Husaynxon Yahyo Abdulmajid: “Yurtimizda xalqaro Qur’oni karim ilmiy markazlari ham ochilishi kerak” (2017)

%image_alt%

Husaynxon Yahyo Abdulmajid 1981 yil 12 yanvarda Andijon shahrida tavallud topgan. 13 yoshida Qur’oni Karimni to‘la yod olgan.

Husaynxon qori 2001 yil O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan o‘tkazilgan 11-Qur’on musobaqasining Respublika bosqichida ikkinchi o‘rinni olgan. 2005 yil Eronda o‘tkazilgan xalqaro Qur’on musobaqasida qatnashgan. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan o‘tkazilgan 19-Qur’on musobaqasining Respublika bosqichida birinchi o‘rinni olgan (2009).

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutini tamomlagan (2008-2012).

Husaynxon qori “Navoiydan chu topqaylar navoye” (Hasanxon qori bilan hammualliflikda) kitobi muallifi. “Oltin silsila” majmuasi tarjimonlaridan va muharrirlaridan biri. 30 juzlik Qur’oni karim qiroati audio diski chiqarilgan.

Husaynxon Yahyo Abdulmajid hozirda Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome’ masjidi imom-xatib noibi.

— Qori aka, o‘tgan yili akangiz Hasanxon qori bilan suhbatlashganimizda bolalarni yoshlikdan Qur’oni karimga muhabbatli qilib tarbiyalash haqida fikrlar, shuningdek, farzandini qori qilmoqchi bo‘lganlarga qanday tavsiyalar bergan edilar. Bu borada ota-onangiz qo‘llagan, ayni paytda siz ham farzandlaringizga qo‘llayotgan usullar haqida so‘zlab bersangiz.

— Ha, siz zikr qilgan suhbat ko‘pchilikka foydali bo‘lgan. Albatta, o‘sha suhbatda zikr qilingan tavsiyalar aynan ota-onamizning bizlarga bergan tarbiyalari hamda o‘zimiz farzandlarda qo‘llayotgan tajribalar asosida aytilgan. Men ham takrordan qochish ma’nosida o‘sha tavsiyalarni tasdiqlagan holda ayrim nuqtalarni qo‘shimcha qilishim mumkin. Savolda so‘ralganidek, o‘z oilamizdan, atrofimizdan misol keltirishimga to‘g‘ri keladi.

Farzand tarbiyasida qisqa qilib aytganda quyidagi asosiy nuqtalarni zikr qilishimiz mumkin:

Birinchidan, inson o‘z farzandiga ona yoki ota tanlayotganda nomzodning salohiyatiga qarashi, farzdandidan oldin o‘zini tarbiyalashi lozim.

Otamiz go‘zal tarbiyali va tarbiyasi go‘zal inson edilar. Farzandlarga katta ehtimom bilan munosabat qilardilar. Onamiz ham oliyjanob shaxsiyatga ega edilar. Ikkalalari ham ilm-ma’rifatga, Qur’oni Karimga muhabbatlari cheksiz edi. Bu gaplarni aytishdan maqsad shuki, ota-onadagi ruhiyat, ixlos-muhabbat farzandlarga o‘tar ekan. Farzandi tarbiyali bo‘lishini istagan inson tarbiyani avvalo o‘zidan boshlashi kerak. Farzand dunyoni ota-ona dargohida taniydi. U ko‘z ochib ko‘rgan narsa ilm bilan shug‘ullanish, kitob o‘qish, Qur’on tilovati, ezgulik bo‘lsa, farzandlar ham ilmga chanqoq, muxlis bo‘lib tarbiya topadi. Farzandi qori bo‘lishini istagan insonning kundalik Qur’on vazifasi bo‘lishi, bolalar uni eshitishlari kerak. Xususan, bu borada onaning o‘rni katta. Bola onasida tilovat, mutolaa, ilm takrorini ko‘rsa, u o‘z-o‘zidan ilmga, Qur’onga muhabbatli, qobiliyatli bo‘lib shakllanadi. Aks holda, bolaning ko‘z ochib ko‘rgan olami turli behuda narsalar, mazmunsiz ko‘rsatuvlar yoki gunoh ishlar bo‘lsa, albatta, u shunga yarasha tarbiya oladi.

