga munosib bo‘lishi, farzandlik burchiga sodiq qolishi, zamin dardiga darmon, unga qalqon bo‘lishini tilaydi. Shoir insonni barcha ziddiyatlari, kuchli va ojiz tomonlari ila ta’riflamasin, baribir, uning imkoniyatlariga, dahosiga, istiqboliga ishonch bilan qaraydi, inson nomini hamisha o‘kinch, armon aralash yoniq bir mehr bilan qalamga oladi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da shu yil e’lon etilgan Abduvali Qutbiddinning “Barokko” turkumi bugungi she’riyatimizda inson dramasini ichdan ko‘rsatish, inson qalbining hech qanaqa qolip, sarhadlarni tan olmaydigan asov tuyg‘ularini teran ifodalash jihatidan hodisadir.
— Nasrda-chi, nasrda nimalar bo‘layapti?
— Qiziq bir hol: bugun adabiyot tarixidagi eng yaxshi asar deb tan olingan roman qahramoni dramasi asosida e’tiqod fojiasi yotadi. Don Kixot ritsarlik romanlari dunyosiga sho‘ng‘ib, ritsarlik aqidalari ruhi bilan yashayotgan odam, u shu aqidalarni amalga oshirish maqsadida real hayot sahnasiga chiqadi, shu tariqa uning e’tiqodi — orzu-intilishlari bilan real hayot orasidagi g‘aroyib ziddiyatlar silsilasi boshlanadi. Qarang, mana shu mangu muammo boshqacharoq tarzda bugungi adabiyotda ham davom etayapti. Keyingi yillari yozilgan va ayrim bahs-munozaralarga asos bo‘lgan Sh.Bo‘tayevning “Sho‘rodan qolgan odamlar”, Tog‘ay Murodning “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” asarlari qahramonlari fe’l-atvorlari va qismatida Don Kixotni eslatadigan nimalardir bor.
— “Jahon adabiyoti” jurnalining o‘tgan yilgi sonlarida rus adibi V.Voynovichning “Monumental targ‘ibot” romani tarjimasi e’lon qilindi. Bu roman qahramoni bilan Tog‘ay Murodning “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” asaridagi Botir firqa orasida hayratda qolarli darajada yaqinliklar bor…
— Deyarli bir davrda bir-birlaridan mutlaqo bexabar holda dunyoning ikki chekkasida yashayotgan ikki adibning romani qahramonlaridagi “hayratda qolarli” darajadagi o‘xshashlik va har ikkisidagi mushtaraklik jahonning eng yaxshi asariga borib tutashishi… Bu — so‘z san’ati rivojidagi, adabiy jarayondagi tushunish va tushuntirish mushkul bo‘lgan sir-sinoatlardan biri, balki eng qizig‘i. Bunday g‘aroyib holatlarning sodir bo‘lishida qandaydir qonuniyatlar bormikan, bular zamona zayli, davr ruhi, bugungi bashariyat, jumladan, ijod ahli tafakkuri tarzidagi xos xususiyatlar oqibati emasmikan, degan o‘ylarga borasan, kishi.
Darhaqiqat, “Monumental targ‘ibot”dagi Aglaya bilan “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romanidagi Botir firqa, biri ayol, ikkinchisi erkak ekanligini mustasno etganda, ko‘p jihatdan bir-birlariga yaqin: ikkalovi ham deyarli tengdosh, 20-yillar oxiri — 30-yillari tarix sahnasiga chiqqan, butun vujudi kommunistik mafkura, e’tiqod g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan, shu e’tiqod yo‘liga jonini tikkan, kompartiya arbobi — raykom kotibi darajasiga ko‘tarilgan, mustabid tuzum siyosatini amalga oshirishda sobit turgan ikki arbob bu yo‘lda hech kimni, o‘zlarini ham, o‘zgalarni ham ayamagan. Har ikkisiga ham uzoq umr nasib etdi. Ular deyarli asr tengdoshi. Asr oxiriga kelib, ular amal qilgan e’tiqod sarob bo‘lib chiqdi, ular o‘z qo‘llari bilan yaratgan haybatli qasrlar birin-ketin qulab tusha boshladi, biroq ular otdan tushsa ham egardan tushishni istamadilar, ular tagi puch e’tiqodlariga sodiqligicha qoldilar. Ularning fojiasi, ham ayanchli, ham kulgili qismati ana shu jarayonda juda yorqin namoyon bo‘ladi. Shunisi muhimki, har ikki asarda ham soxta e’tiqod qurbonlarini oshkora qoralash, masxaralash, fosh etishga urinish yo‘q; ikkala asar muallifi ham qahramonlarini bir tirik inson sifatida tushunib, ularga ham oson emasligini, ularning tashvishlarida muayyan asoslar ham borligini chin dildan his etib, qalam tebratadilar. Har ikki asar qahramonlari ham realizmning bugungi kundagi noyob ehsoni, ikkalovi ham xuddi tirik inson sifatida bor fe’l-atvori, dardi-dunyosi bilan ko‘z oldingizda “mana men” deb turadi.
