Madaniy avlodlar silsilasi (Xurshid Do‘stmuhammad va Ibrohim G‘afurov gurungi) (2017)

Atoqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov va taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad suhbati

Xurshid Do‘stmuhammad: – Ibrohim aka! Suhbatimiz avvalida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Farmoniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi faxriy unvoniga sazovor bo‘lganingiz munosabati bilan ko‘plab muxlislaringiz, shogirdlaringiz va adabiyot ixlosmandlari nomidan tabrik etishga ruxsat bergaysiz.

Ibrohim G‘afurov:
– Rahmat! Vaqti-soati yetib bizning hayotga kelib ozmi-ko‘pmi mehnatimiz, badiiy adabiyot, adabiy tanqid, badiiy tarjima sohalarida uzoq yillardan beri qilgan xizmatlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, hukumatimiz tomonidan yuksak darajada taqdirlanganidan boshimiz osmonga yetadi. Bu oliy e’tibor zimmamizga buyuk bir mas’uliyat hamda burchdorlik yuklayotganligini teran his qilib turamiz. U bizni tinimsiz faol ijodga undamoqdaki, albatta bu bizga g‘ayrat va kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Rejalarimiz bisyor, vaqtimiz esa olg‘a yetaklab boradi.

– Ibrohim aka! Siz qariyb 60 yildan buyon adabiy jamoatchiligimiz maydonida faollik ko‘rsatib kelasiz. Milliy adabiyotimiz, ma’rifatimiz, milliy badiiy tafakkurimiz tarixining faol yaratuvchilaridan biri sifatida o‘z tajri­ba­n­­­­­giz, o‘z maktabingiz bor. Adabiyotshunoslik, tanqidchilik, tarjimashunoslikka oid asarlaringiz, Sizning tarjimalaringiz orqali o‘zbek kitobxonlarining ma’naviy merosiga aylangan jahon adabiyotining eng sara namunalari, mansuralar turkumi, qolaversa, ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishidagi falsafiy kuzatish va mushohadalaringiz jamlangan kitoblar yuzasidan juda keng va xilma-xil mavzularda suhbatlar qurishimiz mumkin. O‘rni kelganda, “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat” va “Parivashlar majlisi” deb nomlangan uch jild kitobingizni so‘nggi yillar madaniy voqeligimizda alohida o‘rni borligini ta’kidlash zarur. Badiiy,­ ilmiy-ma’rifiy trilogiya deb atash mumkin bo‘lgan mazkur uchlikda hozirgi kunimizning bir-biridan dolzarb mavzulari, muammolari qalamga olingan. Zero, xalqning, millatning o‘zligini anglashi, milliy tafakkur, milliy dunyoqarash va milliy did tarbiyasiga doir mavzular hech bir zamonda o‘z dolzarbligini, muhimligini yo‘qotmaydi.

– Siz birma-bir tilga olayotgan narsalar bizning xalq hamda millat sifatida dunyo sahifasidan nomimiz o‘chib, yo‘qolib ketmasligimiz uchun kerak. BMTning 72-sessiyasida Davlatimiz rahbari katta e’tiborga sazovor ma’ruza qildi. Unda O‘zbekiston va global dunyoning bugungi kartinalari bilan birga ikki juda yorqin taklif xalqaro anjuman sessiyasiga kiritildi. Prezidentimiz BMT Assambleyasiga Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyani ishlab chiqish, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqdi. U dunyoni eng dolzarb masalalarda to‘la hamjihatlikka chaqirdi. Halokat yoqasida turgan dunyo uchun bu keng, mazmundor takliflar, hech qanday mubolag‘asiz, xaloskor g‘oyalar kabi yangradi. Shu bilan birga Prezidentimizning nutqidagi “Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz” – degan so‘zlari barcha sofdil, vijdonli kishilarning yuragi to‘ridan chuqur joy oldi. Siz aytayotgan milliy tafakkurning mohiyati mana shunday fikrlash va mana shunday g‘oyalar buloqlaridan chiqib kelayotganligini sezmaslik, anglamaslik mumkin emas. Bular milliy tafakkur mavhum bir narsalar emas, balki chin ma’noda taraqqiyot tendentsiya­larini aks ettiradigan aniq-ravshan jonli hodisalar ekanligini ko‘rsatadi. Mana shunday hayotiy asoslarga ega bo‘lgan Navoiy, Ulug‘bek, Abulg‘ozi Bahodirxon singari ajdodlarimizning milliy yashovchan g‘oyalari bizga kelajagimiz yo‘llarini ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun ham bizning kelajagimiz buyuk deymiz. Ajdodlarimiz doimo hamjihatlik va odamiylikni o‘lmas milliy g‘oya sifatida xalqning dunyoqarashiga singdirishga intilib kelganlar. Bugun shu intilishlar yangi samaralar berib, yangi mundarija kasb etib jahon minbaridan jaranglamoqda. Men uzoq paytlardan beri hayo xalos­kor deb e’tiqod qilib kelganman. E’tiqodimda hamon sobitman. Juda ko‘p odamlar ham shu e’tiqodga xayrixoh ekanliklarini bilaman. Chunki bu bizning yashovchan milliy g‘oyalarimizdan biri va eng muhimlaridan. Mana, hozir buyuk xalqaro anjuman zalida o‘zim o‘tirganday bo‘lib, qulog‘im ostida yangrayotgan so‘zlarga xayolan sho‘ng‘irkanman, yangi mazmundor g‘oyalar teran milliy fikr qa’rlaridan yetilib chiqayotganligini anglayman. Qanday dolzarb bu g‘oyalar va qanday dunyo miqyoslarida istiqbolli!

