Och bo‘ri (2)

Ilgari vaqtda bir chol-u kampir bo‘lgan ekan. Ularning bir ola sigiri bo‘lgan ekan. Bir kuni chol kampirga:
— Ey kampir, ola qopning unidan, ola sigir moyidan bir kulcha non qilgin, debdi. Kampir ola qopning unidan, ola sigir moyidan bir kulcha qilibdi. Kulchani olib kelib, chol-u kampir ikkovi o‘rtaga qo‘yibdilar. Kampir:
— Qani chol, sindiring, — debdi. Chol, bismillohir rahmonir rahim, deb sindirmoqchi bo‘lgan ekan, kulcha yugurib qochib ketibdi. Kulcha yugurib qochaveribdi, chol bilan kampir quvalayveribdi. Ikkovi qo‘rg‘onni uch aylanib quvlashibdi. Kulcha darvozadan chiqib, ko‘chaga qochibdi. Ko‘chaga chiqqanda chol bilan kampir kulchani topa olmay qolibdi. Kulcha qochib bir yilqichining oldiga borib, uni chaqiribdi:
— Hoy yilqichi, ola qopning unidan, ola sigir moyidan bo‘lgan meni ye, meni ye, meni ye. Yemasang, ota-onangning etini ye! — debdi. Shunda yilqichi bir otini minib, bir otini yetaklab kulchani quvlab qolibdi. Yilqichi kulchaga yeta olmay qolibdi.
Kulcha qochib bir podachining oldiga boribdi. Kulcha podachini chaqiribdi:
— Hoy podachi, ola qopning unidan, ola sigir moyidan bo‘lgan meni ye, meni yemasang ota-onangning etini ye! — debdi. Shunda podachi bir ho‘kizni minib, bir ho‘kizni yetaklab quvalab, yeta olmay qolibdi.
Kulcha ketaveribdi. Bir tulki uyasini kovlayotgan ekan. Kulcha tulkini chaqiribdi:
— Hoy tulki, ola qopning unidan, ola sigirning moyidanman, meni ye, meni ye. Meni yemasang, ota-onangning etini ye, — debdi. Kulcha tulkini ikki marta chaqiribdi. Tulki qaramay, indamay, uyasini kovlayveribdi. Kulcha tulkining yaqiniga kelib:
— Ha tulki, ola qopning unidan, ola sigir moyidan meni ye, meni ye. Yemasang, ota-onangning etini ye! — debdi. Bir vaqt tulki kulchaga qarab qulog‘ini munday-munday qoqib:
— Mening qulog‘im kar, eshitmayman, — debdi. Men mana shu qulog‘imni to‘sib turaman. Bu qulog‘imga gapirsang, eshitaman, — debdi. Kulcha tulkining oldiga kelibdi. Tulki bir qulog‘ini to‘sib turibdi. Shunda kulcha ikkinchi qulog‘ining tagiga kelib qattiq gapiribdi. — Ey tulki, meni ye, meni ye, meni yemasang, ota-onangning etini ye! — degan ham ekanki, tulki lip etib kulchani ushlab olibdi. Tulki kulchaning chekkasidan kichkinagina teshib, ichidagi mag‘zini-moyini yeb to‘yibdi. Kulchadagi teshik og‘zini mahkam berkitibdi. Tulki kulchani ko‘tarib, bir qo‘ychivonning oldiga olib boribdi. Tulki aytibdi:
— Ey qo‘ychivon, men senga bir sovg‘a olib keldim, shunga nima berasan, — debdi. Qo‘ychivon:
— Nima berayin, — debdi. Tulki:
— Bitta yaxshi qo‘zi berib qo‘ya qolgin, — debdi. Qorni ochib turgan qo‘ychivon, bitta qo‘zi berib, kulchani olibdi. Tulki:
— Ey qo‘ychivon, men qo‘zini yetaklab, huv anovi qirdan oshib ketganimdan keyin kulchani sindirgin, — debdi. Tulki qo‘zini yetaklab, qirdan oshibdi. Qo‘ychivon kulchani sindirib qarasa, ichida hech nima yo‘q, tulki ichini yeb qo‘ygan ekan, qo‘ychivon xafa bo‘libdi. Tulkining bitta bo‘ridan o‘rtog‘i bor ekan. U tulkining oldidan chiqib qolibdi. Bo‘ri qo‘zini ko‘rib, xursand bo‘libdi. Bo‘ri tulkidan:
— Ey tulki, qo‘zini necha pulga olding? — debdi. Tulki:
— Ey, qo‘zini shuncha pulga oldim, — debdi-yu, o‘tib ketaveribdi. Tulki borib qo‘zini uyiga bog‘lab qo‘yibdi. Keyin qirga borib, qo‘ziga bir tutam shuvoq olib kelibdi. Tulki qo‘zini chaqiribdi:

Uydan uyga yugurdim,
Uy shuvog‘in sug‘urdim.
