Sohibjon bilan Ahmadjon

Bor ekan-u yo‘q ekan, och ekan-u to‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, toshbaqa tarozbon ekan, to‘ng‘iz qassob ekan, qurbaqa undan qarzdor ekan.
Qadim zamonda bir chol bilan kampir bor ekan. Ular juda kambag‘al ekan. Bir hovli, unda bittagina chordevordan boshqa hech narsasi yo‘q ekan. Chol daryoga borib baliq ovlar, kampir esa birovlarning kirini yuvib, yirtiq-yamog‘ini qilar, shu bilan tirikchilik o‘tkazar ekan.
Chol bilan kampirning farzandi yo‘q, farzandga juda ham tashna ekanlar.
Bir kuni chol kampirga aytibdi:
— E, xotin, mening yoshim ellik beshga, sening yoshing ellikka yetdi, farzand ko‘rmadik, ikkimiz ham qarib ishdan chiqsak, qaraydiganimiz, o‘lsak uyimizni yoritadiganimiz yo‘q. Endi xudodan astoydil so‘raylik, bizga ham farzand bersin, — dedi. Chol bilan kampir xudoga munojat qilib yig‘lashdi, bizga farzand bergin, deb yolvorishdi. Bularning duosi ijobat bo‘lib, kampir homilador bo‘ldi, vaqt-soati yetib, bir o‘g‘il tug‘di. Unga Sohibjon deb ot qo‘yishdi. Cholning boshi ko‘kka yetdi. Xotiniga aytdi:
— E, kampir, biz murodimizga yetdik. Endi bu Sohibjonni yaxshilab tarbiya qilaylik. “Yaxshidan zot qoladi, yomondan — dod”, degan naql bor. Farzandimizni yaxshi o‘stirsak, rahmat olamiz, yomon o‘stirsak, la’nat olamiz,— dedi. Bu gap kampirga ham ma’qul bo‘ldi. Cholning ikki oyog‘i to‘rt bo‘lib, ovni yaxshi qildi. Bolani tarbiyalab, o‘qitib katta qilishdi. Sohibjonning yoshi o‘n oltiga yetdi. U qaddi-qomati kelishgan, jussador, pahlavonsifat bola bo‘ldi. Kunlardan bir kun chol o‘g‘liga aytdi:
— O‘g‘lim! Men keksayib qoldim. Endi sen men bilan birga ovga borgin. Ham baliq ovini o‘rganasan, ham ko‘rib, bahri diling ochilib keladi, — dedi. Sohibjon:
— Xo‘p, ota! Aytganingizni jonim bilan qilaman,— dedi.
Ota-bola to‘rni ko‘tarib, daryoga qarab jo‘nashdi. Havo sof, hammayoq ko‘ngilli, yam-yashil o‘tlar ko‘kargan, parrandalar sayragan, keng daryo suvi to‘lib, ko‘m-ko‘k tusda jimillab oqar edi. Ota-bola daryo yoqalab borib, bir chinorning tagiga yetib to‘xtashdi. Chol o‘g‘liga:
— Ana endi, o‘g‘lim, shu joyda baliq ovini boshlaymiz, — dedi.
Chol to‘rni yozib, suvga tashladi. Birozdan so‘ng tortib edi, hech narsa chiqmadi. Yana tashladi. Bir vaqt chol to‘rni tortgan edi, to‘r vazminlashib qolibdi, torta olmadi: “Sohibjon, kel, bolam, ikkimiz tortaylik!” dedi.
Sohibjon kelib, otasiga ko‘maklashdi, ammo ota-bola ham tortib ololmadi. Shunda chol to‘xtadi, peshonasidagi terni artib:
— Uh! Charchadim. To‘rga juda katta nahang baliq tushibdi,— dedi.
To‘rning bir uchini chinorga bog‘ladi.
— Sen bir uchini ushlab turgin, men borib yordamga bir-ikkita odam aytib kelayin, — deb to‘rning uchini Sohibjonga ushlatib qo‘yib, qishloqqa qarab jo‘nadi.