– “Mangu latofat” kitobingiz “Millatning billurlanishi” sarlavhali mushohadalar bilan ochiladi. Yashirmayman, bu maqolani bir necha qayta mutolaa qildim, uni o‘qigan do‘stlar bilan fikrlashdim. Va har safar “billurlanish” so‘zi nihoyatda noyob topilma ekanligiga iqror bo‘lar ekanman, bu so‘z ayniqsa millatning vujudga kelishi, takomili va yuksalish jarayonlarini o‘zida mujassam etgani bilan hayratga soladi o‘quvchini. Ehtiroslarni junbushga keltiradi, xayolni, shuurni faollashtiradi.
Har qanday inson oldida bir qator azaliy va eskirmas savol ko‘ndalang turadi. Men kimman? Qanday yashayapman? Hayotim davomida odamlarga, xalqimga, Vatanimga qanday naf keltirdim? To‘g‘ri va halol yashayapmanmi? Bundan keyingi umrim yo‘li va mazmunini to‘g‘ri belgilab olganmanmi? Amallarim niyatlarimga vobastami?
Xuddi shu savollar har bir millat oldida ham turadi. Savollarga topilgan javoblar o‘sha insonning, o‘sha millatning noma’i a’molini, qiyofasini belgilab beradi.
Yangi islohotlar boshlanayotgan jamiyatda, ilmiy tilda aytganda, o‘ziga xos uyg‘onish davriga kirgan xalq millat tushunchasi to‘g‘risidagi qarashlarini aniqlashtirib olmog‘i zarur. Siz bu savol javobini turk allomasi Ziyo Ko‘kalpdan topasiz va “Millat bu – tarbiyasi va tili bir – umumiy bo‘lgan odamlardan iborat madaniy-ma’naviy kategoriya” deya ta’riflaysiz. Fikringizning ilohiy Qur’oni karim hikmatlaridan kelib chiqqan davomi esa kitobxon tasavvurida yanada charaqlab, jaranglab aks sado beradi. Men uni quyidagicha katta harflar bilan alohida ta’kidlab yozgim keladi: MILLAT DEGANDA TO‘G‘RI YO‘LNI TOPGAN ODAMLAR TUShUNILGAN!
Men e’tiboringizni millat, davr, jamiyat va yashashdan murod to‘g‘ri yo‘lni topa bilish ekanligiga qaratmoqchi bo‘lyapman. Shular borasidagi o‘ylaringiz, qarashlaringiz va mezonlaringiz bilan o‘rtoqlashishingizni istayapman.

– Dunyoda ahdi paymoni bir va boshi qovushgan tirik g‘oya atrofida birikkan, til birligi, qolaversa, davlat birligi va an’analar birligiga ega qavmlarni millat deb qarashga odatlanilgan.
Milliy tafakkur tarzi keng ma’noda fikrlash shakllarini yaratadi. Ammo tashqariga qarang: hamma-hamma yoqlarda globalizatsiya… U insoniyat yashab o‘tgan barcha asrlardan tamomila farqli… U barcha insonlarni umumiylashtirishga, mahrajini yo‘qotish, faqat suratni qoldirishga zo‘r beradi. Bunday sharoitda milliy o‘ziga xoslik faqat milliy til va uning boyliklarida, ifoda imkoniyatlaridagina saqlanib qoladi.
Milliy xarakterlarning turfa shakllari ham hali uzoq zamonlar o‘ziga xosligini yo‘qotmaydi. Milliy xarakterlarning o‘zaklari o‘zgarmaydi. Yo‘lchi, Obid ketmon, O‘zbekoyim… garchi tarixiy zamonlarning mahsullari bo‘lsalar-da, ular xarakterining o‘q ildizi bo‘lgan soddalik va odamshavandalik talay zamonlargacha saqlanib boradi.
Yashash sharoitlari, dunyoqarashlar tadrijiy o‘zgaradi. Ammo ko‘ngil… yangilanmaydi. Nafs, nafsoniyat xuddi qadim-qadimlarday o‘z hukmini o‘tkazaveradi. Nafs taraqqiyot stimuli kabi anglanadi. Dinni, dinlarni anglashga intilish doim kuchayadi, doim bu o‘z kuchini ko‘rsatish payida bo‘ladi. Bu sohalarda modernizatsiya ehtiyojlari tobora ravshanlashib boradi. Mazhablar barcha dinlarda zamonlardan orqada qolib ketib anaxronizm tusini oladi. Dinni sof holda anglash va qabul qilish ehtiyojlari ortadi. Din aqidalariga turli mazhablarning to‘qib chiqargan farqlarisiz sof holda rioya qilish ishtiyoqlari tobora kuchayadi. Bu insoniyatning yangi kamolot bosqichiga ko‘tarilganidan darak beradi. Ammo ko‘ngil yangilanishi uchun nima kerak? Buning uchun odam qaytadan tug‘ilishi kerakmikin. Umuman, o‘zi ko‘ngil yangilanishi odamga kerakmi? Odam o‘ta konservativ aqidalarning zanjirlariga bog‘lanib yashayversa bo‘lmaydimi? Bu uning o‘ziga oson-ku! Ammo boshqa bir tomondan ko‘ngil yangilanib turmasa, millat qoladimi?
