Homidjon qori Ishmatbekov: “Yurtimizda qorilar silsilasi hech qachon uzilmagan” (2016)

Homidjon qori Ishmatbekov 1970 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1991-1997 yilda Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutini, 1992-1996 yilda Madina Islom universitetini tamomlagan. 1996-1999 yillari Toshkent Xalqaro islomiy tadqiqotlar markazida ilmiy xodim vazifasida ishlagan. 1999-2008 yillarda O‘zbekiston Musulmonlari idorasida oddiy xodim darajasidan bo‘lim boshlig‘i lavozimiga qadar mehnat qilgan. “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri (2008-2015) lavozimida ishlagan. 1998 yildan Yunusobod tumani “Muhammad Nosir hoji” jome’ masjidi imom-xatibi. “Imomi A’zam vasiyatlari” (Abdurashid qori Bahromov bilan hammualliflikda), “Islom ma’rifati” (Abulhasan Nuriiymon bilan hammualliflikda), “Ayolni e’zozlang” kitoblari chop etilgan, “Hidoya”ning “Nikoh kitob”ni tarjima qilgan. 2003-2007 yillar davomida “Juma mav’izalari” to‘plamini tuzgan va nashrdan chiqargan.

2007 yildan beri Respublika qorilar musobaqasi boshqaruvchi hakami sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan Homidjon qori Ishmatbekov bilan suhbatimiz Qur’oni karim qiroati va qorilar mavzusida bo‘ldi.

— Ma’lumki Qur’oni karimning mashhur yetti xil qiroati mavjud bo‘lib, bizning diyorlarda Imom Osimdan Hafs rivoyat qilgan qiroat mashhurdir. Umuman qiroatlar orasida qanday farqlar bor?

— Bismillahir rohmanir rohim. Alhamdulillah. Assolatu vassalamu ala rosulillah. Amma ba’d. Darhaqiqat, Qur’oni karimning yetti xil qiroati mavjud bo‘lib, ular quyidagilardir:

1. Abdulloh ibn Kasir ad-Doriy al-Makkiy qiroati. (120 h.v.) Undan Al-Bazziy va Qunbul rivoyat qilgan.

2. Abdulloh ibn Omir al-Yahsabiy ash-Shomiy qiroati. (118 h.v.) Undan Hishom va Ibn Zakvon rivoyat qilgan.

3. Osim ibn Abu an-Nujud al-Kufiy qiroati. (127 h.v.) Undan Shu’ba va Hafs rivoyat qilgan.

4. Abu Amr ibn Zabon ibn al-Alo al-Basriy qiroati. (154 h.v.) Undan Ad-Duriy va As-Susiy rivoyat qilgan.

5. Hamza ibn Habib az-Zayyot al-Kufiy qiroati. (127 h.v.) Undan Xalaf va Xollad rivoyat qilgan.

6. Nofe’ ibn Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym al-Madaniy qiroati. (169 h.v.) Undan Qolun va Varsh rivoyat qilgan.

7. Abulhasan Ali ibn Hamza al-Kisoiy al-Kufiy qiroati. (189 h.v.) Undan  Abulhoris va Hafs ad-Duriy rivoyat qilgan.

Hozirgi vaqtda ushbu yetti xil qiroatdan asosan ikki xili keng tarqalgan. Birinchisi, imom Nofe’ning qiroati bo‘lib, bu qiroatni asosan Qolun va Varsh rivoyat qilganlar. Nofe’dan Qolunning qilgan rivoyati bo‘yicha Tunis, Misrning ba’zi joylari, Liviyada, Varshning rivoyati bo‘yicha Tunisning ba’zi joylari, Jazoir, Marokash, Sudanda qiroat qilinadi. Ikkinchisi, Hafsning Osimdan rivoyat qilgan qiroati Yaqin Sharq mamlakatlari, Misrning asosiy qismida, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo va uning atrofidagi mamlakatlarda mashhurdir.

Ushbu qiroatlar orasida asosan tajvid qoidalarida farq bor. Masalan, idg‘om, izhor, ixfo, imola, tashil va shunga o‘xshash qoidalarda bir-biridan farq qiladi.

