Sobir O‘nar: “Yaxshi asarlar yozishga intilish kerak” (2020)

– Sobir aka, asarlaringizni o‘qigan kitobxon tanti va sodda qishloq odamlari orasida yurgandek bo‘ladi, xuddiki, ular yaqin odamlaring, jigarlaringdek tuyuladi. Ayting-chi, bu qahramonlaringizning hayotda prototipi bormi yoki to‘qima obrazlarmi?

– Yozuvchi odam prototipni qanchalik o‘ylab topdim degani bilan baribir voqeaning yoki xarakterning qaysi bir jihati bilan o‘sha asardan hayotdagi bir prototip bo‘y ko‘rsatib turaveradi. Menimcha, aslida o‘ylab topgan yaxshiroq. O‘ylab topilgan obraz o‘zi uchun yoqimliroq bo‘ladi, lekin hayotda yashaganingdan keyin zamondosh yoki taqdirdosh bo‘lgan odamlarning hayoti haqida o‘zgacha yoki o‘zga odamnikini yozishing qiyin. Chunki, yozuvchi xohlaydimi-xohlamaydimi, u baribir qalb odami. Atrofini, o‘zining qalbiga yaqin odamlarni, qahramonlarni, shuningdek, o‘ziga yaqin bo‘lgan insonlar taqdirini nazardan o‘tkazishga majbur. Adib so‘zi qandaydir o‘quvchidan yiroq, qanaqadir bir ko‘pchilikdan ustun yozuvchilik qobiliyatiga ega degan tushuncha emas. Yozuvchi ham bir odam, uning, ehtimol, ojizligi ham, o‘quvchiga yaqinligi ham shundan bo‘lsa kerak.

– Asarlaringizda milliy o‘yinlarimizdan biri ko‘pkari ko‘p uchraydi. Masalan, “Bir o‘larman chavandoz”, “Aka-ukalar”, “G‘ov” hikoyalaringizda bu bo‘rtib ko‘rinadi…

– Ko‘pkari xalq o‘yini, jahonda boshqa xalq o‘yinlariga nisbatan ko‘proq tomoshabop. Tomoshabinni zavqlantirishga qodir chavandoz va uning otiga ham bo‘lgan ixlosingni chandon oshiradigan bir o‘yin. Shu ma’noda, men endi aynan ustoz yozuvchi Tog‘ay Murod va boshqalar singari ko‘pkari va chavandoz mavzusini alohida qalamga olaman deb o‘ylamaganman, ma’lum bir o‘zimning yuragimga ta’sir qilgan vaziyatlarda shularni qoralab qo‘yganman. Siz tilga olgandan tashqari boshqacharoq, yirikroq hajmdagi yana bir narsa yozildi. Masalan, ko‘pkari nimasi bilan odamni maftun qiladi yoki nimasi bilan jozibali? O‘ylaymanki, ko‘pkarida polvonlikdan tashqari mardlik, keskirlik, ma’lum bir manfaatlardan kecha olish jasorati ham bo‘ladi. Mana shunday qahramonlarimdan biri keyingi hikoyalarimda bo‘rtibroq ko‘rindi. Yaqin kunlarda matbuot yuzini ko‘rsa kerak.
Lekin, menimcha, yozuvchining hayotida mavzu cheklanmaydi. Aynan ko‘pkari degan mavzuga intilmagan bo‘lsam ham, o‘sha chavandozlarning ichida, ehtimol, qarindoshlarim bo‘lganligi sababli, ularning turmush tarzi me­ning hayotimga ma’lum ma’noda singib ket­gan. Ularni begona deb hisoblamayman. Shuning uchun o‘zimga yaqin mavzu, ko‘ngilga yaqin, agar kerak bo‘lsa, o‘quvchigayam ma’lum ma’noda yaqinlik kasb etsa, shundan xursandman.

– Asarning kitobxonni sehrlab qo‘yishi, uni tobora o‘ziga jalb etishining sababi nimada deb o‘ylaysiz?

