Bugun dunyo mafkura maydonida juda kuchli, ziddiyatli muammolar ro‘y bermoqda. Inson shaxsiga yondashuvning o‘zgarganligi, ming yillik ma’naviy qadriyatlarning tanazzulga uchrayotganligi mamlakatlar taqdirini boshi berk ko‘chaga olib kirmoqda. Bu jarayon bevosita inson qalbi va ruhining asosiy murabbiyi hisoblangan adabiyot va san’at dunyosida ham bo‘y ko‘rsatmoqdaki, bu hodisaga befarq qarab bo‘lmaydi. Biz jurnal tahririyati jamoasi dunyo adabiy maydoni, qolaversa, o‘zbek madaniy tafakkuridagi o‘zgarishlar, yangilanish va turfa tamoyillar haqida mushtariylarimiz bilan suhbatlashish maqsadida jamiyatimizning ikki avlodiga mansub bo‘lgan adabiyot, tafakkurtanuvchilarga murojaat qildik. Agar jahonda bugun kechayotgan ijtimoiy, siyosiy, adabiy, mafkuraviy voqelikka nisbatan mulohazalaringiz bo‘lsa, biz bilan o‘rtoqlashing.
– XX asrda adabiyotimizda necha avlod almashdi, qancha mafkuraviy-ruhiy evrilishlar sodir bo‘ldi, adabiy qarashlar, inson shaxsiga munosabat shakllari o‘zgardi. Mana shu almashinuv umumiy ong, badiiy tafakkurimizda yangilanishlar yasadi, deb o‘ylaysizmi? Yoki o‘tgan asrda yashab, ijod etgan, chuqur bilim hamda o‘tkir salohiyatga ega bo‘lgan gigant yozuvchilarimiz kitob javonlarida qoldirgan badiiy bisot yoniga xuddi shunday nodir, umri asrlarga cho‘ziladigan yetuk asarlar qo‘sha oldimi? Siz bugungi avlodning ijodiy izlanishlari, yaratayotgan asarlaridan qoniqasizmi?
Bahodir Karimov: Odamni dard birlashtiradi. Unga birgalashib davo topadilar. Hamdard bo‘lmasa – yomon. Mazkur savollarni o‘qib mumtoz bir misra xayolimga keldi: “Maning dardim saning dardingdin ortiq…”. Universitetda talabalarga adabiyot nazariyasi, adabiyotshunoslik metodlaridan ma’ruza o‘qiyman. Auditoriyaga kirib beradigan ilk savolim aynan badiiy asarning yashovchanligi, umrboqiyligi bilan bog‘liq. “Minglab hikoyalar, she’riy to‘plamlar bosilgan; qissalarning soni ham mingdan ko‘p. O‘zbek adabiyotida hozirgacha yuzlab romanlar yaratilgan.Keling, o‘qib zavqlanadigan, boshqalarga o‘qish uchun tavsiya qiladigan romanlarni sanaylik”. Barmoq bukib talabalar bilan birga sanashga tushamiz. O‘nta barmoq, to‘g‘risi, to‘rt marta bazo‘r to‘ladi. Qolgan ikki yuzdan ortiq roman qayerga ketdi? Nega muallifdan avvalroq “vafot etdi?” Qissalar-chi, degan tarzda aynan shu og‘riqli savol o‘rtaga qo‘yiladi. Javob izlana boshlanadi: o‘sha davrning siyosiy tuzumi, ustuvor g‘oyaviylik, mafkuraviy tazyiq, erksizlik, chegaralangan mavzular – bir dunyo tashqi omillar. So‘ngra ichkariga o‘tiladi: asar tilining nochorligi, obrazli tafakkurning oqsagani, psixologik tasvir qashshoqligi, muallif iste’dodi, mahorati, umuman, shu kabi o‘nlab nazariy unsurlar sanab chiqiladi. Va barcha fikrda o‘sha asarlar “vafot”ining qaysidir qirrasi yashiringan bo‘ladi.
Bugun-chi? Ijod erkinligi mavjud, mavzu tanlash adiblar ixtiyorida, istagan mavzuda yozishlari, o‘z ustida ishlashlari imkoni bor. Ammo… Ammo go‘zal va muhtasham san’at ko‘shkining bunyod bo‘lishi oshqovoq ekiladigan dehqon tomorqasidan farq qiladi. Zotan, hammaga ma’lum gap: “Oson emas bu maydon ichra turmoq…” Har vaqt masalaga nisbiy va ko‘ngilchanlik bilan qaraymiz. Falondan falon tuzukroq, ha mayli, u ham ro‘yxatdan tushmasin, ko‘ngli o‘ksimasin, deb o‘rni kelsa-kelmasa, adabiy maqolalarga nomi ildiriladi. Ba’zan xorijda asari bosilgan asarlar sarlavhasi yoki shoirlar nomi ro‘yxatga ilova qilinadi. Aslida o‘sha nom ham, asar ham gohida o‘zimizda ikki pulga qimmat bo‘lib chiqadi. Bunday vaziyatlarda sub’ektivizm ustuvorlik qiladi. Ko‘zlar Maskovdan imo kutgan yaqin o‘tgan zamonlarda ham bunday tajribalar, “sendan ugina, mendan bugina” tamoyillari mavjud bo‘lganini xotirlab qolamiz… Holbuki, bunday nisbiy qarashlar ham, xorijdagi nashrlar ham, yollanma adabiyotshunoslarning targ‘ib-tashviqi ham, hatto ulkan xalqaro mukofotlar olinishi ham badiiy asarning o‘quvchi yuragida uzoq yillar, asrlar bo‘yi yashab qolishiga vasiqa bo‘la olmaydi. Siz savolni qaytarib, nega shunday deyishingiz mumkin. Men aytaman: san’at dunyosida bunday jumboqlar hech qachon arifmetik progressiya yoki Bernullining fizik qonunlari bilan yechilmaydi. Ijodning jozibasi ham, zavq-shavqi ham, san’at asari ruhiga singib ketgan sirda, bu estetik hodisani ba’zida tushuntirish imkonsizdir. Ba’zan uni his etish, anglash lozim. Vaziyatdan bu yo‘l bilan ham qutulib chiqiladi. His etishning darajasi esa didga, qalb pokizaligiga, niyatning xolisligi va boshqa nom berilmagan, haligacha sirli, adabiy atamasiz yurgan o‘nlab omillarga tegishlidir. O‘rni kelsa, adabiy nochorlik yuziga yana bir qavat qalin parda tutib, qutulish qo‘shig‘iga yana bir bayt qo‘shimcha qilinadi. To‘g‘risi, his qilingan hamma narsani so‘zda ifoda qilib bo‘lmaydi; ahli donish haqiqat suldarida (haqiqatga o‘xshab) ko‘ringan hodisalarning hammasini ham aytishi mumkin emas.
Zamin posangisi, Yerga qoziq qilib qoqilgan bahaybat tog‘ning hamma joyi cho‘qqidan iborat emas; qay bir yerida tekis supalari bor. Farqli cho‘qqilari bir nechta. Ularning orasida o‘ydim-chuqur joylar, mitti cho‘qqi yoki tepaliklar, daralar, hatto tubsiz jarliklar mavjud. Aslida mahobatli cho‘qqi yonbag‘irdagi tirgaklar, atrofdagi tepaliklarga nisbatan ulug‘vor ko‘rinadi. Ijodkorlarning hammasida ham balandlik da’vosi bo‘lavermaydi. O‘z darajasini anglagan, ko‘ngli toza, ijoddan halovat topadigan odamlar ko‘p. O‘zimga yarasha, bir navi ijod qilib yuribman, deydigan kamtarlar ham bor. Darhaqiqat, o‘zining yuksak rutbasini sezadigan va bu maqom namoyishidan istihola qiladigan iymonli ijodkorlar kelajakda yashab qoladigan asarlarning egalari bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
Biz ko‘p hollarda chegaralarni belgilab, atrofni qo‘rg‘onlab, temir sandiqqa berkinib olishni xush ko‘ramiz. O‘sha buyuk bir inson, asari asrlardan asrlarga o‘tib yashab ketadigan iste’dod egasi balki yonimizda yurgandir. Bizga davrdosh va davradoshdir. Shaxsan men shunday ulkan iste’dodlar bilan zamondosh bo‘lishni orzu qilaman; qozoqlarning bir naqli bor: “Tepasida yurgan tog‘ning buyukligi payqalmaydi”.
Umid Yoqubov: XX asr san’ati – insoniyat ongida taraqqiy va tanazzul bir chiziqda kesishgan murakkab davr: tafakkur chegaralarining yemirilishi, tasavvur shitobining yildirimlashishi, tabu pardasining ko‘tarilishi, kosmosni vakuumga joylashga urinishlar…
Tasavvurning cheksiz o‘yinlari hosil etgan bu sferada, albatta, o‘zbek adiblari ham o‘z o‘rnini izlashi tabiiy. Chunki XX asr o‘zbek adabiyoti o‘z-o‘zicha rivojlangani yo‘q. Demakki, jahon adabiyotida kuzatilgan ilg‘or fikr intilishlari – mayllari bilan u yo bu darajada o‘xshashlik (mutanosiblik) adabiyotimizda ko‘zga tashlanishini tabiiy qabul qilish o‘rinli.
XX asr o‘zbek adabiyoti ikki katta – mustaqillikka qadar va istiqloldan keyingi davrda bir necha bosqichlarni yashab o‘tdi. Birinchisini tahlil qilmay, ikkinchisiga o‘tib ham, baho berib ham bo‘lmaydi. Bu, aytaylik, badiiy yo‘l tanlash yo Inson manzilini yovuqlashtirish nuqtai nazaridan ham juda zarur.
Mustaqillikka qadar o‘zbek adabiyoti – ho‘l-quruq barobar yongan katta davr, keng jarayon: to‘dalar changi, nafs pishqiriqlari, oshqozon quldurashlarining narigi qutbida zavq bilan samoda silkingan qanotlar ovozi, gullar shiviri, yaproqlar navosi, “it bazmi qizigan oysiz shomlar[1]” da “ig‘vodan, bo‘htondan osilgan tillar”dan jirkangan Daryodil qalb hayqiriqlari; chirmovuq bilan atirgulni yiqitish yoki qichqiriq bilan g‘unchalarni sun’iy changlatish “san’ati”ga qaramay bo‘y cho‘zish va meva tugishga ulgurish nafas olishlari; fasod-so‘lak aralash qoralangan shiornamo yozildiqlar va qog‘ozga tomchilagan ko‘ngil…
Bu jarayonda adabiyotda nimagaki erishilgan bo‘lsa, bu avvalo kuchli shaxslarning mehnati, avlod sifatida shakllanish mevasidir. Aytaylik, guruh bo‘lib ko‘pkarida uloqni qurdan olib chiqish yo boqqa olma tergani kirayotgan kimdir sherigiga erganakni ochib turishi mumkin, biroq adabiyotning darvozasidan, Tog‘ay Murod aytganday, “bitta-bitta kiradilar”. Qaysidir ma’noda, tengqur ijodkorlarda o‘xshash fikrlar-maqsadlar bo‘lishi tabiiy. Biroq bu maqsad kimo‘zarga qarab ketib qolsa, bor salohiyat ham boy beriladi. Ya’ni, adabiyotda “to‘da bo‘lib yugursak – ko‘proq changimiz, balki dong‘imiz ham chiqar”, deganlar adashadi. Avlod shakllanishi uchun yakdil fikr, mushtarak maqsad, ma’naviy-badiiy kontseptsiya kerakligi tarixdan ma’lum. Bu borada Sharq, frantsuz, nemis uyg‘onish davrlari vakillarining ijodi-faoliyati yaxshi misol bo‘la oladi.
