Regimantas Adomaytis: “Tixonov Shtirlitsni juda yomon o‘ynagan…”

Kino san’ati muxlislari litvalik mashhur kino va teatr aktyori Regimantas Adomaytisni yaxshi bilishadi. Uning sahna ijodi Vilnyus universiteti talabalar teatridan boshlanib, keyinchalik Kapsukas,  Vilnyus drama, Litva Davlat akademik drama  teatrlarida davom etadi. Dastlabki rollari bilan tomoshabinlar mehrini qozona olgan Regimantas kino san’atida beqiyos mahoratini namoyon etib, mashhurlikning yuksak cho‘qqisiga ko‘tariladi. Boltiqbo‘yi, Belorusiya va Moldaviyada o‘tkazilgan kino festivallarda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tariladi. “Kolumb haqidagi haqiqat”, “Ozodlik degan shirin so‘z”, “Shaytonning kelini”, “Kentavrlar”,  “O‘lim farishtalari”, “Yosh ayol uchun erkak”, “Bo‘linish” filmlari va “Uchinchi osmon”, “Orzular qirg‘og‘i” teleseriallaridagi rollari uni kino san’atining yulduzlaridan biriga aylantiradi.

O‘tgan asrning so‘nggi yillarida Regimantas mamlakat siyosiy hayotida ham faol ishtirok etadi, ammo oradan ko‘p o‘tmay, bu ishidan afsuslanib, yana sahnaga qaytadi.

Jurnalist Sergey Shurkoning jurnalxonlar hukmiga havola etilayotgan ushbu suhbati yaqinda bu yorug‘ olamni tark etgan iste’dodli san’atkorning ma’naviy dunyosi, xarakterli xususiyatlari hamda o‘ziga xos turmush tarzi xususida bo‘lib, uni juz’iy qisqartirishlar bilan e’lon qilmoqdamiz.

Kioskada “Marlboro” sigaretasi  yo‘q ekan, Regimantas “Uinston” ham bo‘laveradi, dedi. Uyga kelgach, mendan ruxsat so‘rab, avval balkon derazasini ochdi va burqsitib cheka boshladi. “Tutatib turmasam bo‘lmaydi, birodar, shunga o‘rganganman…”, dedi. Tez-tez yo‘tal tutib turganiga qaramay,  savollarimga bamaylixotir javob qaytardi, shu bois men savol ustiga savol bermadim.  O‘ziga xos muloqot bo‘ldi. Juda samimiy, ochiqchasiga. Buning sababi bor, albatta: xonadagi jamiki narsalar kishini xotirjamlikka da’vat etadi. Suhbatdoshim teatrda ishlamay qo‘yganiga ancha bo‘lgan, kinoda suratga  tushayotgani yo‘q. Uyida xohlagancha dam olishi, kofe tayyorlashi, xayol surishi, uy devorlarini bezab turgan suratlarni tomosha qilishi, boy arxivini (bunday arxivni hamma ham havas qilishi aniq)  ko‘zdan kechirishi yoki bu yerdan atigi bir necha qadam naridan boshlanadigan o‘rmonda sayr qilishi mumkin. Mehmonxona burchagidagi katta yog‘och soat o‘tayotgan vaqtni hisoblashda davom etadi, ammo uning vaqti-vaqti bilan zang urishi endi avvalgidek muhim emas, aksincha: yarim kechada uy sohibini uyg‘otib yuboradi va u yana labiga sigareta qistiradi.

Regimantasga beradigan savolimni hali Minskdan jo‘namay turiboq tayyorlab qo‘ygandim: u suratga tushgan “G‘alabaning go‘zal lahzasi” filmini internetdan topa olmadim. O‘zimcha, bu asarda bosh rolni ijro etgan suhbatdoshimda uning diski yoki kassetasi bo‘lishi kerak, deb o‘ylagandim. Suhbatni shundan boshlamoqchi edim. Ammo u bir zumda hafsalamni pir qildi.  “Diski ham, kassetasi ham yo‘q, filmning o‘zini elas-elas eslayman. Stsenariy muallifi va rejissyor Vyacheslav Vinnik ekanligi yodimda qolgan. Slavaning o‘zi yaxshigina sportsmen edi, katta sportni yaxshi bilardi. Uning mashhur trener Valeriy Lobanovskiy haqida  badiiy film yaratganini bilsangiz kerak. U yana Olimpiada o‘yinlari haqida kino yaratishni orzu qilardi. Hozir Kanadada yashaydi. U yerda  kino uchun pul topish oson bo‘lmasa kerak. Yarim yildan beri qo‘ng‘iroq qilmaydi. Ishqilib, biror kor-hol yuz bermagan bo‘lsin-da”.

– Litvaliklar azaldan basketbolni yaxshi tushunishadi deyishadi…

– Bilmadim, sport bilan shug‘ullangan emasman. Maktabdaligimda sinfimiz bo‘yicha eng yomon yuguradigan men edim. Jin ursin, hozir o‘sha siz aytgan gandbol to‘g‘risidagi filmni eslashni xohlab qoldim. Ammo Pyotr Velyaminovdan boshqa, u ham, adashmasam, filmda trener rolini ijro etgan edi, hech narsa yodimga tushmayapti. Ammo… rossiyalik yengil atletikachilarni jahon chempionatiga qo‘yishmayotganidan xabarim bor. Ular ta’qiqlangan vositalarni iste’mol qilishgan ekan-da.