Haqiqiy adabiyot, haqiqiy she’r, haqiqiy musiqa, haqiqiy rangtasvir asari, boya tilga olganimiz haqiqiy yashovchan g‘oyalar va ulardan tug‘iladigan go‘zal ishlar inson va millat ko‘nglini yangilashga qodir. Ko‘ngil yangilangandagina siz tilga olgan to‘rt ma’rifiy mafkuraviy o‘zak ham yangilanadi. Bu ijodkor, madaniy ­avlodlarning qanday ter to‘kishlariga bog‘liq. Bizning keyingi 26 yil davomidagi harakatlarimiz bu jahon sahnasida to‘g‘ri yo‘lni topish harakatlaridir. To‘g‘ri yo‘l perspektivasi O‘zbekistonning ozodlik konstitutsiyasida mustahkamlangan. Kons­titutsiyaning mazmun-mohiyati va g‘oyalarining qimmati unga har bir fuqaroning qay darajada to‘liq rioya qilishi bilan belgilanadi. Har bir mamlakatning realligi uning konstituttsiyasida ifodalangan realliklarga mos kelgandagina qimmat va buyuk ahamiyat kasb etadi. Bizning zamonamizda to‘g‘ri yo‘llar davlatlarning konstituttsiyalarida qayd etiladi va faoliyat uchun zamin yaratadi. Faqirlik falsafasi donishmandligining otasi Diogen xalq bilan muttasil va kechayu kunduz savol-javob qilarkan. Uning javoblarida ajoyib-g‘aroyib tamoyillar mujassam. Chunonchi, Diogendan “Er yuzidagi eng og‘ir narsa nima?” – deb so‘rashibdi. Diogen: “Eng og‘ir narsa – nodonlik”, deb javob bergan ekan. Yer yuzida faqirlik falsafasining Antisfen, Kratet, Kerkid, Dion kabi ulug‘ otalari tomonidan ham ko‘p go‘zal fikrlar va yo‘llar ko‘rsatilgan, insoniyatga esa, ularga rioya etib yashashgina qolgan. To‘g‘ri yo‘l, bu yo‘l… juda odmi narsaga o‘xshaydi-yu, non kabi hayotning asosi. Dunyo hakimlari to‘g‘ri yo‘l topish uchun tinmay jon koyitganlar, odam bolasini tarbiyalashga urinib ne-ne ta’limotlar yaratganlar, barcha dinlar asosida to‘g‘ri yo‘ldan yurish targ‘ib qilinadi. Ammo… rioya… hamon o‘sha Diogen zamonlarida qanday bo‘lsa, hozir ham shunday.
Muhammad G‘azzoliy “Men o‘zimni va boshqalarni tuzatishni istayman”, deydi. U odamzodga to‘g‘ri yo‘lni topaman deb, Damashqning eng baland minorasi tepasiga chiqib o‘tirar, hujrasini ichkaridan berkitib uzun kun uzlatga sho‘ng‘irdi. Saodat kimyosi to‘g‘ri yo‘l bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi. Shuning uchun “Xatolardan xalos qiluvchi” degan nomda risola yozgandi. XII asrning Ibn Rushd degan hakimi esa to‘g‘ri yo‘l topish uchun falsafani din aqidalariga mutanosib qilishga uringandi. To‘g‘ri yo‘l topish istagi hamon ochiq… hamon yangidan yangi kashshoflarni kutadi. Bir kuni buyuk ajdodimiz Abu Bakr Muhammad Xorazmiyning “Hurmat ehson bilan barobar”, “Yaxshi kitob o‘qish qayg‘u zahariga qarshi doru”, “Ahamiyatsizlik – tahqirlanish”, “O‘tirish yaroqsizlik” singari hikmatlarini Saolibiyning “Dunyo yoqutlari” degan kitobidan mutolaa qilib o‘tirib, beixtiyor o‘zimga o‘zim:
– Men kimman? – deb savol berdim. O‘ylay-o‘ylay:
– Men muallimman, hayot va adabiyot muallimi, – dedim.
– Dars berdingizmi?
– Dars ham berdim. Ko‘proq ibrat uchun hayot meni nima qilganini aytganman.
– Hayot yo‘llarida o‘yinchoq bo‘ldingizmi, shamollar uchirdimi, shamol chog‘lari sham yoqmoqchi bo‘ldingizmi? Kuz yaprog‘idek uchib ko‘chdingizmi, shalola zarralaridek parlanib ketdingizmi?
Men o‘zimga shafqatsizlik qilayotganimni sezdim.
– Hayot meni o‘z ko‘ylariga olib kirdi. Ko‘ylaridan qanday chiqishni o‘rgatdi. Bir kuni o‘q tishimni sug‘urib olgan tish do‘xtiridan endi nima bo‘ladi? – deb so‘radim. U: “Hayot ko‘rsatadi”, – dedi. Bu menga juda yoqdi. Shundan so‘ng oriflar ko‘yiga kirdim. Ibodulloh bo‘lmasa ham, ibodullohday bo‘ldim. Sizga bir odam o‘z nazarida to‘g‘ri yo‘lni qanday topganligini bir jaydari misol tariqasidagina keltirmoqchi bo‘layotirman. Ammo to‘g‘ri yo‘lni topish faqat ozodlik mavjud bo‘lgandagina mumkin va muyassardir.

