Ja’far Muhammad (1968)

O‘zbek va fors-tojik tillarida ijod qiluvchi zullisonayn shoir, Ja’far Xolmo‘minov 1968 yilning 20 tsentyabrida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tug‘ilgan.
1993 yili Tojikiston Davlat universiteti (Tojikiston Milliy universiteti) filologiya fakulteti fors-tojik klassik adabiyoti yilda o‘z tahsilini tugatdi. U falsafa fanlari nomzodi.
Ja’far Muhammad bir necha yildan buyon Eron Islom Respublikasi Elchixonasi huzuridagi Madaniyat vakolatxonasi tomonidan nashr etiladigan “Sino” faslnomasining bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
Hozirgacha Ja’far Muhammadning tojik tilidagi “Chashmi boron” [Yomg‘irning nigohi] (Termiz, “Jayhun”, 1997), “Mijgoni oftob” [Quyosh kipriklari] (Dushanbe, “Oli Somon”, 1999), “Tulu’i sabzi rang”, [Rangning yashil chiqishi] (Toshkent, Abdulla Qodiriy nomidagi “Xalq merosi” nashriyoti, 2003), “Tajalliy” (Toshkent, O‘zME Dav. ilmiy nashriyoti, 2008), o‘zbek tilidagi “Ko‘zgu hayrati” (Toshkent,”Tamaddun”, 2010) she’riy to‘plamlari dunyo yuzini ko‘rdi. Ja’far Muhammadning fors-tojik tilidagi she’rlari Tojikiston, Eron, Afg‘oniston hamda O‘zbekistondagi tojikzabon matbuotida, o‘zbek tilidagi she’rlari esa O‘zbekistondagi turli gazeta va jurnallarda e’lon qilingan.

BIR XIROM ETSA…

Har kishikim ul parivash zulfini yod aylagay,
Aqlu iymon tog‘ini bir pasda barbod aylagay.

Bir xirom etsa agar ul sarvqomat bog‘ aro,
Yuz qiyomatni sanavbarlarga bunyod aylagay.

Bir tabassum birla ko‘nglimni olar, halvofurush
Yig‘layotgan bolani halvo bilan shod aylagay.

Topmasa gar jannatulma’voda Shirin yorini,
Do‘zaxiylar singari Farhod faryod aylagay.

Xastadil Ja’far xarobobodida hayrondurur,
Kim xarobotiyni nechuk qayta obod aylagay?

RUMIYoNA

Man mastu tu devona, moro ki barad xona?
Sad bor turo guftam: kam xo‘r du-se paymona
Jaloliddin Rumiy

Men kimmanu qaydanman? Na mastu na devona!
Na asli haqiqatman, na afsunu afsona!

Bir go‘shada giryonman, bir davrada xandonman,
Bir onda gulistonman, bir lahzada g‘amxona.

Goh dardima chipqonman, goh o‘zima darmonman,
Bir zumda zimistonman, bir lahzada gulxona.

Gohida butun borliq qilgusi menga torlik,
Hech bo‘lmasa, sen yorlik qilgim menga, jonona!

Bilmoqchimi, qaydanman? Men xumdagi maydanman,
“Yarmim meni Turkiston, yarmim esa Farg‘ona”.

Ey oshig‘i sohibdil, Ja’far kabi bedil bo‘l,
Shoyad yoza olursan bir bayt rumiyona!

MAShRABO

Dars oldim, dars oldim maktabingdan, Mashrabo!
Mast bo‘ldim, mast bo‘ldim mashrabingdan, Mashrabo!

Etmish ikki millatu mazhabni o‘rgandim, vale,
Ko‘nglim osoyishta bo‘ldi, mazhabingdan, Mashrabo!

Hojibu mahjub o‘zingsan, tolibu matlub o‘zingsan,
Haqni topdim, Haqni topdim matlabingdan, Mashrabo!

Sajdaga boshimni qo‘ydim o‘zligimni topgali,
Angladim o‘zlikni men tobu tabingdan, Mashrabo!

ASSALOM, MUHABBAT!

Beso‘roq dilimga qadam qo‘yibsan,
Qarshimda qalamqosh sanam qo‘yibsan,
Yonimga daftaru qalam qo‘yibsan,
To‘pori, soddadil, g‘o‘r, xom muhabbat,
Assalom, muhabbat, salom muhabbat!

Kelibsan, dillardan dillarga o‘tib,
Ertakdek tillardan tillarga o‘tib,
Elchidek ellardan ellarga o‘tib,
G’oyibdan yo‘llangan payg‘om muhabbat,
Assalom muhabbat, salom, muhabbat!

Isming ne, bilmayman, bilmam qaydansan,
Samarqand, Buxoro yoki Raydansan?
Bunchalar munglisan, balkim naydansan?
Notanish, benishon, benom muhabbat,
Assalom, muhabbat, salom, muhabbat!

