To‘tiqush

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, g‘oz karnaychi ekan, musicha surnaychi ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, qirg‘ovul qizil ekan, dumlari uzun ekan.
Eski zamonda bir podsho bor ekan, davlati bisyor ekan, toj-u taxti ziyod ekan. Bu podsho bir kun bir shaharda bir to‘tiqush bor ekanini eshitib qolibdi. O‘sha to‘tiqush juda aqlli ekan. U qush kimda bo‘lsa bir davlatiga o‘n davlat, o‘n davlatiga yuz davlat qo‘shar ekan, deb eshitib qolibdi. Podsho shu to‘tiqushni olib kelish harakatiga tushibdi. Podsho haligi qushni ne xil yo‘llar bilan oldirib kelibdi. Podsho to‘tiqushni tarbiya qilibdi, uni tilla qafasning ichida saqlabdi.
To‘tiqush podshoning boshiga qanday ish tushishini oldindan aytib turar ekan. To‘tiqush shunday qilib, podshoga yordam qilibdi. Shuning uchun podsho uni yaxshilab boqibdi.
Bir kuni to‘tiqush:
— Podsho-podsho, arz, — debdi. Podsho:
— Qani, arzing bo‘lsa ayt, — debdi. To‘tiqush:
— Bir qoshiq qonimdan kechsangiz aytaman, — debdi. Podsho:
— Ayt, kechdim, — debdi. To‘tiqush:
— Ey podsho, siz bu shaharning podshosisiz, men bo‘lsam sizning bir xizmatkoringizman. Endi mening sizdan talabim shuki, siz menga javob bersangiz, mening ham ota-onam, aka-ukam, qarindosh-urug‘larim bor. Qo‘ni-qo‘shnilarim bor, yor-u birodarlarim bor. Shularni bir ko‘rib kelsam. Menga qirq kun muhlat bersangiz, — debdi. To‘tiqushning bu gapiga podsho goh ishonib, goh ishonmay, javob beradigan bo‘libdi. Goh javob bermaydigan bo‘lib, o‘ylab-o‘ylab juda bo‘lmaganidan keyin:
— Mayli, borib qirq kun deganda yana qaytib kel. Agar o‘z so‘zingda turmay, qaytib kelmasang, seni qayerda bo‘lsang ham toptirib olishga qudratim yetadi, — debdi. Podsho to‘tiqushni qirq kunda qaytib keladigan qilib qafasdan chiqarib yuboribdi. To‘tiqush juda suyunib, podsho bilan xayr-ma’zur qilib uchib ketibdi. Qush uzoq uchib, o‘z ota-onasining yurtiga borib yetibdi. To‘tining ota-onalari suyunishib-quvonishib, bolasining qaytib kelganiga vaqti chog‘ bo‘lib yurishibdi.
To‘tiqush bir kam qirq kun deganda ota-onasidan qaytib ketishga rozilik so‘rabdi. Ota-onalari rozilik berishmabdi. “Nimaga kelding, yana tag‘in nimaga ketaman deysan”, — deyishibdi. To‘tiqush ota-onasiga:
— Ey ota, ey ona, men falon shahar podshosining qo‘lidaman. Podsho menga juda yaxshi qaraydi. Men shu podshodan qirq kunga muhlat olib, qirq kunda qaytib kelaman, deb kelganman. Endi bormasam bo‘lmaydi, podsho juda jahldor, uning bir jahli chiqsa, ota-onasini ham tanimaydi. Shuning uchun men bormasam, bu yerda yuraversam, u qidirib kelib meni va sizlarni topadi, so‘ng xarob qilishi turgan gap, — debdi.
Ota-onalari nochor, noiloj:
— Mayli, bo‘lmasa, deb rozilik berishibdi.
— Sen endi podshoga nima sovg‘a olib borasan? Yaxshisi mana shu urug‘ni olib bor. Bu urug‘ni yetti iqlim podsholari ham topisholmagan. Bu urug‘dan bir daraxt o‘sib chiqadi. U daraxt mevasi bu yetti iqlimda yo‘q. Uning mevasini qari yesa yosh bo‘ladi. O‘lik yesa tiriladi, — deb urug‘ni bolasiga berishibdi.
To‘tiqush ota-onasi bilan xayrlashib ketibdi, ular orqasidan zor-zor yig‘lab qolaveribdi.
