Aql va yurak mushtarak bo‘lsa… (yozuvchi va olim muloqoti) (2017)

Yozuvchi Isajon Sultonning «Genetik» romani adabiyot muxislarida o‘ziga xos fikru mulohazalar, mushohadalar uyg‘otdi. «Genetik» romanining yozilish tarixini yoritish, asardagi badiiy tilsimlarga kalit topish maqsadida roman muallifi, yozuvchi Isajon Sulton hamda Butunjahon fanlar akademiyasi a’zosi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, biologiya fanlari doktori Ibrohimjon Abdurahmonovning suhbatini e’tiboringizga havola etyapmiz.

Isajon Sulton: – Ibrohimjon Yo‘lchiyevich, mana, uzoq suhbatu munozaralarimizdan so‘ng “Genetik” deb nomlangan roman dunyo yuzini ko‘rdi. Endi kitobxonlarimizga ushbu asar yozilishi davomidagi voqealar hamda undagi ba’zi qo‘shimcha sharhtalab o‘rinlarga ham to‘xtalsak bo‘ladi, menimcha. Keling, suhbatimizni asarga turtki bo‘lgan uchrashuvimizdan boshlay qolaylik. Sizning izlanishlaringiz haqida ilk bor menga O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo hayajon bilan so‘zlab bergan edi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, yuzlashish, tanishish nasib qildi.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Ha, Iqbol aka va bir guruh ijodkorlar bilan birgalikda Samarqandda “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz” festivali tadbirlarida qatnashgan edik. Men bir uchrashuvda yoshlarga genetikadagi har doim gapirib yuradiganim – “Tog‘ olmasi shaharga ko‘chirilganida qanday o‘zgargani” hikoyasini aytib berdim. O‘sha mahal Iqbol aka “Bolalarning o‘z tillaridagi hayotiy misolni keltirganingiz juda tushunarli bo‘ldi”, deb qoldilar. Yaqinroq suhbatdan so‘ng: “O‘zbek adabiyotida ham genetika mavzusi bor”, deya, sizning “Boqiy darbadar” romaningizdagi mangulik sirini topgan professor Ziyo obrazini misol qilib keltirdilar. Keyinroq bilsam, sevimli shoirimiz bu mavzuda yangi asar yaratishni taklif qilgan va siz bilan meni, ya’ni yozuvchi bilan olimni uchrashtirishni rejalashtirgan ekan.
Haqiqatan ham, festivalning keyingi bosqichida – dunyoda shoir nomiga qo‘yilgan yagona va noyob Navoiy shahri bag‘ridagi tadbirlar vaqtida bir guruh ijodkorlar qatori  siz bilan yuzlashdik. Aytish mumkinki, u uchrashuvlar nafaqat bilimga, yangilikka chanqoq yoshlarni, balki ilm va san’at kishilarini ham yaqinlashtirdi, ijodiy hamkorliklarga yo‘l ochdi. Qolaversa, Qizilqum bo‘ylab sayohatlar mobaynida necha bor cho‘l bag‘riga kirib, uning flora va faunasini kuzatishga imkon topgan olimning ishtiyoqini ham tushunsangiz kerak.

Isajon Sulton: – Qizilqumda ekanimizda mening diqqatimni tortgan narsa – chig‘anoqlar bo‘ldi. Dengiz chig‘anoqlari… Shuningdek, sahro tuzilishi, barxanlaru pasttog‘lar, har yerda to‘satdan qoyatoshlar uchrashi – bularning hammasi u hududda bir mahallar ummon to‘lqin urganidan darak berib turganday taassurot uyg‘otdi. Qolaversa, muazzam tarixiy yodgorlik – Jaraquduqdagi Tosh o‘rmonni ham yodingizga solmoqchiman. Dunyoda bunday noyob tarixiy yodgorliklar barmoq bilan sanarli. Tosh o‘rmon haqida gap ketganida, bundan to‘qqiz million yil avval Qizilqum o‘rnida haqiqatan ham ummon mavj urgani aytiladi. Jaraquduqda akula, skat, turli baliqlar, suvdayu quruqlikda yashay oladigan jonzotlar, timsohlar, dinozavr va pleziozavr qoldiqlari topilgani buning isbotidir. Shuningdek, olimlar chaqmoq yerga kelib urilganida qumning erishidan hosil bo‘ladigan g‘alati durbinsimon narsalar ham topishgan.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Ha, u fanda “fulgurit” deb nomlanadi. Kvarts qumlari chaqmoq shiddatida erib, shishaga aylanadi, tevaragidagi qum esa sopol tusini oladi, shu tarzda o‘sha jismlar paydo bo‘ladi. Men ham har qadamda benihoya qadimiy tuproqlar uzra yurganimizni his qilib turdim. Sarmishsoy petrogliflarini aytmaysizmi?