– Shunday bo‘lsa kerak.

– Men umrimda ikki marta bu bema’nilikka qo‘l urganman. Qrimda yangi filmni suratga olayotganimizda o‘rtaosiyolik yigitlar qog‘ozga o‘rog‘liq nasha olib kelishgan ekan, qiziqib, mehmonxonada hammamiz to‘planib, bir-bir tortib ko‘rdik. Ba’zilarga uncha ta’sir qilmadi. Meni esa, avvaliga shunday yo‘tal tutdi-ki, yuragim dukillab ketdi. Krovatda o‘tiribman-u, boshim aylanadi. Keyin ko‘z o‘ngimda allaqanday tasvirlar – ufqni egallab olgan manzaralar deysizmi, paydo bo‘la boshladi. Xonadagi krandan bitta-bitta suv tomib turgan edi, uning ovozi menga yoqimli simfoniyaday eshitildi. O‘zimga kelgach qilgan ishimdan juda afsuslanib ketganman.

Kolumbiyada marixuanani totib ko‘rdim. Qaysidir festivalga borgan edik. U yerda bu sabil qolgurni ko‘chada bemalol sotib olish mumkin ekan. Sheriklarimdan biri mehmonxonaga olib keldi. Tortdik. Butunlay boshqacha holat: tanang shu qadar yengillashadiki, qo‘l harakati bilan osmonga parvoz qilish mumkin. Buning ustiga, to‘xtatib bo‘lmaydigan darajada tinimsiz kula boshlaysan. Shunaqa kulgi keladiki, telba ham bu holatga tushmaydi. Shu-shu bunday narsalardan o‘zimni olib qochib yurdim. Giyohvandlik ko‘z o‘ngimda qancha-qancha iste’dodlarning boshiga yetdi.

– Tanishlaringizdan qay biri sog‘lom turmush tarziga ega, deb o‘ylaysiz?

– Kolya Karachentsev sport bilan jiddiy shug‘ullanardi. “Tanazzulga yuz tutgan trest” filmini suratga olayotganimizda do‘stlashib qolganmiz. Oddiy, xushfe’l yigit. Afsus, og‘ir kasalga chalinib qoldi. Oldiga bordim. Bir qarashda, avvalgidek:  muomala qiladi, yuradi, chekadi. Ammo nima deyayotganini anglab bo‘lmaydi. Uni faqat xotini tushunadi, xolos. Teatr sahnasiga chiqa olmasligi aniq. San’at uchun bu – og‘ir yo‘qotish. Juda afsusdaman. O‘zi ham afsusda.

– Siz ham teatrdan uzoqlashib ketdingiz…

– Bu yil men uchun  omadsiz keldi. Bir nimalarni repititsiya qila boshladim, ammo tobim qochib, kasalxonaga tushdim. U yerda menga aniq tashxis qo‘yisha olmadi. Shunisi yomon. Saraton kasalligiga chalinganimni bilaman. Bilganimga o‘n yil bo‘ldi, Yashab yuribman.

– Tuzalib ketish ehtimoli bormi?

– Gap shundaki, davolanish, analiz topshirish va yana boshqa maxsus muolajalar, to‘g‘risi, jonimga tegib ketdi.  Foydasi bo‘lganini vrachlar ham, o‘zim ham sezmayman. Oxiri bor-e, dedim-da, hammasiga qo‘l siltadim. Peshonamga yozilganini ko‘raman. Keyingi paytlarda garmon dorilar ichdim, nur-terapiya qilishdi. Balkim, bular mening saraton do‘stimga biroz bo‘lsa-da, ta’sir qilgandir.

– Kasalingizga bee’tiborsiz, nazarimda?

– Yo‘q, unday emas. Qo‘rqayotganim yo‘q. Oradan o‘tgan yillar davomida biz hatto do‘stlashib ham qoldik. Ba’zan gaplashib  turamiz. Ahvolim yomonlashganida, men unga: “Hoy, qo‘ysangchi birodar, a’zoyi badanim zirqirab og‘riyapti”, deyman. Nazarimda, u menga quloq soladi.

– Ollohga ham murojaat qilib turasizmi?

– Ollohga murojaat qilish uchun uning  borligiga ishonish kerak. U, shubhasiz, mavjud. Ammo biz uni tanimaymiz. Bolalar uchun nashr etilgan diniy kitobdagi keksa chol emas u. Sovetlar davrida bizning ongimiz hamma narsani aniq bilsa, o‘lchasa, baholasa bo‘ladi, degan aqidaga yo‘naltirilgan edi. Bunday emas. Fizikada Geyzenbergning noaniqlik printsipi degan tushunchasi bor. Ma’nosi: biror zarraning xarakteris­tikasi aniq ifodalansa, ikkinchisiniki shuncha noma’lum bo‘ladi. Taassufki, shunday. Yil o‘tgan sari inson juda ko‘p narsalarni anglaydi, tushunadi, ammo odam va olamni oxirigacha tushunishga hech kimning qurbi yetmaydi.

