Millatning nishoni (milliy yozuvimiz haqida bahs) (2017)

Keyingi vaqtda milliy yozuvimiz tevaragida bahslar qayta jonlandi. Bizga qaysi grafikaga asoslangan alifbo ma’qul: kirillmi yoki lotin? Jamiyat bu savolga javobda go‘yo ikki guruhga ajralgan: bir taraf kirillni yoqlasa, boshqasi lotinni ma’qul ko‘rayotir. Biz milliy yozuv masalasi g‘oyat muhim ekanini e’tirof etgan holda, undan-da dolzarb masala nazardan chetda qolayotganini ta’kidlashni istardik. Xo‘sh, ayting-chi, o‘zbek tilini davlat tili rutbasiga munosib darajada rivoj toptira olyapmizmi? Axir, ona zabonimiz bu maqomni qo‘lga kiritguncha ozmuncha kurashgan edikmi?! 

O‘sha vaqtlar mustamlakalik sindromidan xalos bo‘lish uchun milliy til himoyasiga bel bog‘lagan bo‘lsak, bugun globallashuv ummonida “cho‘kib ketmaslik” uchun ham u haqda qayg‘urmoqqa majburmiz. Yer yuzidagi tillarning 80 foizi XXI  asr adog‘ida yo‘q bo‘lib ketadi, degan bashoratga shunchaki mahobat deb  qarashga haqqimiz bormi? Vaholanki, har qaysi tilda uni istifoda etuvchi millatning dunyoni ayricha mushohada etish tajribasi mujassamdir. Shunga ko‘ra, bir til o‘lishi bilan olamni o‘zgacha ko‘rishning bir imkoniyati ham yo‘qoladi. Ya’ni tilsiz madaniyat yo‘q, madaniyatsiz esa millat…

Binobarin, ona tilimizni davlat tili rutbasiga munosib rivoj toptirsakkina milliy yozuvimiz ham mukammallik kasb etadi. Ana shu nuqtai nazarga asoslanib, milliy til va yozuvga daxldor sohalarda faoliyat yuritayotgan bir necha ziyolimizga savollar bilan murojaat etdik.

1. Sizningcha, davlat tili haqidagi qonun qanday bajarilyapti? Bu  borada  yana nima ishlar qilinmog‘i lozim deb hisoblaysiz?

2. Siyosiy, iqtisodiy, psixologik va hokazo omillarni soqit qilib, faqat sof lisoniy nuqtai nazardan qaraganda, qaysi grafika o‘zbek tilining tovush tabiatiga ko‘proq mos – kirillmi yoki lotin?

3. Jamiyatimizda til qashshoqlashib va dag‘allashib boryapti, shu­ning­dek, savodxonlik pasayib, imloviy anarxizm avj olyapti, degan da’volarga qanday qaraysiz? Bu borada xavotirga chindan-da asos bo‘lsa, sizningcha, mazkur vaziyatdan chiqishning qanday choralari bor?

Shahnoza To‘raxo‘jayeva, adabiyotshunos:

1. Savolingizning o‘zida qonun yaxshi ijro etilmayotganiga ishora bordek va bu yo‘riqda haqsiz. Qonun bo‘lsa bas, o‘zbek tili mavqei o‘z-o‘zidan yuksaladi deb xato o‘ylaganimizni oradan o‘tgan 28 yil ko‘rsatib qo‘ydi. To‘g‘ri, mamlakatimizda qonunlar, rasmiy hujjatlar o‘zbek tilida chop etilyapti, televideniye, radio, matbuot tili asosan o‘zbekcha. Lekin hayotda-chi? Ko‘pchilik bolasini rus yo ingliz maktabiga bergan, ijtimoiy tarmoqda rusparastlar va g‘arb­parastlar qutblangan, o‘zbek tilini bilishni talab qilganlarga esa “millatchi” tamg‘asi bosilgan, o‘zbek o‘z ona yurtida yamlab, chaynab, qizarib-bo‘zarib bo‘lsa ham fikrini ruscha anglatishga uringan… O‘zbek tili hamon yashash, kelajak avlodga sof holda yetib borish uchun jon-jahdi bilan kurashayotir. Aslida, tilimizga davlat tili maqomi berilgach, bu muammo hal bo‘lishi kerak edi.

Rus, ingliz va boshqa tillar xalqaro til maqomiga qanday erishdi? Yuksak adabiyoti, madaniyati tufayli deysizmi? Dunyoda ulardek yuksak madaniyatli millatlar birtalay. Biz sanagan tillar esa, asosan, mustamlakachilik siyosati bois xalqaro maqomga ega bo‘ldi, aniqrog‘i, zo‘rlik bilan singdirildi. Endi biz haddan ortiq bag‘rikeng­lik bois ona tilimizni ular bo­simidan qutqara olmayapmiz. Qonunimizning biror moddasida O‘zbe­kis­tonning har bir fuqarosi davlat tilini bilishi shart degan talab yo‘q. Shu sabab birovga o‘zbek tilini bilmasligi va­jidan tanbeh bera olmaysiz, tanbeh bersangiz darrov Konstitutsiya va Davlat tili haqidagi qonunning 2-bandini dastak qilib, og‘zingizni yopadi. Avvalo, qonunning o‘zida davlat tiliga mutlaq ustunlik berish kerak, nazarimda. Rossiya yoki Ozarbayjonning bu boradagi qonunini bizniki bilan solishtiring. Men huquqshunos emasman-u, lekin bir ziyoli sifatida rus va ozarlarning qonuni biznikidan batafsil yozilgani, davlat tilining istifoda chegaralari, ustunlik o‘rinlari aniqroq belgilab berilganiga aminman.

Boshqa tilli vatandoshlarimizdan “Nega o‘zbek tilini bilmaysiz?” deb so‘rasangiz, bu til qiyin, uni yomon ko‘raman deganga o‘xshash sub’ektiv sababni emas, ob’ektiv omilni keltiradi: o‘rganishga ehtiyoj yo‘q. Ha, afsuski, shunday. Agar ular Amerika yo Yevropaga ketmoqchi bo‘lsa, albatta, o‘sha mamlakatlar tilini o‘rganadi, aks holda u yerlarda na o‘qiy oladi, na ishlay. O‘zbekistonda esa hech qachon bunday bo‘lmagan.

Tilimiz ichki imkoniyatlari boy, uzoq o‘tmish va ulkan madaniy merosga ega bo‘lgani holda, rivoj topmayotganida biz ziyolilar – tilshunos, adib va tarjimonlarning ham aybi katta. Biz ona tilimizda ko‘proq va xo‘broq yozmayapmiz, ya’ni zamonaviy atamani qo‘llasak, o‘qish­li “kontent” yaratmayapmiz. Bolalarimizni rus maktablariga berishni afzal ko‘rayotirmiz. Chunki o‘zbek maktabida o‘qigan bolada rivojlanish imkoniyatlari kam deb hisoblaymiz. Aksar yaxshi kitoblar rus, ingliz va boshqa tillarda bo‘lsa, o‘zimizga tarjima qilinmasa, bola kelajakda axborotni qayerdan oladi, deb o‘ylaymiz-da. Filmlarning-ku o‘zbekcha tarjimasiga toqat qilib bo‘lmaydi, tili no‘noq, o‘zi “cho‘loq”… Kompyuter va mobil telefonlar chala o‘zbekchalashtirilgan. Turli fan sohalari bo‘yicha atamalar puxta ishlanmagan…

Atamalar – ayniqsa, muharrirlarning og‘riqli joyi. Texnikaga oid kitobni tahrir qilaturib, “Podshipnik vtulka, vodilo va ramkaga qotirilgan” degan jumlaga kelganda yig‘lagudek bo‘ldim. Birgina bog‘lovchi va fe’ldan bosh­qa hamma so‘z ruscha, baynalmilal emas, aynan ruscha! Kitobning 70 foizi shunday jumlalardan iborat. Miyamga eng avval bundan ko‘ra muallif ruscha yozib qo‘yaqolsa yaxshi emasmidi, degan fikr keldi. Bu – o‘zbek tilini ojiz, g‘arib ko‘rsatib, uning ustidan kulish-ku! Ammo o‘zim ham muharrir sifatida bu jumlani sof o‘zbekchalashtirolmadim. Ne qilayki, ona tilimizda ularning muqobili yo‘q. Tarjimasi bordir balki (lug‘atlarda izohlangan), ammo muqobil atamasi yo‘q. Shu ahvolda boshqalardan o‘zbek tilini o‘rganishni talab qilishga haqlimizmi?

Yodingizda bo‘lsa, mustaqillikning ilk yillarida atamashunoslik bo‘yicha ancha ishlar qilingan edi. Hozir u davrning xatolari ko‘p tilga olinadi (oliygoh, tayyora, azmoyishgoh va hokazo). Lekin qilingan ishlar, xayrli tashabbuslar haqida negadir lom-mim de­yilmaydi. Men o‘sha kezlar tibbiyot, texnika, tilshunoslik kabi yo‘nalish­larda yaratilgan atamalar lug‘atlarini ijobiy baholayman. Afsuski, tilimizni milliylashtirishga doir ilk harakatlar muvaffaqiyatli chiqmagani shashtimizni tushirdi. Qolaversa, o‘zbekchalashtirish borasida mutaassib­lik qilib yuborganimizni, rus tilidan qochamiz deb baynalmilal so‘zlarga ham qiron keltirayotganimizni anglab qoldik va atamashunoslikni tashlab qo‘ydik. Noto‘g‘ri qildik! Xatolardan xulosa chiqarib, yo‘nalishni to‘g‘rilab olganimizda, atamashunosligimiz hozirgidek nochor ahvolga tushmasdi.

Nega biz o‘zbekcha so‘zlarni kam yaratamiz, nuqul tayyorini chetdan olib qo‘yaqolamiz? Chunki ona tilida so‘z yasash faqat til bilishni emas, topqirlik va ijodkorlikni ham talab qiladi. Bu borada esa maqtana olmaymiz. Agar jadid bobolarimiz XX asr avvalida “ega”, “kesim”, “aniqlovchi”, “hol” degan atamalarni bizga meros qoldirmaganida, ega o‘rniga “tagida yotuvchi” (podlejaщee), kesim o‘rniga “aytiluvchi” (skazuyemoye) kabi kulgili iboralarni qo‘llamasligimizga kafolat yo‘q edi. Negaki, biz tilimiz imkoniyatlarini bilmaymiz, manbalardan uzoqlashib ketganmiz. Jadid bobolar topgan “achchil” (kislorod), “suvchil” (vodorod) kabi so‘zlarni qabul qilmaymiz, ruschasini qo‘llayveramiz.