Isajon Sulton: – Sarmishsoy haqida turli fikrlar bor. Shulardan biri: tog‘ o‘sib chiqqanida toshlari yumshoq bo‘lgan, vaqt o‘tishi bilan qota boshlagan. O‘sha mahalda u yerda yashagan kishilar kelib, turli suratlar chizib ketishgan. Petrogliflarning xilma-xilligi va ko‘pligi kishini hayratga soladi. Fan ularning yoshini olti-etti ming yildan ziyod deb baholaydi. Suratlar sanog‘i esa uch mingdan oshiq. Yoki Zarautsoydagi besh yuzga yaqin toshqoya suratlarining yoshi to‘qqiz-o‘n ming yilga teng deb baholanadi. Samarqanddagi Quruqsoy, Jizzaxdagi Pishog‘or, Farg‘onadagi Soymali yodgorliklarini ham eslaylik. Yillarga diqqat qilsak, bundan besh-o‘n ming yil avval vatan tuproqlarida katta bir xalq hayot kechirganini bilib olamiz.
Bular – o‘sha shukuhli festival taassurotlarining bir qismi, xolos. Bugunimizda esa dengizday to‘lqinlangan yoshlarning qiziqish ila chaqnagan nigohlari haligacha ko‘z o‘ngimizda. Yana bir narsani o‘yladimki, bir necha million yil avval ummon deyilgan yerlarda odamzot mavjud bo‘lmagan. Lekin taqdir taqozosi bilan yo‘qolib ketgan o‘sha ummon o‘rnida hozir to‘lqinlanib turgan xalqni, yoshlarni ko‘rish, haqiqatan ham, ajoyib emasmi?
Uchrashuvlar asnosida sizning “Ozodligimiz, erkinligimiz, mustaqilligimiz sharofati tufayli men olimga aylandim” degan so‘zlaringiz barchada katta taassurot qoldirdi.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Nafaqat mening, balki hammaning qalbidagi gaplar bular. Hayratlanarli quvonch shuki, festival qatnashchilarining hammasi bir ovozdan shuni ta’kidlashdi.
O‘sha kunlarni siz ham hayajon bilan eslasangiz kerak, chunki minglab yoshlarimiz bilan uchrashar ekanmiz, shu singari shaharu qishloqlarda yetilib kelayotgan yurt bolalari qalbini tasvirlash, kechagi va bugungi kunni muqoyasa qilish kerakligi haqida ham qizg‘in suhbat qurdik. O‘sha mahallarda ilm cho‘qqilari nihoyatda uzoq va olis tuyulganini, el orasidan sanoqli kishilargina olim bo‘lib yetishganini, odamlar mehnatu zahmatlarining umumiy manzaralarini chizish lozimligi haqidagi fikrga ham keldik. Eng muhimi, Siz asarda mahorat bilan yoritib-badiiylashtirganingiz – “Mendan kim ham chiqardi”, “Ular kim-u, biz kim”, yo bo‘lmasa “O‘qib olim bo‘larmidik” kabi o‘ziga ishonchsizlik kayfiyatini yoshlarimiz va xalqimiz ongidan qanday yo‘qotish yo‘llarini ham ko‘p gaplashdik. Aslida, niyatdagi ezgulik – barchamiz boshimizdan kechirgan va kechirayotgan qishloq hayotida, unda kuzatganlarimiz katta maktab va aql charxi ekanini tushuntirish kerakligini maqsad qilib olganimizda edi.