Ikkinchidan, farzand tarbiyasida go‘zal uslublarni qo‘llash lozim.

Otamiz, go‘dak bo‘lishimizga qaramay, biz bilan katta inson bilan muloqot qilgandek gaplashardilar. O‘qishimizga jiddiy e’tibor berardilar. Bezdiradigan tahdid qilmas, tanbehlari ham lutfli bo‘lar edi. Shu qadarki, yengil po‘pisa qilsalar, biz uchun katta musibat, unutilmas zajr bo‘lardi.

Hamma ishda bo‘lganidek, tarbiyada ham mo‘tadillik muhim. Farzand qiynalmasin ham, taltayib ham ketmasin. O‘yin-kulgu va maishatga emas, o‘qish, ilm olishga sharoit yaratish muhim. Ba’zilar: “Farzandimga hamma narsani qilib berdim, barcha aytganini muhayyo qildim, lekin o‘qimayapti”, deydi. Barcha istaklari qiyinchiliksiz hozir bo‘lgan bola bekordan qiynalishni albatta istamaydi.

Otamiz dasturxonimizni juda ham to‘kin tutganlar. Shunga qaramay, ba’zan bir mahalgi ovqatlanishimiz qaynoq suvga ivitilgan qattiq non bo‘lardi. U kishi bu ishni atay qilardilar va “Qanoatni o‘rganasizlar-da”, deb qo‘yardilar. Hatto choy yoki shakar ham qo‘shtirmasdilar. Yana: “Zehnni o‘tkir qiladi bu”, deb qiziqtirib ham qo‘yar edilar.

Uchinchidan, Alloh taolodan bu borada tinimsiz yordam so‘rashi, iltijo qilishi darkor.

Misrda ekanimda hozirda internetda mashhur bo‘lib ketgan tojik bola Ayyomiddin qori va otasi bilan ko‘rishdim. Bola 15 yoshda. Qur’oni Karimni to‘la yod olgan. Har bir oyatning qaysi sura, qaysi sahifada, nechanchi raqamda kelganini aytib bera oladi. Misrdagi xalqaro musobaqada ikkinchi o‘rinni oldi. Ayyomiddinning otasi farzandi uchun har kuni soatlab vaqt ajratar ekan. Shu bilan birga, har kuni tahajjudda duo qilarkan. U kishi aynan tahajjuddagi duolarining samarasini ko‘rganini alohida ta’kidladi.

To‘rtinchidan, duogo‘y insonlardan farzand haqiga duo olmoq lozim. Olimlar, keksalar, qiynalgan kishilarga yordam ko‘rsatib, biror hojatini ravo qilib duo olinsa, yanada afzal. Bu eng ko‘p tajribadan o‘tgan samarali ish.

Padari buzrukvorimizning katta otalari Abdulmajid qozi domla degan buyuk alloma bo‘lganlar. O‘z davrida misli ko‘rilmagan, Markaziy Osiyoda sanoqli olimlardan bo‘lganlar. Yoshligidan benazir qobiliyat egasi sifatida tanilib, o‘z zamondoshlari orasida “laduniy ilm sohibi” deya e’tirof etilganlar. U kishining shunday yetuk daraja topishida otasi Abdulloh qorining xizmati katta bo‘lgan. U kishi o‘zi ahli ilm va ahli Qur’on bo‘lishi bilan birga dehqonchilik bilan shug‘ullangan. O‘g‘li Abdulmajid o‘qiydigan madrasaga har hafta turli oziq-ovqat va xarajatlar qilib kelar, ustozu talabalarga hadyalar tarqatarkan. Ammo hammaga hadya, tilla tangalar ulashib, faqat o‘g‘liga bermas ekan. Yosh Abdulmajid: “Otajon, menga ham bir oz pul bering, hammaga berdingiz-ku”, desa, u kishi: “O‘g‘lim, mana shu tarqatayotganlarimning hammasini sizga beryapman. Men sochib qo‘yyapman, siz yig‘ib olasiz”, der ekan. Topgan bor budini shu farzandning olim bo‘lishi uchun sarf qilar ekan. Haqiqatda Abdulmajid qozi domla 97 yoshgacha aytganimizdek benazir alloma bo‘lib yetishganlar, ilm va din xizmatida, el ardog‘ida, ma’rifat ahlining to‘rida yashab o‘tganlar.