Joy nomlari, xorijiy ismlarni ham rus yoki g‘arb manbalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirib qo‘yaqolamiz (Sin Szyan, Si Szinpin, Rejep Tayip Erdogan deymiz – Shinjon, Si Chinpin, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on demaymiz), demak, transliteratsiya qoidalarini ham takomillashtirish zarur.

Hali xalqaro tillar asosan mustamlakachilik sabab keng yoyildi, dedim. Ammo zamonaviy dunyoda bunday emas. Endilikda til rivojlanishining asosiy sharti millat, xalq, mamlakat rivoj­lanishi, o‘sha tilda ilmiy, badiiy asarlar ko‘pu xo‘b yaratilishidir.

Ona tilimizni saqlab qolishni istasak – tilsevar bo‘lishimiz, uning ichki imkoniyatlaridan samarali foydalanib, ko‘proq so‘zlar yasashimiz, bu boradagi manbalarni chuqurroq o‘rganishimiz kerak. Aks holda shiddat-la rivojlanayotgan hozirgi zamonda kun-kunora paydo bo‘layotgan yangi tushunchalarni ajnabiy so‘zlar bilan ifodalashdan, tilimiz darvozasini ularga lang ochib qo‘yishdan o‘zga choramiz qolmaydi.

2. Qo‘llash uchun qulaylik, til xususiyatlariga moslik jihatidan lotin grafikasiga asoslangan hozirgi o‘zbek alifbosi kirillga bas kela olmaydi, buni ochiq tan olish kerak. Avvalo, qo‘shharflarimiz (sh, ch, ng) va o‘, g‘ kabi diakritik belgili harflar matn terishda ko‘p noqulayliklar tug‘diradi. Boz ustiga, imlo qoidalarimiz ham mukammal emas. Imlo lug‘atlarimizning biri ikkinchisini inkor etadi. Hamma o‘zi bilgancha yozayotir. Bularning bari bizning alifboda beqarorligimiz oqibatidir. Xolis aytsam, lotin grafikasini qanchadan-qancha tillar o‘ziga muvofiqlashtirib olgan ekan, demak, o‘zbek tiliga ham uni moslashtirish mumkin. Buning uchun bir necha harfni va imlo qoidalaridagi ayrim bandlarni isloh qilish, shuningdek, yagona imlo lug‘atini yaratish kifoya.

Hozirgi ikki alifbolik – fojia. Qonunda bir alifbo ko‘rsatilib, yosh avlod ham shunga o‘rgatilib, amalda boshqa alifbo istifoda etilishi durust emas. Lotin ham, kirill ham teng mavqeda bo‘lishi, undan ham yomoni, qonunda belgilangan alifbo amalda sust qo‘llanilishi chatoq. Qaybirigadir ustunlik berilishi kerak. Hozirgi sharoitda lotin grafikasiga o‘tishni jadallashtirish lozim, kirill yozuvi esa maktablarda rus tili darslarida o‘rgatilishi mumkin.

Hamma balo – yozuvni bot-bot almash­tiraverishimizda! 100 yilning nari-­berisida yozuv va imloni olti (!) marta isloh qilgan bosh­qa xalq bormi dunyo­da?! Har narsaga alifboning balogardonligi esa ojiz nuqtamiz. Arab yozuvidagi manbalarimizni o‘qisangiz, qancha ma’lumotlardan xalq bebahra ekanidan afsuslanasiz. Kirillda ham manbalarimiz oz emas. XX asr insoniyat tarixida kitob va bosma materiallar eng ko‘p chop etilgan davr bo‘lib qoladi. Ungacha matbaa rivojlanmagan edi, endilikda esa matn elektron shaklga ko‘chdi. Xo‘sh, qariyb bir asrlik yozma meros taqdiri nima bo‘ladi? Ularning barchasini lotinga o‘tkazolmaysiz, axir, bu – ayrimlar aytayotganidek, bir necha soatlik ish emas. Fayldagi matnni o‘girishda-ku muammo yo‘q, lekin qog‘ozdagi matn-chi?..

Men kirill alifbosida qancha yozma manba bor va ularning qanchasi lotinga o‘girilishi kerak degan savolga javob berolmayman, buning uchun qo‘limda zarur statistik ma’lumot yo‘q. Ammo shaxsiy kutubxonamdagi mingdan ziyod kitobning 90 foizi kirill alifbosida, men ularni tanlab-saralab yiqqanman. Shu asarlar bugun o‘qilmayotgani, ko‘pi qayta nashr etilmasligini o‘ylab kuyunaman.

Yana bir gap. Alifbo daxlsizligi haqida qonun qabul qilish kerak. Toki shu oxirgi va uzil-kesil alifbo bo‘lsin. Bundan keyin alifboni o‘zgartirish millatga qarshi jinoyat deb baholansin va alifbo siyosatdan ajratilsin! Hozir ana shunday qonun qabul qilinishiga erishish ziyolilarning bosh maqsadi bo‘lmog‘i lozim.

3. Inson yozgan to‘rt qator xatga qarab, uning savodi, dunyoqarashi, qancha kitob o‘qiganiyu qanday fikrlashigacha bilib olsa bo‘ladi. Afsuski, hozir shu to‘rt qatorda to‘rtta xato qilmaydigan odamni uchratish amrimahol. Nega bunday? Maktabda ta’lim beriladi, xat-savod o‘rgatiladi. Harholda, odam biror matnni o‘qiy oladigan darajaga yetkaziladi. Ammo u shu bilimini amalda qo‘llay olmaydi. Fanda bu “funktsional savodsizlik” deb ataladi. Ya’ni bilimi bor-u, malakasi yo‘q, harf taniydi-yu, o‘qiy va yoza olmaydi. Sababi – bizda o‘qimaslik ommaviy epidemiyaga aylangan.

Inson ko‘p mutolaa qilsagina savodli bo‘lishi mumkin. Ko‘p o‘qigan kishi so‘zlarning to‘g‘ri yozilishini eslab qoladi va qo‘liga qalam olganda o‘z-o‘zidan xatosiz yozib ketaveradi. Shuningdek, fikrni ravon va izchil ifodalash, dildagini tilga va qog‘ozga ko‘chira olish ham savodli insonning imtiyozidir. Hozirgi zamonda o‘qish va yozishni bilishning o‘zi savodlilik hisoblanmaydi. Zamon odami kompyuter, internet va turli gadjetlardan foydalanishni ham bilishi, qo‘liga tushgan chizma, jadval, diagrammalardan zarur ma’lumotni ajrata bilishi, yanada muhimi, voqelikni tanqidiy idrok eta olishi darkor. Men o‘n besh yillar avval bir maqolamda savodni inson ongidagi filtr deb atagan edim, hamon shu fik­rimda sobitman. Siyosiy savodxon bo‘lmagan odam erkini tanimaydi, iqtisodiy savodxon bo‘lmagan kishi boylikka erisholmaydi, diniy bilimi g‘arib mardum buzuq aqidalarga og‘ib ketishi mumkin va hokazo.

XXI asrda savodli bo‘lish uchun harf tanishning o‘zi kifoya emas deyapmiz. Ammo oliy ma’lumotli kishilarning yozuvida ham “xohish” so‘zida ikkita xato uchratasiz. Ishga kiraman deb kelgan da’vogarga ariza yozdirsangiz, xatolaridan uyalib o‘zi qochib ketadi. Yoki ijtimoiy tarmoqqa kiring, odamlar savodsizligidan uyalmay qo‘ygan, xatosini ko‘rsatsangiz, “Bu sizga ona tili darsi emas!” deydi. Savodni keraksiz, ahamiyatsiz deb bilishadi. Taassuf, yuz karra taassuf, demoqdan o‘zga chora yo‘q!

Imlodagi anarxizm esa tilimiz boshiga yog‘ilgan kulfat bo‘layotir. Men shu vaqtgacha nechta tahririyatda ishlagan bo‘lsam, har birining o‘z imlo siyosati borligiga guvohman. Kim “Zulayho” yozsa, kimdir “Zulayxo” tarzida bitadi, sentabr va sentyabr esa “asr bahsi”ga aylandi. Bahslashiladi, tortishiladi, so‘ng esa hamma o‘zinikini ma’qullab ishlayveradi. Imloda yakdil emasmiz. O‘quvchi ona tili darsligida bir shakl­da o‘qigan so‘zini tarix darsligida bosh­qacha o‘qishi tabiiy hol bo‘lib qoldi. Ularning “Nega shunday?” degan savolidan ustozlar bezgan.

Nima qilmoq kerak? Avvalo, alifbo va imlo masalasini tezroq uzil-kesil hal qilib, xalqni yozma manbalar, yodgorliklarga yaqinlashtirish kerak. Shuningdek, bolalarga katta hajmdagi matnlarni o‘qitish va yozdirishni o‘rgatish lozim. Hozirgi avlod nuqul “Variantlar bormi?” deb so‘rashni va taklif qilinganlari orasidan birini tavakkaliga tanlashni savod deb o‘ylayapti. Ong qulflarini ochib, idrok qasrlariga olib kiruvchi kitoblar odamlar qo‘liga, kitob javoniga, uylar to‘riga qaytmasa, ahvol yomonlashib boraveradi. Va nihoyat, jamiyatda o‘qimishli, ma’rifatli, ziyoli kishilarning ijobiy qiyofasini yaratib bermog‘imiz kerak. Oylikdan oylikkacha amal-taqal yashaydigan, rahbariyatdan nuqul dakki eshitadigan “kitob jinnisi” emas, xorijning yetakchi bilim dargohlarida ta’lim olib jamiyatda munosib o‘rin topgan yoxud Google, Facebook kabi jahonning yetakchi kompaniyalarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz ziyoli inson timsoli bo‘lmog‘i lozim.

Zuhriddin Isomiddinov, adabiyotshunos:

1.O‘zi, qaysi sohada bo‘lmasin, bu borada qonun borligi eslatildimi, bilingki, shu masalada ishkallik naqd. Men, masalan, biron yaponning “Bizda yapon tili davlat tili edi-ku?!” deb bong urishini tasavvur qila olmayman. Chunki hamma narsa – yaponcha. Yo biron finlandiyalik, eronlik…Axir, har qaysi mamlakatda asosiy xalq tili davlat tili bo‘lishi oddiy, tabiiy bir hol-ku! Bu haqda hatto qonun chiqarish ham shart emasdek. Ammo O‘zbekistonda ona tilimiz davlat tili deb e’lon qilingan. Sababi – u vaqtda mamlakatimiz mus­taqil jumhuriyat emas, imperiya tarkibidagi mustamlaka edi. Ochig‘i, bu masala hamon kun tartibidan tushmaganining o‘zi uyat!

