Yangi uchastkani qabul qilib olgan kunimning ertasi edi. Ishni nimadan boshlashni bilmay, aslida bilaman, axir shu sohada suyagim qotgan, ammo nima uchundir ko‘nglimni allaqanday g‘ashlik, dilgirlik, kimdandir, nimadandir norozilik tuyg‘usi qamrab olganidan, qo‘lim ishga bormay, bitta-yarim bexosdan eshikdan bosh suqquday bo‘lsa, o‘zimni band odamday ko‘rsatish uchun atrofimga kerak-nokerak hujjatlarni sochib qo‘yib, stolga tirsaklarimni tiragancha o‘yga cho‘mib o‘tirganimda telefon jiringladi.
– Alo, eshitaman.
– Uchastkavoymisiz? – ayol kishining bo‘g‘iq, shang‘i ovozi eshitildi.
– Ha.
– Yangi uchastkavoymisiz?!
– Ha, gapiring. Eshitaman.
– Men 76-domdan telefon qilyapman. Iloji bo‘lsa, bir kelib ketsangiz.
– Tinchlikmi, nima gap?!
– Yonimizdagi domda…
– Nechanchi dom?!
– 78-dom atrofida necha kundan buyon allaqanday erkak aylanib yuribdi… Menimcha, birinchi kvartiradagi yangi qo‘shninikiga kelgan! Bolalarimizni ko‘chaga o‘ynagani chiqarishgayam qo‘rqyapmiz. Odam bilib bo‘ladimi!.. Agar Siz fuqarolarning tinchligini qo‘riqlaydigan nozir bo‘lsangiz, kelib holimizdan xabar olsangiz yaxshi bo‘lardi! Yoki avvalgi uchastkavoyimizga o‘xshab…
Ayol mendan oldin ishlagan sobiq nozir sha’niga ancha-muncha hamiyatga tegadigan gaplarni gapirdi. Tushunarli, ishdan ketgan odamning ortidan har doim ham yaxshi gap aytilavermaydi. Ko‘p yillardan buyon nozirlik ishlarida ishlab kelayotganim uchun bunday gap-so‘zlaru mojarolarga ko‘nikib ketganman. Mayli-da!..
– Xotirjam bo‘ling, bu ishning tagiga yetaman.
– Hoziroq yetib kelsangiz yaxshi bo‘lardi. Chunki o‘sha pod’ezdga hozirgina o‘sha kishi kirib ketdi! O‘lay agar, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim….
78-uyda yashovchi fuqarolarning kerakli hujjatlarini qo‘lga olib, shoshilinch ko‘z yugurtirdim, birinchi kvartirada ayol kishi ro‘yxatda turibdi: Muslimova Ra’no Qodirovna.
Zudlik bilan papkamni qo‘ltiqlagancha xonadan chiqdim.
***
Mana, yetmish sakkizinchi uy. Ikki tomonidan burama moshina yo‘li kesib o‘tgani uchun boshqa uylardan alohida ajralib qolgan yetim uy…
Qiziq, uylar ham bir-biriga o‘xsharkan, degan g‘alati fikr xayolimdan o‘tdi. Chunki ancha yillar oldin xuddi shunday uyda yashagandim-da. Faqat shaharning narigi chekkasida. Biz yashagan uy ham ikki tomonidan burama moshina yo‘li kesib o‘tgani uchun qo‘shni uylardan ajralib qolgan, besh qavatli, ikki xonaligu bir xonalik kvartiralardan iborat, lekin yaqinda qurib bitirilgani uchunmi, yangi va ko‘rimli edi. Devorlari silliq, bo‘yoqlari yarqirardi. Ayniqsa, kechki paytlar botayotgan quyoshning olovrang shu’lalari uyning yon devorlarida jilva qilganida bir boshqacha fayzli ko‘rinardi. Bu uy esa xuddi egalari tashlab ketganday ancha g‘arib va qarovsiz edi. O‘sha paytlari qo‘shni bo‘lgan tanishlarimiz beixtiyor esimga tushdi: er-xotin o‘qituvchilar Mahbuba bilan Mirsaid… Ikki o‘g‘li bor beva mantipaz Maryam opoqi… Sohibjamol Ra’no… Borya aka bilan Lyuda opa…
Kasbimizga xos sovuqqonlik mening ham tabiatimni chetlab o‘tmagan bo‘lsa-da, “peshona”siga qizil rangda yozilgan “78” raqami ancha uniqib qolgan “dom” hovlisida turarkanman, negadir yuragim to‘liqdi.
Bir mahal yo‘lning narigi tomonidagi uydan ellik besh-oltmish yoshlar chamasi lorsillagan ayol chiqib, go‘yoki o‘z ishi bilan ketayotgan odamday yonimdan o‘tarkan, o‘ng tomondagi balkon derazasiga ishora qildi-yu, shipillagancha o‘z yo‘lida davom etdi.
Ayol ko‘rsatgan derazaga qarab, bir vaqtlar o‘zimizning yetim uyning birinchi qavatida yashagan Ra’noni – yanglishmadim, shekilli, uning ismi Ra’no edi-yov, e, nima farqi bor, Ra’nomi, boshqami, muhimi, u juda go‘zal edi, chiroyli narsalarga esa qanday nom berilmasin, baribir go‘zal bo‘lib qolaveradi – qo‘shni juvonni esladim.
To‘g‘risini aytsam, birinchi marta uni ko‘rganimda hayratdan o‘zimga kelolmaganman. Lekin keyin yoqtirmay qoldim. Ko‘cha-ko‘yda, ayniqsa, qo‘ni-qo‘shnilar oldida o‘zini xokisor, ko‘ngli ochiq ayol sifatida ko‘rsatgani bilan axloq masalasida unchalik toza emasdi, shekilli. Hamisha tartib-qoidani, pokizalikni hamma narsadan ustun qo‘yuvchi nozirlar sulolasining vakili bo‘lganim uchun ham uni jinim suymagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Yanayam, kim bilsin… Lekin xotinimning unga havasi kelardi: “Yakka o‘zi ikki xonali hay-hot-day uyda yashaydi-ya… Ijarada bo‘lsayam!”. Gapirsa gapiribdi-da, birovlar hayoti xotinlar uchun hamisha jannat bo‘lib ko‘rinaveradi, deb o‘ylasam ham, xotinimning qandaydir ayolning turish-turmushiga havas qilishi negadir g‘ashimga tegardi, shuning uchun: “Qaydan bilasan, balki o‘sha xotinning senga havasi kelar, bir xonali bo‘lsayam, o‘z uyimiz. Allaqanday ijaraxona emas!” deya uzib olardim har safar.
Balki gap na sulolada, na xotinimning unga havasi kelganida emasdir… Nima desam ekan… Nafsilamrni aytganda, o‘sha Ra’noning chiroyli yuz-ko‘zlariga sinchiklab tikilgan odamni bir narsa hayratgami, taajjubgami solardi-da. Bu nima edi? Ochig‘i, bilmayman. Muloyim kibrmi yoki nafratmi… balki o‘z hayotidan norozilikmi… bilmayman, bilmayman… Balki menga duch kelganida uning yuz-ko‘zlariga shunaqa ifoda balqir? Axir, bizning ishimizning kimlargadir noxushlik, notinchlik keltiradigan tomonlariyam bor-da!