– Fikrimcha, sizning Donatas Banionis bilan, ayniqsa, hayotining so‘nggi yillaridagi uchrashuvlaringizda mangu mavhum narsalar haqida so‘z borar edi. Shunday emasmi?

– Yo‘q. Asosan teatr haqida so‘zlashar edik. Devordagi suratni ko‘ryapsizmi?   Donatas ikkimiz “Uchrashuv” spektaklida o‘ynaganmiz. Nemis dramaturgi Paul Bartsning ikki buyuk kompozitor – Bax va Gendelga bag‘ishlangan asari. Ular bir yilda, ikkovi ham Germaniyada tug‘ilishgan, ammo hech qachon uchrashishgan emas. Baxning butun hayoti musiqa bilan bog‘liq, boshqa hech narsaga qiziqmagan. Gendel bo‘lsa buning aksi – uni mashhurlik, shon-shuhrat va pul qiziqtirgan. Spektaklning boshidan oxirigacha ular insonni turli paytlarda nimalar qiziqtirishi to‘g‘risida bahslashishadi.

– Siz, albatta, Gendelsiz?

– Albatta. Banionis ko‘proq Baxga o‘xshaydi. Birgalikda uch yil sahnaga chiqdik. Keyinroq Banionisning sog‘lig‘i yomonlashdi. U mendan o‘n yosh katta edi. Shunday bo‘lsa-da, men uning iste’dodi va, ayniqsa,  shijoatiga qoyil qolardim. Birga ishlar ekanman, uning xarakteridagi ko‘p jihatlardan xabardor bo‘ldim. Juda mehnatkash edi. Tinim bilmasdi. Xayoli hamisha teatr bilan band edi. Yonida daftarcha olib yurar, spektakl tugashi bilan, yo‘l qo‘ygan xatolarini – sahnaning qayerida noto‘g‘ri turib qolganini, qaysi so‘z yoki iborani maromiga yetkazib aytmaganini yozib borardi. Navbatdagi spektakl oldidan yozuvlariga ko‘z yugurtirardi. “Hech kim o‘lishni xohlamasdi”da birinchi marta hamkasblar sifatida uchrashganimizdayoq, men uning juda jo‘n, ammo boshqa aktyorlarning hayoliga  kelmaydigan detallarga ham jiddiy e’tibor berishini bilganman.

– O‘sha birinchi uchrashuvingizda Banionisning qahramoni – sobiq sotqinning basharasiga tushirib qolmagan ekansiz-da…

– Esimda, bu uchrashuv sahnada bo‘lgan edi. Ammo u bizning birinchi uchrashuvimiz edimi yoki yo‘qmi, buni aniq ayta olmayman. Bilasizmi, shu kartina menda yo‘q. Bo‘lsa, ko‘rardim. Ehtimol biror joydan sotib olish mumkindir?

– Internetda bor.

– Menda esa internet yo‘q. Men bugungi kunning odami emasman. Ammo bitta tugmachani bosib, Londonda yashaydigan qiz nabiramni ko‘ra olaman. Qanday yaxshi. Bu narsalar sovetlar zamonida odamning xayoliga ham kelmagan. Bugungi  texnikalarga qiziqmayman, Mening shaxsiy taraqqiyotim o‘tgan asr darajasida qolib ketgan. Bugun g‘irt to‘nkaga o‘xshasam kerak, ammo hayotimda biror narsani o‘zgartirishga kech bo‘ldi.

– “Hech kim o‘lishni xohlamasdi” filmida Banionisning personaji – sobiq sotqinga kolxozga rais bo‘lishni taklif etishadi. Kolxozning barcha a’zolari undan yuz o‘girib turgan bir paytda! Ishonish qiyin.

– Shu film uchun ko‘p tana eshitishga to‘g‘ri keldi. Tanqidchilarning fikricha, unda Litva qarshilik harakati noto‘g‘ri talqin etilgan. Ehtimol shundaydir. Ammo ular film qanday sharoitda, kuchli tsenzura ostida suratga olinganini unutib qo‘yishgan chog‘i. U paytlari qandaydir qarshilik harakati to‘g‘risida hatto og‘iz ochish  mumkin emasdi. Stsenariy muallifi va rejissyor Vitautas Jalakyavichus rasmiylar bilan  murosaga kelish uchun filmning ko‘p joylarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, film 1966 yilning eng yaxshi kino asari sifatida baholandi va Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

– Shu filmda aktrisa Viya Artmane ham rol ijro etgan. Uni ko‘plar sevib qolgan bo‘lishsa kerak?

– Ha, shunday bo‘lgandi. Ammo, men sizga bir sirni aytishim kerak: men va Yuozas Budraytis uchun bu kartina  birinchi filmimiz edi. Shu bois, juda hayajon bilan, boshqa narsalarga chalg‘imay, uyoq-buyoqqa qaramay o‘ynaganmiz. Rejissyorning barcha talablarini bajarishga harakat qilganmiz. Artmane favqulodda iste’dodli, har qanday film­ni bezay oladigan aktrisa edi. Muxlislari shu qadar ko‘p ediki, eh-he. Darvoqe, siz ishlaydigan gazetada Sovet ittifoqi payti yashagan, ishlagan ayollar bormi?