Yana bir gap: avlod sifatida shakllanish faqat bir davrga xos emasday. Inchunun, Alisher Navoiyga xos tafakkur tarzi Mirzo Bobur, Ogahiy badiiy tasavvur olamiga uyg‘un, uzviy. Bunday ma’naviy bog‘liqlik ba’zan millat ham tanlamaydi: aytaylik, Dostoyevskiy, Bekket, Kamyu dunyosi. Yoxud kuchli adabiy muhit hosilasi: Volter, Russo, Lametriy va Didro; “kitob-inson” (o‘n to‘rt tilda mutolaa qila olgan) Rafael Kansinos-Ansess va Borxes, ularning atrofida esa Xulio Kortasar, Gabriel Garsia Markes, Karlos Fuentes, Adolfo Bioy Kasares, Ernesto Sabato…
Endi o‘zimizga qaytsak. XX asr o‘zbek adabiyoti janrlar tasnifida tahlil qilinsa, aytadigan gap ko‘p. Ayniqsa, she’riyatda jiddiy tajribalar bo‘ldi. Kimdir tan olsa-olmasa, istasa-istamasa, o‘zbek she’riyati jahon adabiyoti dengizining eng hayotbaxsh, suvi doim yangilanib turadigan daryolaridan. Bugun ham shunday. Biroq savolni ko‘proq nasrga taalluqli, deb tushundim.
XX asr o‘zbek nasri xulqlanishni hayotiy maqsad, ahdni e’tiqod, vafoni hayo, o‘ziga sadoqatni burch, deb bilishdan boshlangandi. Bu inson g‘alabasini, Eshqobil Shukur ta’biri bilan aytganda, “insonni insonday ko‘rmoq orzusi” edi. Bugun esa shu boshlanmaga qaytishning o‘zi katta gap bo‘lib qoldi. Chunki yillar to‘fonida bu qarashlar evrildi, o‘zgarmoqda (bu ham mobil telefon rivojiga o‘xshaydi-da: u dastlab faqat gaplashish vositasi bo‘lgan bo‘lsa, hozir uning dasturlari bitta odamning vaqtini bemalol olishga yetadi, hamma gap shu vaqtning qanday taqsimlanishi, istifoda qilinishida).
O‘zbek nasri dastavval milliy folklor va an’anaviy qissaxonliklar asosida shakllangani ma’lum (Qodiriy, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom nasri). Keyinroq arab, turk, rus, frantsuz, Lotin Amerikasi, yapon nasri adiblarimizga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Ta’sirlashish – tabiiy hol. Ta’sir emas, taqlid ayb.
O‘zbek nasrida shaklan (so‘zni siqiqlashtirish, bayonbozlikning kamayishi, ichki ko‘povozlilik, qahramon rakurslarining o‘zgarishi, ranginligi, so‘z qurish qoidalarini yangilashga urinish, yangi so‘z yasashlar), usluban (roviy va qahramonning birlashishi, ichki monologning asosiy o‘ringa chiqishi, bir qahramon (masalan, G‘aybarov)ning turli asarlardagi, bir necha avlodning bir asardagi (aytaylik, Jamoliddin, Aqrab, Dehqonqul yoki Bobur, Humoyun, Akbar, Salim) hayoti, qahramonlar ismiga badiiy yuk berilishi (Hasanali, Yaxshiboyev, Dehqonqul) yoxud ismning to‘liq ramzlashishi (Qoravoy, Parizod, Ustoz), badiiy kontra tarozisining muvozanatga kelishi (ijobiy-salbiy qahramonlardan voz kechish)ga, yumor-terapiya (o‘zidan kulib o‘zish)ga, timsolni anglash va anglatish (ba’zan ramzning ortidan quvish)ga, g‘oyani maqsaddan vositaga aylantirishga urinishlar), mohiyatan (Inson manzarasini ma’lum qoliplardan xoli ravishda, qanday bo‘lsa shundayligicha tasvirlash) yangilanishlar bo‘ldi, davom etmoqda. Bularning bari siz aytgan avlodlar almashinuvining hosilasi bo‘libgina qolmay, balki tuzum o‘zgarishi, g‘oyalar yangilanishi, mafkuraviy qoliplardan voz kechilgani bilan ham bog‘liq. Biroq nisbatan uzoqroq paytda – o‘z davrida qo‘lma-qo‘l o‘qilgan “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz”, “Shum bola”ning bugun ham o‘quvchilari ko‘p. Bugungi avlodning qilayotgan ijodiy izlanishlari, yaratayotgan asarlariga baho berishga, to‘g‘risi, yoshlik qilaman. Keyin ulardan ko‘nglim to‘lish-to‘lmasligi kimgadir qiziq ekaniga ham shubham bor.
– Biz “Jahon adabiyoti” jurnalining 2014 yil 1-sonida rus yozuvchisi V.Erofeevning maqolasiga nisbat bergan holda “Inson idealmi?” degan savol qo‘ygan edik. Haqiqatan ham, shu kungacha jahon va milliy adabiyotda yaratilgan mumtoz hamda barkamol obrazlar ideal qahramonlar edimi? O‘zi, inson ideal bo‘la oladimi? Yoki inson tafakkurini muayyan bir qolipga soladigan barcha adabiy-estetik qoliplardan voz kechib, umuminsoniy qahramonlar emas, balki shaxsiy qahramonlar, umuminsoniy xarakterga ega bo‘lgan, xalqaro miqyosda shuhrat qozongan badiiy ideallar emas, balki bir muayyan avlod kayfiyati, ruhiyatini ifodalab beradigan ideallar yaratish davri keldimi?
Bahodir Karimov: Insonning idealligi nisbiy. Chunki odamzod unutuvchan, ojiz va shoshqaloq, nafs bandasi qilib yaratilgandir. Badiiy obraz, badiiy qahramonlar qusursiz ideal qilib yaratilishi mumkin. Bunda hech bir ajablanarlik jihat yo‘q. Badiiy adabiyot va san’atning tabiati, aslida, shu ideallikni talab qiladi. Shunda cheksiz go‘zal, oliyjanob, mard, ulug‘vor, oddiy qahramonlarni san’at muhiblari sevib qoladi. Bunday yuksak ma’naviyatga ega ideal insonlarni tasvirlash uchun ham ulkan qalb kerak adibga. O‘tgan zamon adabiyotida Pelageya Nilovna, Pavel Korchaginlar bor edi. Ular ta’sirida sho‘ro odami shakllandi. Sho‘ro odamini qahraton sovuq ham, jazirama issiq ham yenga olmasdi. Tinimsiz mehnatga ko‘milib, “baribir paxtani teramiz” deb ko‘krak kerib turaverar edi ular…
Ideal bo‘lib ko‘ringan odamda ham zaifliklar, qusurlar bo‘ladi. Faqat odam o‘zining qusurlarini yaxshi fazilatlari evaziga andavalab yuradi. Bunday qusur birovda ko‘p, birovda kamroq. Shu bois nisbiy ravishda odamlar yaxshi va yomonga ajratiladi. Hayotda shunday vaziyatlar bo‘ladiki, tasavvurlar aldaydi. Tashqi ko‘rinishi – kiyim-kechagi, bo‘yinbog‘i, hatto aytayotgan so‘zlari bag‘oyat go‘zal kimsalarning ba’zan amali noqis bo‘ladi; arzimagan narsalar uchun tubanlashadi; arazlashib, hayvonlashadi. Shaxsiy manfaatiga zid kelsa, eng yaqinini ham hech ayamasdan jarga itarib yuboradi. Ammo odam hayotda yaxshilarga ko‘proq duch keladi. Yaxshi odamlarning ezguliklari evaziga ma’yus qalb yorishadi.
Bir gapni alohida ta’kidlashni istar edim. Ollohning tanlagan elchilari, insoniyatga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun saralangan payg‘ambarlari har qanday xato-nuqson, qusurlardan, mol-dunyo muhabbatidan xoli bo‘ladi. Ular insoniyatga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishda ideal bo‘la oladilar, albatta. Zotan, Yaratguvchi shuni xohlagan, ularning yuragini qora dog‘lardan tozalagan. Agar ideal inson masalasida gap ketadigan bo‘lsa, Nuh, Sulaymon, Ayyub, Yoqub, Yusuf, Iso, Muhammad alayhimussalomlar bashariyat uchun ideal insonlar bo‘lishi mumkin. Chunonchi, dunyo adabiyotida bu tabarruk elchilarning ibratli hayot tarziga doir o‘lmas badiiy asarlar, muqaddas Kitoblarga asoslangan go‘zal qissalar, ko‘plab ta’sirli hikoyalar mavjud…
Bugungi avlod, mustaqillik davri odamlari ichida o‘zini yenggan, dunyoning o‘tkinchiligini anglagan, go‘yo umrbod dunyoda qoladigandek har ishini chin dildan bajarayotgan, ayni damda shu bugun o‘lib qoladigandek u dunyo uchun ozuqa to‘playotgan odamlar bor ekan, o‘z nafsidan, moddiy manfaatlaridan ustun kelgan haqiqiy shaxslik rutbasiga ko‘tarilgan fidoyi, insofli, sabr-toqatli insonlar bor ekan, badiiy adabiyot, albatta, ularni qaysidir darajada ideal qahramon sifatida tasvirlashi mumkin, deb o‘ylayman.
Umid Yoqubov: – Beayb Parvardigor, noumid shayton, inson mukarram. Bular – bir kishining shaxsiy fikri emas. Xalqimiz necha-necha asrlar davomida qancha murakkab yo‘llarni bosib o‘tib, hayot va tafakkur tarzidan kelib chiqib, shu xulosada to‘xtagan. Ularning o‘zgarishi qiyin. Keyin o‘zgartirishga hozircha hojat ham yo‘q.