– Frantsuz olimi E. Karrer D’Ankos “Millatlarning zafari” kitobida yozgan: “O‘rta Osiyoda milliy tuyg‘ularning billurlashuvi hodisasi ko‘zga tashlanmoqda” degan so‘zlari zamiridagi ma’no-mazmunni sharhlay turib, garchi ochiq-oshkor tilga olmasangiz-da, mavzuni XX asrning boshlarida kechgan ijtimoiy-ma’rifiy jarayonlarga burasiz. “Millat ongi va tuyg‘ularining billurlanishi jarayonga kirdi” degan so‘zlaringiz ham bevosita bundan 100 yil burungi jadidlar harakatiga borib taqaladi. Savol tug‘iladi: ne-ne ulkan allomayu daho zotlarimiz yashab o‘tgan olis davr va zamonlarda millatning billurlanishi hodisasi kuzatilmaganmi? Amir Temur, Alisher Navoiy zamonlarida xalqimiz millat sifatida shakllanmagan edimi? Yoki Siz kitobxon e’tiborini atayin XX asr avvalidagi voqealarga qaratmoqchi bo‘lganmisiz?

– Miloddan avvalgi III asrda Sirdaryo va Amudaryo oralig‘ida turkiylarning Qang‘ deb atalgan davlati shakllanib, Qovunchi madaniyati deb nomlangan madaniyat maydonga kelgan. Shundan so‘ng etnomadaniy jarayonlar shiddatli tus olib, turkiyzabon qavmlar barqaror mavqe kasb etganlar. Ikki daryo oralig‘ida o‘zbek xalqiga xos shaklu shamoyil (qiyofa) chizgi topgan. Albatta, o‘zbeklar, O‘rta Osiyoda o‘troq yashagan turli qavmlar, Sibir, Yettisuv, Oltoy, Chin-Mochin, Bulg‘a va O‘roldan kelgan qardosh qarindoshlar (etnik komponentlar) o‘zbek xalqi etnogenezida ishtirok etganlar. Milodiy VII asrdan e’tiboran, bu o‘lka “Turkiston” deb nomlangan. IX–XI asrlarda yaxlit butun turkiy qatlam va jonli turkiy til keng miqyos olib mustahkamlangan. Bu ma’lumotlar O‘zbek milliy entsiklopediyamizda chuqur ilmiy asosda qayd etilgan. Qoraxoniylar davrida esa milliy umumiylik, til va din, davlat birligi qaror topdi. O‘zbek xalqining billurlanishi, uyushishi, dunyo­ga integratsiyasi jadal davom etdi. Billurlanish bu madaniy-ma’naviy, ruhiy, iqtisodiy-siyosiy, maroqli tafakkurga ega bo‘lish; dunyo javlongohida o‘z qiyofasiga – o‘zligiga ega bo‘lishdir. Odam bolasi men insoniyatga nima berdim? – deb aytdimi, demak, bu billurlanishning aniq boshlanishi va bu bizning ilk toshbitiklarimizda juda yorqin ifodalanganligini yaxshi bilasiz. Men bu savol juda muqaddas bir narsa bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Har kim ham uni o‘z-o‘ziga berishga har doim ham jur’at etolmaydi. Ortiqcha boshog‘rig‘i deb hisoblaydi. Elga naf keltirishni oldiga maqsad qilib qo‘yish bu axloqiy, madaniy billurlanish. U har bir milliy salohiyatda ilg‘or umumjahon darajasiga ko‘tarilish. Ushbu mavqedan turib o‘z tarixini dadil jasorat bilan yaratish. Millatga qovusholmaganlar tarqalib ketgan. Biz ham shunday fojialarni bir necha marotabalab boshimizdan kechirganmiz. Tariximizda ayrim shaxslar madaniy, axloqiy, e’tiqodiy, ilmiy-fanniy billurlanishning eng ezgu namunalarini dunyoga keltirganlar, ustuvor darajada qudratli kuchga aylantirganlar Mahmud Koshg‘ariy Devoni, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”si, Qutbning “Xisrav va Shirin”i, Navoiy, Lutfiy, Beruniy, Ibn Sino, Zamaxshariy, Yassaviy, Forobiy – sanab tugatish qiyin: bular tarixiy adabiy madaniy billurlanishlardirki, ularda millat o‘zini yaratdi va namoyon qildi. Bizning o‘zbek – turkiy tsivilizatsiyamiz shular kabi birliklar billurlanishlar bilan xarakterlanadi. Bizning tsivilizatsiyamiz el-yurt manfaatlarini birinchi darajali deb bilishdan, yurt, til birligi tuyg‘usidan barqaror bo‘ldi. IX asrdan boshlab o‘zbek tsivilizatsiyasi islom tsivilizatsiyasi bilan tutashdi va o‘z mundarijasi, ufqlarini boyitdi.
Men Navoiyni yaxlit bir tsivilizatsiya deb bilaman. Unda asrlar, tsivilizatsiya­lar mujassamlandi.
Bir shaxs tsivilizatsiya bo‘lolmaydimi?
Navoiyda bir butun milliy o‘zbek tsivilizatsiyasining barcha tarkiblari va xususiyatlari mavjud. Buni alohida tahlil qilishimiz kerak.
Navoiy tsivilizatsiyasi qanotlarini keng yozib bizning davrlargacha yetib kelmoqda va o‘tib ham ketajak.
Navoiy tsivilizatsiyasi… bu so‘z mening jonimga juda yoqadi.
Jadid ajdodlarimiz Navoiy tsivilizatsiyasini davom ettiruvchilari bo‘ldilar. Uning ma’rifatini yangi zamonlarga olib kirdilar. Bu ezgu ishga boshlarini tikdilar.

– “Bizda millatni anglash milliy tuyg‘ularning kuchli tanqididan boshlandi”. Haqiqatan ham shunday: yangilik istovchi, jamiyatni, kundalik turmush tarzini yangi o‘zanga solish qayg‘usida halovatidan voz kechgan jadid otalarimiz avvalboshdan milliy urf-odatlarimizni shiddatli tarzda tanqid ostiga olishdan boshladilar. Paradoksni qarang – urf-odatlarimizni billurlashtirish istagida… urf-odatlarga qarshi o‘t ochildi. Xabarsizlik, loqaydlik, biqiqlik, yangilikka befarqlik singari illatlar qoralandi. Savolim qanchalik erish tuyulmasin, uni o‘rtaga tashlashga ehtiyoj katta deb o‘ylayman. Jadidlar jon olib-jon berib kurashgan, tanqid o‘tini qaratishlari oqibatida sanab o‘tilgan milliy tiynatimizdagi illatlar kamaydimi? Ya’ni, jadid adabiyoti, madaniyati, matbuoti ozmuncha jon kuydirdimi, ozmuncha kurashdimi, shu yo‘lda ozmuncha o‘zligidan kechdimi? Natija nima bo‘ldi? Oqibat nima bo‘ldi?
“Natija” va “oqibat” deganda men ikki holatni nazarda tutmoqdaman. Biri – millatimiz fe’l-atvoridagi qusurlar yo‘qoldimi, kamaydimi? Umuman millatga xos urf-odatlar tarkibidagi qoloq tuyg‘ulardan batamom forig‘ bo‘lish mumkinmi? Fikri ojizimcha, millatni konkret odamga qiyoslaydigan bo‘lsak, beayb – Parvardigor, banda kamchiliklardan xoli bo‘lolmaydi degan hukm yodga keladi. Demak, har qanday millat muayyan ijobiy va salbiy (yoqimli va yoqimsiz desak ham yanglishmaymiz) xususiyatlar majmuasidir desak xato bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, biz nazarda tutayotgan, istayotgan “natija” juda oz bo‘lishi yoxud bo‘lmasligi achchiq haqiqatga o‘xshaydi.
Men nazarda tutgan ikkinchi holat esa keskinroq. Insoniyat, jamiyat, davlat, siyosat, mafkura, millat, milliy tuyg‘u va shu singari tushunchalar haqida so‘z borar ekan xalqning ziyoli qatlami bilan bog‘liq masalalar ko‘pchib chiqadi. Har qanday jamiyatda ziyoli qatlamning o‘rni, ahamiyati nihoyatda kattaligi hammaga ayon haqiqat. Shu bilan bir vaqtda hamisha ziyoli qatlam vakillarining peshonasiga ko‘z ko‘rib-quloq eshitmagan zaxmatlar, azob-uqubatlar, ayanchli qismatlar bitilganiga istagancha misollar keltirish qiyin emas. Masalan, jadid ajdodlarimiz taqdirini eslash kifoya. Qarang, millat taqdiri yo‘lida jonini tikkan, har qanday qatag‘on qilichiga qarshi bosh ko‘targan eng jonkuyar, eng jonsarak Insonlar oxir-oqibat nima ko‘rdilar? Qanchasi oshini oshab-yoshini yashadi ularning?
Chinakam ziyolilik va davr to‘lg‘oqlari o‘rtasidagi munosabatlar nahotki har qanday davrlarda ham fojiali yakun topsa?!