Sohibjon daryoning qirg‘og‘idagi o‘tlarni, daraxtlarni, suvning o‘ynab oqishini tomosha qilib o‘tirar edi. Bir vaqt suvda to‘rning ichida bir narsa qimirlaganday bo‘ldi. Qarasa, to‘rda bitta baliqning bolasi ikki ko‘ziga yosh olib, Sohibjonning yuziga termulib, yolvorganday bo‘lib turibdi. Sohibjon uni ko‘rib, rahmi keldi. Bu ham menga o‘xshagan bola ekan-da, buning ham ota-onasi bordir, keladi, deb yo‘liga intizor bo‘lib o‘tirgandir. Kel, shu baliqni qo‘yib yuboray, xursand bo‘lib ketsin, deb to‘rning irini qirqib yuboribdi. Baliqcha to‘rdan qutuldi, shodligidan Sohibjonning qarshisida aylanib, o‘ynab-o‘ynab, keyin ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ketdi.
Bir vaqt ikkita odamni ergashtirib chol yetib keldi. Qarasa, to‘r yo‘q. Sohibjondan:
— To‘r qani? — deb so‘radi. Sohibjon:
— E, ota, baliq juda katta baliqqa o‘xshaydi, to‘rni tortqilab-tortqilab, uzib ketdi,— dedi.
Cholning tarvuzi qo‘lidan tushdi. Kelgan kishilar:
— E, chol! Yolg‘iz o‘g‘il olp bo‘ladi, olp bo‘lmasa, qolp bo‘ladi, deyishar edi. Oltmishga kirganingda yig‘lab-siqtab topgan o‘g‘ling, endi senga dastyorlik qiladigan vaqtida, olplik qilmay, katta bir baliqni qochirib qolpli qilib o‘tiribdi. Bu bolang shum qadam ekan! — deb cholga ta’na qilib, jo‘nab ketishibdi. Cholning dami ichiga tushib ketdi, to uyiga kelguncha o‘g‘liga gapirmadi. Haligilarning gapi Sohibjonga qattiq botib ketdi. Bu kecha yotdi. Erta bilan turib otasiga aytdi:
— E, ota! Mening qadamim yoqmadi, kecha ovingiz yurmadi. Menga ijozat bering, o‘zimga munosib biror hunar o‘rganayin, baxtim ochilsa, qaytib kelib sizning xizmatingizni qilayin,— dedi. Chol-kampirning unamaganiga qo‘ymay, ulardan oq fotihani oldi, bir xaltada non-u talqon olib, “Yo huv, yo manhu!” — deb qishloqdan chiqib ketdi. Chol bilan kampir: “Xudo peshonangni ochsin! Olgin, oldirmagin! Sog‘ borib, salomat qaytgin!”— deb duo qilib ko‘zlaridan yoshini oqizib qola berdi.
Sohibjon yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi, necha qishloqdan, cho‘llardan, ko‘llardan o‘tdi. Bir joyga borib, charchab, dam olgani o‘tirdi. Shu zamon bir tomondan yoshi qirqlarga borgan bir yo‘lovchi kelib, Sohibjonning oldida to‘xtadi va unga:
— Ha, bolam! Yosh ekansan! Qayerga ketyapsan? —dedi. Sohibjon:
— E, mulla aka! Men safarga ketyapman, — dedi. Yo‘lovchi:
— Ha, bo‘lmasa, ikkovimiz birga bo‘laylik, men ham safarga ketyapman, — dedi. Sohibjon dilida bu begona odam qanday odam ekan, bir sinab ko‘raychi, deb:
— E, mulla aka! Men bir o‘tirsam, uch kecha-yu uch kunduz o‘tirib qolaman. Unda qanday bo‘ladi? — dedi. Shunda yo‘lovchi:
— Ha-ha! Sening safaring uzoq safar ekan, — deb yo‘liga qarab keta berdi.