Viktor Yerofeevning suhbatini o‘qidim. V.Erofeev oti chiqqan yozuvchi, Dostoyevskiy ijodining frantsuz ekzistentsializmiga ta’sirini puxta o‘rgangan olim (adib nomini taratgan “Telba bilan yashash” asari aynan shuning ta’siri bo‘lsa kerak). Uning ilgariroq ancha bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan “Rus qalbi entsiklopediyasi” asariga ham ko‘zim tushgandi. Ko‘p o‘tmay, Rossiya ziyolilari va yoshlaridan bir guruhi Yerofeevni “rusofobiya” (rus millatiga negativ munosabatda bo‘lish)da ayblagani (“Tajovuzkor rusofobiya haqida ochiq xat”)dan ham xabarim bor (garchi uning o‘zi keyinroq “Literaturnaya gazeta”dagi suhbatida buni “oddiy siyosiy chaquv” deb baholagan bo‘lsa ham). O‘tgan yili boshida esa u “Dojd” telekanalida tarixiy mavzudagi “Ishqibozlar” dasturi mehmoni bo‘lib, “Ikkinchi jahon urushida yuz minglab insonlarning jonini saqlab qolish uchun Leningradni topshirish ma’qulroq emasmidi?” degan savol doirasida bildirgan fikrlari ham katta mashmashaga sabab bo‘ldi. O‘zini “tozaqonli rus”, Mendeleev shajarasiga tutash va radio ixtirochisi Popovning chevarasi sanaydigan Yerofeev chindan ham “rusofob”mi yo yo‘q – ularning o‘zi hal qiladigan muammo.
V.Erofeevning “Argumentы i faktы”dagi suhbati ham o‘sha “Rus qalbi entsiklopediyasi”ning davomiday tuyuldi. Avvalo, bir narsani oydinlashtirish kerak: Yerofeev rus adabiyoti bizni boplab ketdi (yoki bizga pand berdi), deb birinchi marta aytayotgani yo‘q, biroq bunda u sobiq Ittifoq mafkurasi hosilasi bo‘lgan sotsialistik realizmni nazarda tutadimi yo rus adabiyotini – shunisi mavhum.
Modomiki, “90-yillar boshiga kelib, kavaklardan farishtalar emas, fohishalar va bezori o‘g‘rilar chiqib kelgan” ekan, buning uchun rus adabiyoti (aytaylik, o‘sha Tolstoy yo Turgenev) emas, odamlarni “Susambil”ga eltish”ga va’da bergan sotsrealizm mafkurachilari aybdor. V.Erofeev doimo o‘rnak sifatida ko‘rsatadigan G‘arbda, aytaylik, o‘sha Frantsiya yo Angliyada bugun ma’naviy ahvol havas qilgulik emas: o‘tgan yilning o‘zida nima ishlar bo‘ldi: mashhur qo‘shiqchi Elton Jon erkakka turmushga chiqib, hamjins “eri” haqida faxrlanib so‘zlamoqda; Kembrij universitetida o‘g‘il talabalarga yubka kiyishga ruxsat berildi; bir jinsli nikohlarni qonuniylashtirish Frantsiya Prezidenti Fransua Ollandning asosiy saylovoldi va’dalaridan biri bo‘ldi va u hokimiyatga kelgach, va’dasini sidqidildan bajardi ham. Xo‘sh, bu ma’naviy inqirozlar uchun biz Bayron, Volter, Russo, Flober yo Sartrni ayblay olamizmi? Albatta, mantiqsizlik-da.
V.Erofeev “Rus qalbi entsiklopediyasi”da “Tolstoy, askarni ta’riflab, rusning asosiy xususiyati – mo‘min bo‘lish, deydi. O‘ylashimcha, rus – tarbiyaga yopishib olmagan. U faqat tarbiyalangan sifatida ko‘rinish beryapti, xolos. Tarbiya haqida Rossiyada hech kim g‘amxo‘rlik qilmaydi. Faqat bir xususiyatli ruslar bor – betarbiya kishilar. Dehqonlar, ishchilar, ziyolilar, hukumat – barchasi tarbiyasiz. Xushbichim rusni-ku qo‘yavering – turgan-bitgani latifa”[2], deb yozadi. Biroq sotsrealizmchilar ham, Yerofeev ham, boshqalar ham tan olsa-olmasa, istasa-istamasa, Tolstoyni bugun ham o‘qishyapti, ertaga ham o‘qilishiga shubha yo‘q. “Bo‘ron qushi”, “Po‘lat qanday toblandi”, “Yosh gvardiya” o‘z-o‘zidan unutildi, “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina”, “Iqrornoma” esa bugun ham barhayot.
Nima uchun? Chunki Lev Tolstoy insonni aql-idrok, jamiyatni ma’rifat boshqarishi kerak, deb hisoblagan. Insonning o‘z ustidan g‘alaba qozonishini – mo‘minlikni oliy daraja hisoblagan.
I.Sulton sotsrealizm rivojining asosiy faktorlari sifatida revolyutsion voqelik, kommunistik partiya rahbarligi, milliy hamda jahon adabiyoti va san’atlarining o‘tmishda yiqqan ijobiy (!) tajribasini sanaydi[3]. Endi o‘zingiz o‘ylang, yozuvchiga asarni qanday yozishni o‘rgatish – onaga qanday ko‘rinishda bola tug‘ishni ko‘rsatma berishday gap (beodoblikka yo‘ymang-ku, menga hamisha sotsrealizm – istalmagan homiladorlik kabi tuyuladi). Ha, sotsrealizm sun’iy tug‘ilgani, inson va millat tafakkuri erkinligiga qarshi bo‘lgani uchun ham ko‘p yashamadi: quruq shiorbozlikdan nari o‘tolmagan tom-tom “e’jod” namunalari tuzum ag‘darilishi bilan esdan chiqdi. Lekin “men “pryamoy” yozaman”, degichlardan qancha-qanchasi shular bilan ovora bo‘lib umrini yelga sovurgani, millionlab insonlar asl san’atdan cheklanib, faqat hukmfarmo partiya g‘oyalarini madh etgan “asar”larni o‘qishga majburlangani – shunisi achinarli. Axir badiiy asardan partiyaviy g‘oyalarga sodiqlik va aniqlik talab qilish imkoni berilishi bilan minglab “go‘ring nurga to‘lgur Sharif”lar (M.M.Do‘st) bir qo‘lda lupa-yu bir qo‘lda gurzikarvon bilan har satrdan xato izlagani, “Qodiriyni sotib shoir bo‘lgan” (M.Yusuf) “mehrobdan chiqqan chayon”lar kammidi. Bu gaplarni o‘sha davrdagi gazetalarda chiqqan sahifa-sahifa uydirmalardan ham bilsa bo‘ladi. Masalan, Abdulla Oripovning mashhur “Birinchi muhabbatim” she’ri “ur kaltak-sur kaltak” qilingan bir “maqola”dagi parcha yodimda qolgan: “qiziq, shoir “men kimga suyangayman”, deb yozibdi. Ana, partiyaga suyan, proletarlarga suyan…”. “Sharif”nusxa kabilarning bunday “ixtiro”lari – g‘irt latifa. Lekin ularni o‘qib, kula olmaysiz. Va bir haqiqat oydinlashadiki, agar adabiyotni ma’lum g‘oyaviy qolipga solish imkoni bo‘lganida “yozuvchidan markscha-lenincha dunyoqarash va materialistik ta’limot bilan qurollanish”ni talab qilgan kompartiya albatta buni uddalagan bo‘lardi. Vaholanki,“yuragimiz partiyaga tegishli” deganlarning yozildiqlari tuzum o‘zgarishi bilan unutildi. Unutildi! Ularga eng haqli jazo ham aslida shu edi. Vaqt g‘alviridan o‘tolmagan – “chehnagan asarlar”ning umrini esa “boshqa asarlarga qo‘shib bergan bo‘lsin” (Faxriyor).
O‘tgan asrda birgina Ikkinchi jahon urushi voqealari tasvirlangan qancha narsalar yozildi: jild-jild. Biroq ularni o‘qib, odamning urushga borgisi kelardi. O‘sha asarlar bilan parallel ravishda Xeminguey “Alvido, qurol”, “Fiesta”ni yoki Remark “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”, “Qarzga olingan hayot”ni ham yozdi-ku. Xeminguey yo Remarkni qo‘ying, o‘z davrida Rasputin asarlari, deylik, Fadeevning qoralamalaridan qiymati past ko‘rilgani aniq. Lekin Rasputinni bugun ham o‘qishyapti.
“Odam bu – xavotir”, deydi J.P.Sartr. Ya’ni, u nainki o‘zi uchun, balki butun bashariyat uchun ham to‘liq va teran javobgarlik hissidan qutula olmaydi. “Odam bu – hayvon bilan Alo Odam o‘rtasida tortilmish arqon – u tubsiz choh uzra osilib turadi”, – deydi Nitshening “Zardo‘sht”i (negadir, uning “dorbozlik san’ati”ni faromush etgan holda). – “O‘tmoq xatarli, yarim yo‘lda qolmoq xatarli, orqaga o‘girilib qaramoq xatarli, qo‘rqish va to‘xtash xatarli. Odam maqsad emas, ko‘prikdir, odamning shunisinigina sevish mumkin”.
Yoki Dostoyevskiy “ajina”si, Lermontov “zerikish”i, Nitshe nigilizmi, Kirkegardona “xavotir”, Xaydeggercha “unutilgan”lik – “o‘z holiga tashlab qo‘yilgan”lik, Kamyuning “umidsizlik” nazariyalarida odamning koinotdagi o‘rni izlanarkan, S.Fyumning o‘sha mashhur iborasi yodga tushaveradi: “San’at o‘z oldiga qanday maqsad qo‘ymasin, baribir, Xudo bilan bahs boylashishga kirishgan dahriylikdir”.
Inson tabiat asosi, mehvari bo‘lgani uchun ham mukarram. Odam bor ekan vaqtda, jonzotlar turmushida ma’no bor. Xoliq va maxluq tushunchasi bor. “Sen bo‘lmasang, falaklarni yaratmasdim”, degan muqaddas ahd bor. Olam o‘zgarishi uchun odam o‘zgarishi kerak. Tasavvuri, dunyoqarashi, ichki olami o‘zgarishi kerak. Faqat odamgina o‘zini o‘zi qutqara oladi. Faqat odamgina tanlay oladi. Chunki, bizga bilim olish, so‘zlash, aql, tuyg‘u, idrok, farosat… berilgan. Oqlov uchun yo‘l qoldirilmagan. Shuning o‘zi ham odamni yagona va mangu To‘g‘ri Yo‘lga – ma’naviy poklanish yo‘liga, hidoyatga xizmat qilishga boshlash uchun yetarli.