Mushtarak jihatlariga qaramay, har ikkisi ikki olam: Aglaya — rus ayoli, rus zamini odami; Botir firqa esa sof o‘zbek farzandi. Aglaya nogahon portlash oqibatida o‘z e’tiqodining ramzi, necha yillar ne-ne mashaqqatlar bilan xonadonida asrab-avaylab kelgan dohiy haykali ostida qolib halok bo‘ladi. Botir firqa — bundan-da og‘irroq qismatga mubtalo: u poyoni va yechimi yo‘q muammo hamda iztiroblar girdobida yashashda davom etadi…
Men uchun Botir firqa obrazi har qancha ardoqli bo‘lmasin, Aglayaning badiiy ko‘lami kengroq, asardagi ifoda yo‘llari esa rang-barang ekanligiga havasim keladi. Ayni paytda, muayyan kam-ko‘stlariga qaramay, baribir, Botir firqa obrazi bugungi o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos hodisadir…
— Shaxs e’tiqodi, fojiasi talqini Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat” romanida ham bor. Men asardagi Amir obrazini nazarda tutayapman.
— “Muvozanat”dagi Amir ham e’tiqod qurboni. Biroq, Amir fojiasining ildizlari o‘zgacharoq. Aglaya va Botir firqa tarix sahnasidagi o‘tkinchi, tagi puch g‘oyalarga aldangan kimsalar bo‘lsa, Amir — mangu barhayot diniy-islomiy e’tiqod odami. Payg‘ambarimiz o‘z ummatlariga: “Ey, insonlar, din ishlarida haddan oshishlikdan saqlaninglar! Sizdan avvalgi ummatlarning halokatiga din ishlarida haddan oshganliklari sabab bo‘ldi”, — deb vasiyat qilganlar. Amir fojiasi — din, diniy-islomiy e’tiqod bobida haddini bilmagan mutaassib odamning fojiasi. Amirning ayanchli qismati diniy-islomiy qadriyatlarni tiklash jarayonida yuzaga chiqqan bandai ojizlikning bir ko‘rinishi. Aslida ziyoli — muallim, yaxshigina shoir bo‘lgan bu odam dunyo ishlari, tashvishlaridan butunlay yuz o‘girib, faqat taqvo, toat-ibodat, boriga shukur qilib, faqirona kun kechirish yo‘lini tutadi; o‘zi qolib, o‘zgalarni ham shu yo‘ldan borishga majbur etadi, hatto o‘zgacha qarashdagi otasi, onasiga, og‘a-inilariga, yaqinlariga ham kun bermaydi, ertayu kech ibodat bilan bo‘lib, tanglik sharoitida oilasini, kasalmand turmush o‘rtog‘ini, farzandlarini mushkul ahvolga solib qo‘yadi. Holbuki, ustoz ko‘rmagan chalasavod bu odam chillaga o‘tirmasin edi; telba bir holatda darbadar tog‘ safariga chiqib, nogohon do‘zax azobiga duch keladi, o‘g‘rilikda gumon qilinib, sharmandalarcha sazoyi etiladi…
Romandagi eng yorqin, kontseptual personajlardan biri shu Amir obrazidir, Amir yosh yozuvchining chindan-da badiiy yutug‘idir.