Sohibjon damini olib, yana yo‘lga ravona bo‘ldi. Yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi. Charchaganda yana bir joyga borib, damini olib o‘tirdi. Shunda yana bir yo‘lovchi kelib qoldi. U Sohibjonni ko‘rib:
— Ha, uka! Senga yo‘l bo‘lsin? — dedi. Sohibjon:
— Yo‘l bo‘lg‘ay! Safarga ketyapman,— dedi. Yo‘lovchi aytdi:
— Men ham safarga chiqib edim. Bo‘lmasa, ikkovimiz hamroh bo‘laylik!
Sohibjon aytdi:
— Aka! Men bir o‘tirsam, yetti kecha-yu yetti kunduz o‘tirib qolaman. Unda nima bo‘ladi? — dedi. Yo‘lovchi Sohibjonga boshdan-oyoq tikilib qo‘ydi-da:
— E, uka! Sening safaring uzoq safar ekan! Yo‘limdan qolmayin,— deb jo‘nab qoldi.
Sohibjon damini olib, o‘zini rostlab, xaltasini yelkasiga ilib, yana yo‘lga tushdi. Yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi. Borib bir joyda ikki ayilish ko‘cha boshidan chiqib qoldi. Shu yerda dam olay deb o‘tirdi. Shunda narigi ko‘chadan bir yosh yigit kelib qolib:
— Assalomu alaykum! Ha, oshna! Yo‘l bo‘lsin? — dedi. Sohibjon:
— Vaalaykum assalom! Safarga! — dedi. Yosh yigit:
— Oshna, men ham safarga chiqqan edim. Hamroh bo‘laylik! — dedi.
Sohibjon aytdi:
— E, oshna! Men bir o‘tirsam, qirq kecha-yu qirq kunduz o‘tirib qolaman. Unda nima bo‘ladi? Siz yo‘ldan qolasiz-da!
Yo‘lovchi yigit aytdi:
— Ha, mayli, oshna! Men ham o‘tirsam, sizdan kam o‘tirmayman.
Sohibjon dilida o‘ylab: “Bu yigitcha qaynasa qoni qo‘shiladigan ko‘rinadi. Mayli, shu bilan hamroh bo‘lsam, bo‘layin”, deb:
— Bo‘pti, oshna! Hamroh bo‘lamiz, — debdi va ikkalalari dam olib gaplashib o‘tirishdi. Bular bir-birining otini so‘rashdi. Sohibjon:
— Mening otim Sohibjon. Sizning otingiz nima? — dedi. Bola:
— Mening otim Ahmadjon,— dedi. Sizning yoshingiz-chi? — dedi.
Sohibjon:
— Yoshim o‘n oltida, sizniki-chi? — dedi. Ahmadjon:
— Mening yoshim o‘n beshda.
— Bo‘lmasa ikkovimiz aka-uka bo‘laylik, — dedi. Sohibjon aka, Ahmadjon uka bo‘ldi. Sohibjon xaltasidan bitta nonni olib, o‘rtasidan teppa-teng bo‘ldi. Bir bo‘lagini Ahmadjonga berib, “Nima topsak, o‘rtada baham ko‘ramiz”, deb so‘zlashdi. Nonning yarmini u, yarmini bu yedi. Shu bilan ikkovlari yo‘lga ravona bo‘lishdi.
Bular yurib-yurib bir mamlakatga yetib borishdi. Shaharni aylanib yurishganda bozorda bir odam: “Ho, xaloyiq! Eshitmadim dema! Shahrimizning katta boyi Ovulqosim boy madrasa quradi. Yer o‘ygani, loy qilgani, g‘isht quygani, devol urgani, yog‘och chopgani, tom yopgani odam kerak. Xohlaganing boraver!” deb jar chaqiryapti.
Sohibjon Ahmadjonga qarab:
— Uka! Biz ham o‘sha joyga borsak, ishlasak. Ham kunimiz o‘tadi, ham biror hunar o‘rganib olamiz, —dedi. Bu gap Ahmadjonga ma’qul bo‘ldi. Ikkisi borib, boy solayotgan madrasaga ishga kirishdi.
