Doktor Vilgelm Meklenburg: “Haq olinadi, berilmaydi” (2014)

Demokratiya o‘choqlaridan biri sanalgan Germaniya ko‘p asrlik davlatchilik tajribasiga ega. Zamonaviy olmon davlatining solnomasi esa 1949 yilda Asosiy qonun (Konstitutsiya) qabul qilingan sanadan boshlanadi. Ikkinchi jahon muhorabasidan keyingi dolg‘ali yillar olmon millati irodasini obdon sinovdan o‘tkazdi. Tabiatan og‘ir-vazmin va cho‘ng irodaga ega millat yangi Konstitutsiyaga tayanib, qisqa fursatda dol bo‘lgan qaddini tikladi. Azmu shijoat bilan taraqqiyot zinalaridan yuqoriladi. Asosiy qonun (Grundgesetz) bugun ham “Evropa lokomotivi” sanalgan mamlakat uchun dasturilamal vazifasini o‘tayotir. Olmon Konstitutsiyasi nainki huquqshunoslar, dunyo fikr ahli tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilayotgani ham bejiz emas. Germaniyalik taniqli huquqshunos, doktor Vilgelm Meklenburg (Wilhelm Mecklenburg) bilan suhbatimiz ham ayni shu mavzuda.

http://ziyouz.com/images/uz/germany4.jpg

Vilgelm Meklenburg 1950 yili Quyi Saksoniyaning Papenburg shahrida tug‘ilgan. Germaniyadagi Marburg va Berlin texnika universitetlarini tamomlagan. Avstriya, Angliya, Italiya, Irlandiya va Braziliyadagi nufuzli universitetlarda ma’ruzalar o‘qigan. Tajribali mutaxassis sifatida Konstitutsiyaviy huquqning dolzarb masalalari bilan shug‘ullanib kelmoqda. Germaniyada bir qator qonun hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Masalan, Shlezvig-Golshteyn federal yerining “Axborot erkinligi to‘g‘rida”gi qonuni muallifi sanaladi.

– Janob Meklenburg, zamonaviy Konstitutsiya maktabi haqida so‘z borganda,  Germaniya Asosiy qonuni ham tilga olinadi. Germaniya taraqqiyotida u qanday amaliy ahamiyat kasb etdi? Garchi yaxlit yozma Konstitutsiyaga ega bo‘lmasa-da, Buyuk Britaniya dunyoning rivojlangan demokratik davlatlaridan biri hisoblanadi. Germaniya Asosiy qonunsiz bugungi olamshumul yutuqlarga erishishi mumkinmidi?

– Olmon va ingliz siyosiy tizimini muqoyasa qilish asnosida Buyuk Britaniya Germaniyadan farqli o‘laroq, salkam 1000 yil davomida izchil taraqqiyot va barqaror huquqiy tizimga ega bo‘lib kelganini e’tibordan soqit qilmaslik lozim. Ingliz qonunchiligi pretsedent huquqiga asoslanadi (aslida, bu butun anglo-saks huquqiga xos xususiyatdir). Yevropa mamlakatlari Buyuk Britaniya qonunchiligining ko‘hna an’analaridan ko‘p va xo‘b oziqlangan. Ayni choqda, ingliz qonunchiligi ham Eski va Yangi dunyo davlatlarining ilg‘or tajriba hamda yutuqlaridan samarali foydalangan.

Germaniya taraqqiyotida Asosiy qonunning o‘rni xususida so‘z borar ekan, Ikkinchi jahon urushidan keyingi qaltis va murakkab vaziyatni yodga olmoq lozim. Yaqin tarixdan xabaringiz bor, millatchi sotsialistlar boshqaruvi davrida demokratik institutlar butunlay tugatilgan edi. Shu bois Germaniya davlati me’morlari demokratik yangilanish jarayonini qaytadan boshlashlariga to‘g‘ri keldi.

Asosiy qonunning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni katta. Lekin men hammasidan ham ikki jihatga urg‘u berishni istar edim. Birinchidan, Asosiy qonunning dastlabki 20 moddasida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlandi. Ilk moddadanoq fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlash qonunchilik, ijroiya va sud hokimiyatining majburiyati ekani aniq-ravshan belgilab qo‘yildi. 19-moddaga ko‘ra, davlat idorasining muayyan qaroridan, ma’muriy choralaridan norozi bo‘lgan har bir fuqaro adolat istab sudga murojaat qilishi mumkin.