— Romandagi Yusuf, Said, Mirazim ham yorqin xarakter, kontseptuallik bobida Amirdan qolishmasa kerak…
— Albatta. Lekin baribir, Amir obrazining asardagi o‘rni, maqomi o‘zgacha, beqiyos…
— Umarali aka, hozircha biz bugungi nasr personajlarini biroz umumiyroq yo‘sinda, aniqrog‘i, ularda tajassum topgan badiiy kontseptsiyaga qarab baholayotirmiz. Bunga e’tirozim yo‘q. Ammo asarda personaj qismati bilan bog‘liq shunday lavhalar, hatto kichik detallar bo‘ladiki, ular personajning bor bisotini chaqmoqdek yoritib yuboradi…
— “Muvozanat”da shunday bir lavha bor. O‘g‘rilikda gumon qilinib, cho‘ponlar tomonidan qip-yalang‘och holda yo‘l yoqasidagi ulkan toshga chirmab tashlangan Amir uyat, xo‘rlik, kaltak azobidan ham ko‘ra tashnalikdan qattiq aziyat chekadi. Foniy dunyoning lazzatlaridan yuz o‘girib, taqvo yo‘lini tutgan bu kimsa ajal yoqasiga kelib qolganida osmondagi bulut parchasi bir qur savalab o‘tgan yomg‘irdan o‘ziga kela boshlaydi. Mana, uning o‘sha topdagi holati: “U tamshanib, lablarida hali qurib ulgurmagan yomg‘ir tomchilarini yutoqib yaladi va cheksiz lazzat tuydi, bundan hatto boshi gir aylandi” (ta’kid bizniki — U.N.). Qarang, Amir qanchalik taqvodor, mutaassib, g‘oya odami bo‘lmasin, baribir inson bolasi sifatida shu yorug‘ dunyoning bir tomchi suviga zor ekan-ku, undan cheksiz lazzat tuyar ekan-ku?! Amir tutgan yo‘lning g‘ayritabiiy, g‘ayriinsoniy ekanini bundan-da oshirib ifodalash mumkinmi?!
— Lekin, baribir, u taqvodorligicha qoladi, shu topda u o‘zini jannatda deb his etadi. Muallif: “Negadir xayolida “jannat” so‘zi chaqnadi”, — deb yozadi.
— Amirning fojiasi ana shunda-da. U pand-nasihat, hayotning shafqatsiz saboqlari tufayli darhol o‘zgarib qoladigan banda emas. Ana shu Siz keltirgan jumlada ham bu shaxsning kimligi, o‘jar tabiati yaqqol ko‘rinib turibdi.
— Amirni shartli ravishda “kitobiy odam” deb atash mumkin. “Muvozanat”dagi markaziy personaj Yusuf esa “tabiiy odam”, zamon kishisi ekani bilan ajralib turadi.