– Bugun dunyo bo‘yicha kitob o‘qimaslik va “adabiy savodsizlik” epidemiyasi juda keng tarqalmoqda. Butunlay o‘zgacha dunyoqarash hamda tafakkur tutumlariga ega bo‘lgan avlodning birlamchi ehtiyojlari ro‘yxatidan kitobning, xususan, adabiyot nomi tushib qolganday. Vaziyat shu ketishda bo‘lsa, necha asrlar bo‘yi yaratilgan ulkan badiiy xazinalar muzey eksponatlari qatoriga qo‘shilib qolishi hech gap emas. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz? Bu tarzda savol qo‘yish bir qarashda jo‘nday tuyuladi. Sababi fan va texnikaning jadal rivoji, madaniy sohadagi globallashuv yoshlar vaqtini tig‘izlashtirib yubordi. Bugungi avlod dunyoning turli mintaqalarida yaratilayotgan ilmiy-texnik yutuqlarni hazm qilishga zo‘rg‘a vaqt topa olishayotgandek tuyuladi. Ammo texnik taraqqiyot qanchalik jadallashmasin, inson mohiyati, qalbi o‘zgarmadi… Aksincha, fikrlash doirasining toraygani, yurakning kichraygani, ma’naviyatning tubanlashgani, inson qalbi yaratgan go‘zalliklar qadrsizlanayotgani, ming-ming yillik madaniy qadriyatlarning unutilayotganini kuzatib turib, adabiyotning jamiyatdagi, butun dunyo ma’naviy-ruhiy taraqqiyotidagi o‘rni qayerda qoldi, zamonamiz yozuvchilari shunday global muammolar qarshisida nima uchun sukut saqlamoqdalar, degan savol tug‘iladi. Butun dunyoda yoshlar tomonidan kitob o‘qish darajasining keskin tushib ketishiga ularni ishontira oladigan mafkura, ergashtira oladigan yetuk obrazlar yaratilmayotgani sabab emasmi? Agar yaratilayotgan bo‘lsa, nima uchun xalqaro miqyosga chiqmadi?
Bahodir Karimov: Kitob inson aqli bilan kashf etgan bebaho qadriyat; insoniyat tarixidagi eng ulkan xazinalar koshonasi. Undan ma’naviy-ma’rifiy oziqa olinadi, biroq boylik aslo tugamaydi. O‘qiganlar bilan o‘qimaganlarni, afzallar bilan afsallarni, oqillar bilan johillarni tenglashtirib bo‘lmaydi. Kitob shu tengsizlik alomatini o‘rtaga qo‘yadi.
Odatda hashamatli binolarni mohir ustalar quradi. Bu uyga olimlar, oqillar, donishmandlar va ularning kitoblari yorug‘lik olib kiradi. Ilmdan bebahra ko‘ngil – ojiz, kitobsiz uy – qorong‘i-zulmat. Tirik inson vujudini ruhidan ajratish imkonsiz. Ruhsiz tanada jondan asar yo‘q. Shunga monand, pokiza jamiyat va orif odamlar mamlakati umrboqiy hamda hikmatli kitoblar yordamida quriladi.
XX asrda kitob yonida turli texnik vositalar, xususan, telefon paydo bo‘ldi. Kun uzog‘i shapaloqdek matohiga tikilib o‘tirgan yoshlarni ko‘raman. Ular tabiat qo‘ynida sayohatga chiqqanlarida ham, tevarak-atrofdagi go‘zallikdan ko‘zlari quvnamaydigan, daryoning shovullab oqishiyu daraxtlar raqsiga, qushlarning sayrashiyu qor o‘yiniga beparvo qarayotgandek taassurot qoldiradi (Adashayotgan bo‘lsam, qani edi!). Nahotki, odam bolasi shu darajada hissiz, hayratsiz, yuraksiz va zavq-shavqdan mahrum bo‘lib qolsa! Biz ba’zan G‘arbda mehr-muruvvat, odamgarchilik, mehmondorchilik yo‘q degan tasavvurda yuramiz. Holbuki, chet elda bir-ikki oy yashagan odam sifatida aytishim mumkinki, xususan, nemislarda bundayga o‘xshamaydi. Bir kampir uyida ijarada turdim. U haftada dugona-kampirlar bilan qahvaxo‘rlik qilib, birgalikda teatr va kontsert tomoshalariga borganiga guvoh bo‘ldim. O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga qiziqib, o‘tgan yili yoz faslida shu kampir venalik bir dugonasi bilan sayohatga kelib ketdi. Sayohati oldidan nemis tiliga tarjima qilingan o‘zbek adabiyotidan namunalar topib o‘qidi. Deylik, u eski milliy odatlar ta’sirida keksargan kampirdir. Ammo u bugungi barcha mayda texnikani ham bemalol ishlatadi. Ularning yoshlari-chi? Qo‘llarida telefon, netbuk, planshet… Ammo o‘rinli-o‘rinsiz, kerakli-keraksiz gap sotayotgani deyarli uchramaydi. Zarur mahali o‘sha matohlardan foydalanadi. Kuzatilgan bir vaziyat: har kimi – olimi, yalqovi, anqovi, hatto yo‘lda yumalagan bir pivoxo‘ri ham kitobga, jurnal yo gazetaga muk tushib o‘qiyotgan bo‘ladi. Kitob do‘konlarida qator tizilgan yumshoq o‘rindiqlar, yosh bolalar uchun maxsus o‘yingoh shaklida bezalgan “mitti kutubxonalar”i bor. Kitobni olib o‘sha yerda o‘tirib o‘qiydi, mazmuni bilan tanishadi. Ma’qul kelsa, xarid qiladi. Indamay joyiga qo‘yib ketsa ham birovning ishi yo‘q. Ehtimol, an’anaga aylangan kitob bayramlarimiz yoniga qo‘shimcha ravishda bunday tajribalarni bizda ham qo‘llash kitob o‘qishga rag‘batni kuchaytirsa kerak…
Garchand kitobat va xattotlik san’ati texnik jihatdan o‘rama qog‘oz yoki ularni besh-o‘n nusxada qo‘lda ko‘chirib ko‘paytirishdan tortib, to millionlab tirajda bosib chiqarish, hatto elektron kitoblar yaratishgacha bo‘lgan uzoq yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lsa ham, kitobning asl vazifasi, insonlar va jamiyat hayotidagi o‘rni, qadr-qiymati o‘zgarganicha yo‘q. Garchand butun dunyoda nanotexnologiyalar, elektron darsliklar, internet sahifalari va bilim olishning shu kabi boshqa vositalari yorug‘lik tezligida o‘sayotgan bo‘lsa ham, mening nazarimda, kitobga qiziqish so‘nmaydi. So‘nishi mumkin emas. Chunki dunyodagi hech bir vosita kitobning o‘rnini to‘la-to‘kis bosa olmaydi. Odam yaxshi kitoblarni mutolaa qilishdan zavqlanib, oq qog‘ozga muhrlangan donishqalb haroratini his etishi va oliyjanob bir insonning yurak urishini sezib turishi lozim. Ruh kamoli, dil parvarishining belgisi shu bo‘ladi.
Qog‘ozni go‘yo jonlantirish, moddaga bamisoli o‘lmas ruh baxsh etish – iste’dod egalarining, chin adiblarning saodatli qismati. Shu kabi yuksak o‘lchovlar bilan bugun biz yashayotgan kunlarga ham nazar tashlash lozim. Ayrim kitoblarning qadr topmayotgani, ko‘pming nusxada bosilgan ba’zi kitoblarni birorta o‘quvchi o‘qimayotgani – bunday haqiqatdan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Alohida ta’kidlash joizki, qaysi janrda yozilganidan qat’i nazar, yaxshi kitobga talab har doim bor va bundan keyin ham bo‘ladi. O‘qilaverib muqovayu ichki sahifalari ancha-muncha urinib qolgan, hatto titilib ketgan kitob mualliflari naqadar baxtli va aksincha…
Umid Yoqubov: – Dunyoni bilmadimku-ya, biroq yoshlarimiz orasida kitob kutilganidan kamroq o‘qilayotgani chin. To‘g‘rirog‘i, saviya borasida achinarli: ular tasavvuridagi shoir bir-ikki yallachi, yozuvchi esa serurug‘ serial – “roman” yozayotgan “azamatlar” bo‘lib qolyapti. Eng yomoni, did pasayib ketmoqda. Buning sabablari ko‘p va ularning aksariyati o‘tish davri muammolari bilan bog‘liq: ayrim kitob o‘qiganlar o‘qimaganlardan pastroq moliyaviy imkoniyatlarga egaligi; vaqt tig‘izlashgani; zamon shiddatining ong-qalbga ko‘chgani; kundalik turmushda ma’naviyat masalasining moddiy to‘kinlikdan keyingi o‘ringa tushgani – “butlamoq” kalimasining butga aylangan“i (Faxriyor), kitob o‘qimasdan ham to‘kin yashash imkoni borligi.
Albatta, quruq diydiyo bilan ish bitmaydi. Prezidentimiz Islom Karimov “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasida ta’kidlaganidek, “Endi odamlar, yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, deb faqat nolib o‘tirmasdan, ta’sirchan zamonaviy axborot vositalari orqali adabiyotimizni keng targ‘ib etish, xususan, Internet imkoniyatlaridan foydalanib, yetuk badiiy asarlarni yoshlarga yetkazish ustida ham jiddiy bosh qotirish zarur”.
Bugun mamlakatimizda har uch yurtdoshimizdan biri internetdan foydalanadi (holbuki, bu ko‘rsatkich 2010 yilda bor-yo‘g‘i 2,8 million nafar edi). Biroq internet orqali badiiy asar va surat/qo‘shiq/klip/film ko‘chirib-yuklab olish orasidagi farq qancha? Balki yuz, ming barobardir. Ba’zan ijtimoiy tarmoqlar (ayniqsa, facebook)da biror asar haqidagi sharhlarga ko‘zimiz tushadi, lekin shunda ham savodli o‘quvchining qizg‘in bahs-munozaraga chorlaydigan fikrlarini kam o‘qiymiz. Aksariyati lahza kayfiyati. Shunchaki. Irimiga. Fikr ta’sirlashuvlari, almashishlar tezlashib, kengaysa, did charxlanadi, tafakkur quvvatlanadi. Biroq buning uchun avvalo mutolaa madaniyati rivojlanishi lozim.
Dunyoda elektron kitob uchun “Reader” dasturlari va qurilmalari ishlab chiqarish ko‘lami kengaymoqda. Bugungi o‘quvchi shu darajada yalqov bo‘lib ketdiki, zamonaviy “Reader”larda surat va video tomosha qilish, audiomateriallar eshitish mumkin, hatto kitobni o‘qib beradigan funktsiya mavjud. Bugun jahonda elektron kitoblar savdosi hajmi bosma kitoblarga tenglashib, hatto oshib ham bormoqda. Mana, yaqinda, Markaziy osiyoda yagona kitob do‘koni – “Kitob olami” ish boshladi. Qator mamlakatlarda iqtisodiy inqiroz, tabiiy ofatlar, ichki mojarolar oqibatida moddiy ehtiyojlar – qorin g‘ami birinchi o‘ringa chiqib qolgan bir paytda O‘zbekistonda “Ma’rifat markazi” kabi ko‘plab ilm-ziyo, ma’naviyat va ma’rifat maskanlari barpo etilmoqda, bir necha yildan beri “Kitob bayrami”, yarmarkalar o‘tkazilyapti. Ba’zi joylarda kelin sepiga kitob qo‘shish urfga kirayotir.