U vaqtlarda o‘sha uy joylashgan mavze menga qarashli emasdi, lekin yosh va qiziqqon, buning ustiga, o‘z kasbimni yaxshi ko‘rganimdan, har ehtimolga qarshi (xizmat yuzasidan deganday!), bilib qo‘ysam yomon bo‘lmasdi, degan fikrda qo‘shnilarimizning deyarli hammasi haqida ancha-muncha narsalardan xabardor edim. Ra’no haqida-ku allaqachon ko‘p narsalarni bilib olgandim.
Aytgancha, birinchi marta uni uyimiz muyulishida uchratganman. O‘sha kuni odatdagiday uydan vaqtli chiqqandim. Kutilmaganda qarshimdan chiqib qoldi. Menga ko‘zi tushdi-yu, birdan yurishdan to‘xtadi, surma tortilgan qiyiq ko‘zlari bir lahza bezovtalik bilan boqdi, keyin yerga qaragancha turib qoldi. Kulcha yuzi oppoq, bo‘ynida pushtirang shohi durracha yengil hilpirayotgan, kamsuqum, xushbichim, sohibjamol!
Biz kumushrang tong pallasi gap-so‘zsiz, yo‘l o‘rtasida turardik. Na u bir so‘z dedi, na men… Yonginamizdan birinchi avtobusning shuvillab o‘tishi va axlat chelagini bo‘shatgani chiqqan Maryam opoqining o‘tkir nigohi ikkalamizni ham hushyor torttirdi. Biz mum tishlagancha o‘z yo‘limizdan ketdik.
Keyingi safar uni teatrda ko‘rib qoldim.
O‘sha vaqtlarda rosa shov-shuv bo‘lgan tarixiy spektakl namoyishi o‘tayotgan edi. Tomoshabinlar suvday oqib kelayotgan, teatr xodimlari azbaroyi tinchlikni saqlash maqsadida bizlardan ko‘mak so‘ragan, shuning uchun men bilan o‘rtog‘im qo‘shimcha kuch sifatida navbatchilikka yuborilgandik. O‘rtog‘im bundan norozi edi. U teatrni ham, tomoshalarni ham yoqtirmasdi. Menda esa aksincha. Nafosat va san’at hamisha qalbimni rom qilib kelgan. Ayniqsa, yerni qarsillatib tepib, raqsga tushish jonu-dilim edi. Uylanmasimdan oldin xonamga qamalib olib, sho‘x musiqaga xumordan chiqquncha raqsga tushgan vaqtlarim bo‘lgan…
Chetda turgancha zalni kuzatarkanman, lojalardan birida o‘tirgan Ra’noni ko‘rib qoldim. Egnida bo‘g‘ma yoqali ko‘ylak, jajji, pushtirang quloqlarida tilla baldoqlar yaltiraydi. Yonida elliklarga borgan, sochlari oppoq, ammo o‘ta bashang kiyingan savlatli kishi u tomon xiyol engashib bir nimalarni shivirlar, gap orasida Ra’noning yelkasi uzra mavjlangan sochlarini silab qo‘yardi. Bu hol bir zumda Ra’noning tasavvurimdagi nurli siymosini chilparchin qilib, siniqlarini har tomonga sochib yuborgandek bo‘ldi. Ijirg‘anib aftimni burishtirdim. O‘shanda ilk bor ich-ichimdan kuchli bir narsa ko‘tarildi: Tangri taolo go‘zallikni yaratishdan oldin unga faqat va faqat yaxshilik hamda poklik ramzi bo‘lsin, deya hukmi ilohiy e’lon qilmagan ekan-da!
Ammo-lekin xayolan “oqsoch”ning gardaniga rosa musht tushirdim!
Shu vaqt orkestr mumtoz bir kuyni chala boshladi-yu, men uchun hamma narsa o‘z o‘rnidan qo‘zg‘alib, havoda muallaq qolganday bo‘ldi. Hamma-hammasini – xizmatda ekanligimni ham, Ra’noni ham unutdim.
Spektakl yarimlaganda bexosdan o‘zimga kelib, atrofimga hushyor nazar tashladim. Axir, men bu yerga tekin tomosha ko‘rish uchun yuborilmaganman-ku!
Bir zum ichida nigohim butun zalni qamrab oldi. Va… Ra’noda to‘xtadi. U haliyam o‘sha “oqsoch”ning yonida, to‘g‘rirog‘i, undan o‘zini tortibroq o‘tirardi.
Tomosha tugab, odamlar zaldan chiqa boshlaganlarida Ra’no “oqsoch”ni qo‘ltiqlagancha issiq oqim aro yonimdan sirg‘alib o‘tib ketdi Nazarimda, u meni ko‘rdi, tanidi ham, lekin tanimaganga, ko‘rmaganga oldi. Birdan ichimda nimadir lovullab ketdi. Nafrat bilan jinoyatchiga qaraganday ortidan qattiq tikilib qoldim.
Ertasi kuni qo‘ng‘iroq qilib hamkasb nozirni hushyorlikka chorlab qo‘ydim. Axir, bilib bo‘ladimi, bunaqa ayollar yashaydigan xonadonlarda nimalar yuz berishini!
Hamkasb nozir – qirq beshlarga borgan, semizligidan hamma yog‘ini yog‘ bosgan kishi – sergak tortish o‘rniga pixillab kuldi, keyin palag‘da ovozda dedi:
– U ayol nozik odamlardan biriga tegishli, tilingizga ehtiyot bo‘ling! Lekin “qizaloq” chakkimas-a!
“To‘nka!”
***
Pod’ezdga kirib, u yerda hech kim yo‘qligini ko‘rgach, qoramtir qizg‘ish dermatin qoplangan eshik qo‘ng‘irog‘ini chaldim. Keyin yana ikki marta… Ammo hech kim eshikni ochmadi.
Pod’ezd tugul, uyda ham hech kim yo‘q-ku, degan xayolga bordim.
Qo‘ni-qo‘shnilardan so‘rab-surishtirishga haqqim bor, ammo qaysarlik va jahl bilan tashqariga chiqib, birinchi qavatning balkoni ostidagi beton supaga borib o‘tirdim.