Davlat tili haqidagi qonunni qaysidir mas’­ul idoralar emas, odamlarimiz qanday bajarayotganiga bitta misol aytaymi? Avvalgilarni qo‘yaturing, o‘sha 1989 yildan keyin, hatto mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ham, tug‘ilgan yuzlab, minglab o‘g‘il-qizlarimiz borki, o‘zbek tilini – o‘z ona tilini bilmaydi, o‘ris­cha muloqot qiladi, ular safi o‘sib ham boryapti. Yana, ularning ota-onasi bilan gaplashib ko‘ring: vatanparvarlikdan lof urishini ko‘rib yoqa ushlaysiz.

Davlat idoralariga kelsak, yigirma yillar avval ba’zi “mundayroq” hujjatlarini o‘zbek tilida tayyorlashga kirishgan mahkamalar bugun o‘shalarni yana o‘ris­cha bita boshladi, shunday ekan, “davlat tili haqidagi qonun qanday bajarilayotgani” borasidagi savolga javoban nima o‘ylab topsam ekan? Ayrim afishalar o‘zbekcha yozilyapti, deb lof urayinmi yo?

Kaminangiz “davlat tili” degan atamani to‘poriroq tushunadi. Men qaysi til davlat tili ekanini qonunda nima yozilganiga qarab emas, rasmiy idoralar davlat ishini qaysi tilda yuritayotganiga qarab bilib olaman. Buyog‘i esa, o‘zingizga ayon…

O‘zbek tilini davlat tili maqomi borligi sababli emas, avvalu oxir ona tilim bo‘lgani uchun sevaman. Onam biron idoraga rahbar bo‘lganda ko‘proq yaxshi ko‘rib, ishidan bo‘shasa, ehtiromim so‘nib qolmaydi-ku. Uni shunday – onam bo‘lgani bois yaxshi ko‘raman-ku!

Nima ishlar qilinmog‘i lozim, deb so‘ralibdi. Biz o‘zbek tilini – xudo bergan, har birimizga qiyomatga qadar hamrohlik qiladigan shu tabarruk tilni sevsak bo‘ldi. Sevgi bor joyda esa qonunga hojat qolmaydi. Biz tilga muhab­bat borasida hatto avvalgi davrlarga qaytsak ham hozirgidan afzalroq bo‘ladi. Chunonchi, o‘zbek tili hali davlat tili maqomini olmagan kezlar, masalan, o‘tgan asrning elliginchi yillariga… G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhorlar qaynab ijod qilgan, ona tilimiz nash’u namo topgan, yayrab rivojlangan pallalardagi lisoniy muhitni yarata olsak ham, zab ish bo‘lar edi. O‘shanda, bugungi “falon xonandadan yangi qo‘shiq”, “nonushtadan avval dori vositasini qabul qilish”, “buyruq ijrosini ta’minlash” deganlari kabi tilni o‘ldirib, tobutga tiqadigan chuchmal, yarashiqsiz iboralar bodrab ketmas edi.

Boringki, qonunni bajaraylik ham. Bu – majburiyat yuzasidan degani, albatta. Ammo muhabbat tufayli bo‘lsa, qonun bajarilibgina qolmay, til taraqqiy ham etadi. Axir, rivojlanmayotgan til – halokatga mahkum. Ona tilimiz oilada, boringki, maktabda, masjidda, ba’zi yig‘ilishlar va “jamoat transporti”dagina qo‘llanadigan bo‘lsa, bora-bora o‘shalarda ham ishlatilmay qoladi. Texnikada, siyosatda, ishlab chiqarish sohalarida, barcha fan yo‘nalishlarida, tibbiyotda, qishloq xo‘jaligida ham o‘zbek tili asosiy tilga aylanishi kerak. Ajabki, qonun chiqaradigan mahkamada ham aksar hujjatlar – o‘zlari yaratgan qonunga zid ravishda – ruscha tayyorlanadi, muhokama qilib pishitiladi va pirovardida rasmiyat uchun “davlat tili”ga tarjima qilib qo‘yiladi. Bas, bosh­qalardan nima deb o‘pkalaylik?

2. Ilmda, qaysi alifbo bo‘lishidan qat’i nazar, “bir harf – bir tovush” printsipiga muvofiq yozuv ideal deb e’tirof etiladi. Ya’ni, tildagi har bir tovush bitta harfda aks etsin va alifbodagi har bir harf bittagina tovushni anglatsin. Ammo dunyodagi ko‘p xalqlarning yozuvi o‘sha til tovushlarini to‘liq, mukammal aks ettira olmaydi. Bizda – ayniqsa. Masalan, joriy alifbodagi “o” harfi “t” va “k” harflari orasida kelib, uzum – tokni ham, elektr – tokni ham ifoda etaveradi, “o‘” harfi “t” tovushi oldidan kelib, olov-alangani ham, jigardan ajralib chiquvchi suyuqlikni ham anglataveradi, qanday o‘qish va tushunish o‘zingizga havola. Holbuki, yozuvda bir xil bo‘lgani bilan, bularning talaffuzi ikki xil.

1929 yildan boshlab Turkiston xalqlari, jumladan, o‘zbeklarning lotin yozuviga o‘tishi biron bir ilmiy zarurat tufayli emas, balki sovetlarning tazyiqi bilan amalga oshirilgani, uning ilhomchisi esa Lenin bo‘lganini bugun hamma ham bilavermaydi. Uning “Latыnizatsiya – eto revolyutsiya na Vostoke” degan da’vati bilan o‘nlab shovinist olimlar turli Sharq xalqlari yozuvini “inqilobiy alifbo”ga o‘tkazishga bel bog‘lagan edi. “Davlat tili haqida”gi qonunning boshlamasida “O‘zbek yozuvining lotin alifbosiga o‘tilgan yillardagi ijobiy tajribasi”dan so‘zlashdan avval bu masalaning asl tarixini bilib olish kerak edi.

O‘zbekistonda kirill alifbosini takomillashtirishga ham urinib ko‘rilgan. Ziyolilar birmuncha erkin nafas ola boshlagan 60-yillar oxirida Toshkentda nutq madaniyati masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilgan edi. Manaman degan tilshunoslar ona tilimiz muammolarini ko‘targan, jumladan, milliy alifbodagi nuqsonlarni ko‘rsatgan, muhim takliflarni bergan edi.

Ana shu konferentsiya materiallari va undan keyingi talay maqolayu risolalar asosida o‘zbek tili alifbosi uchun 37 harf lozim, deb hisoblasa bo‘ladi, zero, tilimizda 36 tovush va apostrof (ayirish belgisi) bor:

aarxar g‘ – g‘or zzo‘rg‘a m – mum oo‘pka uuka
aaka ddYr iikki nnon ppul ffarq
bbug‘doy eerkin ыurdы ng – Ykang rrost xxo‘roz
w – owchы yyo‘g‘on kko‘z ng‘to‘ng‘ыch ssoy chchыroq
vvektor jjinday q – qыsh oolma ttosh shsholы
ggilam jjurnal lloy o‘o‘roq uulug‘ h – hosil

Nuqsonli alifbo, avvalo, ilmga xalaqit beradi. Chunonchi, yozuvda muayyan tovush uchun harf belgilanmasa, zamonlar o‘tib, hatto ba’zi olimlarga bu tovushlarning o‘zi tilda asli yo‘qdek yoki vaqt o‘tib bosh­qa bir tovush bilan almashib ketgandek tuyilishi mumkin.

Nuqsonli alifbo odamlar talaffuziga ham salbiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalaridan ma’lumot olish kuchaygan hozirgi davrda. Ko‘p diktorlar oddiygina so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qila olmaydi. O‘z vatani nomini to‘g‘ri aytolmaydigan xonandalar esa “Ozbekiston!” deb hayqiradi, “O‘zbekis­ton”ga tili kelishmaydi. Chunki, “shunday yozilgan”-da!

Alifbo mukammal bo‘lmog‘i uchun tildagi barcha tovushlar tegish­li harflar bilan ifodalanmog‘i shart. Masalan, “tur” – o‘rnidan turmoq, “tur” – xil (har turli). Aslida esa, keyingisi “tYr” (tYrli-tYman) bo‘ladi. Ko‘ramizki, alifboning qusuri talaffuzga ham ziyon yetkazar ekan. Chunki bu tovushlar alifboga “o‘gay” hisoblanib, unga kiritilmagan-da… Ammo shunga qaramay, kirill alifbosi lotin alifbosiga qaraganda “bir harf – bir tovush” printsipiga ko‘proq muvofiq, harfiy imkoniyatlari bisyorroq. Shuni ham unutmaslik kerakki, bu ikki yozuv ham grek ustav yozuvidan olingan; albatta, keyinroq ishlab chiqilgan kirillcha bir qadar mukammallik kasb etgan.

Men tilimizda hozirga qadar ishlatilgan alifbolarning harflari va o‘zbek tili tovushlarini chog‘ishtirib ko‘rdim:

Yozuv turlari

Alifbodagi harflari

Ortiqcha yo juft harflar soni

Biz qo‘llaydigan harflar

Etishmagan harflar soni

O‘zbek tovushlarini aks ettirish imkoniyati

Arab-fors yozuvi

32 ta

7 ta

25 ta

11 ta

69 %

 Lotin (ingliz) yozuvi

29 ta

3 ta

26 ta

10 ta

72 %

Kirill (rus) yozuvi

35 ta

6 ta

29 ta

7 ta

81 %

 Ko‘rinib turibdiki, basharti o‘zbeklar mutlaqo boshqa bir yozuvdan foydalanib kelgan bo‘lsa-yu, bugunga kelib arab, lotin yo kirill yozuvidan birini – ma’qulrog‘ini tanlab olishi lozim bo‘lsa, o‘zbek tovushlarini ifodalash imkoniyati ko‘proq bo‘lgan kirill alifbosi afzal deb topilar edi. Lotin yozuvini qo‘llash afzal deguvchilar undan Yer yuzida ko‘p odam foydalanayotganini “ko‘zir karta” qilib olyapti. Ajabo, kirillni “istilochilar yozuvi” deb inkor qiladiganlar muqobilida biz ham masalani siyosiy sathga o‘tkazib, “milliardlar foydalanayotgan yozuv” deya ommani manfur globalizm sari undamang, deb aytishimiz mumkin-ku!

