Ustoz, «Shunday bir asar yozishni orzu qilaman – uni ko‘rgan tomoshabin qah-qah urib kulmasa, biroz havas, bir qadar ma’yuslik bilan jilmaysa va jilmayib o‘tirganini o‘zi ham sezmasa», – degansiz. Shaxsan menda shunday hodisa ro‘y berdi. «Yozuvchilik haqida» va «Uylanganim haqida» avtobiografik hajviyalaringiz judayam samimiy yozilgan. Bularni o‘qiganda Zahiriddin Muhammad Boburning Xondamirga aytgan betakalluf yozish haqidagi gaplari yodimga tushdi. Ya’nikim, qanday bo‘lsa shundayligicha, ortiqcha ko‘pirtirmay, borini yozish. «G‘urur» hikoyangiz, ayniqsa, yoqdi. Haqiqiy jilmayish bo‘ldi o‘qiganimda. «Kino»da barcha rollar o‘ynab bo‘lingani, hamma narsa yozilganini tushunib yetdim. «Buyuk qo‘rqoqlik», «Buyuk maqtanchoqlik»ni o‘qigach o‘zimdan uyalib ketdim, rosti.
Institutda, ustoz Ma’mur Umarov darsida «Temir xotin»ni bir semestr tahlil qilganimiz va har safar pesani o‘zimiz uchun yangidan kashf etganimiz ham esimda. Rostini aytsam, ijodingiz haqida uzoq so‘zlashim mumkin, ammo o‘zingizdan so‘raydiganlarim ham yig‘ilib qolgan…
– Har yili «Seni kuylaymiz, zamondosh» festivali spektakllaridan zamon qahramonini qidiramiz. Nima deb o‘ylaysiz, «Temir xotin» bugun yozilganda zamon qahramoni deb tan olinarmidi?
– Keling, avval zamon qahramoni kim, degan savolga ta’rif beraylik. Menimcha, «zamon qahramoni» deb tomoshabin (o‘quvchi)ni ijtimoiy faollikka undaydigan qahramonga aytiladi.
Ming farishta bo‘lsa ham, qolgan fazilatu sifatlari bir pul. Shu nuqtai nazardan qaraganda Qo‘chqor talabga javob bermaydi, «turmushimiz yaxshi, zo‘r yashayapmiz» deydi. Chindan ham qo‘yday yuvosh, qo‘yday beozor! Hatto «qo‘yning erkagi» bo‘lsa ham, zamon qahramoni bo‘lolmaydi! Qumri ham shunday – hayotidan rozi. Shu g‘urbatxonaga yana qaytib keladi. Alomat boshqa gap. U Qo‘chqorga achinadi, kuyinadi. Unda adolatsizlikka ichki bir qarshilik, norozilik bor. «Men odam emasman, ichim to‘la temir-tersak, lekin sizning xor bo‘lishingizga qarab turib, ichimdagi murvatlarim qizib ketyapti!» deb isyon qiladi! Ana sizga zamon qahramoni.
– Ijodda siz duch kelgan haqiqatlar…
– Odam umr bo‘yi o‘qib-o‘rganadi. U ijodkor bo‘lsaku, so‘nggi nafasigacha bilim olishi kerak. Eng muhimi, ko‘rgan-bilganingizdan xulosa yasay bilishdir. 1969 yil. Toshkent teatr va rassomlik san’ati (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat) institutining birinchi kurs talabasimiz. Xonaga yuzi dum-dumaloq, sochi silliq taralgan, yoqimtoygina bir yigit kirib keldi. Birinchi so‘zlari hozirgiday yodimda:
– Ismi-sharifim Shermat Yormatov. «Shermat aka» desalaring ham bo‘laveradi. Men sizlarga xor fanidan dars beraman. Xo‘sh, xor o‘zi qanday san’at? Ming ovozingiz zo‘r bo‘lsa ham, oldinga chiqib baqiraverganingiz bilan xor bo‘lmaydi. Xor – ashula aytish san’ati emas, eshitish san’ati.
Shermat aka ko‘p yillardan beri «Bulbulcha» bolalar ashula va raqs dastasiga rahbarlik qilib keladilar. Umrlari uzoq bo‘lsin. Keyinchalik Muqimiy nomidagi musiqali teatrining xor truppasida ishlab yurgan paytlarimda ham ustozning bu o‘gitlari qo‘l keldi. Nainki sahnada, balki hayotda ham «eshitish san’ati»ni qo‘llayman, ya’ni suhbatdoshimning gapi – to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, menga yoqadimi-yoqmaydimi – oxirigacha eshitaman. Bundan faqat yutganman, sira yutqazmaganman.
