Bir tog‘da dong‘i ketgan zo‘r arslon bor ekan. Shu tog‘ atrofidagi tulkilar arslondan xavotir qilib turar ekanlar.
Kunlardan bir kun arslon qarib qolib, o‘z makonida yotgan ekan. Tulkilar arslonning besh-olti kundan buyon jim bo‘lib ketganini payqab: “Endi biz arslonboyni bir ko‘rishga boraylik. U endi qarib qoldi, qo‘lidan hech ish kelmaydi”, — deb maslahat qilishibdi. Ikki tulki Arslonboy yotgan makonga kelib, uzoqroqdan turib:
— Hormang, Arslonboy, — debdi. Arslonboy:
— Bor bo‘ling, — debdi. Tulki:
— Endi qarib qoldingiz, biror ishga yaramaysiz, qanday kuningiz o‘tadi? — debdi. Arslonboy:
— Mening qulog‘im og‘ir. Nima deb vaysaganlaringizni eshitmayman. Menga yaqinroq kelib aytinglar, — debdi. Ikki tulki: «Ey, endi buning qo‘lidan nima kelar edi. U hatto, makonidan chiqa olmay qolibdi”, — deb ayyor tulkilar unga yaqinroq kelib, mazax qilisha boshlabdilar. Arslonboy payt poylab, o‘zini tappa tashlabdi va ikki qo‘liga ikki tulkini ushlab olib, mahkam siqibdi. “Hollaring qalay, yomonning jazosi shu”, — deb ikkovini ikki qo‘lida qisib pachoq-pachoq qilib yuboribdi. Shunday qilib, ayyor tulkilar gapning pishig‘ini eshitib, o‘lganlaridan bexabar qolgan ekanlar.