Fayzi Shohismoil 1938 yil 10 noyabrda Gurjistonning Axisxa tumanining Minadze qishlog‘ida tug‘ilgan. Bolaligi Samarqand viloyati Mitan (hozirgi Ishtixon) tumanida o‘tdi. So‘ngra Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida o‘sib ulg‘aydi.
Bolalar shoiri, xalqaro sharhlovchi, tarjimon sifatida tanildi. “Adashboy”, “Irmoqlar”, “Cho‘qqi bilan suhbat”, “Bizning olam”, “Yig‘loqi bulut”, “Bahor qo‘shiqlari” she’riy to‘plamlari chop etildi. Bolalar va kattalar uchun o‘ndan ortiq she’r va g‘azallariga Sharif Ramazonov, Botir Umidjonov, Qahramon Komilov va Avaz Mansurov kabi taniqli bastakorlar kuylar bastalashgan. Kamoliddin Rahimov, Nuriddin Haydarov, Xursand Sherov, Malohat Dadaboyeva, G‘iyos Boytoyev va boshqa san’atkorlar uning ijod namunalarini jo‘shib kuylashgan.
“Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan (2004 yil).
1997 yildan umrining so‘nggi 2015 yilgacha “Jahon adabiyoti” jurnalida mas’ul kotib lavozimida mehnat qilgan.
BAHOR
O‘lkamning siynasida
Yangi olam yaraldi.
Ariqlarning bo‘yidan
Yalpiz hidi taraldi.
Ajib hidni tuygani
Yuzim bursam dalamga,
Bahorning erka qizi
Nargiz chiqdi salomga.
YIG‘LOQI BULUT
Chimyonning cho‘qqisidan
Oshib o‘tardi bulut.
Ilinmay deb cho‘qqiga
Shoshib o‘tardi bulut.
Lekin ilinib qolib
Etaklari so‘kildi.
Qo‘ynidan marvaridlar
Erga duv-duv to‘kildi.
Qir-adirlar ustida
Bulut yig‘ladi yum-yum.
Jarliklarning pastida
Jilg‘a boshladi o‘yin…
YoRDAMChI
Artishdi akam, opam,
Oyna ketdi yaltirab.
Axir yordamchi men ham
Bekor turmadim qarab.
Barmog‘imni ko‘k, qizil
Bo‘yoqlarga botirib,
Artilgan derazaga
Rasm chizdim qotirib.
QUYMOQ POLVON
Oyijonim Botirga
Shirin quymoq pishirdi.
Men ham u bilan birga
Maza qilib tushurdim.
Hayronman, oyim nega
«Polvon» deb erkaladi.
Axir men quymoq yegach,
Botir qoshiq yaladi.
PINGVIN
Qaynar hayvonot bog‘i,
Qiy-chuv to‘la har yog‘i.
Ko‘plar panjara osha,
Filni qilar tomosha.
Pingvinda ham odam ko‘p
Bolalar turar to‘p-to‘p.
Boqqancha takror-takror
Zavqlanadi Shahriyor:
— Ada, Pingvinga qarang,
Pati muncha rang-barang.
Chiroyli tik turganda,
Lapanglarkan yurganda.
Xuddi Nilufar kabi.
Nilufar tishlab labin,
Avvalo bo‘lib hayron,
So‘ng deydi tili biyron:
— Agar o‘xshasa, nega
Qanot chiqmagan menga?!
MUZQAYMOQ
Tatib ko‘rdim — muzqaymoq
Biram shirin oh, oh, oh!
Bir maza qilay dedim,
Ketma-ket uchta yedim.
Yana yer edim, biroq
Xirillab qoldi tomoq.
Ovozim xip bo‘g‘ildi,
Yo‘tal tiqilinch qildi.
Bormadim bog‘chaga ham,
Do‘xtir chaqirdi opam.
— Og‘zingni ko‘raychi bir,
Angina, — dedi do‘xtir.