Misol uchun, “Fotiha” surasidagi “Maaliki yavmid-diyn” oyatini Nofe’ qiroatida “Maliki yavmid-diyn” deya mad qilmasdan, qasr bilan o‘qiladi. Biz Hafs qiroatida “Vadduha. Vallayli iza saja” deb o‘qisak, Nofe’ qiroatida “Vadduhe. Vallayli iza saje” deya qiroat qilinadi. Biz “Val ardi”da alifni zohir qilib o‘qisak, Nofe’ qiroatida “Valard” deya alifni vasl qilinadi. Bunda ma’no buzilmaydi, balki o‘ziga xos qiroat va tajvid usulida o‘qiladi.

Imom Nofe’ning qiroati mashhur bo‘lgan diyorlarda chiqarilgan mushaflarda Qur’oni karim harf va belgilari boshqa mushaflar bilan bir xil bo‘lsa-da, o‘zlariga xos tajvid belgilari va xat turlari ham qo‘llaniladi.

Qur’oni karimni boshqa qiroatda o‘qish uchun avvalo o‘sha qiroat ilmini puxta o‘rganish talab qilinadi.

— Qur’oni karimni qiroat qilish maqomlari haqida ma’lumot bersangiz.

— Qur’oni karim uch xil maqom, ya’ni tartibda qiroat qilinadi:

1. Tahqiq. Bunda qiroat shoshmasdan, ohista, barcha tajvid qoidalariga rioya qilingan holda, har bir harfni maxrajidan aniq chiqarib, eng asosiysi tadabbur bilan o‘qiladi.

2. Hadr. Bunda qiroat bir oz tezroq, albatta tajvid qoidasiga rioya qilingan holda o‘qiladi.

3. Tadvir. Bu tahqiq va hadrning oralig‘idagi qiroat sanaladi. Mana shu uchala martaba yoki maqomda o‘qish joiz bo‘lib, bularning barchasi Qur’oni karimda buyurilgan tartil bilan o‘qish hisoblanadi.

— Ko‘pincha qorilar mashhur qiroat imomlariga taqlid qilishadi. Masalan, Imom Sudays, Imom Abdulbosit, Imom G‘omidiy, Imom al-Afasiyga taqlid qiluvchilar ko‘p. Bizning diyorda ham o‘ziga xos, boshqalarga o‘xshamagan qiroat maqomiga ega ustozlar bormi?

— Hozirgi vaqtda dunyoda Misr qorilari (Abdulbosit, Minshaviy, Mahmud Xalil Xuzariy) va Hijoz qorilarining qiroat usullari ommalashgan. Ayniqsa, siz zikr qilib o‘tgan qorilarning qiroatiga qiziquvchi, hattoki taqlid qilib o‘quvchilar ko‘payib bormoqda. Ammo, shuni bilish lozimki, taqlid boshqa, qiroat qilish boshqa. Tajvid va qiroat qoidalariga ko‘ra, Qur’oni karim ma’nolarini buzmasdan, vaqf o‘rinlariga e’tibor bergan holda taqlid qilish joiz. Qur’oni karim ma’nolari, qiroat ilmlarini bilmay turib, faqatgina ohangga taqlid qilish ma’qul emas.

Bizning diyorimizda qadimdan qorilarning o‘ziga xos qiroat usullari mavjud  bo‘lgan. Ana shu an’anaga sodiq qolgan holda qiroat qiluvchi ustozlardan Yahyo qori Turdiyev, Rahmatulloh qori Obidov, Zoyitjon qorilarni aytish mumkin.

— O‘zbek qorilarining yetishib chiqishiga katta hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan ustozlardan kimlarni ta’kidlagan bo‘lardingiz?

— Alhamdulillah, yurtimizda qorilar silsilasi hech qachon uzilmagan. Toshkentlik marhum Abdulaziz qoridoda, bizning ustozimiz, buvamiz marhum Ismoil qoridoda bir qancha qorilarga uztozlik qilganlar. Marhum muftiy Ziyovuddin qoriaka ham mashhur qorilarning maktabida ta’lim olganlar. Vodiy qorilarining maktabi ham o‘ziga xos. Sobiq sho‘rolar davrida ham o‘zbek qorilarining maktablari to‘xtab qolmagan. Marhum muftiy Abdurashid qori Bahromov ham nafasi o‘tkir qorilardan bo‘lganlar. Jahon miqyosida o‘tkazilgan qorilar musobaqalarida hakam sifatida ham qatnashganlar.