– Savollaringiz kishini o‘y va iztirobga soladi: “Milliy tiynatimizdagi illatlar kamaymadimi?”, “Oqibat nima bo‘ldi?”, “Chinakam ziyolilik har qanday davrda fojiali yakunga olib boradimi?” …Shaxs kamolotining ma’lum bir nuqtasiga yetgach, u o‘z toleini el-yurt, millat taqdiri bilan chambarchas bog‘laydi va o‘zgachasini tasavvuriga keltirolmaydi. Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqulov Navoiy asarlaridagi “Men” siymosiga to‘xtalib, xayolga kelmagan bir fikrni aytadi: “Navoiyning fano tushunchasi “Men” va “Men”dan kechib, hech qanaqa nafsoniy manfaat, tahlika hamda ta’sirga berilmaydigan mutlaqo erkin bir “Men”ni yaratishdan iboratdir”, deydi. Erksizlik ichida yashagan xalq ichidan ozodlik uchun kurashchilar, fidokorlar chiqmasa, u xalq xalq deb atalishdan mahrum bo‘ladi. ­Ziyoli bo‘lish o‘z gardaniga el dardu g‘amini olish va ularni yengillatishni taqozo qiladi. Ularning yillar davomida kechayu kunduz erk uchun kurashlari Vatanni Vatan qiladi. Vatanni turli xavflardan saqlaydi. Nasllar ularning ishlarini davom ettiradilar, ular amalga oshirolmagan g‘oyalarni hayot samarasiga aylantiradilar.
Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon… – ular ko‘p: ulug‘ kogorta. Ular garchi ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan azob-uqubatlar tortib malaklar diyoriga ko‘chgan bo‘lsalar-da, tarix va insoniyat ro‘baro‘sida xalqimizning mangu yuz yorug‘ligi: ular millatning milliyligini zolimga zo‘ravonlik ko‘rsatmasdan barqaror yuzaga chiqarganlar. Ular mangu yo‘lboshchilardir. Mangu to‘g‘ri yo‘limizdir. Millat uchun bundan ulug‘roq natija bo‘lishi mumkinmi? Holbuki, ular ham jon degan narsa shirinligini, naf­soniyat nimaligini va shiddatini bilardilar. Ammo ular jondan, nafsoniyatdan ham shirinroq narsaga – millat ozodligiga e’tiqod qildilar, Vatan va Ozodlik yo‘lida jon tikdilar. Mutlaq erkin ShAXSni orzu qildilar. Mustabidlikning shirinliklar va nurli ufqlarini qabul qilmadilar. Ozodlik sharoitida mustabidlikning barcha fojialari barham topadi, odamlar qulchiliklarning mudhish illatlaridan tozalanadilar, ammo bu vaqtni talab qiladi. Aks holda mutelikdan ozod bo‘lganda ham, qutulib bo‘lmaydi. Jamiyatimizda o‘rta tabaqa endigina hayotga kirib kelyapti. O‘rta tabaqa millat va xalq belining quvvati, g‘ayrati, shijoati, aldanib qolmasligining asosi. Shu o‘rta tabaqa bo‘lmaganligi uchun ma’rifatparvarlarning harakatlari zoye ketaverdi.

– Konkret mavzu: xalqimiz tiynatida ortiqcha dabdabaga moyillik azal-azaldan saqlanib kelmoqda. Amir Temur bobomiz farzand yo nevara tug‘ilishi munosabati bilan haftalab el-yurt oldiga dasturxon yozgani manbalarda tasvirlangan. Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon”iga murojaat qilaylik: Xudoyorxon “Va ushbu yil o‘g‘li O‘rmonxonning xatnasi uchun bir yuz yigirma kun osh berib, to‘rt oylik to‘y e’lon qildi. Shundog‘ki, har kun ikki yuz qozon osh damlanar, sakkiz yuz tanur non yopilar, ikki yuzlab uloq berilar, mamlakatdan to‘yga keluvchi a’yonga har kun minglab to‘n kiydirilar edi”. Bunga o‘xshash “shodumonlik”larni oqlashga qaratilgan vajlar ko‘p, lekin hali-hanuz saqlanib qolayotgan odatlarimiz o‘sha “daryo”larning oqavasi, jilg‘alari emasmikan? Behbudiy va Munavvar Qoridan tortib Hamzayu Tavallogacha, Fitratu Xurshidgacha, Qodiriy va… shu kunlarimizda bong urib paydar-pay chiqishlar uyushtirayotgan gazetlarimizgacha O‘ShA dabdaba, O‘ShA as’asa ildiziga bolta urish yo‘lida jon koyitganlar, koyitmoqdalar. Bu holni qanday baholash mumkin? Nahotki tafakkurni, dunyoqarashni o‘zgartirish, sog‘lomlashtirish shu qadar mushkul bo‘lsa?! Yoki bu illatning tub zamirida, mohiyatida o‘zimiz ilg‘ay olmayotgan, ilg‘asak ham ko‘rmaslikka olayotgan o‘q tomir yashirinmikan?
Masalani andak o‘zgacharoq qo‘ysak. Inson zotida birovning nafsini qondirish evaziga ko‘nglini, e’tiborini qozonish mayli mavjud. Yer yuzidagi xalqlar va millatlarda (hatto qabilalarda) bu mayl nechog‘liq chuqur tomir otgani menga qorong‘i albatta, lekin bizda u yuksak madaniy shakl-shamoyillarga kirgan, faxrimizga, hatto milliy fazilatimiz darajasiga ko‘tarilgan. Buning tarixiy kelib chiqish sabablari yo‘q emas, biroq razm solinsa, “shafqatsiz” darajada ommalashib ketgan va ommalashuvda davom etayotgan mehmondorchiliklar, gap-gashtaklar, to‘y-hashamlar kishilarimiz hayotining salkam bosh maqsad-maslagiga aylanib qolayotgani yana o‘sha – o‘zganing nafsini sara va tansiq taomlar bilan qondirishga va shu yo‘l bilan hurmatini, e’tiborini qozonishga urinish bo‘lib ko‘rinmaydimi?
Men masalani keskinlashtirib yuborayotgandek tuyulayotgandirman. Lekin Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yanayam keskinroq, yanayam ochiqroq va yanayam ko‘ndalangroq qo‘ydilar bu muammo yechimini topish vazifasini. Va ayni mamlakatimiz ziyoli ijodkorlari uchrashuvi minbaridan aytilgani bejiz emas deb o‘ylayman. Xo‘p, shunday ekan, badiiy so‘z, ma’rifatli so‘z qachon o‘z kuchi-qudratini ko‘rsatadi bu borada? Qachon amaliy samarasini ko‘rishimiz mumkin?