Shularga qaramay, oilaviy kitobxonlik yo‘qolib borayotgani chatoq (Abdulla Qodiriyning mashhur oilaviy suratini eslang. Adib qahramonlarini bejiz kitobxon sifatida tasvirlamagan-da). Uning o‘rnini serialxonlik, g‘iybatxonliklar egallab bo‘ldi. Demak, serial va filmlar saviyasini ko‘tarish kerak, nazarimda. Yana bir gap: g‘arb filmlari, seriallari, kliplarida ham kitobxon odamni ezma, anqov-xayolparast, jismonan kuchsiz, qo‘rqoq sifatida tasvirlash kuchaydi. Hatto bolakaylar ommaviy ko‘rayotgan “Masha va ayiq” multfilmida ham so‘yloqtish qizaloqcha kitoblarning ustiga o‘tirvolib, bo‘tqa yeydi. Bularning bari yoshlarni kitobxonlikdan sovitishi tabiiy. Demak, qahramonga ham ko‘p narsa bog‘liq ekan-da.
Yo‘q, baribir, badiiy xazinalar muzey eksponatlari qatoriga qo‘shilib qolmasa kerak. Agar shunday bo‘lsa, yoshlar, albatta, kitobni o‘qib ko‘rish uchun muzeyga boradi (xuddi adabiyot o‘lsa, unga bag‘ishlab marsiya yozilgani kabi). Kitobxonlik pasaygani oqibatida hayotimizda tahlil yo‘qolib boryapti, esnash ko‘paymoqda. Miya qizisa, esnaladi. Biroq bu qizish tafakkur va tasavvurning ko‘p ishlayotganidanmi yo boshqa mayda-chuyda tashvishlar tufaylimi? Keyin har xil “azayimxon-folbin-“ilgir”lar” urug‘i ko‘payib, ularning eshigi haddan ortiq gavjumlashmoqda. Men chin e’tiqodli, odamlar ixlosini qozongan, iymonli qori domlalarni emas, gapi va amali teskari, firibgar chalamullalarni nazarda tutyapman. Uch-to‘rt yil burun bittasi o‘zini payg‘ambar e’lon qilib, “muridlari”ga peshobini “hadya” qilgani haqida o‘qigandik, bir “xonimcha” esa tamaki tortib, og‘zidan chiqqan tutuni bilan eshigiga kelganlarga “dam urar” emish (kim bilsin, bu ham biznesning bir turiga aylandimi?). Hayron qolasan, odamlar yozuvchi yo psixolog qabulida bo‘lib, suhbatlashib, o‘zini qiynayotgan ruhiy muammolarga yechim topishiga ishonmaydi, lekin qamoqdan chiqqanmi, o‘g‘ri-firibgar, xotinboz yo fohishami – o‘zini “qo‘l oldim”, deb e’lon qilsa bo‘ldi – eshigiga borib yotib oladi. Bularning bari – hodisa ketidan quvish kuchayib, qadar va tavakkaldan yuz o‘girilib, aytilgan gapga laqqa ishonish odatga aylanib, alhol kitob o‘rnini axborot egallab borayotganidan dalolat. O‘zi haqida o‘ylamay, o‘zini tahlil qilmay, o‘zi bilan o‘zi kurashmay qo‘ygan odam folbinma-folbin izg‘iydi-da. Mayna yo qarg‘aning ko‘lmakda qanotini tozalayotganini kuzatganmisiz? Qanday berilib o‘zini poklaydi-ya. Axir odam ongli jonzot, ism ilmi egasi-ku! O‘zini ma’nan tozalamagan kimsaning manzili ma’lum.
“Dunyoni qilich, shahvoniy hirs, pul yo manfaat boshqaradi”, degan gap bor. Bugun esa bu borada aniq nimanidir ko‘rsatish qiyin. Aytaylik, o‘tgan yili mashhur xalqaro musiqa tanlovlaridan biri – “Eurovision”da avstriyalik “soqolli ayol”ning g‘olib chiqishi inson qalbini asrash haqida asab olib-asab berayotgan jahon ma’naviyatchilariga o‘zbekcha bir iborani eslatdi: “Sening gaping… menga nima?”. To‘g‘ri-da, millionlab ziyoli globallashuv, aynan, “ommaviy madaniyat” hosilasi bo‘lgan “bir jinsli nikoh”, “nikohsiz-oilasiz yashash”, “hayvonlar bilan nikoh”ning umuminsoniy ma’naviyatni yemirishi, insoniy hayot tarzini izdan chiqarishi haqida tun-kun javramoqda, qancha loyihalar amalga oshirilmoqda, milliardlab mablag‘ sarflanmoqda. Bu yoqda esa… Ahvol shu bo‘lgach, zamonamiz yozuvchilari sukut saqlamaganda ham alar “shamol kuni chaqirgan”[4] bo‘lib qolmaydimi? “Kulfat donolarning mahri azaliy…” (J.Bayron) Xo‘sh, shu ketishda bo‘lsa, Konchita kabilar yoshlar uchun idealga aylanib qolishi hech gap emas. O‘ylab ko‘raylik: nima uchun yoshlar Don Korleone yo Po‘lat Alandarni, Xudo va hukumat qonunlarini buzganiga ham qaramay, yaxshi ko‘radi? Chunki bu qahramonlarda pul-davlat bor (xuddi o‘sha ertakdagi boyvachchaning qirq yovqur yigitni qirq kunda o‘zidek xotinchalish qilib olgani kabi).
Xo‘sh, inson baribir o‘z qahramoniga ehtiyoj sezar ekan, zamon qahramoni qanday bo‘lishi kerak? Har holda hech qachon xato yo gunoh ish qilmaydigan, har tomonlama mukammal, faqat g‘alaba qozonadigan, puflab shishirilgan, hayot haqiqatidan yiroq, shior ko‘tarib yuguradigan odamni bosh qahramon bilish qanchalar mantiqsiz ekanini sotsrealizm keragicha isbotlab berdi-ku. Bu dunyo san’atida ham, tomoshabin tasavvurida ham allaqachon eskirib ulgurdi.
Qolaversa, Prezidentimiz Islom Karimov 2010 yil 30 avgustda “Buxoro madaniy markazi” majmuida viloyat musiqali drama teatri ochilishida zamon qahramoni haqida gapirar ekan, “yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashda pand-nasihat bilan kifoyalanib bo‘lmas”ligi, “ezgulikni, yurtparvarlikni, insoniy fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qiladigan amaliy ishlar qilish kerak”ligini alohida ta’kidladi. Shunday ekan, bugun ijodkorlardan so‘ralayotgan zamon qahramonini yangi Korchagin, deb tushunish, shubhasiz, avomlik bo‘ladi. Biroq shu maqsadda sahnaga qo‘yilgan bir qancha spektakllarni tomosha qilib, hafsala pir bo‘lishi aniq. Bir sahna asarida bosh qahramon – kecha dorulfununni bitirgan tirmizak bola birpasda katta fermer bo‘lib ketib, har ishchisiga uy qurib tekin tarqatib yubordi-ya. Oxirida andak havoyi va uzun monolog ham o‘qidi. Xo‘sh, bunday tomoshalarning kimga keragi bor? Axir vaqt ketyapti, avlodlar ulg‘aymoqda, zamon shiddatlashyapti. Har qanday obraz jonli, tabiiy bo‘lsagina, tomoshabin uning kechinmalarini o‘zidan topa olsagina, shu obraz xalq qalbidan chuqur joy oladi. San’at real manzarani naturallashtirish yo bo‘rttirish emas, balki badiiy tahlil va sintez orqali ifodalashdir. O‘quvchi qahramon fojiasi yo yutug‘ida o‘zini ko‘rmasa, o‘zini topa olmasa, nima qilsin?! Shukur Xolmirzayev aytganidek, “Biz ko‘rib-yashab turgan hayot mislsizdir: insonning noyob sifatlari, qusurlariyu evrilishlari, buyukliklari har soniyada namoyon bo‘lmoqda. Vazifa – ularni ko‘rish, anglash, mag‘zini chaqish va tasvirlash orqali insonlarni oliy nurga – ezgulikka tortishdan iboratdir. Shu yo‘ldan adashmasak va bizni adashishga majbur etmasalar, bas, qolgani o‘zimizga bog‘liq ekan”.
Alisher Navoiy “otangning (Odam Atoning) g‘animini (iblisni) do‘st tutma” der ekan, olovni tuproq, nafsni sabr va shukr bilan yengish mumkinligini aytadi. Bugun san’atda shuni – “ota g‘animini do‘st tutmaslik”ni eplash ham katta gap bo‘lib qoldi (“Balki odam emas, kechikkan jazo” (A.Qutbiddin). Bahsga esa Lev Tolstoy nuqta qo‘yadi: “Iymonni bilish ham butun insoniyat va uning aqli kabi sirli bir ibtidodan kelib chiqadi. Bu ibtido – Xudodir, bu inson jismining ham, aqlining ham ibtidosi. Mening jismim menga Xudodan vorislik yo‘li bilan qanday yetib kelgan bo‘lsa, mening aqlim va hayotni tanishimning hamma rivojlanish bosqichlari yolg‘on bo‘lishi mumkin emas…”.
– Adabiyot hamma zamon, har qanday muhitda ham inson tabiatini go‘zal qilishga, uning qalbini tozalashga xizmat qilishi kerak. Inson yuragida tug‘ilgan dard rost, samimiy bo‘lsa, shunda u boshqalar yuragida, jamiyat qalbida aks sado beradi. Dardi yo‘q odamning, iztirobi, kechinmalari, azoblari nosamimiy bo‘lgan ijodkorning soxta hayqiriqlari, sun’iy xitoblari, zo‘raki urinishlari adabiyotda vaqtinchalik ko‘kka ko‘tarilishi mumkindir-u ammo kutilgan samarani bermaydi. Xuddi farzandning ona qornida qachon paydo bo‘lishi, uning tug‘ilishi, tug‘ilganda ham qay holatda tug‘ilishi masalasidagi murakkablik adabiyotda ham, badiiy asar taqdirida ham kuzatiladi. Farzand tug‘iladi, tarbiyalanadi, nasl qoldiradi. Badiiy asar ham inson qalbida tug‘iladi, sayqallanadi, jamiyat hayotida aks sado beradi. Bu yerda yolg‘on, yuzakilik va ko‘r-ko‘rona munosabatga o‘rin yo‘q. Bugun buyuklik da’vosida adabiyotni sun’iylashtiruvchi yangi uslub, yangi oqim niqobi bilan ish ko‘rishga urinayotganlar ko‘payib borayotgandek tuyuladi. Nima deb o‘ylaysiz, adabiyotda turli rebuslar, boshqotirmalar muhimmi yoxud hayotiy dramalar… Adabiyot yangilanadimi yoxud inson shaxsiga munosabat, ifoda, qarashlar o‘zgaradimi?