– Bu, avvalambor, adibning mahoratiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Masalan, shuni jo‘nroq qilib tushuntirish mumkin. Bir xil mavzuda juda ko‘plab qo‘shiqlar yaratiladi va ayrim qo‘shiq ijrochilarigina bizga yaqinroq. Biz ularni ko‘proq sevib tinglaymiz. Shu singari adabiyotda ham yangi mavzuning o‘zi yo‘q. Har kim o‘zining, masalan, ijtimoiy hayot bo‘ladimi, sevgi-muhabbat haqida bo‘ladimi yoki siyosiy mavzuda bo‘ladimi, bundan qat’i nazar yozuvchi uni o‘quvchiga ohanrabodek yoqimli va jozibali qilib yetkaza olishi mumkin – yozuvchining vazifasi shu. Agar o‘quvchiga ma’lum ma’noda yaqinlik bilan yetkazar ekan, bu muvaffaqiyat – faqat mahorat bilan bog‘liq bo‘lgan sir.

– “Davlatning qaytishi” hikoyangizda asosiy maqsad har bir inson o‘z taqdirini o‘zi yaratadi, baxtli onlarni o‘z qo‘lida tutib qolishga qodir bo‘lgan insonlargina baxtliman deb aytishga haqli ekanligini uqtirmoqchi bo‘lgansiz. Hikoyani o‘qish asnosida asar oxiri yaxshilik bilan tugasa kerak degan fikrni yuragimdan o‘tkazib turgan edim. Umuman, hikoyada Davlatning taqdirini fojiali yakunlashdan maqsad nima? Unda nima nazarda tutilgan?

– Hikoya janriga qo‘l urganimdan beri birinchi marta ma’lum bir ma’noda ikki yo‘nalishni bitta hikoyaga singdirishga harakat qilganman. Bu yerda men o‘zim aslida o‘sha Davlatni yaxshi ko‘rib, unga uka sifatida ixlos qilib yondashganman. Lekin menga, baribir, dunyoning bevafoligi, o‘sha yosh bir yigitga nasib qilayotgan, ayni paytda ismiyam Davlat, uning qo‘liga oson kirayotgan davlat ham aslida judayam omonat ekanligi va mana shu sovuqqon dunyoning odamga mehribon emasligi, davlat qo‘lning kiri sifatida qolib ketishi, yosh bir yigitning erta umri xazon bo‘lishi, uning atrofida do‘stlari bo‘lishi, ma’lum ma’noda o‘sha yoshlarga xos bo‘lgan kayf-u safo qilib yurishlari ham faqat omonatning o‘zginasi. Ayni paytda o‘ziyam omonat. Shuni, ehtimol, ta’kidlagim kelgandir. O‘ylaganlarim shular. Agar aql o‘rgatmoqchi bo‘layotgan bo‘lsam o‘quvchiga shuni uqtirmoqchi bo‘lganman, xolos. O‘sha jozibayam, o‘sha yoshlik ham qo‘lga kiritilgan mol-u davlat, bu bazm-u jamshid faqat omonat. Bu bir lahzada o‘tib ketayotgan jilvalar, xolos. Sarob. O‘shandan keyin qirq yoshgayam yetmasdan shamolday o‘tib ketdi. Bu hayotda aslida bor yigit. Buni tanib qolishlaridan hadik olganman. Qisqasi, bu dunyoning o‘ta sovuqqonligini dunyo bizning bino qo‘yishimizga arzimaydi degan gapni aytmoqchi bo‘lganman.

– Realistik yo‘nalishda ijod qilasiz, bu siz uchun qulay usulmi?