Ikkinchidan, Asosiy qonun talablarining ustuvorligini ta’minlash maqsadida Germaniyada Konstitutsiyaviy sud ta’sis etildi. Buni alohida ta’kidlayotganimning o‘ziga xos sababi bor. Gap shundaki, Konstitutsiyaviy sud olmon davlatchiligidagi dastlabki tajriba edi. 1919-1933 yillarda amal qilgan Veymar Konstitutsiyasida Davlat sudi (Staatsgerichtshof)ga u qadar katta vakolat berilmagandi. Konstitutsiyaviy sud AQSh (Buyuk Britaniya emas!) tajribasi asosida joriy etilgan. Germaniya davlatchiligining o‘ziga xosligi shundaki, Konstitutsiyaviy sudga mamlakatni idora etish borasida bir talay vakolatlar berilgan. Jumladan, u davlat boshqaruv idoralari qabul qilgan hujjatlar, qonunlarning Asosiy qonunga muvofiqligini ta’minlaydi. Hujjat va qonunlar Konstitutsiyaga zid kelgan holatlarda ularni bekor qiladi. Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud Asosiy qonun talablarining buzilishiga daxldor shikoyatlarni ko‘rib chiqadi. Har bir fuqaro ushbu yuqori instantsiyaga murojaat qilishga haqli. Muxtasar qilib aytganda, barcha jabhalarda fuqarolarning huquq va erkinliklari ta’minlanishiga e’tibor qaratildi.

http://ziyouz.com/images/uz/germany3.jpg

Atoqli davlat arbobi Konrad Adenauer Parlament kengashi prezidenti sifatida Asosiy qonunni imzolamoqda. 1949 yil 23 may

Asosiy qonun Germaniya davlati “ota”larining donishmandligi namunasi sanaladi. Konstitutsiya ijodkorlari uni yaratishda olmon mutafakkirlari qarashlaridan hamda insoniyatning eng ilg‘or tajribalaridan foydalangani ma’lum. Asosiy qonunni ishlab chiqish jarayonida istifoda etilgan manbalar haqida so‘zlab bersangiz.

– Konstitutsiya “ota”larini esladingiz-u, “ona”larini esdan chiqardingiz shekilli. Masalan, 3-moddada mustahkamlangan erkak va ayolning tengligi tamoyili aynan Konstitutsiya “ona”lari tomonidan taklif etilgan.

Germaniya qonunchiligi tarixini sinchiklab o‘rgansangiz, Asosiy qonunga kiritilgan ko‘plab tartib-qoidalar mamlakatning o‘tmish tajribasidan olinganini ko‘rasiz. Uni yaratishda 1848 yilgi (Paulskirchenverfassung. Olmon yerlarining birlashuvi munosabati bilan ishlab chiqilgan mazkur Konstitutsiya ayrim sabablarga ko‘ra kuchga kirmagan), 1871 yilgi (Reichsverfassung. Mazkur Konstitutsiya imperator davrida qabul qilingan) hamda 1919 yilgi (Veymar Konstitutsiyasi Birinchi jahon urushi poyonida amalga kiritilgan) Konstitutsiyalar asosiy manba bo‘lgan.

“O‘tmishni unutma, chunki u kelajakning ustozi” deyishadi. Uchinchi reyx davridagi zo‘ravonlik siyosati takrorlanmasligi uchun 1949 yilgi Asosiy qonunda fuqaro huquqlari moddama-modda mustahkamlandi. Albatta, aksar fuqarolik huquqlari avvalroq – XIX asrda Frantsiya hamda AQShda kurashlar yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan edi. Ayni choqda, olmon qonunchiligi dunyo huquq ilmiga ham katta ta’sir ko‘rsatganini aytib o‘tish lozim. Masalan, Veymar Konstitutsiyasida birinchilardan bo‘lib kam sonli millatlarning huquqi kafolatiga doir talab kiritilgandi.

Yaqin o‘tmishning achchiq tajribasidan oqilona xulosa chiqargan holda, Asosiy qonunga bir qator yangi tartib-qoidalar ham kiritildi. Masalan, 67-moddaga muvofiq, qonun chiqaruvchi idora – Bundestagga hukumat rahbari (federal kantsler)ga nisbatan ishonchsizlik votumi – impichment e’lon qilish vakolati berildi. Bunga ko‘ra, Bundestag davlat rahbari (prezident)ga federal kantslerni lavozimidan ozod etishni so‘rab murojaat qiladi va mamlakatda siyosiy bo‘shliq va beqarorlik yuzaga kelmasligi uchun ko‘pchilik ovoz bilan yangi hukumat rahbarini saylaydi.