Isajon Sulton: – Ha, qiziqarli suhbatlar davomida shunga amin bo‘ldikki, haqiqatan juda muhtasham va qadimiy xalq farzandlari ekanmiz. Bu haqda badiiy asar yaratish uchun uni ikki qismga bo‘lish kerakligi haqida ham to‘xtaldik. Kechagi kunlarda qishloqlarda hayot kechirgan yoshlar hayotini tasvirlash uchun shunday yo‘l tutish kerak edi-da. Qolaversa, har kuni ko‘rilaverib ko‘z o‘rganib qolgan, ammo bilim tufayli haqiqiy mohiyati ochiladigan turmush voqealarini ham tasvirlashga to‘g‘ri keldi. Hayotda shunday holatlar ko‘p. Yoshlikda anglab yetilmagan bir manzara aql to‘lishgach, boshqacha jilvalana boshlaydi. Qisqasi, butun bir xalqning zahmatli hayotini, barchaning taqdirini, kelajagini o‘zgartirib yuboradigan juda ulkan, olamshumul o‘zgarish ro‘y berganiga albatta to‘xtalish lozim bo‘ldi. Misol uchun, bahor hamma yoqni birdaniga o‘zgartiradi, gul-chechakka burkaydi hamda yangi hosilga zamin tayyorlaydi. Elimiz taqdiridagi hayotbaxsh bahor, ya’ni mustaqillik kishilar qaddini tiklagani, kim ekanini ayon qilgani, kelajakka yorug‘ yuz va qat’iy ishonch bilan intilishiga yo‘l ochib berganini ham ta’kidlash barchamizning qalbimizdagi yorug‘ niyatlarga hamohang bo‘ldi.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Bularga yana shularni qo‘shimcha qilsam. Kechagi zulm kunlarini eslasangiz, yuragingiz ortga tortib ketadi. Fojianing yana bir jihati shundaki, ko‘pchilik kishilar o‘sha turmushning qanchalar adolatsiz, shiddati so‘ndirilgan ekanini bilishmas, hayot shu ekan-da, deb yuraverishardi. Romanda tasvirlangan qishloq manzaralari, kishilarning mehnat-mashaqqatlari ko‘z oldingizga keladi. Axir, inson umriday bebaho ne’mat albatta ezgu ishlarga sarflanishi kerak emasmi? Bugunimizning katta avlodi u kunlarni yaxshi biladi. O‘sha kun kishilarining qalbiga nazar solsak, kelajakka ishonch yo‘q qilinganini, “Endi shunday yashab o‘tib ketaveramiz, shekilli, bola-chaqamizni oyoqqa qo‘yib olsak bas” degan tushuncha hokim bo‘lganini ko‘ramiz.