– Illatning Siz aytmoqchi “o‘q tomiri” o‘tmish tobelikning asoratlari hali jonlarda, qo‘rquv-hadiklarda saqlanayotganida. Mustabidlik “juda katta ish ko‘rsatgan, hammamizni abgor qilgan” asoratlar hamon ko‘llab yotibdi. Asoratlar uzoq tuzaladigan yomon yara ekanligini sezyapmiz. Ular hatto ba’zi sohalarda “yangilanib” turishga ham moyil. Ammo tayanch nuqtasini topgan xalq bu illatni yengib o‘tadi.
Kitob inson yaratuvchiligining mo‘jizasi. Kitob odamning xayol ufqlarini kengaytiradi. Insoniyat yaratgan madaniy, ma’rifiy, ilmiy xazinalardan sohibkaramlik bilan bahrador etadi.
Mana, men hozir Sa’diy Sheroziyning hikmatlari va germaniyalik adib Tomas Manning “Doktor Faustus” romanini o‘qib o‘tiribman. Birvarakay bir necha kitobni o‘qishga odatlanganman. Bo‘lmasa ulgurib bo‘lmaydi va charchab qolaman. Kitoblardan taassurotlarim doimo yangilanib turishini istayman. Bu kitoblarni ko‘plar allaqachonlar o‘qib chiqqanlar, men endi o‘qiyapman. Qancha ko‘p o‘qisam, shuncha kamga o‘xshaydi. Sa’diydan nima olamanu Mann menga nima yangilik beradi? Yana o‘sha narsa: barcha eskirgan narsalar yangilikday ko‘rinadi. Biroq eskimi-yangimi, Sa’diy, Hofiz, Atoyisiz, Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi muhsiniy”, Zayniddin Vosifiyning “Nodir voqealar”, Boburning “Vaqoye” kabi asarlarisiz Sharqni, o‘zbeklar axloqini tasavvur qilib bo‘larmikin? Yashirib nima qildik: bu noyob hikmatlarni qayerda qanday qo‘llashni bilolmay qiynalasiz. Hikmat zamondan o‘rnini topishi kerak-ku deysiz. Ulug‘ daryolar misoli Gangadek sayoz tortib qoldimi, uning bir zamonlar shaffof bo‘lgan suvlaridan endigi zamonlarda aslo ichib bo‘lmaydimi, deysiz. Bu oltin pandu nasihatlar endi faqat kitoblar sahifalaridagina yashaydimi deysiz. Manning uslubiy badiiy kashfiyotlariga tasanno deysiz, lekin bu boshi keti yo‘q bayonlar, keraksiz ortiqcha narsalarning yuzlab sahifalarda davom etishi: bayon, bayon, bayon! Ammo ruhiyat va atrof-muhit tasvirida cheksiz mahorat, nafosat o‘yinlari! Shunchalar bo‘lsa ham baribir qimmatli vaqtingiz ketganiga achinmaysiz, bir go‘zallik orolini o‘zlashtirdim-ku deysiz. Yozuvchi juda ko‘p narsalar yozgandan so‘ng tasavvuri, fantaziyasi siyqalashib… bora-bora kosibga aylanib qolarmikin deysiz. Asl yozuvchilarning asl asarlari uch-to‘rt kitobdan oshmaydi, garchi 180 jildga yetgan bo‘lsa ham! Ammo o‘tmishlar ibrati bizga tiriklik bilan barobar. Kitob­larning yulduzday chaqnashlaridan huzur qildim.
Ammo bu yerda o‘rni bor uchun eslab o‘taylikki, milliy tafakkur tarzining asl manbai xalq ijodiyoti. Xalq yaratgan barcha dostonlar, ertak-afsonalar, qo‘shiqlar, maqol-matallarda milliy tafakkur tarzi juda yorqin aks etadi. Qodiriy va Cho‘lpon romanlarida milliy tafakkur tarziga Yevropa madaniy-maishiy tafakkuri andak qo‘shilib borayotganligini sezamiz. Ulardan keyin kelgan adabiyotimizda Yevropa tafakkur tarzi yetakchi o‘ringa chiqdi. Tafakkur tarzi so‘zlash, muomala, munosabat, yozma nutqda sezilarli tarzda namoyon bo‘ladi. Namoyon bo‘lish – og‘zaki va yozma nutq uslublari orqali o‘tadi. Zero, tafakkur faqat fikrlash tarzigina emas, u uslub tarzi ham!