To‘tiqush ko‘p uchibdi, ko‘p uchsa ham mo‘l uchibdi. Qirq kun deganda to‘ti podshoning saroyiga kirib boribdi. Podsho to‘tiqushning o‘z va’dasi ustidan chiqolganiga juda ham hayron bo‘lib, juda xursand bo‘libdi.
To‘tiqush ota-onasi bergan urug‘ni podshoga beribdi. Podsho:
— Bu qanaqa urug‘, mayli, bog‘bonga ektirib ko‘raylik, — debdi. To‘tiqush haligi urug‘ ta’rifini gapirib beribdi.
— Taqsir, bu urug‘ni sizga ota-onam sovg‘a qilib berib yubordi. Bu urug‘ni yetti iqlim podshosi ham topa olmagan. Bir daraxt bo‘lar ekan. U daraxtning mevasini qari yesa, yosharar ekan. O‘lik yesa tirilar ekan, — debdi. Podsho urug‘ni bog‘bonga berib ekdiribdi. Urug‘dan bir daraxt unib chiqibdi. Haligi daraxt voyaga yetib gullabdi. Mevasi pishibdi. Bog‘bon daraxtning qilgan mevasiga hayron qolib yuribdi. Bir kun bog‘bon qarasa, daraxtning mevasi pishibdi. Bog‘bon: “Endi meva toza yetilibdi. Uni uzib, podshoning oldiga olib kirayin, undan bir in’om olayin”, deb o‘ylab, daraxtning tagiga kelib qarasa, bir dona meva tagiga tushib yotibdi. U daraxt ustidagi mevadan ham tiniq, toza, sara meva emish. Bog‘bon daraxtdagi mevalardan uzib, tilla laganga solibdi, yerga tushgan bir dona chiroyli mevani ham lagandagi mevalarning ustiga qo‘yib, podshoning oldiga olib kiribdi.
Podsho tilla lagandagi chiroyli mevalarni ko‘rib og‘zi ochilib, hushi boshidan uchibdi. Podsho mevani avval o‘zi yeyishdan qo‘rqibdi. Podshoning vazirlari to‘tiqushning donoligini ko‘ra olmasdilar. Ular to‘tining ustidan podshoga arz qilishib yurishardi. Podsho avval mevani zindonda yotganlardan qirq-elligini olib chiqib, o‘shalarga yediray. Qani, qarini yoshartirarmikan, debdi. U zindondagilardan olib chiqtiribdi. Podsho laganning ustidagi chiroyli bir dona mevani bir zindonbandga beribdi. Haligi zindoni mevani yebdi-yu, o‘libdi. Podsho buni ko‘rib jahli chiqibdi. “Ha, o‘zimning vazirlarim aytgan gap to‘g‘ri ekan-da. Bu to‘tiqush meni o‘ldirmoqchi ekan-da”, deb darg‘azab bo‘lib, to‘tiqushni tilla qafasdan oldiribdi va o‘z qo‘li bilan shartta kallasini uzib tashlabdi. Keyin podsho qolgan mevalarni zindonilarga yediribdi. Qarasa, u zindonilarning qarisi yosh bo‘lib qolibdi. Podsho hayron bo‘libdi. Keyin podsho bog‘bonni chaqirtirib so‘rabdi:
— Ey bog‘bon, haligi tilla tovoqning eng ustidagi bir dona chiroyli mevani daraxtning ustidan olganmiding? Yoki daraxtning tagidan olganmiding? — debdi. Bog‘bon:
— Eng ustidagi nihoyatda chiroylisi yerga tushib qolgan ekan. Yerdan olgan edim. Qolgan hammasini daraxt ustidan terib olgan edim. Ey taqsir, bir qoshiq qonimdan kechsangiz bir sir aytaman, — debdi. Podsho bog‘bonga:
— Kechdim, ayt, — debdi.
Bog‘bon:
— Ey taqsir, ancha vaqt bo‘ldi, shu bog‘da bir chag‘ir ilon yurardi. Men buning payiga tushib, hech o‘ldira olganim yo‘q edi. Ehtimol, shu ilon tushgan bir dona chiroyli mevaga zahar sochgandir. Shu sababli mevani yegan odam oigandir. Agar mevaning hammasiga zahar solinganda boshqalar daraxt mevasini yegan odamlarning hammasi o‘lishi kerak edi, — debdi.
Podsho bog‘bonning bu gapiga ishonibdi. U vazirlarining gapi yolg‘onligini bilibdi va ularning hammasini qattiq jazoga tortib, podsho o‘zining qilgan ishidan ko‘p afsus-nadomat yeb, to‘tini o‘ldirganiga achinibdi.