Isajon Sulton: – U manzaralarni men ham yaxshi eslayman. Asardagi Sofiya xola yoki Ubay aka obrazi o‘sha payt kishilarining holatini timsoliy tarzda ochib beradi, deb o‘ylayman. Ne-ne muhtasham sulolalar farzandlarining ahvoli o‘shandan ortiq emas edi-da.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Haqiqatan ham, mustaqillik taqdirlarni o‘zgartirdi. Buni o‘z hayotim misolida baralla ayta olaman. Yurtimiz, davlatimiz men singari yuzlab oddiy qishloq yoshlarining qiziqishlarini qo‘llab-quvvatladi, bilimlar sari yo‘l ochib berdi. Yo‘qsa, olis bir qishloqdagi biologiya o‘qituvchisining bolasi eng zamonaviy fanlardan biri hisoblangan genetika sohasida yangiliklar yaratishi kimning xayoliga kelibdi? Universitetning biologiya fakultetini bitirgach, laboratoriyada ishlab yurgan kezlarim edi. Davlatimiz ko‘magi bilan dunyoning eng ilg‘or ilm maskanlaridan birida magistratura tahsilini oldim, doktorlik dissertatsiyamni yoqladim. Hozir o‘ylab qarasam, u jarayonlarning mohiyati juda chuqur ekan. Yuzlab yoshlar dunyoning eng ilg‘or markazlarida ilm o‘rganib, elu yurt ravnaqiga xizmat qilishsin, degan ezgu va yorug‘ umiddan paydo bo‘lganini hozir yaxshi tushunaman. To‘g‘risini aytsam, chet elda ekanimda elimning, yurtimning qanchalar aziz va betakror ekanini anglab yetdim.
Amerikaning Texas universiteti dunyo qishloq xo‘jaligining eng katta ilmiy markazi hisoblanadi. U yerda Amerika paxtachiligining “ota”si – professor Kamol Elzik hamda yosh olim Allan Pepper bilan ta’limni boshlab yubordik. Asarda siz keltirgan, qovun urug‘idan olinadigan peptidlar voqeasi haqiqatan ham ro‘y bergan. Faqat u paxta dalalarida emas, o‘zimizning Toshkentimizda, Genetika institutining laboratoriyasida sodir bo‘lgan edi. Siz badiiy asar talabidan kelib chiqqan holda uni qishloq dalalariga ko‘chirgansiz. Universitet ilmiy markazlaridan birida g‘o‘za tolasini uzaytirishga doir taklifimni professorga aytganimda menga g‘alati qarab qo‘ydi, keyin bilsam, O‘zbekistondan kelgan bir boladan bunday fikr chiqqaniga hayron qolgan ekan. Texasdagi o‘sha ustozim – Allan Pepper hamda Hindistondagi bir olim ham shu haqda bosh qotirib turishgan ekan. Ular-ku katta olimlar edi, magistraturada endigina tahsil boshlagan yigirma uch yashar o‘zbek bolasining aqliga bunday fikr qaydan kelaqolganiga hayratlanishgani esimda. Keyinroq Alanning aytishicha, yig‘ilishlarning birida Kamol Elzik bir guruh olimlarga “O‘zbeklar biotexnologiyalarda ancha salohiyatli”, deb meni himoya qilgan ekan. Buni eshitib rosa quvongandim va Kamolga mehrim tushgan, uni uyaltirib qo‘ymaslik uchun doim aytganlarini o‘z o‘rnida bajarishga harakat qilardim.
Romanda tilga olingan paxta tolasini uzaytirish bo‘yicha g‘oya – real voqea. Soya joyda o‘simliklar nur izlab o‘sib ketishini hamma ko‘rgan. Biroq barcha biladigan bu manzara vaqti kelib genetika sohasida bir yangilikka sabab bo‘lishi kimning xayoliga kelibdi deysiz?
Bizning kuchli tomonimiz ham shunda – juda ko‘p bolalarimiz tabiat tilini bilib katta bo‘lishadi. Ya’ni, zaminimiz juda bo‘liq. Katta megapolislarning kishilari bilan solishtirsangiz, amin bo‘lasiz: kishilarimiz qaysi o‘simlik nimaga davo bo‘lishidan tortib, fe’l-atvorigacha puxta bilishadi. Bu xalqona bilimlarni ular momolari, bobolari yoki qo‘ni-qo‘shnilaridan eshitib o‘rganib olishgani yoki, siz badiiylashtirib berganingizday, qishloq hayotidagi bolalik tajribalaridan bilib olganliklari bor gap. Shu sababli ham asar qahramoni dunyo genetika simpoziumlari bo‘lib o‘tadigan shahar – Kartaxenada “O‘zbekistonda tug‘ilmasaydim, olim bo‘lmas edim”, deb e’tirof etadi.
Shuni ham alohida faxru g‘urur va minnatdorlik bilan aytib o‘tishni istar edim. Birinchi prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan mustaqilligimizning ilk yillarida, ya’ni 1992 yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshida Genetika instituti tashkil qilingan edi. Hozirgi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlatimizning bosh vaziri sifatida tadqiqotlarimizga qiziqish bildirganlari, qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun juda minnatdormiz. qanchadan-qancha muhim ishlari bo‘lishiga qaramasdan laboratoriyamizga, tajriba maydonimizga va keyinchalik markazimizga tashrif buyurib, har bir tadqiqotimizni hijjalab muhokama qilganliklarini, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z fikrlari bilan boyitib, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirganliklarini alohida aytishim kerak. Biz kabi yosh mutaxassislarga ishonch bildirganliklari fan taraqqiyotiga katta turtki bo‘ldi va bizni yanada qattiqroq ishlashga, ishonchga munosib bo‘lishga undadi. Esimda, dastlabki uchrashuvlarda katta domlalarimiz tomonidan bildirilgan “Bunday ishlarga hali erta, natija chiqmaydi” degan e’tirozli qarashlarga prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Biz o‘zbekmiz, boshladikmi – albatta yakuniga yetkazamiz”, deb javob bergan edilar. Shu qat’iyat tufayligina izlanishlarimiz, yaratilgan “gen-nokaut” texnologiyamiz laboratoriyadan to fermerlar dalalarigacha yetib bordi. Shu kishilar ko‘magi tufayli Markaziy Osiyoda yagona Genomika va bioinformatika markazi bunyod etildi. Dunyodagi eng so‘nggi rusumli ilg‘or ilmiy-tadqiqot uskunalari – sekvenserlar, analizatorlar olib kelib o‘rnatildi, olimlarga zamonaviy shart-sharoitlar yaratildi.
Markazimiz faqatgina o‘simliklar genetikasi bilangina shug‘ullanib qolmaydi. Imkoniyatlarimiz beqiyos. Biroq, siz asarda ta’kidlab o‘tganingizday, zamonaviy bilimlarga ega bir kishi qanday qilib o‘z xalqi tarixi sirlariga boqmay o‘tardi? Yurtimizning hududlaridan tanlab olingan kishilar genlarini tadqiq qilganimizda, haqiqatan ham, ularning irsiyati o‘nlab ming yil nariga borib taqalganini ko‘rdik. Bu hali to‘liq tarix emas – genlarni “o‘qish” jarayonida fan tilida mutatsiya deyiladigan hodisaga asoslanib genetik tarixga bir nazar solsa bo‘ladi. Soddaroq qilib aytsam, odamzot paydo bo‘libdiki, genlarni ajdodlardan avlodlarga berilishida muhrlangan o‘zgarishlarni ko‘ra olasiz. Bu esa O‘zbekiston xalqlarining genetik tarixi o‘rtacha ellik ming yildan ziyod ekanini ko‘rsatib turibdi.
Bu boradagi izlanishlarimiz “The Open Genomics Journal” xalqaro jurnalining 2009 yil 2-sonida “Gene Flow at the Crossroads of Humanity: mt-DNA Sequence Diversity and Alu Insertion Polymorphism Frequencies in Uzbekistan”, ya’ni “Insoniyat chorrahasida gen oqimlari: O‘zbekistonda uchraydigan insertsion polimorfizmlardagi mt-DNK turli-tumanliklari” sarlavhasi bilan e’lon qilindi. Bu mavzuda 2005 yili shogirdimiz Shuhrat Shermatov nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Tadqiqotlarimizda o‘z yurtimiz olimlari bilan bir qatorda chet el mutaxassislari ham ishtirok etishdi. Ularning nomlarini sanab o‘tishni joiz deb bilaman, chunki bular ko‘p yillik mehnatlarning samarasidir. O‘z yurtimizning farzandlari – Shuhrat Shermatov, Zabardast Bo‘riyev, muhtaram ustozimiz Abdusattor Abdukarimov hamda chet el ilmiy markazlarining mutaxassislari – Erik Devor, Mark Zloyutro, Meredich Millis, Jessika Galbrayt, Maykl Krouford. Tadqiqotda Markaziy Osiyo chindan ham dunyo taraqqiyoti yo‘lidagi oltin beshik ekani o‘z isbotini topgan.
Aqlli odam deyilgan “Homo Sapiens” Afrikada paydo bo‘lgani ilmiy haqiqat hisoblansa, ilk kishilar yashash uchun qulay, barakali tuproqlarni izlab yo‘lga chiqishgan. U mahalda kishilarning dengizni suzib o‘tishlari mumkin emas edi. Arabiston yarim oroli orqali tog‘lardan oshib, bizning o‘lkalarga kelib o‘rnashishgan, bir qismi Oltoy tomon ketishgan. O‘sha yo‘nalish bo‘yicha muzliklar diyoridan o‘tib, Amerika qit’asigacha yetib borishgan. Bu antropologiya fanidagi uch asosiy farazning biri deyilsa-da, ilmiy isbotlari qoniqarli deb hisoblanmas edi. Genomika markazimizning izlanishlari mobaynida mana shu tarzda Markaziy Osiyo insoniyat taraqqiyoti yo‘lidagi oltin shohbekat bo‘lib xizmat qilgani o‘z isbotini topdi. Bu – haqiqatan ham, juda qadimgi tarix. Shuningdek, tadqiqotlarimiz natijasida xalqimiz tsivilizatsiyadagi mavjud barcha genlar xilma-xilligiga ega ekanligi va ular orasida inson tsivilizatsiyasidagi eng qadimiy genotiplar mavjudligi ko‘rsatib berildi. Bu xalqimizning o‘ta qadimiy genetik tarixiga urg‘u berishi bilan birga, “tirik tarixiy muzey” ekanidan ham dalolat beradi. Xulosalarimizning asosi shuki, bizning yurtimiz nafaqat siyosiy, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega, balki o‘ta qadimiy va xilma-xil bo‘lgan insonlari bilan xalqaro miqyosda juda katta biologik boylikni o‘zida mujassam etgan. Biz bu boylikni anglashimiz, qadrlashimiz, asrab-avaylashimiz hamda undan g‘ururlanishimiz kerak. Siz bu g‘oyalarni badiiylashtirib, romanda keng ochib berganingizdan juda xursand bo‘ldim.