Hayotda ibratomuz voqea-hodisalarga ko‘p bora duch kelamizu, ammo har doim ham o‘zimiz uchun xulosa yasay olmaymiz…
– Bir intervyuda «Ko‘pchilik o‘z yo‘liga tushgani yo‘q: etikdo‘z artist bo‘p yuribdi, o‘qituvchilikni qoyillatadigan odam o‘rtamiyona aktyor…” degansiz. Jamiyatda kasblar o‘z egasini topishi uchun qancha kutish kerak?
– Bu yerda gap hayotda har kim o‘z o‘rnini topishi haqida boryapti. Bu nihoyatda muhim va dolzarb masala. Er-xotin, farzandlar, buva va buvidangina iborat kichik oilada ham barchaning o‘z o‘rni bo‘lishi kerak, birov birovning ishiga burnini tiqishi oiladan putur ketishiga olib keladi. Tartib-intizom yo‘qoladi. Ilgari paytlarda u yoki bu lavozimga ijtimoiy kelib chiqishiga qarab tayinlangan. Ishchi-dehqon sinfidan bo‘lsa kifoya – agronomlikni bitirgan odam teatrga badiiy rahbar, mexanizator gazetaga bosh muharrir bo‘lib ketavergan. Hozir ham shunday – jamiyatda hamma narsani pul, tanish-bilish hal qilsa, rivojlanish bo‘lmaydi. Shunga kuyinib aytganmanda.
– Ijtimoiy tarmoqlardan birida «Dunyoga chinqirib keldimu, shivirlab yashadim», degansiz. Sizningcha, «shivirlab yashash» qanday bo‘ladi?
– Ma’lumki, chaqaloq tug‘ilib kindigi kesilganda hayotida birinchi marta o‘pkasi havoga to‘ladi. O‘pka ilk marta ishlagani tufayli, tabiiyki, kuchli og‘riq bo‘ladi va chaqaloq xuddi birov urganday chinqirib yig‘laydi. Bu tushunarli. Endi «shivirlab yashadim» degan jumlaga kelsak, «hayotda hech nimaga erisha olmadim, hech qanday iz qoldirmadim, qo‘rqib-qimtinib, o‘z kovagimdan boshimni chiqarmay yashadim» degan fikr bor. Bu «Yuzsiz» nomli filmimdan, bosh qahramon – Egamqulning gapi.
– «Yig‘lab kelamiz, yig‘latib ketamiz – kulib yashamoqdan o‘zga chora yo‘q». Bu Sharof Boshbekovning hayotdagi shiorimi yoki ijoddagi?
– O‘zbek xalqining boshidan ko‘p sinovlar o‘tgan. Avval Iskandar Zulqarnayn bosqini bo‘ldi, keyin arablar, so‘ngra mo‘g‘ullar va, nihoyat, o‘rislar bosqini. O‘zbekning tinka-madori quridi, holdan toydi. Shuning uchun ham musiqalarimiz g‘amgin va mungli. Shu sababdan ham hind filmlarini tomosha qila turib ho‘ng-ho‘ng yig‘laymiz.
Yig‘lab tug‘ilamiz, kimdir o‘lsa, yig‘laymiz, hayotning o‘zi g‘irt g‘am-tashvish, xullas, hamma yoq qorong‘ilik. O‘sha zulmatni yorib chiqadigan bir nur ham bo‘lishi kerakku! Shu sabab yozganlarimning aksariyati komediya. Yuqorida keltirgan iborangiz ijoddagi shiorim bo‘lsa kerak.
– Aktyorlikni tamomladingizu, lekin taqdir sizni yozuvchi-dramaturg qilib qo‘ydi. Imkoniyat berilganda, tag‘in shu yo‘lni tanlarmidingiz?
– Tepamizda «BUYuK DRAMATURG» bor. Biz yozgan asarimizda nari borsa, 20-30 ta personaj bo‘ladi. Uning asarida salkam 8 milliard qahramon qatnashadi. Hammasining o‘z xarakteri, tarjimayi holi, ismi, kasbi bor. Bizning tomoshalarimiz 1,5-2 soatgina bo‘lar. Odam Atodan to qiyomatgacha millionlab yillar davom etadigan tomoshani qanday Zot yozgan bo‘lishi mumkin?! Biz dunyoga kelishimizdan oldin – qanday odam bo‘lamiz, kasbimiz qanaqa, nima maqsadda dunyoga kelamiz, bizga qanday vazifa yuklatilgan – hamma-hammasi yozilgan bo‘ladi. Nimayam bo‘lib, qayta tug‘ilish imkoniyati paydo bo‘lsa, tag‘in Yaratganning yozgani bo‘ladida!
– Siz uchun jurnalistlar beradigan eng yoqimsiz savol nima?
– Qalam haqi (gonorar) haqida beriladigan savol. Ilgari qalam haqi ko‘pligidan odamlarning hasadini keltirmaslik uchun bu savoldan qochar edim. Hozir qalam haqining kamligidan odamlarning rahmini keltirmaslik uchun bu savoldan qochib yuribman…
Muhiba Ismatullayeva suhbatlashdi
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 8-son