Shu kunda oldimizda bir dilemma qalqib chiqdi: davlat tiliga o‘tish muhimmi yo lotin yozuviga? Bu mohiyatan o‘zaro zid hodisalar emas, ammo til sohasidagi ikki inqilobiy jarayonni birvarakay ro‘yobga chiqarishga urinish ikkala ishni ham barbod qiladiganga o‘xshaydi. Boringki, lotin alifbosi kirillchadan afzal bo‘lib, milliy yozuvni almashtirish to‘g‘ri deb topilgan holda ham, yangi yozuvga ko‘chish xarxashasi aynan hozir – davlat tilida ish yuritish to‘liq oyoqqa qo‘yilmagan bir sharoitda o‘rinlimi? Ikki qayiqqa oyoq qo‘ygan kimsa g‘arq bo‘lar emish. Avval ona tilimizning maqomini o‘rniga qo‘yib, nomiga emas, chin davlat tili qilib olaylik, u yog‘iga xudo poshsho.

Jahon kommunikatsiya tizimiga kirishni osonlashtirsa kerak, degan umidgagina tayanib, milliy yozuvni almashtirish… Lotin yozuvini qo‘llamaydigan o‘nlab ilg‘or millatlar jahon kommunikatsiya tizimiga kirishda qiynalganini eshitgan emasmiz va, ochig‘i, ularning aksari global tizimga kirishda bizdan ilg‘orroq ekanini e’tirof etaylik-da! Bu borada teskari natija bergan holatlar ham yo‘q emas. Masalan, xitoylar 1956 yil fevralidan lotin yozuviga o‘tib ko‘rishgan edi. 1962 yilda esa yana o‘z iyerogliflariga qaytishdi – o‘sha olti yil endilikda Xitoy tarixida noma’qul tashabbus davri sanaladi. Agar lotin yozuvi taraqqiyot kafolati, jahon kommunikatsiya tizimiga kirishni osonlashtirish garovi bo‘lsa, unda bizdan ko‘ra omilkor va mutaraqqiy ellar, masalan, yaponlar kamida o‘ttiz yo ellik yil avval lotin yozuviga o‘tgan bo‘lar edi-ku! Yoki to‘rt ming yil burungi noqulay iyerogliflardan hamon voz kechmayotgan xitoylar texnologiya sohasida hammadan tez rivojlanayotganini qanday izohlaymiz?

…Kirill yozuvida ham takomillashtirish lozim o‘rinlar, ortiqcha harflar, o‘zbek tovushlarini aks ettirishda kamchiliklar bor. Bu endi, albatta, o‘zga bir mavzu. Ammo unisi ko‘pam mushkulish emas.

3. Bunga avvalo noto‘g‘ri, so‘zma-so‘z tarjimalar sabab bo‘lyapti. Masalan, “mahalla fuqarolari yig‘ini” deymiz. O‘zingiz o‘ylab qarang, mahallada fuqaro nima qiladi? Fuqaro mahallada emas, davlatda bo‘ladi. “Mahalla idorasi” desak kifoya-ku! Nahot o‘zbek mahallasiga oid atamalarni ham ruschadan o‘girib ishlatsak? Yoki “O‘zbekiston Qurolli kuchlariga 20 yil” degan medal bor. G‘irt ruscha shakl-shamoyil. O‘zbek bunaqa demaydi, “O‘zbekiston Qurolli kuchlarining 20 yilligi” deydi. Bu kabi misollar tilning “qashshoqlashayotgani”ni ham, “dag‘allashib borayotgani”ni ham ko‘rsatmaydi. Ammo o‘lib borayotganiga misol bo‘la oladi, chunki bosh­qa til tabiatiga muvofiq ifoda tarzi ona tilimizda bemalol qo‘llanyapti. Buni shunday muqoyasa qilish mumkin: organizmda qon kamaysa yo quyuqlashsa, kishi behol bo‘ladi, ammo o‘lmaydi. Bordiyu uning qoniga boshqa guruh qoni aralashib ketsa-chi? Muqarrar… oyoq cho‘zadi. Shuning uchun ham men tilning “qashshoqlashib” yo “dag‘allashib” borayotganidan emas, halok bo‘lib borayotganidan xavotirdaman.

Hozir tilimizda ana shunaqa begona ifoda shakllari ko‘payib ketdi, uning asosiy qismi ruschadan hijjalab o‘girish kasriga paydo bo‘ldi. Oqibat, tarjimasiz ham ajabtovur so‘zlar yasab tashlayapmiz. Mana, “Yashnobod” degani. Uning ma’nosi nima? Odamlarning ism-familiyasi esa Yakubov, Mavlyanova, Irgashev, Salaxutdinova deb bemalol o‘ristaxlit qilib qo‘llanadigan bo‘lib qoldi. “Pasportda shunaqa yozilgan” deyishadi va buzuq familiyasini hatto mamnun bo‘lib talaffuz qilishadi. Ammo ana shunaqa xatolarni to‘g‘rilash uchun davlat tili haqida qonun chiqmadimi? Loaqal otimizu zotimiz to‘g‘ri atalsin uchun mus­taqillikka erishdik-ku!

Imloviy xatolar bilan yozishni o‘zimiz xohlaymiz shekilli, bu narsa qonimizga singib ketibdi. Bo‘lmasa, yigirma yillar avval ishlab chiqilgan “Imlo” dasturini kompyuterga kiritmasmi edik?! Unaqada savodli bo‘lib  qoladiganga  o‘xshaymiz.

Alisher Nazar, shoir:

1. XX asrning so‘ngidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan o‘zbek ziyolilari ham unumli foydalanib qoldilar. O‘sha kezlar o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Shu ma’noda bu qonun milliy uyg‘onish mahsuli edi.

Qonun qabul qilinganiga 28 yil bo‘lsa-da, uni haligacha hayotimizga to‘liq joriy etolmadik.  Nega?

Buning sabablari talaygina. Ulardan biri sifatida davlat tili to‘g‘risidagi qonunni buzganga amalda hech qanday jazo yo‘qligini keltirish mumkin. Shu bois til qonunini istagan odam buzishi, uni mensimasligi mumkin. “Davlat tili haqidagi qonun”ning 10-moddasida bunday deyiladi: “Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya huj­jatlari davlat tilida yuritiladi”. Xo‘sh, yuritilmasa-chi? (Yuritilmayapti-ku!) Yuzlab, minglab tashkilotlarning hisob-kitob ishlari hali-hanuz o‘zbek tilida yuritilmaydi. Xo‘sh, buning jazosi nima?..

Savolning ikkinchi qismini o‘qib, o‘quvchilik yillarim esimga tushib ketdi. Bir sinfdoshimiz bo‘lardi. Karra jadvalini yodlashga o‘n bir yil urindi boyoqish, lekin oxirigacha yetolmadi, maktab tugab qoldi. Shu bola o‘tgan mavzu bo‘yicha doskaga chiqsa, nuqul goh shiftga, goh derazaga qarab nimalarnidir pichir-pichir qilaverardi. Go‘yoki uyda rosa o‘qigan-u, esidan chiqib qolgan!

Bizda ham davlat tili haqidagi qonun ijrosi bo‘yicha rosa ko‘p ish qilin­ganu shunga qo‘shimcha yana qanday chora-tadbir ko‘rish kerak de­gandek tuyu­ladi menga.

Nazarimda, bugun bitta ish qilinishi kerak: tilni davlat o‘z himoyasiga olsin! Xalqqa davlatning o‘zi o‘rnak bo‘lsin!

So‘nggi chorak asr davomida Toshkentda o‘nlab mehmonxona barpo etildi. Nomlarini sanaymi? “Dedeman”, “Grand Mir”, “Sheraton”! Nima degani bu? Buyuk buxoriylar yurtiga boraman deb yo‘lga chiqqan sayyoh “Dedeman” yoki “Sheraton” degan manzilga kelib tushsa, hayron bo‘lmaydimi? Nima uchun “Sheraton” bo‘lishi kerak, deylik, “Regis­ton” emas?

Poytaxtimizda “Tashkent City” xalqaro biznes markazi qurilishi rejalangan. Nega u inglizcha nomlanishi kerak? Xalqaro maqomni “sity” so‘zi belgilaydimi? Bu mezonni kim joriy qilgan o‘zi? Vatanparvarligimiz tutib, shu mezonni buzsak-chi? Xorijdan kelgan tadbirkor qaytib ketadimi? “City” so‘zining o‘zbekcha muqobili yo‘qmi? Misol uchun, “Toshkentsaroy” yoki “Shoshsaroy” bo‘lsa, kim e’tiroz bildiradi?! Bir paytlar yurtimizda yuzlab karvonsaroylar bo‘lgan. Mag‘ribu mashriqdan kelgan savdogarlar karvonsaroylarda jam bo‘lgan. Karvonsaroylar turli o‘lkalardan kelgan tujjorlar uchun nafaqat qo‘nimgoh, balki axborot markazi vazifasini ham o‘tagan.

Poytaxtimizda har kuni o‘n minglab yurtdoshimiz qatnaydigan bozor bor: Abu Saxiy! Kim bu zot? Shu atroflarda Abu Saxiy degan odam o‘tganmi yoki buning boshqa ma’nosi bormi? Noma’lum “Abu Saxiy bobo”dan sal nari yursangiz, “Bek baraka”ga ro‘para kelasiz. Qani, buning ma’nosini topib ko‘ring-chi!

Axir, joy nomlari milliy, tarixiy, jug‘rofiy ahamiyatga ega bo‘lishi kerak emasmi? Ular milliy mentalitetimizga mos kelishi, O‘Z SO‘Zlarimiz bo‘lishi lozim emasmi?

Demak, tilimiz bugun barcha muqaddasotlar kabi tom ma’noda himoyaga muhtoj. Millatning ma’naviy mulki o‘laroq til davlat muhofazasida bo‘lishi, sarhadlar singari qo‘riqlanishi lozim!

2. Mustaqillikning uchinchi yili “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun e’lon qilindi. Qonunda aytilishicha, “…o‘zbek yozuvining lotin alifbosiga o‘tilgan 1929-1940 yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib, keng jamoatchilik bildirgan istak-xohishlarni inobatga olib…” lotin yozuviga o‘tgan ekanmiz. Ochig‘i, shu jumlaga 24 yildan beri tushunmayman. 1929-1940 yillarda qanaqa ijobiy natijaga erishganmiz? Bolsheviklar partiyasi “o‘zbeklar ijobiy natijaga erishsin” deb 13 asr davomida foydalanib kelingan arab grafikasini itqitib, lotin grafikasini joriy qilganmidi? Bu judayam soddalik emasmi? Axir, alifboni o‘zgartirish qip-qizil siyosat edi-ku! Xalqni savodsizlik girdobiga otishga qaratilgan harakat edi-ku! Oradan 11 yil o‘tib, bir avlod to‘la-to‘kis savodi chiqib, shakl­langandan keyin “sovet xalqlarini yaqinlashtirish” degan bahona bilan kirill alifbosiga o‘tildi.