Muzqaymoqning ishi bu,
O‘shaning qilmishi bu!
Endi shoshib yemayman,
Ko‘p obering, demayman.
Eng mazasi oz ekan,
Oz-oz yeyish soz ekan.
TA’ZIM
Do‘stlarim, quyoshdan boshlayman so‘zni,
Quyoshdir avvalo hayotning boshi.
Lekin ongimizni, shuurimizni
Yoritar onaning mehr quyoshi.
Shu bois avvalo aytib dil rozim –
Onajon, men sizga qilaman ta’zim.
Mening eshitganim eng go‘zal qo‘shiq,
Beshigim tebratib aytgan allangiz.
Ilk qadam bosganda yurakdan jo‘shib
Cheksiz quvonchlarga to‘lgan pallangiz,
Tasvirlashdan ojiz har qanday nazm –
Onajon, men sizga qilaman ta’zim.
Meni oq yuvdingiz, oq taradingiz,
Mening dardlarimga siz balogardon.
Quvonch–tashvishimda siz yaradingiz,
Meni asradingiz ne balolardan,
Bugun mag‘rur yangrar ekan ovozim,
Onajon, men sizga qilaman ta’zim.
Hamroh bo‘lgim kelar har tong uyg‘onib,
Jo‘shqin sharsharalar, toshqin soylarga.
Ichimda bir soching otashi yonib,
Erka bolaligim o‘tgan joylarga,
Siz bergan ko‘z bilan solganda razm
Onajon, men sizga qilaman ta’zim.
Do‘stlardan yolchisam, kulsa omadim,
Xushnud davralarda o‘tirsam to‘lib.
Davrga tenglashib tashlasam odim,
Qayerda bo‘lmayin iqbolim kulib.
Qalbimda shodliklar boshlasa bazm –
Onajon, men sizga qilaman ta’zim.
Tunlari zavq bilan boqamiz oyga,
Oyga qiyoslaymiz mahbubamizni,
Aytin-chi dunyoda qaysi chiroyga
Tenglashtirib bo‘lar, onajon, sizni,
Sizsiz bo‘larmidi bahorim, yozim –
Onajon, men sizga qilaman ta’zim.
Sevib ardoqlaymiz ona diyorni,
Yurtimiz poyiga to‘shaymiz gullar,
Madh etgan chog‘imiz bir go‘zal yorni.
Hatto sayrashidan to‘xtab bulbullar.
Sizni ta’riflashga qancha so‘z lozim, –
Onajon, men sizga qilaman ta’zim.
Ko‘zni qamashtirar tog‘lar viqori,
Samoviy kenglikka talpinar yurak.
Dilni yayratsada cho‘qqilar qori,
Jonimga sizchalik bo‘lolmas tirak.
Siz bilan yangroqdir qo‘ldagi sozim
Onajon, men sizga qilaman ta’zim.
1988.
ESIZ…
Ellik yil yashabman yorug‘ dunyoda
Ellik yil shunchalar tez o‘tdi nahot?
Kecha kelgandayman axir dunyoga,
Ellik yillik umrim qayga ketdi, dod?!
Axir ko‘p ishlarga ulgurganim yo‘q,
Endi taniyapman sirli olamni.
Arzigulik ishga qo‘l urganim yo‘q,
Yolchitib tutmadim hatto qalamni…
1988.
DURDONA DIYoR
Quyosh kular doim qoshingda sening,
Oy, yulduz parvona boshingda sening,
Zar unar tuprog‘u toshingda sening,
Aziz O‘zbekiston – durdona diyor.
Eling mehnatsevar shimarig‘liq yeng,
Dalalarning cheksiz – bag‘ring kabi keng.
Do‘stlar davrasida tenglar ichra teng.
O‘g‘lonlaring botir – mardona diyor.
Amu bilan Sirdan suv ichdim to‘yib,
Bag‘ringda o‘stirding erkalab, suyib.
Sevdim quchog‘ingni men mehr qo‘yib,
Jonim fido senga, ey ona diyor.