– Realizm – eskirmaydigan uslub. Ramziylik, timsollar, metaforalarga qarshi emasman. Chunki Sharq adabiyoti – ramziylik ko‘proq aks etadigan adabiyot. Kerak bo‘lsa, xalq og‘zaki ijodi, dostonlarimizda ham, biz xohlasak-xohlamasak, ichidan timsollar chiqib kelaveradi. Masalan, “Go‘ro‘g‘li” obrazi. U mard davlat boshlig‘i, uning qirq yigiti ko‘paymaydiyam-kamaymaydiyam. Qaysidir mamlakatga yurish qiladimi, albatta, g‘olib chiqadi. Va ayni paytda befarzand. Nima uchun farzandi yo‘q? Qudratli podshoh bo‘lsa. Uning tug‘ilishi ham g‘alati. Onasi vafot etgandan keyin, go‘rda tug‘iladi va o‘zi parilarga uylanadi. Yunus pari bilan Misqol parilar uning malikalari. Ma’lumki, hayotda va afsonalarda, diniy asarlardayam parilar farzand ko‘rmaydi. Chunki ular farishtalar. Go‘ro‘g‘li farishtalarga uylangan va bundan keyin ham farzand tug‘ilmasligi aniq. Bu g‘alati bir timsol. Lekin mardlik, polvonlik, jasorat, adolatsizlik ustidan doim g‘alaba qilishlari, Avazxon bo‘ladimi, Hasanxon bo‘ladimi va boshqalarga yor tanlashda har doim ko‘makdosh bo‘lib kelgan. Ma’lum bir oddiylik bor, oddiylikning orqasida sirlilik, ya’ni o‘zi farzand ko‘rmay turib, asrandi o‘g‘illarining hammasini baxtli qilishga harakat qilgan podshoh. Shu ma’noda, biz o‘ylasak-o‘ylamasak, o‘shalarga qaytishga majbur bo‘lamiz.
Sizga ma’lumki, “Chambilbelning oydalasi” nomli qissam bor. Bu qissada “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonidan foydalanganman. Mening zamonaviy qahramonim o‘ladi-da, go‘rda tirilib qaytib keladi. Qaytib kelgach, baribir avvalgi paytdagi g‘irromliklarning ustidan chiqadi. Zamondosh va tengdoshlariga qo‘shila olmaydi. Yana unga yondosh bir obraz bor. Otaqul qirg‘iy. U oqsoqol odam, gapi keskir, faqat qishlog‘ida emas, boshqa joylarda ham ta’siri kuchli. Uyam taqdir taqozosi bilan o‘g‘rilarning qo‘liga tushadi-da, dashtda qolib ketadi. Cho‘lda yilqiboqarlik qilishiga to‘g‘ri keladi. Zamonaviy boylarning qo‘liga bejiz tushmagan; sinchiligi, otboqarligi, ko‘pkaridagi beqiyos tajribasi minglab yilqisi bor boyga qo‘l keladi. Bizning “Go‘ro‘g‘li” bilan ikkovi bir-birini bilgan holda yondosh yashaydi. Ularning qarindoshlik jihatlari ham bor. Otaqul qirg‘iy oxirida o‘sha dashtdan qochish imkoniyati tug‘ilganda “sizni olib ketaman” deb taklif qilinganida “men ketmayman” deydi. Uning o‘ziga xos sababi bor. U el ustida yurgan oqsoqol odam, elga aql o‘rgatib yurgan odam ma’lum bir muddat qulchilik qilishga majbur bo‘ldi. Ana shu isnodni ko‘tara olmadi. Isnod shunday, bundan ko‘ra o‘lib ketgani va dom-daraksiz ketgani afzal edi. Uni bedarak ketgan deb qidirishadi, topisholmaydi. Bu yerda men urg‘u bermoqchi bo‘lgan gapim shu – xalqning oqsoqoli bo‘lgan odam endi bir muddat yo‘q bo‘lib ketdimi, bunaqa g‘ururli odam elga qo‘shilmasligi aniq. Buni endi eksperiment, ma’lum jihatlari modern adabiyotga taalluqli deb talqin qilish ham mumkindir. Ba’zi adabiyotshunoslar gapirgan, lekin o‘zim mohiyatini yaxshi anglaganim uchun o‘sha ramzlardan foydalanishga harakat qilganman. Biroq realizm ustuvor. O‘sha timsollar ham bor. O‘zimning zamonaviy qahramonim xiyonat qurboni bo‘ldi. O‘zining do‘sti xiyonat qildi. Oqibatda u o‘limga yuz tutadi-da, aslida o‘lmaydi, klinik o‘lim bu – realizm. Lekin ayni paytda qabristonga qo‘yib qaytib kelishgandan keyin, u o‘zining avvalgi holatiga qaytib, tirilib keladi. O‘sha cho‘ldagi Otaqul qirg‘iy bilan uchrashadi. Mening o‘ylaganlarim – dunyo tor va ayni paytda dunyo keng. Dunyoning torligi mana shu ikkita taqdiri bir-biriga juda o‘xshaydigan odamlar shu dunyoning o‘zida ham ko‘rishdi. Ular vafot etib, ruhlari narigi dunyoga borib uchrashishi shartmas deb uchrashtirdim. Bu hayot haqiqatiga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, bilmayman, biroq yozuvchi sifatida ishontirishga harakat qildim. Shu ma’noda timsollar, ramziylikka ham murojaat qilaman, lekin baribir meni realistik qahramonlar ko‘proq maftun etadi. Menga masalan, kulgili obrazlar ham yoqadi, Bulgakovning, Gogolning asarlari yoqadi. Ayniqsa, Shukshin asarlaridagi rus qiyofasi, rus xarakteri judayam ma’qul keladi. Sholoxovdagi katta epik ko‘lamdagi juda real obrazlar hatto Tolstoydan oshib tushgan. Masalan, Tolstoy narigi asrning voqeliklarini ifodalagan bo‘lsa, Sholoxov bizga yaqinroq, chunki bizga taqdiri ma’lumroq bo‘lgan odamlarni, obrazlarni, fojialarni ko‘proq epik ko‘lam bilan tasvirlaydi. “Tinch Don” – to‘rt kitobdan iborat asar. Shu asarni yaxshi ko‘raman. Realistik adabiyot, realistik qahramonlar hayotda borligi, ularning rostligi ko‘proq ta’sir qilaveradi.