– Bor.

– Ular mening fikrimga qo‘shilishlari ham, qo‘shilmasliklari ham mumkin, ammo  qat’iy aytishim mumkinki,  ko‘pgina yosh aktrisalar Art­mane va uning darajasidagi san’atkorlarning muvaffaqiyati – uzoq yillik izlanish, azobli mehnat natijasi ekanini tushunishmaydi. Navqiron go‘zallar yulduzga aylanishning eng oson yo‘li – rejissyor yoki filmda bosh qahramon rolini ijro etayotgan mashhur aktyorning qo‘ynida deb o‘ylashadi. Repititsiyalar payti bu holatga men ham ko‘p bor duch kelganman. Bir gal yosh qizcha bilan qolib, Stanislavskiy bo‘yicha filmdagi munosabatlarimizni  aniqlashga harakat qilmoqchi bo‘ldik. Men jon kuydirib yotibman, u bo‘lsa, menga qarab ko‘zini shunday suzadiki…

– Sizga visol lazzatini in’om etmoqchi bo‘lgandir-da?

– Ha, qishloqda katta bo‘lgan men nodon bo‘lsam tushunmabman.

– Kinodagi hayotingizdan kelib chiqib, eng go‘zal aktrisa kim bo‘lganini ayta olasizmi?

– Bu savolga chuqur o‘ylab javob berish kerak bo‘ladi. Birorta ismni aytish to‘g‘ri bo‘lmas. Lekin, shundaylardan biri, shubhasiz,  Lyudmila Chursina. Men u bilan “Mersedes”dagi odam” filmida suratga tushganman. Bir vaqtlar u ko‘plar qatori  meni ham maftun etgan edi. Film bois tanishganimizda u avvalgidek ko‘hli emasdi. Latofatli aktrisalarning bir muammosi bo‘ladi: yosh o‘tishi bilan ular o‘zlari uchun yoqimli bo‘lgan rollarni ijro etishdan mahrum bo‘ladilar. Ko‘psonli e’tibordan ham. Bu juda yoqimsiz holat.

Lyudmila Gurchenko bilan teatrda birga o‘ynaganmiz. Unga rahmim keladi. Son-sanoqsiz operatsiyalardan so‘ng  yuzida sun’iy qoplama bo‘lib, uning tagida ayol kishi qolib ketgandi. Men uni emas, quruq qoplamani ko‘rardim, xolos.

Menga Sofi Loren hayotining hamma davrlarida ham yoqardi. Men uchun u ayol va aktrisaning noyob etaloni edi. Garchi u bilan tanish bo‘lmasam ham, biror joyda uchrashmagan bo‘lsak ham, shunday edi. Men uni faqat filmlari va memuarlari orqali bilardim. Yaqinda uni keksa ayol rolida ko‘rdim. Latofat  chehrasini  hanuz tark etmabdi.

Andrey Tarkovskiyning sevimli aktrisasi Margarita Terexovani  eslamasam bo‘lmas. U ko‘plarning yodida benihoya go‘zalligi bilan qolgani aniq. Afsus, u bilan suratga tushish menga nasib etmadi. Margarita jiddiy aktrisa bo‘lsa-da, maftun etish borsida unga teng keladigani yo‘q edi. Shu ayolni sevib qolishim hech gap emasdi.

– Kinoda sizning sevimli partnyoringiz kim bo‘lgan?

– Ular juda ko‘p, ammo birinchi bo‘lib Karachentsovni aytishim kerak. “Trest” rejissyori Aleksandr Pavlovskiydan minnatdorman: u menga komik rolni ishonib topshirdi. Boshqalar bo‘lsa, yuz ifodamga qarab, nuqul jiddiy rollarga taklif qilishardi. Men o‘zimni komediya aktyori deb hisoblayman. Teatrda buni bir necha bor isbotlab berganman.

Anatoliy Solonitsin ham menga ma’qul edi. Xudo rahmatiga olgan bo‘lsin. Biz “Yuliya Vrevskaya” va “Dam oluvchilar hayotidan” filmlarida rol o‘ynaganmiz. Tolya kuchli va ta’sirchan ichki madaniyatga ega edi. Darvoqe, biz u bilan Minskda tanishganmiz. Bir davrada o‘tirgan edik, bir kishi kelib, bizga Andrey Tarkovskiyning “Andrey Rublev” filmida bosh qahramon rolini ijro etayotgan yigitchani tanishtirdi. U suhbatimizga  darhol qo‘shilib ketmadi, bir chetda turib, boshqalarni diqqat bilan eshitadigan kishiday taassurot qoldirdi. Uning bu xarakteri e’tiborimni tortdi. Keyinchalik uni “Lenkom”da Tarkovskiy sahnalashtirgan “Gamlet” spektaklida ko‘rdim. Spektakl menga uncha xush kelmadi. Andrey dramani ko‘proq kinobop qilib yuborgan. Shunday bo‘lsa-da, menda Solonitsinga nisbatan ijobiy munosabat o‘zgarmadi. Bolgariyada bo‘lganimizda u bilan uzoq suhbatlashdik.