Isajon Sulton: – Xalqimiz tilida asrlar bo‘yi yashab kelayotgan dostonlarimizning yoshi besh-olti ming yil deyilishini eshitganman. Biroq Surxondaryoning Boysunidan topilgan Teshiktosh bolasi hammamizning aqlimizda savollar hosil qilgani shubhasiz. Darsliklarda uning yoshi kamida yuz ming yil deb ta’kidlanadi. Axir, u bola ko‘milgan joy atrofida doira shaklida tizilgan kiyik va tog‘ echkisi shoxlari topilgan-ku. Tosh qurollar-chi? Ya’ni, tariximiz hazilakam tarix emas ekan.
Teshiktosh bolasini topgan olim A. Okladnikov buni shunday deb ta’riflagan: “Keyingi qazilmalar kutilmagan va, haqiqatan ham, haligacha biror bir tadqiqotchi duch kelmagan favqulodda manzarani namoyon qildi: muster odami bosh chanog‘ining atrofiga qat’iy tartibda, aniq reja asosida doira shaklida tog‘ echkisining shoxlari tizib chiqilgan edi. Rad qilib bo‘lmas mazkur haqiqat bu yerda tafakkur, xatti-harakatlarning mantiqli rejasi bo‘lganini, u xatti-harakatlar ortidagi bus-butun taassurotlar dunyosidan darak berib turardi…”