Bular ishboshiga:
— Bizga o‘zimizga munosib ketmon va belkurak bering, birimiz loy qilamiz, birimiz g‘isht quyamiz, — deyishdi. Ishboshi bularga ketmon bilan belkurak berdi. Bular:
— Bu asboblar bizga kichkinalik qiladi. Bizga hishshaki ketmon, nimshaki belkurak qildirib bering, — dedi. Ishboshi temirchiga aytib, hishshaki ketmon, nimshaki belkurak qildirib berdi. Sohibjon bilan Ahmadjon yer qazib, loy qilib, g‘isht quygani kirishdi. Ikkisi o‘nta azamat yigitning ishini qildi, pulni suzdi. Oradan bir oy o‘tdi, bozor kuni keldi. Ahmadjon:
— Aka, bugun ishboshidan pul olib, bir bozorni tomosha qilib chiqmaymizmi? — dedi. Ikkovlari ishboshidan pul olib, bozorga yurdi.
Bozorda harna bor, ho‘l-quruq mevalarni sotib olib yeb chiqib ketishdi.
Bularning ishtahasiga bozor odami hayron qoldi.
Aka-ukalar yana bir qancha ishlab, ko‘p odamning ishini qilib tashlaydilar. Bularning dong‘i hamma yoqqa ketadi, Qoraxon podshohga borib yetadi. Qoraxon podshoh hayron qolib:
— Bu qanday azamat yigitlar ekan, chaqirib bir gaplashay, — dedi. Qoraxon podshoh yigitlarga odam yubordi. Podshohning odamlari otlarini minib, ikki kun yo‘l yurib, bu joyga yetib kelishdi va yigitlarga:
— Sizlar azamat yigitlar ekansiz, bizning podshohimiz sizlarni ko‘rib, bir gaplashishni istaydi. Borsalaring, podshoh bilan gaplashsalaring, xizmat qilib ko‘nglini olsalaring, davlat egasi bo‘lsalaring, — dedi. Aka-uka “Borsakmi, bormasakmi?” deb maslahatlashdi. Borishga qaror qilib yo‘lga tushishdi. Borib Qoraxon podshohga duch kelishdi.
Podshoh:
— Sizlar azamat yigitlar ekansiz. Bir go‘zal qizim bor. Uch shart qo‘yaman, agar bajarsangiz, ikkingizdan biringizga qizimni beraman, yana biringizni davlatga ega qilaman,— dedi. Yigitlar:
— Ayting shartingizni! — deyishdi.
Podshoh aytdi:
— Mening bog‘imda bitta ajdarho paydo bo‘lib qoldi. Har yeganda bitta bo‘yi yetgan qizni yeydi. Endigi navbat mening qizimga yetdi. Hozir qizim bog‘da, ajdarning yeyishini kutib o‘tiribdi. Birinchi shartim — o‘sha ajdarni o‘ldirasiz.
O‘sha bog‘da bir tup olmurut bor. Olmurut har yili meva qiladi, ammo pishay deganda bir dev kelib yeb ketadi. Ikkinchi shartim — o‘sha devni o‘ldirish.
Uchinchi shartim shuki, mening shahrimga suv kelmaydi. Borib daryodan suv chiqarib berasizlar.