Atrofga zingil soldim. Hovli kimsasiz, zerikarli, atrofda bolalar maydonchalari va qo‘qqaygan domlaru daraxtlardan boshqa hech narsa yo‘q. Anavi yerda o‘rindiq qo‘qqayib turibdi, lekin butun joyi yo‘q, bir tomonga qiyshayib qolgan. Na bir do‘kon, na bozor-o‘char bor. Hatto pistachilaram yo‘g‘-a! Shunaqa xudo urgan joy ham bo‘ladimi?! Avvalgi ishxonam bu yerdan ming marta yaxshiroq edi. Otchopar atrofidagi, odam ham, savdo-sotiq ham gavjum mavzeda ishlash boshqacha-da. To‘g‘ri, unaqa joylarda hamma ham ishlayvermaydi. Nafaqat ishni, balki odamlarni ham yaxshi biladigan, iloji boricha hech kimni, hatto mushukning ham hasadini keltirmaydigan puxta nozir bo‘lmasa, u yerlarda tartib-qoidani ushlab turish qiyin. O‘zi, to‘rt-besh yildan keyin nafaqaga chiqaman deb turgandim, nega birdan bu yoqqa yuborishdi, hayronman?! Oddiy nozirning bir mavzedan boshqasiga o‘tishi ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini tortmasligi mumkin, ammo o‘sha nozirning o‘zini ming turli o‘y-xayollar ilon-chayon bo‘lib chaqishi turgan gap!
“Anavi, mendan oldingi nozir qay go‘rdagi saunaga borgan ekan? Har qalay, begona mavzega bosh suqmagandir? U sho‘ring qurg‘urning taqdiri ne kechadi endi? Umr bo‘yi tartib-qoida sohasida ishlagan odam boshqa joyda ishlay olarmikin? Umuman, boshqa joyda uni qanday qabul qilishadi? – deya xayolimdan o‘tkazdim. Keyin betoqatlik bilan yana o‘zim haqimda o‘yladim: – Odatda, bunaqa mavzelarga yoshlarni yuborishardi. Men ancha-muncha xizmat qilib qo‘ygan odam bo‘lsam. Obro‘yim ham yomon emasdi… Nega…”
Tavba, anavi so‘lg‘in qarag‘ayning kimga keragi bor ekan? Kesib tashlashsa bo‘lmaydimi?! – beton ariqcha bo‘yida bir tomonga qiyshaygan daraxt negadir ko‘zimga shumshuk ko‘rindi. Esimda, besh yashar o‘g‘lim yangi yil arafasida archa olib keling deb xarxasha qilganida, uyimiz yonidagi mana shunga o‘xshash qarag‘ayning bir shoxini sindirib olib borgandim…
Xo‘p, alomat tentak bo‘lgan ekanman-da!
Bir mahal nimadir taraqlagandek bo‘ldi. Deraza ochildimi, deb o‘ylab ortimga qaradim. Yo‘q, deraza boz-boyagiday berk edi. Ichkarida odam bor, shekilli, degan shubhaga borib, o‘rnimdan turdim, avval o‘ng tomondan, keyin chap tomondan aylanib, atrofni kuzatdim. Hech kim yo‘q. Kutishga qaror qildim. Balki kimdir ayyorlik qilayotgandir.
Xayolim yana Ra’noga ko‘chdi.
***
Qish oqshomi edi. Kechki ovqatdan keyin oyoqni uzatib hordiq olayotgandim, kutilmaganda pastki qavatdagi xonadonlardan birida shovqin-suron eshitildi. Qichqirib uyni boshiga ko‘tarayotgan ayol kishi edi: “Keting! Hoziroq chiqib keting! Sizsiz ham yashay olaman. Agar ketmasangiz, o‘zimni derazadan tashlayman!”. O‘rnimdan sakrab turgan edim, xotinim yo‘limni to‘sdi.
– Aralashmang, baribir derazadan o‘zini tashlamaydi, – dedi u meni hayron qoldirarli vazminlik bilan.– Birinchi qavat-ku…
– Ra’nomi? – dedim ovozim bo‘g‘ilib. – Nimadir bo‘lgan, shekilli…
– Shekilli emas, allaqachon bo‘lar ish bo‘lib bo‘lgan! – dedi xotinim endi andak zarda bilan. – Har doim uyiga kep turadigan kishi Ra’noni o‘lguday yaxshi ko‘radi!..
– Yaxshi ko‘rsa, uylansin! – deb yubordim beixtiyor.
– Xotinim negadir xo‘rsinib qo‘ydi, keyin davom etdi:
– Ra’no ham shuni istaydi, ammo xushtori negadir bu majburiyatni bo‘yniga olgisi kelmaydi. Lekin, – xotinim qizishib ketdi. – Ra’noni ham o‘z holiga qo‘ymaydi. Mana shunaqa urush-janjallardan keyin ikki oylab yo‘q bo‘lib ketadi-da, yana paydo bo‘lib qolaveradi.
– Haydab solsa bo‘lmaydimi? – ovozim past chiqdi, o‘zim zo‘rg‘a eshitdim, lekin xotinim yaxshi anglagandi.
Menimcha, Ra’no unga o‘rganib qolgan.
“Har doim uyiga kep turadigan kishi Ra’noni o‘lguday yaxshi ko‘radi”mish. Ra’no-chi? Ra’no uni yaxshi ko‘radimi-yo‘qmi? Mana bugun urishib qolishdi. Endi oqsoch ikki oy, balki undan ham ko‘proq qorasini ko‘rsatmaydi. O‘zicha arazlaydi, go‘yo sensiz ham yashay olaman, deganday, kim bilsin, balki chindan ham Ra’noni ko‘rgisi kelmayotganiga, yoshi bir joyga borib qolganida yo‘ldan ozganiga o‘zini o‘zi ishontirmoqchi bo‘lib vaqt o‘tkazar, buyam aslida uning yoshidagi odam hayotiga rahna solayotgan keksalik ojizliklaridan biri, menimcha. Ra’no bo‘lsa bu yoqda xun bo‘lib yuraveradi. Lekin kutilmaganda yana oqsoch paydo bo‘lib, Ra’noning yo‘lini to‘sadi. Shunda Ra’no hech narsa bo‘lmaganday uni qabul qilaveradimi? – dilimni xunob qilayotgan chalkash xayollar tonggacha orom bilmadi.
Ertalab zinadan tushayotib Ra’noning eshigi oldida o‘tirgan oqsochga ko‘zim tushdi. Fahmimcha, kechasi Ra’no baribir uni haydab chiqargan, u esa ketishni istamay, zinada o‘tirib tong ottirgan! Qadam sasini eshitib oqsoch bezovtalandi, iztirob ichida bir nimalar deb g‘o‘ldiragancha o‘rnidan turdi, ko‘ylagi yoqasida qiyshayib qolgan qimmatbaho galstugini to‘g‘riladi, to‘zg‘in sochlarini tuzatgan bo‘ldi, keyin go‘yo hozirgina kelgan kishiday eshik qo‘ng‘irog‘iga qo‘l cho‘zdi.