Yana ham yaqin bir misol. Millat ustozi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qiblagohlari Muhammad Yusuf hoji dada ham farzandlariga ko‘p duo olganlar. Ustozlarining, ilm ahlining xizmatini ko‘p qilganlar. Biz u kishi bilan ko‘p hamsuhbat bo‘lganmiz. O‘zlari aytib bergan edilar. Buxoroda o‘qib yurgan kezlari har kuni bomdodga ustozlarning eshiklari oldiga obdastada suv isitib qo‘yib qo‘yarkanlar. Kechasida shaharning bir yeriga borib, qopda kesak tayyorlab kelib, hojatxonalarni tozalab, tozalagichlarini yangilab qo‘yar ekanlar. O‘sha paytda Muhammad Sodiq o‘g‘illari go‘dak bo‘lgan ekan. Ustozlar u kishining hamda farzandlarining haqlariga ko‘p duo qilisharkan. Hoji onamning aytishlaricha, hoji dada bir umr farzandlarining haqlariga duo olganlar. Bor-budlarini ularni tarbiya qilish va haqlariga duo olish uchun sarflab yuborganlar.

Ba’zilar ahli fazl kishini ko‘rganda “mening ham farzandim shunday bo‘lsaydi” deydiyu, uning ota-onasi qilgan himmat va mehnatni qilmaydi. Bu esa bir vaqtning o‘zida ham tirik qolib, ham shahid bo‘lishni orzu qilgandek gap.

%image_alt%

— Oilada aka-ukalar doim bir-biriga taqlid qiladi. Ayniqsa ikkalasi tengdosh va saboqdosh bo‘lsa, o‘zaro musobaqalashuv bo‘lishi tabiiy. Hasanxon qori bilan Qur’oni karim va boshqa ilmlarni egallashda bellasharmidingiz?

— Yoshlikda bo‘lgan. Otam yoshliklaridagi o‘z aka-ukalari bilan qilgan musobaqalashuvlarini bizga aytib berardilar. Biz ham ba’zi usullarni qo‘llardik. Masalan, ba’zan kimdir tunda yashirincha uyg‘onib, boshqa xonaga kirib dars qilar, sezdirmaslik uchun chiroq yoqmay, shamdan foydalanar edi. Hatto yopinchiq ichida odam bordek shaklda qoldirilardi. Lekin ustozga borganimizdan keyin doim birga qatnaganmiz. Birimizning darsimiz yetmasa, ikkinchimiz kutib turardi.

Ba’zan yoshlik qilib o‘yinga qiziqib ketsak, dars yetmay burun o‘rtoqlar o‘yinga chaqirganda ular tomon oshiqib qolsak, opalarimizga aytardik, ular bizni ustunga bog‘lab qo‘yar va saboq yetganda yechib qo‘yishar edi.

— “Toki o‘qiyotganlariga qorining o‘zi amal qilmas ekan, uning jamoatga ta’siri bo‘lmaydi” deyishadi olimlarimiz. Bu qorilarga katta mas’uliyat yuklaydi. Shuningdek, jamoatdagilarning holati ham qorining qiroatiga ta’sir qilar ekan. Shundaymi?

