– Ijodiy jarayon haqida so‘zlab bera olasizmi? Qaysi paytda ishlaysiz? Qat’iy kun tartibiga amal qilasizmi?
– Biror kitob yoki hikoya ustida ishlayotgan paytim tong saharda yozishga o‘tiraman. Qancha erta bo‘lsa, shuncha yaxshi. Bu vaqtda menga hech kim xalal bermaydi, havo ham salqin, ba’zida esa etni junjiktiradigan darajada sovuq bo‘ladi. Yozayotganimda o‘z-o‘zimdan qizib ketaman. So‘nggi yozganlarimni qayta o‘qib chiqaman. Odatda, ishni voqealar bundan buyog‘iga qanday rivojlanishini bilgach, to‘xtataman.
Keyingi kun xuddi shu joydan davom ettiraman. Yozishga kuchim yetguniga qadar ishlayman. Ishni tugatgach, tonggacha kutaman va keyingi kun yana yozishga kirishaman. Deylik, oltida ish boshlayman. Tushgacha yoki undan sal o‘tib ishni to‘xtataman.
O‘y-fikrini qog‘ozga to‘kib olgan yozuvchi sevgani bilan yaqinlik qilgan kishiga o‘xshab o‘zida bir bo‘shash hissini, shu bilan birga qoniqish-ko‘ngli to‘lish hissini tuyadi. Ertaga yana ishga qaytguniga qadar unga hech nima zarar yetkaza olmaydigandek, hech qanaqa yomon hodisa yuz bermaydigandek, hech narsada ma’no-mazmun qolmagandek tuyuladi. Eng qiyini – ertangi kungacha chidash.
– Oxirgi yozib tugatilgan parchalarga tuzatish kiritasizmi? Yoki asarni tamomlaganingizdan keyingina tahrirga kirishasizmi?
– Har kuni so‘nggi yozganlarimni tahrir qilaman. Asar bitgach esa, uni yana bir qur o‘qib chiqaman. Matnni mashinkada terayotganimda ham u-bu joyga teginishim mumkin. Bundan keyin endi u oqlamaga aylanadi. O‘zgartirish kiritish imkoni faqat qoralamada bor. Tahrir uchun shuncha imkoniyat borligiga shukr qilaman.
– O‘zgarishlar ko‘p bo‘ladimi?
– Bu vaziyatga bog‘liq. “Alvido, qurol!” romanining tugallanish qismini ko‘nglim to‘lguniga qadar o‘ttiz to‘qqiz marta qayta yozganman.
– Yozuvchi bo‘lish fikri sizda ma’lum bir shart-sharoit tufayli paydo bo‘lganmi?
– Yo‘q, men hamisha yozuvchi bo‘lishni orzu qilardim.
– Boshlovchi yozuvchilarga qanday intellektual mashqlarni tavsiya etgan bo‘lardingiz?
– Hm… Deylik, yaxshi yoza olmasligini tushundi. Shart borsin-da, o‘zini ossin. Keyin arqonni ayamay, qirqib tashlasin va butun umri davomida qo‘lidan kelganicha, kuchi yetganicha yaxshi yozishga o‘zini majburlasin. Hech bo‘lmaganda, boshlash uchun unda “osilish” haqidagi voqea, ya’ni material bo‘ladi.
– Yosh yozuvchilarga gazetada ishlashni tavsiya etgan ekansiz. “Kansas City Star” gazetasidagi ish tajribasi sizga qanchalik foyda bergan?
– “Kansas City Star”da bizni sodda, ravon tilda yozishni o‘rganishga majbur qilishgan. Bu hamma uchun foydali. Gazetada ishlash yosh yozuvchiga hech qanday zarar yetkazmaydi, qaytaga foyda berishi mumkin, agar u vaqtida keta olsa. Bu uncha ishonchli bo‘lmagan va siyqasi chiqqan gap. Uni ishlatganim uchun uzr so‘rayman. Lekin kimgadir eski va ko‘p chaynalgan savol bersangiz, undan albatta shu xildagi javobni olasiz.
– Ko‘p ta’sirlangan, o‘rgangan yozuvchilaringiz qatoriga kimlarni kiritishingiz mumkin?