Qirdan qirga yugurdim,
Qir shuvog‘in sug‘urdim.
Jonivorim qo‘zichoq,
Eshik och, eshik och, —

debdi. Qo‘zi tovush bermabdi. Uch marta chaqiribdi. Tulki shoshilib eshikni buzib, uyga kiribdi. U uyga kirsa, qo‘zining kallasi o‘rta ustun tagida turganmish. To‘rt buti uyning to‘rt burchagida turibdimish. Tulki buni ko‘rib kayfi uchib ketibdi, ko‘p xafa bo‘libdi. Badbaxt bo‘ri do‘stim, yo‘lda qo‘zini yetaklab kelayotganimni ko‘rgan edi, qo‘zini qanchaga olding, deb so‘ragan edi. Shu so‘ragandayoq, yeb qo‘yishi ko‘nglimga kelgan edi, — deb ko‘p achinibdi. Tulki yana: “Endi seni bir boplayin”, — debdi-da, uyning to‘riga o‘ra kovlabdi. U o‘raning ichiga toshko‘mir solib cho‘g‘ qilibdi. O‘raning betiga bir kichkina yog‘ochni qo‘yib, bir bo‘yrani solibdi. Bo‘yraning ustidan bir ko‘rpachani solibdi. O‘sha kuni qo‘zichoqning kallasini qozonga solib qaynatgan edi. Tulki bo‘ri do‘stining oldiga kelibdi:
— Ey bo‘rivoy do‘stim, biznikiga yur. Men seni bugun ziyofatga chaqiraman, — debdi. Bo‘ri:
— Ey do‘stim, bugun mening tobim yo‘q, kasal bo‘lib qolibman, boshim og‘rib, zo‘rg‘a yotibman, — debdi. Tulki:
— Ey do‘stim, turgin. Kechagi qo‘zini so‘ygan edim. Qo‘zining kallasini qozonga solgan edim. Borsang, issiq-issiq sho‘rva ichamiz, tuzalib ketasan, — debdi.
Tulki bo‘rining unamaganiga qo‘ymabdi. U bo‘rini boshlab uyiga olib kelibdi va ko‘rpacha ustiga taklif qilibdi. Bo‘ri kelib ko‘rpachaning chekkasiga o‘tiribdi. Tulki:
— Ey o‘rtoq, ko‘rpachaning o‘rtasiga o‘tiring, yozilib o‘tiravering, debdi. Bo‘ri ko‘rpachaning o‘rtasiga o‘tiray, deb turgan ekan, tulki bo‘yraning chekkasidan tishlab turib tortibdi. O‘raning betidagi kichkina yog‘och o‘raning ichiga tushib ketibdi, bo‘ri ham o‘raga tushib ketibdi. Tulki ko‘chaga qarab qochib ketibdi. Bo‘ri o‘raning ichida shoshib qolibdi. Irg‘ib chiqaman, deb chalqanchasiga dumalab, cho‘g‘ning ustiga tushibdi. Bo‘rining hamma junlari kuyib, go‘shti chiqib qolibdi. Bo‘ri o‘lmasdan, go‘sht bo‘lib, o‘radan chiqibdi. Chiqib qarasa, tulki qochib qolibdi. Bo‘ri kelib bir qirning orasida yotibdi. Tulki bo‘lak tulki sifatida bo‘lib, bo‘rining oldiga kelib, hol-ahvol so‘rabdi. Bo‘ri aytibdiki: — Mening bir tulki do‘stim bor edi. Uning qo‘zisini yeb qo‘ygan edim. Meni aldab o‘raga tashlab, o‘zi qochib ketdi. Endi azob yeb yotibman, — debdi.