Mehmondek kelibsan, mezbonim bo‘lgin,
Bor-budim seniki – sultonim bo‘lgin.
Jonimdan joy olgan jononim bo‘lgin,
Ey qudsiy, ilohiy in’om, muhabbat,
Assalom, muhabbat, salom, muhabbat!

Yo‘l olis, manzilga yetish – tavakkal,
Qil ko‘prik ustidan o‘tish – tavakkal,
Yutqazish mumkinu yutish – tavakkal,
Omadsiz qimorboz, nokom muhabbat,
Assalom, muhabbat, salom, muhabbat!

SEVMASAM

Ko‘z yumay, gar bir nafas qoshu ko‘zingni sevmasam,
Ko‘r bo‘lay, illo, agar nonu tuzingni sevmasam.

Qorlar yog‘sin bahorimda, yozimda do‘llar,
Gar sening, ey navbahorim, Navro‘zingni sevmasam.

Mayli, boshimga balo yomg‘irlarin yog‘sin falak,
Gar quyoshingni, oyingni, yulduzingni sevmasam.

Men o‘zimni topa olmasman, topolmasdan seni,
Seva olmasman o‘zimni, to o‘zingni sevmasam.

Bilki, men olim emasman, gaplaringni uqmasam,
Bilki, men shoir emasman, gar so‘zingni sevmasam.

MENI SEVGIN

Bu oqshomkim, go‘zal, oydin, meni sevgin, meni sevgin,
Yurakdan ketmasidan din, meni sevgin, meni sevgin.

Bu dunyoda xatolar ko‘p, judoliklar, jafolar ko‘p,
Diling istaydi gar taskin, meni sevgin, meni sevgin.

Agar bir xastadilsan sen, alamga bastadilsan sen,
Vujudingdan olib bor tin, meni sevgin, meni sevgin.

Ayo, ey ko‘zlari xummor, Farhoding erur bedor,
Ayo, ey lablari Shirin, meni sevgin, meni sevgin.

Agar sevolmasang meni, Xudoni hech sevolmassan,
Uning sevgisidan oldin, meni sevgin, meni sevgin.

Go‘zallar ko‘p bu dunyoda, valekin men bu savdoda,
Seni sevdim, seni, omin! Meni sevgin, meni sevgin.

SENI SEVDIM

Zaminu osmonlardan Seni topdim, Seni sevdim,
Ayonu noayonlardan Seni topdim, Seni sevdim.

Jahonni sarbasar kezdim, sabodek darbadar kezdim,
Muqaddas oshyonlardan Seni topdim, Seni sevdim.

Umiding birla kun o‘tdi, xayoling birla tun o‘tdi,
Saharlardan, azonlardan Seni topdim, Seni sevdim.

Necha yuz bog‘ni aylandim, Sening atringga bog‘landim,
Muattar bo‘stonlardan Seni topdim, Seni sevdim.

Muhabbat oshkorodir, Samarqandu Buxorodir,
Valekin men nihonlardan Seni topdim, Seni sevdim.

Na Raydansan, na Yasribdan, na Mashriqdan, na Mag‘ribdan,
Magarki, Kahkashonlardan Seni topdim, Seni sevdim.

Na may qoldi-yu na sog‘ar, na devon qoldi, na Ja’far,
Qay onlarda qayonlardan Seni topdim, Seni sevdim?

QARAMADING

Yuragimni chizib berdim, qaramading,
Xaritasin tuzib berdim, qaramading.
Forsiy tilda aytolmagan dardlarimni,
Turkiyda ham yozib berdim, qaramading.

Qaramading, indamading, inonmading,
Yurakkinam qonlar yutdi, hech qonmading.
Muhabbatdan dunyo xasdek yonib ketdi,
Sen toshmiding, temirmidingki yonmading?

Gar kuy bo‘lsang, qaysi tordan taralgansan?
Ko‘zgu bo‘lsang, qay tomonga qaralgansan?
Boysundagi har bir toshning yuragi bor,
Sen qaysi tog‘ toshlaridan yaralgansan?

Yuragimni uzib berdim, qaramading,
Orzuyimni suzib berdim, qaramading.
O‘tmishimni, kechmishimni boshdan oyoq,
Vayronadek buzib berdim, qaramading.

QANOAT

Mayli, sen Boyazid Bistomiy bo‘lgin,
Termiziy, Tabriziy yo Shomiy bo‘lgin.
Sen mayli, Navoiy yo Jomiy bo‘lgin,
Men murid misoli bo‘lsam kifoya.

Sen Qorun bo‘lolsang, bo‘laver, do‘stim,
Ganjina misoli to‘laver, do‘stim.
Mayli, sen ustimdan kulaver, do‘stim,
Men darvish timsoli bo‘lsam, kifoya.

Mayli, sen qudratli g‘azanfar bo‘lgin,
Etti iqlim aro muzaffar bo‘lgin.
Mayli, sen Sulaymon payg‘ambar bo‘lgin,
Kaftingda chumoli bo‘lsam, kifoya.