Yana kimlarni aytsammikin?.. Ha, Georgiy Burkov. U bilan Anatoliy kabi yaqin bo‘lmasak-da, unda men aqlli, fikri tiniq aktyorni ko‘ra oldim.

– Smoktunovskiy genial aktyormi?

– Shubhasiz. Ammo biroz ayyorligi ham bor edi. Konchalovskiyning “Vanya tog‘a”sida Sergey Bordarchuq suratga tushishi aniq bo‘lsa-da, meni ham  “proba”ga chaqirishdi. Smoktunovskiy – bosh rolda, men esa Astrov obraziga mo‘ljallashayotgandi. Moskvaga kelib, to‘g‘ri studiyaga borishning o‘zi bo‘lmaydi. Yo‘l charchog‘i, fikringni jamlash qiyin. Bordim. Qo‘limga matnni tutqazishdi, divanga o‘tirib, qanday ijro etish kerak­ligi to‘g‘risida o‘ylay boshladim. Smoktunovskiy kirib kelib, men bilan salomlashdi-da, yonimga o‘tirdi. “Bu endi, kimsan Chexov, hazilakam odam emas, kartina  dunyoga chiqadi” deya menga nasihat qila boshladi. “Siz bu rolni qanday ijro etish kerakligini bilasizmi?” degan, aslida to‘g‘ri, ammo kinoyali savoli  va maftunkor tabassumiga yashiringan ayyorligi menga yoqmadi, qora qarg‘a miyamni cho‘qilayotganday bo‘ldi. O‘shanda “Qanday ijro etishni yaxshi bilaman, sizning yordamingizga muhtoj emasman”, deyishim mumkin edi, ammo, nima bo‘lganda ham oldimda Smoktunovskiy turardi-da, indamadim. U yuragimga shubha soldi. Rolga o‘tganim ham, suratga tushganim ham yo‘q.

– O‘shanda sizning o‘rningizda Banionis yoki Budraytis bo‘lganida, ular Smoktunovskiyga boplab javob qaytarishgan bo‘larmidi?

– Bilmadim, har ikkisi ham odamgarchilik yuzasidan indashmasdi, meningcha. Budraytis, aniq aytamanki, bunday qilmasdi. “Ha-ha” deya boshini  qimirlatib, mo‘ylovini ma’noli burab qo‘yardi, xolos. Yuozas – yaxshi do‘stim, yaxshiligi shundaki, anchadan beri birorta rol o‘ynagani yo‘q. U sharqliklarning “Boringcha ko‘rin” degan maslahatiga amal qiladiganlardan biri edi. Aktyorlik maktabini o‘tagan emas, ammo unda shunday ichki his etish fazilati mavjudki, ijro etayotgan personaji dunyoqarashini tez anglay oladi. Bu aktyor uchun  muhim xususiyat.

– Ustozlaringiz haqida nimalar deya olasiz?

– Men o‘zimni Stanislavskiyning shogirdi, genial aktyor  Mixail Chexov maktabiga mansub deb hisoblayman. Uning, garchi ustozi o‘gitlariga qat’iy amal qilsa-da, “Aktyorni personajning terisi ichiga kirishga majburlama, uni sahnada ko‘rsatib ber”, degan shaxsiy printsipi bor edi. Teatr maktabidagi etyudlarni bajarishda juda qiynalganimiz yodimdan chiqmaydi. O‘qituvchimiz: “Siz komsomollar kommunizm qurilishiga borayapsizlar. Daryoni to‘sishmi, cho‘lni o‘zlashtirishmi, qanday topshiriq bo‘lmasin, maqsad sari ishonch bilan oldinga qarab intilishingiz kerak, shuni qo‘rsatib beringlar”, deya talab qilardi. Sahnada uyoq-buyoqqa qarab yurib, o‘zimni o‘zim: “Men komsomolman, kommunizm qurilishiga borayapman, hayotimni BAM qurilishisiz tasavvur eta olmayman. Qahraton qish, shamol va dovuldan qo‘rqmayman”, deb ishontirishga harakat qilaman. Ammo ishontira olmayman. O‘qituvchining oldiga kelib, komsomol a’zosi ekanligimga ishonmayapman, deb to‘g‘risini aytganman. – “Demak, sizdan yaxshi aktyor chiqmaydi”, degandi u.

Bu masalada Chexov o‘ta sodda, ammo tabiiy modelni taklif etadi: “O‘zingdan soxta his-hayajon qidirma, san’atkorligingni his et va shuni ko‘rsatib bersang bo‘ldi”. Shu so‘zlarni aytgan ustoz quyidagi misolni  keltiradi: “Shalyapin “Ivan Susasin” operasida kuylar ekan, har gal yig‘lab yuboradi. Unga “Siz ijro etayotgan rolingizga shu qadar chuqur kirib ketdingizki, ko‘z yoshlari sizning emas,  Susaninning  ko‘zlaridan oqdi”, deyishadi. Shalyapin “Yo‘q, unday emas,  Susaninga shunchaki rahmim keldi, xolos”, deydi”.

– Dunyoni xo‘b kezgan bo‘lsangiz kerak?