Yigitlar podshohning qo‘ygan shartlarini bajarishga rozi bo‘lishdi. Bolalar podshohga: — Bizga ochilsa qirq gaz, yopilsa bir gaz bo‘ladigan qilich; uzunligi qirq qarich, eni ham qirq qarich keladigan ketmon bilan belkurak qildirib berasiz,— dedi. Podshoh bu narsalarni yasashni temirchi ustasiga buyurdi. Temirchi ustalar narsalarni darrov yasab berishdi. Yigitlar qilichni ko‘tarib podshohning bog‘iga borishdi. Ajdarni qaysi birimiz o‘ldiramiz deb, maslahatlashishdi. Sohibjon: “Men o‘ldiraman!” dedi. Ahmadjon: “Yo‘q, aka! Xizmat kichkinadan bo‘ladi. Men o‘ldiraman!” deb unamay, qilichni ko‘tarib, bog‘ga kirib ketib qoldi. Borib ajdarga ro‘para bo‘ldi. Ajdar Ahmadjonni ko‘rib qahri kelib, bir damiga tortdi. Ahmadjon bir tebranib qo‘ydi. Ajdar yana damiga tortdi, Ahmadjon yana bir tebranib qo‘ydi. Oxiri ajdar g‘azab bilan damiga qattiq tortdi. Ahmadjon qilichini yozib, miltiqning o‘qiday borib, ajdarning og‘zidan kirib, ikkiga yorib dumidan chiqdi. Ajdar o‘ldi. Ajdarga tutqun bo‘lib, o‘limni kutib, ko‘zidan yoshlari tizilib o‘tirgan podshohning qizi ozod bo‘ldi. Bu xabar birpasda shaharga tarqaldi. Hamma joyda xursandchilik, to‘y ustiga to‘y boshlanib ketdi. Hamma bu yigitlarni duo qildi.
Sohibjon bilan Ahmadjon ketmon va belkurakni olib daryoga borishdi. Borishsa, shaharga suv chiqaramiz, deb qancha yuz odam kuyib-pishib ishlayapti, suvning chiqishidan hech umidlari yo‘q. Bular odamlarga:
— E, xaloyiq! Ajdar o‘ldi, shahar shodlikka to‘ldi. Boringlar, shodliklaringni qilinglar. Suvni biz o‘zimiz chiqaramiz, — deyishdi.
Odamlar bulardan xursand bo‘lib, ketgani ketdi, ketmagani bularning ishini tomosha qilgani qolishdi.
Aka-ukalar necha daraxtni kesib, daryoga sepoya tashlab, shox bosishdi. Shoxlarning ustidan ketmon-u belkurak bilan chimlarni qirqib tashlab, daryoni bo‘g‘ib suvni chiqarishdi. Suv oqib borib, Qoraxon podshohning shahriga kirdi. Podshoh bu ishni ko‘rib:
— Barakalla, azamatlar! Endi uchinchi shartni ham bajarsalaring to‘y-u tomoshani boshlaymiz,— dedi.
Sohibjon olmurutning tagidan chuqur qazib, unga tushib, olmurutning pishish, devning kelish vaqtini kutib yota beribdi. Olmurut pishdi. Bitta katta bahaybat dev kelib, olmurutni yeyishga kirishdi. Shunda Sohibjon chuqurdan chiqdi. Qilichini yozib borib, devni chopib o‘ldirdi.
Podshoh xursand bo‘lib, yigitlarga ofarin aytib, peshonalaridan siladi:
— Endi qizimni qaysilaring olishlaringni aytinglar,— dedi. Sohibjon:
— Xizmatning ko‘pini Ahmadjon qildi. U olsin! — dedi. Ahmadjon aytdi:
— Yo‘q, podshohim! Yosh xizmatda, katta izzatda. Sohibjon mendan katta, u olsin! — dedi.
Qizni Sohibjon oladigan bo‘ldi. Podshoh shaharda to‘yni e’lon qilib, boshlab yubordi. Karnay-surnaylar chalindi, mol-qo‘ylar so‘yilib, xalqqa osh-non tortildi, uloq, kurash, o‘yin-kulgi qizib ketdi. To‘y qirq kecha-yu qirq kunduz davom etib tugadi.
Bir kuni kechasi Ahmadjon:
— Aka, men bugun eshikka chiqib yotaman, yangam menga eshikka joy qilib bersin, — dedi. Sohibjon: “Uyda yota bergin!”— dedi. Ahmadjon unamadi. Eshikka joy soldirib yotdi. Kechasi el uxlagan vaqti edi. Uchta to‘tiqush uchib kelib, hovlidagi chinorga qo‘ndi. To‘tilardan biri aytdi:

To‘tiyo, to‘tiyo!