GADOLIK

Shohmizmi yo gado, barchasi bekor –
Bandai ojizmiz, Xudo emasmiz.
Faqir ham bo‘lsak-da, Vatan bag‘rida,
Hech qachon benavo, gado emasmiz.

Bu ko‘hna bozorda gadolar bisyor:
Kimdir gul gadosi, pulgado kimdir.
Kimdir nonga, kimdir tirnoqqadir zor,
Mansabu masnaddan mosuvo kimdir.

Bilsangiz, aslida menga ham meros,
Eng yaxshi gadolik – suxangadolik.
Hech kimga qolmasin meros, iloyo,
Eng yomon gadolik – vatangadolik.

O‘TGANMAN

Nasihat qilma, ey voiz, bu maktablardan o‘tganman,
Tariqatni niqob etma, bu mashrablardan o‘tganman.

Nechun bu yangi odatlar, muhabbatsiz ibodatlar?!
Bu bid’atni yig‘ishtir, men bu mazhablardan o‘tganman.

Kerakmas yangi yulduzlarki Somon yo‘lini ko‘zlar,
Men ul Shohi muhabbat birla kavkablardan o‘tganman.

Tariqatni niqob etding, shariatni xarob etding,
Riyo birla dema “yorab”ki, “yorab”lardan o‘tganman.

Bahouddinni bilmassan, Imom A’zamdan ermassan,
Menga lof urma mansabdanki, mansablardan o‘tganman.

Agar din olamorodir, uning ko‘rki Buxorodir,
Menga dars o‘tma dindan, men bu matlablardan o‘tganman.

ZIKRI XAFIYDANDIR

Agar toatda lazzat bordir, zikri xafiydandir,
Ibodatda ne izzat bordir, zikri xafiydandir.

Lisoniy ishqdir jonsiz, nihoniy ishq poyonsiz,
Neki pinhon saodat bordir, zikri xafiydandir.

Agar atri vujudidan, va yoxud abri judidan,
Biron-bir qatra rahmat bordir, zikri xafiydandir.

Muhabbat korzorida, va yo ko‘ngil shikorida,
Agar bir lahza nusrat bordir, zikri xafiydandir.

Dedi: shuhratda ofatdir, tariqat rasmi xilvatdir,
Agar xilvatda rohat bordir, zikri xafiydandir.

Borib ayt ul qalandarga, o‘shal darvish Ja’farga,
Agar chin bir karomat bordir, zikri xafiydandir.

QAYGA YuZ TUTSAM

Qayga yuz tutsam, yuzimni tirnagay tirnoqlar,
Ko‘z tikar yuz bir tikan, bossam qayon oyoqlar.

Kimgaki, ko‘nglimni ochsam, mamlakatga sochgusi,
Har tomondan bir hasadgo‘ tig‘ini qayroqlar.

Ey shaharlik qiz, dilimni buncha vayron aylama,
Aylanar bir kun shaharlarga go‘zal qishloqlar.

Senga men mag‘lub bo‘lmog‘im sharafdir, ey nigor,
Kelu bayram qil, qo‘limda bo‘lsa oq bayroqlar.

Sen mening she’rimdan, ey qallob, ursang misrani,
Ehtiyot bo‘lgin: aruzda kesilur barmoqlar.

TONG OTMADI

Bir kecha oydek to‘lib sen kelmading, tong otmadi,
Bir nafas mehmon bo‘lib sen kelmading, tong otmadi.

Ko‘zlaringga jon tasadduq, ko‘zlarim ko‘zgusida,
G’uncha yanglig‘ ochilib, sen kelmading, tong otmadi.

Yuz jarohatni dilimga bedarig‘ etding nisor,
Bilmayin yoki bilib… Sen kelmading, tong otmadi.

Orzular shahrida hasratda kuymoqda yurak:
Aylanib yo o‘rgilib, sen kelmading… Tong otmadi.

Jon labimga keldi-yu, ey g‘unchalab, so‘ndi umid:
Sho‘xu shodon bir kulib, sen kelmading. Tong otmadi.

Ham qalam qo‘limdadir, ham yuz alam ko‘nglimdadir,
Ishqilib, bir ish qilib sen kelmading: Tong otmadi!

O‘chdi yulduzlar samoda, o‘chmadi ammo chiroq,
Ketdi Ja’far ezilib: Sen kelmading, tong otmadi.

ALBATTA, MENMAN!

Chorraha ustida
To‘rt tomon boqqan
Hayronni ko‘rolsang,
Albatta, menman!

Qo‘lida portfelin
Ko‘tarib yurgan
Insonni ko‘rolsang,
Albatta, menman!

Yaxshiga jonini
Fido etguvchi
Qurbonni ko‘rolsang,
Albatta, menman!

Yomonga tik turib
Bo‘yin egmagan
Yomonni ko‘rolsang,
Albatta, menman!

Attorning ortidan
Savdosiz qolgan
Do‘konni ko‘rolsang,
Albatta, menman!

Jildini chang bosib
Hech kim ochmagan
Devonni ko‘rolsang,
Albatta, menman!