Jamiyat taraqqiy etar ekan, Konstitutsiya ham muttasil yangilanib boradi. O‘tgan yarim asrdan oshiq vaqt davomida Germaniya Asosiy qonuniga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan. Hozir ham olmon fikr ahli hamda qonun ijodkorlari orasida Konstitutsiyaga qo‘shimchalar kiritish borasida takliflar mavjudmi?

http://ziyouz.com/images/uz/germany2.jpg
Germaniya Asosiy qonuni loyihasi 1948-49 yillarda Konstitutsiyaviy huquq bo‘yicha yetakchi mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan. Loyiha 1949 yil 8 mayda landtaglar (hududiy qonunchilik idoralari) vakillaridan iborat Parlament kengashi tomonidan qabul qilingan va ma’qullash uchun landtaglarga yuborilgan. 1949 yil 23 mayda Germaniya Federativ Respublikasi tashkil topdi. Shu kuni mamlakatning Asosiy qonuni ham kuchga kirdi.
Konstitutsiyaga ko‘ra, Germaniya Yevropa mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib “huquqiy davlat” (rechts-staat) deya e’lon qilingan. 1990 yilda G‘arbiy va Sharqiy Germaniya birlashgach, Asosiy qonun yagona olmon davlatining Konstitutsiyasiga aylandi.

– Asosiy qonunga o‘zgartirishga urinishlarni tabiiy qabul qilmoq kerak. Albatta, bu borada hozir ham takliflar bor. Ammo fuqarolik huquqlari nuqtai nazaridan barcha takliflar ham bir ovozdan ma’qullanmoqda deb bo‘lmaydi. Masalan, immigrantlarga qarshi chora-tadbirlar doirasida 16-modda bekor qilinishiga bir bahya qoldi. Shuningdek, urush va ommaviy g‘alayon holatida fuqarolik huquqlarini cheklash bo‘yicha modda qo‘shish taklif etildi. Olmon jamiyati va siyosatchilar bunday nozik masalada yetti o‘lchab, bir kesishni ma’qul ko‘radi, shu bois mazkur taklif hamon muhokama bosqichida qolmoqda.

O‘tgan asrning 90-yillarida – G‘arbiy va Sharqiy Germaniya birlashgach, Asosiy qonunga kam sonli millatlar huquqlariga doir modda kiritish taklifi ilgari surildi, ammo bu urinish ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Asosiy qonunda oila davlat muhofazasida ekani qayd etilgan, biroq mazkur jihat ota-onalar nuqtai nazaridan ifodalangan. Shu bois ayni paytda fuqarolik huquqlarining muhim tarkibiy qismi – bola huquqlariga doir modda kiritish taklif etilmoqda. Qolaversa, Asosiy qonunda axborot erkinligi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha ham maxsus moddalar bo‘lishi lozim degan qarashlar mavjud.

http://ziyouz.com/images/uz/germany5.jpg

Germaniya Asosiy qonuni moddalari parlament binosi yaqinidagi oynavand shaffof devorga darj etilgan. Berlin shahri

Yaqinda bir guruh huquqshunoslar (ular safida kamina ham bor) Internet erkinligini Konstitutsiya darajasida kafolatlash tashabbus bilan chiqdi. Haqiqat bahslarda tug‘iladi. Mazkur taklif ham keng jamoatchilik orasida bahsu munozaralarga sabab bo‘layotir.

Delaverdagi Universitetlararo tadqiqotlar instituti (Intercollegiate Studies Institute) o‘tgan yili o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov AQShda aksar fuqarolar Konstitutsiya mazmun-mohiyatidan uzoqlashib borayotganini ko‘rsatdi. Bu borada Germaniyada vaziyat qanday? Olmonlarning Konstitutsiyadan boxabarlik darajasi Sizni qoniqtiradimi?