Chorak kam bir asrlik tariximiz kirill grafikasida yozildi. Bir necha avlod shu alifboda savod chiqardi. Shu yillar orasida ozmi-ko‘pmi to‘plagan ma’naviy boyliklarimiz o‘sha alifboda inkishof etildi. Biroq mustaqillikning dastlabki yillarida sovetlardan meros qolgan hamma narsadan birvarakayiga voz kechish yo‘lini tutdik. O‘sha pallada kirill alifbosining ham bahridan o‘tishga qaror qildik. Bahridan o‘tilsa mayli edi, ora yo‘lda qolib ketdi. Biz hamon uni sudrab yuribmiz. Na hurmatini joyiga qo‘yib bag‘rimizdan joy beramiz, na undan voz kechamiz.

Xo‘sh, kirilldan voz kechish bizga nega kerak bo‘lib qoldi?

So‘nggi paytlarda shu savolga javob tariqasida yozilgan o‘nlab maqolaga ko‘zim tushdi. Ularda aytilishicha, lotin grafikasi dunyo bilan yaqinlashtirib, “tashqari”ga chiqish uchun darvoza bo‘lishi mumkin ekan!

Men aytamanki, o‘tmishda ulug‘larimiz lotin alifbosi bilan  emas, ilmu zakosi bilan dunyoga chiqdi, sharaf topdi. Agar til boy bo‘lsa, mukammal bo‘lsa, har qanday grafikaga moslasha oladi. Gap tilning mukammalligida. Til qashshoqlashsa, imlo har qancha mukammal bo‘lsa-da, foydasizdir.

Bugun ora yo‘ldamiz. Ortimizda arab imlosida ming yillik qadim tariximiz, kirill alifbosida salkam yuz yillik yaqin tariximiz, oldimizda esa 25 yillik yangi tariximiz turibdi. Xo‘sh, endi buning qay biriga “yukinamiz”? Biz uchun qaybiriga yuz burmoq xayrliroq? Endi har xil havoyi gaplarni bir chekkaga surib qo‘yib, real voqelikka yuzlanishga majburmiz. Ya’ni lotin yoki kirill grafikasidan birini tezroq tanlashimiz lozim. Har ikki grafika ham tilimizga moslik jihatidan kes­kin farq qilmaydi. Biroq lotin imlosida bir qancha qulayliklar borligini tan olmay ilojimiz yo‘q. Qolaversa, hali lotin yozuviga o‘zgartirishlar kiritish imkoniga egamiz. Masalaning ushbu jihatlarini ham nazardan qochirmagan holda keng jamoatchilik qat’iy qarorga kelishi lozim.

3. Bir odam tinimsiz yolg‘on gapiraversa, bora-bora rost so‘z bilan yolg‘on so‘z­ning farqiga bormay qoladi. U rost bilan yolg‘onning chegarasini buzib qo‘ygan-da. Endi u yolg‘on qarshisida zarracha istihola tuymaydi, uyalmaydi, qizarmaydi.

Savodxonlik borasida o‘sha chegarani buzgan bechoraga o‘xshab qoldik. Chegara bir-ikki kunda buzilgani yo‘q. Bu o‘n yillarga cho‘zilgan  loqaydlikning mevasidir. Biz dastlab ikkilanmay savodsizlik bilan muloqot qildik. Asta-sekin u bilan murosa qila boshladik va nihoyat, unga ko‘nikdik.

Matbuot nashrlari, radio, televideniye, ko‘chalardagi shiorlar, rek­lamalar – hammasida xat-savodli odamning peshonasini tirishtiradigan chuchmal gap-so‘zlar. Birgina misol: reklamalarda “lazzat” so‘zidan foydalanish shu qadar urchib ketdiki, uni oddiy qabul qilishga o‘rganib qoldik. Oziq-ovqat rek­lamalarida ham “ta’m” yoki “maza” so‘zi emas, aynan “lazzat” qo‘llanilyapti. Shu tariqa nafaqat savodsizlikni, behayolikni ham targ‘ib qilyapmiz.

TV va radio boshlovchilarining gap­lariga ilon po‘st tashlaydi. “Bo‘lgan” so‘zi bo‘lgan-bo‘lmagan joyda hoziru nozir: ­“chiroyli bo‘lgan”, “betakror bo‘lgan”, “yoqimli bo‘lgan”. Ichimizda “o‘zing ham rosa bo‘lgan ekansan-da”, deb o‘ti­raveramiz.

Bir zamonlar odamlar imlo xatosini gazeta-jurnallarga qarab to‘g‘rilab olardi. O‘quv darsliklaridan imloviy xato izlash shakkok­likdek tuyular edi. Mana, o‘qib turganingizdek, bu gap­larni “bir zamonlar” deb eslaydigan ahvolga keldik.

Axir, hali dunyoning ba’zi xalqlarida muntazam imlo mavjud bo‘lmagan davrlarda bobolarimiz boy lug‘atlar tuzgan-a! Buning uchun isbot so‘ralsa, birgina “Devoni lug‘atit-turk”ni ko‘rsatish kifoya! Lekin bu buyuk merosni birovga ko‘z-ko‘z qilishdan ilgari o‘zimiz ham o‘qib chiqishimiz kerak. Mahmud Koshg‘ariyning bebaho asari har bir o‘zbek xonadonida bo‘lishi shart deb o‘ylayman. Chunki bu kitob turkiy tilning benazir boyliklari jamlangan xazinadir. Uni varaqlab ko‘rgan odam bugun muomalada bo‘lgan so‘zlarning naqadar qadimiy ekanini ilg‘aydi.

Biz g‘ofillar “Hazrat Navoiyning nabirasimiz” deb ko‘ksimizga urishdan boshqasiga yaramaymiz. Holbuki, Navoiydan yodlaganimiz uch-to‘rt ruboiydan nariga o‘tmaydi. Uning ham mazmunini tuzukroq anglamaymiz. Ulug‘ shoir turkiy va forsiy tillar muhokamasiga bag‘ishlangan “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida turkiy tilning jozibasi haqida yozar ekan, bitta turkiy so‘zning bosh­qa tillardan topish mushkul bo‘lgan o‘nlab muqobilini keltiradi. Birgina “yig‘lamoq”ning o‘nlab sinonimini qatorlashtiradi. Lekin bugun navqiron avloddan  shu sinonimlarni so‘rab ko‘ring-chi, nechtasini bilar ekan?

Mayli, Navoiy bilan o‘rtamizda salkam olti asrlik masofa yastanib yotibdi. Bir asr naridagi Cho‘lpon asarlarini asl holicha o‘qish ham kamyob hol bo‘lib qoldi-ku! Bu ketishda yana ellik-oltmish yildan so‘ng yosh kitobxonlar bugungi yozuvchilarimizni ham izohli lug‘at yordamida o‘qimasa edi…

Ha, chindan ham, nutq va so‘z boyligi borasida nihoyatda qashshoqlashib bor­yapmiz. O‘spirinlarning o‘zaro suhbatini eshitgan odamning tepa sochi tikka bo‘ladi. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqishiga-ku tishni tishga qo‘yib chidaydigan bo‘ldik. Biroq oddiy fikrni ham ravon va tushunarli ifodalay olmayotganlari, bu – endi jiddiy muammo!

Muammoni o‘zimiz yaratyapmiz, kerak bo‘lsa, targ‘ib-tashviq qilyapmiz. Bir misol keltiraman.

Yil boshida yurtimizda “ZO‘R TV” degan telekanal ochildi. Bugun lof bo‘lsa ham aytaylik, mamlakat yoshlarining aksar qismi shu telekanalni tomosha qiladi. Bu kanalning saviyasi haqida ko‘p gapirmayman, faqat ayrim dasturlari nomini sanab o‘taman: “Adrenalin-shou”; “Time of”; “Real xit”; “Bojalar community”; “Garderob”; “Kinotime”; “Indigo”; “Cover up”…

Bu jonajon O‘zbekistonimizda o‘zbek tilida “faoliyat olib borayotgan” telekanalning dasturlari ro‘yxati. Ajnabiy nomdagi, ajnabiy ruhdagi shu kabi dasturlar asrlar davomida millat ruhi bilan qorishib ketgan adabiy tilimizni buzib, bo‘laklab tashlamoqda.

Til – millatni birlashtiradigan, yagona maslak atrofida jips­lash­tiradigan kuch. Eng asosiysi, bu qadimiy til ajdodlarimizning omonatidir. Biz bu omonatga allaqachon xiyonat qilib bo‘ldik. Shu xatoni tuzatish va tilni kelajakka bezavol yetkazish to‘g‘risida jiddiy o‘ylab ko‘rish fursati allaqachon kelgan. Aks holda, “hifzi lison” deya millatni uyg‘onishga chorlagan ma’rifatparvar zotlarning ruhi chirqiraydi.

Behzod Qobulov, jurnalist:

1. Bu haqda o‘ylaganimda shunday xayol ko‘nglimdan o‘tadi: orzu-istaklar jarayonga mos kelmasa nima qilish kerak? Bizda “Davlat tili haqida”gi qonunning o‘zidan ko‘ra nomi, qabul qilingan sanasi va bu borada jonkuyarlik ko‘rsatganlar mashhurroq. Nega? Negaki, mazkur qonun kutilgan samara va natija bergani yo‘q. Voqean, bunga sharoit ham bo‘lmagandir.

Men uch jihatga e’tibor qaratmoqchi edim.

Birinchidan, bu olamda, ba’zilarini istisno qilganda, albatta, barcha xalqlar  jahon tillaridan birortasi bilan turli omillarga ko‘ra bog‘lanadi: sobiq mustamlaka, tarixiy vatan, san’at, adabiyot, siyosiy elitaning xayrixohligi. Ayni shu omillar mamlakatlarda ikki tillilikka sabab bo‘ladi. Bu, qandaydir ma’noda, tabiiy jarayon hamdir. Bizning peshonamizga, falakning gardishi bilan, rus tili jahonga vositachi bo‘lishi yozilgan ekan. Hozirga qadar mamlakatimizda rus tilini bilmaslik ko‘pdan-ko‘p noqulaylik keltirib chiqaradi, bu tilni bilmayturib elitaga yaqinlashib bo‘lmaydi. Kino, falsafa, san’at, hatto tilshunoslik sohalarini rus tilisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bizga yoqadimi-yo‘qmi, vaziyat shunday. Chunki, achchiq haqiqat shuki, tilimiz hali ilmiy til darajasiga ko‘tarilmadi – bu jarayon davom etmoqda. Ehtimol, bu bizning avlod chekiga tushayotgan muqaddas vazifadir.