Bahodir Karimov: Bugunga kelib biroz tafti sovugan, hech narsa hal bo‘lmagan esa-da, muhokamalar girdobiga tushgan, aslida allaqachonlar dunyo adabiyotchilari cho‘ntagidan tushib qolgan “modernizm” mavzusini yana qaytadan kun tartibiga qo‘yib, bu haqda uzundan-uzun bahs ochish o‘rinsiz ko‘rinadi. To‘g‘risi, uni yoqlash, oqlash yoki inkor etishning hozir mavridi emas. Chunki bunday bahslarni har bir milliy adabiyot boshidan o‘tkazadi, shekilli. Ovrupa adiblarining asarlarini bemalol originalda o‘qigan Lev Nikolayevich Tolstoy o‘z vaqtida yozgan ekan: “Bizning zamonda Nitshening axloqsiz, dag‘al, balandparvoz, poyintar-soyintar safsatalariga faylasuflarning eng oxirgi so‘zi sifatida qaralmoqda”. Shuningdek, poeziyaning tabiiy va soddaligini qadrlagan adib bir adabiy suhbatida o‘ylab topib, sun’iy yozayotgan “yangi” shoirlarning she’rlarini “bu she’rlar emas, lo‘ttibozlik (sharlatanstvo), bema’nigarchilik (erundistika)”, deb ataydi. “O‘rta asarlarda uni “ma’nisiz to‘qilgan so‘zlar”, deyishgan”, deb qo‘shimcha qiladi. Adib ularda qofiya va vazn mavjud bo‘lsa ham, sun’iy va bema’ni so‘zlar yig‘indisi deb baholaydi. Tolstoy o‘zi guvoh bo‘lgan yarim asrlik rus she’riyati va uning vakillari shuhratiga munosabat bildirar ekan, talabni nihoyatda yuqori qo‘yadi. Maykov, Polonskiy va Fetni “mujmal, ishonib bo‘lmaydigan”, Nekrasovni adabiy iqtidordan mutlaqo mosuvo, Aleksey Tolstoyni sun’iy va voqeiy-nasriy she’rlar ijodkori deb baholaydi. Keyingi rus she’riyati namoyandalariga – o‘z davrining yoshlariga nisbatan “ularning o‘zlari ham bilishmaydi nimalar yozayotganini”, degan bahoni beradi. Va nihoyat, bugun biz uchun ham havo va suvdek lozim bo‘lgan yana bir fikri shuki, sog‘lom adabiy tanqid didli kitobxonni tarbiyalashga, kitobxonda estetik didni shakllantirishga yordam berishi lozim. Tarixdagi bu hodisalardan ibrat olish kerak.
Menga jarangdor, tabiiy, hikmatli, samimiy, jo‘shqin, ohangli, ta’sirchan, sirli, falsafiy; tafakkurni charxlaydigan, yurakni to‘lqinlantiradigan, to‘g‘rilikni o‘rgatadigan, iymonni mustahkamlaydigan, ruhiyatni yuksaltiradigan, oxiratni eslatadigan; yashashga quvvat beradigan, poetik qolipga tushgan, do‘st-dushmanni tanitadigan, ezgu amalga undaydigan; bir necha marta o‘qishga arziydigan, o‘lim hodisasiga tabiiy munosabatni shakllantiradigan, barcha muammolari oxirigacha hal qilingan, muammolari ustida doimo muhokamalar yuritiladigan asarlar ma’qul keladi.
Umid Yoqubov: – Algebrada shunday qoida bor: tenglamani kimdir bir soatda, kimdir umr bo‘yi yechadi. Ikkisida ham javob bir xil: bo‘sh to‘plam. Birinchi holatda tenglamaning javobsizligi javob o‘rnida qabul qilinadi, ikkinchi odam esa shu tenglamani umr bo‘yi son-sanoqsiz usullar bilan ishlab ko‘raveradi. Adabiyotda yangi shakllar izlanishiga sabab ham shu – “hayotning mazmuni nima?” degan tenglamani boshqacha usulda ishlab ko‘rishga urinish. Sof badiiyatni Asqad Muxtor “mangu savol”, der ekan, “sutchi xotin kenjasi”ning yozuvchiga bergan savoli esga tushadi: “So‘roq zo‘rmi yo undov?” (Erkin A’zam).
Hazrat Navoiy aytganidek,
“Ixtilofi juzv[5] ila kull[6] mundadur –
Kim taraqqi-yu tanazzul mundadur…”
Barcha o‘z yo‘lini to‘g‘ri hisoblaydi. Har kim Yo‘lni o‘z yo‘li tomonga burish uchun urinadi, o‘zini ustun qo‘yadi… Yo‘llar nainki bir-biriga, balki o‘z-o‘ziga ham xiloflashadi. Zero, ko‘rlar Filning qismiga butunlik da’vosini qilganidek, Yo‘lovchilar ham o‘z yo‘lini Manzil demoqlikdan tiyilmaydi. Holbuki, bir-birini inkor etayotgan kishilar, aslida, anglab-anglamay aynan bir narsa (O‘Z) haqida so‘zlaydilar…
“Nimadir ketdi… Bus-butun, qaytmas bo‘lib. Kuyunmaysan. Ketgani chin bo‘lsin, deysan pichirlab. Biroq borsa-kelmasga ravona bo‘lgan narsalardan tushgan soyalar va uzoq turib qolgan soyalardan meros zax-mog‘orlar bosgan joylarga nur tusha boshladi”, deb yozgandi Ahmad Otaboy mustaqillikning boshlarida. Yangi davr adabiyoti – qafasga suyanib o‘rgangan ruhning yangi matritsa izlashi edi. Balki shuning uchun ham “realizm kerakmi yo modernizm?” degan bahs kelib chiqdi, shekilli.
Sartr ektsiztentsializm haqida mulohaza qilarkan, “menga yaqinda bir ayolning nufuzli davrada qo‘pol iborani ishlatib, keyin uzr so‘rash o‘rnida “chamasi, men ektsiztentsiyachi bo‘lib boryapman”, deganini aytishdi”, deydi. Shu kabi adabiyotimizda ham andak ola-quroq, “olabo‘ji” sifat yozildiqlarni kinoya aralash “modern asar”, deyish urfga kirdi. Tasavvurni yangilaydigan, mohiyatni sal “boshqacha”roq ifodalaydigan adibni yot unsurga, plagiatga, taqlidchiga – “changalzor-selvada koyot quvib yurgan”ga chiqarish (M.M.Do‘st) ham oson bo‘lib qoldi. Balki to‘qayga o‘t ketsa, ho‘l-quruq baravar yonar, lekin ongli jamiyatda o‘z iste’dodsizligini shaklparastlik ortiga berkitadigan lo‘ttivoz bilan so‘zni, metaforani, tasavvurni yangilashga urinayotgan ijodkorga bir xil baho berilishi – adolatdan emas. Chunki loyqa daryo – bu chuqur degani emas.
Har qanday adib ichidagini aytib olish uchun o‘quvchini qimirlatmay qo‘yishni, kitobdan bosh ko‘tarmay qolishini istaydi. Shu maqsadda turli shakl-uslublardan foydalanishi tabiiy. Aytaylik, bu borada Bokkachcho, Mopassan, Markes shahvoniy kadrlardan, Servantes sarguzashtlardan, Nitshe o‘tkir (chidab bo‘lmas) nigilizmdan foydalangani ma’lum. Taassufki, so‘z yangilanishi bizda asosan shakl o‘zgarishi sifatida tushunilmoqda. Masalan, shevada yozilgan asar – dohiyona asar (xuddi eng zo‘r yozuvchilar absurd adiblar, deyilgani kabi), kabi tushunish avj oldi. Ilonni “jilon” yo ipni “jip”, deb yozgan bilan tarjimada “zmeya” yo “nitka” bo‘ladi-ku, baribir. Gap “o‘sha”ning “ashi”, “boynag‘i”, “anovi” tarzida aytilishida emas, “Men”ning “U”dagi tajallisidadir. Bir til ichida qolgan badiiy tajribalar, albatta, bezak, biroq adibning asosiy yutug‘i emas. Tog‘ay Murod asarlarini boshqa tilga o‘girganda ohori ketib qolganidek, Faxriyorning “Sulaymon nasiba xat izlab keladi” yo Bahrom Ro‘zimuhammadning “Qora doskaga BO‘R bilan qandaydir imloni bitayotgan ON birdan paydo bo‘lib qoladi BO‘RON” kabi til tajribalarini tarjima qilish qiyin.
Menimcha, adabiyotda turli rebuslar, boshqotirmalar yoxud hayotiy dramalardan ham ko‘ra insonning o‘zini yengishiga erishish muhim. Bu asarning birinchi varag‘ida “Dada, mening ildizim qayerda?” deb savol berib, to‘rtinchi sahifaga borganda “Dada, men ildizimni topdim!” deb xitob qilish emas, albatta.
Adabiyotni yangilash uchun, balki, avvalo, kundan-kun bir-biriga qorishib ketayotgan badiiyat va publitsistik xarakterni mutlaqo ajratib olish vaqti kelgandir. Badiiy publitsistika bugungi yo ertangi savollarga javob axtarib, ma’lum vaqt oralig‘ida yechilishi muqarrar muammolarni o‘rtaga qo‘ysa, dalil va fakt, yozma hujjatlar va uning ijrosiga suyansa, Sof Badiiyat yechim izlaydigan savol to Inson tirik ekan, o‘z-o‘zi bilan kurashar ekan, barham topmaydi. Chunki odam ruhi, o‘zi yaratib – o‘zi vayron qilib borayotgan qadriyatlar doim evrilib turadi. Kafka “javobi o‘zida bo‘lmagan savollarga hech qachon javob topilmaydi”, degan. Adabiyot – javobi o‘zida bo‘lmagan savollarga ham javob izlab ko‘rish degani. Sof Badiiyat – insonning o‘z-o‘zi bilan mangu kurashi ifodasi. Buni publitsistikada bir qadar ifodalash mumkin, ammo uni to‘la-to‘kis biror-bir qoidaga bo‘ysunmagan holda ifodalash faqat va faqat adabiyotning qo‘lidan keladigan ish. Jo‘n didaktika esa na publitsistika va na badiiyatdir. Odam – mangu kurash. Uning hayot piligi Umid yermoyiga botirilgan va Shubha olovida tobora quyiga yonib kelmoqda – yuksalish uchun. Sof badiiyat – ana shu mangu kurash ifodasi. Hikoya yo she’r, maqola yo suhbat bo‘lsin, kuchli asarni baribir kuchli shaxs yaratadi.