Bulutga bosh urgan tog‘laring go‘zal,
Jannatdan qolishmas bog‘laring go‘zal.
To‘rt fasl ilhombaxsh chog‘laring go‘zal,
Bo‘lay men boshingga parvona diyor.
Ta’rifing bitishga qog‘oz yetishmas,
Madhingni chertishga ming soz yetishmas.
Shohismoil aytar: – dil roz yetishmas,
Sen menga olamda yagona diyor.
ZULFIYaXONIM
Yoningizdan har kim o‘tadi shoshib,
Men ham yoningizdan ishga o‘taman.
Tosh supada o‘tiribsiz yarashib,
Bosh eggancha nafasimni yutaman.
Faxr bilan boqib sizga, ustozim,
Hoki poyingizga qilaman ta’zim.
Yuragimni tirnar dard bilan alam,
Muncha ma’yus ko‘zlaringiz farishtam.
Yolg‘iz o‘tiribsiz, bunda parishon,
Ey sadoqat ramzi, fidoyi inson!
Etmasmidi shuncha yil kutganingiz,
Hasrat bilan sog‘inib o‘tganingiz.
Shoh supada siz-la ko‘rinmas nechun
O‘zbegimning dilbar shoiri bugun?
Ijodi barq urib gullagan damda,
Sizni ham, elni ham, qoldirib g‘amda
Uni bag‘ringizdan yulib oldilar.
Chirqiratib Hulkar bilan Omonni,
Sizning qalbingizga ming dard soldilar.
Axir bundan rosa o‘n yillar burun,
Mana shu go‘shada, xuddi shu joyda,
Turardi Hamidning mo‘jaz byusti.
Gullar tark etmasdi qachon qaramang,
Gulga g‘arq turardi tosh supa usti.
Ko‘zga nur berardi, dillarga g‘urur.
Yurakdan bitilgan shoir so‘zlari:
“Men elimning yuragida yashayman,
Erk deganning tilagida yashayman”.
Shodlik kuychisining, baxt kuychisining
Quyma satrlari har kun, har zamon,
Qulog‘im ostida jaranglar hamon.
Qanday yashnab turar edi bu go‘sha,
Shoir ruhi bilan obod hamisha.
Yarashib ketardi evoh naqadar,
Yonma-yon turganda ikkovingiz gar.
Turib-turib menga qiladi alam.
Nega shodlik bilan doim birga g‘am.
Nega ayirdilar bir-biringizdan –
Siz Zuhrani Tohiringizdan.
Doim bosh egaman huzuringizda.
Onalar bardoshi aks etar sizda.
Zulfiya – farishta, shoira, ona –
Ta’zimga kelaman yana va yana!
O‘ZBEGIM GO‘ZALLARI
Turonim – Turkistonim,
Obod bog‘u bo‘stonim –
Hur qizlaring haqida
Yangrar bugun dostonim.
Oy qizlar, pari qizlar,
Ko‘ngil sarvari qizlar.
Gulchehra parivashlar,
Ohu ko‘z, qora qoshlar.
Jamolingiz jilvasi
Yurakka olov tashlar.
Oy qizlar, pari qizlar,
Ko‘ngil sarvari qizlar.
Suluvlikda tengi yo‘q,
Kiprigi jon olar o‘q,
Tasanno bo‘yingizga
Bo‘lsin jonlar tasadduq.
Oy qizlar, pari qizlar,
Ko‘ngil sarvari qizlar.
Sarqomat, xipcha bel,
Ifor tarar qirq kokil,
Muncha shirin so‘zingiz
Shakardanmi sizda til,
Oy qizlar, pari qizlar,
Ko‘ngil sarvari qizlar.
Har biringiz bir pari,
Ko‘z quvnar boqqan sari.
Mangu yashang olamda
O‘zbegim go‘zallari.
Oy qizlar, pari qizlar,
Ko‘ngil sarvari qizlar.
1997.