Mana, bir misol. Olmon faylasufi Hegelning mashhur “Estetika” asarini marhum olim – falsafa fanlari doktori, professor Mahmud Abdullayev vafotidan bir muddat avval tarjima qilgan edi. Shu tarjima 2012 yili tasodifan qo‘limga tushib qoldi. Bilishimcha, domla ustozlaridan biriga tayyor tarjimani tahrir uchun bergan-u, ish chala qolgan. Shu asarni “Sharq yulduzi”ga berdim – chop etildi. Qarangki, tarjima qo‘lyozmasining ayrim boblari yo‘qolgan ekan. Asar to‘liq chop etilar, degan umidda o‘sha parchani tarjima qilishga kirishdim. Ana shundagina rahmatli Mahmud Abdullayev naqadar mashaqqatli yumushni bajarganini angladim. Boisi, Hegelning serma’no, polifonik ifoda uslubini boricha, yuqori ilmiy hamda badiiy saviyani saqlagan holda o‘zbekchada bera olish g‘oyat murakkab ish ekan. Boz ustiga, rus, olmon, allaqachon qurama tus olib bo‘lgan o‘zbek akademik falsafasi tili va uslubi aro sarsonlik… Mardona aytganda, tarjimani ko‘ngildagidek uddalay olmadim. Demak, til haqidagi qonun ijrosining davlatga bog‘liq bo‘lmagan, ziyolilar, birinchi navbatda, ilm ahlining saviya-­darajasiga aloqador jihatlari ko‘p. Olimlar forsiy, arabiy, rusiy istiloh va kalimalarni o‘zbekcha jaranglatuvchi ifoda uslubini topishi, zarur bo‘lganda, istilohlarning o‘zbekcha muqobilini qo‘llay boshlashi kerak. Qayerdadir o‘qigan edim, akademik Qori Niyoziy “hosila” so‘zini matematik istiloh tarzida ilk marta qo‘llagan ekan. Yoki, “ikra” so‘zining o‘zbekchasi – “uvildiriq” ham shu tarzda so‘z boyligimizni to‘ldirganini eslash kifoya. Demak, tilni xalqning o‘zi, qolaversa, ijodkorlar boyitib borsa, olimlar nazariy masalalarni hal etadilar. Bu jihatdan ahvolimiz achinarli.

Sirasini aytganda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi hali u ilmiy til, san’at va texnika vositasi bo‘ldi degani emas ekan. Qonun ijrosidagi oqsashlarga millatning yalpi ma’naviy-madaniy hamda ilmiy-nazariy rivoji keyingi yillarda avj olgan “ommaviy madaniyat”, bozorparastlik illatlari sababli bir qadar turg‘unlashgani ham sabab bo‘ldi.

Ikkinchidan, mazkur qonun ijrosi bo‘yicha aniq bir mas’ul idoraning yo‘qligi ham muammodir. Ma’lumki, mamlakatimizda qonun ijrosi nazorati prokuratura organlariga yuklangan. Vaholanki, bu idoraning aksar xat-qog‘ozi o‘zi tahrirga muhtoj. Xizmat yuzasidan tergov-surishtiruv materiallari bilan tanishishga to‘g‘ri keladi. Savodsizlik shu qadarki, dod degingiz keladi. O‘zbekcha savodi haminqadar mutaxassislari bilan bu idora davlat tili haqidagi qonun ijrosi ustidan nazorat o‘rnata olarmikan?!

Tilning buzilishi deganda so‘zlarning xato yoki jumlalarning noto‘g‘ri tuzilishigina nazarda tutilmaydi. Bu – masalaning sirti, xolos. Mazkur qonun ijrosi ustidan nazorat qilish, bu – “optom” bozorchining xirgoyisidan tortib to yallachining “solfedjio”si, so‘zbotirning “karoche”siyu gazetchining “shapka”si, buxgalterning “oklad”iyu kattakonlarning “doklad”i, xullas, bu aralashqo‘rg‘ondagi makulaturadan armaturagacha, xotinlarning neylonidan tibbiyotning neyronigacha “tishi o‘tishi” kerak, deganidir!

Afsuski, iqtisodni o‘nglash, davlatni oyoqqa turg‘azish, tinchlikni saqlash ishlari dolzarb sanalgan o‘tish davrida tilimiz o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Bu ish bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan tilchilar esa, matbuot maydonidagi tuturiqsiz g‘oyalari, Toshkentdan narida birov tanimaydigan ilmiy maktablari obro‘si yo‘lida so‘zdan qilich yasab, bir-biriga ayovsiz sermadilar…

Uchinchidan, tanqid va tahlillarga e’tibor yo‘qligi ham jurnalistlar, olimlarning hafsalasini pir qilayotir. O‘z vaqtida, Ahmad A’zam dard va iztirob bilan yozgan “Til nomusi” kitobi chop etildi. Birov e’tibor berdimi? Yo‘q. Jurnalist-filologlar undagi ayrim o‘rinlarni yondaftarlariga ko‘chirib olganini aytmasa, boshqa biron tayinli o‘zgarish bo‘lmadi, vaziyatni o‘nglashga urinilmadi…

“Mushtum” jurnalining 2016 yil 4-sonida “Alahsirayotgan sayyod” nomli feletonim bosildi. Internetda vaysaqilik bilan shug‘ullanayotgan, gap-so‘zlari fisqu fasod, poyintar-soyintar bo‘lgan “e’jodkor”ning qilg‘iliklari haqidagi mazkur maqolam e’lon qilingach, qoldim kulgiga-qoldim kulgiga… Muxolifim o‘z saytida, ijtimoiy tarmoqlarda og‘ziga kelganini gapirdi. Oxiri toqatim toq bo‘lib, Matbuot va axborot agentligiga xat yozdim. Agentlikdan javob oldik. Ayon bo‘ldiki, tilni buzgan, adabiyotni tahqirlagan kimsa bilan birovning ishi yo‘q ekan. Bu jinoyat hisoblanmas ekan. Javob xatining so‘ngida bunday jumlalar bor edi: “Arizangiz qanoatlantirilmagan deb hisob­lasangiz, yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilishingiz mumkin”. O‘ylab-o‘ylab, so‘z va til masalasida, jurnalistni noqulay vaziyatdan qutqarish borasida bu tashkilotdan-da yuqorisini topa olmadim. Osmonga qarab, O‘ziga havola qilib qo‘yaqoldim. Aqli va kuchi yetgancha til sofligini asrashga kamarbasta bo‘lishga shaylanib, keyin tanlagan kasb-koriga nisbatan ishonchsizlik tuygan, haq so‘zni aytib, kulgiga qolgan, hammasini jimgina O‘ziga havola qilib ketaverganlar ozmi?..

2. Ochig‘i, menga kirill grafikasi ma’qul. Ko‘zim o‘rgangani, aql bitganda taniganim – shu. O‘ylab ko‘rsam, baribir, rus grafikasi bo‘ladimi, lotinmi, bizning tilimiz tabiatiga loppa-loyiq emas ekan. Ne taqdirki, biz ikki chet yozuvdan birini tanlashga majbur va mahkummiz. “Qachon tiz cho‘kuvdik, hamon izzamiz”, degani shu bo‘lsa kerak. Ikki yomonlikdan birini tanlashga to‘g‘ri kelganda, ko‘pchilikning fikri inobatga olinadi, deb eshitganim bor. Ko‘pchilik deganda sanoqqa emas, salmoqqa qarash kerak, albatta. Ya’ni, 15 million nafar nari-berisidagi yoshlar lotin grafikasiga chechan bo‘lsa, qolgani kirillga esh. Lekin, xalqimiz orasida kitobga, ziyoga mehr qo‘yganlar saralansa, o‘qirmanning taxminan 90 foizi kirill alifbosini yoqlashiga aminman. Lekin kirill alifbosini ham takomillashtirish kerak, albatta. “O‘”, “j”, “ya”, “yu” kabi harflarning istifodasini birinchi navbatda o‘ylab ko‘rish zarur. Biz negadir tajribalar qilmaymiz. Ikkinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘limga qog‘oz va qalam berib, ba’zi so‘zlarni yozdirib ko‘raman. U talaffuzida anglaganidek yozadi. Ba’zan tilshunoslarning havoyi nazariyalarini chetga surib, shu bolalarning talaffuzi va inshosi asos qilib olinsa, bari to‘g‘ri va osonroq chiqarmikan, deb o‘ylab qolaman. Harholda, qachondir tilshunoslarning maxsus ilmiy laboratoriyasi ham bo‘lishi kerak-ku!..

3. Tili qashshoqning – didi qashshoq. Did esa xayolot, tafakkur, bilim otli manbalardan oziq oladi. Bularning barchasini birlashtiradigan, namoyon etadigan vosita tildir.

Maktablarda qoidalarga asoslangan tilshunoslik bor. To‘g‘ri, hozirgi kunda qoidalar nisbatan kamaygan. Lekin, o‘ylab ko‘ring, o‘sha qoidalarning qanchasi amaliyotda kerak bo‘ladi? Aksincha, ko‘p kitob o‘qigan va dunyoqarashi keng insonning o‘zi tilning tabiatini ang­lab, ravon va ajabtovur jumlalar tuza oladi. Ijodkorlik imkoniyatini xalqning o‘ziga qoldirish kerak. Bizning hozirgi tilshunosligimizda qoidalar ustun keladi. O‘rganuvchida tilga nisbatan mehr emas, qoidalaru “… deb nimaga aytiladi”larga qarshi kayfiyat paydo bo‘ladi. Holbuki, mavlono Muqimiy “O‘zim har joydaman, ko‘ng­lim sandadur” deganda, aytaylik, ergash gapli qo‘shma gap haqida o‘ylab ham o‘tirmagan…

O‘ylashimcha, til – qoidalar jamuljami emas, avvalo, o‘ziga xos iqlim, tabiat. Uni anglash kerak, his etish kerak. Til tabiatini anglagan borki, uni go‘zal istifoda eta oladi. Qoidalarni esa oliy ta’limga, mutaxassislik soatlariga qoldirish kerak. Qat’iy fikrim shuki, maktablardagi darslarda hadeb tilning nazariy jihatlariga e’tibor beravermasdan, uning jozibasi, go‘zalligi, tarovatini anglash va o‘rganishga e’tibor qaratishimiz lozim.