— Albatta. Qorining ruhiyati jamoatga ta’sir qilganidek, jamoatning ruhiyati ham qoriga ta’sir qiladi. Ixlosli qalblarga ovoz ham yurakdan keladi. Shuningdek, ovoz quloqdan kiradi, ammo uni ruh tinglaydi. Mashhur Shayx Abdulbosit qoridan bir suhbatda shu haqda so‘ralganda u kishi: “Qiroatning ta’siri taqvoga bog‘liq”, degan edi. Shuningdek, qorining qiroat asnosidagi kechinmalari ham jamoatga o‘tadi. Shuning uchun ham Shayx Abdulbosit qori qiroatga chiqishdan oldin o‘zi o‘qimoqchi bo‘lgan oyatlarning tafsirlarini mutolaa qilar, tilovatdan oldin bir necha daqiqa yolg‘iz o‘tirib zikr qilar, undan keyin tilovatga chiqar ekan. Qur’onni to‘g‘ri o‘qiy olgan kishi “qori”, uni to‘la yod olgan “hofiz” yoki “hofizi Qur’on”, bu ikki sifatga qo‘shimcha ravishda Qur’onni o‘z hayotiga singdirgan va uni o‘zidan keyingilarga yetkazuvchi kishi “homili Qur’on” deyiladi. Homili Qur’on kishi Qur’onni o‘qish va yodlash bilan birga uni yashagani uchun uning qiroati ta’sirli bo‘ladi, u o‘qiganda xuddi oyatlar ayni damda nozil bo‘layotganday bo‘ladi. Alloh taolo biz qorilarga shunday “homil” bo‘lishni nasib etsin!

Shu bilan birga, jamoatning ixlosi, muhabbati va tushunchasi, hatto ma’naviy holati ham qorining qiroatiga ta’sir qiladi. Ibn Kasir rahimuhullohning tafsirida bir hadis keladi. Rasulimiz sollallohu alayhi va sallam bir safar namozda qiroat asnosida adashib qolgan ekanlar. Shunda namozdan keyin: “Birortangiz tahoratni chala qilib kelganmi deyman”, degan mazmunda so‘z aytgan ekanlar.

%image_alt%

— Alhamdulilloh, yurtimizda qorilar soni va sifati yildan yilga oshib bormoqda. Yangi diniy markazlar ochilayotgani ham quvonchli. Yurtimiz qorilari Rossiya, Ukraina, AQShdagi tarovehlarda xatmga o‘tishmoqda. Bir necha yillardan beri Respublika qorilar musobaqasi ham o‘tkazib kelinadi. Har yili qorilarimiz xalqaro Qur’oni karim musobaqalarida ishtirok etishadi… Lekin xalqaro musobaqalarda biron marta o‘rin ololmaganimiz sababi nimada deb o‘ylaysiz?

— Ha, ming shukrlar bo‘lsinki, qorilarimiz yillardan buyon turli xalqaro musobaqalarda qatnashib kelmoqdalar. Ammo aytganingizdek, g‘olib bo‘lganlarini ko‘rmadik hanuz. Buning sababi ­– bizda o‘sha musobaqalarga tayyorgarlik yo‘q. Ichki musobaqamiz xalqaro me’yorga javob bera olmaydi. Odatda har qanday musobaqa va bellashuvning shart-sharoiti, qonun-qoidasi bo‘ladi. Ishtirokchilar o‘sha qoida va shartlar asosida tayyorgarlik ko‘radilar. Har kim o‘z bilimicha, o‘z odaticha tayyorlansa, albatta, bellashuvda yutqazadi. Masalan, boks bizning milliy kurashdan keskin farq qiladi. Bokschilarimiz o‘sha boks bellashuvlarida yutishi uchun o‘z yurtlarida boks maktablariga qatnaganlar, yillar mobaynida shug‘ullanganlar va shuning uchun jahon miqyosida o‘z o‘rinlariga ega bo‘lganlar. Agar ular xalqaro boks musobaqasiga borsayu, “o‘zimizning milliy kurashga nima yetsin”, deb ringda kurashga tushib ketsa, qanday bo‘ladi? Binobarin, bizda ham qorilarni o‘sha xalqaro Qur’on musobaqalariga tayyorlaydigan ilmiy markazlar ochilishi kerak. O‘sha yerda tayyorgarlikdan o‘tgan va darsdoshlari orasida g‘olib bo‘lganlari xalqaro musobaqalarga chiqarilsa, inshoalloh, O‘zbekiston qorilari ham jahon qorilarining g‘oliblariga aylanadilar. Shaxsan o‘zimda kechgan holatni eslayman. Eronga borganimda qo‘limizga musobaqaning shartlari topshirildi. Ne ajabki, biz u shartlarni, balki u yerda ishlatilgan ilmiy atmalarni ilk bor ko‘rib turgan edik.