Labbay, to‘tiyo!
Men nima bo‘lsam-u,
Bir yaxshi ot bo‘lsam.
Bir g‘ishtning ustida o‘ynasam,
Bozorga chiqsam,
Kimga yarashur!
Podshohning kuyovi Sohibjonga yarashur.
Olsa-yu o‘lsa.
Kim eshitib aytsa,
Tizzasidan tosh bo‘lsin!!!

Ikkinchi to‘ti aytdi:

To‘tiyo, to‘tiyo!
Labbay, to‘tiyo!
Men nima bo‘lsam?
Bir yaxshi qush bo‘lsam.
Bozorga chiqsam,
Kimga yarashur?
Podshohning kuyovi Sohibjonga yarashur.
Olsa-yu o‘lsa,
Kim eshitib aytsa.
Belbog‘idan tosh bo‘lsin!!!

Uchinchi to‘ti aytdi:

To‘tiyo, to‘tiyo!
Labbay, to‘tiyo!
Men nima bo‘lsam?
Bir ajdarho bo‘lsam-u
Shamol, bo‘ron, to‘polon bilan
kelsam.
Tuynukdan tushsam-u
Sohibjon bilan xotinini yeb chiqib
ketsam!!! —

dedi-yu pastga qaradi. Pastdagi Ahmadjonga ko‘zi tushdi-da, qah-qah urib kulib yubordi. To‘tilar uchib ketishdi. Ahmadjon bularning gapini eshitib oldi.
Erta bilan Ahmadjon va Sohibjon nonushta qilib bozorga chiqishdi. Bozorda biroq ajoyib bir ot ushlab turibdi:

Kimga yarashur
Podshohning kuyovi Sohibjonga yarashur.

Sohibjon otni ko‘rib, ishqiboz bo‘lib qoldi. Sotib olishga xaridor bo‘ldi. Ahmadjon aytdi:
— E, aka! Men oldin bu otni tekshirib ko‘rayin. Menga yoqsa, so‘ng olasiz,— dedi. Sohibjon “Mayli, uka!” dedi.
Ahmadjon otning beliga uzugini tegizgan edi, otning beli shart uzilib ketdi. Sohibjon ichidan chitinib qo‘ydi. Bular bozorda yurgan edi. Birov bir qush ko‘tarib yuribdi.

Kimga yarashur,
Podshohning kuyovi Sohibjonga yarashur.

Sohibjon qushni ko‘rib, sotib olish uchun xaridor bo‘ldi.
Ahmadjon aytdi:
— E aka! Bu qush menga yoqsa olasizmi? — dedi. “Ha olaman!” dedi Sohibjon.
Ahmadjon qushni qo‘liga olib, uzugini bo‘yniga tegizgan edi, qushning bo‘yni uzilib tushdi. Buni ko‘rib, Sohibjon bir chitinib qo‘ydi. Bular bozorni ko‘rib uylariga qaytib kelishdi.
Kechasi Ahmadjon aytdi:
— Aka! Men bugun o‘choqning oldida yotaman,— dedi. Sohibjon:
— O‘choqning oldida nima qilasan, o‘z o‘rningda yota bersang-chi! — dedi. Ahmadjon:
— Mayli, men bu kecha shu yerda yotayin, — deb o‘choqning oldiga joy soldirib yotdi. Qilichini yozib, tuynukka tikka qilib qo‘ydi. Kechasi el uxlagan choq edi. Birdan shamol, bo‘ron, to‘polon bilan bir ajdar kelib, tuynukka o‘zini urdi-yu qilichga tegib ikki bo‘linib o‘lib qoldi.
Shunda ajdarning bir tomchi qoni borib, podshohning qizining betiga tomdi. Ahmadjon yugurib borib doka ro‘molini oldi, yetti qavat qilib buklab, kelin oyisining yuziga qo‘yib, haligi qonni artayotgan edi, Sohibjon uyg‘onib, o‘rnidan turib, g‘alva qilib ketdi:
— Podshohning qizini olgin desam olmading! Bu nima qilgan ishing? Kechadan beri joyingni boshqa yerga soldirishing bejiz emas ekan. Sen mening uylanganimdan norozi ekansan! — dedi.