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Muster madaniyati haqida esa shunday deyiladi: “Muster madaniyatining paydo bo‘lishi taxminan uch yuz ming yil avval deb hisoblanadi, ularning sovuq tufayli inqirozga yuz tutishi vaqti o‘ttiz ming yil avval deb bilinadi…”
Bu ma’lumotlar sirayam boshqalardan ko‘ra afzalroqmiz yoki ustunroqmiz deb emas, balki yoshlarimiz o‘zlarining qanchalar qadimiy sulolalarga mansub ekanliklarini bilib olsinlar va o‘zlariga ishonsinlar deb oshkor qilinmoqda. Olam hali sanashniyam tuzuk-quruq bilmagan, o‘zaro o‘lja talashib urushib yurgan mahallarda bilimga intilish mo‘tabar sanalgan shu qutlug‘ tuproqlardan yetishib chiqqan ne-ne daholarning qoni uyg‘oq ekanini idrok qilishlari hamda u qon tomirlarida hanuz oqayotganini his kilishlari uchun, albatta. Mavzuning “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz” degan shiorimizga qanchalar mos ekanini ko‘ring. Xulosalar o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdi. Genetika inson vujudidagi har bir ajdodning izlarini topa oladigan qobiliyatga ega. Surxondaryodagi ba’zi qishloqlarning kishilari tarixi undan ham olisga borib taqaldi hamda o‘sha hududlardan topilgan Teshiktosh bolasi haqidagi tarix bilan mos kelgani ko‘rindi.

Isajon Sulton: – Bularning bari xalq tilida aytib yuriladigan turli hikmatlarning chuqur ma’nolarini ham isbotlab turibdi. Masalan, ayolning muqaddasligi, onaning mo‘tabarligi haqida juda ko‘p maqolu matallarimiz bor. Genetika fanining ta’kidlashicha, sulola “kalit”lari ayolda saqlanar ekan. Avlodlarni dunyoga keltiradigan, asrab-avaylab ulg‘aytiradigan ham ayoldir. Ularni qanchalar e’zozlash kerakligi haqidagi xalqona hikmatlarimiz fan yorug‘ida mana shunday isbot topganiga qarang. Ayol guldan nozik yoki qizbolaga og‘ir yumush qildirma, degan azaliy hikmatlarni esga soladi. Xalq o‘z qizlarini, ayollarini, onalarini qanday e’zozlashining sabablariga qarang!

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Endi asarda tilga olingan “Oltmish to‘rt genli kalit”ga ham to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmas. Uni fan “iste’dod kalitlari” deb ataydi. Har ota-ona o‘z iste’dodini bolasiga meros qilib qoldiradi, uning yo‘qolib ketishi mumkin emas, chunki har hujayra ichida yashirin saqlanib turadi. Ma’lum sharoit yuzaga kelganida esa, o‘sha “kalit” to‘satdan ishlab ketadi, ajoyib zako quvvatini ochib yuboradi. Xalq qadimiyligi va xilma-xillik ko‘pligining muhimligi shunda: xalqimiz qonida o‘ta qadimiy va turli iste’dodlar yashirinib yotibdi. Har bolamiz qonida iste’dod oqmoqda, degani bu. Endigi vazifa o‘sha “uxlab yotgan genlarni” uyg‘otishdan iborat. Siz romanda keltirganingiz: “Uyg‘on! Uyg‘on! Uyg‘on, axir! Qon ko‘pirmoqda, har bir hujayra “Uyg‘on” deya qichqirmoqda edi”, degan chorlovlar yoki “Katta odam” bo‘lib “katta ishlar”ga qo‘l urish uchun esa sabr-toqat, hurmat, ishonch, orzu-havas, intilish, mehnat, ortga bir nazar tashlay olish kabi xislatlar bilan yashash va ularni (ya’ni genlarni) hayot davomida uyg‘otib borish kerak ekan”, degan xulosalar yuqoridagi vazifaning badiiy yechimi bo‘lgan, desam to‘g‘ri bo‘ladi! Bularning hammasi bobolarimiz o‘gitlarida mujassamlangan va isbot talab qilmaydigan haqiqatlardir.
Albatta bular umumiy fikrlar. Lekin xususiy faktlarga kelganimizda ham natija o‘zgarmaydi. Oramizda genetik yoshi yuz ming yilga teng kishilar ham bor. “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz” degan chorlovning to‘g‘riligi va uning mohiyati shu yerda yanada oydinlashadi.
Butun o‘lkamiz bo‘ylab to eng chet hududlargacha yangi va zamonaviy o‘quv dargohlari qurilgani, yoshlarni qamrab oladigan keng ko‘lamli ijtimoiy tadbirlarning o‘tkazilayotgani, u tadbirlarga olimlar, shoir-yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalarining jalb qilinayotgani – ana o‘sha yashirin iste’dodlarni uyg‘otishga bo‘lgan harakatlarni ifodalaydi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, xalqaro fan olimpiadalari, shaxmat musobaqalari g‘oliblarining nomlarini ehtirom bilan tilga olamiz. Boshqa sohalarda ham shunday qalqinish sodir bo‘lmoqda. Bular – o‘sha iste’dod genlari ishlab ketganini ko‘rsatadigan dalillardir. Vaqti kelganida xalqimiz o‘z iste’dodi, zako quvvati bilan olamni hayratda qoldirishi haqiqatga yaqin.
Genetika esa yangi ufqlar tomon odimlamoqda. Aytish mumkinki, ko‘zlangan yangiliklarning bari hayotiy va el-yurtga xizmat qiladigan yangiliklardir. Masalan, tibbiy genetika sohasida katta izlanishlar olib borilayotir. O‘zbekistonda yaratgan yangiligimiz – kasalliklarga chidamli, odatdagidan ancha erta yetiladigan va tolasi uzun “Porloq” deb nomlangan g‘o‘za navlarimiz dalalarda keng ekilayotgan bo‘lsa, tarkibidagi yelim moddasi ko‘proq yoki zang kasalligiga chidamli bug‘doy navimiz laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmoqda. Sovuq urmaydigan uzum, anor navlari yaratish ustida ish olib borilmoqda. Bular hali qiladigan ishlarimizning debochasi, xolos. Selektsiya haqida gap ketganida yana bir jihatni tilga olib o‘tish zarur, bu “aql selektsiyasi”dir. Davlatimiz ko‘magi va shaxsan mamlakatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi natijasida yigirmadan oshiq iste’dodli yoshlarimiz dunyoning eng nufuzli ilmiy markazlarida bilim olib qaytishdi. Ular – kuchli iste’dod egalaridirlar. Esimda, markazimizga tashriflarining birida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir yosh mutaxassis bilan birma-bir suhbatlasharkan, “Bilib qo‘yinglar, sizlar qilayotgan ishlar, sizdagi intilish va ma’naviyat, ko‘zingizni yonib turishi eng katta boyligingizdir”, degani barchamizni ruhlantirgan va tom ma’noda “uxlab yotgan” genlarimizni  ishlatib yuborgan edi.
Xalqimiz ilmga chanqoq ekan, aniq fan hisoblangan shu sohamizdagi yangiliklar tarixchilarimizning, adabiyot namoyandalarining, folklorshunoslarning diqqatini o‘ziga tortgani sir emas. Rizqu ro‘zimiz bo‘lmish g‘o‘za, tola, bug‘doy haqida gapirdik. Yoshlarimiz ko‘magida, jamoa bilan birga hali yana juda ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Bular orasida eng muhimi – yurtimizda yetiladigan ne’matlarning kasalliklarga chidamli, serhosil yangi navlarini yaratishdan iborat.