– Konstitutsiyadan boxabarlik, avvalo, uning tub mohiyatini anglash, mag‘zini chaqish va unga so‘zsiz rioya etish demakdir. Jamiyatning turli qatlami Asosiy qonun mazmun-mohiyatini anglagani sari huquqiy madaniyat yuksaladi. Ayni choqda, turfa fikr, ayricha qarashlar shakllanadi. Aslida, hurfikrlilik, plyuralizmning talabi ham shu. Masalan, ayni paytda Germaniya jamoatchiligi Asosiy qonunning 13- hamda 16-moddalariga kiritilgan o‘zgartirish yuzasidan turlicha pozitsiyada. Deylik, ayrimlar 13-moddaga kiritilgan o‘zgartirishlar turarjoy daxlsizligining buzilishi va fuqaro huquqlari poymol etilishiga yo‘l ochishi mumkin degan xavotirda. Xususan, “Google” kabi tijoriy shirkatlarning josuslikka aloqadorligi borasidagi mojarolardan keyin bu boradagi tashvishlar ortgan. Fuqarolarning huquqiy madaniyati oshishi o‘z yo‘liga. Konstitutsiyaviy qadriyatlar ustuvorligi ta’minlanishi uchun davlat idoralari ham o‘z mas’ulligini sezishi lozim. Muhimi, Germaniya davlat idoralari ham bu yo‘lda kerakli chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.

Germaniya Asosiy qonuni butun dunyoda sinchkovlik bilan o‘rganilmoqda. Ushbu hujjat o‘nlab davlatlar Konstitutsiyalarini ishlab chiqishda qimmatli manba bo‘lgan. Ayni choqda, Asosiy qonun Germaniyaning o‘ziga xos shart-sharoitidan kelib chiqib qabul qilingani, unda sof olmoncha huquqiy mafkura va an’analar aks etganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Masalan, olimlar hatto Germaniyaga xos federalizm tartibini boshqa federal davlatlarga ham aynan tatbiq etib bo‘lmasligini ta’kidlashadi. Shunday ekan, bugungi kunda Germaniya Asosiy qonuni tajribasi rivojlanayotgan davlatlarga ko‘proq qay jihatdan asqotadi deb hisoblaysiz?

– Gap aylanib yana fuqarolarning huquq va erkinliklari masalasiga kelib taqalmoqda. So‘nggi ikki-uch asr mobaynida G‘arbda fuqarolik huquqlarining mustahkam huquqiy poydevori yaratildi. Boya ta’kidlaganimdek, Germaniya Asosiy qonunining dastlabki yigirma moddasida ayni shu muhim tamoyillar aks etgan. Qolaversa, Yevropa Ittifoqining Asosiy huquqlar xartiyasi ham xalqaro huquqning muhim hujjatlaridan sanaladi. Nazarimda, ayni shu jihat – fuqaro huquqlarini muhofazasi etish borasidagi samarali tizim rivojlanayotgan dunyo uchun o‘ziga xos tajriba maktabini o‘tashi mumkin. “Haq olinadi, berilmaydi” degan eskidan qolgan gap bor. Bu esa inson haq-huquqlarini yuzaga chiqarish sa’y-harakat evaziga bo‘lishini anglatadi. Konstitutsiyada fuqarolik huquqlarining to‘la-to‘kis kafolatlanishi, Konstitutsiyaviy sud va boshqa davlat idoralarining haq-huquqlarni muhofaza etishga mas’ulligi, mustaqil va adolatli sud hokimiyatining faoliyat yuritishi, hokimiyatning uch bo‘g‘ini bir-birini muvozanatda tutib turishi, ular vakolatining aniq-tiniq belgilab berilgani… Demokratik jarayonlarni ta’min etuvchi bu kabi omillar rivojlanayotgan dunyo uchun g‘oyat asqotadi.

http://ziyouz.com/images/uz/germany6.jpg

Germaniyaning oliy qonunchilik idorasi – Bundestag binosi. Berlin shahri

Federalizm borasidagi fikringizni ma’qullayman. Albatta, har bir davlatning o‘ziga xos xususiyatlari, shart-sharoiti mavjud. Unitar yoki konfederatsiya shaklidagi davlatlarni qo‘ya turing, hatto federalizmga asoslangan davlatlar ham ayricha jihatlarga ega. Masalan, olmon federalizmi AQSh federalizmidan bir talay jihatlari bilan farqlanadi.

Davlatlar o‘rtasidagi turfaxillikka qaramay, umuminsoniy xarakterga ega demokratik qadriyatlarki borki, kurrai arzda umrguzaronlik qilayotgan barcha millat va elatlar ulardan bahramand bo‘lishga haqli. “Kemaga tushganning joni bir” degan hikmatni eshitgansiz. Bir tanu bir jon bo‘lib taraqqiyot ummonida suzayotgan barcha davlatlar bir-biriga ko‘makdosh va xayrixoh bo‘lmog‘i lozim. Sirasini aytganda, Germaniya Asosiy qonunida belgilangan mamlakatning tashqi siyosat tamoyillari ham ana shu ezgu muddaoga xizmat qiladi.

Sobirjon YoQUBOV suhbatlashdi