– Asarlaringizda ko‘plab shevaga xos so‘z va iboralarni ishlatgansiz. Jumladan, “qora tovon”, “kichik nashaxona”, “cho‘bir”, “kechin ola”, “chag‘at joy”, “tosrayib”, “ertalabga dovur”, “toshdevol”, “murdor bo‘ldi”, “orqasi yer iskamas jaydari tabilchi”, “bu o‘larman”, “bir pasilda”, “shuytib”, “chakamik”, “dustaman”, “sho‘rg‘alab” kabilarini uchratamiz. Boshqa asarlaringizda ham bu holatni kuzatamiz. Shubhasiz, u asarning o‘qishliligini oshirgan. Lekin siz izoh bermay ketasiz. Bu o‘quvchini sinashmi yoki baribir tushunadi degan ishonchmi?

– Dastlabki hikoyalarimda nashr mas’ullari izoh talab qilishar edi. Keyin ma’lum bir muddat “Yoshlik” jurnalida ishlaganimdan keyin “Til sandig‘i” degan rukn paydo bo‘ldi. Bu yerda sheva so‘zlari keltirilardi-da, adabiy tilda izohlanar edi. Rahmatli Ravshan Fayz bilan birga shu jurnalda faoliyat ko‘rsatganimizda Qo‘shrabot shevalarini to‘plaganmiz. Keyin o‘sha so‘zlarning ba’zi birlarini “Navoiy asarlarining izohli lug‘ati”da ko‘rdim. Biz sheva deb ishlatayotgan so‘zlar qachondir xalq orasida badiiy so‘z sifatida ishlatilgan. Navoiy o‘z asarlarida ayrim shevalarni adabiy so‘z sifatida ishlatgan. Siz tilga olgan so‘zlarning aksariyati adabiy tilda muqobili yo‘q so‘zlar. Masalan, adabiy til doim bir joyda qotib turmaydi, yangi so‘zlar hisobiga boyib borishga majbur. Deylik, suvda qulochkashlab suzish – “moltish” degan so‘z bor. Adabiyotda ham yo‘q, adabiy tildayam yo‘q. Moltimoq – suvda qo‘l bilan oldinga harakat qilmoq. Oddiy bitta fe’l. Shu ma’noda men endi juda ba’zi birovlar o‘ylaganiday shevaga o‘chmasman, lekin ayni paytda o‘sha qishloqda yashagan 18 yillik hayotimda o‘zlashtirgan, ongimda qolib ketgan so‘zlarni kerakli joylarda qo‘llab ketishni yaxshi ko‘raman. Adabiy tilda yo‘q so‘zlar shevalar hisobiga boyisa, yomon bo‘lmaydi.