Aslida hikoya yo esse bo‘lsin, odamga, millatga foydasi tegsa bo‘ldi. Keyin dunyo adabiyotida juda ko‘p daholar janrlarni uncha tan olmagan. Aytaylik, Borxes. Uni shoir desa she’riy asarlari nasrga o‘xshaydi, yozuvchi desa nasriy bitiklari ilmiy tadqiqotlar kabi, olim desa maqolalari she’r yo hikoyadan kam emas. Ularni kitoblardan olingan taassurot yo iqtiboslar yig‘masi deb biladiganlar ham talay. Ammo Borxesni o‘z bitiklarining qaysi janrga taalluqli bo‘lishidan ko‘ra ularning inson kamolotiga qanchalik xizmat qilishi ko‘proq qiziqtirgan.
Lekin bizda hali Borxes darajasida inkor qilinadigan nazariyaning o‘zi yaratilgani yo‘q. Bugun ham sof badiiyat nimaligini belgilab beradigan, zamonaviy va pishiq-puxta Adabiyot nazariyasi yo‘q. Afsuski, shunday. To‘g‘ri, shunga yaqin nimalardir qilinyapti, ammo asosiy masala – Sof badiiyat masalasi yechilmagan. Shu bois ham badiiy asarga hali-hanuz “nima haqida” deb savol berishadi. Bugun yoshlar she’r deb o‘qiyotgan ko‘p narsalari aslida qofiyaga solingan esse (lavha yo qatra) ekanini, ayrim roman deb bilayotganlari aslida uzunroq ocherk ekanini anglashlari uchun avvalo Sof adabiyot nazariyasi kerak. Shu tufayli ham chin ijod bilan qalbakilik goho qorishib ketmoqda. Balki, bugun ularni o‘quvchiga ajratib bera oladigan bitta Abdulla Qahhor yetishmayotgandir. Sof badiiyat – inson tafakkuri va tasavvurining badiiy in’ikosi, timsol bilan tillashish, dunyoni, insonni yangicha idrok etish va o‘sha idrokni ifodalab, kerak bo‘lsa, isbotlab berish. Biroq “yozish – tanlay olish salohiyatidir” (A.Kamyu). P.Lagerkvist aytganidek, “odamning ma’naviy ehtiyojlariga daxl qilish san’atning yutug‘i emas”. Adabiyot – ma’naviy tozarishga, ibodatga aylangandagina o‘z mohiyatiga yovuq keladi.
– Bugungacha bo‘lgan avlodning e’tiqodida ma’naviyat, adabiyot va kitob muhim ahamiyat kasb etgan edi. Bugunning yoshlari esa hayot ma’nosini boshqa asos, mohiyatda ko‘rishayotgandek tuyuladi. Buning oqibati nimalarga olib keladi, deb o‘ylaysiz?
Bahodir Karimov: Agar moddiyat asosiga bo‘lsa, uning yonida ma’naviyat qasri qad rostlasa, bundan xavfsiramagan ma’qul. Agar ruhiyati uchun ozuqa izlayotgan bo‘lsa, yuragi kirlanganini sezib, uni tozalash niyatida yurgan bo‘lsa, buning oqibati xayrlidir. Hamma narsa o‘z asliga qaytadi: odam tuproqqa, ot qozig‘iga, mis misga qo‘shilib, tilla tilladek qadrlanadi.
G‘arbdagi faylasuflardan biri: “Odamning avval qornini to‘ydirish kerak, keyin unga ma’ruza o‘qigan ma’qul. Aks holda och odamga birovning gapi yoqmaydi”, degan mazmunda yaxshi gap aytgan ekan. Bugun turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yoshlarning moddiy ehtiyoji qongach, nafsini to‘ydirib bo‘lmasligini bilgach, Iskandarning bu dunyoda qo‘llari bo‘sh ketganini butun mohiyati bilan teran anglagach, xayr-saxovat, insof, sabr-qanoat va boshqa go‘zal insoniy fazilatlarga amal etishni o‘zlari uchun dasturilamal qilib olishiga zarurat tug‘iladi. Zero, bu jarayonda ular, albatta, adabiy-ma’rifiy ta’lim-tarbiyaga, ota-bobolardan qolgan hikmatlar, kitob nasihatiga ehtiyoj sezadi. Shu zaylda har qanday odam kitobga qaytadi, deb o‘ylayman. Moddiyat yoshlarning yuragida uya qurmasa, hamma ish a’lo bo‘ladi. Jaloliddin Rumiy hazratlari aytadiki:
Suv agar xorijdir – tayanch kemaga,
Suv agar doxildir – ayanch kemaga.
Suv bamisoli kemaning ummon yuzida suzishiga imkon berganidek, mol-mulk ham odamning hayotda zavq-shavq bilan tik oyoqda yurishiga yordamlashadi.
Umid Yoqubov: – Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobida “ma’naviyat qotib qolgan aqidalar yig‘indisi emas, aksincha, doimiy harakatdagi uzluksiz jarayon” ekanini eslatarkan, ta’kidlaydi: “Qayerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur hukmron bo‘lsa, o‘sha yerda ma’naviyat qudratli kuchga aylanadi”.
Odam avvalo o‘zidan ogoh bo‘lishni, o‘zi oldida javob berishni o‘rganishi kerak. Nima uchun tongda ko‘z ochib, nega uyquga yotayotgani haqida o‘ylab ko‘rishi kerak.
“Cho‘qintirgan ota” filmida ruhoniy suv tubida yotgan toshni Donga chaqib ko‘rsatadi: “Mana, qarang, qup-quruq. Yevropaliklar ham xuddi shunday… Xudo ularning yuragiga kirib bormadi”. Bugun berilib juma namozini o‘qib, so‘ng masjiddan chiqqach ham baribir tarozidan urayotgan qassobni yo o‘zi yemaydigan somsani “taqvoli joydan”, deb sotayotgan somsachini ko‘rganda, shu epizod esga tushadi. Odamlar ba’zan bir-biriga ishonmay qo‘yayotgani, ayrim joylarda firibgarlar ko‘paygani, ota bolasini, aka ukani, qarindosh-urug‘ yo hamqishloqlar bir-birini aldab, xorijga olib borib, sotib yuborayotgani – qalblarda bo‘shliqlar vujudga kelganidan dalolat. Xalqimiz bundaylarni “Xudodan no‘xtasini uzgan”, deydi.
Bugun yoshlar orasida eng ommabop san’at – film, kuy-qo‘shiq, qiziqchilik… (balki bunga yozuvchi-shoirlarga qaraganda artistlarning boyroq yashashi ham sababdir). Yuqorida aytganimiz “soqolli xonim”ning Yevropa sahnasiga chiqishi – G‘arb san’atida XX asr boshlaridayoq avj olgan nigilizm, fazilatga aylangan fanatizm, jins almashtirish (erkak va ayol rolini bir-biriga o‘ynattirish) tajribasi bergan “hosil”. Yurtimizda ilk teatr paydo bo‘lganda ayol rolini o‘ynagan erkak aktyorlarning ismi afishada yozilmas ekan. Chunki xalqdan qo‘rqqan, uyalgan. Bugun esa bir qiziqchimiz eridan kaltak yegan xotin qilig‘ini ko‘rsatarkan, o‘zining so‘zini beixtiyor o‘ziga takrorlaysiz: “Ta-a-vba-a!”. Yaqinda bir kino ko‘rdim: “Payshanbadan payshanbagacha”. To‘rt oshnadan biri (u yana o‘qituvchi!) qizga aylanib qoladi, oshnalaridan birining va ukasining (!) esa unga… ko‘ngli sust ketib, tegajog‘liq qilishni boshlaydi. Shukrki, shundan nariga o‘tishmaydi.
Bugun sotqinlik, ikkiyuzlamachilik, birovning haqqini yeyish, ig‘vogarlik, ko‘rolmaslik, nafs balosi, mansabiga qarab laganbardorlik qilish, gap tashishu g‘iybatdan jirkanish sustlashmoqda. Sotqin, ig‘vogar, ikkiyuzlamachi, g‘alamis odamlar spektakl yo kinolarimizda yengiladi. Lekin tomoshabin ulardan qattiq nafratlanmaydi. Chunki yon-verimizda shunday odamlar ham hayot kechirib yurganiga o‘zimiz guvohmiz. Ma’naviy xastaliklar tuzatilmas ekan, Komil Inson manzili uzoqlashib boraveradi.
– Bir kuni yo‘l chetida bir-biriga hazil-huzul qilib turgan 19-20 yoshlar atrofidagi yigitlarning suhbati quloqqa chalindi. Ulardan biri, nimadandir gap chiqdi-yu, sherigiga: “Hoy, Otabek, Zaynabga aytaman, senga zahar beradi”, dedi. Rosti, bu gapni eshitib quvondim. Bu harqalay, mashhur asarimizni o‘qigan, undan qandaydir xulosalar chiqargan o‘quvchining fikrlari edi. Keyin ularning qo‘pol, bir-birini behurmat qilib aytgan gaplaridan hafsalam pir bo‘ldi. “Zaynab zahar berolmaydi, man o‘sha zaharni asaringning avtori Tohir Malikka ichiraman”, deya kerildi mo‘ylovi sabza urgan olifta yigit. “Hey o‘qimagan, bu kitobni Tohir Malik yozmagan, uni Abdulla Qahhor yozgan-ku”, dedi sherigi hozirjavoblik bilan. “Ey, baribir emasmi?” deya yengiltaklik va sovuqqonlik bilan qo‘l siltadi unisi. Bo‘layotgan suhbatni eshitdimu bugungi yoshlar saviyasi, mumtoz adiblarimizga bo‘lgan munosabatini ko‘rib noqulay holga tushdim. Bu yerda gap aylana-aylana yana A.Qahhor ta’biridagi “Adabiyot muallimi”ga kelib taqaladi. Bugun ta’lim tizimida beqiyos o‘zgarishlar, yuksak islohotlar amalga oshirilmoqda. Aniq, tabiiy fanlar va sport sohalarida yoshlarimizning qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini ko‘rib, sevinchingiz ichingizga sig‘maydi. Ammo adabiyot o‘qitish masalasi deganda, ko‘rib turganimizdek, ko‘pgina yoshlarning saviyasi haminqadar, oddiy narsalarni ham bilishmaydi. Bu borada sizni qiynayotgan muammolar nimada va bu masalada qanday g‘oya-takliflarni ilgari surgan bo‘lardingiz?