Ahmadjon aytdi:
— E, aka! Gap unday emas. Men juda roziman. Boshqa gap bor. Erta bilan aytaman,— dedi.
Bular tinchib yotib uxlashdi. Ertasi tong otdi. Kelin dasturxonni yozib, choy-nonni keltirdi. Nonushta qilayotib, Sohibjon yana gap ochib qoldi:
— Xotinni sen ol desam, olmading. Mana endi rashk qilyapsan! — dedi. Ahmadjon aytdi:
— Aka! Rashk qilganim yo‘q. Endi gapirmasam bo‘lmaydi. Kechasi men hovliga chiqib yotganimda chinorga uchta to‘ti kelib qo‘nib, bir-biri bilan gaplashdi. Biri aytdi:

To‘tiyo, to‘tiyo!
Labbay, to‘tiyo!
Men kim bo‘lsam?
Yaxshi bir ot bo‘lsam,
Bitta toshning ustida o‘ynasam.
Bozorga chiqsam,
Kimga yarashur?
Podshohning kuyovi Sohibjonga yarashur.
Olsa-yu o‘lsa!
Kim aytsa,
Tizzasidan tosh bo‘lsin! —

dedi, — degan edi Ahmadjonning tizzasidan pasti tosh bo‘lib qoldi. Buni ko‘rib, Sohibjon bilan xotini hayron bo‘lib qolishdi. Ahmadjon: “Ikkinchi to‘ti…” deb gap boshlagan edi, Sohibjon: “Gapirma! gapirma!” deb to‘xtatdi. Ahmadjon aytdi:
— Bo‘lar ish bo‘ldi. Endi u yog‘ini ham ayta qolay! — deb ikkinchi to‘tining gapini aytib edi, belidan buyog‘i tosh bo‘lib qoldi. Uchinchi to‘tining gapini aytgan edi, hamma yog‘i dumaloq tosh bo‘lib qoldi. Er-xotin yig‘lashib, endi nima qilamiz, deb toshni ko‘tarib, ko‘chaga chiqishgan edi, hassa tayangan bir mo‘ysafid odam kelib qoldi.
— Ha, bolalarim! Nimaga yig‘laysizlar? — dedi. Sohibjon cholga bo‘lgan voqeani aytdi. Chol Xizr edi. “Toshni yerga qo‘y”, dedi. Sohibjon yerga qo‘ydi. Xizr hassasi bilan bir turtgan edi, tosh yana Ahmadjon bo‘lib qoldi. Ahmadjon bir chuchkurdi-da, ”Qattiq uxlab qolibman”, deb o‘rnidan turdi. Bular juda xursand bo‘lishdi. Shunda Ahmadjon aytdi:
— Aka! Sizniyam ota-onangiz bordir, mening ham ota-onam bor. Ular bizga intizor bo‘lib, yo‘limizda ko‘zlari to‘rt bo‘lib o‘tirishgandir. Endi ota-onamizning oldiga borsak,— dedi. Bu gap Sohibjonga ham ma’qul bo‘ldi. Bular podshohning oldiga borib unga arz qilishdi.
— E, podshoh! Biz sizning ko‘p tuzingizni ichdik, oz xizmatingizni, qildik. Bizning ham ota-onamiz bor. Ularning ham xizmatini qilish bizga ham farz, ham qarz. Ular bizga intizor bo‘lib o‘tirishgandir. Bergan tuzingiz-ga rozi bo‘lib, javob bersangiz! Ota-onamizning xizmatiga borsak! — deyishdi.
Podshoh o‘ylab qarasa, bularning gapi to‘g‘ri. Podshoh bularga ijozat berdi. Shunda Sohibjon:
— Qizingiz men bilan birga ketadimi, qoladimi? — dedi. Podshoh:
— Er qayerda bo‘lsa, xotin ham o‘sha yerda bo‘ladi,— dedi.