Yonidan o‘tayotib ko‘z qirim bilan oqsochning gezargan, tirishgan yuziga razm soldim. Ko‘rinishidan bama’ni, hatto ziyoli odamga o‘xshaydi. Nima balo jin urib bu ko‘yga tushgan ekan sho‘rlik? Kechikkan muhabbatmi yoki hayotidan, oilasidan norozilik sabab bir chimdim halovat istab yurganlardanmikin? Balki butun umr omadning, obro‘-e’tiborning ortidan quvib, boriga qanoat qilib yurgan-u, kutilmaganda qarshisida benihoya sohibjamol paydo bo‘lganida oqsoch es-hushini yo‘qotgan, o‘z obro‘siga dog‘ tushiradigan tavakkalga qo‘l urishga esa jur’ati yetmaydi…
Shu voqeadan keyin ikki oy o‘tib, kechki payt xotinim to‘satdan:
– Ertaga ishdan vaqtli kelasizmi? – deb so‘rab qoldi.
Nima gap, deganday savol nazari bilan qaradim.
– Ra’noning tug‘ilgan kuni ekan. Qo‘shnilarni uyiga taklif qilgan.
– Nima bo‘pti shunga? – dedim birdan avzoyim o‘zgarib.
– Nima bo‘pti, deganingiz nimasi? – dedi xotinim ohista, hayron bo‘lganini bildirmay. – Ertaga Ra’noning tug‘ilgan kuni! Bechorani shaharda yo‘qlaydigan hech kimi yo‘q. Otasi undan arazlagan, gaplashmaydi, o‘gay onasi har zamonda bir keladi-yu, lekin birakay qilib, Ra’noning topgan-tutganini olib ketadi. Hadesa, o‘gay ukalari yoshligini, bitta otasining topgani ro‘zg‘orga yuq bo‘lmayotganini ro‘kach qiladi. Shunga qo‘shnilar yig‘ilishib chiqmoqchimiz. Mehr-oqibat deganday…
– Buning menga dahli yo‘q! Qolaversa, ertaga xizmatda bo‘laman, – bahona qildim. – Xotinlar yig‘ilishib, chiqaveringlar…
– Hayronman, nega jahlingiz chiqyapti?
– Shuning uchunki, o‘sha ayol!.. – baqirib yubordim. – Nima qilasan, gapni chuvalatib!
Barcha nozirlarning sabr-toqatli xotinlari kabi xotinimning darrov uni o‘chdi, faqat xudbin erining dastidan qalbi ozor chekkanday qovog‘ini solib, barmoqlariga tikilgancha turib qoldi.
Men ham osonlikcha xotinning oldiga tushadigan erkaklardan emasligimni bildirib qo‘yish uchun pinak buzmay, televizorga tikilib o‘tiraverdim.
Xotinim jahl bilan siltanib xonadan chiqdi, oradan besh daqiqa o‘tdi yo o‘tmadi, yuzlari bo‘g‘riqqancha qaytib kirdi.
– O‘zingiz o‘ylang, – dedi u endi murosali ohangda. – Ikki bolali bo‘lganimizda meni qishloqdan olib keldingiz. Shahar tugul, yaqin-atrofdagi bozorni ham haligacha tuzuk-quruq bilmayman. Mana shu xotin meni yetaklab yurib, qayerda bozor, qayerda poliklinika bor, hammasini ko‘rsatdi. Siz haftalab safarga ketgan kunlaringiz yo o‘zim, yo bolalar kasal bo‘lib qolganida mana shu Ra’no…
Men sovuqqonlik bilan xotinimning gapini cho‘rt kesdim:
– Bunchalik sodda bo‘lmang, xonim. Bularning hammasi qo‘shnilarga yaxshi ko‘rinish uchun!
Xotinim gap topolmay, bo‘zarib ketdi.
Ammo tug‘ilgan kun mojarosi shu bilan tugamadi.
***
– Dadasi, hoziroq Ra’nonikiga chiqmasangiz bo‘lmaydi, – dedi xotinim ertasi kechqurun shoshilib uyga kirib kelarkan. – Mirsaid aka bilan Borya aka chaqirishyapti. Chiqmasangiz, o‘zlari kelib olib ketisharkan…
– Shunisi yetmay turuvdi!
Xotinim xafa bo‘lganday yuzini burdi.
Na iloj! Er-xotin uzun-qisqa bo‘lib Ra’noxonning uyiga kirib borganimizda allaqachon mehmonlar jamuljam bo‘lgan ekan.
Xona ham, dasturxon ham did bilan bezatilgandi. Havoni rayhon, atir-upa va vino hidi tutib ketgan.
Stol atrofida Mirsaid aka bilan Borya aka o‘z xotinlari bilan o‘tirardi. Ularning yonlaridan joy olgan qo‘shni ayollar vafo va sadoqatning tirik timsollariday viqor bilan o‘tirishar, shu namoyishkorona ko‘rinishlarining o‘zidanoq ularning Ra’noga bepisand qarashlari sezilib turardi.
Xiyol qisiq ko‘zlari va pushtirang lablarida tabassum jilva qilsa-da, nigohlari g‘amginlik bilan boqayotgan xonadon sohibasi bizni holi-jonimizga qo‘ymay to‘rga o‘tqazdi. Xotinim xijolatdan qizargan, men esa o‘z o‘rnimni topganday gerdayibroq o‘tirardim. Hali so‘rashib ulgurmasimizdan eshik qo‘ng‘irog‘i jirinladi, Ra’no uzr so‘rab, dik etib o‘rnidan turdi va yo‘lakka chiqib bir necha daqiqalik past ovozli g‘ishavalardan keyin oppoq dasturxonga o‘ralgan tog‘ora ko‘targan Maryam opoqi bilan bag‘riga anvoyi guldastani bosgancha, qirq-qirq beshlarga borgan, baland bo‘yli, ikki yonog‘i qip-qizil yuzida po‘stakning yirtig‘iday mitti ko‘zlari yiltillab turgan, baqaloq, buning ustiga tepakal bir kishini boshlab kirdi.
– Bu kishi… – yonoqlari qizargan Ra’noxon biroz tutilinqirab yangi mehmonni tanishtirdi. – Qo‘chqor aka…
Odatdagi tabriklaru maqtovlardan keyin Ra’noxon muzika qo‘ydi. Biroz g‘amgin, lekin hayajonga, muhabbatga to‘la kuy. Avvaliga bu ayol har qanday g‘am-tashvishni kuy-qo‘shiq, ko‘ngilxushlik bilan yengadi, shekilli, degan xayolda, hammaga birday muloyimlik ila mehmonnavozlik qilayotgan Ra’noning xatti-harakatlarini istehzo bilan kuzatib o‘tirgan bo‘lsam-da, ko‘p o‘tmay yo menga ham musiqa ta’sir qildimi, yo tanimni qizdirayotgan kon’yak yog‘dusimi, bilmadim, birdan kayfiyatim ko‘tarildi, o‘zimni qandaydir ijaraxonada, nochor odamlar qurshovida emas, ko‘p yillik qadrdonlarim orasida o‘tirganday his qila boshladim. O‘zi shunaqa, kayfim chog‘ paytlarda atrofimdagilarga boshqacha ko‘z bilan qarashga, ularni tushunishga harakat qilib qolaman, xizmatchilik esdan chiqadi.