Isajon Sulton: –  Adabiyot ham mana shu hayotiy o‘zgarishlar bilan kishilar orasida ko‘prik vazifasini o‘tashi, shu shonli kunlarni badiiy tarixga muhrlashi kerak. Kun kelib, kelajak avlodlar bugunning asarlari bilan tanishganlarida, ozodligimizning dastlabki yillarida ado etilgan juda muhim ishlarning kishilar ongidagi akslanishlaridan xabar topishadi, albatta. Kelajak kishilari bularni munosib baholashi, yurt taraqqiyotining eng muhim kunlari deb e’zozlashi tayin.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Fanlar esa yoshlarimizni kutib turibdi. Eng chet hududlarda ham zamonaviy maktablar, ko‘rkam, ulug‘vor kollej va litseylar qad ko‘targani haqida so‘z yuritdik. Endi gap o‘sha muhtasham dargohlarda bolalarga zamonaviy bilimlarni yetkazib berishda qolmoqda. U bilimni bera oladigan quvvatimiz bormi? Ya’ni, shunchalik ko‘lamli yangilanishlarga o‘zimiz tayyormizmi, mosmizmi?

Isajon Sulton: – Bu borada barcha sohalar mushtarak ish olib borayotganini ham quvonib ta’kidlashni istardim. Bir mahallar qobiliyatli yoshlar dunyoning ilg‘or universitetlariga borib, bir necha yil ilm zahmatini chekkan bo‘lsa, endi u universitetlarning o‘zi O‘zbekistonga keldi. Vestminster, Singapur, Inha, Turin kabi ilm dargohlari poytaxtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Vatan ravnaqi uchun kerakli hamma sohalarning ta’limi yo‘lga qo‘yilgan. Bularning hammasi kelajakni o‘ylab qilingan, beqiyos natijalar beradigan ishlar. Bizlar Vatanimizning chorak asr mobaynida juda katta rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganini har doim ham quvonch bilan e’tirof etamiz, biroq bundan bu yog‘iga taraqqiyot yanada tezlashishiga hamda bugungi ishlar kelgusida ulkan samaralar berishiga shubha yo‘q.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Yuzlab­minglab ota-onalar bolalarining ilmli bo‘lib yetishishini istashadi. O‘lkamizda matematiklar, fiziklar, adabiyotchilar oilalari bor. Kechagina bunday misollar onda­-sonda uchragan bo‘lsa, hozir misli ko‘rilmagan darajada ko‘paygan. Qolaversa, davlat bir bolaning umumiy ta’lim olishi va hunarli bo‘lib yetishishi uchun o‘n ikki yil sarflaydi, bir mutaxassis yetishib chiqishiga o‘n olti yil, umumiy amaliyot shifokori uchun o‘n to‘qqiz yil, olim yetishib chiqishini esa o‘ttiz yil kutadi, shuncha vaqt ta’lim beradi. Katta vaqt, mablag‘ sarflangan vatandoshimiz shular tufayli erishgan bilimi, qobiliyati va iste’dodi bilan el-yurt xizmatiga bel bog‘lashi tabiiy, albatta. «Genetik» romanida o‘zlikni anglash ehtiyoji va bugungi davr chaqiriqlari badiiy tarzda aks etgani ayni muddao bo‘ldi.