Podshoh bularga qirq xachirga mol-u dunyo va yo‘l ozig‘ini ortib berib:
— Sizlarga oq yo‘l! O‘z yurtlaringga sog‘-salomat boringlar. Bizni ham unutmanglar!— dedi. Shahar odamlari bularni karnay-surnay bilan jo‘natib, xayrlashib qoldi.
Bular yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi. Bir kuni bir daryoning bo‘yiga yetib borishdi. Shunda Ahmadjon aytdi:
— Aka! Endi men sizlar bilan xayrlashib, boshqa yoqqa ketaman. Siz boshda nima ahd qilgan edingiz? — dedi. Sohibjon:
— Nima topsak, o‘rtada teppa-teng ko‘ramiz, degan edim,— dedi. Sohibjon:
— Bo‘lmasa, mayli, narsalarni bo‘laylik. Mol-dunyoning ko‘pini sen ol, xotin menga qolsin, — dedi. Ahmadjon:
— Yo‘q, aka, mol-dunyoni ham, xotinni ham teppa-teng bo‘lamiz. Yarmi sizniki, yarmi meniki,— dedi. Sohibjon:
— Xotinni qanday qilib bo‘lamiz? —dedi. Ahmadjon:
— Xotinni chinorga bog‘laymiz, arra bilan arralab, teng bo‘lamiz, xohlaysiz yuqorisini olasiz, xohlaysiz pastini olasiz, — deb xotinni chinorga bog‘ladi. Arrani qo‘liga olib, arralay boshladi. Endi arra tekkanda xotin “dod!” deb qichqirib yubordi. Shunda xotinning og‘zidan mushtday laxta qon otilib chiqib ketdi. Ahmadjon arrani tashlab yugurib borib, qonni oyog‘i bilan tepkilab, ezib tashladi. Qaytib kelib, Sohibjonga aytdi:
— Aka! Men kechasi xotiningizning betiga dokani qo‘yib artayotganimda shu qonni olib tashlamoqchi bo‘lgan edim. Siz yo‘l bermagan edingiz. Mana endi xotiningiz zarardan musaffo bo‘ldi. Xotiningiz va bu mol-dunyolar sizga bo‘lsin. Siz bu narsalarni ota-onangizga olib borib, ularni rozi qiling. Mendan rozi bo‘ling. Men bir vaqtlar siz to‘rdan chiqarib, ozod qilib yuborgan baliq bo‘laman, — deb akasini quchoqlab bir o‘pdi-da, “Xayr endi!” deb cho‘lp etib o‘zini suvga tashlab, g‘oyib bo‘lib ketdi.
Sohibjon baliq tushgan suvning betidan jimillagan halqa-halqa to‘lqinlar yoyilib, bilinmay ketguncha ko‘zini uzolmay turib qoldi. Keyin suvdan ko‘zini oldi. Baliqning qilgan yaxshiliklaridan xursand bo‘lib, undan ajralganiga afsuslanib, xotini bilan qishloqqa kirib bordi. Borsa ota-onasi Sohibjon uchun qon yig‘lab, bag‘rini zaxga berib yotishgan ekan. Sohibjon kirib borgach, ikkalasining ko‘zlari yalt etib ochilib, o‘g‘illarini quchoqlab, o‘pib qaytadan dunyoga kelganday bo‘lishdi. Sohibjon bo‘lib o‘tgan hamma voqeani gapirib berdi, mana bu keliningiz, mana bu mol-dunyo esa sizlarga olib kelgan sovg‘alarim, — dedi.
Chol bilan kampir yugurib borishib, kelinlarini quchoqlab o‘pishdi. Qayerga o‘tkazishni bilmay shoshilishdi. Ota-ona o‘g‘il va kelin bilan topishib, rohatda kun o‘tkazib, hammalari murod-maqsadiga yetishdi.