Er-xotin koreyslar bir-birining pinjiga kirgancha ohista raqs tushishardi. Borya akaning koreyslarga xos keng yuzi va qiyiq ko‘zlarida benihoya mehr-sadoqat ufurardi. Lyuda opa esa jimgina uning ko‘ksiga bosh qo‘ygan, nazokat bilan xirom aylardi. Ular befarzand edilar. Er-xotinga havas bilan qarab o‘tirgan Ra’noxon ko‘zimga allaqanday “oq qarg‘a” emas, oddiy, baxtsiz xotin bo‘lib ko‘rindi. Beixtiyor uni oqlay boshladim: nima qilsin, onasi bolaligida olamdan o‘tgan, otasi boshqa ayolga uylangach, uni o‘gay onasining jiyaniga turmushga bermoqchi bo‘lishgan, endi o‘n oltiga kirgan qizcha buni xohlamaydi, shuning uchun shartta uyidan qochib shaharga keladi. Bu yerda qandaydir sulloh bilan tanishib qoladi-yu hayoti izdan chiqadi… Balki bunga uning o‘zi, g‘o‘rligi sabab bo‘lgandir? Bilaman, nima bo‘lganda ham, u boshqa hamma ayollar qatori baxtli bo‘lishni istaydi. Lekin hayotini allaqachon chilparchin bo‘lgan, deb hisoblaydi, endi uni tiklash ilojsiz, degan fikr miyasini kemiradi, shuning uchun ham oqsochga yopishgan, maqsadi unga turmushga chiqish, shu yo‘l bilan badnom bo‘lgan nomini oqlab olish. Oqsoch esa hayotda o‘z o‘rnini topgan, obro‘ga ega odam. Misqollab yiqqan obro‘-e’tiborini ko‘ngilxushi uchun qurbon qilgisi kelmay, ikkilanadi chog‘i. Kim bilsin, balki hayotning achchiq-chuchugini birga tatigan juftihalolidan, er yetgan farzandlaridan istihola qilar. Ammo yosh, navqiron juvonni ham qo‘ldan chiqargisi kelmaydi!
Ra’no haqida nedir iliq so‘z aytish ilinjida xotinimga qaradim, u bo‘lsa halidan beri xonadagi jihozlarni hayrat bilan kuzatishdan charchamayotgandi. “Ra’no rosa buyum yig‘ibdi-da! Hammasini anavi kishi obbergan. Ra’no bilan urishib qolganlarida yarashish uchun uni tillaga ko‘mib tashlaydi! Endi bitta uy olvolsa bo‘ldi-da, a?” deya shipshib qo‘ydi u. Jinim qo‘zidi, javob bermadim. Bundan u xafa bo‘lmadi, fe’limga o‘rganib qolgan-da. Ozg‘in, ko‘z qarashlari qattiq Mahbuba muallim eriga likopchadagi salatni ko‘rsatib, qancha masalliq ketganini hisoblardi. Bechora Mirsaid muallimning sanchqi tutgan qo‘li havoda muallaq qolgan, har bir so‘mni o‘ylab ishlatadigan, tejamkor xotinining so‘zlarini jon qulog‘i bilan tinglardi. Ra’noxon choyni yangilab kelish uchun oshxonaga ketganida: “Ra’no tejashni bilmaydigan xotin. Shuning uchun erkaklar unga jiddiy qarashmaydi!” deya shipshib qo‘ydi Mahbubaxon. Maryam opoqining ensasi qotdi va buni yashirib o‘tirmadi:
– Mahbubaxonning o‘z falsafasi bor, ayollar va erkaklar borasida!
– Ro‘zg‘or masalasida ham! – deya qo‘shib qo‘ydi Mirsaid muallim kutilmaganda.
Engil kulgu ko‘tarildi.
Qo‘chqor aka taraddudlanib qoldi, o‘rnidan turdi, ketishni mo‘ljalladi-yov. Maryam opoqi unga ma’noli qarab, yengidan tortib qo‘ydi. Fahmimcha, ularning tug‘ilgan kundan boshqa maqsadlari ham bor-ov. Qo‘chqor aka qaytib joyiga o‘tirdi. Bu bechorayam xushtorlardan, shekilli, keyingi vaqtlarda uni uyimiz atrofida tez-tez ko‘rib qolardim. Aftidan, Ra’no uni xushlamasdi, sho‘rlik doim yo ko‘cha eshik oldida turgan bo‘ladi, yo qulog‘iga telefonini tutgancha uy atrofini aylanib yurardi. Shu vaqt Ra’noxon bir qo‘lida choynak, ikkinchisida patnis bilan ichkariga kirdi-yu, Qo‘chqor aka haykalday qotdi-qoldi. Mitti ko‘zlari g‘amgin bu kishi Ra’noga mo‘jizaga qaraganday hayrat bilan tikildi. Keyin birdan o‘ziga kelib shosha-pisha cho‘ntagidan dastro‘molini olib, yaltiroq peshonasini arta boshladi. Sho‘rlik o‘z uyida topmagan halavotni shu yerdan topishiga ishonib kelgan… Bunaqalarning yuragi yonida yana bitta yuragi bo‘ladi, deyishadi hamkasblarim andak istehzo bilan! Rostiyam shu-da.
Maryam opoqining to‘la, keng yuziga yarashmagan yupqa lablari asabiylik bilan pichirladi, aftidan, baqaloqqa dalda berdi.
– Sizlar uchun! Maxsus!
Ra’noxon patnisni o‘rtaga qo‘ymoqchi bo‘ldi, lekin dasturxon shusiz ham to‘kin edi, antiqa natyurmort uchun joy topish ancha mushkul bo‘ldi.
– Voy-bo‘, Ra’no! Bu nimasi yana?! O‘zingizni ko‘rsatmoqchimisiz?! Shuncha sarf-xarajatning nima keragi bor edi! – deb yubordi Mahbubaxon o‘zini bosolmay.
Ra’no negadir qizarib ketdi.
– Sizlar uchun… ozib-yozib bir dasturxon yozsam nima bo‘pti?.. – dedi u.
Maryam opoqi Mahbubaning sonidan chimchilab oldi, shekilli, muallima ilon chaqqanday bir sapchib tushdi-yu, lekin shu zahoti o‘zini qo‘lga oldi. Davraga bir qur nazar soldi-da, keyin Ra’noni eshitmaydi deb o‘yladi chog‘i, opoqining qulog‘iga sekin shivirladi:
– Shuncha xarajat qilish uchun bechora nechta ho‘kiz bilan yotib chiqishiga to‘g‘ri kelgan! Men unga achinganimdan…
Bunisi endi ortiqcha edi! Muallima xonim ham tilim bor deb haddidan oshib ketdi…
Uning nima deganini ilg‘ab qolgan, yuzi bo‘zday oqargan Ra’no yo‘lakka otildi. Ko‘cha eshik taraqlab yopildi.
Ayollar dahshat ichida ko‘zlari chaqchaygancha bir-birlariga qarab qolishdi.