– “Intizor” hikoyangizda muharrir uylanib bir bolaning otasi bo‘lsa-da, lekin juvonni uchratishga jon-dildan ishonib turibman deydi. Uni nima majbur qiladi, nima uchun bu qarorga keladi? Siz muharrirning juvonga bo‘lgan muhabbatini ko‘rsatyapsizmi?! Bu holatni qanday izohlaysiz?!

– Buyam avvaldan bir qismi yozib qo‘yilib, keyinchalik davom ettirilgan va tugatilgan hikoya. Yozuvchi odamning ba’zan yalqovligi, dangasaligi pand beradi. “Tanovar”da “Asl yoring bo‘lsa, xo‘p toza bo‘lsa” degan joyi bor. Asl yorning egasi, baxtli bir inson yozayotgan bo‘lishi mumkin. Xalq qo‘shig‘i deyiladi, lekin uniyam birovlar to‘qiydi baribir. Odam hech qachon hayotda ham, o‘sha o‘zining baxtidan ham kerak bo‘lsa, o‘zining visoliga yetishgan ayolidan qoniqish hosil qilmaydi. Odamzod shunaqa yaratilgan-da. To ko‘z tirik ekan, boshqa ideal ayollar kelaveradi. Shu ma’noda, avval uchrashgan, o‘sha ko‘z oldida qolgan ayolini qachondir uchratishga ko‘zi yetib turadi. O‘sha ideal ayol qachondir ro‘parasidan chiqib qolishiga yoki birdaniga hayotiga kirib kelishiga odam qanaqadir ertakka ishongandek ishonib yuraverishi mumkin. Va hayotda shu ro‘y berishi ham mumkin, aslida. Lekin odam hayotda kechikkan bo‘ladi. Faqat o‘sha insonning timsolini ko‘ra oladi. Yuzi, ko‘zi, kerak bo‘lsa, mehrini his qila oladi. Lekin unga erisha olmaydi. Hayot o‘zi shu. Hayot o‘zi erishish uchun imkoniyatlar yaratadi, lekin erishtirmaydi. Hayotning qiziq tomoni ham o‘zi shu. Ideallarimdan bittasi shu hikoya.

– “Otamzamon hangomalari” asaringizni o‘qib, yozuvchi kundaligini o‘qigandek bo‘ldim. Bu asarni yozish fikri sizda qanday bo‘ldi? Asardagi qahramonlar barchasi siz tug‘ilib o‘sgan qishloqda yashagan va yashamoqda. O‘quvchilaringiz bu asarga qanday munosabatda bo‘lishdi?

– “Otamzamon hangomalari” nisbatan keyingi yillarda yozilayotgan holat. Odam og‘ir o‘ylardan, og‘ir g‘oyalardan chiqib ketishning ba’zi bir yo‘llarini axtarib yuradi. Masalan, katta san’atkorga ham har doim “Munojot” yoki “Cho‘li Iroq”ni qayta-qayta buyurtma berganing bilan aytgisi kelmay qoladi. Shu ma’noda “o‘zim bilgan odamlarning hayotidan kichik hangomalar yozib ko‘rsam-chi” degan fikr bor edi. Buyam eksperiment aslida. Hayotligida Abdulla Oripov ko‘p e’tirof etardi. “Sobir, o‘zing bilgan odamlar haqida kattaroq bir nima mo‘ljallab qo‘y”, derdi. Lekin bu odamning kayfiyati bilan bog‘liq, bularning deyarli ko‘pchiligi qarindoshlar, bobolar, momolar. Ularning birovga o‘xshamaydigan qiliqlari, fe’l-atvori, xarakteri, kerak bo‘lsa, esda qoladigan hayotidagi qiziqarli voqealar. Buni hikoya deb da’vo qilmayman. Hangoma-da.
Latifa bilan hikoyaning o‘rtasida – hangoma degan janr bor. O‘tirib-o‘tirib hangoma ustida, suhbatlashib bo‘ladigan narsa. Unda tugallik talab qilinmaydi. Badiiy chuqurlik ham, ehtimol, talab qilinmas yoki timsollar bilan ko‘rsatish ham shartmasdir. Bor-boricha, yo‘q holicha. Boyagi gapning davomi, o‘sha mashhur hofiz orada “Yor-yor”niyam aytsa, yaxshi bo‘ladi. Yozuvchiyam og‘ir g‘oyalar, og‘ir ishdan o‘tib bo‘lgandan keyin yengilroq biror nima yozgisi keladi. Lekin bu yengil janr bo‘lib ko‘ringani bilan bor odamlarning xarakterlari, shu jihati bilan e’tiborli bo‘lish kerak. Aslida, menga o‘quvchilarning aytishlaricha, yaxshi asar bo‘lgan. Hatto, bir ijodkor do‘stimiz “bu “Sobirnoma” bo‘libdi” degan edi. Bu kabi baholar menga dalda bo‘lgan, xursand bo‘lganman.