– Ibrohim aka! Sizning uzoq yillik ijodiy faoliyatingizni muxlis va shogird qalamkash sifatida kuzatar ekanman, ijodingizning tub mohiyati o‘quvchining dunyoqarashini o‘zgartirish, boyitish, didni, badiiy saviyani muttasil shakllantirish, kengaytirish va o‘stirishga bo‘lgan urinishdan iboratligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bunday istak bizning xalqimiz uchun hamisha dolzarb bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib turibdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, har qanday ziyoli so‘z bitishdan ko‘zlangan bosh maqsad bitta: keng ommaning xabardorligini ta’minlash, dunyoqarashini kengaytirish va shu orqali milliy tafakkur tarzi sifatini oshirish! Bunday qutlug‘ vazifani amalga oshirishning birdan-bir vositasi esa – mutolaa, mutolaa va yana bir karra mutolaa.
Ko‘pgina hollarda kuzatilganidek, mutolaadan so‘z ochilsa yod bo‘lib ketgan muammolarni sanashdan nariga o‘tmaymiz. Vaholanki, daqqi sanoqlardan voz kechmay turib eski muammolarga yangi yechimlar topish mushkul. Odamlarimizni kitobxon-kitobxon emas, oq kitobxon, ko‘k kitobxon, sariq kitobxon deb tabaqalashlarimiz, toifalarga ajratishimiz bilan jiddiy samaraga erisholmaydigan ko‘rinamiz. Chamamda bu borada ham ishni jiddiy o‘ylangan, ilmiy asosda tashkil etmoq zarurga o‘xshaydi. Misol uchun, taraqqiy etgan davlatlarda KITOBXONga falsafiy tushuncha sifatida qaraladi, shunga yarasha choralar majmuasi ishlab chiqiladi, ular uzluksiz hayotga tatbiq etiladi, hayot tarziga aylantiriladi. Shundagina hech kim boshqaning ketida “Kitob o‘qi!” deb qamchin o‘ynatib yurmaydi. Aytmoqchimanki, emin-erkin mutolaa yo‘lga qo‘yilgan sharoitdagina chinakam mutolaa madaniyati shakllanadi, mutolaaga bo‘lgan muhabbat, ishtiyoq tom ma’nodagi milliy tuyg‘uga, milliy fazilatga aylanadi.
Biz jamiyatda ko‘zga tashlanayotgan u yoki bu muammo va uning yechimi haqida suhbatlashamiz, gurunglashamiz, bahslashamiz-u barcha sohaga birdek taalluqli bo‘lgan muhim chorani chetlab o‘tamiz. Bu – har bir kasb-kor, kerak bo‘lsa, jamiyat miqyosidagi ShAXSlarning ahamiyati. Ism-sharifi katta harflar bilan yoziladigan ShAXS olim yoki muallim, shoir yoki yozuvchi, ishchi yoki dehqon bo‘ladimi, qat’i nazar, jamiyat a’zolari nazdida o‘ziga xos yo‘lchi yulduz – ideal vazifasini o‘taydi. Xususan, kelgusi avlod vakillari uchun ibrat, namuna timsoliga aylanadi. Razm solinadigan bo‘lsa, bu juda oddiy va tabiiy jarayon. Hatto stixiyali tarzda kechadigan jarayon. Chunki xalq kimlarning martabasini ulug‘lashni, kimlarga ergashishni, kimlarni qahramonlikka loyiq-munosibligini yaxshi biladi. Biroq ana shu stixiya, tabiiylik sun’iylashgan, izdan chiqarilgan joyda mezonlarga putur yetadi – munosib ShAXSlar aniqlanmaydi, aniqlanganlari e’tiborga tushmaydi – soxtagarchilik yuz beradi. Buning oqibati esa mutlaqo teskari oqibatlarga olib keladi.
Boshqa sohalarni qo‘ya turaylik-da, adabiy jamoatchiligimiz maydonida chinakam ma’nodagi salohiyatli, zalvorli, fayzli – aytayotgan so‘ziga soha vakillarigina emas, keng omma quloq tutadigan yirik ShAXSlarimiz safi anchagina siyrak­lashib qolganday tuyuladi-da. Oybek, G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Abdulla Qahhor, shuningdek, yaqin o‘tmishda yashab o‘tgan Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari Ustozlar MILLAT MIQYoSIDAGI ShAXSLAR edilar…

– “Shaxsning ahamiyati” desangiz, daf’atan yodimga Boburning xalqimiz kattadan kichik yod biladigan ruboiysi tushdi: “Jonimdan o‘zga yori vafodor topmadim, Ko‘nglimdan o‘zga mahrami asror topmadim, Jonimdan o‘zga joni dilafgor ko‘rmadim, Ko‘nglum kabi ko‘ngulni giriftor topmadim…” Bu chinakam o‘ylovchi, ­giriftorlikdan qo‘rqmovchi, hayot dengiziga bosh-oyoq g‘o‘ta urgan (sho‘ng‘igan) inson; giriftor – mahkum, dilafgor – dili xasta, ko‘ngli vayron; Sizning ta’rifingiz, o‘lchovingiz, orzuingizga sig‘uvchi Shaxs. Eslab mungranib o‘tirasiz: Odam (va shaxs) shunchalar ham dunyoda o‘zini yolg‘iz sezadimi? Bu mumkinmi?
Ana endi ushbu ziddiyatli savollar ichidan Shaxs nima (va qanday) bo‘lishi mumkinligiga javob topishga urinib ko‘raylik.
Vafodorlik, mahrami asrorlik dilafgor, giriftor so‘zlarida poetik ma’no kontsentratsiyalashadi. Ular Shaxsning tole, xarakter, dunyoqarash qirralarini ochadi.
Bobur o‘ta realist odam bo‘lgan. Imperatorlik realist bo‘lishni ko‘tarmagan, sig‘dirmagan. Yuqoridagi to‘rt poetik so‘z mazmunni mubolag‘aga chulg‘ayotgandek ko‘rinadi. Biroq Bobur bayonida ular o‘ta real ma’nolarni ifodalaydi: Bobur chindan shunday dilafgor va ayni chog‘da giriftor Shaxs edi. Bularni Shaxsning o‘zi ham, zamonasi ham davolay olmadi. Aslida, unga so‘z va kitob chin mahrami asror edi. Men bu ruboiyni daftarimga yozib, tagiga nima uchundir: “Ravshanlik, soddalik va tozalik. Bu Aflotunning go‘zallik g‘oyasi. Uning estetikasi asosida shu uch tushuncha (kategoriya) turadi”, – deb yozib qo‘ygan ekanman.
Nega bularni Bobur ruboiysi tagiga qayd qilganimni hozir eslolmadim. Shu so‘zlar tagiga: “Endi ular eskirdimi?” – deb eskartma qilgan ekanman. Balki ruboiydan Shaxs olami qarama-qarshiliklari to‘g‘risida biror ezgu xulosa chiqarmoqchi bo‘lgandirman. Affekt (Bobur ko‘proq shunday affekt olamida nafas olgan) garchi xunuk, lekin u ham yuksak san’at yaratuvchi hodisa demoqchi bo‘lgandirman. Shaxs affekt va effektlarning tinimsiz shiddatli almashib turishlari ichida shakllanadi. XXI asr odamlari ham bundan mustasno emas.