– Tilim bor deb har narsani gapiraverasanmi?! – Mirsaid muallim xotiniga g‘azab bilan qaradi. Uning tanbehidan ko‘ra qarashlari qo‘rqinchli edi. Muallima qo‘lida sanchqini tutgancha bo‘zrayib qoldi.
Qo‘chqor aka irg‘ib o‘rnidan turdi-da, indamay ko‘cha eshik tomon yo‘naldi. Pod’ezddan uning: “Ra’noxon, to‘xtang!” degan yolvoruvchi ovozi eshitildi.
Ana tug‘ilgan kun-u, mana tug‘ilgan kun! Eh, ayollar!..
***
Oradan bir hafta o‘tdi.
G‘ira-shirada ishdan qaytayotib pod’ezd eshigi oldida turgan Maryam opoqi bilan Qo‘chqor akani ko‘rib qoldim. Ular nima haqdadir sekin-asta gaplashib turishardi.
Salom berib yonlaridan o‘tib ketmoqchi edim, ammo opoqining o‘ktam ovozini eshitib to‘xtadim.
– Sizdan bir masalada yordam so‘rasak bo‘ladimi?
– Yordam?!
– Bugun ertalab Ra’no hech kimga aytmasdan ko‘chib ketdi domimizdan, bu kishi bo‘lsa uni qidirib yuribdi, – dedi opoqi Qo‘chqor akaga ishora qilib. – Qayerga ketganini bilib berolmaysizmi?
– Qayoqqa ketadi? Nega ketadi?! – dedim hayron bo‘lib.
Maryam opoqi meni bir chetga tortib:
– Bechora nomusiga chidolmadi, shekilli,
– dedi past ovozda. – Bu kishi bo‘lsa bir yildan buyon uning qo‘lini so‘ramoqchi bo‘lib yuribdi…
Qo‘chqor akaga qaradim, go‘shtdor bo‘ynini egib, pishillab turardi. Ra’no unga tegmasdi, degan g‘alati fikr miyamga urdi. Bu okaxon shuni bilgan. Shuning uchun ham uning qo‘lini so‘rashni keyinga surgan!..
– Niyatingiz jiddiy bo‘lsa, nega bir yildan buyon qo‘lini so‘ramadingiz?!
Baqaloq baqa bo‘lib qoldi. Rosa bopladim-da o‘ziyam!
Maryam opoqi:
– Sizni hecham tushunmayman, tilingiz buncha zahar bo‘lmasa?! – dedi achitib.
Parvo qilmadim. Bunaqa suyuq erkaklarning ta’zirini berish kerak, deganday tik qaradim unga. Opoqi yuzini chetga burdi.
Baqaloq lo‘killagancha keta boshladi.
Nimagadir qasd qilganday uning ortidan bordim.
– Uchar yulduz yo‘ldosh bo‘lolmaydi, ovora bo‘lmang! –dedim unga xayrixoh odamday.
Baqaloq bir zum qisiq ko‘zlarini menga tikib turdi-da, so‘ng achitibroq dedi:
– Xuddi uni yuz yildan buyon biladigan odamday ishonch bilan gapirayotganingizni tushunmadim.
Men undan oshib tushishga harakat qildim:
– Bilmasam gapirmayman. Nima, sizga isbot kerakmi?
– Bilaman, yo‘qni yo‘ndiradiganlardansiz. Lekin menga hech qanday isbot-dalilning keragi yo‘q!
Birdan jim bo‘lgan baqaloq yuzimga qattiq tikilib qoldi, aftidan, tarsaki tushirishni o‘yladi, ammo kutilmaganda indamay keta boshladi. Nariroq borib negadir yurishdan to‘xtab, ortiga o‘girildi, bo‘g‘iq, xirqiragan ovozda dedi:
– Qolaversa, ikki kun oldin uning qo‘lini so‘radim. O‘ylab ko‘rishga va’da bergandi!.. Va’da bergandi!..
Yo‘l chetidagi simyog‘ochlarning soyasi ulkan sharpalarday qorayib turgan hovlida so‘ppayib qoldim.
Maryam opoqi yonimga kelganini his qildim, ammo u tomonga qaramadim.
– Qo‘chqorvoyning ikki yil burun xotini olamdan o‘tgan ekan. O‘ziga qolsa, uylanish niyati yo‘qmish. Lekin qizlarining kattasi bo‘y yetib qopti. Shunday vaqtda ularga ona kerak bo‘ladi-da… – Maryam opoqi bir zum jimib qoldi, keyin ginali ohangda davom etib dedi: – Meni nima jin urdi, bilmayman. Shu ikki ko‘ngli yarimning boshini qovushtirsam, savob bo‘ladi, deb o‘rtaga tushgandim. Odamni sharmanda qildi bu Ra’nosi tushmagur!
– Balki unga ko‘ngli yo‘qdir?
– Nega ko‘ngli bo‘lmaydi, tavba?! – ensasi qotdi opoqining. – Qo‘chqorvoy, har qalay, anavi qari go‘rso‘xtadan tuzukroq edi! Qolavursa, bir erkak bechora Ra’noning qanaqa ayolligini bilib turib, uylanaman deb tursa-yu, u noz qiladimi? Bu g‘irt ahmoqlik-ku!
Boshim g‘uvillab, asabim chatnay boshlagan, opoqining tezroq daf bo‘lishini istardim. Ammo u ketishni xayoliga ham keltirmay, labi-labiga tegmay javray ketdi:
– Hammasi anavi Mahbubani deb bo‘ldi. U topgan kuyovga Ra’no azza-bazza rad javob bergani uchun alami kelib, atay o‘yinbuzuqilik qildi. Pes-da, pes! Hali qo‘limga tushsin, sochini bittalab yulaman. Muallim bo‘lsa – o‘ziga!
O‘zimni ortiq bosib turolmadim, portladim:
– Opoqi, Ra’no sizlardan o‘ziga er toping deb iltimos qilganmidi? Nega odamlarning ishiga burningizni tiqasiz? Yaxshisi, uyingizga kirib, bolalaringizga qarasangiz bo‘lmaydimi? Bechoralar halidan buyon derazadan bo‘ylab turishibdi!
Opoqining ko‘zlari xunuk chaqchaydi.
Voy tavba, voy tavba… – opoqining yupqa lablari pirilladi. – Birovlarning ishiga burningni tiqma, deydimi? Bu qanaqa odam, o‘zi? O‘zidan boshqani o‘ylamaydigan…
Opoqining diydiyosiga quloq solmay, uyning orqa tomoniga o‘tib ketdim. Negadir uyga kirgim kelmasdi, rost-da, o‘zi katalakday bir narsa bo‘lsa! Boshing aylansa, keting aylanmaydi…
Ichgim keldi. O‘zi, kun bo‘yi negadir ichgim kelib yurgandi. Lekin xizmatchilik. Ko‘p narsalardan mahrumlik ba’zida alam qiladi…
Cho‘ntagimdan sigaret qutisini olib, unga tikilib qoldim. Men o‘sha daqiqalarda nozirdan ko‘ra o‘ziga nasib etganiga qanoat qilmasdan, nasib etmagan narsalar haqida titrab-qaqshab o‘ylaydigan, orzu qiladigan shakkok ruhoniyga o‘xshardim, chamasi.