– “Bibisora” qissangiz hozirgi kunda yoshlar o‘rtasida ko‘p muhokamaga sabab bo‘lib kelmoqda. Ushbu qissangizning g‘oyasi va mazmuni haqida kengroq ma’lumot bersangiz.

– Bu qissaga sevimli shoirimiz Abdulla Oripov so‘zboshi yozgan. Hatto Chingiz Aytmatov asarlarining havosi bor deb e’tirof etgan. Bundan qat’i nazar, “Bibisora” qissasi men uchun og‘riqli asar. Yozuvchi bitta nuqtadan ta’sirlanib, juda ko‘p narsa qilishi mumkin. Bir paytlar o‘qigan edim. Tolstoy “Hojimurod” degan qissani yozishdan oldin bo‘tako‘z o‘simligi mevasidan ta’sirlangan ekan. Lekin asarda bo‘tako‘z haqida hech narsa yo‘q. Lekin bo‘tako‘z ta’sir qiluvchi manba bo‘lgan. Menga ta’sir qilgan narsa shu bo‘lganki, qishlog‘imda “Qo‘rg‘ontepa” degan tepalik bor. Tepalikdan ko‘tarilayotib, birdaniga bolalikka qaytdim.
Uchinchi sinf bolasiman. Bu paytda har qanday jonzot singari chiroyli qizlar yoqadi. Hali bariga erta deyish shartmas. O‘sha chiroyga maftun bo‘lishi mumkinligini hech kim o‘ylamaydi. Bolakay bir qizga xat yozadi va xat topib olinib, o‘quvchi jazolanadi.
O‘sha paytlar hatto sevgiga ham to‘siq qo‘yilgan davr edi degan fikr keldi. Sevgining yo‘li to‘sildi. Xayol va real hayotimda ro‘y bergan voqealar birdan yozildi. To‘g‘ri, hajm jihatdan katta emas. Juda katta qoniqish bilan nuqta qo‘ydim. Odamlarning xiyonatga beparvoligi, qishloqdagi nomusi bor insonlarning farzandlariga birov yomon ko‘z bilan qarasa ham akssado bermaydigan bir g‘alati toifa insonlar ekanligi meni o‘ylantirgan. Haqiqatda u bola sifatida o‘zining qanday zurriyot ekanligini o‘ylaydi. Bu endi dahshat. Biz ongli hayotimizning bir qismini kechirgan bo‘lsak, sho‘ro mafkurasining o‘ta tazyiqqa zo‘r berganini bir ifoda qiluvchi asar sifatida taqdim eta oldim. Badiiy jihatdan o‘zimga ham ma’qul bo‘ldi. Menimcha, bu asarning muhokamasi davom etaveradi.

– “Bibisora” qissangiz go‘zal uslubda, shirali til bilan yozilgan, beixtiyor qahramonning iztiroblariga sherik bo‘lib, quvonch-u qayg‘ularini birga baham ko‘rasiz. Asar voqealari endigina borliqning sir-asrorini taniyotgan sakkiz-to‘qqiz yashar bola – Jahongirning dunyoni anglashi va unga munosabati tarzida berib boriladi. Bola ruhiyatidagi o‘zgarishlar, sodda va samimiy qishloq odamining bolalarcha beg‘ubor, birovga ziyoni tegmaydigan, faqatgina o‘zining ko‘ngil royishlari uchun aytgan maqtanchoqliklari bola tilidan maromiga yetkazib tasvirlangan. “Bibisora” qissangizning yaratilishi, uning o‘ziga xos uslubi bo‘lgan – bola tilidan hikoya qilinishi g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