Eldor Asanov, tilshunos:

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni juda zarur, ammo e’tibordan chetda qolgan rasmiy hujjatlardan biridir. Uning ijrosi uchun mas’ul qilib belgilangan tuzilmalar – respublika Oliy Soveti va uning qoshidagi Doimiy til komissiyasi allaqachon o‘z faoliyatini tugatgan. Boshqa ijrochilar tayinlanmagan, harqalay, qonun matniga tegishli o‘zgartish kiritilmagan. Qonunning 5-, 6-, 7-, 8- va hokazo moddalarida ilgari surilgan talab­lar (davlat tashkilotlarida, turli shakl­dagi korxonalarda, shuning­dek, tadbirlar, hujjatlar, e’lonlar, mahsulotlar yorliqlarida davlat tilidan foydalanish) yetarli darajada bajarilmaydi: juda ko‘p davlat tashkilotlari hanuz rus tilida ishlaydi, nodavlat tashkilotlar va xususiy korxonalarni-ku ayt­masa ham bo‘ladi.

Xo‘sh, bu holni qanday izohlash mumkin? Nazarimda, o‘zbek xalqi davlat tili to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi yo‘lida ko‘rsatgan matonat va birdamlikni e’tirof etgan holda, bir  parcha qog‘oz bilan ish bitmasligini, nihoyat, tushunmog‘imiz lozim. Bugun muhimroq bir vazifa kun tartibiga qo‘yilishi zarur: yutuq va kam­chiliklarni baholash, tarix va bugunning tajribasini ehtirosga berilmay o‘rganish hamda tegishli xulosalar chiqarish.

Tarixan aksar millatlar siyosiy tilning (yoxud til siyosatining) uch bosqichini bosib o‘tadi:

– milliy til uchun kurash bosqichi. ­Qaram bo‘lmagan xalqlar – millat sifatida shakllanish jarayonining faol bosqichida, qaram xalqlar – istibdoddan ozod bo‘lish (va shu bilan muvoziy ravishda – millat sifatida shakllanish) chog‘ida tilga “milliy” maqom beradi, til – taraqqiyot, erk, o‘zlik timsoliga, ma’naviy kapitalga aylanadi. Milliy tilning kamsitilishiga istibdodning bir shakli deb qaraladi, til sohasidagi yutuqlar erk va taraqqiyot yo‘lidagi muhim qadam sifatida talqin etiladi. Bu bosqich, odatda,  milliy tilning qonunlashtirilishi bilan yakun topadi. Ayni paytda, mus­tamlakachi til bilan norasmiy kurash ham davom etadiki, uning natijasi turlicha bo‘lishi mumkin;

– mustahkam zamin topgan milliy til endi mamlakatdagi kichik etnik va lisoniy guruhlar uchun assimilyatsiya xavfini uyg‘ota bosh­laydi. Ularning bunga munosabati har xil bo‘lishi mumkin: o‘z tilini rivoj toptirishga urinish, unga ham “milliy” maqom berilishini talab etish; ayrim hollarda tarozi pallalarini muvozanatga keltirish maqsadida mustamlakachi tilga qaytish. Bunday vaziyatda goho keskinlik yuzaga keladi, goho esa murosa yo‘llari qidiriladi;

– lisoniy kosmopolitizm bosqichi. Bunda na mustamlakachi til, na etnik ozchiliklar tili (assimilyatsiyaga uchragani yoki murosa yo‘li topilgani uchun) milliy tilga tahdid uyg‘otmaydi, endi unga alohida milliy yoki rasmiy maqom berish ehtiyoji yo‘q. Bu bosqichda yo rasmiy til tushunchasidan butunlay voz kechiladi, yo boshqa tillarga keng va teng imkoniyatlar taqdim etiladi.

Hindiston bosib o‘tgan yo‘l bunga misol bo‘la oladi. XX asrning 40-yillari adog‘igacha hindiy tili ozodlik mafkurasining muhim uzviy qismi bo‘ldi, mus­taqillik qo‘lga kiritilgach esa, 50-yillarda “Tillar marshi” boshlandi – axiyri mamlakatdagi boshqa tillar ham rasmiy maqomga ega bo‘ldi. Ayni choqda, 1965 yili butkul iste’moldan chiqarilishi lozim bo‘lgan mustamlakachi til – inglizcha ham saqlanib qoldi. Bunga, bir tomondan, ingliz tilining xalqaro ahamiyati, ikkinchi tomondan, lisoniy ozchiliklarning sa’y-harakati sabab bo‘ldi. Bugun Hindistonda 24 ta rasmiy til bor. Xitoyda esa bu ko‘rsatkich 56 ta. AQShda “milliy” yoki “rasmiy til” tushunchasi umuman mavjud emas.

Shulardan kelib chiqsak, galdagi vazifa – biz ayni tarixiy jarayonning qaysi bosqichiga yetganimizni anglab, shunga yarasha qadam tashlashimiz lozim. Bu jarayon, yana takrorlayman, rasmiy idoralar farmon-buyruqlari bilan olg‘a siljimaydi. Ziyolilar qatlami unda faol ishtirok etishi, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi, so‘zdan amalga o‘tishi kerak.

Aytish joizki, o‘zbek tili mintaqaning boshqa tillariga qaraganda birmuncha durust ahvolda. Qozog‘istonda rus tili tomonidan siqib qo‘yilgan qozoq tiliga, Xitoyda yo‘qlikka yuz tutayotgan uyg‘ur tiliga qiyoslasak, 30 milliondan ortiq odam gaplashadigan, qo‘shni mamlakatlarda ham keng tarqalgan, yo‘qolish tahdididan yiroq o‘zbek tili ahvolidan fojia yasash, vahima ko‘tarish nojoiz. Do‘ppini bir yerga qo‘yib, shunchaki tilni rivojlantirish, unga yanada sayqal berish, qo‘llash doirasini kengaytirish kabi harakat yo‘nalishlari ustida bosh qotirmoq kerak.

2. Aslida, har qanday til uchun eng qulay grafika shu til uchun tarixan ishlatib kelingan yozuv tizimi hisob­lanadi. Aytaylik, xitoy tilini xitoy iyerogliflarichalik kam-ko‘stsiz aks ettiradigan bosh­qa yozuv tizimi yo‘q. Arab tili uchun arab xati, turkiy tillar uchun ko‘kturk xati eng mukammal yozuv turlaridir. Lotin, kirill singari universal vositalardan birini tanlar ekanmiz, barcha omillarni hisobga olishimiz zarur: sof lisoniy nuqtai nazar mutlaq ob’ektivligi bois ham aniq yechim taklif eta olmaydi. Negaki, har qanday alifboni har qanday tilning fonetik tarkibiga moslash mumkin. Shuning uchun, xohlaymizmi-yo‘qmi, siyosiy, madaniy, hech bo‘lmaganda texnik omillarni inobatga olib ish tutishga majburmiz. Harflarning ixchamligi, digraflar (qo‘shharflar) va diakritikaning bor-yo‘qligiyu buning klaviatura yoki qo‘lda yozishda qiyinchilik, qo‘shimcha xarajat va mehnat talab etish-et­masligi – e’tiborga olinadigan eng zarur omillardir.

O‘zbek tili uchun shu vaqtgacha ishlatib kelingan yozuv tizimlari orasida eng maqbuli 1929–1940 yillarda istifoda etilgan lotin grafikasi edi. U o‘zbek tilining barcha fonetik o‘ziga xosliklarini aks ettirar hamda boshqa tillar bilan munosabatga kirishish, masalan, chet so‘zlarni “og‘riqsiz” o‘zlashtirishda keng imkoniyatlar yaratar edi. Jumladan, barcha o‘zlashma so‘zlar o‘zbek tilining talaffuz qoidalariga bo‘ysundirilishi qat’iy belgilab qo‘­yilgan edi. Uning nuqsonlari sifatida esa arab grafikasi rudimentlari – “h”, “x” harflari va apostrof (’) saqlab qolinganini aytish joiz.

Odamlar orasida o‘zbek kirillchasi mukammal degan qarash tarqalgan. Holbuki, kirill xatida ham kamchilik­lar talaygina. Bundan tashqari, tovush va harf, yozuv va til munosabatlari aks ta’sirga asoslanadi: kirill yozuviyu uning imlo qoidalari ta’sirida o‘zbek tili ham o‘zgarishlarga uchragan, ayrim xususiyatlarini yo‘qotgan. Kirill imlosi rus tili ta’sirini olib kirgani, baynalmilal so‘zlarning ruscha talaffuzini qonunlashtirgani oqibatida o‘zbek tili fonetikasida “sinish” yuz bergan. Unli tovushlarni ifodalovchi harflar yetarli emasligi bois bugun o‘zbeklar “i” va “ı”ni bitta tovush deb qabul qiladi.

Hozirgi o‘zbek lotin alifbosi kirill yozuvining to‘g‘ridan-to‘g‘ri transliteratsiyasi bo‘lgani sabab uning kamchiliklarini takrorlaydi va kirillchaning o‘rnini bosadigan qulay vosita bo‘la olmaydi.

3. Tildagi o‘zgarish jarayonlari to‘xtovsiz davom etadi. Ijtimoiy, siyosiy va madaniy vaziyatga qarab, til “dag‘allashish”, “qashshoqlashish” yoki aksincha, “sayqallashish”, “boyish” jarayonlarini boshdan kechiradi. Biroq bunday bahoni berishda shoshqaloqlik va biryoqlamalikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Til – juda keng ko‘lamli fenomen, uning qo‘llanish doiralari, uslublari, dialekt­lari va o‘zga yashash shakllari juda ko‘p, bularning har birida bir vaqtda turlicha o‘zgarishlar kuzatiladi. Misol uchun, o‘zbek tilining badiiy uslubi nihoyatda go‘zal va boy, lekin ilmiy uslubi fikrlash va bayon uchun yetarli imkoniyat bermaydi.

Yalpi savodsizlik faktini, afsus­ki, inkor qilib bo‘lmaydi. Ko‘chalardagi afisha, e’lon va reklamalarda, hatto OAVda imloviy, punktuatsion va uslubiy xatolar juda ko‘p uchraydi. Lekin har doimgiday tanqidga berilib ketamiz-u, sabablarni tahlil qilib ko‘rmaymiz. Imloviy xato qiluvchilarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rish, hatto ularni jazolash singari “tashabbus”lar ilgari suriladi. Hadeb alohida shaxslarga yopishavermay, mohiyatga nazar solish payti keldi, fikrimcha.

Til qashshoqlashyapti, imloviy anarxiya avj olyapti degan da’volar ma’lum ma’noda to‘g‘ri. Shunday bo‘lsa-da, gap bir-ikkita savodsizda emas. Buni ang­lash uchun quyidagi savollar ustida bosh qotirish darkor:

– balki muammo til va imlo qoidalarining o‘zidadir? Agar hamma “x” va “h”ni adashtirsa, unda ehtimol muammo “savodsiz” va “mas’uliyatsiz” odamlarda emasdir? O‘zbek so‘zlashuv tilida bu ikki tovush farqlanmaydi, shunday ekan, adabiy tilga ularni zo‘rlab singdirish nechog‘li to‘g‘ri?