“Ammo chekishim mumkin!” deya o‘ylashim bilan negadir yengil tortdim. Borliqqa allaqachon oqshom tushgan, gugurt qutisidek uyimizni ko‘roydin qurshab olgandi. Shahar chiroqlarining qizg‘ish shu’lasi ufqning bir chetini yoritib turar, lekin bu shu’la bizning shahar chetida joylashgan uyimizgacha yetib kelmasdi…
Darvoqe, Ra’no qayoqqa ketdiykin? Bir og‘iz aytmasdan… hatto xayrlashmasdan ketib qolgani-chi! Nima bo‘lgandayam qo‘shni edik… O‘zi qandaydir bir ayol-ku… nomus qilganiga o‘laymi?! Hozir qayerda ekan? Shu uyda yashab turganida, har qalay, tinchroq bo‘larmidi? Boshqa joyda uni ayasharmikin?..
O‘sha voqealardan keyin ancha suvlar oqib o‘tdi. Xizmat yuzasidan yana qancha joylarda ishladim. Lekin Ra’noni boshqa uchratmadim. Boshqa kasbda ishlaganimda, uni allaqachon unutib yuborarmidim. Ammo…
Oddiy kunlarning birida Sayilgoh ko‘chasida xizmat yuzasidan aylanib yurganimda, almisoqdan qolgan kresloda zerikib o‘tirgan yosh rassom yigitning qarshisida terilib turgan suratlar orasida tanish chehrani ko‘rganday bo‘ldim-u, allaqanday hayajon aralash qiziqish bilan unga yaqinlasharkanman, uch-to‘rt qadam naridagi o‘rindiqda shu tomonga xayolchan tikilib o‘tirgan kishiga ko‘zim tushdi. Bu o‘sha oqsoch! Hamon bir vaqtlardagiday bashang kiyingan, xuddi oxirat o‘ylariga bo‘y bergisi kelmaydigan kiroyi qariyalarday viqorli, ammo yelkalari osilib, ancha cho‘kib qolgandi. Atrofida bir o‘g‘il va qiz bola chug‘urlashgancha yugurib yurishardi.
– Suratdagi ayol kim? Tanishingizmi? – deb so‘radim rassomdan.
– Yo‘q. Notanish, – beparvo tarzda qisqa javob berdi yigit. Mening indamay tikilib turganimni ko‘rgach, istar-istamay izoh bera boshladi: – Bir kuni yoshgina juvon kelib, suratimni chizib bering, deb iltimos qildi. Chizdim. Surat tayyor bo‘lganida, narxiga kelisholmay qoldik. U arzimagan shu surat uchun ko‘p pul so‘rayapsiz, deydi. Mening jahlim chiqdi. Axir, bu o‘zingizning suratingiz-ku, nega o‘zingizni past baholayapsiz, dedim. Shunday deyishimni bilaman, ayol birdan yig‘lab yubordi va ketib qoldi. Shundan buyon daragi yo‘q…
– Boshqa xaridor chiqsa, suratni sotarmidingiz? – dedim oqsoch tomonga zimdan qarab qo‘yib.
– Nega sotmayin?! – rassom birdan jonlanib, yelkasiga tushgan sochlarini jahd bilan silkib, keyin suratni qo‘liga olib, go‘yo benihoya tabarruk siymoni silayotganday ayolning yuzini silay boshladi. – Aslida bu oddiy ayol emas, o‘rta asr malikalaridan biri. O‘sha surat buyurtma qilgan juvon malikaga sal-pal o‘xshab ketardi, xolos.
Suratga tikilgancha xayolga berilib, orzuga aylangan o‘tmish og‘ushiga chulg‘anib o‘tirgan Oqsoch oromi buzilgandek bezovtalandi, hatto o‘rnidan turib biz tomonga yurmoqchi bo‘ldi, shu vaqt yetmishlarga borgan, vazni naq to‘qson kilodan kam bo‘lmagan bir ayol biqqi qo‘llarida to‘rtta muzqaymoq ko‘targancha harsillab kelib qoldi.
– Bu senga, bunisi singlingga, bunisi esa buvajonga! – Oqsochga muzqaymoqlardan birini tutgan ayolning ovozi hayotidan mamnun odamlarning ovoziday jarangdor va mehrli edi.
Oqsoch o‘rnidan turdi, pushtirang muzqaymoqqa parishonlik bilan tikilib qoldi, ayol nimadir dedi, olmaysizmi, deb qistadi chog‘i. Oqsoch shirinlikka qo‘l cho‘zib, bir nimalar deb ming‘irladi. Ayol uni qo‘ltiqlab olarkan, baralla dedi: “Bo xudo, saratonda shuginaga ham tomog‘ingiz og‘risa-ya!”. Keyin allaqachon muzqaymoqni ishtaha bilan yalay boshlagan nabiralariga xitob qildi:
– Kech bo‘p qoldi, yuraqolinglar, uyga ketamiz.
Xullas, suratni sotib oldim. Rassom bilan savdolashib o‘tirmadim, aytgan pulini berdim. Rassom suratni yaxshilab o‘rab-chirmayotganida ortimga o‘girildim: oqsoch yerga qaragancha ketib borar, yelkalari yanada bukchaygan, aftidan ehtiyot bo‘lib muzqaymoq yalardi…
O‘sha surat haliyam ishxonamda turibdi. Qayerga ishga borsam, o‘zim bilan olib ketaman. Ayniqsa, “reyd”ga chiqqan vaqtlarimiz Ra’noni ko‘p bor eslar va ko‘nglim g‘ash tortib qolardi. Shunday vaqtlarda Ra’noning suratiga soatlab tikilib o‘tirardim. Ichimda allanima bosh ko‘tarib, o‘tkir tikonlarini yuragimga sanchib-sanchib olayotgandek bo‘laverardi. Xayolan Ra’noning siymosini qanchalik kamsitmayin, qanchalik xo‘rlamayin, yuragimdagi g‘ashlik hech tarqamasdi. Shuning uchun ham hali-hamon o‘zimga o‘zim tushunolmasdim. Tabiatimda Ra’noga nisbatan dilozorlik, nafrat kuchlimi yoki xayrixohlik. Balki ikkalasi ham mujassamdir-u, aynan shu nomuvofiqlik meni ikkiga ajratib, ikkita odamga aylantirib qo‘ygandir?!
Xizmat telefonim jiringladi.
Boshlig‘imiz.
– Reyddaman, – deb javob berdim.
Ha, reyd bo‘lmay, nima? Qo‘shnilar bekorga shikoyat qilishmagandir? Uyni o‘ziniki qilib, rohat istagan kishilarning rohat manbaiga aylantirib olgandir-da! Yetar, shuncha kutganim! Nima, men qorovulmanmi, uning eshigini poylab o‘tiradigan?