– “Eng yaxshi milliy tarbiya – bu umuminsoniy tarbiya hamdir” deb yozgansiz. Axborot globallashuvi sharoitida milliy tuyg‘ular barham topib ketadi degan bashoratlarni turfa “ohang”larda aytishdan charchamayotganlarga Ollohning o‘zi insof bersin, shu o‘rinda bunga o‘xshash qarashlar bilan bahslashish niyatimiz yo‘q. Aksincha, eng go‘zal milliy manfaatlar va tuyg‘ularni ardoqlagan holda umuminsoniy tarbiya, axloq, urflardan benasib qolmasligimiz, “Er shari” deya nomlanmish ulkan kemaning barcha yo‘lovchilari qatorida qaddimizni adl tutmoqlik uchun ham XXI asr KIShISI maqomida yashamog‘imiz, fikrlamog‘imiz kerakligini tobora chuqurroq anglab yetmoqdamiz. Ma’lum sabablarga ko‘ra zamonaviy migratsiyaning avj olishi sharofati bilan bugungi o‘zbekning qadami yetmagan zamin qolmadi hisob bu yorug‘ ochunda. Obrazli qilib aytganda, O‘zbekistonning dunyoga chiqishi, dunyo­ning O‘zbekistonga kirib kelishi oddiy hol hisoblanmoqda. Aytmoqchimanki, milliylik va umuminsoniylik yangi pog‘onalarga shiddat bilan ko‘tarilib bormoqda, bu jarayon butkul yangicha qiyofa hosil qilmoqda. Shu boradagi qarashlaringizni o‘rtoqlashsangiz.

– Bunda nazarimda oxirigacha anglab yetilmagan, ammo tabiat qonunlariga bo‘ysunadigan aylanma harakat mavjud: umuminsoniylik kuchayib borib yorqin milliylikka aylanadi. Islom madaniyati sof arab milliy madaniyatidan umuminsoniy madaniyatga aylandi. Bir yarim ming yillik vaqt masofasini bosib o‘tyapti. Undan ko‘p zamonlar ilgari yunon milliy madaniyati Sharqqa, G‘arbga qarab o‘sdi va tarqaldi. Umuminsoniy madaniyat maqomiga kirdi. Turkiy xalqlarning madaniyatlari esa umuminsoniy madaniyatning kuchli ta’sirida sinkretik madaniyat tusini oldi. Ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmaydigan ushbu madaniy jarayonlar xalqaro miqyosda g‘oyatda jozibalidir.
…Va shu bilan birga savol tug‘iladi: aytaylik, ispan madaniyati bag‘rida yetilgan Markesning “Yuz yil tanholikda” romani sof fusunkor realizm hodisasi. Bu badiiy kashfiyot – fusunkor realizm bizgacha yetib keldimi? Adabiyotimizning uslubiga ta’sir ko‘rsatdimi? Yoki “O‘lik jonlar” kitobi rus madaniyati quchog‘ida paydo bo‘lib, o‘tkir tanqidiy realizmga asos solib dunyo adabiyotiga kirib bordi. Bu yuksak tanqidiy realizm adabiyotimizning tarhi va mundarijasida qanday aks etdi? Ayrim umuminsoniy g‘oyalarning milliy madaniyat zaminiga ta’siri uzoq zamonlar kechadi…

– Insoniyat tamadduni o‘ziga xos jarayon: to‘xtamaydi – goh oldinga intiladi, goh ortga chekinadi, goho sukutga cho‘madi. Fikr, tafakkur, aql-idrok boshqarayotgan ushbu sahnada keyingi besh-olti yil badalida yuz bergan va berayotgan ayrim voqealar sarhisob qilinadigan bo‘lsa lol qolasan kishi. Ko‘rib ko‘zingga, eshitib qulog‘ingga ishonmaysan. Men yuz berayotgan qirg‘inbarotlarni, xunrezlik­larni, qo‘poruvchiliklarni nazarda tutmoqdaman. AQSh matbuotida Lotin Amerikasidan kelib chiqqan “MS-13” deb nomlangan (ma’nosi – mudhish qumursqalar) kallakesarlar to‘dasi haqida juda tashvishli maqolalar chiqib turar ekan. Davlat miqyosida qarshi kurash e’lon qilingan bu to‘da a’zolarining vahshiyliklariga eng yirtqich maxluqlarning ham “qo‘li” bormaydi. Lekin arab davlatlarida, Angliya, Frantsiya, Ispaniya, Turkiya va hokazo mamlakatlarda yuz bergan yovuzlik­lar “MS-13”chilar tap tortmaydigan qotilliklardan sira kam emas. Adog‘i ko‘rinmayotgan bunday qirg‘inlarni amalga oshirayotgan qandaydir tashkilotlar, oqimlar va hokazolarning ortida davlatlar miqyosidagi harbiy, ilmiy, moliyaviy kuch-qudrat mavjud. Vaholanki, qachon, qayerda davlat rahbarlari uchrashgan, kengashgan yig‘in borki, barchasida terrorchilik, qo‘poruvchilik masalasi birinchi nav­batda muhokamaga qo‘yiladi, ahdlashuvlar imzolanadi va… muhtasham kursilarda chekilgan imzolarning siyohi qurimasidan qirg‘in olovi osmonga o‘rlaydi!..
Oddiy bir inson sifatida o‘ylayman-da, Ustoz, xayol qochadi. Dunyo tamadduni boshini qovushtiradigan, “Hoy, bandalar!” deb murojaat qilsa yetti milliard izdihom (irqidan, vatanidan, dinidan, hokazosidan qat’i nazar) quloq tutadigan qandaydir XALOSKOR OVOZga ehtiyoj ortib borayotgandek tuyuladi. Insoniyat zerikib qolayotganga o‘xshaydi, manfaat (shaxsiy, milliy va davlatlar miqyosidagi) ko‘yida hech narsadan qaytmaslik bilan o‘zini chalg‘itayotganga, shuni halovat deb bilishga majbur bo‘layotganga o‘xshaydi. “Najot – manfaatda!” degan aqida goh oshkor-goh pinhona zamonning shioriga aylanib ulgurayotgandek.

– Siz orzu qilgan “xaloskor ovoz” balki yetib kelgandir, balki qulog‘imiz ostida yangrayotgandir. Faqat doimgiday konservativ, anaxronizmga moyil ko‘nglimiz buni hamon anglamayotgan, sezmayotgandir. Quloq tutaylik-chi, minbarlardan taralayotgan ovozlarga: insoniy manfaatlar orqasidan ruhoniyat quyoshi ko‘tarilib kelayotgandir? Agar shunday bo‘lsa, insoniyat va uning uzvi bo‘lgan milliyatlar yangi zamonga kiradi.

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 11-son