– Ha, bolaning o‘rniga o‘zimni qo‘yish ma’qulroq edi. Bolaning o‘sha holatiga o‘zimni qo‘yib “men” deb tasvirlash o‘zimga qulaylik tug‘dirdi. Bu adabiy usul desayam bo‘ladi.
Aslida hikoya bo‘ladimi yo qissa bo‘ladimi, boshqa janrdagi asarlar bo‘ladimi, yozuvchining xayolida, qalbida, avval ma’lum bir qolip yuzaga keladi. Yozuvchi to qog‘ozning ustiga kelib qalamni yurgizib boshlaguncha qolipni bunday yoki unday qilaman deb ko‘raverish mumkin. Lekin bitta qolip borib tushadi. O‘sha qolip shundan iboratki, endi uni aytib bo‘lishishga odamning ko‘zi qiymaydi. Bu sinalgan usul bola tilidan hikoya qilish, Kortasardayam bor, Aytmatovdayam bor. Sakkiz-to‘qqiz yashar bolaning holiga o‘zim tushganman. Shuning ichida kerak bo‘ldi.

– Ilgarilari tarjima bilan ham shug‘ullan­gansiz, qoraqalpoq adibi X.Tojimurodovning “Ov hangomalari”ni va turk yozuvchisi Bakir Yulduzning “Karbalo fojeasi” qissasini o‘zbek tiliga tarjima qilgansiz. Ayniqsa, “Karbalo fojeasi” asari o‘sha paytda barchaga manzur bo‘lgan edi. Keyingi yillarda tarjima bilan shug‘ullanmadingizmi? Yoki bundan biz bexabar qoldikmi?

– Yo‘q, keyingi paytlarda tarjima bilan mashg‘ul bo‘lmadim. Ba’zi bir chala tarjimalar bor-u, aynan muntazam shug‘ullanishni talab qiladigan soha buyam. “Ov hangomalari”ni yozgan adibni eshitganman-u ko‘rmaganman. Mahorat bobida ham judayam yaxshiligini his qilganim yo‘q. Nashriyotning menga yuklamasi bo‘lgan.
“Yoshlik” jurnaliga Tohir Malik bosh muharrir vaqtida menga “diniy ilmlardan yaxshi xabardor ekansiz, Bakir Yulduzning “Karbalo fojeasi” asarining tarjimasi bilan siz shug‘ullaning”, dedi. Qo‘lga oldim-u, boshladim. Ba’zan boshqa ishlarga mashg‘ul bo‘laman. Tohir akaning o‘ziga xos fe’li bor ediki, peshma-pesh e’lon qilib boraverdi. Natijada muntazam tarjima qilishga majbur bo‘ldim. Keyin kitob holida ham bosildi.
Qisqasi, tarjimachilik men uchun muntazam ishga aylanmadi. Ko‘p yozuvchilarning hikoya­larini tarjima qilib ko‘rganman. Tarjimaning foydali tomoni, siz bilan bizga o‘xshab shaharda yashamagan, rus tili muhitidan uzoq bo‘lganlarga baribir birdaniga singishib ketish qiyin. Shu ma’noda, odamning so‘z boyligi badiiy tarjimada qo‘l keladi. Aynan o‘zing gapirayotgan o‘zbek tilini qamrovli va o‘zbekcha jaranglata bilish muhim o‘rin tutadi. Shuni bilganman.
Mohir tarjimonlar bilan suhbatlashib, ulardan o‘rganishga intildim. Nizom Komilov, G‘aybulla as-Salom kabi olimlardan nazariy bilimlarni oldim. Lekin Qodir Mirmuhammedov, Ibrohim G‘afurovlarning tarjima asarlarini o‘qiganda odam baribir tan beradi. Masalan, Markesning “Buzrukning kuzi” romanini I.G‘afurov nihoyatda ajoyib, katta mahorat bilan tarjima qilgan. Ba’zan so‘z yetishmay qolgan joylarda Qashqadaryo shevalarini ishlatib yuborgan. Bu aslida tarjimonning juda katta mahorati, juda katta salohiyati, qomusiy bilimini ko‘rsatadi. Dostoyevskiyning qator asarlari, “Aka-uka Karamazovlar” tarjimalari ham juda ajoyib. Bunday tarjimonlar hali oramizda bor ekani, juda katta ma’naviy sarchashmalar bilan bizni bahramand qilib turganining o‘ziyam juda katta boylik. Yoshlarga ko‘proq ishonamiz, ular orasida ham talantlar, olimlar va yozuvchilar chiqishiga, albatta, ishonamiz. Lekin bunday katta salohiyat bilan bugungi kunda boyagi aytganim asarlarni tarjima qilganlar tarixda qoladi. Nizom Komilov, Ibrohim G‘afurov, Qodir Mirmuhammedovlar va boshqalar. Ayniqsa, Abdulla Qahhorning mahoratini alohida ta’kidlash kerak. Tarjima degani o‘girish emas, o‘zbekchalashtirish kerak. Gogol uning tarjimasida sof o‘zbekcha gapirib yuborganiga guvoh bo‘lasiz.