Shahd bilan o‘rnimdan turgan ham edimki, ro‘paradagi uylar oralig‘idan ellik besh-oltmishlarga borgan kishi shu tomonga kela boshladi.
Qo‘chqor aka!
– Tanidingizmi? – yoshi qaytgan bo‘lsa-da, hamon o‘shanday, bir tuki ham to‘kil… e, bir kilo ham vazn tashlamagan Qo‘chqor aka kulimsiradi. – Menam ko‘rdim-u, darrov tanidim. Shu tomondan uy oldingizmi yoki xizmatchilik…
– Xizmatchilik, – dedim va birinchi qavat balkoni tomon beixtiyor ko‘z tashladim.
– Ikki yil bo‘pti, shu uyni sotib olganiga, – dedi Qo‘chqor aka, men uning kim haqda gapirayotganini fahmladim. – Kichikroq bo‘lsayam, o‘z uying, boshpanang bo‘lsin ekan, deydi.
– Siz buni qayerdan bilasiz?!
Men uni ancha qidirdim. Lekin hech daragi chiqmagandi. Kutilmaganda bundan bir hafta avval tramvayda tasodifan ko‘rishib qoldik. Ishdan qaytayotgan ekan.
– Eski do‘stlar topishibsizlar-da. Tabriklayman!
Qo‘chqor aka biror aybi bor-u, shundan xijolat bo‘lganday tipirchilab qoldi. Terlab ketdi, cho‘ntagidan dastro‘molini chiqarib, peshonasini artdi, oppoq, ajinsiz yuzi hozirgina tandirdan uzilgan nonday qizara boshladi.
– Hali topishganimiz yo‘q… – dedi keyin tutilinqirab. – Lekin endi topishib qolsak kerak degan umidda edim. Chunki ko‘rishganimizda… haliyam uni ko‘nglimdan chiqarolmaganimni aytdim. U bo‘lsa: “Qizlaringiz uyli-joyli bo‘lishdimi?” deb so‘radi. “Kattalari o‘zlaridan tingan, kenjatoyim qoldi. Lekin u aqlli qiz, siz bilan murosa qilishiga ishonaman!” dedim. “Yo‘q, gap bundamas, xudo haqqi, men o‘zimni o‘ylaganim yo‘q!.. Ha, mayli, gapingizni o‘ylab ko‘raman”, dedi shoshib, nimagadir ko‘zlari yoshlandi. Keyin “Shamollabman, o‘tib ketadi…” deb qo‘ydi ro‘molchasini ko‘ziga bosib. Ovozidan, o‘zini tutishidan ancha ulg‘ayganini sezdim. Bugun uchrashishimiz, gapni bir yerga qo‘yishimiz lozim edi. Keldim, lekin u uyida yo‘q! – Baqaloq jimib qoldi, go‘yo biror iliq mujda kutganday yuzimga tikildi, men miq etmadim, aksincha, ichimda jirtak chaldim: “Balki Ra’noxon yana qochib ketgandir, ho‘v birdagiday?!”
Baqaloq mendan yorug‘lik chiqmasligini sezdi, to‘g‘rirog‘i, hali hamon qattiq og‘ritishi mumkin bo‘lgan yarasini tirnab, azob berishimni istamadi, shekilli, o‘ziga o‘zi tasalli berganday xitob qildi:
– Balki u yoq-bu yoqqa chiqqandir, kep qolar…
O‘zi gumbazday bo‘lgani bilan ko‘ngli beozor bu odamga achinib ketdim. Shu asnoda miyamga yarq etib bir fikr keldi.
– Kutib turing, hozir kelaman, – dedim Qo‘chqor akaga.
Tavba, u qayoqqa ketyapsiz, deb so‘ramadi ham. Indamay, bosh silkidi.
G‘ir etib ishxonaga kirib, qog‘ozga o‘ralgan portretni olib chiqdim.
– Bu sizga, – dedim portretni Qo‘chqor akaning qo‘liga tutib. – Faqat Ra’noga aytmang, mendan olganingizni, iltimos.
Qo‘chqor akaning sabri chidamadi, shekilli, shosha-pisha qog‘ozni ocha boshladi. Ochdi-yu, bir lahza unga tikilib qoldi. Keyin yosh yigitchaday quvonib:
– Chiroyli-ya! – deya xitob qildi hayajon bilan.
– Chiroyliyam gapmi, hurliqo-ku, hurliqo! – dedim kulib.
Bu rasmni qayoqdan oldingiz?
– Ra’noxon chizdirib, olmay ketgan ekan. Bexosdan ko‘rib qolib, sotvolgandim. Sizga nasib qilgan ekan-da…
Baqaloqning xursandlikdan yoyilgan yuziga qarab samimiyatim yo‘qolayotganini sezib qoldim. Gapni qisqa qilib, u bilan xayrlashishga shoshildim. Har qalay, topishishibdi-ku. Bu yog‘i – o‘zlariga havola!
Hayajondan hamon o‘zini bosolmayotgan Qo‘chqor aka esa xayrlashishga shoshilmasdi.
– Aytgancha, o‘zingizning ishlaringiz yaxshimi? O‘sdingizmi? – deb so‘radi endi esiga tushib qolganday.
– Ko‘rib turibsiz-ku, – dedim bir umr uchastka noziri bo‘lib qolganimga ishora qilib.
– Nima, o‘sishni istamadingizmi?
– Bizning ishda cho‘rtkesarroq bo‘lsang, kelajaging porloq bo‘ladi.
– Ha, ha…
Qo‘chqor aka portretni bag‘riga bosdi.
Zimiston ustidan tantana qilganidan mag‘rurlangandek bahor quyoshi ayovsiz qizdirardi.
Biz, ikkala erkak hamon Ra’noning eshigi oldida turardik.
Bir mahal yonimizga taksi kelib to‘xtadi. Undan qo‘llarida og‘ir sumka ko‘targan yosh er-xotin tushdi, bizga e’tiborsizlik bilan nari-beri salom berib, shoshilgancha pod’ezdga kirishdi. Yigit oldinga o‘tib, birinchi kvartiraning eshigiga kalit solib, buray boshladi. Qo‘chqor aka menga, men unga qaradim. Yashin chaqnagandek nigohlarimiz yolqinlandi, keyin yuragimiz naq bo‘g‘zimizga tiqilib, ikkimiz ham jon holatda pod’ezdga qarab otildik.
– Uch kun bo‘ldi, shu uyni sotib olganimizga, – dedi yigit ketma-ket berilgan savollarning qay biriga javob berishni bilmay dovdirab, dam menga, dam Qo‘chqor akaga jovdirab qaragancha. – Egasiga pul kerak bo‘lib qolgan ekan, shunga ortiqcha savdolashib ham o‘tirmadi…
Qo‘chqor aka adoyi-tamom bo‘ldi.
Men nima qilishni bilmasdim. Xayolimda faqat bir o‘y charx urardi: xotin zotini hech tushunib bo‘lmas ekan!..
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 3-son