– Mark Tven, Flober, Stendal, Bax, Turgenev, Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexov, Endryu Marvell, Jonn Donn, Mopassan, Kiplingning eng yaxshi asarlari, Toro, Frederik Morriyet, Shekspir, Motsart, Kevedo, Dante, Vergiliy, Tintoretto, Bosx, Breygel, Patinye, Goyya, Jotto, Sezann, Van Gog, Gogen, San Xuan de la Kruus, Gongora… Hammasini sanash uchun bir kun ertadan-kechgacha vaqt sarflashim kerak. Bunday qiladigan bo‘lsam, hayotim va ijodimga ta’sir ko‘rsatgan odamlarni sanash o‘rniga aslida o‘zimda bo‘lmagan bilimdonlik bilan maqtanayotganga o‘xshab qolaman. Bu ahmoqona savol emas. Bu aqlli savol, shuning uchun ham juda jiddiy, vijdoning bilan hisoblashishni talab etadi. Yuqoridagi ro‘yxatga bir qator rassomlarni ham kiritdim. Chunki ulardan o‘rganganim yozuvchilardan o‘rganganimdan kam emas. Siz albatta, qanday qilib, deb so‘rashingiz mumkin. Buni tushuntirish uchun ham yana bir kun kerak bo‘lgan bo‘lardi. Yana bir gap: yozuvchi bastakorlardan ham o‘rganadi. Ulardan ohanglar uyg‘unligi va rang-barangligini o‘zlashtiradi.
– Kimdir aytgandi: yozuvchi butun ijodi davomida bir yoki ikkitagina g‘oyani talqin etadi. Nima deb o‘ylaysiz, siz bir yoki ikkitagina g‘oya bilan yozasizmi?
– Kim aytgan ekan bu gapni? O‘ta be’mani-ku! Menimcha, shu gapni gapirgan odamda bir yoki ikkitagina g‘oya bo‘lgan bo‘lsa kerak.
– Bo‘pti, savolni boshqacharoq qo‘yamiz. Grem Grin intervyularidan birida bitta kuchli tuyg‘u yoki ishtiyoq qator romanlarni tizimga joylashi, birlashtirishi mumkin, degandi. Menimcha, o‘zingiz ham katta adabiyot adolatsizlikka nafrat tuyg‘usidan boshlanadi degan gapni aytgandingiz. Nima deb o‘ylaysiz, romannavis kuchli bir hissiyot bosimi ostida bo‘lishi kerakmi?
– Janob Grinning hukm chiqarish qobiliyati zo‘r, men esa bunaqa iqtidorga ega emasman. Menga qator-qator romanlar, yoki o‘q otgandan keyingi tutun, yoki bo‘lmasam g‘ozlar galasi haqida umumlashma bir fikr aytish mumkin emasday ko‘rinadi. Biroq, umumlashma qilishga urinib ko‘raman. Adolat yoki adolatsizlik tuyg‘usidan mahrum yozuvchi roman yozgandan ko‘ra, iqtidorli bolalar maktabiga borib yillik hisobot-to‘plam chiqargani ma’qul. Mening umumlashmam – shu. Tushunarli bo‘ldimi? Hammasi ochiq-oydin ko‘rinib turgan vaziyatda umumlashma qilish judayam oson. Yaxshi yozuvchida yaxshini yomondan, halolni haromdan ajrata oladigan tug‘ma, Xudo bergan qobiliyat bo‘ladi. Uni yozuvchining sehrli quroli deyish mumkin, barcha buyuk yozuvchilar bunday qurolga ega bo‘lgan.
– Nihoyat so‘nggi savol. Siz badiiy asarlar muallifi sifatida o‘z san’atiningizning vazifalarini nimalarda ko‘rasiz? Voqealarni tasvirlashdami yoki ularning sabablarini ochib berishdami?
– Nima sababdan bunga qiziqib qoldingiz? Yozuvchi bo‘lgan va bo‘layotgan, ma’lum va hech qachon ma’lum bo‘lmaydigan narsalardan tasvir emas, balki ayni damdagidan va atrof-borliqda ko‘rinib turganidan ko‘ra ishonchliroq boshqa bir voqelik yaratadi. Unga go‘yo jon bag‘ishlaydi; agar bu ishni yaxshi uddalay olsa, asarga mustahkam sog‘lik va umrguzaronlik ham baxsh etadi. Tushunishimcha, men aynan shuning uchun yozaman, boshqa hech narsa uchun emas. Va albatta hech kim bilmaydigan boshqa sabablar ham bor.
(Ernest Xeminguey va Jorj Plimptonning ushbu suhbati 1958 yili “The Paris Review” jurnalining 21-sonida bosilgan)
Ruschadan Orif Tolib tarjimasi