Isajon Sulton: – Ha, bu asar ilg‘or fan va adabiyot hamkorligining mevasi o‘laroq dunyoga keldi, dedik. Fan negizlarini ochib berishda, ko‘lamini va mohiyatini kishilarga yetkazishda tilimiz jilvalari bilan bir qatorda badiiy obrazlilik yordamga keldi. Muhokamalar, munozaralar va fikrlar xilma-xilligi aro asar nihoyasiga yetdi. “Yoshlik” jurnalimiz esa asarni darhol chop etishga, yoshlarimizga tezroq yetkazib berishga shoshildi. Ezgu niyatlar kishilarni ana shunday birlashtirar ekan-da! Bular haqida so‘z ketsa, “mushtaraklik” degan jihat yodga keladi. Masalan, fanning ilg‘or qismida turli yo‘nalishlar bir-biri bilan uchrashadi. Fizikaning shunday sohalari borki, uni kimyosiz tushunib bo‘lmaydi. Qonuniyatlar siriga yetish uchun esa oliy matematikaga ehtiyoj seziladi. Taraqqiyot ham shunday. Bir mamlakat taraqqiyotning ilg‘or shiddatiga erishar ekan, xuddi fanda ro‘y bergani kabi, ijtimoiy hayotda ham turli sohalar mushtarak ishlashi kerak bo‘ladi.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Ularning kishilar tafakkurida akslanishiga kelsak, misol uchun, zamonaviy bir bino yoki ko‘prik qurildi, deylik. U qachonlardir yaratilgan kashfiyot va yangiliklar samarasi, albatta. Unda ishlatilgan narsalarning o‘ziga xosligi, yuk ko‘tara olish qobiliyati, issiq va sovuqqa chidamliligi va hokazolar o‘rganilmasdan turib, barpo etib bo‘larmidi? Endi yurt bo‘ylab qad ko‘tarayotgan ulkan zamonaviy ishlab chiqarish komplekslariga, yangi-yangi fabrikalarga nazar solaylik. Ular ilg‘or ilm-fanning ko‘plab sohalarini bir nuqtaga keltirishi, jamiyatdagi katta o‘zgarishlarni bildirishi bilan bir qatorda, farovon kelajakka bo‘lgan umumiy intilishning ajoyib timsollari hamdir.
Men yana shuni aytmoqchimanki, yoshlarimizga mulohaza qilishlari uchun, qolaversa, shu singari asarlar yaratilishi uchun arziydigan mavzular ko‘p. Fanlar, tizimlar, xizmatlar, tadqiqotlar… Bularning har biri kishilarimizga olamjahon taassurotlarni hadya etishi, kelajakka bo‘lgan ishonchini, Vatanga mehru muhabbatini orttirishi shubhasiz.

Isajon Sulton: – Ya’ni, zamonaviy bilimlar yog‘dusida kishilarimizga o‘zlarining kim ekanliklarini, qanday ulug‘ sulolalar merosini jo aylaganliklarini bayon etishdan ko‘zlangan niyat – qat’iy ishonch, bilim va yorug‘ qalb ila, barcha birday bahamjihat bo‘lib kelajakka yuzlanishdan iborat. Bu esa bugunimizning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” degan ezgu shiori atrofida jipslashishga undaydi. Mana shunday ezgu niyat yo‘lida birlashar ekanmiz, elimiz-yurtimiz ravnaqi, farovonligi uchun xizmat qilish sharafli ekanini his qilamiz. Bular – insonni ulug‘laydigan va, eng asosiysi, yashab o‘tgan umridan qoniqish hosil qilishiga sabab bo‘ladigan eng muhim unsurlar, desak xato qilmaymiz. El-yurt ravnaqi, farovonlik va taraqqiyot yo‘lida qo‘shiladigan hissa shundagina ulkan baxtu saodatga aylanadi.

N.Choriyev yozib oldi.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 5-son