– Ha, dunyo kezishda omadim keldi. Jalakyavichusga xorijda ishlash uchun juda ko‘p imkon berishgan. Bunaqasi kamdan-kam bo‘ladi. Lotin Amerikasida “Ozodlik degan shirin so‘z” nomli filmni suratga olganmiz. Salvador Alende to‘g‘risidagi “Kentavrlar” filmi ham shu yerda olingan. Alende rolini Banionis o‘ynagan. Bu ikki film sovet tomoshabinlarida mualliflar kutgan darajada  qiziqish uyg‘otmadi. Men bo‘lsam Argentinada xotinimning amaki-akasini uchratib qoldim. Urushdan avval emigratsiya juda katta edi, hamma Amerikaga yetib olishni orzu qilardi. AQSh ma’lum vaqt ularni qabul qilishni to‘xtatib turdi, shunda qochoqlarni Janubiy Amerikaga jo‘natishdi. U yerda hozir ham litvaliklardan iborat katta diaspora bor. Hammalari bir mavzeda yashashadi, madaniy markaz tashkil etishgan. Klub, to‘garaklarda mashg‘ulotlar o‘tkazishadi, olisda qolgan Vatanlariga muhabbatlari so‘nmagan. Albatta, bolalar ispan tilida so‘zlashishadi. Keksalar olamdan o‘tishgach, hammasi tugaydi. Hozircha yashab turishibdi.

– Sizga xorijda qolishni taklif etishmaganmi?

– Bunday fikr, biror marta bo‘lsin, xayolimga ham kelmagan. Litvada tug‘ilganman, shu yerda voyaga yetdim, oilali bo‘ldim. Chet elda ham suratga tushish, yaxshi daromad topish mumkin. Xo‘sh, nima o‘zgaradi? Men hech qachon pulning orqasidan quvmaganman. Birlashgan Germaniyada ishlangan filmlardagi rollarim uchun  ko‘p miqdorda gonorar olganman. Sovetlar davrida chet elliklarning rolini ijro etardim, G‘arbda bo‘lsa menga nuqul rus rollarini topshirishadi.

– Boltiqbo‘yilik  aktyorlarga xos taqdir. Vyacheslav Tixonov hech tortinmay, kino san’atida u hamisha namunali sovet kishisining tipaji bo‘lganini aytardi.

– Darvoqe, u “Bahorning o‘n yetti lahzasi” filmida razvedkachi rolini juda yomon o‘ynagan. Uning ijrosidagi Shtirlitsni nemislar bir daqiqada fosh etishardi. Bu rolni Banionisga topshirishganida bormi…

– Harbiy mavzu bizning “Belorusfilm”da ham  ustuvorlik qilgan.

– Men sizlarda shu mavzudagi filmda suratga tushganman. Partizan rolini ijro etganman. Ammo bu rolni yaxshi ijro deb ayta olmayman. Yuz tuzilishimga ko‘ra, mendan yaxshi partizan chiqmagan. Ittifoqdash respub­likalarda  ko‘p ishlaganman. Ayniqsa, Armaniston yodimda qolgan. Qish paytlari. Xonadonlarda gaz, issiq suv, elektr yo‘q. Mehmonxonaga kelib, derazalardagi pardalarni olib, odeyal o‘rnida yopinib yotamiz, sovuq badan-badaningdan o‘tib ketadi. Bunday “imtihon”dan keyin boshqa hech narsadan hayratga tushmaysan. Darvoqe, xonada chekayotganim sizga ma’qul emasday ko‘rinadi?

– Bemalol chekavering, sizga yaxshi bo‘lsa bo‘ldi.

– Balkon derazasini kattaroq ochaylik. Oh, ko‘ryapsizmi, oyoqlarim ham avvalgiday emas. Bu yil juda murakkab boshlandi. Sahnaga chiqadigan ahvolda emasman. Ahvolimni tushunib, teatr bilan hamkorlikni to‘xtatdim. Teatrga bo‘lgan qiziqishim so‘ndi. Spektakllarni tomosha qilish uyoqda tursin,  repertuarlarga ham ko‘z tashlamayman, yangiliklarni o‘qimayman. Hammasidan bezdim desam bo‘lmas, uzoqlashib ketdim. Qiziq. Bir vaqtlar kimdir menga vaqti kelib shunday holga tushasan, teatr sensiz, sen teatrsiz yashaydi, desa, Xudo haqi, ishonmasdim. Mana, ayni shu holga tushib turibman. Osmon uzilib yerga tushgani yoki birorta sahna mensiz bo‘sh qolgani yo‘q.

– Buni o‘zingiz qanday izohlaysiz?

– Izohlashga hojat yo‘q. Hayotning achchiq, ammo o‘zgarmas qonunlari bor. Bugun ham, ertaga ham shunday bo‘ladi. Bu qoidani hech kim isloh qila olmaydi. Hech kim ularni chetlab ham o‘ta olmaydi. Menga kelsak, menda… muhabbat qolmadi. Bu tuyg‘usiz teatrda yashab bo‘lmaydi.

– Unday bo‘lsa, hayotda siz uchun nima qoldi?

– Bu dunyoda borligingni uzaytirish ishtiyoqidan boshqa hech narsa.