Tulki: — Bay-bay, yaxshi ish qilmabdi, nahotki sizga azob bersa. Men tabibman. Bunday yaralarning ko‘pini tuzatganman. Mana shu changal tikanakning ichiga kirib yugurasan. Shunda changaldagi tikanak mana bu yarangizdagi zardoblarni oqizaveradi. Uch kunda tuzalib ketasiz, — deb ketaveribdi. Shunda bo‘ri o‘rnidan turib, changallarning ichida yuguraveribdi. U yoqqa-bu yoqqa yugurib, badanlari teshilib, o‘ladigan bo‘libdi. Bo‘ri kelib, cho‘zilib yotibdi. Ertasiga tulki yana bo‘lak tusda kelibdi. U bo‘ridan hol so‘rabdi. Bo‘ri aytibdiki:
— Kecha bir tulki kelib, “changalda yugurasan”, dedi. Men yugurdim, O‘ladigan bo‘ldim, — debdi. Tulki:
— Ular tog‘ tulkisi, biz qir tulkisimiz. Ular davolashni bilmaydi, men bilaman, — debdi. So‘ng tomirini ushlab turib: — Siz kulga ag‘anayvering, — debdi. Bo‘ri kulga yotib ag‘anayveribdi, badanlariga kul kirib, juda azob tortibdi, o‘ladigan bo‘libdi. Bo‘ri badanining achiganiga chiday olmasdan, dod solibdi.
Ertasi kuni tulki yana bo‘lak tusli bo‘lib bo‘rining oldiga kelibdi: — Ey bo‘rivoy, nima bo‘ldi sizga? — debdi Bo‘ri:
— Mening bir o‘rtog‘im bor edi. Uning qo‘zisi bor edi, uni men yeb qo‘ygan edim. O‘rtog‘im meni ziyofatga boshlab borib, o‘raga tashlab, o‘zi qochib ketdi. Mening badanim kuyib, chiday olmay yigiab yotsam, bir tulki keldi. Bu tulki aytdiki, men tabibman. Siz mana shu changalda yuguravering, tuzalib ketasiz, dedi. Changal badanimni teshib o‘ladigan bo‘ldim. Shuning og‘rig‘iga chiday olmay yotgan edim. Yana bir tulki kelib, seni changalda yugurtirgan tog‘ tulkisi ekan, men qir tulkisiman, kulga ag‘anagin, dedi. Men kulga ag‘anab, kullar badanimga kirib, undan battar o‘ladigan bo‘ldim, — debdi. Shunda tulki:
— He, ilgarigi tabib tog‘ tulkisi, keyingisi qir tulkisi, men uy tulkisi boiaman, — debdi. — Bu jarohatni men davolayman, — deb bo‘rining tomirini ushlab ko‘ribdi-da:
— Sen daryoning muzini teshib, bir kosani olib, shu kosa bilan boshingga suv quyasan, shunda tuzalasan, — deb qochib ketaveribdi. Bo‘ri bitta kosani qo‘liga olib, daryoning muzini teshib, muzning ustiga o‘tirib olib, suvni boshiga quyaveribdi. Bir vaqt bo‘rining badani muzlabdi. Bo‘ri muzga chidamasdan, qochaman desa, tura olmasdan, dumi ham muzga yopishib, muzlab qolibdi. Muzdan qutula olmasdan iljayib, ishshayib o‘lib qolibdi. Tulki kelsa, bo‘ri o‘lib yotganmish. Tulki:
— O‘l-o‘la, sen yomonligingni qo‘ymading. Sen yomonligingni qo‘yganingda bunday bo‘lib, o‘lib yotmas eding, — deb ketib qolgan ekan.