– yoshlar orasida xat-savodning qoniqarli emasligi, til qoidalariga rioya etilmasligi sababi ta’lim tizimidagi nuqsonlarga borib taqalar? Maktab yoki universitetda ona tili yaxshi o‘qitilmasa yoki o‘quvchi-talabalar oldiga bu borada yetarlicha qat’iy talab qo‘yilmasa, bunda kim aybdor? Balki ta’lim tizimida ona tili o‘qitilishiga boshqacha yondashish kerakdir?

– xalqni savodli etadigan vosita – ­doimiy mutolaa. Kirill xatida chop etilgan kitoblar talay, ammo lotin alifbosida aholini adabiyot bilan yetarlicha ta’minlash dolzarbligicha qolmoqda. Gazeta-jurnallar, saytlar o‘zi ko‘tarayotgan mavzuyu chop etayotgan maqolalari bilan ommada qiziqish uyg‘ota olmayapti.

Ona tili ta’limi epaqaga keltirilmas ekan, o‘qishli badiiy, ilmiy, ilmiy-ommabop kitoblar zaxirasi yaratilmas ekan, odamlar har kuni internetni qiziqib “varaqlamas”, gazeta va jurnallarni intiqib kutmas ekan, xullas, o‘zbek tilida aholi keng qatlamlarini o‘ziga jalb etadigan binoyidek axborot oqimi hosil qilinmas ekan, birovlardan “xato yozasan”, “adabiy tilni bilmaysan” deb gina qilish noo‘rin.

O‘rozboy Abdurahmonov, yozuvchi:

1. Qoraqalpoq tili davlat tili maqomini olgan kezlar biz kirill alifbosida edik. Mustaqilligimiz arafasida davlat tili masalasiga alohida ahamiyat berilib, Qoraqalpog‘iston Ministrlar Kengashi qoshida maxsus komissiya tashkil etilib, davlat tilini asrash-bo­yitish yuzasidan ilmiy-amaliy ishlar olib borildi, lekin, afsuski, keyinchalik bu idora yopilib qoldi. Hozir Qoraqalpog‘istonda davlat tilining qo‘llanishi masalasi muallaq bir holda qolganki, har kim o‘z bilganicha yozib, yozganini to‘g‘ri deb hisob­lab yuribdi.

Lotin alifbosiga o‘tilayot­gan kezlar universitetdagi bir mulo­qotda qatnashganman. Notiq taniqli fizik olim, professor, kompyuterdagi ilk qora­qalpoqcha harflar muallifi, qadrdon do‘stim edi. Lekin uning alifbodagi harflar soni haqida aytganlari meni hayratga soldi.

– Bilasizmi, – degan edi u, – yuksak tamaddunga erishgan xalqlar yozuvidagi harflar soniga qarang, ingliz tilida 26, rus tilida 36 harf bor. Qoraqalpoq tilida esa 41 harf! Qancha isrofgarchilik! Bizning qoloqligimizning asosiy sababi ham shu. Ilg‘or xalqlar kam harf qo‘llab, qulay va tez tushunib oladi. Bizlar xudoning ko‘p harflari orasida adashib-uloqib yuraveramiz. Lotin alifbosi, qolaversa, kompyuterni tez o‘zlashtirish imkonini beradi…

Bu gaplar menda e’tiroz tug‘dirdi. Harfi kam inglizlar aqlli xalq ekan, mayli, 41 harfimiz bilan biz past­roqmiz deylik, ammo 10 000 dan ziyod harf-iyeroglifiga ega bechora xitoylarni qaysi toifaga kiritamiz? Harflarini o‘zlaridan o‘zgalar tushunmaydigan arman alifbosi-chi?

Men e’tirozimni bir parcha qog‘ozga yozib, notiqqa jo‘natdim. U nutqini tugatgach yonimga kelib, shivirlab uzr­xohlik qildi: “Men buyog‘iga e’tibor bermabman…”

2. Menimcha, qoraqalpoq yozuvi kirill bo‘lgani ma’qul. Sababi – biz lotinga o‘tamiz deb, uch avlod to‘plagan ma’naviy boyligimiz – kitob­lardan ajralib qoldik. Odamlar ongida tushunchalar o‘zgarib, otalar bilan bolalar o‘rtasida azaliy munoqasha avj olyapti. Qulog‘i doimo telefonda bo‘lgan bolaning kallasiga otaning og‘zaki so‘zi singmayotir. Axir, ikki avlod ikki alifboda, ikki xil kitob o‘qiyapti… Bu hol avlodlar orasidagi ziddiyatni kuchaytirib, G‘arbni “porloq kelajak” deb tushunadigan yoshlarni paydo etmoqda. Yoshlar dunyoni tez tushunadi, yangilikni tez o‘zlashtirib oladi – ularning iqtidorlilari hozirda kirill alifbosida ham o‘qiydi. Yoshlarni o‘qitish, o‘rgatish mumkin, lekin kirill alifbosiga ko‘nikkan o‘rta va keksa yoshdagilarni lotinga o‘rgatish oson emas, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston sharoitida. Yemay-ichmay, kuch-quvvatni kunu tun lotincha kitob chiqarishga sarflaganda ham, birinchidan, ulkan mablag‘ kerak bo‘ladi, u esa bizda yo‘q, ikkinchidan, mayli, chiqardik ham deylik, lekin ongi hali shakl­lanib ulgurmagan farzandlarimiz avvalgi kitoblar ma’nosini chaqarmikan? “Lotinchilar”dan “Axir, bu – kompyuter tili-ku!” degan xitobni ko‘p eshitaman. Hov, og‘aynilar, kompyuter yo internetni pir tutmang­lar, axir, ular faqat vosita, insonning og‘irini yengillashtiradigan matoh-ku!

Yaxshigina bir shoir do‘stim ko‘nglidagini aytdi-qo‘ydi:

– Bir qo‘shig‘im “Qaldirg‘och” bolalar jurnalida lotincha chiqdi. Qayta-qayta o‘qib, hech o‘zim yozgan she’rga o‘xshata olmadim. Kirill­chasini o‘qisam, she’rga o‘xshaydi, lotinchasini o‘qisam, oddiy gapdek…

Men bu o‘rinda qaysi alifboning ­afzalligini emas, u xalqimiz bir-birini tushunishi uchun qulayligini nazarda tutyapman. Alifbo mentalitetimizga mos va tez o‘zlashtiriladigan, qo‘llashga o‘ng‘ay bo‘lgani ma’qul.

3. Tilimiz qashshoqlashib, dag‘allashib boryapti, degan gapga qo‘shilmayman, chunki til – jonli organizm, o‘sish jarayonida o‘zgarib, boyib boraveradi. To‘g‘ri, uni matbuot qashshoqlashtirishi mumkin. Lotin tilining o‘lishiga alifbo emas, o‘sha kezlar bolalar tug‘ilishi keskin kamayib ketgani sabab bo‘lganini yaxshi bilamiz. Lekin hozir savodxonlik pasayib, imloviy anarxizm avj olayotgani aniq. Bu endi qaysi alifboni qo‘llashimizga bog‘liq. Qoraqalpoqlar – alifbo o‘zgarishidan eng ko‘p jabr ko‘rgan xalq. O‘tmishda biz asl turkiy alifbodan tortib arab, lotin, kirill alifbolarini istifoda etganmiz. Kechagi lotinga qaytishimiz nihoyatda og‘ir kechdi. Boz ustiga, 2009 yili endi o‘rgana boshlagan qoraqalpoq lotinchamizga uchta harf qo‘shilib, boshimiz yana baloga qoldi. Til-adabiyot o‘qituvchilarimizdan tortib uchta harf­ning qo‘shilishiga ovoz bergan deputatlarimizgacha o‘z ona tilida to‘g‘ri yoza olmaydigan darajaga tushdi. Masalan, oldin lotincha oddiy “Orinbay” deb yozilib-o‘qiladigan ism endi “Wo`rinbay”, “O`zbekstan” atamasi “Wo`zbekstan” deb yozilib, cho‘zib o‘qiladigan bo‘ldi. Oldin uch varaqqa bemalol sig‘ib turgan matn, endi to‘rt varaqqa ham sig‘may qoldi. Bu uch harf lotincha o‘qiyotgan bolalarni chalg‘itib, ular ona tilida ommaviy ravishda xato yoza boshladi… Hatto Jo‘qorg‘i Kengashimiz “Өzbekistan” so‘zi bundan buyon “O`zbekstan” deb yozilsin deya qaror qilgan bo‘lsa ham, “uch harf xatosi” oqibatlarini tugatish uchun hali ancha yillar kerak bo‘ladiganga o‘xshaydi. Axir, alifbo omma ongiga singmog‘i uchun uch avlod davri, ya’ni 75 yil kerak bo‘lar ekan. Angliya parlamenti salkam 600 yildan buyon oddiy bir apostrofni qanday qo‘llashning yechimini haligacha topa olmayotir deb eshitaman.

Biz alifbo tanlashni umumxalq referendumi yo‘li bilan hal etsak, adolatdan bo‘lar edi.

Mana, anketa savollariga javoblar bilan tanishdingiz, aziz jurnalxon. Bizningcha, muhokamaga qo‘yilgan masalalarga har kim o‘z qarashini erkin, ro‘y-rost ifoda etdi. To‘g‘ri, goho fikrdan ko‘ra hissiyot ustun kelgan o‘rinlar ham bo‘lgandir. Biroq buni oqlaydigan sabab bor: axir, til, yozuv, imlo – millat uchun, hech mubolag‘asiz, hayot-­mamot masalasi-da!

 Kimnidir haq, kimnidir nohaq deya hakamlik qilish niyatidan yiroqmiz. Ayni choqda, muhokamaga xulosa yasashga ham jazm qilmaymiz. Chunki til, yozuv va imlomiz tegrasidagi bahslar hali davom etayotir. Bu kun gazeta-jurnal, radio-televideniye, internetu ijtimoiy tarmoqlardagi dolzarb mavzu – ana shu. Demak, anketamiz savollariga javoblar ham yalpi muhokamadan atigi bir qatra, xolos.

Biz  jurnal sahifalaridan ayni bahsga minbar ajratar ekanmiz, butun xalqimiz kabi shularni orzu qildik: shoyad o‘zbek tili yuksak qadr topsa, muntazam alifbomizga ega bo‘lsak, imloda ham yakdillikka erishsak. Axir, bularsiz dunyoning mutaraqqiy xalqlari safidan joy olish dushvor!..

“Tafakkur” jurnali, 2017 yil 4-son