– Moddiy jihatdan qiynalayotganingiz yo‘qmi?

– Durustgina pensiya olaman. Qo‘shimchasi ham bor. Kurortlarga borib dam olishni xohlamayman. Qishloqda uyim bor. O‘rmon, jilg‘a, ko‘l. Jonning rohati deysiz. Menga boshqa hech narsa kerak emas. Ammo… (stol ustida turgan marhum xotinining suratiga qaraydi) menga umr yo‘ldoshim yetishmaydi. Eugeniya to‘rt yil avval vafot etdi. Yolg‘iz hayotim avvalgidek boy, qiziqarli emas, hammayoq bo‘m-bo‘sh, atrofim huvillab qolganday. Birorta ayol topish mumkindir. Ammo Eugeniyaning  o‘rnini hech kim bosa olmaydi.

– Sizning bu tushkun holatingizni ko‘rib, Eugeniya nima degan bo‘lardi?

– Kayfiyati buzilardi, albatta. U inson har qanday holatda ham yengilmasligi,  kurashni davom ettirishi kerak, deb hisoblardi.

– Bu ma’noda hamma xotinlar bir xil bo‘lishsa kerak?

– U meni har jihatdan qo‘llab-quvvatlardi. O‘zi  yomon aktrisa emasdi. Hayotimiz o‘ta namunali bo‘lmasa-da, xotinim hayotligida biz bir butun oila edik. Inson shunday yaratilganki, bir o‘zi butunlikka erisha olmaydi. Butun bo‘lish uchun juft bo‘lish kerak. Juftlikda yashash zarur. Ulardan biri oxirat safariga otlanganidan keyin hayot, turmush butunlay o‘zgaradi, butunligini yo‘qotadi. Yolg‘iz odamning fojeasi shunda. Darvoqe, siz uylanganmisiz?

– Yo‘q, hozircha yolg‘izman.

– Uylaning. Hali yoshsiz. Maslahat berishni yoqtirmayman, ammo ishonchim komilki, ota-onangiz ham shu fikrda bo‘lishlari kerak. Inson bu yorug‘ olamda oila borligi uchun ham yashaydi. Biz uch farzandga ota-ona bo‘ldik. Demakki, umrimiz behuda o‘tgani yo‘q. Keksalikka kelsak, uni aylanib o‘tib bo‘lmaydi. Hammaning boshiga tushadigan tashvish. Qarilikni yoshlikni, kulgili holatlarni, baxtli onlarni eslab yengish mumkin.

– Ko‘plar har kuni ishga bormaslik uchun tezroq pensiya yoshiga yetib olishni o‘ylashadi.

– Buning ham o‘ziga yarasha ma’nosi bor. Mana men, pensionerman, xohlaganimcha uxlayman, uyda nimani ma’qul ko‘rsam, shuni qilaman, hech narsa qilmasligim ham mumkin. Birov bir nima demaydi. Ertalab men bilan yashaydigan kenjatoyimga nonushta tayyorlayman. Juda mehnatsevar. Ishdan kech soat 11-12 larda qaytadi. Mashinani tuzatadi, ishtahasi yaxshi.

– Qo‘lingiz shirinmi?

– Avvallari choy damlash bilan quymoq pishirishdan boshqasini bilmasdim. Kulinariya kitoblarini sotib olganman. Retseptga qarab pishiraman. Ba’zida juda shirin chiqadi.

Suhbatimiz yakuniga yetadi. Meningcha, unga beradigan boshqa savolim qolmadi. Ammo suhbatdoshim haqida hamma narsani bildim deya ayta olmayman. To‘g‘ri, ko‘p narsalar oydinlashdi, biroq, insonni tushunish uchun, u juda oddiy va to‘pori bo‘lsa ham, bir uchrashuv kamlik qiladi.

Ko‘kni bulut qoplab, yuzimga mayda tomchilar qo‘na boshladi. Adomaytis menga qaytish yo‘lini ko‘rsatar ekan, nazarimda u bu tomchilarni mutlaqo sezmayotgandek, tabiiy qabul qilayotgandek ko‘rindi. Balki, shunday bo‘lgani ma’quldir…

* * *

Tarjimondan:

Ushbu suhbatni o‘zbek tiliga o‘girishni nihoyasiga yetkazar ekanman, ko‘nglimdan “Kapitalistik mehnat qahramoni” nomini olgan bu mashhur aktyor boshqa hamkasblarimning savollariga ham javob qaytargan bo‘lishi kerak, balkim kimdir “Yigirma oltinchisi otilmasin” filmida razvedkachi rolini qoyilmaqom qilib ijro etgan o‘zbek aktyori To‘g‘on Rejamatov haqida  so‘ragandir, degan fikr o‘tdi. Ne baxtki, izlanishlarim behuda ketmadi.  Regimantas muxbirlarning turli darajadagi, ya’ni mavzuga goh bevosita, goh bilvosita aloqador savollariga juda ochiq, samimiy javob qaytargan, suhbatdoshlari bilan bo‘lgan turli muloqotlarida ularni e’tibor bilan tinglagan, kezi kelganda, jilovni qo‘lga olib, o‘zi ham bir nimalarni aniqlashtirib olgan. Jurnalistlar suhbatni “Janob Adomaytis…” deb boshlasalar, darhol bosh chayqagan: “Hech qanaqa janob emasman, o‘rtoq ham. Regimantas yoki qisqacha Regis desalaring bo‘ldi. Yaqin do‘stlarim menga doimo shunday murojaat qilishadi. Sizlar ham do‘stlarimsizlar-ku”, degan.