– Hikoyalaringizning nomlanishida ham ramziy ma’no bor. Demoqchimanki, Siz hikoya sarlavhasida asar mohiyatini ochishga harakat qilasiz. “Sarishtali odamlar” hikoyangizda ham shu holat seziladi. Siz hikoyada o‘zbekning to‘yini ko‘rsatish asnosida, oxirida “men sendan kammi?!” qabilida to‘y qilayotgan insonlar qiyofasini gavdalantirgansiz. Hikoya so‘ngini “..necha pul bo‘lganini, uy to‘yiga qudasi aytganda qancha pul berganini u va yangam biladi. Xabari bizga kelgani yo‘q. Qanday sarishtali odamlar-a!” deb yakunlaysiz. Aslida-chi, hamma o‘zbek xonadonida ham haqiqiy ahvol shundaymi?! Siz achchiq kinoya asnosida boshqa salbiy holatlarga ham urg‘u bergandaysiz nazarimda. Shunday emasmi?!

– Bu hikoyani e’lon qilmasligim ham mumkin edi. Sababi uning ichida dramatizm yo‘q, katta bir kelishmovchiliklar yo‘q, fojialar yo‘q. Lekin odamlarning gap-so‘zidan o‘sha meshchanlikka ruju qo‘yish, oson pul topish, oson pul topayotganlar bilan yaqinlashish, o‘shalarning atrofida yurishdan lazzatlanishni – sezganman. Buning ortida jaholat yotadi. Men aytmoqchi bo‘layotgan sarishtali odamlar aslida sarishtali odamlar emas. Turmushini ko‘rkam qilib qo‘ygan boylarga yaqinlashib, boylarning yuzaki madaniyatini o‘zlashtirib olgan odamlarning johilligi ko‘rsatilmoqchi, aslida. Buni muxlislar anglagan bo‘lsa, xursandman.

– Sizning tengdoshlaringiz allaqachon bir necha romanlar yozishga ulgurdi. Siz bu janrga negadir qo‘l urmayapsiz? Sizda mahorat va tajriba yetarli-ku. Sababi nimada?

– Oldin o‘ylardim, odam roman yozish uchun ellikka kirishi kerak deb. Endi o‘ylab qarasam, ellikka kirmasayam yozsa bo‘larkan, Qodiriy yigirma besh yoshda yozgan bo‘lsa, G‘afur G‘ulom umuman roman yozmagan.
Lekin, menimcha, yozish kerak deb o‘ylayman. Hayotda ko‘rganlarim haqida yoki tarixiy mavzuda yozishni mo‘ljallab yuraman. Bu ishga bel bog‘lagan kishi bo‘lib, material to‘plab yuraman. Bu endi hayotning ikir-chikirlari haqida bo‘lmaydi. Millatni millat sifatida pastga tortadigan xunuk, ojizona illatlarimiz haqida bo‘ladi. Roman haqida jiddiyroq o‘ylayapman. Vaqti keldi, chamamda.

Gurungni Do‘stbek Sulaymonov tayyorladi.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 11-12-son