— Yusufda ham muayyan e’tiqod mavjud, u diniy qadriyatlar ahamiyatini aslo rad etmaydi, ammo u, avvalo, dunyoviy fan, zamon kishisi; hayotini millatning haqiqiy tarixini yaratish yo‘liga tikkan, zamonni, davr o‘zgarishlarini teran his etadigan tarixiy jarayon, yurt istiqboli haqida mustaqil qarashlarga ega yetuk bir shaxs. Bozor iqtisodi munosabatlariga o‘tish davri to‘fonlari bu yigit boshqargan hayot kemasini shafqatsiz sinovlarga duchor etadi. Mana shu to‘fonlar girdobida u boshqargan kema sohilning goh u, goh bu tomoniga borib keladi. Bu yigit ko‘pdan-ko‘p mushkul savdolarni boshdan kechiradi, moddiy muhtojlik jabrini tatiydi, oilasi, farzandidan ajraladi, muayyan muddat sevgan kasbidan ketadi, tabi suymagan yumushlarni ado etishga majbur bo‘ladi. Roman muhokamasi payti Yusufdek yetuk ziyolining o‘z insoniylik sha’nini toptab, tirikchilik deb, shu xil ko‘chalarga kirishi xususida e’tirozlar ham bildirildi. Nachora, buni hayot, deydilar. Agar Yusuf qismati, ruhiyatidagi jarayonlar tasvirini sinchiklab kuzatsangiz, u ne-ne o‘y-xayollarga bormasin, turli-tuman ko‘chalarga kirib chiqmasin, goho adolatsizlik, nochorlik tufayli har qancha o‘rtanmasin, baribir qalbining tub-tubida o‘zligiga, adolat tuyg‘usiga sodiqligicha qoladi, millat, yurt qayg‘usi haqida o‘ylashdan bir zum ham to‘xtamaydi…
— Yana bir masala xususida fikringizni bilmoqchi edim. Mening kuzatishimcha, keyingi yillar o‘zbek adabiyotida inson umrining eng so‘nggi daqiqasi — o‘lim tasviri, talqinida ham qandaydir o‘zgarish, yangilanish sodir bo‘layotganday…
— Qarangki, sho‘ro davri adabiy siyosati hatto inson umrining eng so‘nggi daqiqasi — o‘lim, hijron tasviriga ham ta’sirini ko‘rsatgan edi; hijron va o‘limni tasvirlash qaltis ish sanalardi, asarni mumkin qadar judoliklarsiz, optimistik tarzda yakunlash urf bo‘lgandi, mabodo hijron, o‘lim qalamga olingudek bo‘lsa, u, albatta, kommunistik mafkura, siyosat ruhi bilan yo‘g‘rilgan bo‘lishi darkor edi.
So‘nggi yillari adiblarimiz jahon adabiyotining bu ko‘hna muammosini yangicha, aniqrog‘i, umumbashariy miqyoslarda turib, chin insoniy nigoh bilan yoritish yo‘liga dadil o‘ta boshladilar. Zulfiyaning “Xotiram siniqlari”, Said Ahmadning “Qorako‘z majnun”, “Oftoboyim” hikoyalari, Omon Muxtor, Ulug‘bek Hamdam romanlari, iste’dodli shoirlarimizning o‘nlab she’rlari da’vomizga misol bo‘la oladi.
— Milliy universitetda “Muvozanat” muhokamasiga bag‘ishlangan anjumanda asardagi o‘lim tasviri talqini xususida aytgan mulohazalaringiz tinglovchilarda qiziqish uyg‘otdi…
— Romanda bir emas, uchta o‘lim tasviri bor. Uchalasi uch xil ruhda talqin etilgan. Chaqaloq o‘limi tasvirlangan 54-bobga har gal qayta ko‘z tashlaganimda qalbimda titroq turadi. Ilk bor shu bobni o‘qiganimda kechki soat o‘n ikkilar edi. Keyin roman mutolaasini davom ettirolmadim. Tuni bo‘yi mijja qoqmay chiqdim. Ko‘z oldimda — qishloq kasalxonasi koridorida iztirob va umid bilan Oygul yonida o‘tirgan Yusuf. Ichkarida — palatada jon talashayotgan go‘dak. Shu orada shifokorlarning jarangdor kulgisi, jon talashayotgan go‘dak tepasida turib, bir-birlariga latifa aytib kulishlari. Ular orasida shahardan kelgan taniqli vrach — Yusufning bolalik do‘sti Mansurning ham borligi, shifokorlarning Yusufga “mehribon”chiligi — koridorga chiqib turishni maslahat berishlari — go‘dak “tayyor bo‘lgan”da chaqirajaklari… Bunday “iltifot”dan Yusufning yarador sherdek hayqirishi, odam shaklidagi maxluqlarga hamlasi, to‘s-to‘polon paytida maxluqlar qallobligining oshkor bo‘lishi… Bulardan ham dahshatlisi, ota va ona, yaqinlar diydoriga zor holda jon taslim etolmay yotgan go‘dak holati; tepasida yaqinlari, ota-onasi paydo bo‘lganini sezgan go‘dakning qaboqlarini ochib dovdirashi, o‘ziga qarab turgan chehralarga bir-bir boqishi, goh onasi, goh otasiga talpinishi, nihoyat, u dadasida qo‘nim topishi, majolsiz holda: “Dada”, — deya shivirlashi, ko‘zlaridan so‘nggi ikki tomchi yoshning chekkasiga yumalab tushishi… Bu yerda hech qanaqa sentimental chuchmallik yo‘q. Balki mardona, shafqatsiz haqiqat bor! Chaqaloqning shu so‘nggi: “Dada”, — degan majolsiz shivirida, ko‘zlaridan dumalab tushgan ikki tomchi yoshda butun olamni larzaga solgudek drama bor! O‘z nasli, zurriyoti taqdirini odam shaklidagi maxluqlarga, yulg‘ichlarga topshirib qo‘ygan otagagina emas, umuman, nokomil inson zotiga malomat bor!..