Bahodir Karimov: Ko‘pgina zanjirli muammolarning yechimi oila, maktab, tarbiyachi-muallimlarga borib taqaladi. Adabiyot muallimlari kasalga o‘xshab, hissiz, mahzun holatda; uyida xotini bilan tortishgan erkak, eri bilan janjallashgan xotin o‘sha kayfiyati bilan sinfxonaga kirib borsa, bu xastalik virusi o‘quvchiga ham yuqadi. Mashg‘ulotlarda bolalarning umri ba’zan yelga sovriladi. Aslida, adabiyot muallimi loqaydlik dushmani bo‘lishi lozim.
O‘ylab ko‘raylik: ayrim maktab, kollej va litsey muallimlari ta’lim standart va dasturlarida belgilab berilgan mavzularni yolchitib o‘rgatarmikanlar? Agar o‘rgatishsa, bilasizmi, nima bo‘ladi? O‘quvchi bilimdon bo‘lib qoladi. Mustaqil kitob o‘qiydigan, mustaqil ravishda testlarni yechadigan bo‘lib ketadi. Buning oqibatida muallimlar huzuriga bilimdon o‘quvchi qo‘shimcha dars olish (repetitorlik) uchun kelmay qo‘yadi.
Ma’naviy-axloqiy, adabiy-ma’rifiy tarbiya xususida aytilmagan gap qolmadi. Yunon faylasuflaridan tortib, Sharqning mashhur allomalariga qadar favqulodda aqlli va dono fikrlarni, bir dunyo hikmatlarni aytishgan. Shayx Sa’diyning “Guliston”u “Bo‘ston”i ham, hindlarning “Kalila va Dimna”si ham, Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asaridan tortib, Avloniyning “Turkiy Guliston”idan o‘tib, to Tohir Malikning “Odamiylik mulki”gacha – hamma-hammasining o‘zak-negizi juda chiroyli, oqil, ta’sirchan, o‘xshatish va sifatlashli ta’lim-tarbiyaga oid hikmatlardan iborat. Hamma gap aytib, yozib qo‘yilgan, siyohlari ham qurib bitgandek go‘yo… Bitta narsa qolibdi – amal qilish. Kim amal qilsin? – Men, sen, u! Biz, siz, ular!
Bugun tarbiyadan nolib, farzandlar axloqidan ko‘ngil to‘lmas ekan, demak, bu ma’naviy xastalikni davolash yo‘llarini izlash kerak bo‘ladi. Bu yo‘llarni uzoqlardan izlab, gapni chuvalatmasdan, tadbirni o‘zimizdan, uyimizdan boshlash lozim. Ota-ona farzandning qo‘shqanoti, suyanchi, tayanchi, ta’minotchisi, tabibi, muallimi, yetakchisi, yo‘lboshchisi…
Agar uyingizda bir kun chiroq yonmasa, nima bo‘ladi? Zulmat! Agar biror kun oila osh-non bilan ta’minlanmasa-chi? Ochlik! Ur-to‘polon! Oilaviy muhit ota-onaning yonma-yon, bamaslahat, baqamti harakati tufayli, mashhur maqolning bir parcha qismiga o‘xshatib aytiladigan bo‘lsa, bo‘yinturuqni baravar tortish bilan tomorqa shudgor bo‘ladi, unga urug‘ qadaladi, urug‘lar unib-o‘sadi, hosilga kiradi.
Bugun ko‘p maktablar yakkaqanot, ko‘plab tarbiya maskanlarida omochning bir tarafi bo‘sh, ayrim o‘quv dargohlari otadan tirik yetim. O‘n yillardan beri rasmiy va norasmiy doiralarda gapiraman – maktablarga erkaklarni qaytarishni boshlash kerak. Qanchalar murakkab bo‘lmasin, erkak zotini tarbiyaga, ta’limga qaytarmoq lozim.
Xususan, bizdagi yirik shaharlarning maktablarida jamoaning bir yuz bir xodimi orasida ikki-uchta – boshlang‘ich harbiy ta’lim, jismoniy tarbiya yo mehnat o‘qituvchisi erkaklar, xolos.
Maktab dars jadvali, jurnali, qo‘ng‘irog‘i, eshikboni, muallimasi va yana bir qancha “syujet elementlari”dan tarkib topgan bo‘ladi. Zero, eng muhimi – dars va eng nochori ham – dars… Negadir bugun maktabda ta’lim olayotgan bolalar beto‘xtov-tinimsiz repetitorga qatnaydi. Ota-ona esa bunga sharoit yaratib beradi. Repetitorlik maskanlarining paydo bo‘lishi maktablardagi mashg‘ulotlarning susayishiga sabab bo‘lmadimikan?
Qadim madrasalarda go‘yo kiygiz kitoblar o‘qitilgan, asrlar davomida yangilanmagan, hoshiyaxonlik avj olgan… Madrasa muallimlari faqatgina bir xil gapni takrorlagan… Lekin negadir o‘sha zamonlardan dunyoni og‘izga qaratgan xorazmiylar, buxoriylar, samarqandiylar, termiziylar, farg‘oniylar, nasafiylar, shoshiylar va boshqa ko‘plar turkistoniylar ushbu rubi maskunda ulg‘aygan. Rasadxonalar bunyod etib, yulduzlar harakatini tadqiq etishgan. Bitta charm muqovali qo‘llanmani bir necha avlod asrlar davomida o‘qigan. Teznusxa va fotonusxaga olinib, qo‘lma-qo‘l tarqatilmagan. Har ikki yilda darslik yozish bo‘yicha kimo‘zar tanlovlari ham e’lon qilinmagan…
Zamonaviy ta’lim dargohlarining barchasini bir xil degan fikrdan yiroqman. Yurakdan ishlab, o‘qiydigan tirishqoq bola haqiqiy odam bo‘lsin, yurt ishiga yarasin, deb jon kuydirayotgan muallimlar ko‘p, umid shuki, ularning hammasi ham shunday bo‘lsa, shoyad.
Umid Yoqubov: – Bitta holatga qarab, butun boshli yoshlarni savodsizlikda ayblash adolatdan bo‘lmas. Mumtoz adabiyotni puxta biladigan, zamonaviy yozuvchilarni bitta qo‘ymay o‘qib boradigan yoshlar ham ko‘p. Xorijiy tillarni o‘qitish ko‘lami kengayib, sifati yaxshilanmoqda. Bu ham yoshlar maktabdayoq jahon adabiyoti bilan kengroq tanishishiga xizmat qiladi.
Albatta, adabiyotning ta’limdagi o‘rni va ahamiyati aniq yo tabiiy fanlar yoki sportdan past bo‘lishi mumkin emas. Lekin adabiyotchi yoshlarning xalqaro maydonda dovruq qozonishi bu soha vakillariga qaraganda sust, ancha past. Har yili qancha yoshlarga filologlik diplomi beriladi. Lekin ularning ko‘pi maktabga ishga borar ekan, asosan repitetorlik ishini yo‘lga qo‘yadi. O‘quvchilar adabiyotni asosan dorulfunun imtihoniga tayyorgarlik nuqtai nazaridangina o‘rganmoqda. Keyin filolog pedagog bitiruvchilar orasida o‘g‘il bolalar kam. Borlari ham asosan tahririyatlarga joylashadi. Adabiyot o‘qitish, asosan, ayollarning chekiga tushmoqda. Balki adabiyot o‘qituvchilarining respublika anjumanlarini ko‘proq tashkil etish, til va adabiyot ta’limiga oid nashrlar adadi va sifatini oshirish, ko‘lamini kengaytirish kerakdir. Ilgari yoshlar yozuvchilarga betinim xatlar yozishgani ma’lum. Bugun juda ko‘p ijodkorlarimiz o‘z saytiga ega, ijtimoiy tarmoqlarda faol muloqotga kirishmoqda. Lekin adabiyot muallimlari shu imkoniyatlardan eplab foydala olyaptimi?!. Masalan, bugun ijodkor yo‘l bosib uzoq qishloqqa borishi shart emas: internet bor, demakki, adabiyot darsini biror ijodkor bilan onlayn muloqot tarzida ham tashkil etsa bo‘ladi-ku! Kim bunga xalal beradi yo qarshilik qiladi? Hech kim. Yoshlarning fikri yuksalsa, millat yuksaladi va bundan barcha xursand bo‘ladi, albatta.
Bugun yoshlarga o‘zbek bo‘lib dunyoga kelish, yashash – bu avvalo qismat, so‘ng esa mas’uliyat ekanini anglatadigan, sheva-yu bid’atga chalg‘imaydigan, tom ma’noda o‘zbek fenomeniga xizmat qiladigan milliy adabiyot suv va havodek zarur. Najot – adabiyotda. Agar milliy adabiyot ko‘makka kelmas ekan, o‘zbek ko‘ngilni boy berish xavfi ortadi. O‘Zlik – o‘zimizniki. U shaklan evrilishi mumkin, ammo hech qachon yo‘qolmaydi. O‘Zlikning anglanmasligi – fojia. Fojianing anglanmasligi esa muqarrar halokatdir. Odam o‘z-o‘zini tarbiya qilgandagina, o‘zini o‘zgartira olgandagina, eng og‘ir sharoitlardan ham asrab o‘toladigan qadriyatlari bo‘lgandagina… Borliqqa ta’sir ko‘rsata bilishi mumkinligini eslatish o‘zbekko‘ngilni asrab qolish va yana qayta tarbiyalashning eng maqbul yo‘lidir. Zotan, O‘zbek-Inson hodisasi — bu nuqul choponga burkanib, do‘ppini qiyshaytirib, choyxonada palov yeydigan kimsa emas, balki tomirida asrlar osha yashab kelayotgan xarakter-yo‘lni anglaydigan Insondir.
Alimurod Tojiyev suhbatlashdi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 10-son
[1] Shavkat Rahmon iborasi.
[2] Yerofeev V. “Entsiklopediya russkoy dushi”. lib.ru/EROFEEW_WI/encyclopedia.txt
“Tolstoy, opisыvaya soldat, govoril, chto glavnыy russkiy tip – pokornыy chelovek. Ya dumayu, chto russkiy — eto tot, k komu ne prilipayet vospitaniye. On lish delayet vid, chto vospitan. O vospitanii v Rossii nikto ne zabotitsya. Yest tolko odin tip russkix – nevospitannыe lyudi. Krestyane, rabochiye, intelligentsiya, pravitelstvo – vse nevospitannыe. A elegantnыy russkiy – voobщe anekdot”.
[3] Izzat Sulton, “Adabiyot nazariyasi” 390-391 betlar.
[4] “Shamol kuni chaqirma, tovushing zoye ketar” maqoli ko‘zda tutilmoqda.
[5] Juzv – bo‘lak, parcha.
[6] Kuld – butun, yaxlit.