Hozirda diniy ta’lim muassasalarimizda faoliyat olib borayotgan yetuk malakali qori ustozlarning xizmatlari ham tahsinga sazovor. Bugun birgina Toshkent islom institutining o‘zida Qur’oni karimni to‘liq yodlagan oltmishga yaqin qorilar tahsil olmoqda. “Tahfizul qur’on” (Qur’onni yodlatish) kafedrasida yoshlarga Qiroat ilmidan ta’lim berayotgan Bahodir qori, Jahongir qori, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtidan Ayubxon qori, “Mirarab” madrasasidan Abdulbosit qori,  Andijondan Rahmatulloh qori, Namangandan Obidxon qori, Qoraqalpog‘istondan Bahrom qori ustozlarning barchasini o‘z sohasining malakali mutaxassisi deb bilaman.

— O‘zbekistonlik qorilarning jahon miqyosida erishgan yutuqlari haqida so‘zlab bersangiz.

— Mana yigirma olti yildirki, yurtimizda Respublika miqyosida Qur’oni karimni yoddan va tajvid qoidalari bilan tilovat qilish bo‘yicha diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida musobaqalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur musobaqalarda yuqori natijaga erishgan qori va qoriyalar turli xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan Xalqaro Qur’oni karim musobaqalarida ishtirok etmoqdalar. Masalan, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Kuvayt, Malayziya, Indoneziya, Eron Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan Qur’oni karim musobaqalarida qorilarimiz yurtimiz sha’nini munosib himoya qilib kelmoqdalar.

2007 yili “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti bitiruvchisi Abdulqodir qori va Abulqosim qorilar Rossiyada bo‘lib o‘tgan qorilar musobaqasida g‘olib bo‘lgan edilar.

Shu yilning 13-20 aprel kunlari Kuvayt davlatida bo‘lib o‘tgan VII Xalqaro Qur’oni karim musobaqasida ham yurtimizning 2 nafar vakili – Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti talabasi Muhammadyahyo Mahmudov va “Mirarab” islom bilim yurti talabasi Mirabbos Mirboboyev ishtirok etdilar. Mazkur musobaqada dunyodagi 60 davlatdan kelgan 100 dan ortiq kuchli Qur’on hofizlari ishtirok etdi. Ular orasida Muhammadyahyo Mahmudov Qur’oni karimni tajvid qoidasi bilan to‘liq yoddan o‘qish yo‘nalishi bo‘yicha qatnashgan bo‘lsa, Mirabbos Mirboboyev Qur’oni karimni tajvid qoidalari bilan tilovat qilib berish yo‘nalishida qatnashib, musobaqadagi munosib ishtiroki uchun tashakkurnoma yorlig‘i bilan taqdirlandilar.

— 26-Respublika qorilar musobaqasini kuzatdingiz. Qaysi qorilarning qiroatidan mamnun bo‘ldingiz? Yosh qorilarimiz haqida fikrlaringiz.

— Shuni ta’kidlash lozimki, bu yilgi yigirma oltinchi Respublika qorilar musobaqasi unda ishtirok etgan qorilarning hifz va tajvid bo‘yicha saviyalari yuqoriligi bilan fayzli o‘tdi. Albatta, musobaqa bo‘lganidan keyin unda g‘olib va mag‘lubning bo‘lishi tabiiy. Ammo, bu nisbiy nuqtai nazardir. Mening nazarimda, ishtirokchi qorilarimizning har biri o‘ziga xos, ayni paytda diyorimizdagi qiroat uslubiga mos ravishda Qur’oni karimni puxta yod olganlar.

“Ko‘kaldosh” islom o‘rta maxsus bilim yurti talabasi Abdulbasir qori Kamolov, Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi talabasi A’lo qori Nuriddinovning hayajonlanmasdan, dadil qiroat qilishlari menga ma’qul keldi.

Muxlislar talabi bilan tanlovdan tashqari qiroat qilib bergan qorilardan Muhammadloyiq qori Aminov ham hozirda ancha tanilib qolgan kuchli hofizlardandir. Abdussamad qori ukamiz, uztoz Bahodir qorining qiroatlari ham ko‘pchilikni mamnun etdi.

Kelajakda bu yoshlarimizdan dunyoga mashhur qorilar yetishib chiqadi va yurtimizni bu sohada ham jahonga tanilishiga o‘z xissalarini qo‘shadilar deb umid qilaman. Alloh taolo yosh qorilarimizga o‘zlariga o‘xshagan ko‘plab qorilarni yetishtirib chiqarishga xizmat qildirsin! Qur’oni karimni hifz qilish bilan bir qatorda, uning ma’nolarini tafsir etadigan olimlardan bo‘lishlarini O‘zidan so‘rab qolaman!

Davronbek Tojialiyev suhbatlashdi.