Gulshodaning o‘limi tasvirida biz boshqacha kayfiyatga tushamiz. Turmush mashaqqatlaridan, mutaassib erning telbalarcha nag‘malaridan, xastalik azoblaridan sabr kosasi to‘lib-toshgan bu ayol o‘zini o‘zgalarga ortiqcha yuk sanab, o‘z joniga qasd qiladi, o‘zini osadi. Biroq u jon talvasasi paytida katta gunohga qo‘l urganini, qilayotgan ishining butun dahshatini birdan anglab yetadi, ahdidan qaytib, bo‘ynidagi sirtmoqdan chiqishga urinadi. Afsus, vaqt o‘tgan edi, uni ajal o‘z komiga tortib ketadi. Gulshoda halokati Sizda qandaydir armon-o‘kinch, afsus-nadomat tuyg‘usini uyg‘otadi. Qanchalar mushkul bo‘lmasin, inson zoti bu yorug‘ dunyoda umri oxirigacha yashashga, kurashishga majbur, o‘z joniga qasd qilish, baribir, gunohi azim…
Romandagi keksa ena o‘limi ifodasi esa qisman A.Kamyuning “Begona” qissasidagi talqinni yodga tushiradi. Qiziq hol: bu yorug‘ dunyoda yoshini yashab, oshini oshab o‘tgan kampir o‘limi tufayli yaqinlari aza ochishadi, bel bog‘lab jamiki rasm-rusumlarni joyiga qo‘yishadi, lekin ularning har biri, jumladan, Yusuf ham bu o‘limni ichda loqayd qabul qiladi. Azadagi barcha odamlar kabi Yusuf xayoli ham o‘z tashvish-muammolari bilan band…
— Suhbat asnosida bir muhim haqiqatga iqror bo‘ldim: adabiy jarayon bilan barobar adabiy-tanqidiy fikr ham betinim o‘zgarib, yangilanib borayapti. Bugungi adabiy tanqid o‘n yil, hatto besh yil burungi tanqid emas. Hozirgi nazariy qarashlar, talqinlar ham boshqacha. Oxirida bir sub’ektiv — xususiy savol: mana shunday o‘zgarishlar sharoitida Siz o‘zingizni qanday his qilayapsiz?
— Bu savolingizga yapon adibi Yasunari Kavabataning so‘zlari bilan javob bersam. “Men, — deydi u, — o‘z tajribamdan shuni yaxshi bilamanki, vaqt o‘tishi bilan qarashlar o‘zgaradi, o‘tmishdagi va hozirgi yozuvchilar haqidagi, xususan, o‘z yozganlaring haqidagi fikrlar o‘zgaradi. Ba’zan bunday o‘zgarishlar hayron qolarli tarzda kechsa, ba’zan sezilar-sezilmas holda o‘tadi. Butun umri bo‘yi faqat bir xil qarashlar bilan yashagan adabiy tanqidchi yo daho bo‘ladi yoki tentak”. Bundan oshirib bir narsa deyish qiyin. Bugungi kunda bizda daholikka da’vogar birorta ham munaqqid yo‘q. Tentak bo‘lishdan esa Ollohning o‘zi asrasin!
Suhbatdosh: Sherali Sokin
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 12-sonidan olindi.