2015 yili bo‘lib o‘tgan suhbatlaridan birida u (taassufki, mashhur aktyor kimlarning savollariga javob qaytargani ma’lum emas) quyidagi fikrlarni bildirgan:

– Hayotingiz qanday kechmoqda? Nimalar bo‘lmoqda o‘zi?

– Nimalar bo‘lmoqda deysizmi? Hech narsa bo‘layotgani yo‘q. Teatrdagi truppadan ketdim. Pensiyadaman. Shartnoma bo‘yicha ikkita spektakl­da rol o‘ynamoqdaman. Ba’zi seriallarda epizodik rollarda bo‘lsa-da, ko‘rinib turaman. Kinematografiya bilan aloqam butkul uzilgan. Sizlar meni unutmaganingizdan ko‘nglim ko‘tarildi, kino esa meni butunlay yodidan chiqardi.  Kino kemam mendan uzoqlashib ketdi, u yerdagi kayutamni kimdir egallab oldi. Boshqa teatrga borib, “Birodarlar, mana men keldim, bu yer endi mening joyim bo‘ladi”, degim kelmadi.

– Eshitishimizcha, yubileyingizni qaysidir muzeyda nishonlagan emishsiz? Juda taajjubli, go‘yo siz muzey eksponatiday…

– Ha-ha (kuladi). Shunday bo‘luvdi. To‘g‘risi, meni endi muzey eksponati desa ham bo‘laveradi. Jiddiy aytsam, dabdaba bilan o‘tkaziladigan yubiley tadbirlarini jinim suymaydi. Oshirilgan yolg‘on gaplarni eshitib o‘tirishga toqatim yo‘q. Shuning uchun teatr muzeyini tanladim, u yerda  do‘stlar, tanishlar, ashaddiy muxlislar yig‘ildik. Turmush o‘rtog‘im hayot edi, uch o‘g‘lim, to‘rtta nabiram – hammalari jam bo‘lishdi. G‘oyat go‘zal davra bo‘ldi deng. Boshqa sababi shuki, men endi pensionerman, biror tashkilotning shtatida turmayman, qayig‘im biror qirg‘oqqa bog‘lab qo‘yilmagan. Uyimni esa yo‘qotdim, yubiley degan tadbirni boshqa qayerda ham o‘tkazardim…

– Rossiya teatrlarida pensiya yoshiga yetgan aktyorlar juda ham ko‘p. Nima, sizlarda 70 yoshlilarni tashqariga chiqarib qo‘yishadimi?

– Hammani ham emas. Bizda hukumatning ishlayotgan fuqarolarga pensiya to‘lanmasligi to‘g‘risidagi ajabtovur qarori e’lon qilinganidan keyin, teatrdan butunlay ketdim. Keyinchalik bu qaror konstitutsiyaga mos emasligi aniq bo‘ldi, ammo men qaytmadim.

– Pensionerlikka o‘z ixtiyoringiz bilan o‘tgan ekansiz, demak, sizlarda nafaqa  puli durustgina ekan-da?

– Yo‘q,  ko‘p emas, teatrdagi oylik maosh bilan deyarli teng. Shunday ekan, har kuni ishga borgandan ko‘ra, uyda erkin yashash yaxshi, meningcha.

– Moskvadan ish topishga harakat qilmadingizmi?

– Bir nimalarni mo‘ljallagan paytlarim bo‘lgan, Ammo endi kech bo‘ldi, vaqt kutib turmas ekan. 80 degan yosh eshikdan bosh suqib turibdi. Moskvada bo‘lsa iste’dodli,  ijodiy o‘sishdan hamon  to‘xtamayotgan qariyalar mensiz ham yetarli.

– Bugungi Litvada, Adomaytisdek san’atkor bilan deyarli ishi bo‘lmayotgan mamlakatda nimalar bo‘layotganini gapirib bersangiz.

– Yo xudo, Adomaytis degan bir aktyor mamlakat hayoti oldida ko‘zga ko‘rinmas bir zarra. U hozir boshqalardan ko‘ra o‘ziga ko‘proq kerak. Albatta, har birimiz, o‘zimizcha muhimmiz. Ozmi-ko‘pmi, o‘zimizga e’tibor talab qilamiz.  Buni to‘g‘ri tushunish zarur. Litva bo‘lsa, bugun butunlay boshqa narsalar bilan band. Mansabda o‘tirgan kishilar, siyosatdonlar o‘rtasidagi  yangi-yangi mojarolar ko‘ngilni xira qiladi.

– Ularga aralashmaysizmi?

– Mutlaqo. Siyosat mening yo‘lim emas. Deputat bo‘lib ko‘rdim. Menga o‘xshaganlarning ishi emas ekan. Buni vaqtida tushunganimdan xursandman.

                                               Rus tilidan Ahmadjon Meliboyev tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 8-son