Qisqa qilib aytsak, qiroat uch jabhadan tarkib topadi: ovoz, ohang, talaffuz. Qorilar avvalo bizda “vokal” deb ataluvchi ovozshunos mutaxassislarning qo‘lida ovozni ochib, shakllantirib, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishlari kerak. Keyin tajvid ustozlaridan talaffuz hamda vaqf-ibtido qoidalarini o‘zlashtiradilar. Undan keyin esa Qur’oni karim tilovatida qo‘llanadigan arabcha ohanglarni, ilmiy tilda aytganda “maqom ilmi”ni egallaydilar. Shular to‘la o‘zlashtirilganda qiroat mukammal qiroat bo‘lishi mumkin. Shuningdek, dunyo tan olgan ustoz qorilarning tilovatlarini ko‘p tinglash lozim.

Shu o‘rinda bir masalaga e’tibor qaratish kerak. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, inson bolasi qaysi begona tilni 12-13 yoshgacha o‘zlashtirsa, u o‘sha tilni o‘z ona tilidek bexato, nuqsonsiz o‘zlashtiradi va nutq qiladi. Yoshi katta bo‘lganda o‘rgangan tilida har qancha bilimdon bo‘lsa ham, nutqda til begonaligi tepchib turadi. Shuning uchun shaharlarimizda ingliz va rus tillariga ixtisoslashgan bog‘cha, maktablar bo‘lganidek, arab tiliga ixtisoslashgan bog‘cha, maktablar ham bo‘lishi darkor. Bu maktablarda hamma dars arab tilida olib boriladi. Bola 12-13 yoshga bormay hofizi Qur’on bo‘ladi. O‘zim guvoh bo‘lganim ixtisoslashgan maktablardan birida bolalar ingliz tilini sof o‘zlashtirishlari uchun Amerikadan o‘qituvchi yollangan ekan. Biz aytgan maktablarda ham aynan arab qorilarini olib kelib dars o‘tkazish mumkin. Shundagina qorilarimizning talaffuzi to‘la arabiy, ajamlik aralashmagan sof nutq bo‘lib, qiroatlari arablarnikidan qolishmaydigan bo‘ladi, balki eng buyuk ustoz qorilar darajasiga chiqadi. Bu arabparastlik emas. Futbolda ham, boshqa sohalarda ham o‘sha sohaning eng yetakchi murabbiysini har qancha katta mablag‘ hisobiga bo‘lsa ham tashqaridan olib kelib, undan foydalanish amaldagi tajribadir.  Zotan, ulug‘ ajdodlarimiz aynan shunday yo‘l tutganlar. Shundagina avlodlarimizdan yana buxoriylar, nasafiylar yetishib chiqishi mumkin.

Imom Buxoriyning zamonlarida 5 yoshli bolalar yoppasiga Qur’onni yozib, o‘qiy olish malakasiga ega bo‘lgan. Imom Buxoriy, Ibn Sino, Beruniy, Navoiy kabi allomalarimizning hammalari 10 yosh atrofida hofizi Qur’on bo‘lishgan. Ular o‘z asarlarini arab tilida yozganlar. Imom Zamaxshariydek bobokalonlarimizning arab tili va balog‘atida yozgan asarlarini hozirgacha arabu ajam o‘qib, o‘rganmoqda.

—  Qori aka, o‘zingiz o‘zbek qorilaridan kimlarga muxlislik qilasiz? Qaysi qorilarning qiroati sizga ma’qul?

— Men barcha qoriga muxlisman. Qorilarimizning qiroatlari bir-biridan ajoyib. Har bir qorining o‘z xossasi bor. Kimningdir qiroatida ma’no qalbga chuqurroq yetib boradi, kimningdir ovozdagi mahorati, kimningdir talaffuzdagi fasohati kishini rom qiladi. Birlarini bir xossasi uchun, boshqasini yani boshqa xossasi uchun yoqtiraman. Qorilarimizning xalqaro Qur’on musobaqalaridagi ishtiroklarini kuzatar ekanman, ular ham jahon miqyosida yaxshi o‘ringa ega ekanlarini ko‘raman. Agarchi yuqori darajada bo‘lmasalar-da, quyi ham emaslar.

Davronbek Tojialiyev suhbatlashdi.